Suhbatdosh haqda
Sherzod Artikov 1985 yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan. Asarlari respublika matbuotida chop etilgan. Ayni paytda bank sohasida faoliyat yuritadi. “Marvarid o‘lkam” adabiy tanlovining nasr yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblardan biri.
— Uzoq yillardan beri ijod qilsangiz-da, hikoyalaringizni shu yildan xalqqa taqdim eta boshladingiz, sizni endi taniy boshladik, bunga sabab nima?
— Shu savolni ko‘pchilik beradi. To‘g‘ri, ijod namunalarim 2019 yil bahordan boshlab davriy nashrlarda, asosan, “Bekajon” gazetasida chiqa boshladi. Bunchalik kech ko‘rinish berganim o‘zimga ham g‘alati tuyuladi, go‘yo o‘n yilga kechikkandekman. Lekin buni o‘ziga yarasha sabablari bor. Yigirma yosh atroflarida yozgan hikoyalarim umuman pichoqqa ilinmas edi, keyinchalik dramaturgiyaga berilib ketdim. Institutda Navoiy, Bobur va boshqa tarixiy shaxslarimiz xaqida pyesalar yozardim. Hatto Navoiy hayotidan olib yozilgan “Nasihat” deb nomlangan pyesam havaskor teatr truppasi tomonidan institutda 2005 yilda sahnalashtirilgan. O‘sha pyesalarning qo‘lyozmalari hozirgacha bor.
Talabalik yillaridan keyin ish faoliyatim bilan o‘ralashib qoldim. Keyinchalik yana yozishni boshladim, o‘ttiz yoshgacha ancha qog‘oz qoraladim, har ikki-uch oyda “Bekajon”ga , “Sharq Yulduzi”ga, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” nashrlariga ijod namunalarimni yuborardim. Ammo o‘sha paytlari munosib ko‘rilmagan shekilli, chiqarishmagan. Bu birinchi sababi. Ikkinchi va muhim sababi shunda ediki, men ko‘proq o‘qishim kerak deb hisoblardim. Yozuvchi kuchli bilim zahirasiga ega bo‘lmay turib o‘qishga arzigulik narsa yozishi qiyin. Men shu yillar davomida o‘zbek mumtoz va jahon adabiyotini tinmay mutolaa qilganman. Ko‘plab yozuvchilarning texnikasini, stilistika va uslubini o‘rganganman. Qolaversa, hayotiy tajriba va yozuvchining dunyoqarashi ham o‘ttiz yoshdan boshlab ancha boy va serma’no kasb etadi. Bu esa uning asarlarini muvaffaqiyatli chiqishiga zamin hozirlaydi. Shularni ham e’tiborga olganman.
— Bank sohasida ishlaysiz, ammo adabiyotga qizishingiz baland, nega ijodga yaqinroq sohaga o‘qib ta’lim olmagansiz?
— Bizni paytimizda aniq fanlarga ixtisoslashgan litsey-internatlar ko‘p edi. Hozirgidek adabiyotga yo‘naltirilgan ijod maktablari bo‘lmagan. Men o‘qigan litseyda aniq fanlarga ko‘proq urg‘u berilgani sabab, ona-tili va adabiyotga yuzaki qaralardi. Faqat qiziqishim bilan biror bir adabiyotga aloqador o‘qish yo‘nalishiga kira olmasdim. Bunga kuchli nazariy bilim ham talab qilinardi (imtihonlardan o‘tish uchun). Shu sabab iqtisodiyot sohasida o‘qidim. Bunga hozirgacha afsuslanaman. O‘zimni sohamga hech qachon qiziqmaganman.
— Yozuvchilar orasida ashaddiy kitobxon sifatida ham kashf qildim sizni. Jahon adabiyotini ko‘p mutolaa qilasiz, o‘zbek adabiyotini-chi?
— Jahon adabiyotini jonimdan ortiq ko‘raman va buni hech qachon yashirmaganman. Men shu yillar davomida jahon adabiyotining ichiga kirib ketgan bo‘lsam, hanuz tashqarisiga chiqa olganim yo‘q. O‘zbek adabiyotini ham kam o‘qiganman demayman. Yigirmanchi o‘zbek adabiyoti talabalik yillarim bilan ajralmaslik, uzviylik kasb etgan. Qodiriy, Oybek, Abdulla Qaxxor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O‘tkir Xoshimovlarni talabalik yillarimda deyarli barcha asarlarini o‘qib chiqqanman. Faqat hozirgi 21-asr o‘zbek adabiyotidan kam o‘qiganman (jahon adabiyotidan ham albatta) deyishim adolatli bo‘ladi. Asrimiz adabiyotining nochor holati bunga sabab, asrimiz adabiyotidan qoniqish his qilmayman, ruhimni mudom qiynayotgan savollarimga javob topa olmayman, ma’naviy ehtiyojimni ular xuddi bosolmaydigandek tuyulaveradi. Nazar Eshonqul, Murod Muhammad Do‘st, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam va Abduqayum Yo‘ldoshlarni hisobga olmasa, boshqa zamonaviy o‘zbek adiblarini deyarli o‘qimaganman. Buning yana bir boshqa sababi ham bor. Abduqayum Yo‘ldosh o‘z intervyusida aytganidek, hozir o‘zbek adabiyotida bir xillik kuchli, ya’ni hamma bir-birini takrorlayapti, xolos.
— Adabiy muhitga kirib kelgach, bu yerda sizga nima yoqdi, nimalar yoqmadi, qanday to‘siqlar yoki imkoniyatlar bo‘ldi, bugungi adabiy olamimizni qanday tasavvur qilgan edingiz va xulosalar qanday kechyapti?
— Adabiy muhitga kirib kelganimga uncha ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, bitta narsa meni quvontirdi. Ijodkorlarni o‘zaro bir oiladek bo‘lib muloqot qilishi, maslahatlashishi va fikr almashishi. Bilasizmi, bankda ishlayman va u yerda betob bo‘lib kunlab ishga chiqmasangiz ham birov sizni hatto sms orqali yo‘qlab qo‘ymaydi. Bu adabiy muhitda esa hatto o‘nlab, yuzlab kilometrda uzoqda bo‘lgan va bir-biri bilan hayotda uchrashmagan ijodkorlarning ham biri ikkinchisiga joni achiydi.
Adabiy olamimizdagi to‘siq va imkoniyatlar haqida gapiradigan bo‘lsam, imkoniyatlar kam deb o‘ylayman. Ijodkorlar uchun mo‘ljallangan adabiy gazeta va jurnallar o‘nta ham chiqmaydi. Saytlar ham sanoqli ekan. Bunday vaziyatda ijodkorda motivatsiya yo‘qoladi deb o‘ylayman. Har bir ijodkor aytmoqchi bo‘lgan fikrini hikoyasi, qissasi yoki she’ri orqali ifodalaydi. Bular esa uning stolini ustida chang bosib turib qolmasligi, munosibmi, halqqa taqdim etilishi kerak.
To‘siqlar hamma zamon va makonlarda bo‘lgan, shuning uchun ularga alohida to‘xtalib o‘tirmayman. Bu chaynalib ketgan mavzu. Faqat bitta narsani aytmoqchiman: ijodkorga baho berishda uning adabiyotdagi uzoq yillik o‘rni, nomi, chiqargan kitoblariga yopishib olish noto‘g‘ri. Bizda esa shu kamchilik bordek. Tushuninglar, shakl emas, mazmun muhim. Aslida taniqsiz yozuvchi tomonidan bir dona bo‘lsa-da yaxshi yozilgan hikoya, o‘nlab taniqli nomlarning kitoblaridan ko‘ra “og‘irroq” bo‘ladi. Xuddi shuningdek, adabiyot tashqarisidagi inson uning ichida yillab yurgan odamdan yaxshiroq ham yozishi mumkin.
— Zamondosh yozuvchilardan kimlarning ijodini kuzatib borasiz?
— Zamondosh yozuvchilardan yosh yozuvchilarni nazarda tutdingiz shekilli? Yosh nosirlardan ko‘proq Javlon Jovliyev, Raxshona Axmedova, Xoliyor Safarov, Bibi Robiya va sizni kuzatib boraman. Yosh shoirlardan Jontemir, Sherzod Komil Xalil, Shuhrat Orif, Xurshid Abdurashid va Nozima Xabibullayevalarni.
— O‘quvchilarga tavsiya qiladigan beshta sevimli kitob nomi…
Onore Balzak “Boy berilgan xomxayollar”,
Viktor Gyugo “Kulib turuvchi kishi”,
Fyodor Dostoyevskiy “Telba”,
Genrik Senkevich “Aqidasiz”,
G. Garsiya Markes “Buzrukning ko‘zi”.
— Hikoyalaringizda syujetdan ko‘ra ruhiy chizgilar ustun turadi, xajmi ham ancha uzun. Ulardan roman nafasi seziladi. Katta asarlar yozishga urinib ko‘rarsiz, balki.
— Hikoyalarimda ruhiyat chizgilari ustun ekanini ko‘pchilik ta’kidlaydi. Bunga sabab quruq syujet va oddiy tasvir uslubini xushlamasligim. Shunday bo‘lsa, personajlarim orqali odamlarni emas xuddi jonsiz marionetkalarni tasvirlagandek bo‘laman. Shuningdek, tashbehlar va metaforalardan ham deyarli foydalanmayman. O‘quvchi zerikadi bulardan. Ruhiyatga ko‘p urg‘u berishimga kelsak, bu Dostoyevskiy va Kamyuning ta’siri deb o‘ylayman.
Roman yozish haqidagi savolingizga ijobiy javob beraman. Bu mening orzum. Hozir menda hayotiy tajriba bor, yozsam ham bo‘ladi. Hatto yozishni boshlaganman (sizga birinchi bo‘lib aytyapman). “ Mona Liza tabassumi” deb nomlangan roman. Yozgi ta’til paytimda sakson varaqcha yozilgan. Keyin ish faoliyatimdan ortmadim, endilikda sog‘lig‘im bilan bog‘liq muammolar buni davom ettirishimga to‘sqinlik qilyapti. Nasib qilsa, keyingi yilni oxiriga tugataman. Faqat chiqaradigan mard nashriyot bo‘lsa bo‘ldi.
— O‘zbek adabiyoti elektron jurnalining dramaturgiya bo‘limi muharriri sifatida bugungi jahon va o‘zbek spektakllari haqda nima deya olasiz?
— Bizda dramaturgiya “uxlayapti”. Buni ochiq aytaman. Milliy yoki Muqimiy teatrida oxirgi yillarda sahnalashtirilayotgan pyesalar maishiy mavzudagi, ancha sayoz yozilgan va bachkanalik ustun bo‘lgan dramatik asarlar. Syujet bor xolos-da. O‘sha teatrlarda yaqingacha sahnalashtirilgan Shekspir, Guntekin, Eduardo De Filppo, Vina Delmarlarning pyesalari bilan yuqoridagilarning sahna ko‘rinishini chetdan kuzatgan istalgan ziyoli odam bu fikrimni tasdiqlashi mumkin. Menimcha, O‘zbek nasri bilan birga O‘zbek dramaturgiyasini ham turtib-surtib taraqqiy etish payt keldi. Lekin yoshlarning orasida pyesa yozishga umuman qiziqish yo‘q, shu meni xafa qiladi. Kattalar esa bir qolipga, aniqrog‘i saviyasi past tomoshabinning didiga moslashib ulgurgan. Shularni o‘ylasam Milliy ruhdagi teatrimizning kelajagidan xavfsirayman. Teatrga borayotgan tomoshabinlarning kamligi ham yana bitta og‘ir muammo. Shu ozchilik tomoshabinni ushlab qolish uchun ham ularning didiga mos pyesalar sahnalashtirilayotgandek o‘zbek dramaturgiyasida. Gogolni tomoshabin darajasiga tushirib bo‘lganimizga ancha bo‘lgan. Endi mazkur darajadagi teatrga Bekketning “Godoni kutib” yoki Ioneskoning “Kursilar” pyesasini taqdim etsangiz, shu ozchilik qismdan ham ayrilasiz. Dangal qilib aytganda shunday.
— O‘zbek adabiyoti dunyoga chiqishi uchun nima yetishmaydi, deb o‘ylaysiz? Iqtidor, reklama, e’tibor…
— Bilasizmi, nega rus klassik adabiyoti butun dunyoda haligacha sevib o‘qiladi? Chunki u yerdagi adiblar biri ikkinchisini takrorlamaydi, ularning har biri novator va o‘z uslubiga ega, shuningdek umumbashariy mavzularda yozishgan. Gogol, Turgenev, Dostoyevskiy, Tolstoy, Chexov — shularning biri ikkinchisiga o‘xshaydimi? Yo‘q, albatta. Fransuz yoki olmon adabiyoti haqida ham shu fikrlarni aytishim mumkin. Bizdagi hozirgi avlodda esa (katta yozuvchilar haqida gapirishni istamayman) uslub deyarli sezilmaydi, aytmoqchi bo‘lingan fikrlar o‘xshash, syujetga urg‘u kuchli, ruhiyat silab-siypab o‘tilgan, tabiat manzaralari va tashbehlar bilan qog‘oz to‘ldirish urfga aylangan, umumbashariy mavzular ayrimlarimizda, shunda ham barmoq bilan sanarli qismimizda mavjud, xolos.
Demak, o‘zbek adabiyoti jahonga chiqishi uchun bizga birinchi navbatda novatorlik yetishmaydi. Ikkinchidan, Yozuvchilar uyushmasining bu boradagi faolligi sezilmaydi. Ijod fondi orqali iqtidorli ijodkorni birinchi kitobi chiqariladi-da, u yog‘iga o‘z aravangni o‘zing tortaver qabilida ish yuritiladi. Keyingi faoliyatida qo‘llab quvvatlashni sezmaydiyam bechora va oxiri bir porlab so‘nadi. Keyin esa… yo ro‘zg‘or tashvishi bilan ovora bo‘lib, yo ijoddan sovib o‘zini boshqa sohaga uradi, shu bitta kitobi adabiyotdan esdalik bo‘lib qoladi unga. Bu bitta iste’od yo‘q qilindi degani. Shundaylar yo‘q deb o‘ylaysizmi hozir? Bor va oz emas.
Uyushma bo‘lsa, o‘zining a’zolari bo‘lgan katta yoshdagi yozuvchilarning kitoblarini chiqarishga bel bog‘lash bilan ovora. Tunov kuni 30 ta yosh ijodkorning suratlarini saytingizga joyladingiz. Shulardan nechtasini uyushma a’zolikka qabul qilgan? Men ularning ichidan Fozil Farhodni uyushmaga a’zoligini bilaman, xolos. Vaholanki, qolganlar ham qirq yoshga qarab ketyapti, lekin a’zolikka hanuz qabul qilinmagan. Ularning orasida ikki yo uchta kitobini it azobida, qiyinchiliklar evaziga chiqarganlar bor.
Uyushma ham, nashriyotlar ham jahonga chiqishdan ko‘ra chiqmasligi aniq bo‘lib ulgurgan katta yoshdagi yozuvchilar bilan ovora bo‘lishsa, ertaga bu yosh ijodkorlar qanday qilib jahonga chiqadi? Shu savolni kim o‘ziga beryapti. Bitta kitobi uch-to‘rt yilda nashriyotdan chiqsa (chiqsa o‘shandayam), gonorar ayanchli holatda bo‘lsa, uyushma “birinchi kitobim” loyihasidan keyin ularni unutib yuborsa, ular qaysi dastaklar evaziga jahonga chiqadi?
Uchinchidan, jahonga chiqish uchun o‘sha millat adabiyotida badiiy tarjima ham faol yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Bizda chet el adabiyotlarining tarjimalari uchyapti. Men bizning ijod namunalarining chet tillariga tarjimalarini nazarda tutyapman bu bilan. Nazarimda, buni ham Yozuvchilar uyushmasi o‘z zimmasiga olishi kerak. Ijodkorlarning munosib deb topilgan hikoya va romanlarini chet tillariga tarjima qilish va u yerdagi nufuzli jurnallarda e’lon qildirishga uyushma bosh-qosh bo‘lib, zimmasiga olsa bo‘ladi, bunga byudjetdan uyushmaga har yili ajratilgan mablag‘lar kifoya qiladi. Yozuvchi esa bir o‘zi hech narsa qila olmaydi, chunki yolg‘iz otning changi chiqmaydi. Shunda bu yoshlarni jahon adabiyoti taniydi, jahon adabiy muhitining nazariga tushadi. Shunda ehtimol bizdan ham Nobel mukofoti laureatlari, Gonkur va Dublin halqaro adabiyot mukofotlari sovrindorlari chiqar. Bizga bevosita shunday targ‘ibot kerakda. Aks xolda, har yili kuzda boshqa davlat yozuvchilarini (o‘shalar ham bizdan ortiq yozmaydi) Nobel olganini davriy nashrlarimizda og‘zimiz ochilib-ochilib e’lon qilaveramiz.
— Men ham pasportda Ibragimovaman, ammo ijodimga ruscha sharifni olib kirmadim. Nima uchun sharifingizni Ortiqov deb e’lon qilmaysiz?
— Savolingiz ham, tanqidlar ham o‘rinli. Aslida men ismim yonida otamning ismlarini birgalikda qo‘llashni o‘ylaganman. Faqat birdaniga taxallus qo‘llash menga qandaydir erish tuyulgan. Balki nasib qilsa vaqt o‘tib, navbatdagi ijod namunalarimda shunday qilarman. Shunda bu muammo o‘z-o‘zidan yechiladi degan umiddaman.
— Suhbat uchun tashakkur. Sizdan yana yaxshi asarlar kutib qolamiz.
— E’tiboringiz uchun tashakkur! Adabiy saytingizning kelgusidagi faoliyatiga omad va zafarlar tilab qolaman!
Muallifning elektron kitobini yuklab oling:
Nodirabegim Ibrohimova suhbatlashdi.
Sherzod Artikov bilan uyushtirilgan suhbatni bir sidra tahrir qilish kerak. Biroz xatolik mavjud ekan.
G‘arbona taqlid seziladi, ammo ifoda tili juda yoqimli. Yengil o‘qiladi
Baribir, barakalla, Nodirabegim!
rahmat!
Suhbatda to’liq ochiq gapirilmagan ekan. Bu tarzda qanday qilib rivojlanish qilish mumkin??? Izoh qoldirish uchun pochta manzilni yozish bekor bo’lsa yaxshi edi.