Baxtiyor ABDUG‘AFUR
Mastura kuzni o‘zgacha intiqlik bilan kutardi. Go‘yo, bu safargisi uni butun umrlik vijdon azobidan qutultiradigandek, shu bilan gunohlaridan forig‘ bo‘ladigandek. Ilohiy tartib buzilmasdi: qish ortidan bahor, yoz ketidan kuz kelardi; biroq, u najot fasliga yetolmasdi. Barglar sarg‘ayar, xazonrezgi ustida sovuq, namchil shamol o‘ynar, yomg‘irlar o‘z qo‘shig‘ini kuylardi-yu yolg‘izgina u, qirqdan hatlab, ellikka yuzlangan, sochining qorasidan oqi ko‘p Mastura kuzning kelganini his qilolmasdi. Yelvizak shamol qishning bo‘m-bo‘sh ko‘chalaridek ko‘nglini-da ship-shiydam qilishga behuda urinayotgandek ko‘rinaverardi.
Bu yilgi kuz ham shunday boshlandi. Sunbula yarimlamay, mezon eshik qoqmay haqiqiy kuz keldi-qo‘ydi. Buni u oyoq-qo‘li uvushidan, tez-tez holsizlanishidan sezdi.
“Qaridim!..”
Uni yoshi o‘tayotgani, ahvoli kundan-kunga og‘irlashayotgani hech qiziqtirmasdi. Faqat, kuzga yetib olish, Xudo aytishga imkon bersa, vijdon azobidan qutulish edi. Shu orzu-xayollarda kun sanardi, yashardi.
Ana shunday kuz kunlaridan birida, tushkun va dilgir ahvoda ko‘chaga chiqdi, ishga – maktabga borishi kerak edi. Eshikni qulflab, yo‘lga chiqqan ham ediki, undan o‘n-o‘n besh qadamlar oldinda ketayotgan kishiga ko‘zi tushdi-yu yuragi qalqib ketgandek bo‘ldi. Qudratingdan! Qadam tashlashi, chap yelkasini xiyla pastroq tutishi, boshini biroz solintirishi ham o‘sha-o‘sha! Keptiku!
“Zafar…”
U yurish-yurmasligini, chaqirish-chaqirmasligini bilmay qoldi. Qancha vaqt turib qolganini bilmadi. Asta ketib borayotgan kishining ortidan jur’atsiz bir-ikki qadam tashladi. Oyoq tovushlarini eshitib qolishidan cho‘chib, birdan uyi tomon o‘girildi – tanib qolmasin, nima deyman?! Quloqlari ostida tanish, quvnoq ovozlar eshitilib ketdi:
“Zafar “beshchi!” Zafar fizikadan ham zo‘r! Zafar algebradan ham zo‘r!..”
Beixtiyor ko‘zlariga yosh keldi, bo‘g‘ziga nimadir tiqildi. Ich-ichidan hayqiriq kelgandek bo‘ldi.
“Bilaman! Bilaman! Bilaman!”
Lekin buni o‘n to‘rt-o‘n beshlardagi, yuzlariga sepkil toshgan, burni puchuqroq, mayda o‘rilgan sochlari ustidan chamandagul do‘ppi kiygan Mastura tan olishni istamasdi. Shunday deganlarni yomon ko‘rardi. Zafardan nafratlanardi… U bo‘lmasa sinfdagi eng a’lochi o‘quvchi bo‘lardi, hamma o‘qituvchilar uni maqtardi, devoriy gazetada faqat uning surati bo‘lardi.
“Zafarning dadasi fizika-matematika o‘qituvchisi bo‘lmaganda u besh olmasdi!” – derdi chamandagul do‘ppili Mastura, mayda o‘rilgan sochini o‘ynab.
“Hech unday emas, Zafarning o‘zi juda kallali bola, bo‘lmasa viloyat olimpiadasida birinchi o‘rinni olarmidi!” – derdi oq sochlarini ro‘moli bilan yashirishga urinayotgan Mastura.
…U anchagacha ko‘chada turib qoldi. O‘tgan-ketgan qo‘shnilarning salomini ham javobsiz qoldirdi.
“Ota-onasini qabrini ziyorat qilishga ketyapti. Ortidan borsammi?”
Lekin bunday qilolmasdi. Jur’ati yetmasdi, yuzi chidamasdi.
“Balki bu oxirgi marta kelishidir, keyin kelmasachi?”
Yana o‘sha kishining ortidan yurdi. Ishga kechikayotgani, direktorning to‘ng‘illashi ham esiga kelmasdi. Fikri-yodi faqat birgina so‘zni aytishda edi.
“Kechir!..”
Xayollari uni o‘ttiz yil oldinga, gavjum sinfga uloqtirdi. Salkam qirq o‘quvchili sinfxona, tanaffusdagi g‘ala-g‘ovur, chamandagul do‘ppi kiygan, sepkilyuz va sochlari mayda o‘rilgan, nimadandir norozi Mastura… U o‘tiradigan parta o‘qituvchining stoli bilan to‘qnashgan edi. Keyingi dars fizika. O‘lgudek yomon ko‘rgan fani. Hech narsaga tushunmaydi, formulalar, allaqanday tenglamalar kelganda miyasi ishlamay qolardi. Shunday fanni odamlar qanday o‘zlashtirishiga taajjublanardi ham. Agar fizika bo‘lmaganida maktabning eng oldi o‘quvchisi bo‘lardi…
Eshik ochilib o‘ylari to‘zg‘idi, norozilanib joyiga o‘tirdi.
Fizika o‘qituvchisi – Zafarning otasini hamma Boydullayev domla deb tanir, doim bir hil – eski, lekin toza kulrang kostyum-shimini kiyar, qo‘ltig‘ida ikki-uch darslik, qalin umumiy daftar bo‘lar, sinfga kirganida avval salom berib, so‘ng joyiga o‘tirardi. Bu safar ham odatiga xilof qilmadi. O‘tirgach, sinf jurnalini ochib yo‘qlama qildi va uy vazifasini kimlar qilmaganiga qiziqdi. Shundoq qarshisida o‘tirgan Mastura aybdordek qo‘lini ko‘tardi. Yolg‘iz o‘zi edi, uy vazifasini bajarmagan.
–Qizim, nega bunday qilasan? Har doim uy vazifasini qilmay kelasan. Hech bo‘lmasa, fizika hurmati, biror dugonangdan ko‘chirib kel, baraka topgur! Ikki qo‘yishga ko‘zim qo‘ymaydi, shunday a’lochi qiz. Yaxshi baho qo‘ysam, buniyam hisobi bor, javobi bor, qizim…
Mastura bu gaplarga zo‘rg‘a chidardi. Sinfdagi eng a’lochi qiz boshqalardan ko‘chiradimi? Hech qachon! Ko‘chirtirganlar nima deb o‘ylaydi? Biz bilan bir hil ekanku, demaydimi?
–O‘tir qizim, boshqa bunaqa qilma, uyat bo‘ladi. Bu safar “nuqta” qo‘yib turamiz…
Avvaliga Mastura xijolatdan duv qizardi, so‘ng xijolatpazlik o‘rnini nafrat va alam egalladi-yu yuzidan qon qochdi, gezardi. O‘n olti yoshli qizning soniya ichida turlik qiyofaga kirishi to‘pori g‘ururidan guvohlik bergandek edi.
“Uyat senga bo‘ladi!” – favqulodda o‘y o‘tdi uning ko‘nglidan.
Shu kuni u uyga qanday yetib borganini bilmadi. Onasining qulog‘iga nimalardir, deb shipshidi. O‘zini uyalganga soldi, ko‘zlarini yerga tikdi. Ham g‘azabdan, ham nomusdan yongan onasi eshitganlarini taftish qilmay darrov eri va yaqinda harbiy xizmatdan kelgan o‘g‘liga yetkazdi.
“Nima emish, anavi qarib quyulmagan Boydullayev domla qizingizga qichiq qipti! Ustalining[1] tagidan oyog‘ini uzatib qizingizning oyog‘iga tekkizganmish! Qizimni endi er olmaydi, voydod!..”
“Nima?! Kim?!..”
Alangaga moy sepishning hech keragi yo‘q edi. O‘rtada endi or-nomus masalasi turardi. Ota-bobolari qo‘rboshi o‘tganlar, so‘zini bermaganlar uchun bu ichga yutib ketadigan narsa emasdi. Masturaning otasi va akasi o‘sha kuniyoq Boydullayev domlaning uyiga bostirib kirishgan, so‘roq-savolsiz uni do‘pposlashgan, oilasi, bolalari ko‘z o‘ngida haqoratlashgandi.
Sinfdosh qizga tegajoqlik qilgan otasining do‘pposlanishini Zafar jimgina kuzatib turardi. Nima qilishini bilmasdi. Bunday qilishga otasining qanday haddi sig‘di? Axir oilasiga isnod emasmi? Unga isnod emasmi?..
Masturaning otasi va akasi Boydullayev domlani chala o‘lik holiga keltirib ketishdi. Hamon his-tuyg‘ulari bilan kurashayotgan Zafar na yordam berishini, na joyida turishini bilardi. Shu payt miyasiga g‘alati o‘y urildi va shartta ortiga o‘girildi. Darvoza tomon yura boshladi. Buni birinchi bo‘lib onasi sezdi.
–Bolam! Qayt, bolam!..
Xuddi onasi ushlab oladigandek, Zafar qadamini tezlashtirdi va yugurganicha ko‘chaga chiqib ketdi…
…Qishloqda avval Boydullayev domlaning o‘zining o‘quvchisiga tegishgani duv-duv gap bo‘ldi.
Keyin Zafarning g‘oyib bo‘lgani og‘izlardan tushmay qoldi. Katta qishloq bu voqeani jimgina kuzatar, aralashishga qo‘rqar, xuddi hech narsa bo‘lmagandek tutardi o‘zini.
Avval bunday gap bo‘lmagan, gap chiqmagan. Ayol-qizlari ro‘molda, erkaklari ochilib qolgan eshiklar yonidan o‘tayotganda yerga qarab yuradigan qishloq chuqur sukutda edi.
Boydullayev domlaning akasi, dehqonchilik qiladigan Mirabdulla oilasi bilan xotinining yurtiga, Baliqchiga ko‘chib ketdi. Chortoqqa, Uchqo‘rg‘onga tushgan domlaning singillari esa qishloqdan qadamini uzdi.
Masturaga yetadigan odam yo‘q edi. Maktabda endi fizika va matematika o‘qitilmay qo‘ydi. O‘qituvchi yo‘qligidan o‘rnini boshqa darslar egalladi. Mastura hamma fandan “besh”ga o‘qirdi…
Boydullayev domla qishloqqa aralasholmay qoldi. Odamlar ham uni to‘y-hashamlarga aytmay qo‘ydi. Zafarni qidirib bormagan joyi qolmadi. Orada ayolining ahvoli og‘irlashdi-yu shu yotganicha boshqa turolmadi. Sunbula o‘tib mezon kirganida omonatini topshirdi. O‘sha kuzning yoqimsiz, etni junjiktiruvchi salqin kunlarida Mastura buni eshitdi-yu ichida nimadir uzilib tushgandek bo‘ldi. O‘shanda u institutga ikkinchi marta imtihon topshirib kirolmay qishloqqa qaytgan edi…
O‘n besh o‘tgachgina Zafarning daragi chiqdi. U Rossiyada edi. Ishlagani borgan sinfdoshlaridan biri uni tanib qolgan, rasmini yuborgandi. Endi telefonlarda uning surati aylanardi: yo‘g‘on gavdalik, sochlari kalta, harbiylarga o‘xshagan qiyofa…
Shundan keyin u qishloqqa keladigan bo‘ldi. Kuz edi. Onasi omonatini topshirgan kunlar.
Birinchi marta kelganida otasini taniy olmadi. Qarib, bir burda bo‘lib qolgan, elkalari cho‘kkan, gaplarini eplab gapirolmasdi. Zafar keksa, ushoqdek otasini bag‘riga bosib uzoq yig‘lagan, Boydullayev domla esa nuqul: “bolam! bolam!” derdi, xolos. U otasini olib ketdi. Shu bilan qishloq bu urug‘ bilan tamom hayrlashdi.
Mastura ketma-ket besh yil universitetga kira olmadi. Jurnalist bo‘laman, she’rlar yozaman, degan orzu-xayoldagi qizga: “Yaxshisi, fizika-matematika fakultetiga topshir, odam kam” deya maslahat berishdi. Qishloqda u haqda gap-so‘z oralagandan keyin biror sovchi ularning uyi ostonasidan hatlamadi. Bir vaqtlar nafratlangan, undan qutulish uchun har narsaga tayyor Mastura qo‘liga… fizika darsligini oldi. Yana ikki yil urinib, yigirma besh yoshida fizika-matematika fakulteti talabasi bo‘ldi…
Dunyoni charhpalak deyishlari shu bo‘lsa kerak…
…Xayollaridan yulqinganida gavdali kishi – Zafar undan ancha uzoqlashib bo‘lgandi.
“Tavakkal!”
U oyog‘ini qo‘lga olgudek bo‘lib Zafarning ortidan chopdi. Unga ikki-uch qadam qolganida beixtiyor to‘xtab qoldi. Qo‘rqa-pisa unga razm soldi. Chakka sochlari oqargan… Bu sochlar tilga kirsa uydan ketib qolgan o‘n olti yoshli bolaning dardu-hasratlaridan yuraklar ado bo‘lishini tuyqus sezdi. Shunda Mastura o‘z-o‘zidan nafratlandi.
Ortida odam turganini sezibmi, Zafar ortiga o‘girildi. Mastura qo‘rquvdan qotib qoldi. O‘zi bilib-bilmay salom berib yubordi.
–Kechirim so‘ragani keldingmi? – o‘ttiz yillik ayriliqdan so‘ng Zafarning aytgan so‘zlari shu bo‘ldi.
Masturaning ko‘zlari katta-katta ochilib ketdi. Tili aylanib-aylanmay so‘radi:
–Qayerdan… bilding?..
–Dadam rahmatli hammasini aytib berganlar.
Mastura o‘ylab o‘yiga yetolmasdi. Aytib berganlar? Qanaqasiga? Yoki, Boydullayev domla tiz cho‘kib o‘zini oqlab, o‘g‘lini ishontirganmikin?
Zafar ko‘zlarini yumdi. Hirillab nafas olayotgan otasi xayolidan o‘tdi.
–O‘g‘lim… bolam… o‘zimni… oqlamoqchimasman… Bir kun kelib… o‘zing ham balki… ko‘rarsan… Men o‘tirgan stol bilan… o‘sha qizning partasi o‘rtasida… erga yetadigan… yog‘och to‘siq bo‘lgan… Xudoning oldida… vijdonim toza… o‘g‘lim…
Hayratdan, alam va nafratdan Zafarning tilidan so‘z, qo‘lidan kuch qochdi. Shu oddiygina narsani tekshirish nahot aqliga kelmadi?! Shu bilan otasi va oilasi nomusini himoya qilish mumkin bo‘lgan ekanku!.. Oradan birmuncha vaqt o‘tib qishloqqa kelganida o‘sha sinfga kirdi. Hayratlanarlisi, o‘sha og‘ir partalar, o‘qituvchi stoli shu holicha turardi. Holiqi qudrat buni atayin shunday qoldirgan, butun umr yomonotliq qilingan bandalarini foydasiga guvohlik berishga iroda qilgandi. Bir vaqtlar otasi o‘tirgan stol va unga qadalgan parta o‘rtasida yerdan yarim qarich ochiqlik qoldirilgan yog‘och to‘siq bor edi.
Zafar sinfning yog‘och poliga beixtiyor cho‘kkalab qoldi. Bir muddat o‘zi bilan o‘zi kurashdi-yu kuchi yetmay o‘kraganicha yig‘lab yubordi. Uyini boshqa ko‘rmaslik umidida vagonlardan-vagonlarga sakrayotgan o‘n olti yoshli bola, sovuq, fayzsiz shimol bozorlaridagi kir-chir hammol, qurilishlarda g‘isht-loy tashigan mardikor va universitetning iqtidorli talabasi, dongdor fizik olim o‘rtasida shu birgina yog‘och to‘siq turganini o‘shanda his qildi.
–Dadamlar biror marta seni gapirmaganlar, – nihoyat o‘ylaridan yulqinib dedi Zafar. – Kechirim so‘rashing ham shart emas. Xudo hammasini ko‘rib turibdi.
“Xudo bor, bo‘lmasa hammasini joy-joyiga tushirmasdi!” – Mastura ko‘nglidan o‘tganini tiliga chiqara olmadi.
Mastura turmushga chiqmadi, aniqrog‘i, unga sovchi kelmadi. Ota-onasi uning to‘yini ko‘rmay omonatni topshirishdi.
–Ortimdan yurma, ota-onamning oldilariga ketyapman, – dedi unga qaramay Zafar.
Uning nima demoqchiligini Mastura tushundi. Zafar xayrlashmay ortiga burildi va yurib ketdi. Mastura qishloq va qabriston o‘rtasida, bo‘m-bo‘sh ko‘chada o‘zi yolg‘iz qoldi. Nafaqat sinfdoshi Zafarning, balki o‘zining baxtini ham yerga ko‘mganini alam bilan eslardi. Chamandagul do‘ppili, sepkil toshgan yuzli qiz abgor qilgan yoshligi ortidan ma’yus tikilib qoldi.
Baribir Mastura kuzni o‘zgacha intiqlik bilan kutaverardi. Bo‘m-bo‘sh, zulmat oralagan ko‘nglida yolg‘iz yugurik shamollar aylanar, aylanaverardi…
30.08.2018