Yosh ijodkor bilan gurung
Nasr olamida yosh yozuvchilar sanoqli bo‘lsada, harholda bor. Ular orasida Javlon Jovliyev o‘z uslubiga, fikriga ega ijodkor. Qator hikoyalari adabiy jurnallarda nashr etib kelinmoqda. Javlon bilan suhbatimiz davomida uning adabiy muammolarga befarq bo‘lmagan jonkuyar nosir ekaniga amin bo‘ldik.
Suhbatdosh haqda
Javlon Jovliyev 1991 yili Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining san’atshunoslik jurnalistika yo‘nalishini bakalavr va magistratura bosqichini tamomlagan. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ishlamoqda. Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminari ishtirokchisi. 2019 yilda Ijod fondi tomonidan birinchi kitobi nashr etilgan.
— Javlon, adabiyotga hammayam bir maqsadda kirib kelavermaydi. Sizni adabiyot, aniqrog‘i nasr olamiga kirishingiz qanday maqsad, orzu va istaklar bilan boshlangan?
— Roman yozish istagi bilan boshlangan! Naqadar kulguli bo‘lmasin, rosti ham shu! Otam qishloq idorasida ishlar va tabiiyki ishdan kech kelar, biz sog‘inib intiq kutib o‘tirardik. Ammo otam ovqatlanib bo‘lishi bilan qo‘liga kitob olardi. Keyin tamom – hammayoq jim-jit! Katta, qalin jild, biz buni «semiz kitob» deb atardik. O‘qigim kelar, ammo kirill yozuvini yaxshi bilmasdim. Otam «semiz kitob»larni hash-pash deguncha o‘qib tugatishi havasimni keltirardi. Ammo hech qachon kitoblarning mazmunini haqida bizga gapirib bermaganlar. «Aytib bering nima haqda ekan?» derdik, otamning biroz qovog‘i osilib «Qiziq, katta sinf bo‘lsang o‘zing o‘qiysan» derdi. Balki vaqti bo‘lmagandir, balki boshqa sabab, ammo men uchun o‘sha damlar hozir eng mo‘tabar onlarga aylangan. Vaqt yetdi- katta sinfga o‘tdim, kirill yozuvni o‘rganmasang, chalasavod bo‘lishing turgan gap edi! So‘ng otam o‘qigan kitoblarning ko‘pini o‘qib chiqdim. Shunda birdan men ham roman yozgim keldi. Ko‘pchilikda shunday bo‘lsa kerak. Buni ishtiyoq deb nomlasa bo‘ladi. Yosh edim, 20 betga zo‘rg‘a yetkazganman, yozishdan zerikib qoldim, qanday tugatishni ham bilmasdim. Ko‘p qiynaldim, yozganlarim o‘qigan kitoblarimday emasdi. So‘ng roman yozishdan ko‘nglim qolgan, endi faqat o‘qiy boshladim, duch kelgan kitobni… Enam ham xo‘rjin xaltaga albatta, to‘rtta narsa solardi: yarimta non, qirmizi pomidor, gazetaga o‘ralgan tuz va kitob. Agar birontasi qolib ketsa men uchun bahona topilar, poda shom tushmay ortga enardi.
Uzoq yillar faqat o‘qidim, yozish nima keragi bor, derdim o‘zimga-o‘zim… Ammo o‘qib turibsiz men yozyapman…
O‘tgan asrning 60 yillarida dunyo adabiyotida idealizm kuchaygandan kuchaydi, dunyoni o‘zgartirmoqchi, tozalamoqchi bo‘lgan ijodkorlar davri ham deyish mumkin… Albatta, bugun telefondan bo‘shamayotgan avlod bu gapga kulib qo‘yishar, ammo men ularga ishonganman, roman yozib dunyoni tozalmoqchi bo‘lganman. Keyinchalik bu dunyo Vatanim va millatim xaritalariga ko‘chdi. Balki bu kulgulidir, ammo men ich-ichimdan hayotini tozalashni istovchilarni (shu o‘rin muhim) tozalashga (o‘zim ham ular ichida borman, albatta) intilaman.
— Milliy kutubxonada faoliyat olib borasiz. Men ham maktab davrimda kutubxonada ishlayman, u yerda ko‘p kitoblar bo‘ladi, deb xayol qilardim. Sizdayam shunday orzu bo‘lganmi yoki bu vaziyat taqozosimi?
— Kutubxonada ishlashni orzu qilmaganman. Ammam qishloq kutubxonasida mudira edi. 2006 yilda chiqqan bir bema’ni qaror tufayli barcha qishloq va tuman kutubxonalari yopildi. Shunda ko‘rdik kitoblarni qanchilik xor qilish mumkinligini! Kitoblar tepkilandi, kitoblar odamlar ketiga qog‘oz bo‘ldi. Boshiga emas, ketiga …(ming bor uzr). Ko‘p qatori ammamning kutubxonasi ham yopildi. «O‘tin kam, pechkaga tutandiriq kerak, kutubxonaga chop!» Bu men uchun dahshatli manzara edi. O‘shanda katta opam bilan birga ammamdan ko‘proq kitob olib ketishga uringanmiz… Yosh bo‘lganimdan saralay olmaganman, ammo hozir uyimizda yig‘ilgan kitoblarga qarab, opamning didiga qoyil qolaman. Ancha-muncha yaxshi kitoblar yig‘ilgan.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi alohida mavzu… Qishloqda kitoblarning qanday xor bo‘lganini ko‘rgan bo‘lsam, bu yerda qanday e’zozlanishiga guvoh bo‘ldim. Kitobni farzandi kabi ehtiyotlovchi kutubxonachilarni ko‘rdim. Ular yertilgan bir varaq uchun hatto ko‘zyosh to‘kishardi.
Institutda darslar o‘ziga yarasha, shuning uchun kutubxonaga qochardim. Birinchi marta borganimda bepul, beta’ma kitob o‘qish mumkin bo‘lgan shunday katta joy borligidan sevinib ketganman. Keyin eski kutubxona buzilib, yangisi qurildi. Ochilishini bir yil kutganmiz. Ish boshlanishi arafasida esa bir hafta navbatga turib a’zo bo‘lganman. «Bu bola har kuni keladi, shuni ishga olib qo‘ya qolaylik» deyishgandir… Kutubxona nashriyotida uch yildan oshiq ishladim.
— Nazarimda, «Buxoro, Buxoro, Buxoro» hikoyangiz sizga ma’lum shuhrat keltirgan. O‘zingizga eng yoqqan asaringiz qaysi?
— Hali shuhrat va «mahliyolik»ka erta deb o‘ylaman. Nasr og‘ir va sharafli taqdir yo‘li. Buning qimmati yozuvchi qismati bilan o‘lchanadi. Ichki sezgi bilan his qilish – asarni anglash va hech so‘zga sig‘dirib bo‘lmaydigan nozik sirlarini tinglay olish, diqqatni uzoq vaqt bir joyga jamlash yozuvchi uchun juda muhim. Siz ko‘rgan va xayoldan o‘tgan har qanday narsa – san’at emas, bir voqea xolos. Bugungi telegram kanallardagi «uy bekalariga maslahat» ruknida beriladigan lavhalarni ko‘ring… Ayrimlar shundan sal boshqacharoq yozishadi va o‘zini «san’atkor» sifatidan tan olinmayotganidan noliydi. Badiiy asar boshqa narsa – qoningizni zulukdan o‘n barobar ko‘p tortadi, ammo bu azoblar sizning ruhingiz va taningizga rohat bag‘ishlaydi.
Yozganlarim – izlanishlarim, qaysidir ma’noda ma’qullari ham bor, ammo ko‘nglim to‘lmaydi. Hikoyalarimda yuragi urib turgan odamlar bor va ular o‘z hayotini yashayotganiga umid qilaman.
— Bugungi kunda qanday adabiy muammolarimiz bor deb o‘ylaysiz? Adabiy muhitdan qoniqasizmi?
— Adabiy muammolar bashar muammolari bilan birdir. Ikkovini ajratib tasavvur qilmayman. Adabiy muammo insoniyat xatolaridir. Kamchiliklar va insonning to‘kis yashashiga bo‘lgan to‘siqlar har davr adabiyotining o‘tkir nigohida duchor bo‘lgan. Ammo barcha zamonda insonning yashovchan ruhi baridan g‘olib kelgan. Bu adabiyot g‘alabasidir, aslida!
Bizdagi adabiy muhitga kelsak, buni yaratish uchun ishlayotgan tashkilotlar hamon eskicha. Bugun zamon qoidalariga moslashmagan, hatto otamning zamoniga ham qarilik qiladi. Adabiyot targ‘ibotimiz deyarli yo‘q. Xalqaro adabiy a’loqalar 0 (no‘l) darajada. Tarjima maktablari parchalandi, hali minglab yaxshi kitoblar biz uchun yetib bo‘lmas sayyoraday gap! Yaxshi asarlar uchun (shaxs uchun emas) mukofot, rag‘bat yo‘q. Shoir va yozuvchilar dunyo bilan bo‘ylashish u yoqda tursin o‘z vatanida uy-joy tashvishi bilan yashashga bandi qilingan. Ro‘zg‘oridan ortib yozolmay qolgan iste’dodlar qancha. Chunki shunga majbur, qalam haqqi yo‘q. Bu haqda qonun chiqqandi, amali esa sariq chaqa!
Bugun XXI asrning ilk choragi, dunyo shiddat bilan yangilanib bormoqda. Adabiyot targ‘iboti shunga moslashmas ekan, «xayolparastlar» degan nom bilan yashab qolaveradi.
— Tengqur nosirlardan beshta o‘zingizga yoqqanini sanab o‘ting.
— Bugun yoshlar orasida nasrga qiziquvchilar ko‘p emas, ammo men yozilayotganlarning ko‘pini o‘qiyman va o‘zimga ko‘p narsa olaman. Yutaqib o‘qiganimni aytaman va bundan sevinaman. Shuni bilamanki, bugun adabiyotni qismat deb bilgan, niyati toza 50 dan ortiq yosh tengdoshlar kerak. Shunda adabiyotimiz o‘sgan, dunyo qarashlar o‘zgargan bo‘lardi. Kelajak ne bo‘lishini O‘zigagina ma’lumdir, biz umid qiluvchilarmiz!
— Adabiyotda ustozning o‘rni qay darajada, sizning hikoyalaringizni o‘qib fikr bildiradigan ustozingiz bormi, umuman katta yozuvchilarimiz yoshlarga qay darajada munosabat bildiryapti?
— Bolaligimda men ko‘rishni orzu qilgan ko‘pgina yozuvchi-shoirlar bilan Toshkentga kelgach (2010) tanishdim. Men Shukur Qurbon, Xurshid Davron, Nabijon Boqiy, Olim Otaxon, Muzaffar Ahmadlardan ko‘p narsa olganman va o‘zimni ular oldida qarzdor deb bilaman.
Kutubxonada ishlab yurganimda pulim tez tugab qolardi. Shunda Shukur aka o‘zi uchun olib kelgan yemakning yarmini ilinardi. Buni unutib bo‘ladimi? Xurshid Davron ilk hikoyalarimga yaxshi fikr bildirib, saytda e’lon qilgan, maslahatlarini ayamay kelyapti. Nabijon Boqiy esa yozuvchining mardiligi haqida tirik afsonaga misol, shunday o‘z yo‘lida qat’iy turadigan yozuvchi o‘zbeklarda yana nechta bor? Olim Otaxon, Muzaffar Ahmadning betakror tarjimalari, maslahatlari men uchun katta o‘rnak bo‘lyapti. Men ularni ustozlarim deb faxr eta olaman!
— An’anaviy savolimiz: sevimli yozuvchingiz kim? Yosh qalamkashlarga qaysi asarlarni tavsiya qilasiz?
— Tolstoy. U men uchun doim aziz. U menga begonamas, guyo. Yasnaya Polyanaga borishni esa bolalarcha injiqlik bilan xohlaymanki, chegarasi yo‘q… O‘sha o‘rmonni bir aylangim keladi… Sizda ham shundaymi?
Tolstoy asarlarini o‘qib chiqqan kitobxon o‘z huquqini yaxshi tanib oladi. Uning kengligida suzgan odam, tor balchiqqa qarashdan jirkanadi. Men, doim avvalo Tolstoyni o‘qishni tavsiya qilaman! Uning o‘quvchisi bo‘lish qanday baxt? Tolstoy keng ma’nodagi «Yozuvchilar konstitutsiyasini yozib qo‘ygan» adibdir!
— Hikoyalaringizni ko‘proq kimlar e’tirof etishini kutasiz: ko‘pchilik bo‘lgan oddiy omma yoki ozchilik bo‘lgan ziyolilar?
— So‘zsiz, har ikkalasi ham! Ammo doim yozuvchilar uchun ziyolilarning fikri xavfli bo‘lgan. Chunki eng haqli, latif fikrlar ham, eng nosamimiy fikrlar ham ziyolilardan chiqadi. Xalqniki esa doim samimiy bo‘lgan…
— Jontemir bilan suhbatda muhabbat men uchun she’r, dedi, sizning ta’rifingizcha…
— Oilam!
— Vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Ijodingizga rivoj tilayman.
— Sizga ham…
Eslatma. 28-oktyabr kuni soat 12-00 da Milliy kutubxonada Javlonning “Ikki qalb uchrashuvi” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Barcha qiziquvchilarni taklif etamiz.
Nodirabegim Ibrohimova suhbatlashdi.