SO‘NGGI UCHRASHUV

    0
    381
    ko'rishlar soni

    Yanvar oyining 23 sanasi edi. Hayotimni alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborgan g‘avg‘olar shu kundan boshlangandek, nazarimda. Uch kun oldin yog‘ib o‘tgan qor erni tark etay demas, aksincha, muzlab, yaxmalak bo‘lib qolgandi…

      …Mashinamiz sirpanchiq yo‘llarda sirg‘ala-sirg‘ala shaharga kirib bordi. Oyog‘imda yurak urishiga monand sim-sim og‘riq kechayotgan bo‘lsa-da, ruhim yengil. Xuddi yaqinda hammasi tugaydigandek, hamma og‘riqlardan xalos bo‘ladigandekman. Kasalxona binosi oldida to‘xtadik. Haydovchi bilan xayrlashgach, o‘zimizga kerakli bo‘limni topib, ichkariga kirib bordik. Qabuldagi yetti-sakkiz kishilik navbatni ko‘rib biroz siqildim. Oq xalatiga mos to‘qima kamzul kiygan hamshira navbatimiz kelguncha qo‘shni xonada kutib turishni taklif qildi. Kutish nimaligini yaxshi bilasiz. Og‘riyotgan tizzalarimni silab-silab qo‘yaman. Navbatning esa oxiri yo‘qdek. Bir payt zaldan xabar olgani chiqqan otam shoshib kirib keldi:

    — Qani, bo‘laqol, navbatimiz keldi!

    * * *

    — Xo‘-o‘-shsh, qayerdan keldingiz? — salom-alikdan keyin do‘xtirning birinchi bergan savoli shu bo‘ldi. Biz manzil-makonimizni aytdik.

    — E, Chimlikmisiz? Anvar yaxshi yuribdimi?

    “Qaysi Anvar?” deganday otamga qaradim. Do‘xtir Anvardan keyin yana boshqa bir nechta davolagan sobiq bemorlari haqida so‘rab-surishtirdi. Otam taniganlari, adashmasam, tanimaganlari haqida ham “Ha, yaxshi yurishibdi. Sizga ko‘pdan-ko‘p salom aytishdi”, qabilida javob berib turdi. Nihoyat, gap aylanib, asosiy mavzu — mening sog‘lig‘imga taqaldi. Bir qancha tibbiy tekshiruvlardan so‘ng bu dargohda qoladigan bo‘ldim.

    Hamshiraga yozganlarini topshirib, bizni qo‘shni yo‘lak tomon boshlarkan, do‘xtir:

    — Meni to‘g‘ri tushunasizlar, degan umiddaman, bemorlarimiz ko‘p, joy tanqis, shunga o‘g‘lingizni vaqtincha ayollar bo‘limiga yotqizib turamiz endi, — deb qolsa bo‘ladimi? Yuragim orqaga tortib ketdi. Tasavvurimda tinimsiz javrab, bir-birlariga tuturiqsiz hazil-huzul qilib, baland ovozda kulishayotgan ayollar gavdalandi. Ammo ayollar bo‘limi o‘ylaganimdan farqli o‘laroq, favqulodda osuda ekan.

    Men o‘zimga tegishli palataga joylashdim, otam esa uyga qaytib ketdi. Palatadoshlarim bilan tanishib oldim. Ayniqsa, yoshrog‘i menga yoqib qoldi. U tinimsiz gapirar, deraza yonidan biror qizmi, hamshirami o‘tib qolgudek bo‘lsa, to ko‘rinmay ketguncha izidan boqib turardi-da, keyin jo‘rttaga bir-ikki tomoq qirib qo‘yib, yana gapida davom etardi. Bu yerdagi ilk kunlarim shunday boshlandi. Asta-sekin kasalxona sharoitiga ham ko‘nika boshladim. Shifoxonadagi eng yosh bemor bo‘lganim uchunmi, shifokorlardan tortib bemorlargacha hamma menga ayricha yaxshi munosabatda edi. Ayniqsa, men mutlaqo tanimaydigan, bilmaydiganlar ham ismimni aytib chaqirganda, xonalariga suhbatgami, taom tanovul qilishgami taklif etishganida o‘zimni o‘zgacha his qilar edim. Shunday kunlarning birida men uni birinchi bor ko‘rdim…

    Ertalabki nonushtadan keyin uxlab qolibman. Uyg‘onib qarasam, xonada bir o‘zim. Kiyinib, yo‘lakka chiqdim. Kun yakshanba. Yo‘lak ham jim-jit. Bizning palata ayollar bo‘limidagi yagona erkaklar joylashgan xona bo‘lgani bois, ko‘p vaqtimiz erkaklar bo‘limida o‘tardi. Ikkinchi bo‘limga o‘tib, to‘g‘ri yo‘lak oxiriga yurdim. Yaxshi bilamanki, to‘rdagi xonada tez-tez qarta o‘yini uyushtirib turiladi. Xonadoshlarim shu yerdadir, ehtimol.

    Bir qiya ochiq turgan xona eshigi oldidan o‘tarkanman, kimdir meni chaqirganday tuyuldi. To‘xtadim. Meni chaqirayaptimi? Ha, rostdanam qiya ochiq eshikdan kimdir meni past ovozda chaqirayotgan edi. Ismimni buzib talaffuz qilishiga qaraganda o‘zga millat kishisi, shekilli. Shahdam yurgancha eshikni lang ochib kirib bordim. Kirib bordimu… alhazar, naq tirik murdani ko‘rgandek seskanib ketdim.

    -Eyy, Baxram, idi, idi suda! Kani, buyokka sadis, buyokka, — bemor qaltiroq qo‘llari bilan menga joy ko‘rsatardi. U nihoyatda ozib ketgan — qoqsuyak. Bo‘rtib qolgan mijjalari xuddi chizib qo‘yilganga o‘xshardi. Shundog‘am rangpar yuzlari holsizlikdan battar sarg‘ayib, dahshatli tus olgan, ko‘zlari ichiga botib ketgan, biroq, ne holki, bu ko‘zlarda allanechuk mag‘rurlik, hayotga tashnalik zohir edi. Magaramki, shu ko‘zlarini va arang qimirlab turganini aytmasa, uni tirik deyish… Bunga ko‘nikib ketgan, shekilli, u ajablanib qarab qolganimga e’tibor ham qilmay, meni o‘tirishga undadi. Bu holatga jimgina qarab tura olmadim. To‘g‘rirog‘i, meni shu topda nimadir bu odamdan nari itardi. Bilmadim, nima edi bu — ijirg‘anishmi, qo‘rquvmi?

    Shunday qilib, unga ko‘rishish uchun uzatgan qo‘limni shart tortdimu, xonadan o‘qday otilib chiqib ketdim. U ortimdan chaqirgancha qolaverdi. Palatamga qaytib boribman hamki, ko‘z oldimdan uning ayanchli ko‘rinishi ketmasdi. Shu payt eshik taqillab, dori idishlarini ko‘targan hamshira kirib keldi:

    — Xonadoshlaring qayerda? Nima endi, ularni birma-bir topib dorisini qo‘liga tutqazishim kerakmi?

    — Koshki bilsam. Men ham ularni qidirayapman. Yaxshisi, dorilarni menga berib keta qoling.O‘zim berib qo‘yaman.

    — Sang‘igani sang‘igan bular, hech xonasida turishmaydi… — dedi u norozilanib, keyin mendan so‘radi, — O‘zingning ahvoling yaxshimi, ancha tuzalib qoldingmi?

    — Bilmasam. Yaxshi bo‘p qolarman, — dedim soxta parishonlik bilan. Hamshira shiringina tabassum hadya etdi. Uning dori taqsimlayotganidan foydalanib, boyagi bemor haqida so‘radim.

    — Bilasizmi, erkaklar bo‘limidagi yigirmanchi palatada bittasiga ko‘zim tushdi…

    — Ha-a, Eldarmi? Ajoyib bola. Tanishib oldinglarmi?

    Hamshiraning ko‘zlari yonib ketdi. Ko‘rinishi kishini seskantirar darajada xunuk bu bola haqida nega bunchalar to‘lqinlanib gapirdi, tushunolmadim. Adashmayaptimi o‘zi? Rashk qildimmi, yo boshqa sababdan, hamshiraning bemor bola haqidagi iliq gaplari menga yoqmadi. G‘ashim kelib yuzimni derazaga burdim va u haqda boshqa so‘ramadim.

    Qishning qisqa kunlari shu zayl o‘tib borardi. Keyin ham bu palata yonidan ko‘p o‘tdim. Eshik doimo qiya ochiq. Bu yerdan o‘tayotganda uning qo‘rqinchli ko‘rinishini ko‘rmaslik uchun yuzimni teskari burar, chaqirib qolmasin, deya qadamimni tezlatardim. Lekin, baribir, yana bir ko‘rishuvdan qochib qutula olmadim…

    Bir kuni televizor qo‘yilgan xonada to‘qqiz-o‘ntacha bemor suhbatlashib o‘tirgan edik, o‘ng tarafdan qo‘ltiqtayoqlarning do‘qillagan ovozi, keyin hamshira qizning jarangdor kulgusi eshitildi. Hammamiz ovoz kelgan tomonga qaradik. Yo tavba! Qotib qoldim. U shu ahvolida qo‘ltiqtayoqlarda yurib kelayotgan edi. Hamshira esa uning belidan mahkam tutib, yurishiga yordamlashyapti. Ro‘paramda o‘tirgan yapaloq yuzli kishi o‘rnidan sapchib turdi:

    — E, Eldarboy, suda, suda, — xuddi rus tilini bilishini atay namoyish qilganday so‘zlarni cho‘zib-cho‘zib talaffuz qilgancha yordamga oshiqdi. Qolganlar ham o‘rinlaridan turishdi. U esa to‘g‘ri yurib kelib, mening yonimga o‘tirdi. Qo‘l berib salomlashdi. Uning muzdek kaftlarini xohlamaygina siqib qo‘ydim. Davradagilarning hammasi undan hol-ahvol so‘rardi, hazil qilardi. U bo‘lsa ko‘proq menga murojaat qilar, yaqinroq bo‘lishga urinayotgandek edi. Men uning chala o‘zbekcha gaplariga “ha” yoki ”yo‘q” deb, yana imo-ishora bilan qisqa javob berardim. O‘shanda o‘zimni nega bunday tutganimni haliyam tushunolmayman. Ayniqsa, meni uning yonginamga taqab qo‘yilgan, yelkamga tegay-tegay deb turgan qo‘ltiqtayoqlari tashvishga solar, ochig‘i, qo‘rqitardi. O‘rnimdan turdimu, tag‘in oshkora qo‘pollik bilan xonamga yo‘l oldim. Ortimga qaramasam-da, uning og‘ringan nigohlarini sezib turardim…

    Ertalab do‘xtir xonamizga tushkun kayfiyatda kirib keldi. Meni uzoq tekshirgach, qiyofasidan shuni angladimki, ahvolim ko‘p ham yaxshi emas.

    — Senga aytsam, Bahromjon, — dedi do‘xtir vazminlik bilan, — vaziyat doimiy tartibni taqozo qilyapti.

    — Nima? Nima degani u? — so‘radim cho‘chinqirab.

    Do‘xtir uh tortdi.

    — Demoqchimanki, endi bir muddat joyingdan qimirlamay yotasan…

    — Qancha?

    — Bir oymi…, undan ko‘proqmi…

    Aftidan, bu gapni aytish do‘xtirga ham og‘ir edi. Ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Bir oy xonadan chiqmay, qimirlamay yotish, baayni daxshatning o‘zi edi. Ammo boshga tushganni ko‘z ko‘rar ekan. Shu kundan boshlab menga “postelni’y rejim” buyurilib, xonadoshlarim esa o‘rnimdan turmasligimga javobgar etib tayinlandi. Holimdan xabar olgani kelgan uyimdagilar bu gapni eshitib, hangu-mang bo‘lib qolishdi. Do‘xtir xonasiga olib kirib, nimalarnidir uzoq tushuntirgach, ular ham taqdirga tan berishdi. Onam yonimda qolmoqchi edi, do‘xtir yana yo‘l qo‘ymadi. Umid uzolmay-uzolmay, ortiga qaytib ketdi, sho‘rlik onam…

    Hayotimning eng mushkul damlari edi bu! Deyarli kun bo‘yi yolg‘iz shiftga termulib yotaman. Zerikaman. Yo‘lakdagilarning ovozi eshitilib turishi uchun eshikni qiya ochtirib qo‘yaman va har safar shu qiya ochiq eshikka ko‘zim tushganda, uni eslayman. U bilan endi suhbatlashgim keladi. Endi uning yuzlari menga avvalgidek sovuq va zahil tuyulmas, qandaydir mehrli, nimagadir qalbimga yaqindek edi. Bir paytlar meni seskantirgan qo‘llarini endi hovuchlarimga olgim, hatto ko‘zlarimga surtgim kelardi. Ne uchundir ayni kunlarda menga qanchalik qiyin bo‘layotganini faqat u, dunyoda faqat u tushunishi mumkindek tuyulaverardi…

    Yonimga keluvchilardan u haqda so‘rab tursam-da, afsuski tuzukroq bir gap ololmasdim. Bir kuni oldimga o‘sha hamshira kirib keldi. Hamshiradan uni so‘rashim og‘ir, chunki zalda unga qilgan muomalamning guvohi bo‘lgan. Ehtimol, xonadagisiniyam eshitgandir.

    — Eldar aka sog‘ayib qoldimi? — so‘radim nihoyat, biroz xijolat tortib.

    — Nimasini aytasan, ancha sog‘ayib qolgan. Ishonsang, hatto hech kimning yordamisiz o‘rnidan turyapti, — hamshira doimgiday u xaqda to‘lib-toshib gapirdi. Bu gal g‘ashim kelmadi, aksincha, uning so‘zlarini ajib entikish bilan tingladim. Bir necha kundan keyin axvolini yana so‘ragan edim, reanimatsiya bo‘limiga olinganini eshitdim. Yuragimga g‘ulg‘ula tushdi.

    — Nima gap, tinchlikmi o‘zi?

    — Tinchlik, shunchaki kichkinagina operatsiya o‘tkazilar ekan…

    Bu gapni eshitib ko‘nglim joyiga tushdi.

    Sen yurmaganing bilan vaqt to‘xtab qolmas ekan. Oradan bir yarim oy o‘tdi. Ayanchlisi, bu vaqt ichida ahvolim tobora og‘irlashgan edi. Uyimdagilar kelganida o‘zimni imkon qadar yaxshi tutar, uch-to‘rt kundan beri salomatligim o‘nglana boshlaganiga ularni ishontirishga harakat qilardim. Bir kuni do‘xtir qon bosimimni o‘lchab ko‘rayotib, ikki kundan keyin yurishimga ruxsat berishini aytdi. Terimga sig‘may ketdim. Bu xushxabardan uyimdagilarni ham ogoh etdik. Ular yetib kelishdi. Ahvolim unchalik yaxshi bo‘lmasa-da, yurishimga ruxsat tegishi xabarini sog‘ayayotganim alomati deb qabul qilishdi. Otam yaqindagi dorixonadan qo‘ltiqtayoq keltirdi. Tasavvur qiling-a, avvallari qo‘l tekkizishga orlanganim bu matoh endi menga qanchalik quvonch hadya etayotganini. Xullas, ota-onam va do‘xtirlar xonamga jam bo‘lishdi, men ikki oydan beri birinchi marta oyoqqa qalqdim. Tayoqlarni ko‘rganimda, uni qo‘ltig‘imga ilib, sakrab-sakrab yurib ketaman, deb o‘ylovdim. Ammo chuchvarani xom sanagan ekanman. Otamning yordami bilan arang o‘rnimdan turdim-u, hali qadam bosmasimdan ko‘zlarim tinib ketdi. Otam ushlab qolmaganida yiqilishim aniq edi.

    — Hammasi joyida, qo‘rqadigan hech narsa yo‘q, — dedi do‘xtir ko‘zlarini yerga tikib. — Harholda, anchadan beri o‘rnidan turmagan. Bir necha kun xonada mashq qilib tursin, kuchlansa, yaxshi bo‘p ketadi…

    Shu kundan do‘xtir tuzib bergan tartib asosida xona bo‘ylab yura boshladim. Nuqul stolni aylanib yuraman. Stoldan sal uzoqlashdimmi, boshim aylana boshlaydi. Asta-asta stoldan uzoqlashishga ham ko‘nikdim, lekin nimagadir do‘xtir bezovta, juda bezovta ko‘rinardi…

    Yurishimga ruxsat berilganining o‘ninchi kunimidi, onam bozorga tushishi zarur bo‘lib qoldi. Menga o‘rnimdan turmaslikni qayta-qayta tayinlab, chiqib ketdi. Gazetani ermak qilib o‘qib o‘tirgan edim, yo‘lakdan shovqin, aniqrog‘i, kimlarningdir kulgani eshitildi. Odatda, bu yerda bemorlar oylab yotgani bois kimnidir kuzatib qo‘yishayotganda yuzaga kelardi bunday kayfiyat.

    — Nima gap, kimdir uyiga ketyaptimi? — so‘radim eshigim yonidan o‘tib qolgan bir bemordan.

    — Ha-a, haligi rus yigiti bor-ku…Eldarmi…reanimatsiya bo‘limidagi? O‘sha bolaga uyiga ruxsat berishibdi. Bo‘limdagilar bilan xayrlashgani kelgan ekan.

    — A?

    Deraza tarafga qarab toqatsizlana boshladim. Onamdan hamon darak yo‘q. Menga esa uni so‘nggi marta ko‘rib qolish ilinji tinchlik bermasdi. Onam kelavermagach, o‘zim o‘rnimdan turishga qaror qildim. Shukrki, qo‘ltiqtayoqlar qo‘lim yetadigan joyda ekan. Qaltirab-qaltirab, qaddimni rostladim. Bir muddat tik turib, oyog‘imni mashq qildirgach, eshik tomon yo‘naldim. Tayoqlarim bilan qiya ochiq turgan eshikni ochdimu, yo‘lakka chiqdim. Devor yoqalab yurib boryapman. Mana, ayollar bo‘limidan chiqishimgayam ozgina qoldi. Undan o‘tsam, o‘rtada ikkinchi qavatga eltuvchi yo‘lak, undan bir amallab chiqib olsam, erkaklar bo‘limiga yetaman. Shu xayollar bilan yo‘lakchaga chiquvdim hamki, keksaroq bir ayol va bir erkak hamrohligida ichkaridan chiqib kelayotgan yigitga ko‘zim tushdi. Kim bu? Qayerda ko‘rganman? Naqadar tanish chehra. Avvaliga taniy olmadim, shunda nogoh uning ko‘zlariga qaradim. Axir…axir, bu o‘sha nigohlar edi! O‘sha mag‘rur, o‘sha hayotga tashna ko‘zlar edi!..

    U — Eldar aka sekin, ammo bir maromda yurib kelardi. Yonidagilar, hoynahoy, ota-onasi bo‘lsa kerak.

    — Eldar aka, meni taniyapsizmi? Men Bahromman. Eldar aka… — bu so‘zlarni aytdimmi, yo bo‘g‘ilib ichimda qolib ketdimi, bilolmadim. Yuragimning “gup-gup” ovozi quloqlarimda aks-sado berar, bo‘g‘zimga tiqilgan achchiq bir narsa vujud-vujudimni kuydirib yuborayotganga o‘xshardi. Mana, bor-yo‘g‘i to‘rt qadam qoldi. Atigi to‘rt qadam. Hozir u “Baxram, bratishka!” deydi-yu, meni quchoqlab oladi. “Bu nima ahvol, ne ko‘ylarga tushding?” deydi. “Qo‘ltig‘ingga nimani taqab olding, tashla ularni!” deydi. “Menga o‘xshab o‘z oyog‘ingda yursang-chi!” deydi. “Yur-yur”, deydi…

    Hozir, oz qoldi. Uch qadam…ikki qadam… yo‘q, unday bo‘lmadi! U chapga — chiqish eshigiga qarab burildi. Men yetib kelgan joyimda serraygancha majolsiz turib qoldim. Quloqlarimda hamon “gup-gup”, “gup-gup”! Ko‘zlarimdan oqayotgan yoshni birov ko‘rishini xohlamasdim…

    Boshimni eggancha, bir-bir bosib ortimga qaytdim…

    Bayram Ali Qo‘ldoshev

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting