Detektiv qirolichasi Agata Kristining g‘aroyib hayoti

0
417
ko'rishlar soni

Agata Meri Klarissa Miller 1890 yilda Angliyada tavallud topgan. Bolaligida juda uyatchan qizaloq bo‘lgan. Katta akasi va opasi birga o‘ynashar, Agata esa o‘z tasavvuridagi qahramonlar bilan yolg‘iz qolishni yoqtirardi. Maktabda ham a’loga o‘qimasdi, juda tortinchoq edi. XIX-XX asrlarda qizlarni ko‘proq turmushga uzatishga tayyorlashar, musiqa, raqs, qo‘l mehnati kabi hunarlarga o‘qitishardi. Agata Kristi umrining oxirigacha qo‘pol imlo xatolariga yo‘l qo‘ygan: shunga qaramay bu adibaning ijodiy karyerasiga soya solmagan. 

Qiz yaxshi kuylar, ammo uyatchanligi tufayli omma qarshisiga chiqishga cho‘chirdi. Tortinchoq va odamoviligi ham uning kelajagiga raxna sololmadi, taqdir unga kutilmagan tuhfalar tayyorlab qo‘ygandi.

Birinchi jahon urushiga qadar yosh Agata tez tez ingliz aristokratlari doirasidagi kechalarga borib turardi. Parij pansionatida o‘qish davomida qizning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi, tashqi ko‘rinishi ham yoqimli edi. Shunday kechalardan birida qirollik leytenanti Archibald Kristining nigohi Agataga tushgani ham bejiz emas.  

Bu tuyg‘ular o‘tkinchi emasdi. Yoshlar tez orada unashtirildilar, to‘yni ham uzoq cho‘zishmadi, sababi Archi tez orada urushga jo‘nashi lozim edi, Agata esa Londonda qolishga majbur bo‘ldi.

Kelin-kuyov visolga to‘ymay turib, ayrildilar. Agata ham chalg‘ish va ma’suliyatni his etgan holda harbiy gospitalda ishlay boshladi. Ilk marta xayolida tug‘ilgan hikoyalarni shu erda yozib qo‘yadigan bo‘ldi. Kun davomida dori darmon va jarohatlar bilan to‘qnashish tufayli uning qotillik haqdagi asarlari dunyoga kela boshladi. Mashhur Erkyul Puaro nomli qahramon ham shu asno yaratildi. Agata uning tashqi ko‘rinishini ifodalar ekan, uni ko‘chada ko‘rib qolgan real shaxsga qarab yaratdi, u Belgiya qochoqlaridan biri edi.

  Oradan vaqt o‘tib, Archibald urushdan qaytdi va oilasini boqish uchun tadbirkorlik qilishga urinib ko‘rdi. Agata unga qiz farzand tuhfa qildi, unga Rozalinda deb ism qo‘yishdi. Lekin ular yashaydigan xonadon oila uchun torlik qilardi. Tadbirkorlik ishlari ham yurishmadi. Shunday moddiy qiyinchiliklar davrida eri Agataga hazillashib dedi: “Yozganlaringni chiqarib ko‘ramizmi?” Shundan so‘ng Agata yozuvchi bo‘lishga urinib ko‘rdi. Ammo “Staylzdagi sirli hodisa” asarini oltida nashriyot rad qildi. Archi uni yettinchi nashriyotga olib borishga undadi…    

Ha, Archi haq ekan: romanni chop etishdi, hatto 25 ingliz funtida gonorar ham berishdi. “Endi sen boyib ketasan”, dedi Archi ishonch bilan. Agata ham ilk kitobi chiqqanidan so‘ng ijodkorlikni xobbi emas, kasb qilishga ahd qildi.   

Olti yil davomida, ya’ni 1920-26 yillarda Agataning oltita romani chop qilindi. Puaro obrazi esa mashhurlikda Sherlok Xolms darajasiga yetay dedi. Agata va eri ijara muammosidan qutilib, shahardan shaxsiy uy harid qilishdi, hatto mashinali bo‘lishdi.

Hayotining yorug‘ kunlari uzoqqa cho‘zilmadi. Avvaliga Agataning onasi vafot etdi. Bunga ko‘nikishga ulgurmay turib, yana bir baxtsizlik yuz berdi. Archibald Kristi boshqasini sevib qolganini ma’qul qildi: golf o‘yinidagi sherigini…

Janjal chiqdi. Archi eshikni zarb bilan yopib chiqib ketdi va tongda qaytdi. Ammo xonadon bo‘m bo‘sh edi: Agata xat tashlab ketgandi. U mashinada Yorkshirga ketganini yozgan edi. Rafiqasining ortidan borgan Archi faqat buzilgan avtomobil bilan to‘qnashdi. Adiba yo‘qolib qolgandi, oilaviy janjal kriminal jarayonga aylandi. Bu paytda Agata Kristi Angliyada nomdor yozuvchi edi, uni qidirish ishlariga mahalliy politsiya aralashdi, 15 ming kishi esa ko‘ngilli sifatida qidiruv ishlarida qatnashdi. Albatta, birinchi gumon bu bevafo erda edi, biroq Kristining chindan ham bunga aloqasi yo‘q ekan.

Oradan o‘n kun o‘tdi. Agatani sanatoriyadan topishdi. Shu vaqtga qadar ayol bu yerda fizioterapiya muolajalari olar, fortopiano chalar, umuman vaqtini chog‘ o‘tkazardi. Biroq eng g‘alatisi shunda ediki, adiba bu yerga Tereza Nil ismi bilan ro‘yhatdan o‘tgandi. Tereza – erining ma’shuqasi edi.

Ikki yil o‘tib u Archibald bilan ajrashdi. U o‘z qarori borasida umirining oxirigacha hech qanday izoh bermadi. Bir ishonchli jurnalistga Agata hech nimani eslay olmasligini aytgandi, shu tariqa unda amneziya boshlandi.

 Agata Kristining vafotidan so‘ng britaniyalik olimlar uning oxirgi qoralamalarini ko‘zdan kechirib, u Alsgeymer hastaligiga duchor bo‘lganini aniqlandi. Ammo uning nabirasi Metyu Prichardning fikricha, bu shunchaki mish-mishlar. “Men buvimning yo‘qolib qolganini o‘zim bilan ham, onam bilan ham, boshqa odamlar bilan ham muhokama qilmaganman, ba’zan odamlar o‘zlarini o‘ta baxtsiz his qilganlarida g‘alati ishlar qilishadi”, deydi u. “Faqat bir gapni aytishim mumkin: buvim omma e’tiborini tortish uchun harakat qilmasdi: o‘ziga ham, kitoblariga ham. O‘sha paytda u judayam g‘amgin bo‘lgan va uning o‘rnida boshqa odam bo‘lganda ham uzoqlarga ketib qolgan bo‘lardi”.    

Baxtsizlikdan halos bo‘lish uchun Agata ishlash va sayohat qilishga qaror qildi. U Sharq ekspressi poyezdiga chipta sotib oldi va Bog‘dodga yo‘l oldi. Aynan o‘sha yerda, Iroqda, adiba arxitektor Maks Mallouenni uchratdi.

Maks qadimiy shaharni tanishtirish uchun unga gid bo‘lib yollangandi. Butun mavsum davomida u yonida bo‘ldi: mamlakatni tanishtirdi, qadimiy sivilizatsiya tarixi haqda so‘zlab berdi, hatto topilgan bosh suyaklarini ham ko‘rsatdi. “O‘shanda men buning oqibati qanday tugashi haqda ko‘p o‘ylardim. Maks juda ajoyib inson edi. Shunchalik xotirjamki, yupatishga shoshilmasdi. U gapdan ko‘ra amalda o‘rnak edi. Kerakli ishni qilar, bu esa to‘g‘ri tanlov bo‘lardi”, deb yozgandi Agata o‘z biografiyasida.

Xullas, mavsum tugagach, arxeolog uni Angliyaga kuzatib qo‘yadigan bo‘ldi. Keyin esa ayolning qo‘lini so‘radi. Agata ham yigitni sevib qolgandi, biroq turmush qurish taklifini darhol qabul qilmadi. U oila qurishdan cho‘chir, avvalgi xatosini takrorlashni istamasdi. Buning ustiga ularning yoshida katta farq bor edi: Maks 25da, Agata esa 40 yoshga kirgandi!

O‘rtadagi o‘n besh yilga qaramay, tuyg‘ular kuchli keldi, ular munosabatlarini nikoh bilan mustahkamlashga qaror qilishdi. Agata endi bu rishtalarni yashirmay, hazil qila boshladi: ayolning yoshi qanchalik ulug‘ bo‘lsa, arxeologga shunchalik qadrli bo‘ladi.

Ularning turmushi baxtli kechdi. Maks va Agata birgalikda yaqin Sharqni kezib chiqishdi, adiba safar davomida ko‘plab detektivlarini qog‘ozga tushirdi.  

  Ular umr so‘nggigacha baxtiyor yashashdi. Agata Kristi 1976 yil, 85 yoshida vafot etdi. Ikki o‘tib o‘tib Maks ham u dunyoga rihlat qildi. Adibaning vafotidan so‘ng Erkyul Puaro haqdagi so‘nggi romani va avtobiografiyasi nashr qilindi.

“Yaratgan egam, ezgulikka to‘la umr va menga berilgan mehr muhabbat uchun senga tashakkur”, deb tugangandi u so‘nggi qoralamalarini.  

Kristining 60 ta detektiv romani, 6 ta psixologik romani, 19 ta hikoyalar to‘plami nashr qilingan. Barcha kitoblari 4 mlrd.dan ortiq adadda dunyoning yuzlab tillariga tarjima qilinib sotilgan.

  
 Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi.

Avvalgi sahifaAgar uygʻonmasam…
Keyingi sahifaSO‘NGGI UCHRASHUV
Ulashish

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting