Isajon Sulton: “Men oilamsiz bir satr ham yozolmayman”.

1
421
ko'rishlar soni

Suhbatdosh haqida

Isajon Sulton so‘lim Farg‘onaning Rishtonida, Avazboy qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Bir qancha romanlar, qissalar hamda hikoyalar muallifi. “Munojot”, “Oydinbuloq”, “Boqiy darbadar”, “Ozod”, “Bog‘i Eram”, “Genetik” to‘plamlari o‘quvchi va mutaxassislar e’tiborini qozongan. “Boqiy darbadar” romani 2011 yilning, “Genetik” romani esa 2016 yilning eng yaxshi asari deb e’tirof etilgan. “Ozod” romani O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Vatan uchun yashaylik” tanlovi g‘olibi.

Asarlari ingliz, nemis, rus, turk tillariga tarjima qilingan. “Qismat” hikoyasi AQSHning “Lexicon” jurnali xalqaro tanlovida (2011), “Bog‘i Eram” hikoyasi Turkiyaning “Guncel Sanat” jurnali tanlovida (2015), “TODD” hikoyasi Rossiyaning “Ulug‘ g‘alaba qahramonlari” xalqaro tanlovida (2015) faxrli o‘rinlarni egallagan. “Hazrati Xizr izidan” asari Shvetsiyaning Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tgan OEBF tanlovi g‘olibi (2017). 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2014).

-Isajon aka, suhbatimizni an’anaviy savol bilan boshlasak, ijodga kirib kelishingiz, ilk mashqlaringiz haqida ozroq so‘zlab bersangiz.

-Ijodga onam qiziqish uyg‘otgan. Farg‘onaning Rishtonida, Avazboy degan kichkina qishloqda tug‘ilib-o‘sganman. Tig‘iz bog‘lari, kishilarining siymolari haligacha ko‘z o‘ngimda. Onamning mahallasi Quyi Avazboy, u Yuqori Avazboyga kelin bo‘lib tushgan. Butun hayotini bolalariga bag‘ishlab yuborgan bu mushfiq zot haqida qancha gapirsam oz. Kishilar to‘ng‘ich farzandiga juda katta umid bog‘lashadi. Onaizor ham adabiyotga shoyon qiziqqani bois, o‘g‘lining adib bo‘lib yetishishini orzulagan bo‘lsa ne ajab… Xullas, o‘n-o‘n bir yoshda bo‘lsam kerak, ikkovlon “Toshkelinchak” degan hikoya yozganmiz. Hozir o‘ylanib qolaman, u mahallar o‘zimda bir nimaga iste’dod bormi-yo‘qmi farqlayolmas, o‘yin-kulgiga qiziqqan paytlarimiz edi. Onaizor “Shu bolamda bir nima bor-ov” deb o‘ylaganmi, ishqilib, meni badiiy ijodga yo‘naltirgan.

-Boshqalar farzandlar-chi?

-Yo‘q, boshqalar bu yo‘ldan borishmadi. Hayot olatasirlarida o‘z yo‘llarini topib ketishdi. Lekin singillarimda, xolamda adabiyotga ishtiyoq kuchli. Balki qondan o‘tgandir… kim bilsin.

— Nima deb o‘ylaysiz, ijodkor uchun ustoz kerakmi? Har bir sohada murabbiy talab etiladi, ammo ijod qilish uchun shunday tug‘ilish kerak, deyishadi. Ijodkor uchun hayotning o‘zi ustozmi yoki? Sizning ustozingiz bo‘lganmi?

-Ustozsiz sira iloji yo‘q. Bir ijodkorning shakllanishida ota-onasi, yaqinlari, murabbiylari bilan bir qatorda, turli-tuman kishilarning – hamyurtlar, tengdoshlar, do‘stu birodarlar, qisqasi, umr davomida taqdir ro‘para qilgan minglab kishilarning ulushi bo‘ladi. Shu sababli ustozlarimizga, ulug‘larimizga, teng-to‘sh do‘stlaru aka-singillarga, el-yurt aro oddiygina umr kechirayotgan hamda asar yaralishiga o‘zlarining mavjudiyatlari bilan hissa qo‘shgan barcha kishilarga cheksiz hurmat va ehtirom ko‘rsatish kerak.

-Yaqindagina Stokgolmda bo‘lib o‘tgan “Open  Eurasian Book Forumtanlovida g‘oliblardan biri bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz. Aytingchi, jahon standartlarida yozish uchun nimalar talab etiladi? Shunday xalqaro tanlovlarda qatnashishni istagan yosh qalam ahliga qanday tavsiya bergan bo‘lardingiz?

-Siz aytgan tanlov Angliyaning “Hertfortshire Press” nashriyoti hamda “Eurasian Creative Guild”tomonidan 2011-yildan buyon o‘tkazilib kelinadi. Bu yil unda O‘zbekistonimizdan 47 kishi qatnashdi, besh kishi finalgacha yetib bordi. Dunyoning 37 mamlakatidan 1100 dan oshiq yozuvchi ishtirok etgan tanlovda bu juda katta natija.

Shartlariga kelsak, bunday tadbirlarda avvalo originallikka, ya’ni olamning biz ko‘rib turgan qismidagi ilg‘anmagan jihatlariga, shuningdek, tijoriy tomonlariga ham e’tibor qaratiladi. Yanada kattaroq tanlovlarda esa insonni ilgari chorlovchi, ilhomlantiruchi g‘oyalarga diqqat qaratiladi. Aslida jahon andozalariga ko‘ra yozish degan tushuncha yo‘q. O‘z muhitida odam bolasini hayotda tutib turuvchi eng quvvatli tuyg‘u, mulohaza qaysi? Unga nima kuch-qudrat ato etayotir? U g‘oya olamdagi barcha insonlarga o‘rnak bo‘la oladimi? Mana shu singari jihatlar izlanadi. Yosh uka-singillarimizga esa shuni aytardimki, sira tortinmaslik kerak. Bizning o‘zbekona tarbiyamiz yoshlar ongiga “El-ulus oldida, kattalar qarshisida odob saqlab tur” deb uqtiradi. Bu- o‘z muhitimizda, O‘zbekistonimizda to‘g‘ri. Xalqaro tanlovlarda qatnashishga har kimni chorlagan bo‘lardim. Chunki dunyo miqyosidagi yoki xorijiy tanlovlarda O‘zbekiston nomi yangrashining o‘zi katta gap.

-“Hazrati Xizr izidan” asaringiz haqida ikki og‘iz…

Bu ham xalq orasidan olingan asar-da. O‘zbekistonning janubidan shimoliga qarab yursangiz, ming chaqirimdan ziyod yo‘l bosasiz. Har qishloqning tutumi, shevasi o‘zga… Har birida qachonlardir, qaydadir Xizrga duch kelgan kishi haqida rivoyatlar eshitasiz. Gohida ajablanasiz ham: qanaqa ajoyib yurt bu, har qishlog‘iga bir Xizr qadam qo‘ygan bo‘lsa? Qolaversa, u g‘aroyib zotning o‘zi kim? Kishi umri davomida Xizrga uch bora duch keladi, deyishadi. Qay qiyofada, qay mahal namoyon bo‘ladi? Ota-ona, do‘stu yormi siymosidami, farzand yoki shunchaki bir hamyurt ko‘rinishdami? “Oldimdan Xizrday chiqdingiz” deydi mushkuli oson bo‘lgan kishi ko‘makdoshiga. U holda, el-yurtning Xizrlari kimlar? Xullas, butun dunyo izlayotgan nuroniy zot bilan bog‘liq o‘zbekona tasavvurlar haqidagi asar.

-O‘zbekistonda e’lon qilinganmi?

-Nasib qilsa, shu oy “Sharq yulduzi” jurnalimiz to‘liq holda e’lon qiladi. Shuningdek, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi kitob holida nashrga tayyorlamoqda.

-“Genetik” nomli romaningiz hayotiy voqealarga asoslanganini hamma ham bilmaydi. Uning qahramoni – bizning yurtdoshimiz, real shaxs, to‘g‘rimi? Nima uchun genetika faniga qiziqib qoldingiz?

-Ha, uning ramziy qahramoni – Butunjahon Fanlar akademiyasi a’zosi, genetik olim Ibrohim Abdurahmonovdir. Ibrohimjon — o‘simliklar va inson genetikasi sohasida katta kashfiyotlar qilgan olim.

Meni qiziqtirgan mavzu –tog‘ etaklaridagi juda oddiy bir qishloq bolasining olimga aylanish jarayoni. Hamma qishloqlar bir-biriga o‘xshash, “o‘qib olim bo‘larmiding” yoki “sendan kim chiqardi” degan tanbehlarni bolalar ko‘p eshitgan. Lekin “Umid bilan suqilgan tayoq, Bir kun berar mevayu yaproq” deyilganidek, o‘sha oddiy qishloq bolasi bugun olamni lol qoldirgan kashfiyotlar egasiga aylandi.

Genetika fani aytadiki, har sulola kishilarining iste’dodi yo‘qolib ketmasdan, avloddan-avlodga sifatida o‘tib boraveradi. Sulola qanchalar qadimiy bo‘lsa, iste’dod kalitlari shunchalar ko‘p bo‘ladi. Kishilarning har bir hujayrasiga o‘chmas tarzda muhrlangan shonli tarix bu! Mana shunday mulohazalar chet bir qishloqda tug‘ilib, tirik jon egalari hayotini boshqarish usullarini topgan el bolasi haqidagi “Genetik” asarining yaratilishiga turtki bo‘ldi.

-Ijod qoidalaringiz qanaqa? Ayni damda biror ijodiy ish bilan bandmisiz?

-Tevarakda asarlar yilt-yilt etib ko‘rinish beraveradi. Voqealar, hodisalar, aytimlaru tutumlar asar bo‘laman deb turadi. Lekin kishilarga aytadigan gapning masuliyati ham bor.

Nokamtarlik demasak, aytsam bo‘lar: men oilamsiz bir satr ham yozolmayman. Hozir bir asar ustida ishlayapman, yozish ancha qiyin bo‘ldi. Tarixiyroq-da. Atay Farg‘onadan onaizorimni chaqirib oldim. Vaziyat shunday: ertalab sahar uch yoki to‘rtda turib ishimni qilaman, onam ham erta turadi. To tong yorishguncha ijod. Keyin birgalashib nonushtada har xil gaplarni gaplashib o‘tiramiz. Bugun nimalar qilishni maslahatlashamiz, og‘ziga nima yoqishini so‘rayman, orada men bozorga borib aytganlarini olib kelaman, ona-bola kechga birgalashib ovqat pishiramiz, xursandligini ko‘rib o‘zim ham shodlanaman… Bolalar o‘qishdan qaytishadi. Ularga ham yaxshigina o‘rnak: otaning o‘z onasiga munosabatini ko‘ra-ko‘ra ulg‘ayishadi. Har xil gaplarni gaplashaveramiz, suhbat esa tugash bilmaydi. Ijod esa yengillashganday tuyuladi.

Kim bilsin. Balki kimdandir xavotir olib tursangiz, asar yozilmas? Balki asar yozilishi uchun mutlaq xotirjamlik, orom kerakdir? Yoki baxt kerakdir-u, mening nazarimdagi baxt shudir?

-Yosh ijodkorlar orasida shogirdlaringiz bormi? Ularga qanday maslahat berasiz? Ijodiy saboqlaringizdan muxlislarga ham ulashsangiz.

-Yoshlarning o‘ziga xos betakror iste’dodini ko‘rib, shogird deyishga ham iymanasiz kishi. Gohida ularning mashqlarini ko‘rib, o‘zimning o‘shanday paytim yodga keladi. Bugunning navqiron yoshlarida mening o‘sha mahalda yozganlarimdan ko‘ra ancha kuchli asarlar bor.

O‘rni kelganida ijodkor uka-singillarimizga bir mulohazamni aytsam ayb bo‘lmas. Xalqimiz ong-o‘yida yashab kelayotgan timsollaru ifodalarni jahonning ba’zi o‘lkalarining yozuvchilari eshitishsa, xazina topganday sevinib ketishardi. Juda ko‘pchilikning xayoliga kelmagan, dunyo uchun yangilik tuyuladigan obrazlarimiz bor. Misol uchun, hamma biladigan Er Kenja ertagini olaylik. U bo‘lg‘usi yorini izlab dasht kezib borayotganida toshbaqaga, ilonga, chumoliga duch keladi, ularga yordamlashadi. Mushkul vazifani ado etish vaqtida esa ular ham ko‘makka kelishadi. Esladingizmi? Endi buning zamonaviy talqiniga qarang: xalqimiz aytyaptiki, ezgu niyat ila yo‘lga chiqqan kishiga butun tevarak yordamlasha boshlaydi. Chunki juda ulkan hodisa ro‘y bermoqda: elning bir bolasi o‘ziga juft izlamoqda, u juftlikning haqiqati esa zuryoddir. Bu — bor-yo‘g‘i bittagina rivoyatning tagma’nolaridan biri. Ertagu dostonlardan tortib har qishloqning o‘ziga xos hikoyatlari xalq orasida oltinday sochilib yotibdi. Ularni ifodalashning zamonaviy usullarini topish kerak. Elni dunyoga tanitadigan shu sharafli yo‘lda har bir yosh ijodkorga sabot, matonat va zafarlar tilayman.

-Qiziqarli suhbat uchun rahmat.

Nodirabegim Ibrohimova suhbatlashdi. (2018-y)

Avvalgi sahifaYO’LOVCHI
Keyingi sahifaONA
Ulashish

1 ta izoh

  1. Yozuvchi Isajon Sulton bilan suhbatni o‘qib chiqdim. Samimiy va dildan aytgan so‘zlari menga ma’qul bo‘ldi.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting