“Anna Karenina — men o‘zim” — deb aytadi ulug‘ mutafakkir adib Lev Tolstoy. U mazkur asarni yozish orqali hayotdan anglagan axloqiy-falsafiy qarashlarini ifodalaydi, inson ruhiyatining tub-tubiga sho‘ng‘ib yillar davomida o‘zini qiynagan savollariga javob izlaydi va uni birinchi haqiqiy romanim deb ta’riflaydi. Unda oila, muhabbat, axloq, xiyonat, iymon, imperatorlik rus jamiyati, nikoh mavzulari chuqur tahlil etilgan bo‘lib, asar o‘z mohiyatini ochib beruvchi psixologik kalit ibora bilan boshlanadi: “Hamma baxtli oilalar bir xil, har bir baxtsiz oila o‘ziga xos tarzda baxtsizdir”
Syujet: Bosh qahramon Anna akasi Stivni rafiqasi Dolli bilan yarashtirish uchun Moskvaga kelib o‘zi uchun eng katta sinovga duch keladi. Ya’ni, bu manzilda maftunkor graf Aleksey Vronskiy bilan to‘qnash keladi. Karenina yigitni juda yaxshi ko‘radi, lekin faqat do‘stlikni taklif qiladi, chunki uni uyda mehribon er va bola kutardi. Peterburgga qorong‘u kayfiyatda qaytarkan yosh Aleksey ayolning ortidan ergashdi: u bilan uchrashishni orzu qildi, begona nigohlarga, uning eri va bolasi borligiga e’tibor bermadi hatto kelgusida uylanajak qizi — suluv Kiti Shcherbitskayani butunlay unutib qo‘ydi.
Anna — erkni sevuvchi, ma’naviy qobilyatli, aqlli va kuchli ayol. Lekin uning tuyg‘ulari ham go‘zalligi qadar qudratli, bamisoli kuydirib kul aylagudek olov yanglig‘. U o‘zini tutolmadi. Chiqib ketish mushkul bo‘lgan muhabbat domida qolib ketdi. Ehtiros uchun onalik burchini unutadi. Tez orada ikki qalb o‘rtasida paydo bo‘lgan ishqiy munosabatlar tevarak- atrofga hatto ayolning qonuniy eriga ham yetib bordi. Karenina og‘iroyoqligini bilib, Aleksey undan erini tashlab u bilan ketishini so‘radi. Ammo yigitning onasi bunga butunlay qarshi. Ularni ajratib yuborishga qattiq kirishgan. Anna umidsizlikka tushadi, u qarama-qarshi tuyg‘ulardan azoblanadi. Tug‘ish paytida og‘ir kasal bo‘lib, mo‘jizaviy tarzda omon qoladi. Uning ahvolini ko‘rib, qonuniy eri xotiniga rahm-shavqat ko‘rsatadi, o‘z uyida yashashga ruhsat beradi. Karenina esa erining sovuqqonligiga chiday olmay Vronskiy bilan Yevropaga qochib ketadi. Ko‘p o‘tmay ularning har ikkisi ham mukammal sevmasliklarini, o‘rtalarida umumiy hech narsa yo‘qligini tushunishadi. Ayni shu daqiqada Anna qanchalar xato qilganini anglay boshlaydi. Sangpeterburgga qaytib kelganida ayol hamma narsasidan mahrum etilganini, o‘g‘li bilan hech qachon birga bo‘lolmasligini anglaydi. So‘nggi bor najotni Vronskiydan izlaydi biroq uning sovub qolgan ko‘zlari ma’shuqasiga bir yupanch berolmaydi ayol o‘zi uchun bir vaqtlar juda-juda qadrli bo‘lgan hamma narsasidan ayrilganini to‘liq his etadi.
Romanda yana bir asosiy qahramon Konstantin Levin obrazi mavjud. Asardagi boshqa qahramonlardan farqli o‘laroq Levin uchun oila yuksak axloqiy ma’naviy mazmunga ega, mehnat hayotning asosiy sharti. U nikohni g‘oyat muhim masala deb biladi. Baxtli oila ideali, mehnatkash adolatli hayot orzusi bilan barcha qahramonlarga qarshi turadi. Tolstoy Karenina va Levin obrazlarini bir-biriga parelel sifatida tasvirlaydi. Levinning “dunyo”sini Annaning “dunyo”sidan ancha kengroq ifodalagan. Levinning hikoyasi Annanikidan ancha oldinroq boshlanadi va kitob ham Kareninaning o‘limi bilan emas, balki Levinning axloqiy izlanishlari va jamiyat hayotini yangilash uchun intilishlari bilan yakunlanadi.
Tahlil: Anna Karenina falsafiy ijtimoiy-psixologik roman. Unda oilaning uch turi ko‘rsatilgan: Oblonskiylar, Karanenlar, Levinlar. Tolstoy o‘z qahramonlari taqdiri misollaridan foydalanib, oila va nikohdagi baxt va baxtsizlikni ko‘rsatib beradi. Muhabbat kishining o‘ziga o‘zi egalik qilishiga izn bermaydigan kuch ekani oydinlashadi.
Yana bir jihat. Anna va Kiti timsolida yozuvchi o‘z davrining ikki toifa rus ayoli qiyofasini ko‘z o‘ngimizda namoyon etadi: “Anna kibor jamiyatga mansub xonimga yoki sakkiz yoshli o‘g‘ilning onasiga o‘xshamas edi, agar Kitini hayratga solgan va uni o‘ziga maftun qilgan ko‘zlarining jiddiy, ba’zan esa mahzun ifodasi bo‘lmasa. U o‘zining epchilligi, so‘limligi, goh qarashlari, goh tabassum-la yorishib ketadigan yuzidagi latofati bilan ko‘proq yigirma yoshli qizga o‘xshab ketardi. Kiti Annaning nihoyatda sodda ekanligini va hech narsani yashirmasligini, lekin unda Kiti muyassar bo‘la olmaydigan boshqa bir olam – murakkab va shoirona latofat borligini sezar edi” deya Annaning tarafini oladi muallif. Uning qalbida hali ham munosib sohibini kutayotgan, hech-hech izhorlanmagan oxorli hislar intiq yotgadi. Qachonki, Vronskiyga duch kelganidagina, o‘sha pinhona hislar oshkora tug‘yonga aylanadi. Eng e’tiborlisi, u boshqalar kabi niqobli vafodor qiyofasidagi xiyonatkor toifaga o‘xshamasligidir. Agar u erining boyliklariga mahliyo bo‘lib, oilasini tark etmasdan, ayni bir vaqtning o‘zida yana ishqiy sarguzashtlarida yashaganida to‘laqonli yomon obrazga aylanarmidi.
Anna va Kiti bu – ikki ayol asarda ko‘tarilgan maishiy masalalar doirasida qolib ketishmaydi. Aksincha, ijtimoiy axloqqa daxldor muammolarga bog‘lab, o‘sha zamon manzaralari fonida ko‘rsatiladi. Asar hayotiyligini ta’minlovchi yetakchi omil tasvirlar haqqoniyligida. Annani murakkab, ichki ziddiyatlarga to‘la taqdir tomon hech ikkilanmasdan talpintirgan kuch bor yuragida. Tinch, sokin, ammo muhabbatsiz bema’no turmushdan qoniqmaslik kayfiyati ortida ayanchli qismatga isyon yotadi. Ya’ni, ko‘ngil isyoni. Ayollik husnu latofatini kiborlar davrasidagilarga begona soddaligu rostgo‘yligi tilini hech vaqt dilidan ayro qilib qo‘ymaydi, hatto jabr ko‘rsa ham. U atrofidagilardan farqli o‘laroq, sevganiga (eriga emas) sodiqligida (garchi uni atrofidagilar xiyonatda ayblasalar-da) hamisha sobit turishga qurbi yetadi. Qo‘rqoq, lekin ehtiyotkor, yengiltak, riyokor ayollar davrasidan qalbiy halovat izlamaydi. Vronskiyning o‘ynashi bo‘lib qolishni emas, bir umrga jufti haloliga aylanishni afzal ko‘radi. Garchi bu yo‘l xatarli, azob-uqubatli bo‘lsa ham beg‘ubor muhabbati uchun hayot beshafqat qurbonlik talab qilsa ham aslo-aslo shashtidan qaytmaydi.
Anna mard va jasur ayol. Ammo tashqi tomondan u hamma narsada aybdor, eri haq.Chunki, sevgisiz turmushdan, oiladan voz kechadi. Afsuski, ko‘nglidagi muhabbati ham baribir o‘zi kutgan barqaror baxt bekatiga yetkaza olmaydi. U turmushning barcha azoblariga chidashi, yana va yana yashashi mumkin edi. Ammo tuyg‘ulariga munosib javob topolmay qoladi.
Ishq odamga tiriklik bag‘ishlasa, tiriklik mohiyatiga aylanadi. U inson qalbida kurtak undirish, gullatib-yashnatish bilan birga rangini sarg‘aytirib, to‘kiltirib, ildiz-ildiziga qadar qovjiratib yuborishi ham mumkin. Agar ayol kimdir tomonidan kuchli sevilganlik tuyg‘usini his qilib ko‘rsa-yu, keyin yo‘qotib qo‘ysa, boshqa biror maqbul tuyg‘u uning o‘rnini to‘ldirolmaydi.
Oila — muhabbat koshonasi sanalgani, ikki qalbning birlashuvidan bunyod bo‘lgani sabab ham muqaddaslik mehvariga munosibdir. Bunda bir-biriga xiyonatdan og‘ir azob bo‘lishi mumkin emas. Lekin u ishqdan mutlaqo begonayu, ijtimoiy, moddiy manfaatlar ustiga qurilgan kabi omonat, soxta, salobat uchungina qo‘r to‘kib turgan sun’iy manzarali daraxtdan hech bir farqi bo‘lmasa-chi? U holda bag‘ishlanajak umr chinakamiga yutqiziq hisoblanmaydimi. Bizningcha, Lev Nikolayevich har qanday mamlakatda, har qanday millatda, har qanday sharoitda muhabbatsiz oilaning ertasi yo‘q, erkakning ayoliga, ayni paytda ayolning eriga mehru muhabbati jamiyatning kichik bo‘g‘ini– oila uchun birinchi darajali hayot-mamot masalasi ekanidan bong urayotganday tuyuladi. Bu borada mansabu mavqe ham, molu davlat ham oila ahilligini, mustahkamligi va farovonligini kafolatlay olmaydi. Ajralish esa, nainki eru xotinga, balki, shu juftlikning bag‘rini to‘ldiradigan farzandlarni ham xuddi Seryojadek og‘riqli o‘ksitadi. Zero, turmushga lazzat, umrga mazmun kiritadigan bebaho rishta – muhabbat rishtasidir.
Romanda insonning fojiali holatini ham fojiani yengish zaruratini ham keltirilgan. O‘qish davomida asarda jamiyat qonunlarini, jamoatchilik fikrini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasligi isbotlangandek.
Manzura ABDULLAYEVA.