IZOHLI LUG‘AT

0
74

 

(Abduvali Qutbiddinning “Taajjub” she’rida kelgan yangi so‘zlarga izohli hikoya)

ABRSUV

Qahramon: Amal

Yashagan davri: 1933-2016

Fasli: Qish

Mif: O‘lib-tiriluvchi tabiat haqidagi mif, bir hayotdan ikkinchisi o‘tish, yerosti saltanati.

Anologi: Kampir, maston kampirlar. Kampir Qam-shomon dinida bosh ruhoniy edi. Ona boshi davrida. Turkiy tilda kampir so‘zi o‘sha davrlardan yodgor bo‘lib qoldi.

Qo‘shig‘i: marsiya. “Qarg‘alar uchsa qaraylik” va barcha o‘lim marsiyalari.

Davr tavsifi: Turkistonning SSSR hukronligi davri. Bolsheviklar endi- endi o‘z ta’sir doiralarini o‘tkazishni eplayotgan palla. Bu paytga kelib jadidchilik harakati ham xalq, ham sovet hokimiyati tomonidan katta qarshilik, buning ortidan mag‘lubiyatga uchrashni boshladi. Jadidlarning jamiyatni isloh qilishga qarshi harakatlari naf bermadi, yerli musulmon aholining nafratiga sabab bo‘ldi. Turkistonda, ayniqsa uning yuragi bo‘lgan O‘zbekistonda jamiyatni o‘zgartirishga bo‘lgan urinish sovetlar emas, asosan, mahalliy xalq qarshiligi tomonidan bostirildi. Ular jadid ziyoli qatlamidan katta xavf ko‘ra boshlashdi  — o‘tkaziladigan islohotlar yevropacha deb o‘ylashdi va millatning azaliy qadriyatlariga zarba berishdan qattiq qo‘rqishdi. Sovet hokimiyati ham bundan unumli foydalandi, tez orada jadidlar qatag‘oni va sinflashtirish boshlanadi. Ammo sovet hokimiyati millatning asl o‘zagi, o‘zligining yadrosigacha kirib borish, zarba berish, uni o‘zgarishni uddalashdi. Mahalliy aholi endi bunga qarshi chiqolmadi. O‘rta osiyo o‘zlik masalasida tarixiy davrlardagi ming yillik bosqinlar ichida ham bunday o‘zgarish va tarixiy ong, qalbining tubigacha bo‘lgan zarbani boshdan o‘tkazmagan edi. Turkistonning endi o‘zgarishlardan umidi butkul uzildi, passionar qatlam qolmadi va borlari ham jamiyat, ham hukumat tomonidan qatag‘onga uchrab ketdi. Zulmat boshlandi.

Alternativ tarix: Jadidlar Turkiston muxtoriyatini qurishga erishdi, bu muxtoriyat 100 kun emas, 16 yil umr ko‘rdi. 1933-yilgacha. Ammo ular o‘z-o‘zini parchaladi. Chunki Turkistonda faqatgina o‘zbek va tojik elati o‘troq, butunlay boshqa mentalitetli, ko‘chmanchi qozoq, qirg‘iz, turkmanlarda esa alohida fe’l-atvor va yondashuv bor, ular turkiylar, ammo dunyoni bir xil yo bir-biriga yaqin tarzda qabul qilolmas edi. Muxtoriyatni aynan sovetlar emas, o‘z-o‘zidan parchalanishi Turkiston g‘oyasi utopiya ekanini o‘zidan keying davrlarga ham isbotlab berdi.

Davr g‘oyasi: sinflashtirish, kommunizm. Ammo bu hali jamiyatda keng tarqalmagan, jamiyat xonliklar davrida shakllanib bo‘lgan fe’l atvor bilan yashardi hali. Va Turkiston kelajakda kutilayotgan ikkinchi jahon urushi, undan keyingi boshlanadigan ocharchiliklarning katta mashaqqatiga tayyorlanar edi.

 

Hikoya

 

Amal tug‘ilgan yilini eslay oladi, ammo sanasini eslay olmaydi. Lekin ota-onasi bug‘doy pishiqligi davrida degan. Shuni eslab qolgan. U paytlarda metrika olinmagan, deb aytib bergandi keyinchalik nabiralariga. Tug‘ilgan kunni nishonlash ham rasm emasdi, qaydan ham rasm bo‘lsin, odamlarning yeyishga noni yo‘qi edi. Omon-omon zamonlarga yetgach, Amal o‘g‘li, kelini, nabiralarining tug‘ilgan kunini nishonlashini ko‘rib o‘zi o‘ziga tug‘ilgan sana belgiladi. 15-avgust. Bu sanada qizi, ukalari, jiyanlar unga sovg‘a olib keladi. Uning ham kimdir yo‘qlashiga, e’zozlashiga haqqi bor axir. Kampir bo‘lgach birovning e’tiboridan tez qolarkansan, o‘g‘ling yeb o‘rga yetar, qizing yeb qirga. Amal shu bahona bolalari yodiga tushishni istadi.

Amal Faryob tomonlarda tug‘ilgan va bu paytda butun SSSRda chegara yo‘q, hamma bir-birinikiga o‘tib kelib-yuravergan. Amal yigirmaga yetar-etmas uning akasi o‘ladi, keyin opasi, bir muddat o‘tib otasi va oxirida onasi. Onam o‘lganda yigirmaga kirmagan qiz edim, o‘latga o‘xshagan kasallik tarqagandi, onam qo‘limda jon berdi, chaqiriy kelay desam atrofda odam yo‘q edi, keyin onamning engagini o‘zib bog‘lab qo‘ydim, keyin odamlarni chaqirib keldim. Amalning bu hikoyasini eshitgan nabiralarning yuragi “shuv” etaverdi, qanday qilib yoshgina qiz ona jasadini o‘zi kafanlaydi, yuragi qanday ko‘targan?

Ota-ona, aka-opa o‘limidan keyin Amal Faryobdan Qorako‘lga ko‘chib keldi. Bu yerda qarindoshlari bor edi. Orqasidan uchta ukasini ham ergashtirdi. Ukalarning eng kattasi 10 yoshda, eng kichigi – singil, Amalning qo‘lida edi. Qarindoshlar Amalni erga berishdi. Uchta bolani ergashtirib boradigan qizni faqat xotin qo‘yganlar olardi. Uchta bolani ham boqardi unga qo‘shib. Birinchi erining urishib ketgan xotini qaytib kelib qoldi, Amal ukalarini ergashtirib ketdi. Ketayotganda kulib kundoshiga “eringizning fe’li chatoq ekan” dedi. Ikki ayol zaxkash yoqasida o‘tirib rosa chaq-chaqlashishdi. Erkakning bolalari orqasidan “xayr kichik ona, kelib turing yo biz o‘ynagani siznikiga boramiz” deyishdi. Keyin yana erga tegdi. Buyam xotin qo‘ygan bir chol edi, nimadir ma’qul bo‘lmadi, yo Amalning o‘ziga yoqmadi, yana ketdi. U bu hayoti haqida ko‘p ham gapirmasdi. Bolalariga birovga gapirgani qo‘ymasdi. Bolalari nazarida bu uyatli tarix edi, go‘yo onaning bir necha erga tegib chiqqani buzuqlik deb qabul qilinardi zamonaviy jamiyatda, Amalning og‘zini butunlay yopib tashlashdi. U tavba derdi, biz shuning buzuqlik ekanini o‘ylamabmizda, tegib-chiqib yuraveribmiz, kundoshimizni dushman emas, opa debmiz, boshimizga nima tushsa, ko‘rib ketaveribmiz, endi bizning taqdir uyat bo‘lib qoldi. Odamlar shunday o‘zgararkanda deb o‘yladi u.

Uchinchi teggani bir zahil chol edi. Uning xotini ketmagan edi. Biroq xotini choldan bezor edi. Amal ham borib yashab ko‘rdi, ammo hech farzand ko‘ravermadi, ha, esladi, Amal axir befarzand edi, 3 ta eridan ham farzand ko‘rolmabdi, balkim shuning uchun ham ketgandir. Yillar o‘tib mana shu 3 kundoshining uyiga boshqa bir sobiq kundosining o‘g‘lidan sovchi bo‘lib boribdi. “Opa, uyingizga munchog‘im tushib qolgan ekan. Shunga keldim” debdi Amal. Kundosh kampir ham “gapni aylantirma, nimaga kelganingni bilaman, unga beradigan qizim yo‘q, deb unamabdi”, oxirida esa baribir ko‘nibdi. Endi u gaplarni na o‘sha turmush qurgan farzandlar, na boshqa birov eslaydi. Odamlarga bunday yashay olish mutlaqo ibtidoiy tuyiladi, xuddi qadr-qimmatni yerga urish deb biladi ular endi. Amal esa bu haqda o‘ylamabdi, sobiq erlari bilan o‘tganda-qaytganda salom-alik qilibdi, eri ham qizg‘onishni bilmabdi. Odamlarning fe’li shunchalik kengmidi, yoki yangi madaniyatlar odamlarni shunday siquv va bosimga olib tashladimi?! U savollariga o‘limigacha javob topmadi, o‘z davri nostalgiyasi bilan yashadi faqat, ba’zilari aytdi, ba’zilarini go‘riga olib ketdi. Odamlar hozr qadr-qimmat deyishadi. U paytlari tirik qolsa katta gap edi. Qolgan hech narsa uyat emas edi, tirik qolsa, qolgan hamma narsa insoniy edi. U o‘latni ko‘rdi, otayam, onayam, aka-opayam ketdi. Keyin ocharchilik keldi. Bir kun qattiq qishda tashqariga chiqsa, bir kampir bir burda bo‘lib non tilanib kelibdi. Amalning qaynonasi uni haydabdi, o‘zim bir tishlam non topolmayapman, senga qaydan topaman debdi. Vaholanki, Amalning qaynonasini boy kampir deyisharkan. Bu boy kampirning yer ostida yashirib qo‘ygan bir bidon sariyog‘i bor ekan, non bo‘lmasa ham yeyishga narsa bor. Ammo shundan boshqa hech narsa yo‘q. Buyam ketsa, o‘zi va o‘g‘li, mana bu kelin, uchta ukasi nima qiladi degan, bermagan, kampirni urib haydagan. Kampir uzoqqacha yetib borolmagan, Amallarning uyi oldidagi kultepada sovuqdan va ochlikdan tarashaday qotib jon bergan. Amal tongda tashqariga chiqib kultepada yotgan, kampirning tarashaday qotgan jasadini topgan.

U kultepa haqidagi bu hikoyani nabiralariga aytib bergandi, nabiralari tunda kultepa tarafga o‘tmaydigan bo‘lib qolishdi. Kim biladi jin-arvoh izg‘ib yursaya. O‘zi xalqdayam gap bor: tunda kultepalarda Alvasti sochini yoyib o‘tirarmish va yosh bolalarni olib ketarmish. Ehh, Alvasti, ehh Al ona deb o‘yladi Amal. Bizning tariximizga nimalar yopishtirishdi? Bir paytlar sen buyuk kohin eding, rahnoma eding, yetakchi eding, ona boshi eding, aytganing-aytgan, deganing degan edi. Bu uzoq davrlarda edi, ming yillar yoki ikki ming yillar narisi. Sen bolalarga homiy eding, ularni davolarding, onalarga doya eding, sog‘-omon tug‘dirarding, keyin bu bolalar odam bo‘lib, qabilaga qo‘shilishi uchun jonfidolik qilarding, endi esa seni unutishga mahkum qilish kerak, ammo seni unutib bo‘ladimi, sen ming yillar davomida bor eding, yo‘q, og‘izlardan og‘izga o‘taverasan. Xay, unutishmas ekanmi, unda sevishmasin, unda seni yomonlashsin, unda sendan qo‘rqishsin, seni xotiralardan butunlay haydashsin. Sen haqida gapirish qo‘rqinch solsin. Mana, bizning ham yashagan hayotimizni uyatga, yomonga chiqarganlaridek, seni ham har yerdan quvib solishdi. Nachora, taqdir, davr, tarix deganlari shu ekanda Al ona.

Amalning qaynonasi ocharchilik yillarida boyxotin deb bilingani bilan, yakkayu-yagona, tilanib olgan o‘g‘lini urushdan saqlab qololmagandi. O‘g‘li 16 yoshida, voyaga yetmay turib urishga kuzatildi. Rais shunday qildi, o‘zining o‘g‘lini saqlab qolish, o‘rnini odam bilan to‘ldirish uchun, boshqa boylar ham o‘rnini to‘ldirish kerak. Boyxotin deb alqangan onaning esa buncha puli yo‘q edi. O‘g‘il urushga ketdi. Ammo borishi bilanoq buyragidan o‘q yedi. Uning yarasini bog‘lashdi, tuzalishini kutishardi, tuzalishi bilanoq yana xo‘rak bo‘lish uchun old saflarda jangga kuzatilardi. Ammo o‘g‘il o‘zi kabi bir necha yarador bilan bu bema’ni urushdan qochdi. Hozir va o‘sha paytda buni qochdi deyishardi, buyam tarix qo‘ygan baho. Aslida esa jonlarini asrashdi, shunchaki go‘sht bo‘lib ketishlik hali go‘shanga ko‘rmagan bo‘z yigitlar uchun nohalollik edi. Ular Eron orqali Turkistonga qaytib kelishdi. Uzoq umr ko‘rishdi, farzand qoldirishdi, ammo ularning nomini Mustaqillik maydonidagi yangi tarix zarvaraqlari ham bedarak ketganlar ro‘yxatiga kiritdi. U umrbod bedarak ketgan bo‘lib, yo‘q odam bo‘lib yashadi. Urushdan keyin hech qaysi ro‘yxatda tirik odam sifatida nomi yo‘q edi. U shuning uchun ham kela solib, mol-qo‘yning izidan cho‘li biyobonga chiqib ketdi. Onasi – boy xotin uylantirdi, ammo farzandli bo‘lmadi o‘g‘il. Keyin ajrashib, Amalga uylandi. Amal 3 ukasini ham yetaklab keldi. Erga buning qizig‘i yo‘q edi. Urushda yuti olinganmi, hayotga befarq bo‘lib qoldi. Amal ham farzand ko‘rmadi, ammo shu yerda toshday qotishga qattiq tirmashdi. Har holda er yaxshi, yaxshi er esa yarim davlat, ukalarini ham boqyapti, ukalar ancha ulg‘ayib qolgandi bu paytda. Amal farzand tilanib, aziz avliyolar qabriga bordi. Boshini urib yig‘ladi. Uzoq bir cho‘ldagi Amir Temur qurdirgan maqbara bordi. U yerda Chibirdon ota degan avliyo yotibdi. Avliyo maqbarasini oq ilon qo‘riqlarmish. Maqbara Zamonbobo qirlarida edi, atrofda poyonsiz cho‘ldan boshqa hech nima yo‘q, ahyon-ahyon qushlar uchib o‘tardi faqat. Nabobatdan nima bor edi, har holda ilon chayonlar bo‘lgan bo‘lsa kerak bu biyobonda. Amalga o‘sha qadamjo pastida quduqda oy ko‘rish kerakligini, shunday qilsa, farzand bo‘lishi aytishdi. Faqat yolg‘iz o‘zi bo‘lishi kerak. Amal eshakda cho‘lga jo‘nadi. Tunadi. Yarim tunni kutdi. Yarim tunda boshiga to‘n yopib quduq ichidagi suvga qaradi. Keyin farzand ko‘rdi. Birinchisi – qiz. Lekin shu bilan yana pushti quridi. Yana o‘n yil umri farzand tilab, tabibu, mullalar qoshida kechdi, qirqqa yetay degani o‘g‘il ko‘rdi. O‘g‘il 10ga kirar kirmas eri ham o‘lib ketdi. Bu paytga kelib Amal eri bilan birga ikki ukasini uylantirib, singilni egasiga topshirgandi. Lekin ukalarning hammasi to o‘zini tutib olguncha Amalnikida yashashdi. Keyin keyin yertagi olib, uy solib ko‘chib ketishdi. Hatto singil ham to uy solguncha kuyov bilan Amalning qaramog‘ida bo‘ldi.

Ukalarning har biri 10 tadan, 15 tadan farzand ko‘rdi. Bu paytlarda “mat geroina” bo‘lish urfga kirib ketgandi. Urushdan keyingi o‘n, o‘n besh yilda o‘lganlar safini yangi tug‘ilgan bilan ko‘paytirish kerak edida. Davr siyosati shu edi. Amal jiyanlarini ham o‘zi katta qilib berdi. U boshqa ayollarga o‘xshab kolxozga chiqib ketmadi. Erining mol-qo‘yi har yil tug‘ib, ko‘payib o‘zlariga yetarli bo‘lib qolgandi. Eri o‘lganda ham u haqda yodgor bo‘lib bir she’r qoldi xolos:

 

Do‘lona do‘lon etti mani,

Bir pasl hayron etti mani,

Chiqib qarasam qo‘ylar yo‘q,

Xudo nolon etti mani.

 

Bu she’rni nabiralar qo‘shiq qilib kuylab yurishardi o‘rganib olgach: Xudo nolon etti mani, xudo nolon etti mani! Nima faqat qo‘y-qo‘zi uchun nolon etganmidi? Kim biladi, dedi Amal, chol endi bilganlarini o‘zi bilan go‘rga olib ketdi.

Amalning qizi erga tegdi, o‘g‘li uylandi. Sekin-asta uning bilganlari, yashaganlari ertak bo‘la boshladi. Kelini uni, u kelini yoqtirmadi. Kelini o‘zini qandaydir aristokrat deb bilar, mutlaqo madaniyatli, Amalning aytadigan maqolu, matallari ham sharmsiz emish. Nabiralariga bu naqllarni aytmaslikni tayinladi, keyin ko‘pning ichida ham og‘ziga urib, izza qila boshladi: he, beparosat kampir. Amal ham jim turmadi, o‘g‘liga aytib urdirib turardi. Ammo nabiralari katta bo‘lvergach, onasining qilig‘i ularga o‘tdi. Kampirdan jirkanib qolishdi. Amal ko‘p kulardi, qarsak urib kulardi, bu kelinga yoqmas ekan, odam sipo bo‘lishi lozim, Amal mana shuning uchun ham to‘rt bor erga tegib likillagan deyishdi, qariganda ham esi kirmaganmish. Vaholanki u davrlarda hamma xotinlarning bo‘lgani shu edi. Sochini ikkita o‘rib, do‘ppilar kiyib, nos, sigaretlar chekib yurishgan. O‘lgunicha u ham sigaretini kanda qilmadi. Bu kelinga yana malol keldi: pensiyaning hammasi shu zormandaga ketyapti. O‘g‘il ham xotinni qo‘lladi bu borada, kamroq cheking, o‘lib ketasiz, o‘pkangiz chirib deb bahona qilishardi. Orada Amalning qizi ajrashdi. Amal qiziga ham ajrashma demadi. Yasholmadingmi ajrash dedi. Qizi qo‘lida bolasi bilan keldi. Qizining qizini o‘n to‘rt yoshigacha yana o‘zi katta qildi, keyin kelin janjal qilib quvib yubordi. Qizi ajrashgach, onasi faloncha erga tekkan, qizi nima bo‘lardi deyishdi odamlar. O‘sha paytda qiz ham, o‘g‘il ham onani yomon ko‘rdi, onadan uyalib ketdi. Kim biladi, ko‘p narsaga ko‘rgan Amal bularni jiddiy olmagan chiqar. Har holda hech kimga indamagan. Ehh, odamning davri o‘tsa yomon bo‘larkan, o‘tirsa o‘poqqa, tursa so‘poqqa aylanarkan. U bilgan, yashagan narsalar esa xato deyilarkan. Azaliy qonun shumi, yo bugunning kechadan oladigan o‘chimi, ishqilib, Amal tushinolmadi. Boshini sarak-sarak qilib “Bulturgi chumchuq eski chumchuqlarga aql o‘rgatar ekan” dedi.

Hay, endi nima qilardi, yashayveradi. Yaxshiyam orada seriallar chiqdi. Avval Gaviyota, keyin Esmeralda, keyin son-sanoqsiz seriallar. Tongdan tungacha serial ko‘rdi. Qolgan mayda narsalarga parvo qilmadi. Ammo hech o‘limini kutmasdi, hatto uni suymas nabirasining hali xayoldayam yo‘q bolasini kutardi. To‘y qaydayu, evara qayda. Ammo shu bilan o‘zini hali hayotga bog‘lamoqchiydi. Odam bu yolg‘onchining shamoliga to‘ymas ekanda derdi o‘zi. U seriallardagi sevishganlar o‘pishganini ko‘rib qolsa, o‘zi bilmay turib, axx deb qarsak urib yuborardi. Shu payt kelin va nabiralar, o‘g‘il ham o‘qrayib qarardi unga. Tavba bu odamlarda hislar o‘lib ketganmi, yo bizning davrimiz boshqacha bo‘lganmikan? Bular jim, hatto bir-biri bilan gaplashmaydi, bir-birini o‘lguday yomon ko‘rsa ham kerak, deb o‘ylardi u.

Amal o‘limidan ikki soat oldin ham serail ko‘rayotgan bo‘lgan. Janoza yig‘ilgan xotinlar shu haqda gapirdi. Qanday qilib bunchalik hayotsevar bo‘lgan odam, ular buni umuman tushinolishmasdi. Keyin singlisi – o‘sha o‘zi boqib katta qilgan, bugun esa katta momo bo‘lgan singlisi marsiya aytdi. Marsiyada “yomg‘ir bo‘lib yog‘arsiz, o‘tlar bo‘lib unarsiz” degan joyi bor edi. Amal ketdi, boshqa bir dunyoga. Marsiyada aytilganidek, yomg‘ir bo‘lib yog‘gandir allaqachonlar.

Amal hech qachon yuzini yopib yurganini aytmagan nabiralariga. Demak, u paytlarda ayollar yuzi ochiq bo‘lgan. O‘zi umuman yuzi yopiqlik haqida eslamagan u. Onasining ham yuzi yopiqligini aytmagan hech qachon. Demak, hamma narsa aslida biz bilganday bo‘lmagan bo‘lishi mumkin.

 

Tillaniso

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting