Yoziq

1
124

Firdavs Shokirxo‘ja

Shoir qismati turkumidan

Bitim
(Nasr)

May ichimga quyilgan on quyun yanglig‘ tomirlarimda ilhom jo‘shadi, nafasimga so‘z ifori ufuradi. Jo‘shqinlik, sarmastlik, sarkashlik, she’rga tashnalik… E voh, qarshimda yana o‘sha sharpa ko‘rinadi:

– So‘z kerakmi?

– Ha, ha…

– Shartim bor.

– Qabul qildim… So‘z bo‘lsa bas, qolgani sarob…

U qo‘l beradi.

– Kelishdikmi?

– Kelishdik…

Yozishga oshiqaman. Sharpa quloqlarimga so‘z gavharlarini sochadi, men ularni terib olishga chog‘lanaman. Hayajondan titrayman, shirin azob ichra o‘rtanaman, so‘z ruhiga singib to‘kilib-to‘kilib yig‘layman. Marjon shodasiga tizilgan so‘zlar…

hayrat,

hayrat,

hayrat…

Tashqaridan esa onamning ovozi keladi.

– Chiq, o‘g‘lim. Yumishing ko‘p.

Shu payt olisdan muazzinning-da azon sadosi keladi.

– Allo-ohu Akbar

Al-lo-o-ohu Akbar…

Men so‘zlarni ipga tizishda davom etaman.

 

So‘lim manzil, yashnagan gulzor,

Bunda ko‘nglim yozadir kurtak.

Yangraydi kuy… tarqaladi o‘y:

– Yor deya do‘zaxni kechishim kerak.

 

Bir tarafdan onam, bir tarafda esa muazzin chaqiriqdan to‘xtamaydi.

– Hoy, chiqsang-chi…

– Hayya alas-solah

Hayya alas-solah…

Bundan sharpa ozorlanib qolishidan qo‘rqa boshlayman. Yo‘q, yo‘q… Uni ketkazib bo‘lmaydi. Uni quvib bo‘lmaydi…

 

Yo‘l yuraman, ko‘rinmas manzil,

Yo‘l yuraman, tegramda uzlat.

Tole’ abad bitmasdan oldin,

Men do‘zaxni kechishim kerak.

 

– O‘g‘lim…

– Hayya alal-falah

Hayya alal-falah…

Onam holimga tushundi, boshqa chaqirmadi. Azon-da takbirsiz yetim qoldi. Nihoyat, bitilgan so‘z shodalari yakunlandi.

 

Otash, olov, sharafli do‘zax,

Sovrilmadim, na-da kul bo‘ldim.

Manzilda men adashib tag‘in,

Jannat ichra yo‘lim yo‘qotdim.

 

So‘z ichra mazmun yetakchi deydilar, bema’nilik… Yozilganlariga amal qilish-da, ijodga muofiq yashash-da muhim emas, faqat qanday tizilgani, yangicha so‘z, yangicha ifoda muhim. Ha, bu eng muhimi…

Bitim tuzganim oldimdagi sharpa bu so‘zlar singari go‘zal qiyofa topganini ko‘rdim. Oradan yillar o‘tib ortiq usiz tura olmasligimni, vaqti kelib men u bilan yolg‘iz, oyoqlarim ostida esa bo‘g‘izlangan ikki dunyo yotishini… Bunchalik osonlik ila qotilliklarga qo‘l urishimni va bunga faqat va faqat o‘zim aybdor bo‘lishimni bilmasdim… Bilsamda, bu so‘zlarni dunyolarga alisha olmasdim.

 

 

Natija
(Nazm)
***

Dardchil nigoh boqadir so‘ng bor:

Bitiklarda bitilar noma –

Men so‘zimning ishqi bilan band.

 

Satr olov, vujuding olov,

Og‘riqlardan bo‘g‘zing joningda,

Yetar bir so‘z, birgina imlov…

 

Biroq hasta onam

Ilhom ketmasin deya,

Bir «oh» demay uzildi sho‘rlik…

 

Ko‘zyosh ila ividi nomam,

Kechdir… armon, fig‘on, nadomat:

– She’r yozmasam o‘lmasdi onam.

 

***

– Kuy yangra, dard qiyna,

Ishq deyayin-da

Firoqning ashklarin qog‘ozga to‘kay…»

 

Qanchalar yengillik, yoqimli lazzat…

oshiqman, deya lof urib,

Shig‘irga qonib,

Yor, deya tug‘ilib, she’r uchun o‘lmoq…

 

Oh ko‘nglim, barini ko‘ngilga ko‘msang

Bu tuyg‘ular

Bitarmidi, yo‘q-yo‘q (!) bitmasdi…

She’r yozmasang ishqing o‘lmasdi.

 

***

Yaqinlashar umrim poyoni,

Illo shunday erurki tartib

har olgan nafasning bordir tinmog‘i.

 

Dunyo demadim, dunyolar berib

ortimda qolyapti armonga

to‘yingan hasratli bitik…

 

Mening yozdig‘im yozmishga ketdi

Sen, ey hissiz xalqim,

tuya olarmisan yozganlarimni?!

 

Yakun
(Drama)
Qatnashchilar:

Shoir

Sharpa

Muxlislar

 

She’r nihoyasiga yetadi.
Muxlislar qarsaklar chaladi.

Muxlislarning biri:

– Ofarin!

 

Muxlislarning ikkinchisi:

– Qoyil!

 

Shoir:

– Rahmat!

Rahmat!

 

Muxlislarning birisi savol berish uchun qo‘l ko‘tarib ijozat so‘raydi.
Muxlis:

– Siz so‘z dunyosida baxt topa oldingizmi?

 

Shoir qiyofasi ma’yuslanadi.
Va muxlislarga bergan odatiy javobini beradi.
Shoir:

– Ha. Men undan baxtimni topdim. (u jim qoladi)

 

Yana shu muxlis:

– Ijod barchasidan ustunmi?

 

Shoir:

– Ha, u barchasidan ustun…

Dunyolardan afzal…

Bexato, [11.09.2023 10:11]
Shu vaqt u yuragini ushlaydi.
Minbardan majolsiz yiqiladi.
Odamlar uning atrofini qurshab oladilar.
Ular orasida yana o‘sha sharpa ko‘rinish beradi.

Shoir (unga):

– Nihoyasiga yetdimi?

 

Sharpa:

– Ha, yakuniga yetdi. Sen, so‘z dunyosida manguga qolding.

 

Sharpa ortiga tisariladi.

Shoir:

– Shoshma, voz kechdim, voz kechdiiim baridan… (bo‘g‘iladi)

 

Sharpa undan uzoqlashib boradi.

Shoir (so‘ngi kuchini to‘plab hayqiradi):

– Ay, zolim qaytargin dunyolarimni…

Ay, zolim qaytargin dunyolarimni…

 

2019-2022

1 izoh

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting