Aslzoda

0
196

Ko‘hna janub haqidagi afsona emas bu!

— Assalomu alaykum xonimlar va janoblar, qadrli tom oshib kelgan tomoshabinlar. Sizlarni moziy o‘lkasining janubiy sarhadlarida ko‘rib turganimizdan bag‘oyatda shodmiz. Bugun biz sizlar bilan yana bir bor qadrdon qahramonimiz ila suhbat quramiz. Demak ketmoningizni ketingizga to‘g‘irlab, yaxshilab o‘tirib oling, davraga Amerika Fuqarolar urushi faol ishtirokchisi, qat’iytali va aslzoda xonim Skarlet O`harani chaqirib qolamiz.

Sahna o‘ng tarafidagi zinadan uchta er ko‘rib, ikkita bolali bo‘lgan ayolga hech o‘xshamas, o‘n sakkiz yoshli qizlardek yuzlari qizil, ammo ko‘zlarida qat’iyat balqib turgan Skarlet noziklik bilan chiqib keldi. Ustida pardadan tikilganga o‘xshash, ammo asl qizil baxmaldan tikilgan libosda edi. Sochini esa yon tomonga tushirib olgan, shlyapasida oq tovus pati yaraqlab tovlanib turardi. U sahna o‘rtasida joylashgan klassik usuldagi o‘rindiqdan avangard usulidagi kiyimini to‘g‘rilab joy egalladi, nafas olganida ko‘kraklari shardek bir lahzada shishib, yana ortga qaytdi. Skarlet tabassum qilib boshlovchiga tikildi:

— Yaxshimisiz, janob Bip, — deb jilmaydi.

— A’lo darajadaman, — dedi — deb boshlovchi Skarlet qarshisidagi o‘rindiqdan o‘zgacha bir chaqqonlik bilan joy oldi va sahnaga ko‘zlarini mo‘lt etib turgan tomoshabinlarga: — Demak boshlaymiz, tayyormisiz xonim?

— Albatta janob Bip, doim tayyorman.

— Unda birinchi savol, Fuqarolar urushida shimolning g‘alabasiga munosabatingiz?

Skarlet ikki qo‘lini chap tizzasiga biriktirib savollarga javob berishni boshladi:

— Ma’lumingizkim, Janub o‘zining chegarasiz plantatsiyalari, qudratli qishloq xo‘jaligi va eksplutatsiyasi bilan Amerikaning yuragi hisoblanar edi. Biroq taasuflar bo‘lsinki, Shimol moddiyatan bizdan ortda bo‘lsada, ammo ma’naviyatda bizdan ilg‘or ekan. Ular Janubni yakson qilmoqchi emas, balki ozod etish istagida bo‘lishgan. Faqat biz buni kech anglab yetdik. Shuni ayta olamanki qadrli do‘stim, bu urush bizga asrlar davomida parchalab bo‘lmaydigan qadriyatni anglatdi, bu barchamiz Amerikalik ekanligimiz haqidagi mafkuradir.

— Dohiyona fikrlar, Skarlet O`hara, siz ancha ulg‘ayibsiz, men hamon bazmga tashrif buyurgan bo‘ydog‘-u er yigitlarni atrofingizda girdi kapalak etganingiz yodimda.

— Qo‘ysangizchi, janob Bip, unda yosh bo‘lganmiz, g‘o‘rmiz, — deb jilmayib qo‘ydi.

— Bejizga buni yodga olmadim, — dedi. — Keyingi savol shunga oid, aytingchi, yigitlarga bo‘lgan ishtiyoq sizda qachon shakllandi?

— Menimcha jinsiy balog‘at yoshiga yetishim bilanoq, er kishining har biri meni ardoqlashi va men haqimda o‘ylashlarini xohlardim. Ba’zida dugonalarimga bo‘lgan xasadim ham bunga sabab bo‘lgan deb o‘ylab qolaman, axir oz-muncha dugonam meni deb ersiz qoldimi?! Nima bo‘lganda ham ular meniki bo‘lishi kerak edi. Xoh u dadam, xoh erim, xoh…

— Singlingizni unashtirilgan yigiti bo‘lsin, — deb gap qo‘shdi janob Bip.

— Ha, shunday, buni hozir nima deb izohlashni bilmayman, ammo men yagona bo‘lishni xohlardim.

— Aytingchi xonim, singlingizni erini tortib olganingizdan afsuslanganmisiz?

— Hech qachon, o‘sha davr va vaziyatdan kelib chiqib eng to‘g‘ri qarorni qabul qilganman deb o‘ylayman, singlim bo‘lganida bu ishlarni, ya’ni urush davrida kam pul bilan to‘g‘ri oila iqtisodini yuritishni eplolmas, biz esa o‘lib ketar edik.

— Hi-hi, — deb kuldi janob Bip va Skarletga sho‘x qarab, — aytingchi qaysi bir eringiz sizni to‘liq qoniqtira olgan?

— Shubhasiz Batler, u ayollar ko‘nglini qanday olishni bilar edi.

— Qolgan ikki eringizchi?

Skarlet biroz tin olib:

— Birinchi erim bilan atiga bir kecha bo‘lganman, yosh bo‘lgani uchun ertasi kuniyoq urushga ketgan edi, ammo men shunda ham homilador bo‘lib qoldim, lekin u paytlar lazzatni his qilmagan edim. Ikkinchi erimniki esa rumyana momig‘idek yumshoq edi.

Tomoshabinlar kulib, hushtak chalib yuborishdi. Skarlet ularga boshini egib, jilmayib qo‘ydi.

— Yana bir nozik savol, — dedi Janob Bip, — siz uchun haqiqiy lazzat nimada?

— Shaxsiy fikrimni aytaman, har bir ayol uchun haqiqiy lazzat  tushunishdadir, agar sizni tushunishsa, ayol zotiga bundan ortiq lazzat bo‘lmaydi menimcha. Batler doimo meni tushunar edi, u bilan yashab o‘zga insonni sevganimni ham qabul qila oldi. Men uchun haqiqiy lazzat bu qoniqtiruvchi jinsiy aloqa emas, balki seni tushungan inson bilan umr hayot kechirishdir.

— Lekin janob Batler sizni tashlab ketdi?

— Bu haqida bugun o‘ylashni xohlamayman, balki ertaga o‘ylab ko‘rarman, — deb so‘zlarini dona-dona qilib aytdi Skarlet qizlarniki kabi qo‘ng‘iroqdek ovozi bilan. — U meni sevadi, shuning uchun qaytib kelishiga ishonchim komil, — deb qo‘shib qo‘ydi.

Oraga biroz sukut tushdi.

— Ledi, keling endi ijtimoiy savollarga o‘tsak.

— Mayli, — deb ma’qulladi Skarlet.

— Bugungi kunda paydo bo‘layotgan aristokrat qatlamiga sizning fikringiz, ular bir kun kelib aslzodalikka da’vo qilishlari mumkinmi yoki o‘zlari haqiqiy aslzoda bo‘la olishadimi?

— Yo‘q aslo, aslzodalik qon orqali avloddan-avlodga o‘tadigan meros. Kechagina loy botib ishlagan tagipast o‘z-o‘zidan aslzoda bo‘la olmaydi.

— Lekin bugungi davr mezonlari va qonunlariga to‘xtaladigan bo‘lsak…

— Har qanday mezon, — Skarlet janob Bipni gapini bo‘ldi, — har qanday qonun va har qanday kuchdan qudratliroq narsa bor. Bu nima bilasizmi janob Bip.

— Yo‘q ledi, nima u?

— Bu e’tiqod. Aslzodalar aynan ana shu e’tiqodning sodiq vakillaridir. Aslzodalikni ko‘pchilik boylik bilan o‘lchaydi, — qizishishni boshladi Skarlet, — lekin aslzodalik toza nasl bilan o‘lchanadi, — qo‘llarini harakatga keltirib: — Aytaylik biz oilamiz bilan urush davrlarida qotgan non ham yegan kunlarimiz bo‘ldi, lekin aslzodaligimizdan voz kechganimiz yo‘q. Chunki biz o‘z e’tiqodimiz, nasliy buzilmas qonimizga sodiqmiz. Mana aslzodalik nima. Bu ong va tafakkur yetukligidir. Na aristokratlar, na elita va na ziyolilar aslzodalikka da’vo qila olmaydi. Aslzoda inson ziyoli — jamoat faolli bo‘lishi mumkin. Aslzoda inson boy — aristokrat bo‘lishi mumkin. Aslzoda inson yuqori martabali lavozimda ishlab — mamlakat elitasiga kirishi mumkin. Lekin ularning hech biri aslzoda bo‘lish olmaydi. Ota-bobolarini kim ekanligini, tomirlarida toza qon oqayotganligini va o‘z e’tiqodini anglamagan inson, hech qachon aslzodalikka da’vo qila olmaydi, janob BIP!!!

— Ledi, biroz qizishdingiz, keling aniqlik kiritaylik, toza qon bu qirollik oilasi qonimi? Unda Amerikada birorta ham aslzoda xonadon bo‘lmaydi, aholining yarmidan ortig‘i Yevropadan ko‘chib kelgan, qolganlar esa mahalliy qabila vakillaridir.

— Toza qon, bu harom yo‘l orqali dunyoga kelmagan, o‘z e’tiqodiga sodiq qolganlar qoni, janob Bip.

— Toza qon shunchalik muhimmi?

— Ha, buni keling, o‘z zamoningiz tili bilan tushuntiraman. Sizning olimlaringiz inson ta’nasida allaqanday mayda genlar borligini va ular inson shaxsiyati haqida ma’lumotlarni saqlashlari haqida da’vo qilishmoqda to‘g‘rimi?

— Ha ledi, shunday, siz ilg‘orsiz!

— Aynan ana shu gen aslzodalar qonida mukammal tarkibga ega bo‘ladi. Nima uchun bilasizmi? Chunki qadim zamonda aslzodalar qolganlarda mavjud bo‘lmagan sharoitlarga ega bo‘lishgan, bu esa ularni ham ma’naviy, ham moddiy tomonlama rivojlanishlariga sabab bo‘lgan. Shuning uchun ham biz doim tirik qolganmiz. Tara yerlaridagi qari qo‘shnimiz Fuqarolar urushi davrida bizni, aslzodalarni marjumakka o‘xshatgan edi. Marjumak shamol turganida engashadi, tingach esa yana qayta tik tura oladi. Aslzodalik va gen uyg‘unligi aynan shundadir.

— Qoyil, Skarlet O`hara, bugun fiziklar bilan birga qolganmidingiz deyman?!

— Yo‘q, Uolter Ayjekson kitobi bilan meni yonma-yon qo‘yib qo‘yishgan, shunga qo‘shnim bilan bu haqida suhbatlashgan edim.

— Siz betakrorsiz ledi, aytingchi qo‘shningiz yaqin kelajakda istalgan inson o‘z genini tahrirlab, siz aytgan aslzodalikka erishishi mumkinligini aytdimi?

Skarlet hotirjam, — Janob Bip, yuqorida nima dedim, aslzodalikni sotib olib bo‘lmaydi, unga kurash bilan asrlar davomida erishiladi, — deb jilmaydi va sahnadan g‘oyib bo‘ldi.

Janob Bip esa hotirjam o‘rnidan turdi. Tomoshabinlar shovqin solib Skarletni qaytishini so‘rashdi.

— Aziz do‘stlar, afsuski vaqtimiz chegaralangan. Bugungi ko‘rsatuv, ledi Skarlet O`hara bilan suhbatimiz o‘z nihoyasiga yetdi, shu bilan keyin hafta uchrashguncha xayr. Kelasi sonda knyaz Mishkin bilan suhbat quramiz. Ko‘rishguncha.

 

Nurali Qahramon

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting