Minnatli non

0
233

Aleksandr Ivanovich Kuprin

hikoya

-Sudlanuvchi, sizga qonunga binoan oxirgi so‘z beriladi, – dedi, toliqqan ko‘zlarini arang ochib, loqayd bir ohangda sud raisi, –   qani gapiring, o‘z qilmishingizga oydinlik kiritish yoki o‘zingizni oqlash uchun yana nimalarni qo‘shimcha qilolasiz?

Ayblanuvchi bu murojaatdan so‘ng bexosdan o‘rnidan sapchib turdi va asabiy  bir holatda  ingichka, uzun barmoqlari bilan sudlanuvchilar kursisini to‘sib turgan panjarani mahkam ushlab oldi.  U hadiksirab, ko‘zlarida aks etib turgan qo‘rquvni yashirishga  harakat qilayotgan ko‘rimsizgina, ozg‘in bir kishi edi. Oq oralab qolgan  siyrak soch, soqoli va oppoq kiprigi bo‘zdek oqargan rangini xuddi kamqonlik kasaliga chalingan bemor kabi yanada xastahol qilib qo‘ygandi… U o‘zining uzoq qarindoshi bo‘lgan graf Vensepolskiyning uyida yashab turib,  23 yanvardan 24 yanvarga o‘tar kechasi oldindan o‘ylab qo‘ygan rejasi asosida uning xonadoniga qasddan o‘t qo‘yganlikda ayblanmoqda edi. Tibbiy ekspertiza ayblanuvchining aqliy va ruhiy sifatlarini o‘rganib, normal holda ekanligini ma’lum qilgan.  Xulosaga esa uning asab tizimidagi  ba’zi o‘zgarishlar, ya’ni o‘z ichki hissiyotlarini tuta bilishi  zaifligi, kutilmaganda ko‘z yosh qilishga moyilligi borligi kabi jihatlar qayd etilgan edi.

Ayblunuvchi shu paytgacha davom etayotgan ayblov ishining muhokamasiga aralasholmay, xuddi bu jarayonda ishtirok ham etmayotgandek jim va beparvodek o‘tirgan edi. O‘ta rasman tarzda olib borilayotgan sud yig‘ilishidagi dabdabali vaziyat, sudyalarning o‘ziga xos liboslari, ustiga tilla suv yuritilgan ipdan tayyorlangan popukli, qalin qizil movut tortilgan sud stolining ko‘rinishi, issiq, ikki xil rangda tantanavor bezatilgan keng zal va uning devorlariga osib qo‘yilgan mahobatli portretlar, sud zaliga yig‘ilganlarning maxsus to‘siq orqasini to‘ldirib o‘tirishlari, nazoratchi nozirlar, kiborli sud maslahatchilari, sovuqqon prokurorning salobati, advokatning esa masalaga nisbattan berayotgan bemazmun xulosasi va bularning barcha-barchasi ayblanuvchini yanada esankiratib qo‘ygan edi. Uning nazarida bu holatda u xuddi qandaydir bahaybat, qo‘rqinchli  mashinaning tishlari orasida qolib ketgan-u endi esa uni bir nafas bo‘lsa-da to‘xtatishga na bir inson va na biror iroda kuch qodir emasdek edi, go‘yo.

Uning himoyalovchisi nutq so‘zlayotgan paytda bir necha bor shart o‘rnidan turib: “Janobi advokat, siz umuman boshqa narsani gapirayapsiz. Voqea aslida unday bo‘lgan emas. Keling, siz menga bir nafas imkon bering, qilgan aybim to‘g‘risida o‘zim gapirib beray”, demoqchi bo‘lib chog‘landi, ammo aytolmadi. Unga so‘z berib qolishlarini ham kutdi. Maboda unga so‘z berilganida, shu zahoti uning o‘zi bo‘lgan voqeaning barchasini aniq va tushunarli  qilib so‘zlab bermoqchi edi. Va o‘zining o‘sha paytdagi ruhiy iztiroblari, o‘y, xayollari, boshqa birov tasavvur qilishi qiyin bo‘lgan barcha ichki kechinmalarigacha bayon qilib bermoqchi edi. Lekin harakatga tushib ketgan bu beayov mashinani, uning tinimsiz, befarq aylanayotgan g‘ildiraklarini to‘xtatishga  jur’ati yetmadi.

Kutilmaganda esa, sud raisining unga  qarata aytgan oxirgi so‘zlari uni umidsizlik holatidan uyg‘otib,  g‘ayrioddiy dadillik baxsh etdi. Shu payt uning o‘zini tutishi xuddi o‘limga mahkum etilgan kimsaning o‘z o‘limi oldidan jallod kundasiga bosh qo‘yish yoki o‘lim sirtmog‘ini bo‘yniga solishga qarshilik ko‘rsatib,  jazavaga tushayotgan paytini eslatib yubordi.

U birdan, yalinganga o‘xshash baland ovozda:

-Ha, janobi rais!.. Xudo haqqi, meni eshiting… Hamma narsani o‘zim gapirib, tushuntirib berishimga ruhsat bering!.. — dedi.

Uni eshitgan  sud maslahatchilarining qiyofasi xuddi diqqat-e’tiborini unga qaratgandek o‘zgardi,  sudyalar birin-ketin oldidagi varaqlarga engashdilar, yig‘ilganlar esa uning nima deyishini kutib, diqqat bilan jimib qolishdi. Ayblanuvchi so‘zlay boshladi:

-Men o‘tgan yilning boshida bu shaharga kelganimda kelajagimga qaratilgan birorta ham rejam yo‘q edi. Chunki men bu dunyoga faqat omadsizlik uchun kelgan bo‘lsam kerak,  degan fikrda edim. Aslida ham shunday,  hayotim davomida menga hech qachon, hech narsada omad kulib boqmagan. Hattoki ayni paytda  ham qirq yoshga kirganimga qaramay, xuddi yoshligimdagi kabi  notovon va tajribasizligimcha qolib ketganimga aslo shubham yo‘q.

O‘shanda Graf Vensepolskiyga biror bir joy topishimda yordam berishini so‘rab murojaat qilgandim. U kishining marhuma onamning uzoq qarindoshi ekanligini hisobga olgan holda undan yordam so‘ragandim. Sahiy, ochiq qo‘l, o‘zgalarga muruvvatini ayamaydigan graf esa, negadir o‘sha paytda meni hech qayerga joylashtira olmadi, ammo, biror qulay sharoit tug‘ilib qolgunicha o‘zining uyida turib turishimni taklif qildi. Men uning uyiga ko‘chib keldim. Avval boshlab u menga qandaydir e’tibor ko‘rsatgandek bo‘ldi. Ammo tezda uning ko‘ngliga urdim shekilli, borman-mi yo‘qman-mi parvo ham qilmay qo‘ydi. Hattoki, ba’zi holatlarda mendan umuman hijolat ham bo‘lmasdi. U mening uyida yurganligimga shunchalar tez ko‘nikdi-ki nazarimda meni biror bir mebelgami o‘xshash nimadir deb sanay boshladi. Aynan o‘sha paytdan boshlab mening nochor, achchiq va qayg‘uli, sig‘indilikda toptalgan hayotim boshlangan edi. Mening esa itoatgo‘ylarcha so‘zlashim va iljayib turishdan boshqa ilojim qolmagan edi.

O‘sha paytdagi azobli kechmishimni o‘z tanidan o‘tkazmagan inson  tushuna olmaydi. Behudaga o‘ziga to‘q,  mag‘rur insonlar toifasi nochor, ularning tilida “tekinxo‘r, sig‘indilar”ning haqoratlardan yig‘lashi, tahqirliklardan titrashi kabi o‘sha tobdagi zaif jihatlarini  ko‘rib, bularni istagancha xo‘rlash, toptash  mumkin, ular ko‘nikib ketaverishadi, deb o‘ylaydilar. Ammo, ishoning men hech qachon, hech qachon  tekinxo‘r, sig‘rindi ekanligimga ishora qilib aytilgan so‘zlarga ko‘nikolmadim, aksincha, bunday   so‘zlardan juda yomon ta’sirlanganman, o‘ta og‘ir olganman. O‘sha kezlar bunday munosabatlardan mening  qalbim qanchalar toptalganini bilsangiz edi. Har bir aytilayotgan so‘z, muomala qalbimni battar ezar, yaralar, xuddi qizdirilgan temir kabi jizillatib kuydirardi, ta’riflashga bundan ortiq so‘z topolmayman. Ammo vaqt o‘tgan sayin bunday xo‘rliklardan qutilishimga ko‘zim yetmasdi, chunki kuchim yetmasligini sezardim. Men o‘zimni o‘ta nochor va qo‘rqoq ekanligimni bilib turardim. Grafning uyidagi to‘qchil  hayot va undagi men tushib qolgan  muhit esa meni butkul bo‘shang qilib qo‘ygan,  irodamning qolganini ham xuddi zang kabi kemirib, yeb bitirdi. Ba’zi paytlar uyquga ketishdan oldin, kunduzgi xo‘rlanganligim alam qilib, g‘azabim qaynar, shundan so‘ng o‘z o‘zimga: “Yo‘q, bo‘ldi yetar, ertaga bularning barchasiga chek qo‘yaman! Ketaman, Grafning surbet, qo‘polliklarini o‘zining betiga aytib, ketaman.  Bu kabi pastkashlikda yashagandan ko‘ra yupun kiyimda bo‘lsa ham, sovuqda, ochlikda kun kechirgan  afzal”.

Ammo, men aytgan o‘sha “ertaga” ham bo‘lardi. Mening qarorim o‘z o‘zidan so‘nardi. Labimni majburan qiyshaytirib, iljayib ko‘rinishga harakat qilardim. Har kungidek hijolatdan o‘zimni o‘nglay olmay,  o‘ylaganimdek tushlik paytida stolga qo‘limni shart qo‘yib, bir og‘iz lom-lim deyolmasdim. Yana ahvolimning o‘ta nochor va ayanchli ekanligidan ozor chekardim. Bir kuni garfga uning meni qayergadir joylashtirib qo‘yishni va’da qilganligini eslatmoqchi bo‘lganimda, u o‘zining qoplon qarashi bilan quyida so‘zlarni aytib, qarshilik bildirdi:

-Qayerga shoshilayapsiz azizim?… Mening uyimda yomon kun kechirayapsizmi?… Hozircha tura turingchi, keyin bir o‘ylab ko‘rarmiz… Uning bu javobidan keyin men yana jim bo‘lib qoldim. Men irodamni bukib, shunchalik itoatkorlik qilishga majbur edimki, hatto graf menga biror bir o‘zining eski kiyimini sovg‘a qilganida,  uning kiyimlari menga katta va keng bo‘lsada, hech qanday  e’tiroz bildira olmasdan kiyar edim.  Bir kuni grafning uyiga kelgan mehmonlardan biri  egnimdagi ko‘ylagim “tog‘avachchamniki” ekanligini eslatib qo‘ymoqchi bo‘lib, yana bir – isqirt, yana bir surbet janob esa muttaham, degandek,  baland ovozda mendan:

-Fedorov, yanglishmasak, siz liboslaringizni graf bilan bitta tikuvchiga buyurtma qilsangiz kerak? —  deya  “xo-xo”lab ustimdan kulishdi.

Ularning birortasi ham meni o‘z ismi sharifim bilan chaqirmasdi. Graf esa har doim o‘z tanishlariga meni tanishtirishni yodidan chiqarib qo‘yar edi. Umuman olganda esa, ularning ham aksariyat qismi uning atrofida yig‘ilgan aynan tekinxo‘r, sig‘indilardan   boshqa hech hech kim emas edi. Ammo ular surbetlarcha  grafning atrofida girdikapalak bo‘lishar, unga o‘zlarini teng qilib ko‘rsatishga,  uning yonida o‘zlarini unga yaqin va munosib  sanashga harakat qilishardi.  Men esa ulardan farqli o‘laroq, o‘zimni chetga olardim, juratsiz va itoatgo‘y edim. Ular shundan bo‘lsa kerak, o‘ta beadablik bilan, surbetlarcha meni toqat qilolmasdi. Bunday qarashni esa faqatgina kimningdir himoyasiga muhtoj bo‘lgan nochor odamlar ichidagina kuzatish mumkin bo‘lsa kerak.

Grafning xizmatkori ham menga shu xizmatga mansub kishilarga xos bo‘lgan past,  kalondimog‘lik  bilan surbetlarcha muomala qilardi. Stol atrofida menga ham osh-ovqat va vino keltirishga odatlanishgan bo‘lsa-da, ularning malaylarga xos so‘zlari va qarashlaridan menga nisbattan  tekinxo‘r xizmatchiga qaragan kabi ijirg‘anishlarini sezar edim. Men turar joyim, ko‘rpa-to‘shaklarimni o‘zim yig‘ishtarar va kiyimlarimni ham o‘zim tozalar edim.

Kechalari ba’zan garfning uyida “vint” deb nomlanadigan karta o‘yini tashkil qilinardi.  O‘yinga sherik yetishmay qolgan paytlar graf menga ham karta uzatar edi. Men esa har doim pulsiz, ammo har gal yutish to‘g‘risidagi katta istak bilan o‘yinga kirishar edim. Har doim,  ich-ichimdan yutishim to‘g‘risida Xudoga iltijo qilib,  ishtiyoq bilan o‘yinar edim. Ammo men har doimgidek, hammadan ham ko‘p yutqizib qo‘yardim.

O‘yin tugab, sheriklar o‘zaro bir-birlari bilan hisoblashayotgan paytida uyatdan boshimni ko‘tarolmay, o‘lguday qizarib, titrab, barmog‘imni qayirib o‘tirardim. Bu holat uzoq davom etaversa, chidolmay, o‘zimning hijolatimni bildirish uchun g‘uldirab:

-Iltimos… Graf… Mening hozircha pul masalasida qiynalib turganligimdan xabaringiz bor. Mening yutqazganimni o‘zingiz to‘lab turing… Men sizga ertaga qaytaraman,.. – derdim.

Albatta bu  va’dani yolg‘on emas, chindan berardim. Ammo, bu qarzimni ertaga ham indinga ham qaytarolmasligim hammaga ayon edi. Bir kuni kechasi garf va uning uyiga yig‘ilgan mehmonlari avval restoranga, keyin esa ayollar bilan uchrashuvga borishga qaror qilishdi. Meni ham shunchaki til uchida taklif qilishdi. Men albatta rad javobini bermoqchi bo‘ldim. Chunki, bilardim-ki,  “yo‘q” degan javobim ularning hammasiga juda ma’qul tushardi. Ammo, Xudo haqqi o‘shanda qandaydir bir kuch meni shoshilgancha,  paltomni kiyib olishga va ularga qo‘shilib birga jo‘nashga majbur qilganini  hanuzgacha  tushunolmayman,.

Restoranda ovqat paytida hamma sho‘xlik qilib yayrab, o‘zaro bir-biri  bilan har  xil hazillar qilishdi. Men esa xuddi o‘rgatilgan kuchuk kabi tinmay qiyqirib kular edim-ki, bu menga behisob huzur baxsh etdi.  Ammo xayolimga biror bir qizzik yoki kulgili fikr kelib qolsa, men uni aytib beray, desam, hech kim menga e’tibor ham bermasdi. Men qanchalik og‘iz juftlashga harakat qilmay, shu zahotiyoq so‘zimni bo‘lishar edi. Bir so‘zni o‘ninchi bor aytishga harakat qilib, hamsuhbatlarimning ko‘zlariga birin-ketin qarar ekanman, ularning birortasining ham nigohi nigohimga qadalmadi…

Ayniqsa menga kechasi dahshatliroq edi. Men xuddi koridorga o‘xshash hamma bosib kirib chiqadigan tor xonada uxlar edim.  Mening to‘shagim  prujinalari cho‘kib, o‘rtasi qiyshayib qolgan, tolasi titilib, tashqariga chiqib yotgan eski uzun kursi – kushetka edi. Oldindagi ikki oyog‘ining yo‘qligi uchun o‘rniga chamodonimni qo‘yib qo‘ygan edim. Bu o‘rindiqni qanchalik yomon ko‘rishimni bilsangiz edi!  Bu kabi odamni butunlay dovdiratib, esankiratib qo‘yadigan ko‘rgilikni hech bir insonga ravo ko‘rmayman. Eski narsalarga o‘ta o‘ch bo‘lgan ashaddiy eskipo‘sh ham bunday rasvo, eski narsaning bahridan allaqachon kechgan bo‘lar edi.  Har kuni navbatdagi uzun kechalar, meni kutib turgan  chidab bo‘lmas, azobli,  uyqusiz tun o‘z bag‘riga chorlar edi.  Nihoyat men o‘sha kech ham o‘z joyimga kelib yotdim. Yotoq kursining bukchaygan qiyshiq joyi yelkamga botib, qaddimni tobora buka boshlardi.  Chiqib turgan prujinalar ikki yonimdan tanimga botib, yostig‘im  juda kichkina bo‘lganligi uchun boshimda turmay, surilib ketaverardi. Besh daqiqa vaqt o‘tgach har doimgidek belim va yelkamda bemani og‘riq turdi. Boshim qizib, bechora miyamda turli o‘y-xayollar aylanib, go‘yo  talvasa o‘pqonida charx ura boshladi… Shunda aql bovar qilmas,  hech qachon ro‘yobga chiqmaydigan, yoki ushalmaydigan kelajakdagi rejalarim birma-bir tuzila boshlanadi. Negadir tun chog‘ida bu kabi xayoliy rejalarimga ishonardim,  ammo tong yorishishi bilan ular meni xuddi isitma aralash alaxsirash kabi dahshatga solardi. Kunduzgi har bir bo‘layotgan hodisalarning taa’surotlari,  o‘zimning va boshqalarning aytgan so‘zlari, kechgan har bir dilisiyohlik, kamsitish va haqoratlar yana qayta-qayta xotiramda jonlanardi. Meni qiynoqqa solib,  birin-ketin, xotiramda jonlanayotgan bu kabi dahshatli kechinmalar, iztiroblar ichida borlig‘imni jizillatib kuydirguvchi azoblardan sel bo‘lardim. Bu holatimni faqatgina yolg‘izlikka mahkum va xo‘rlangan insongina tasaavur qilishi mumkin xolos. Men o‘tkazgan bu kabi barcha qabih, paskashliklarni xotiramda  qayta jonlantirgach, qalbimning tub-tubidan shunchalar bir jirkanch balchiqni qo‘porib olar edim, go‘yo. U shunchalar ayanchli narsalarki… hatto uni na sud zalida va na o‘zingni himoya qilish uchun ham gapirib bo‘lmaydi…

Garfning do‘stlari men yotgan qiyshiq kursining yonidan o‘taverishda uning juda ayanchli ahvoliga  ishora qilib, masxaraomuz ko‘ngilimni ko‘tarib qo‘yishni yoqtirishardi. Ular uni azob kursisi, deb atardilar.

O‘sha men jinoyat sodir etgan kunim, grafning tanishlaridan biri janobi Lbov,  barcha ulfatlarni ularga qoldirilgan merosni yuvish uchun restoranga taklif qilgan edi. Men ham restoranga borish uchun kiyimlarimni kiyya boshladim. Zinaga chiqqan paytimizda noxosdan janob Lbovga turtinib ketdim va darhol undan uzur so‘radim. U esa:

-Hech qisi yo‘q, ahamiyat bermang… dedi. Va shu zohati u yana:

-Ha aytgancha, Fedorov, siz borishga chog‘lanib, bekoriga ovvora bo‘layapsiz, shekilli. Tushunishimcha, hozircha sizni hech kim taklif qilganicha yo‘q… – deya, qo‘shib qo‘ydi.

Men kutilmagan bu ayovsiz so‘zlardan keyin, dovdirab, nima qilishimni bilmay,  pillapoyada to‘xtagancha joyimda qotib  qoldim.  Mehmonlar esa shovqin solib, birin-ketin eshikka chiqayotgan edilar. Ulardan kimdir menga qarab:

-Bora qoling, bora qoling, o‘sha o‘zingizning azob o‘rindig‘ingizda, yotib dam tura turing, deya qichqirdi.

Yana biri esa:

-Ha, xuddi shunday, o‘zingizning o‘sha muttaham o‘rindig‘ingizga boraqoling! – deya, qo‘shib qo‘ydi.

Ular jam bo‘lishib, “xo–xo”lashib kulishgancha, restoranga jo‘nab ketdilar. Men qaytib kelib, o‘rnimga cho‘zildim. Ammo negadir ich–ichimdan qayta-qayta:  “Hoziroq ular aytgan gaplaridan afsuslanishadi va meni ham o‘zlari bilan olib ketish uchun ortimdan kimnidir yuborishadi”,  degan xayol o‘taverdi. Lekin ularning birortasi mening oldimga  qaytib kelmadi. Shundan so‘ng noiloj alamimdan ikki, uch soatlarcha ko‘z yosh to‘kib achchiq-achchiq xo‘rlanib yig‘ladim. Ayniqsa menga “muttaham o‘rindiq” deganlari  judayam og‘ir botdi. So‘ngra sekin o‘rnimdan turdim. Yuragim yotadigan joyimga nisbatttan nafrat bilan to‘lgan edi. Shu payt beixtiyor shlyapam tagidan bir necha bo‘lak karton qog‘ozini sug‘irib oldim-u  uni eski gazetaga o‘rab, kerosinga botirdim va o‘sha o‘rindiqning tagiga qo‘yib, unga olov yoqib yubordim. O‘sha paytda mening xushim, ixtiyorim umuman o‘zimda emas edi go‘yo.  Oradan bilmadim,  qanchadir payt o‘tib, o‘zimga kelgan chog‘imda xona butkul lovullab yonmoqda edi. Men qilib qo‘ygan ishimdan qattiq dahshatga tushdim va odamlarni yordamga chaqira boshladim. Voqeaning qogan qismi esa siz janoblarga ma’lum…

 

Ruschadan Dilorom Murotova tarjimasi

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting