Gulnoz TOJIBOYEVA. Ikki ertak

0
282

ChUMOLILARNING YANGI UYI

 

Chumolilar oilasi o‘tloqning bir chekkasidagi to‘nka ildizlari orasiga qurilgan uyasida tinch va inoq yashashardi. Ular o‘tloqda yashovchi kapalaklar, asalarilar, shilliqqurtlar va chigirtkalar bilan do‘st tutinib, hatto bir-birinikiga mehmonga ham borishardi.

Bahor kunlaridan birida qattiq yomg‘ir yog‘di. Kuni bo‘yi yoqqan yomg‘ir suvlari chuqurroq joylarda to‘planib, hovuz hosil qilishar, jarliklar bo‘ylab daryochadek pishqirib oqishardi. Mana shunaqangi suv oqimlaridan biri chumolilarning uyasi joylashgan to‘nkaning yonidan oqib o‘tib qoldi. Suv oqimi o‘zining yo‘lida duch kelgan qarshiliklarni yengib, buzib-sindirib oqizib ketishni, chuqurroq joylarga to‘lib olishni yaxshi ko‘rardi.

Chumolilar uyasi joylashgan to‘nka esa suvning yo‘lini to‘sib turardi. Oqim to‘nkaga bir urildi, ikki urildi. Qarasa, hali chirishga ulgurmagan to‘nkani yengishga kuchi yetmas ekan. Shunda oqim ayyorlik yo‘liga o‘tibdi. To‘nkani har tomonlama o‘rab olibdi-da, uning zaif joyi yo‘qmikan deb tekshira boshlabdi. Shu payt to‘satdan to‘nkadagi sanoqsiz teshiklarni — chumolilar uyasiga olib kiradigan yo‘laklarni payqab qolibdi.

Dushmanining zaif joyini topgan oqim xursand bo‘lib ketibdi-yu, shiddat bilan teshikchalardan ichkariga otilib kira boshlabdi. Shoshib qolgan chumolilar faqat bolalari mizg‘ib yotgan gumbaklarini olib, tashqariga qochib chiqishga ulgurishibdi. Shundayam ko‘pgina chumolilarni suv oqizib ketibdi.

Boshi qotgan chumolilar yangi uy qurishga qaror qilishibdi. Ular yangi uylarini qurishga mos joyni izlagancha yo‘lga tushishibdi. Ular uzoq yurgach, nihoyat yam-yashil maysazorning qoq o‘rtasida gerdayib ochilib turgan Qoqigulning yoniga yetib kelishibdi.

— Mana shu joy uya qurishimiz uchun judayam qulay ekan! — deb xitob qilibdi chumolilarning biri.

— To‘g‘ri aytasan, — debdi ikkinchisi. — Maysazor juda chiroyli ekan. Buning ustiga kunning jaziramasida qoqigul bizni quyosh nurlaridan himoya qiladi.

— Voy-voy-voy-ey, nimalarni orzu qilasizlar-a? — deb o‘shqiribdi Qoqigul. — Sizlarni quyoshdan himoyalayman deb ko‘zim uchib turganmidi! Boringlar, mening maysazorimdan yo‘qolinglar!

Chumolilarning ko‘ngli og‘ribdi-yu, ammo indashmabdi va yana yo‘lga tushishibdi. Ancha yo‘l yurgach, tanasining tepasini yashin urib, cho‘rt ikkiga bo‘lib tashlagan, omon qolgan to‘nkasi yashashga intilib, yangi yosh navdalarni chiqarayotgan tol daraxtiga duch kelishibdi.

— Mana vi tolning ildizlari orasiga uya qursak, zo‘r bo‘ladi! — debdi chumolilardan biri.

Ikkinchi chumoli unga javob qaytarishga ulgurmasdanoq, tol navdalarini pastga egib, chumolilarni hayday boshlabdi:

— Hoy, daydilar, qorangizni o‘chiringlar! Tezda yo‘qolmasangiz, hammangizni yanchib tashlayman!

Chumolilarning ko‘ngli sinib, yana yo‘lga tushishibdi. To‘satdan yo‘llaridakattakon, g‘arq pishgan qip-qizil olma uchrabdi.

— Shu olmaning ichiga uya qursak bormi?— deb orzuga berilibdi bir chumoli.

Kutilmaganda uning boshi tepasidan hayqiriq yangrabdi:

— Hoy,  bu mening uyim! Darrov tuyog‘ingizni shiqillating bu yerdan!

Chumolilar boshini ko‘tarib qarashsa, olmaning tepasidagi teshikdan keapalak qurti bosh chiqarib, o‘qrayib turganmish. Kapalak qurti chumolilardan ancha katta bo‘lgani uchun ham ular indamay yo‘lga ravona bo‘lishibdi.

Kechga tomon chumolilar o‘rmon yoqasidagi yalanglikka yetib borishibdi. Ular shu yerda ozgina hordiq chiqarib olib, endi yo‘lga tushmoqchi bo‘lishayotgan ekan, sal nariroqdagi yerdan kavlangan chuqurga ko‘zlari tushibdi.

— Mana shu chuqur juda bizbop ekan!— debdi bir chumoli chuqurning teshigidan mo‘ralar ekan. — Yerni kavlab ovora bo‘lish ham shart emas…

Uning gapi og‘zida qolibdi. Chuqurdan avval qop-qora tumshuqcha, keyin chaqnabyu turgan ko‘mirdek qora ko‘zlar ko‘rinibdi.

— Nima, nima?! — deb shang‘illabdi chiyildoq ovozda kimdir. — Nima, mening uyimga bostirib kirmoqchimisizlar?  Bunga yo‘l qo‘yadi, deb umid qilyapsizlarmi? Xomtama bo‘lmanglar! Hammangizni bitta qo‘ymay yutib yubormasimdan, qorangizni o‘chiringlar!

Yerdagi chuqur uyaning egasi bo‘lgan ko‘rsichqonni tanigan chumolilar darrov g‘izillab qochib qolishibdi. Ular to tun kirgunicha qochib yuborishibdi. Oxiri o‘rmonning o‘rtasidagi yalanglikda to‘xtashibdi. Judayachm charchaganlaridan o‘t-o‘lanlar orasidagi quruq yerga cho‘zilib, uxlashga hozirlanishibdi.

— Eh, shuncha yurib, uy qurishga mos joy topa olmadik-a! — dedi bir chumoli. — Endi nima qilsak ekan-a?

To‘satdan chumolilarning boshi tepasidan:

— Hoy, chumolilar! — degan ovoz yangrabdi.

Chumolilar alanglab qarashsa, atrofda hech kim yo‘q emish.

— Men bu yerdaman! — debdi yana o‘sha ovoz.

Chumolilar qarashsa, ular dam olayotgan joydan sal narida oq qo‘ziqorin savlat to‘kib turganmish.

— Chumolijonlar, men yolg‘iz yashashdan judayam zerikib ketdim! — debdi qo‘ziqorin. — Balki men sizlarga boshpana bo‘larman-a? Sizlar esa meni yolg‘izlikdan qutqarardingiz!

— Kelishdik! — deyishibdi chumolilar bir ovozdan.

Chumolilar darrov qarindoshlarini chaqirishibdi. Quruvchi-chumolilar ishga kirishishibdi va tez orada oq qo‘ziqorinni judayam chiroyli uyaga aylantirishibdi. Chumolilar o‘zlarining son-sanoqsiz qarindoshlari va g‘umbakdagi bolajonlari bilan birga yangi uyaga ko‘chib kelishibdi.

Shundan keyin ular o‘zlarining do‘stlari bo‘lgan kapalak, chigirtka, asalari va shilliqqurtni mehmonga chaqirishibdi.

 

MEHMONDO‘ST OLMAXON

 

Ayozli tongda uyqudan uyg‘ongan Qarg‘a qora qayin shoxidagi inida shumshayib o‘tirardi. Uning judayam qorni ochgan edi. Biroq tuni bo‘yi yoqqan qalin qor ostidan biron bir meva yoki o‘simlik urug‘larini topish amrimahol. Shuning uchun ham qarg‘aning ochlikdan qag‘illashga ham holi kelmay o‘tirarkan, to‘satdan sal nariroqda o‘sgan eman daraxti shoxlarida qorayib turgan nimalargadir ko‘zi tushdi. Eman yong‘oqlarimi? Yo‘g‘-e, qishki uyquga ketgan emanning shoxlarida yong‘oq tugul, bironta barg ham qolmagan-ku!

Qarg‘a erinibgina qaddini rostladi, qanotlarini shapillatib qoqqancha eman tomonga uchdi.

Qarg‘a eman shoxiga qo‘nganidan keyingina, shoxda qorayib turgan narsa nimaligini tushundi. Bu – quritilgan qo‘ziqorin edi. Qarg‘a qo‘ziqorinni tumshug‘i bilan tortib, bir chekkasini tishladi. Qo‘ziqorin qurib, qovjirab ketgan bo‘lsa-da, baribir och qolgan qarg‘aga judayam mazali bo‘lib tuyuldi. Nima bo‘lgandlayam, ovqat-ku, axir!

— Hoy, qo‘shni!

Qarg‘a  pastdan jaranglagan ovozni eshitib, o‘girilib qaradi. Shu daraxt shoxida shu qari emanning kavagida yashovchi Olmaxon momiq dumlarini silkitib turardi.

— Nima deysan? — so‘radi u mazali tuyulgan nonushtasidan chalg‘ishni xohlamay.

— Yeyaver, qo‘shnijon, osh bo‘lsin! — dedi Olmaxon ochiqko‘ngillik bilan. — Men yoz bo‘yi qo‘ziqorinlarni daraxt shoxlariga ilib quritdim, qishda yeyish uchun turli yong‘oq va donlarni to‘pladim. Zaxiram oilamning qishdan to‘q chiqishi uchun yetib-ortadi. Xohlasang, menikiga kir, yong‘oqlar va turli donlar mehmon qilay. Axir qahraton qishda bizdek o‘rmmon jonivorlarini faqat to‘yimli ozuqa qutqaradi-ku! Biz qo‘shnilar esa og‘ir paytlarda bir-birimizga yordam berishimiz kerak!

Qarg‘a olmaxon rost aytyaptimi yoki yo‘qmi, deb bir zum o‘ylanib qoldi. Ammo ochlik o‘zini ko‘rsatdi — Qarg‘aning to‘yib ovqatlanib olish istagi kuchli chiqdi va u olmaxonning kavagiga mehmonga kirdi.

Mehmondo‘st Olmaxon qo‘shnisi Qarg‘ani quritilgan qo‘ziqorinlar, yong‘oqlar va donlar bilan mehmon qildi. Shu tariqa Qarg‘a qahraton qishdan eson-omon chiqib oldi.

O‘rmonga bahor, uning ortidan yoz kelib, qayinlar ostini potrab chiqqan qo‘ziqorinlar qoplaganida Qarg‘a qo‘shnisining mehmondo‘stligini esladi. Endi u kuni bo‘yi o‘rmonda behuda izg‘ib yurmay, qayerda ko‘proq  qo‘ziqorinlar borligini kuzatadigan va qo‘shnisiga kelib aytadigan bo‘ldi. Kuzda esa Qarg‘a olmaxonlarning ko‘proq yong‘oqlar jamg‘arib olishlariga ko‘maklashadigan bo‘libdi.

 

Gulnoz Tojiboyeva — bolalar yozuvchisi, rassom, tarjimon. Hozirda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 13 ta kitob muallifi va rassomi. YUNYeSKO qoshidagi Butunjahon Yozuvchilar uyushmasining “Vilyam Shekspir” nomidagi Xalqaro mukofoti sovrindori. «Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob» Respublika tanlovi g‘olibasi.
O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi a’zosi, Yozuvchilar uyushmasining Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi raisi o‘rinbosari. «HUMO» Xalqaro ertaklar tanlovi bosh koordinatori.

 

 

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting