U har kuni ertalab yelkamga chiqib olardi va men ishga otlanardim. Undan nafratlanmasdim, yo‘q, u mening do‘stim, hamrohim, tinglovchim edi. Ba’zan yelkalarim og‘rib ketganida, butun vujudim madorsiz qolganida, uni yomon ko‘rib ketardim, biroq uyga kelishim bilan barchasi unutilardi. U yelkamdan tushar va jimgina o‘z yumushlariga kirishib ketadi. Gapirmasdi, shunchaki jilmayardi. Bu bilan minnatdorman degandek bo‘lardi. Men minnatdor bo‘lishim kerak aslida! Butun boshli dunyoda u borligi uchungina yolg‘izlikni kamroq his qilardim. Yozganlarimni faqat u o‘qirdi. Faqat u tushunardi. Faqat ugina so‘zsiz, nigohlari bilan o‘z fikrlarini bildirardi va men hali ko‘zlangan yerdan ancha uzoqligimni anglab yetardim. Gohida asabim buzilib ketardi, unga qarata qo‘limga tushgan har narsani uloqtirardim, mayli, yomon bo‘lsa-da maqtasang bo‘lmaydimi nomard, deya butun ovozim bilan bo‘kirardim, u esa jim, jilmaygancha menga tikilib turardi.
Bir-biriga quyib qo‘ygandek o‘xshash kunlarning birida u ko‘rinmay qoldi. Chaqirdim, qidirdim, topolmadim. Bir xursand bo‘lsam, bir xafa bo‘lardim. Qushday yengil bo‘lib ishga otlandim, qiziq, o‘zimni og‘irligimni ham his qilmadim. Yo‘qdek edim. Tor ko‘chaga kirgach, atrofga qaradim, zot ko‘rinmasdi va men sakrab yubordim. Ishonasizmi, yo‘qmi, naqd besh qavatli binoning tomigacha sakrabman. Xayriyat, buni hech kim sezmadi.
O‘zimni og‘irligimni, sezmasam-da, umuman charchamasam-da, tunlari tomdan-tomga sakrab yursam-da yukimni sog‘inar edim. O‘zimni shunchalar yolg‘iz his qilardimki, ba’zan sakrab sayyoradan chiqib ketgim kelardi. Ishga borardim, uyga qaytardim, tunlari uxlolmay daydib chiqardim, kasbdoshlarim birorta ziyofatga chaqirsalar, uzr, zarur ishim bor deya, yana do‘stim yo‘q deb nolib yurardim. Yoqtirgan ayolim ham orada ajrashib yana erga tegib ketdi. Men esa hanuz so‘qqabosh edim.
Uyga kelgach, axlat qutisidagi g‘ijimlangan qog‘ozlarni olib tekislashga tushdim. Shuncha narsani nuqta qo‘ymay yozgan ekanman, har bir jumla faqat so‘roq belgisi bilan tugardi. Tuni bilan ularni o‘qib chiqdim. Tong yorishganda so‘nggi varaqdagi yozuvlarni o‘qib bo‘ldim va oxiriga nuqta chizib qo‘ydim.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki eshikning oldida u turardi, ha, u, xuddi o‘zi! Ne qilishni bilmay qoldim. Shunchalar xursand bo‘lib ketdimki, o‘sha lahzada o‘zimni eng baxtiyor odamlar ro‘yxatiga qo‘shishim mumkin edi. Bechoraning gapiraverib quloq miyasini yeb tashladim. Savol ortidan savol yog‘dirardim. U esa doimgidek g‘amgin tabassum bilan jim turar edi. Shu paytgacha ahamiyat bermabman, uning yelkasini ham yuk egallagandi. Shodligimdan yiqilib ketay dedim. Do‘stim ikkita bo‘lgandi endi! Hazilakam yutuqmas bu! Tirjaygancha so‘nggi qog‘ozdagi yagona nuqtaga ikkita nuqtani qo‘shib qo‘ydim va biz birgalashib ishga otlandik.
24.03.2023
Zoir Zokirov