hikoya
Zobitlar boshlig‘i simyog‘ochlarga osib tashlangan isyonchilarga bepisandlik va beparvolik bilan qarab qo‘yar ekan, qo‘l ostidagi xizmatchilardan birini yoniga imlab chaqirdi. Xizmatchi qo‘lidagi sigaretni zudlikda oyog‘i bilan ezg‘ilab tashladi-da, boshliqning oldida xoziru nozir bo‘ldi.
— Bu yerda yangi osilganlar ham bormi?
— Ha, deyarli saf har kuni kengayabdi, o‘rtoq boshliq. Mahalliy aholi tong otishi bilan maydonga yaqinlashadida jasadlarni qarg‘alar havfidan himoya qilish uchun shay xolatda to‘planib olishadi. Qushlar o‘likni yeya boshlashi zahoti, ayniqsa xotin-xalajlar chinqirgancha yugurib keladi. Qariyalarning qo‘li huddi bo‘zchining mokisidek qaltiraydi. Xotinlar qushlarni shunchalik qaxr bilan haydab soladiki, asti qo‘yaverasiz. Men shu paytgacha o‘lgan eriga shunchalar kuyib pishgan ayollarni Turkistondagina ko‘rdim.
Zobitlar boshlig‘i qovog‘ini solib, jasadlardan ko‘zini uzmasdan nafrat bilan shunday deydi.
— Qarg‘alar jasadlarni qancha ko‘p yesa shuncha yaxshi. Imkoni bo‘lsa qo‘lga ilashgan qarg‘ani oyog‘idan bog‘lab simyog‘ochga qo‘ndirib qo‘yish kerak. Qarg‘a xoxlaganicha o‘lik yeyaversin. Shunday sharoit qilinglarki, mahalliy aholi qarg‘alar jasadni yeyotgan tasvirni aniq va tiniq tomosha qila olsinlar. Ha, keyin xotinlarning chinqirab yig‘lashi, dod-voy solib chang ko‘tarib yugurishi biz uchun ijobiy holat. Bu hodisaga yanada lirik ruhiyat beradi. Shunday bo‘lsinki, xalq irib chirib yotgan isyonchilarning hajrida o‘tdek kuysin, xotinlar va qariyalar chopib keladigan yo‘lga uzun va o‘tkir tig‘li tikanaklarni yoyib chiqinglar. Bu huddi to‘satdan emas, avvaldan bor bo‘lgandek taasurot uyg‘otsin. Buning uchun esa bundayin hufiyona ishlarni ayyorona tarzda tunda bajarmoq lozim.
Zobitlar boshlig‘i yordamchiga kibrli tikiladi-da nigohlari bilan huddi «Endi uqdingmi, tovuqmiya» degandek bo‘ladi.
Zobit bu holatdan baqa bo‘lib qoladida, askarlarga qarata ayyuhannos solib baqirib-chaqirishga tushib ketadi.
— Nega qoqqan qoziqday qaqqayib turibsanlar? Kazarma ishlari oxiriga yetdimi? Ishyoqmaslar! Tanballar!
Zobitlar boshlig‘i ensasini qotirib xizmatchini yana imlab o‘zini diqqat bilan eshitishni buyuradi.
— Huddi burgutdek ogoh bo‘ling. Shahar aholisi qanday kayfiyatda, miyalarida qanday o‘y fikrlar bor, ular tunda xufiya yig‘ilishlar olib boryabdimi yoki yo‘q hamma hammasini huddi oilangizda qanday ishlar sodir bo‘layotganini bilgandek bilishga harakat qiling. Bular nega kerak degan savol tug‘iladi. Shuning uchunki, tuyqusdan boshlanib qolishi mumkin bo‘lgan qo‘zg‘olonning oldini olish uchun benihoyat zarur. Eng e’tibor beradigan jihatingiz shu bo‘lsinki, yoshi ellikkacha bo‘lgan erkaklarni josuslar orqali sirayam ko‘zdan qochirmang. Isyonni yetmishga kirgan cholu kampirlar yoki ayollar uyushtirmaydi. Manavi, go‘rso‘xta jasadlarni yerga ko‘mish uchun bel bog‘lab kelgan har qanday azamatni so‘zsiz otib tashlash yoki dorga osish shart. Qanday o‘lim topishlarining farqi yo‘q. Muhimi yo‘q qilinsa bas. Faqat shunisiga diqqatliroq bo‘lingki, mahkum shunday azob-uqubat chekib qatl etilsinki bu xalq orasida dahshat uyg‘otsin. Birinchi navbatda mahalliy xalqning ko‘zini qo‘rqitish lozim. Ular bosh ko‘tarishga azmu qaror qilishga shaylangan zahoti simyog‘ochga osilgan, ammo suyagi yo‘q bo‘lib ketguncha ko‘milish baxtidan mosuvo bo‘lgan mana bu gumroxlarni yodga olishsin va eng muhimi bu voqeani yettinchi avlod o‘layotganda ham eslab o‘ladi.
***
Butun yuzini sepkil bosgan, eti ustixoniga yopishib ketgan Murod shaharga kiraverishda simyog‘ochga osib tashlangan jasadlarga uzoqdan tikilib turibdi. Jasadlar qattiq shamol esishi tufayli soat kapgiri kabi tebranmoqda. Nariroqda oltita zobit miltiq tutgancha papiros tutatib turibdi. Ular jasadlarga huddi tutunga qaragandek hissiz nigoh tashlab qo‘yadi-da, papirosni qattiq-qattiq tortadi.
Murod boshini qattiq quchoqlab turgan dag‘al va toshdek qattiq qo‘llardan sirg‘alib chiqadida, qunushib turgan onasiga xomush tikilib deydi.
— Ona, zobitlarni qara. Hech nari ketay demaydi. Nima qil deysan? Agar bilsang otamni va akamni judayam yaqinroqdan ko‘rgim kelyabdi.
Onaning butun diqqati to‘ng‘ich o‘g‘li va erining jasadida edi. Uning yaxlit tanasi yo‘q bo‘lib, darddan qontalash bo‘lib ketgan ko‘zlarga aylanib qolgan. Onaning etini kesib olgandek ozg‘in, boshidagi omonatgina osilib turgan ro‘mol yerga tushib ketgach u tuyqusdan o‘ziga keldi va ro‘molni yerdan oldi-da, tag‘in shosha-pisha bo‘yni aralash tang‘ib bog‘lab qo‘ydi.
Sukunat qalblarni parchalamoqda edi. Shamol guvillab turishiga qaramasdan og‘izdan chiqqan sas quloqqa chalinadi.
— Murod — dedi ona.
Murod onasiga savol nazari bilan tikildi.
— Qara… Yana qarg‘alar yaqinlashayabdi. Ular otang va akangni yeyish uchun kelyabdi. Yugur! Yugur bolam!
Murod onasining bag‘ridan yulqinib chiqadida bor kuchi bilan yugura boshlaydi. Jasadlar ancha uzoqdaligi uchun qarg‘alar bir zumda simyog‘ochga qo‘nadida, o‘likning go‘shtini cho‘qishni boshlab yuboradi.
Murod shamol yo‘nalishiga qarshi chopib borar ekan, ko‘zlaridan shashqator yosh chiqib ketgani tufayli tasvirlarni aniq kuzatishning ilojini qila olmas, g‘ira shira ko‘rinib turgan qarg‘alar galasini ko‘zlab borar, oyoqlari uvishib qolgani esa-da, tezroq yugurishga tish tirnog‘i bilan harakat qilar edi.
— La’nati qarg‘alar! Otamdan tumshug‘ingni ol, senlarga aytayabman ol tumshug‘ingni.
U go‘yoki orqasidan it quvib kelayotgandek holatga kirmoqchi bo‘ladi. Ana shunda, yanada tezroq yugurish mumkin deb o‘ylaydi. Murod nafasi bo‘g‘ziga tiqilib qolgan bo‘lsa-da, bunga parvo qilmay susaymaslikka harakat qilar edi. U beixtiyor orqasiga o‘girib qaradi. Undan besh olti qadam orqada onasini ko‘rdi. Ona nihoyatda horib qolganiga qaramasdan ko‘zini simyog‘ochdan uzmagan holda halloslab chopib kelmoqda edi.
Zobitlar ularni ko‘rib osmonga miltiqdan o‘q otdi. So‘ngra, xoxolab kuldi.
Murod jasadlar yoniga yetib kelganda qarg‘alardan biri otasining bitta ko‘zini zo‘r ishtiyoq bilan cho‘qib yemoqda edi. Murod qo‘lini yuqoriga ko‘taradi-da, jasad atrofida zirillab yugura boshladi.
— Yo‘qolinglar! Ketinglar! Ishshshsh, kishshshshsh!
Qarg‘alar norozi bo‘lgancha yuqoriga ko‘tarildida sal nariga borib yerga qo‘ngancha jasadlarga qayrilib qarashdi. Ular o‘zlarini yeguliksiz qoldirgan bolakayga nafrat to‘la nigohlari bilan tikilishdi va ayyorona zobitlarga boqib qo‘yishdi.
Zobitlar ko‘zlarini qarg‘alarga tikishdida hamdardlik bilan huddi «Bu jasadlar faqat sizlarniki, chunki o‘liklar yerga ko‘milish baxtidan mosuvo bo‘lganlar» degandek hamdardlik bilan qarab qo‘yishdi.
Ona chopib kelgancha o‘g‘lining osilib turgan bog‘liq oyoqlarini qattiq quchoqlab oldi-da shivirladi.
«Meni kechir bolam! Seni ko‘ma olmaganim uchun kechir! Dadasi, siz ham meni kechiring! Juda bo‘kirib yig‘lagim kelyabdi. Lekin, bosqinchilar oldida piqillab yig‘lasam ham o‘zimni o‘lgunimcha kechirolmayman. Jon qurbon bo‘lsa bo‘lsin, nomusimiz qurbon bo‘lmasin! »
Zobitlardan biri onaning yelkasiga miltiqning qo‘ndog‘i bilan soldi. Ammo, u qattiq zarbdan silkinib ketsa-da, o‘g‘lining oyoqlarini qo‘yib yubormadi.
Zobit ko‘zlarini ola-kula qilgancha, yana bir necha marotaba bor kuchi bilan urdi.
Ona boshini o‘g‘lining sonlariga qattiq bosdida og‘riq zo‘ridan ingrab yubormaslik uchun tishini tishiga judayam qattiq bosib turdi. U irib sasiy boshlagan o‘g‘lining tanasiga yopishib turar ekan badxo‘r emas, olamdagi g‘oyatda iforli hidni dimog‘ida tuygandek bo‘ldi. Balki, bu oxirgisidir deb o‘yladi va o‘g‘lining kiyimlari-yu, badanidan qattiq-qattiq iskadi. Qorayib ketgan tirnoqlarini ohista silab o‘pdi.
Bu paytda Murod onasining etagidan tutdida yerga tizzallab o‘tirishga undadi. Ona jasadni qo‘yib yuborishni hayoliga ham keltirmas, Uning yelkasida chuqur yara paydo bo‘lib, qon sizib chiqa boshladi.
— Ona, yerga cho‘kkala. Iltimos qilaman sendan. Ular baribir endi tirilmaydi.
Ona shartta orqasiga o‘girildida qarshisida turgan chandiq yuzli zobitning basharasiga tuflab yubordi.
Zobit masxaraomuz tirjayib yuzini shineli bilan artgach, hech o‘ylab o‘tirmay ayolning ko‘ksini mo‘ljallab miltiq tepkisini bosdi. Qarg‘alar mash’um ovozdan yuqoriga ko‘tarildi. Bola chinqirib yubordi. Zobitning sherigi ishshayib kuldi.
Ona yiqilmaslik uchun bor kuchini oyog‘iga to‘pladida tag‘in zobitga qarata tufladi.
Yana tepki bosildi. Qarg‘alar o‘lja yana bittaga ko‘payganidan xursand bo‘lishib qag‘illadi. Bola onani quchoqladi. Ona yerga yuztuban yiqilib tushgach, M.ning ko‘z yoshlarini artar ekan mehr balqib turgan nigohlari bilan so‘ngi bora tikilib dedi.
— Hech qachon yig‘lay ko‘rma. Ayniqsa, bosqinchilar qarshisida! Bechoraxol ko‘rinish bersang ular bayram qilishadi.
***
Kamol tepalikda oyoqlarini qovushtirgancha simyog‘ochda osig‘liq turgan akasidan ko‘z uzmay tikilib o‘tirar edi.
«Aka! Seni judayam sog‘indim! Onam ham sog‘indi! Sevgiling Marziya ham..! Marziya har safar meni ko‘rganda qattiq quchoqlab ovoz chiqarmasdan silkinib-silkinib yig‘laydi. Oxirgi paytlar uni ko‘rsam o‘zimni olib qochadigan bo‘lganman. Sevgilingning shaxlo ko‘zlarida shu vaqtgacha yashab o‘tgan barcha ayollarning dardli nigohlaridan o‘n chandon ko‘p mislsiz dard qalqib yotibdi. Senga aytsam, onam tug‘ilganidan beri yig‘lamagan bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Osilganingda ham ko‘zlarida bir tomchi yosh ko‘rmadim. Endi bilyabmanki, uning butun ichki vujudi, bo‘g‘zigacha ko‘z yoshidan iborat ekan. Aka sen bilan chamasi bir soatlarda choy ichishib suhbatlashib o‘tirsak kerak. Onaginam! Sen jon, davlat, hattoki oiladan ham ustun turadigan yagona narsa bu or va nomus deganding. Men akamning osilgan murdasiga qarab o‘y surib o‘tira olmayman. Men uning bo‘ynini ilon kabi chirmab yotgan la’nati arqonlarni zo‘r zavq bilan uzib tashlashni chunonam istaymanki, buning uchun hamma narsani o‘z ichiga olgan hayotimdan voz kechishga azmu-qaror etdim. Nigora! Kecha sen bilan uchrashganimizda, oy yorug‘ida shunchalar go‘zal eding-ki, jannat farishtalari ham qarshingda ip esholmay qolishlari aniq. To‘g‘ri, sendan nuqul tutunning hidi keladi. Lekin, bilasanmi kiyimingdan kelayotgan dud hidini tuyish uchun men hammasiga roziman. Bunday o‘ylab qarasam, sen bilan sevishgan kundan to shu kungacha biron marta yuzingni ko‘tarib ko‘zimga tikilmagan ekansan. Hozir, faqat shu uchun attang qilyabman. Nega desang, ko‘zlaring rangi va nigohingni ongimda his qila olmayabman. Xayr onaginam! Xayr vatanim! Xayr Nigor! »
U qo‘lidagi pichoqning yaltirashiga qarab qo‘ydi. Ko‘zlarini chirt yumib biroz o‘tirgach shaxd bilan sakrab o‘rnidan turdi-da bor kuchi bilan simyog‘ochda osilib turgan akasining jasadiga qarab chopa boshladi.
Zobitlar sigaret chekkancha, tusini o‘zgartirmasdan unga tikilib turaverdi.
«Ulgurishim kerak. Aka, biroz kut. Seni sirtmoqdan ozod qilaman.»
U yanada ildamroq yugura boshladi.
«Oz qoldi!»
Kamol oyoqlari tikanaklar sanchilishidan ilma teshik bo‘lib qaqshatqich og‘riq bera boshlaganiga qaramasdan yanada chopishga zo‘r berdi.
«Aka judayam oz qoldi. Chamasi yigirma metr!»
Tepki bosildi. Qarg‘alar to‘pi qop qora bo‘lib osmonga ko‘tarildi. Arqon uzilib jasad yerga quladi.
Kamol akasini qattiq quchoqlab jilmaygancha ko‘zlarini ohista yumdi.
Erkin Shaydullayev