hikoya
Issiq yoz. Avtobus bekatida kutib turib yo‘lning narigi betidagi bog‘ga ko‘zingiz tushadi. O‘riklar mevasini jaziramadan himoya qilisga uringanday iiloji boricha ko‘proq qalin va yirik barglar bilan o‘rangan. Serqatnov ko‘chaning odamlari yoningizdan ko‘z-qoshlarini chimirib, qo‘llarini peshonasiga soya qilib o‘tib qaytishadi. Har kimning tashvishi bor. Ammo shu issiqda ko‘chada bekordan-bekorga nimadinidir kutayotganday yoki xayol surayotganday o‘tirish biron dalli devonaning ishi bo‘lsa kerak. Yozning jazirama havosida ko‘chada maqsadsiz yurgan odam faqatgina bir narsani xohlaydi. U ham bo‘lsa tomoqni ho‘llash uchun muzday narsa. Tomoqni ho‘llashga anhorning suvi iliqlik qiladi, aks holda cho‘ntak ham ho‘l bo‘lishi kerak. Bunday ob-havoda shundoqqina bekat yonidagi pivobardan bir qultum ichish uchun odam so‘nggi tiyinini ham sarflashdan bo‘yin tovlamaydi.
Avtobus “Aristokrat” kafesining oldiga kelar ekan birov to‘xtating, demasa-da to‘xtadi. Eshik ochilishi bilan o‘rtaroqdagi o‘rindiqda o‘tirgan, yoshi ellikdan oshmasa-da soch soqollari oqargan, yuzlariga ajinlar naqsh solgan, peshonalari chimirilganiga qaramay labida ko‘zi tushgan odamga qaratilgan iliq, hijolatomuz bir g‘alati nim tabassum ulashgan kishi o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Avtobuschi bu odamni taniydi, shekilli, oynadan qarab turib baland ovozda:
-Taqsir ishxonga keldik, — deya kulib qo‘ydi. Taqsir esa negadir chipta pulini bermasdan tushsa-da, birov g‘ing demadi. Egniga bo‘y-bastiga yarashgan qop-qora kastyum-shim kiygan, qo‘liga ixchamgina chemadan ushlagan kishi “Aristokrat” kafesi oldidagi “Matbuotchilar uyi”ga tomon uch-to‘rt qadam bosdi, ammo negadir fikridan qaytdi, shekilli, kafe tomon orqasiga qaytdi va ichkari kirdi. Shundaygina eshik oldidagi stol ustiga omonatgina cho‘kdi va piva tashib yurgan yigitga kulib qo‘lini ko‘tardi:
-Sashka, qalaysan?
-Yaxshi, yuribmizda, ustoz, hozir, hozir, — dedi va ichkariga kirib ketti. Birozdan so‘ng bir bakal piva bilan ustozning oldiga keldi.
-Salomatmisiz, ustoz, bormisiz, ko‘rinmay qoldingiz ikki-uch kundan buyon?
-Haa, balam, bizam davlatga kerak ekanmiz, shekilli, chaqirishgani chaqirishgan.
-Ishqilib, yana biron hodisa ro‘y bermadimi, ustoz, ishlaringiz joyidami?
-Joyida bo‘lmay go‘rga kirarmidi, — dedi haligi odam va pivadan bir-ikki ho‘plab “ah-ah” deya labini yalab qo‘ydi.
-Dunyoda nima gaplar, qayerga boringiz, sarguzashtlaringizdan so‘zlang-chi, ustoz.
-Dunyongning kosasi o‘zi keng ko‘rinsa-da men va sening bir og‘iz gapingni ko‘tarmay to‘kilib ketadi. Hamma joyda yolg‘on, e’tiqodsizlik. Mana biz ham kechagina mahkamadan o‘zimiz ham bir yolg‘on bilan qutulib qoldik. Boshini omon ko‘rishni istagan odam shu yo‘ldan yuryapti hozir.
-Nima yolg‘on, ustoz?
-Nashr qilinayotgan kitoblarimizni o‘zgartirishyapti, bilganlaricha buzib yozib bosishyapti. Rost gapdan sakrab o‘tishyapti. Bir-ikki shunday “rost”larimiz uchun chaqirishgan ekan so‘roq qilishdi. Shu paytgacha haqparastlardan iborat guruhimizda yetmish kishi bor edi. Kecha qarasam o‘zim bir katta guruh bo‘libman-qolipman-da, uka.
-Qanday qutilib chiqdingiz, nimani so‘roq qildi, nima kerak ekan shoirlardan bu haromtomoqlarga?
-Hay-hay-hay, qizishma, balam, qizishma. Shu-shu gaplar-da. “Sizlarning guruhingiz bor ekan, shu gap rostmi?” deb so‘radi. “Ha, bor”, dedim dangaliga.
“Ha, bor” ni eshitgach yigitning ko‘zlari katta-katta bo‘ldi.
-E , ustoz, bunaqada o‘zingizni bir baloga girftor qilasiz bu turushingizda.
-Shoshma, shoshma bu yog‘ini eshit. “Bilsak bo‘ladimi, kimlar bor u guruhda?” deydi odob bilan. Men sheriklarimni sanab berdim.
Sherik sanashni eshitgan yigit bir yutinib, ko‘zlarini qisib oldi, ichidan “nahotki” degan ovoz kelayotganini payqash uchun shoir bo‘lish shart emas edi.
-“Mixail Sergeevich, Miraziz A’zam, Shavkat Rahmon”. Suhbatdoshim o‘zini yo‘qotib: “Bularni bilamiz. Kechirasiz-u, Mixail Sergeevich kim?” deb qoldi. U bechora shu yerdagi o‘rislardan deb o‘yladi, shekilli. “Gorbachyov-da, dedim men. Biz u bilan hamfikrmiz. Nohaqlikka qarshi kurashamiz”. Nima deyishini bilmay qoldi sho‘rlik, boshqa gapirmay chiqarib yubordi, deya qah-qah otib kuldi. Pivachi yigit ham boyagi qisib turgan ko‘zlarini yumib olib, boshini orqasiga tashlab-tashlab kuldi.
– Heeey boplaysiz-da, ustoz, boplaysiz-da!
Tushlik payti 13:00 bo‘lgani uchun chor- atrofdagi korxonalardan odamlar birin-ketin tashqari chiqa boshlashdi. Matbuot uyidan chiqqan uch-to‘rt kishi ham shu kafega qadam ranjida qildi va “Omonmisiz, shoir”, “Salomatmisiz, Rauf aka” lashib haligi kishining stoliga o‘tirishdi.
Ulfatlar bir davraga yig‘ilishgandan so‘ng dasturxon ham taom va gazaklar, piva-yu, yaxtakkina aroqlar bilan to‘lib qoldi. Bir saxiyrog‘i “Rauf aka, bugun hisob mendan”, deb jilmaydi. Shoir esa “Xop-xop, himmatlisiz”, deya bosh chayqab, chayqab bir istakonni ko‘tardi va izidan kesilgan yaxna tovuq go‘shtini hidlab so‘ngra og‘ziga soldi. Bir payt bittasi “Shoirdan she’r eshitaylik, shunday davrani yanada qizdiraylik” , deb qoldi.
Shoir qo‘lidagi ikkinchi istakonni stolga qo‘ymasdan kamsuqumgina o‘rnidan turdi.
–Bosh egdi qoyalar, tog‘lar cho‘kdilar,
Axir qismat parchin, xilqat beshumor.
Romillar, daholar borin to‘kdilar —
Nahot, mangulik yo‘q, fano manzil bor.
Og‘ir-og‘ir odimlaydir bu karvon,
Buyuklar omonat, pastlar omonat.
Shoir she’rni avj pardalarda, yuragi siqilgan, bu dunyoning bahridan kechgan kishi kabi ko‘zlarini chirt yumib olib o‘qirdi. Uning ovozi go‘yo sehrgarday butun kafedagilarni o‘ziga qaram qilib olgandi, hamma ovqatini qo‘yib u tomondan ko‘z uzmasdi. Shoirning esa xayolida butun dunyo lash-lushini yig‘ishtirib borsa-kelmas tomonlarga gum bo‘lganday edi go‘yo, bu olamda faqat u va hozir o‘qiyotgan she’ri mavjud edi, xolos.
Afsuslar omondir, xiyonat omon,
Raddi balo bo‘lgur kaslar omonat.
Nechun boshim uzra qora shamollar,
Osmonda ignadek nur yo‘qdir, nechun?
Balki sudrar meni mudhish xayollar.
Ochg‘il ko‘zlaringni, ey so‘ngsiz ochun,
Naqadar g‘aribsan, bormi bir so‘zing?
Uchib kel, malagim, madad ber o‘zing.
Shoir she’rni tugatarkan joyida jim holda biroz tik turdi. O‘tirganlarning esa negadir boshlari egik edi. Shoir qo‘lidagi istakonni bir ko‘tarishda og‘ziga quydi. Shunda butun kafe she’r tugaganini endi payqaganday jonlanib gulduros qarsak chaldi. Shoir omonatgina stulga cho‘kdi. O‘tirganlar yana jonlanib o‘qilgan she’r haqida “qoyil-qoyil”lab suhbatga sho‘ng‘ib ketishdi. Shunda bir boma’niroq odam shoirga gap qotti:
–Rauf, shunday iste’dodingiz bor, butun O‘zbekiston taniydi, mana sizni. Sizning darajangizda bo‘lolmay kuyib-yonayotganlar qancha. Ammo ular sizchalik bo‘lmasa-da sizday g‘arib yashashmaydi. Rashidov o‘zi ham adabiyot odami, ijodkorning qadriga yetadigan rahbar. Qaaanchaa shoirlarga uy sovg‘a qildi. Qachongacha siz shunday yurasiz? Yaqinda bir yig‘inda bir gap chiqqanini eshitgandim. Aytishlaricha, Sharof Rashidov ijodkorlar davrasida o‘z og‘zi bilan “Shu Rauf Parfi deganiniyam bir ko‘ray-chi”, deb sizni izlab qolganmish. Bir kitobingizning ustiga “Ustoz Sharof Rashidovga, kamoli ehtirom va ta’zim ila Rauf Parfi” deb yozing-da qabulxonaga eltib bering. Keyin sizni surishtiradi, ahvolingizni bilsa, albatta, yoniga chaqirib uchrashuv belgilaydi, suhbatingizni oladi. Xohlasangiz o‘zim u kishi hozir qayerdaliklarini bilib beraman, uchrashuv belgilattiraman, borasizmi?
Bu gapni eshitgan Rauf Parfining bug‘doyrang yuzi yana-da qoraydi, shu onda ajinlari ham ko‘payganday edi go‘yo. O‘rnidan shart turdi va stol ustidagi tagida bir piyolagina qolgan aroq shishasini qo‘liga oldi. Boshini yerdan sekin ko‘tardi va o‘tkir, ammo nechukdir mungli ko‘zlarini haligi gap qotgan odamga tikdi:
-Eh, shoir, bu ishingiz juda bop ish, borar edim-ku, lekin shu kunlarda bor-yo‘g‘im bo‘lgan bitta-yu bitta galstugimni topolmayapman-da. Unday buyuk inson huzuriga galstuksiz borish odamga noqulay bo‘ladi, – dedi-yu eshik tomon yura boshladi. Kafedagilar hayrat ko‘zlari bilan hozirgina aytilgan bahonaning mag‘zini chaqishga urinib jim qolgandilar.
Yozning eng issiq payti tushdan keyingi ikki-uchlarda bo‘ladi. Bu vaqtda odatda ko‘chada kam odam qoladi. Bu oftob odamdan bir o‘tsa yomon, holdan toydirib, yiqitishgacha boradi. U yon-bu yonga qarab olgan shoir yo‘lning narigi betidagi o‘tib ketayotgan avtobusga qo‘l silkidi va qo‘lidan kelgancha yurishni istamayotgan mast oyoqlarini shoshirtirdi. Issiqdanmi yoki sal tez harakat qilganidanmi avtobusga chiqib olgach yuzlaridan ter quyulib kela boshladi. Yaxshilab termulgan odamga bu ter aralash shoirning ko‘zlaridan yosh quyilayotgani ham bilinardi. Xayolga tolib tikka mudrayotgan shoirni shafyor ovozi uyg‘otib yubordi: “Rauf aka, uyingizning ro‘parasiga keldik”. Shoir “Rahmat, rahmat, inim”, dedi-yu yo‘l chetida tushib qoldi. Shoir biroz avtobus ketidan termulgach, ijara uyining podyezdi tomon ohista qadam tashladi.
Ruxsora Nur
2023, mart
«Mushtum» (1990 yil) jurnalidagi O‘ktam A’zam suhbati asosida yozildi