Ko‘ldagi aks

0
161

hikoya 

O‘rtamizdagi barcha munosabatlar alal-oqibat o‘z yakuniga yetdi. Ko‘nglimdan qanday hislar o‘tgani o‘zimgagina ayon. Har qanday iliq tuyg‘uni sovuta oladigan tashvish borligi, turgan gap. Ammo, sevgi hech qachon osonlikcha taslim bo‘lmagan. Chunki doimo qalbingdagi tuyg‘ular, ongingdagi tasavvurlardan-da layoqatliroq ekanini kech bo‘lsa-da anglab yetasan. Darhaqiqat, kutilmagan tasodiflar haqida aytging keladi. Biroq bularning barchasi taqdir-azal ekanini bilgach, dunyoqarashing biroz o‘zgaradi. O‘zligini anglagan inson kabi dunyodan o‘pkalamay qo‘yasan. Boshingga tushgan har qanaqa yomon vaziyatda o‘zingdan boshqa hamma narsani va barcha kimsani aybdor sanashing, endi o‘zingga erish tuyiladi. «Hammasiga o‘zim aybdorman», degan kuning, ko‘z olding birdan yorishganini his etib, barcha jumboqlarga yechim topganday yengil tortasan.

Ko‘l sathida jilolanayotgan suvning uchqunlari, qorachiqlaring ichida tovlanayotgan bir chimdim yoqudga o‘z ilinjini aytgandek zorlanadi. Boshing uzra porlayotgan oymoma esa, shirin xayolingdan bezovta bo‘lgan oningdayoq, uzoq vaqtdan beri seni ta’qib etib kelayotgan, tim qora aksga e’tiboringni tortishga urinadi. Ammo sen, bir lahzaga bo‘lsa-da, butun dunyo larzaga kelsa-da, hech narsaga chalg‘imay qirg‘oqda toshdek qotasan.

Avval quloqlaringga beg‘ubor kulgu sadolari elas-elas eshitiladi. So‘ng, ko‘z o‘ngingda, zim-ziyo uzoqlikda — qandaydir g‘ira-shira nimarsalar shakilga aylanadi. Ushbu shakil uzoq vaqt senga kimnidir eslatganday tuyilaveradi-yu ana shu mavhumlikning tagiga yetmay, o‘sha kimingni izlab umr varoqlaysan.

O‘n oltinchi fevral. Yashab turgan qishlog‘ingda qishdan asar ham qolmagan, kunlarning biri. Qay ko‘chada gul solib qo‘ygan gunohkor bodom daraxti. Sen bo‘lsa ko‘l yoqasiga, erta gullaydigan bodom ko‘chasidan chiqib kelarding. Tez orada yomg‘ir yog‘adi. Buni bilgan baliqchi chol, qirg‘oqda suvga qarmoq tashlagancha ustiga yomg‘irpo‘shni iladi. U o‘z o‘rnida! Sen odatingdek sukut saqlab, non ushoqlarini suvga socha boshlading. Buni payqagan chol, ensasi qotganday nimalarnidir g‘uddillardi. Menchi men? Men… Xuddi simyog‘ochdek joyimdan jila olmasdim. Go‘yo non bo‘laklari suvga tushib nigohimni to‘lqinlantirib yuborar, ayni dam milt-milt etayotgan shaffof suv izmida sening aksing kabi o‘ziga nazar tashlashingga umid bog‘lab turardim. Ammo birdan ko‘l o‘z qa’riga torta boshladi. Atrofimga sochilgan non qoldiqlariga bitta ham baliq kelmadi. Men esa o‘sha ushoqlarga bo‘lsa-da chirmashishga harakat qildim…

Zulmat o‘z qariga tortib borar ekan, barchasidan umidimni uzdim. O‘tmish, shirin hotiralar. Sen. Negadir hayot uchun kurashishni istamas edim. Kurashish azob. Kurashish uchun kuchim qolmagan. Tobora tubsizlik aro g‘arq bo‘larkanman, atrofimdagi barcha mantiqsiz narsaga o‘zimni urdim. Zim-ziyo chuqurlikda mendan bo‘lak sharpalar bo‘lsa bor, lekin biror tirik jon yo‘qligi aniq edi. O‘zimni chorasizlikdan har yonga ura boshladim. Uzoq yillar Xudodan o‘tingan ilinjim, chin mo‘jizani, qalbimda tugulib qolgan jumboqlarga yechim so‘radim. Shu zahot bo‘ynimga sirtmoq tushganday, qora o‘pqondan nimadir meni katta kuch bilan tortib chiqdi. Jon shirin ekan, talvasaga tushganday tipirchilay boshladim. Butun tanamga hayotning achchiq nafasi yana bir bor yoqimli yelvizak kabi ohista tegindi. Qarshimda turgan kishi, baliqchi chol edi. U meni qo‘llarida tutib turar ekan, ehtiyotkorona sirtmoqni yechib oldi va suv to‘ldirilgan chelakka uloqtirdi.

— Bilasanmi baliqcha? — dedi chol, biroz o‘tgach. Qo‘qqisdan gap boshlagan bo‘ldi-yu, lekin bu yoshda odamlar o‘zi bilan o‘zi gaplashib ham qo‘yaverishi mumkinligini angladim va shunchaki sukut saqlab, tinglashda davom etdim.

— Bugun ham ov baroridan kelmaydiganga o‘xshaydi. Xavoning avzoyi buzuq. Balki yomg‘ir yog‘sa, baliqlar yuzaga ko‘tarilar? Ha, yomg‘ir yog‘sa baliqlar, xo‘rak izlaydi. — Taakidladi bosh irg‘ab o‘ziga-o‘zi. Go‘yoki mendan yaxshi suhbatdosh chiqib qolganday. Yomg‘ir ham elas-elas tomchilashni boshladi. Shunda chol, ko‘rsatgich barmoqlari bilan, doim sen bilan uchrashadigan joyimizni ko‘rsatib gap ochdi. — Ana u yerni ko‘ryapsanmi? Xa-a, o‘sha yer. — chuqur ux-x tortib, g‘amgin davom etdi. — ancha yillar avval edi, chamamda shu fevral oyi — doim baliqlarga o‘sha qirg‘oqda ovqat beradigan qiz, har kungiday ko‘prikka chiqib keldi. Qo‘lida bir hovuch yemak bilan. Uning baliqlarga bo‘lgan mehri bolaligidan boshqacha bo‘lgan. Har gal meni ko‘lning bu yonida ov qilib o‘tirganimni ko‘rsa, imkon qadar jonivorlarning qornini yaxshi to‘qlashga urinar va men tashlagan xo‘rakka yaqin ham yo‘lashini istamas edi…

Azizam, chol sen haqingda gap ochdi negadir. Ozroq xo‘rsinib yana ikkimizning munosabatlarimiz to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.

— Aytsam ishonmassan. Lekin, shu qizchani bir kun ko‘rmasam, ov qilgandek bo‘lmasdim. O‘ylab qolaman. Balki men ham farzandlik bo‘lganimda… Yana kim bilsin? — Cholning bo‘g‘ziga noxos nimadir tiqilganday yo‘tal tutdi. Biroz nafas rostlagan bo‘lib, o‘sha eskirib ketgan zafaron yomg‘irpo‘shni ustiga ildirdi va gapirishda davom etdi. — Qizchaning o‘z yoshiga nisbatan, juda latofatli va nazokatli ekani uzoqdan ham yaxshigina ko‘zga tashlanib turardi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay uning atrofida bir yigitcha o‘ralasha boshladi. Garchi menga yoqmagan esa-da uning didiga to‘g‘ri kelgan shekilli, tez-tez ko‘l bo‘yidagi ko‘prikda uchrashishni boshlashdi. A-xa-xa, menga nima ekan? — Shu so‘zlarni aytib yuziga ozroq kulgu oralaganday jimib qoldi. Keyingi so‘zlari esa shunday ohangda chiqar ediki, uni eshitgan har qanday kishi — hozir ho‘ngrab yig‘lab yuboradi, deb o‘ylashi turgan ish.

— Men qari ovsarning, men kallavaramning, uyi kuygurning, nafsiga o‘t tushgurning qilgan ishini bilasanmi? — shu zaylda nola qilar tevarakda esa momaqaldiroq gumbir-gumbirlarini tindirmasdi. Chol qancha baland nola qilsa, momaqaldiroq shuncha baland chalardi. Agar mabodo yig‘lagudek bo‘lsa, yomg‘ir ham kuchayib unga jo‘r bo‘lishga shay turgandi.

— O‘sha kuni ham yomg‘ir yoqqandi. — davom etdi biroz tinchlanib. — Qishlog‘imizdagi brakaner Majidning maslahatiga kirib, maqtagan dvijogini ovga olib chiqqandim. Mening ojiz aqlim, hozir tokni suvga uraman-u birdan mo‘maygina baliqlarni ovlayman, deb o‘ylagandi. Ammo bu ishga taraddi ko‘rarkanman ko‘prik tomondan g‘alati shovqinlar kela boshladi. E’tiborimni tortgandek biroz to‘xtab qoldim va qiziqsinib shu tarafga yaqinroq yurdim. Yo‘l-yo‘lakay men suvga tok urgan payt yuqoriga ko‘tarilib chiqqan chalajon baliqlarni qizaloq ko‘rib qo‘rqmasa bas, deya o‘ylardim. Bolaning ko‘ngli bilan esa tashvishim yo‘q albatta. Bir fursatdan so‘ng ko‘prik bo‘yidagi ovozlar aniq eshitila boshladi. Yaqinlashib qolgandim. Quloqlarimga ishonmay boshimni ko‘tarib, shu tomonga nazar tashladim. Har kuni faqat kulgu va pichir-pichirlarning sadolari keladigan joyda, janjal zo‘r beribdi. Qizaloq tinmay yigitni ayblar va yo‘qol, deya haydardi. Yigitcha esa o‘zicha bir nimalarni tushintirgan bo‘lib kechirim so‘rardi. U nima demasin, qizning vajohati so‘nmadi, o‘zini oqlashga tinmay urunishi zoye ketardi. Oxiri nimadir demoqchi bo‘lib, qandaydir qaltis harakat bilan qizning yelkalaridan tutgan edi-hamki — og‘riyapti qo‘yvor, deya chinqirdi qiz…

Xa, o‘sha kuni sen bilan o‘rtamizda anglashilmovchilik bo‘lgan edi. Chol, o‘sha, men endi butun umr o‘zimni ayblab yashaydigan voqeani so‘zlab beryapti. Negayam amakimning qizi bilan mahallangdan o‘tdim? Kamiga aynan shu kuni meni, u bilan ko‘rgansan. Qancha tushuntirsam ham yolg‘on, deding. Ishonmading. Ishonmasang ham go‘rga, nega seni o‘sha ko‘prikda yolg‘iz tashlab ketaman? Qolsam bo‘lmasmidi? Balki qolganimda, hozir. To‘xtachi, o‘sha kuni manovi Chol ham barchasini bilgan ekanda. Sudda guvohlik bergan ham shu, demak. Avval yaqindan ko‘rmagandim hech. Hozir ham ancha o‘zgaripti. Yelkasi bukchayipti, yuzi esa ajinga to‘lipti. Cholga razm solarkanman o‘zimcha unga savol berardim. — Nega men ketgandan keyin Kamolani saqlab qolmading? Hech bo‘lmasa ko‘prikdan uni haydab solmading. — Chol hech narsani eshitmaganday menga baqrayib turardi. Axir, axir men hozir baliqman! Yoki xushsiz ko‘chada, yoki o‘z o‘rnimda tush ko‘rib yotgan bo‘lishim ham mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 103-moddasi b qismi bilan(voyaga yetmagan shaxsni o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazishda) aybdor deb topilib, to‘qqiz yilga hech qanday appelyasiyasiz ozodlikdan mahrum etildim. To‘qqiz yil seni o‘yladim. Uch ming ikki yuz yetmish sakkiz kun o‘zimni ayblab yashadim. Ammo yuragimni tub-tubida, seni o‘z joningga qasd qilganingga shubham bor edi. Ana shu so‘nggi gumonni unutish va sen bilan vidolashish uchun ko‘l bo‘yiga kelgandim bugun.

Qo‘qqisdan chol ezilib yig‘lay boshladi, diqqatimni tortib. Yomg‘ir ham tobora kuchayardi. — Bilasanmi baliqcha, men katta gunoh ishga qo‘l urib qo‘ygan bir nomard, qo‘rqoq va tovlamachiman, — dedi uvillab. Shu lahza tanamdagi barcha a’zolar quloqqa do‘ndi.

— O‘sha kun, yigit qizchaga jahl qilib ketib yubordi. Men ham janjal tin olganiga hotirjam tortib xilvatroq joyga o‘tdim. So‘ng dvijogni asta ishga tushirdim. Tirrillagan ovozini qishloqdagilar eshitmasin deb, darrov suvga tok urib uni o‘chirdim. So‘ng baliqlarning birma-bir yuzaga ko‘tarilishlarini ko‘rish uchun suv sathiga qarab turdim. Birma-bir baliqlar ko‘tarilar ekan yuzimga quvonch yugurib to‘rni ushladim. Miyamda faqat bittagina o‘y edi. Ularni terib olish. Ammo, ne ko‘zlar bilan qarayki, Baliqlar bilan yana bir kattaroq narsa yuzaga ko‘tarilib chiqdi. To‘rni uloqtirib uni qirg‘oqqa tortdim. Yo Xudoyim, nima qilib qo‘ydim? U, u qizaloq edi. Jonsiz va rangsiz qizaloq. — Shu so‘zlarni eshitdimu chelak ichidagi suvlarni har yon sachratib, tipirchilay boshladim. Chol bo‘lsa, e’tibor ham qilmay iqrorida davom etardi.

— Avval qo‘rqib ketdim. Atrofga qarab birov yo‘qmi, ko‘z yugurtirdim. So‘ng qizning jasadini qo‘limdagi to‘rning to‘rt tomoniga tosh boylab,  o‘radim. Asta qirg‘oq bo‘ylab ko‘prikka borib uni ko‘lning eng chuqur joyiga tashlab yubordim. Keyin uyga ketdim.

Butun qishloq qizchani izlashga tushdi. Eshigimni kimdir taqillatib kelganda, uning ismi Kamola, yoshi o‘n oltida ekanini bildim. Bir necha kundan keyin politsiyachi zobit ham kelib bilganlarimni so‘radi. Ozroq hayajon bosganimni sezib va tez-tez ko‘ldan baliq ovlab turishimni bilib o‘z ish joyiga suhbatga taklif etdi. Barchasidan umid uzib, ming hil o‘yda oldiga bordim. U menga bir tekis savol berarkan birdan ko‘prik bo‘yidagi janjal va yigit esimga tushib qolib, najot topdim. Hammasini zobitga aytib berdimda, keyin uyga ketganimni ham aytdim. So‘nggida ko‘l tubidagi jasad o‘ralgan to‘r menikiligi esimga tushib, jonbozlik ko‘rsatishni boshladim. Agar qizcha o‘shanda uyga qaytmagan bo‘lsa, uni qayerdan izlashni bilaman, dedim motamsaro. Negadir zobit ham so‘zlarimga laqqa tushdi. Unda yo‘l boshlang, deb ortimdan ko‘prikkacha keldi. Men chuqur nafas tortib ko‘prikning boshqa tarafidan suvga sho‘ng‘idim. Suv tubida amallab to‘rni yechib, Kamolaning shishib ketgan jasadini boshqa tarafdan olib chiqdim. Keyin…

— Keyin Sud bo‘ldi, ablah va sen o‘z rolingni mohirona ijro etding. Yomg‘ir tin oldi. Chol ohista meni qo‘liga olib suvga qo‘yib yubordi. Go‘yo ichidagi g‘ussani yengillashtirgan bo‘lib. Zulmat aro Ko‘l tashqarisidagi simyog‘och yonida turgan tanam taraf oshiqardim. Ming g‘azabda, miyamda esa faqat bir o‘y, intiqom! Birdan zulmat g‘oyib bo‘ldi. Qandaydir mayin ovoz meni chaqirardi. Ortga o‘girilsam, uzoqdagi g‘ira-shira sharpalarning biri aniq ko‘rina boshladi. U Kamola edi. To‘rga o‘ralgan va tubsiz zulmatga g‘arq bo‘layotgan, hali tirik bo‘lgan Kamola. U tinmay meni chaqirardi.

Farhod Eshonov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting