Epik turning eng kichik janri bo‘lgan hikoya yozuvchidan oz so‘zda ko‘p ma’no ifodalashni, asarda hayot falsafasi bilan badiiy tasvir uyg‘unligini ta’minlash mahoratini talab etadi. Buning ustiga, haqiqiy yozuvchi boshqalarni takrorlamasligi, o‘z ijod uslubiga ega bo‘lishi, voqelikni o‘ziga xos tasvirlay bilishi zarur. Bu talab ijodda katta tajriba orttirgan atoqli adiblarga qanchalik tegishli bo‘lsa, adabiyot ostonasiga endigina qadam qo‘yayotgan yosh qalamkashlarga ham shunchalik aloqadordir. Chunki badiiyat mezoni hamma uchun birday mo‘tabardir. Ijod maydonida hech kimga alohida imtiyoz berilmaydi. Bugungi yoshlar hikoyachiligi ana shu yuksak mezonlarga qay darajada javob beradi, degan savol, shu jihatdan, muhim va dolzarbdir. Biz 2022 yili “Birinchi kitobim” ruknida chop etilgan hamda Shukur Xolmirzayev nomidagi xalqaro hikoyalar tanlovi to‘plamiga kirgan kichik nasr namunalari misolida ana shu savolga javob topishga harakat qildik.
Hisobot yilida “Birinchi kitobim” ruknida ikki nafar ijodkor: Ma’mura To‘rayevaning “Bitiruv kechasi”, Navro‘za Muhammadxo‘jayevaning “Qo‘shiq” hikoyalar to‘plamlari chop etilgan. Ularni alohida-alohida ko‘rib chiqamiz. Ma’mura To‘rayeva to‘plami 19 ta hikoyani o‘z ichiga olgan. Yosh adiba ijodida ayriliq, o‘lim motivlari yetakchilik qiladi. Jumladan, “Ajab dunyo” hikoyasida erta otasidan ayrilgan qahramon ruhiyati, “Armonbuloq” hikoyasida turmush o‘rtog‘idan bevaqt ajrab qolgan Dilnozaxon kechinmalari tasvirlangan. “Ayriliq” hikoyasida farzandini ko‘rish ilinjida yashayotgan onaning, “Yo‘l” hikoyasida bir umr xotiralari bilan yashayotgan Ermat otaning vafoti, “Jazo” hikoyasida Jasurning norasida go‘dagidan ayrilishi, “O‘chayotgan sham” hikoyasida esa kasallikdan vafot etgan Xadicha obrazi badiiy talqin etilgan. Ma’mura To‘rayeva ijodida peyzaj o‘ziga xos tasvirlanishi bilan alohida ajralib turadi. Peyzaj tasviri hayotiy hodisalar bilan uyg‘unlikda tasvirlanayotgan voqelikni o‘quvchi ko‘z o‘ngida yorqin gavdalantirishga xizmat qilgan. Masalan, “Baxt” hikoyasida samoviy jismlar “…son-sanoqsiz yulduzlar osmonda oymomoning ertagiga quloq tutardi” tarzida jonlantirilsa, boshqa hikoyalarda “Oq qushning to‘zg‘igan patlaridek bulutlarni shamol haydaydi. Quyoshning zarrin yog‘dulari ko‘ngillarni quvonchga to‘ldiradi” tarzida peyzaj tasviri qahramonlar ruhiyati bilan hamohang tarzda tasvirlanadi.
Ma’mura To‘rayeva hikoyalarida qahramonlar portreti tasviriga urg‘u berilmaydi. Faqatgina “Uchinchi kun” hikoyasida “tandir kabi semiz, simyog‘och kabi novcha kishilar bor edi” deya bekatda turgan insonlar tashqi ko‘rinishi tasviri beriladi. “Ayriliq” hikoyasida ota-ona g‘animat ekanligi, ularni borida ardoqlash, holidan xabar olib turish zarurati. Xasta onasidan xabar olmagan Sa’dullaning otasini yupatish niyatida do‘stining kasallik bois kelish imkoni bo‘lmaganini aytgan Shokirning kechinmalari ishonarli talqin etilgan. Onasi vafot etgach, kechikib kelgan Sa’dullaning yolg‘ondakam vajlarni keltirib, soxta yig‘i-sig‘i qilishini ko‘rgan Shokir uning ko‘ngli chindan xasta ekanini anglaydi. Chunki o‘zligini yo‘qotgan, hatto onasini qadrlamagan kimsaning kasaldan farqi yo‘q. Hatto bunday insonni tirik murda deyish mumkin. “Bitiruv kechasi” hikoyasida Jovli obrazi orqali mehnatsevarlik, ota-onaga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ulari ifodalangan.
Ma’mura To‘rayevaning hikoyalari uning an’anaviy yo‘ldan borayotganini ko‘rsatadi. Uning hikoyalarida Chingiz Aytmatov va boshqa jahon adiblari ta’siri yaqqol seziladi. Endigina birinchi kitobi nashr etilgan yosh adibaning o‘z yo‘lini va uslubini topishiga umid bildiramiz.
Adabiyot – xoh shakl va mazmun jihatdan bo‘lsin, xoh obraz va uslub jihatdan – yangi izlanishlar tufayli takomilga erishadi. Yosh o‘zbek yozuvchilari hikoyalarida badiiy shakl va ifoda uslubi, tasvir prinsiplari va mazmun-mohiyati, qahramonlari bilan yangicha yo‘nalishdan borishga intilish holatlari kuzatilayotgani e’tiborga molikdir. Milliy hikoyachiligimizda inson ruhiyati va axloqi, dunyoqarashi va tuyg‘ularini ohorli talqin etishga harakat qilinayotgani estetik tafakkur rivoji uchun benihoya zarurdir. Yosh hikoyanavis Navro‘za Muhammadxo‘jayevaning “Qo‘shiq” nomli to‘plamiga kirgan hikoyalarida ayni shu holat kuzatiladi. Bu to‘plam 6 ta hikoyani o‘z ichiga olgan. “Surgun” hikoyasida roviy – hamshira. Hikoyada olim va raqqosa obrazi o‘ziga xos uslubda tasvirlangan. Umrining salkam chorak qismini muhim tadqiqotga bag‘ishlagan olim ilmiy izlanishlari qadr topmagach, boshqa yurtga ketadi. Lekin u o‘zini shunchaki ketgan emas, balki surgun qilingan, deb hisoblaydi. Butun umrini san’atga bag‘ishlagan raqqosa qiz esa odamlarning unga boshqa nazarda qarashi, san’atni tushunmasliklari bois iztirob chekadi. U ham o‘zini surgunda his etadi. Ilm-fan va san’atni hamma ham tushunavermasligi, bu holat olim va ijodkor uchun fojiali ta’sir qilishi mumkinligi hikoyaning asosiy badiiy konsepsiyasini tashkil etadi. Navro‘za Muhammadxo‘jayevaning ushbu hikoyasida qahramonlar ruhiyati chuqur mantiq va go‘zal badiiyat uyg‘unligida tasvirlangan.
Ajdodlar kechmishiga doir xotira, yosh avlod hayotida yoshi ulug‘ insonlarning o‘rni qanchalik muhim ekani “Erk sog‘inchi” hikoyasi badiiy mantig‘ining asosini tashkil etadi. “Tirnoq”, “Qo‘shiq” va “Girdob” hikoyalari ramzlarga boyligi bilan alohida ajralib turadi. “Tirnoq” hikoyasida farzandidan ayrilgan ayol obrazi tasviri, uning ruhiyati ishonarli va ta’sirli yoritilgan: “Tartibga keltirilgan xona burchida ayol bir maromda, ohista bes’hik tebratgancha alla aytyapti. Ro‘moli yelkasiga sirpanib tushgan, o‘sma izi solgan qoshlari ora-orada yuqorilab, yana o‘rniga qaytar, ko‘zlarini esa chippa yumib olgan”. Hikoyada bu oilaning turmush qurganiga 8 yil bo‘lgani aytiladi-yu, ammo qachon farzandli bo‘lgan, farzandidan nima uchun ayrilgani haqida so‘z bormaydi. Ammo ayolning holati, erning ruhiyati orqali buni his etish mumkin. Zero, badiiy ijodning asosiy xususiyatlaridan biri ham aytmasdan bildirishdir. Navro‘za Muhammadxo‘jayeva hikoyalari kompozitsiyasi o‘ziga xos. Portret, interer tasvirlari hikoyalariga badiiy joziba bag‘ishlaydi.
Yana bir quvonarli holat: bu yil ilk marta Shukur Xolmirzayev nomidagi 1-xalqaro hikoyalar tanlovi tashkil etildi. Tanlovga kelib tushgan ko‘plab hikoyalar orasidan munosib deb topilgan 44 tasi saralanib to‘plam holida nashr qilindi, bu adabiy hayotimizdagi muhim hodisadir. Bu to‘plamdan taniqli adiba Risolat Haydarovaning “Qurbon hayiti” hikoyasi ham o‘rin olgan. Ushbu hikoyada 1892-yilda Toshkentda vabo kasali tarqalgani natijasida qanchadan-qancha insonlar vafot etgani, bu davrda mustamlakachilik siyosati bois ular musulmonlarga xos tarzda dafn etilmagani, ayol yoki erkak bo‘lsa-da, ustma-ust ko‘mib, vabo tarqalmasligi uchun ustiga ohak sepilgani aniq insonlarning ayanchli taqdiri orqali tasvirlangan. Hukumatga bildirmay, yaqinlarini dafn etganlar qamab qo‘yilgani, bu holat esa xalqning qo‘zg‘olon qilishiga sabab bo‘lgani talqin etilgan. Hikoyadagi Qosimxon Shayx Azizon timsolida xalqparvar, el dardiga darmon bo‘lgan valiy zot obrazi, ayniqsa, ta’sirli chiqqan. Hikoyada 1581-yilda Karmana aholisi vabodan aziyat chekkanda, bu ulug‘ zot Allohga iltijo qilib, xalqning dardini unga berishini so‘ragani, shayx vaboga uchrab, 78 yoshida vafot etganiyu yurtdan kasallik arigani mahorat bilan tasvirlangan.
Tarixdan ma’lumki, eshonlardan Azizyor, Abulqosimxo‘ja va bozor oqsoqoli Ziyomuhammad 1892-yilda Toshkent hokimi S.R.Putinsev va oqsoqol Muhammad Yoqubga qarshi isyon ko‘targan. Risolat Haydarova ushbu hikoyasida Shayx Abulqosim obrazini xalq uchun jonini fido qilgan, mard va jasur inson sifatida talqin etgan. Hikoyada shayx Abulqosimning tushiga Qosimxon Shayx Azizon kiradi va ertasiga shayx: “Olloh bandasiga ilmni el koriga yarasin deb beradi” deya, xalqning dardini o‘z bo‘yniga olib, Shayx Azizon kabi vafot etadi. Hikoya xotimasi hayotiy va badiiy mantiq jihatidan mukammal ekani bilan qimmatlidir. Doktor Vyazemskiy shayx Abulqosimning o‘lganini Putitsevga yetkazar ekan, uning o‘lkaga kelgan vaboni zimmasiga olib, o‘zini qurbon qilgani xabarini beradi. Haqiqatan, o‘sha kuni hech qanday kasallik qayd etilmaydi. Hikoya yakunida: “O! – deya xitob qildi Putinsev. – Mo‘jiza! Juda ajabtovur o‘lka bu Turkiston! Tushunib bo‘lmaydi”.
Tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirish oson emas. Voqelikni shunchaki bayon etmay, insonlar qismati orqali jonlantira olgani Risolat Haydarova hikoyasining yutug‘ini ta’minlagan asosiy estetik omildir.
Ushbu to‘plamga Amangeldi Irisovning “Ikkinchi o‘g‘il” va “Osmon yig‘lagan kun” nomlari bilan ikki hikoyasi kiritilgan. Ijodkor asarlari sodda tilda yozilgani, milliy ruhiyatni aks ettirgani bilan alohida ajralib turadi. Hikoyalari avvalida tugun berilib, tadrijiy ravishda badiiy yechim ifodalanadi. Jumladan, “Ikkinchi o‘g‘il” hikoyasi mana bunday so‘zlar bilan boshlanadi: “Sen tug‘ilganda otang rosa mast bo‘lgan… Chiqsam otang mast, mana bunday chayqalyaptimi. Orqasida ko‘k ko‘zlari suzilib, Boboqul irshayib turibdi”. Syujet davomida otaning ichib kelishi, Boboqul unga nima maqsadda ergashib kelgani sabablari ochila boradi. Boboqul pora bermagani uchun doktor norasida go‘dakka tuzuk qaramagani, uning uch oylik ikkinchi o‘g‘li shu bois vafot etgani qahramonlar xatti-harakati va kechinmalari orqali ta’sirli ifodalangan.
“Osmon yig‘lagan kun” hikoyasi Muxtor akaning o‘limi tasviri bilan boshlanadi. Uning janozasiga yig‘ilgan Davlat aka, G‘ayrat, qo‘shnilari Saben bobo va Quvondiq aka marhumni eslashmaydi ham. Biri iti o‘lgani, boshqasi it boqib olgani, uchinchisi iti birovni tishlagani haqida maqtanadi-yu vafot etgan Muxtor akani eslash, uning haqiga duoda bo‘lish xayolining uchiga ham kelmaydi. Buni anglagan Saben og‘a: “Bir adamning janazasida itden hengame qilgandaring nesi. Asbanga qarasey, adam o‘lgeniga asban jilavatir, sender adamsandar-g‘uy” deya odamiylikni unutganlarga eslatma beradi. Hikoyaning “Osmon yig‘lagan kun” deb nomlanishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Shunday yaxshi inson vafotiga hatto osmon ko‘z yoshi to‘kyapti-yu lekin ba’zi insonlar aslida bu hayotga nima uchun kelgani-yu, zimmasida qanday vazifa borligini ham unutgan. Janoza vaqtida yoqilg‘i ombori mudiri G‘ayrat janozada inson hayoti o‘tkinchi ekani, umrni ezgu ishlarga sarflash zarurligi haqida o‘ylamay, kiyimiga yomg‘ir tushayotganiyu, betondan sachraganlari kiyimini ho‘l qilayotganiga achinib: “yaxshiyamki, norka telpagimni kiymabman, bo‘lmasa dabdala bo‘lar ekan” deya matoh haqida qayg‘urganini yozar ekan, odamlar insoniylikni boy berayotganidan iztirobini ta’sirli ifodalaydi.
Fozil Jabborovning “Juma”hikoyasida avvalambor ismlar e’tiborni tortadi. Qahramonlarning ismlari Moniqul bobo, Nurqul, Hodiqul va Qirg‘izboy. Hikoyaga epigraf sifatida Lev Tolstoyning “Musulmonlikning nasroniylikdan ustunligiga…butun qalbim bilan ishonaman” degan fikrlari tanlangani bejiz emas. Moniqul bobo besh o‘g‘liga Imperiya 1853-1876 yillarda Turkistonni bosib olgani natijasida biz musulmonlar ayovsiz ruslashtirilganimiz, milliy va diniy kamsitilganimiz haqida so‘zlar ekan, uni bir savol ko‘p qiynaydi: “Nega biz millat sifatida shakllana olmadik?”. Uningcha, tarixni esdan chiqargan kishilarning kelajagi bo‘lmaydi, taraqqiyotga ittifoqlik orqaligina erishish mumkin. “Ahil bo‘ling, bir musht bo‘ling, orangizga hech kim nizo solmasin. Juma namozidan hech ham qolmang”, deya ta’kidlaydi u. E’tiqodda sobit bo‘lish, o‘zlikni asrash – hikoya syujetining o‘q chizig‘ini tashkil etadi. Har bir obraz, har bir poyetik detal ana shu ijodiy konsepsiyani ifodalashga yo‘naltirilgani hikoyaning adabiy-estetik qimmati baland ekani isbotidir.
Umuman, ushbu to‘plam hikoyachiligimiz yangi badiiy topilmalar, ijodiy yutuqlar hisobiga boyib, rivojlanib borayotganini ko‘rsatishi jihatdan ahamiyatlidir. Hikoyachiligimizda maktab yaratgan ulug‘ adib Shukur Xolmirzayev an’analari davom etayotgani, ma’lum darajada yangilanayotgani ushbu janr istiqboli ishonchli qo‘llarda ekani isbotidir desak, mubolag‘a bo‘lmas.
“Orzu va dengiz ” nomli nasrdagi_navqironlar heshtegi ostida nashr etilgan hikoyalar to‘plami ham mazkur janrning o‘ziga xos namunalarini jamlagan. To‘plovchi: Nodirabegim Ibrohimova. 41 ta hikoyani jamlagan ushbu to‘plamdagi Nurilla Chorining “Tashvishi yo‘q odamlar”, Nodirabegim Ibrohimovaning “Haykallar”, Farrux Jabborovning “Olam bus-butun”, Sanjar Tursunovning “Oq ovulning ozodasi”, Javlon Jovliyevning “Xotira kitoblar”, Bibi Robiyaning “Xizr tashlagan qanot” hikoyalari badiiy tasvirning tiniqligi, uslubiy o‘ziga xosligi, mualliflarning kitobxonga aytadigan o‘z so‘zi borligi jihatidan qimmatlidir.
Xulosa qilib aytganda, badiiy nasrning eng ixcham va nisbatan tezkor janri hisoblangan hikoyachilik o‘ziga xos rivojlanish jarayonlarini boshdan kechirayotir. Yosh nosirlarimizga ustoz adiblar va jahon hikoyachiligining ulug‘ namoyandalari ijod laboratoriyasini chuqurroq o‘rganish orqali badiiy kashfiyot darajasidagi hikoyalarni yaratishlarida kuch-quvvat, ilhom, zavq va shavq tilab qolamiz.
Oybarchin Abdulhakimova,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori