Nazm kengashi hisobot yig‘ilishining 2022 yilda chop etilgan she’riy kitoblar bo‘yicha ma’ruzasi
“Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yib men”
Cho‘lpon
“Maqtov shirin og‘u, shirin o‘ldirar”
Rauf Parfi
Kirish: Har yilgidek she’riyat xirmoni barakali. Kitoblari son-sanog‘i ancha. Ma’nosi, mazmuni, mundarijasi rang-barang.
O‘tgan 2022 yil o‘zbek zamonaviy adabiyoti tarixi uchun o‘zining betakror mahobati bilan esda qoladigan sana bo‘ldi. “Turkiy adabiyot durdonlari” yuz jildligi bosildi. Majmua tarkibida o‘zbek adiblari va shoirlarining kitoblari, zamonaviy shoirlar she’rlari jamlangan alohida “Antologiya” bor. To‘g‘risi, xalqaro mavqega molik bunday ulkan va jiddiy adabiy loyihalar har yili amalga oshirilavermaydi. Bu loyiha ijrosida Yozuvchilar uyushmasi bosh-qosh bo‘ldi.
Mamlakat miqyosida otashin shoir Usmon Nosirga bag‘ishlangan anjumanlar o‘tkazildi va “Tanlangan asarlar” qayta nashr etildi. Shuningdek, Rauf Parfining ikki jildlik “Saylanma”si bosilganini mamuniyat bilan ta’kidlash lozim. Bu mashaqqatli ishni parfishunos-adabiyotshunos Olim To‘laboyev bajardi.
Yil davomida chiqqan she’riy kitoblarning har birini o‘qigan mahali odamning kayfiyatida ruhiy o‘zgarishlar seziladi. Bu hol shoirlarning o‘zligidan, individual uslubi va dardidan darak beradi. Garchand she’rlar mavzulari o‘zaro yaqin bo‘lsa ham, ifoda usuli, tasviriy vositalari, she’r texnikasi, shakliy qurilishi turli-turli. She’r har kimda o‘ziga xos va ular har shoirning qarashi va qalbi, kayfiyati va hissiyotiga mos.
Bu o‘rinda bir yillik she’riyat xirmoni borasida so‘z yuritiladi. Ammo shoirlarning “Saylanma”si yoki “Tanlangan asarlar”i bir umrlik ijod mahsuli ekanini unutmaslik lozim. Nazarimda, ijodkorning o‘z qo‘li, o‘z didi bilan o‘z nazaridan o‘tkazib, tartib berigan bunday kitoblar she’riyat muxlislari uchun ulkan tuhfa, adabiyotshunoslar uchun qiymatli adabiy manba. Zotan, har bir shoir yozganlarning qadrini, darajasini, yillar sinovidan o‘tganlarni o‘zi yaxshi biladi, deb o‘ylayman.
Bir yillik nafosat, ma’naviyat xirmoniga baho berish, har bir she’rni sinchiklab o‘qib, ontologik nuqtai nazardan ularga tashhis qo‘yish – bir ma’ruza-maqola doirasida oson ish emas. Bu imkonsiz hamdir. Qolaversa, mening gapim nazariynamo sube’ktiv fikrlar o‘rnida qabul qilinmog‘i lozim.
-1-
To‘g‘risi, she’riy kitoblarning ko‘pligi bois odam gangidi. Nimadan, qayerdan, qanday boshlash kerak? Bir chetdan sanash lozimmi? Zamonaviy o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rnini topganlardan so‘zlash kerakmi? Yoshga ko‘ra tasniflagan ma’qulmi? Kitoblar hajmiga e’tibor muhimmi? Yil boshidan chiqqanidan boshlab, yil oxiriga qarab yo‘nalgan ma’qulmi? Mazmun-chi? Bu kabi juda ko‘plar jumboqlar va savollar girdobiga cho‘kdim.
Garchand achchiq bo‘lsa ham haq gapni aytmoq kerak. Madhiyalar, yolg‘onni puflab shishirish, qirdan tog‘ yasash, paxtachilik va qovunchilik – bular she’riyat tabiatiga ham, ilmga ham begona.Kechirasizlar-u, bunday g‘aroyib antiadabiy va g‘ayriilmiy hodisalar ibrat o‘laroq yaqin kechmish adabiyoti tarixida turibdi. Qalbdagi his-tuyg‘uga mos SO‘Zni topish, tanlash, yuvib artish, munosib rang berish, zaruriy san’atlar bilan bezash, qirtishlab vaznga solish, kechinmaga loyiq ozg‘in-semiz, ingichka-yo‘g‘on, sirg‘uvchan-sirpanchiq, titroq-o‘ynoqi, qaltiroq-qiltiriq, rangli-rangsiz tovushlarni xizmatga choralash – bu ish shoir uchun oson kechmaydi.
Shunday fikrlar ortidan oxirgi imkonga qarab, xronologik tartibda yoshi ulug‘lardan gapni boshlash ma’qul ko‘rindi.
Bu yil Sharifa Salimova “Tanlangan asarlar”i, Mahmud Toirning to‘rt jilddan iborat “Saylanma”si — “Siyratim sadosi”, “Omonlik tilaylik”, “Umr kitobi”, “Yaxshilik hammaga yarashadi” nomli kitoblari, yana bir “Tanlangan asarlar” kitobi nashr bo‘ldi. Odil Hotamning “Xirmon”, Qutlibeka opaning “Chaqmoqlar fasli”, Tursun Alining “Uch jildlik “Tanlangan asarlari”ning she’rlar, dramatik doston, tarjimalardan iborat “Birinchi kitobi”, Berdi Rahmat Ko‘ktoshning “Sukunat qo‘shig‘i”, Abdurazzoq Obro‘yning uchta, Abdumajid Azimning to‘rtta, Rustam Musurmon, Salim Ashurning bittadan ulkan kitoblari, Safar Ollayorning ikkita kitobdan iborat majmualari chop bo‘ladi. Bunday ulkan hajmli kitoblar shoirlarimizning qaysidir ma’noda o‘zlarini o‘zlari sarhisob qilish va she’riyat muhiblari oldiga yozgan ma’naviy dasturxoni sanaladi.
“So‘z bilan olamni ko‘zguga solgan” Mahmud Toir ijodiga oid e’tiroflarning o‘zi alohida bir kitob bo‘ldi. Shoir asarlarining eng saralari, ijodining barcha qirralari bu yilgi kitoblarida jamlandi. She’rni qoyilmaqom qilib o‘qish, ya’ni ijro ham o‘ziga xos san’at sanaladi. To‘g‘risi, she’riyat shaydolari butun vujudi bilan Mahmud aka she’rlarini tinglagan vaziyatlarga ko‘plar guvoh bo‘lganman, albatta:
“Men toshlarning tiliman,
Men ko‘ngilning guliman,
Bu dunyoning giliman,
Mendan meni so‘rama”.
Lirik “men” o‘zini turli narsalarga qiyoslaydi. She’rning har bir bandida o‘zidan oldin keladigan uch misra tezisini “mendan meni so‘rama” degan navbatdagi misra — antitezis tajohili orifona yo‘sinda tasdiqlaydi. “Mendan meni so‘rama” bu juda boshqacha, yurakni zirqiratadigan she’r.
Mahmud Toirning ixcham she’rlari ham e’tiborga molik. Deylik, garchand shoirning ikkiliklari mazmuniga ko‘ra o‘zaro farqlansa ham, ular bitta yurakning yurishi va urishi, sadosidek, shoir shuuridan yog‘ilgan nurdek taassurot qoldiradi. She’rlar shoir tafakkuri o‘zanida umumiy bir maxrajga keladi. Ikkiliklarida hikmat bor, hikmatlar negizi shoirning bu olamda ko‘rgan-kechirganlari, insonlar bilan muomala-munosabatining umumlashgan xulosalari, inson xarakteridagi sirlar, tabiat go‘zalligi oldidagi hayratlari ifodasidir. “Ikkilik – bir dilning ikki chirog‘i, Orzuning, armonning ikki irmog‘i”dir. Shoir bir o‘rinda kaftida tutayotgan ikki misra she’riga “jonimning chashmasi” deb tavsif bersa, boshqa bir joyda ularni “Hikmat xirmonidan to‘kilgan qaydlar” deya izohlaydi.
Har qanday inson uchun, ayniqsa, el oldiga chin so‘z bilan chiqqan ijod ahli uchun iymon so‘zidan va yurakka o‘rnashgan aynan iymonning o‘zidan qadrliroq ikkinchi bir narsa yo‘q. Mumtoz shoirlarimizdan biri: “Na xush bu dunyoda iymonu Qur’on, Ne bo‘lg‘ay bu dunyoda iymondin ortuq”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, iymon – qalbdagi pokiza nur, vujuddagi bebaho dur, iymon – haqiqat mezoni, inson fitratining tengsiz gavhari, bezagi. Iymon – chin martaba. Mahmud Toir ikkiliklaridagi iymon tavsifi, ya’ni “Iymon bu ko‘ngilning so‘nmas nuridir” kabi nuqtalar e’tiborli:
“Inson yo‘qotgani gar iymon bo‘lsa,
Endi ishonaver u hayvon bo‘lsa”.
Ore, rost!
Ba’zan sharq donoligi, xususan, hadislardagi mazmunni shoir ikki misraga joylaydi:
“Gar iymon dilingda so‘nmas chiroqdir,
Bilginki, gumon ham sendan yiroqdir”.
Bu ikkilik, fikrimcha, gumonga berilish odamni iymonidan ajratib qo‘yadi, mazmunidagi hadisi sharifga mos keladi. Iymoni toza odamning dili ko‘rkam bo‘ladi. Aysh-ishratga berilib, faqat bu dunyosinigina o‘ylaydigan odamning tani sog‘ bo‘lishi mumkin, ammo uning iymoni xasta. Halol bo‘lish ham iymonga bog‘liq,“Iymon – bu ko‘ngilning ko‘zida gavhar”.
Har bir shoir she’rlarining adabiyotimiz xazinasidan joy olishini istaydi. Mahmud Toir ham she’rlarining umrboqiyligiga aslo befaqr emas:
“O‘qiganning yodida tursa,
Dardi bo‘lsa, dodida tursa,
Yo‘qolmasa, yonida yursa,
She’rlarimga umr tilayman…”.
Shoirning ezgu tilak ijobat bo‘lsin.
Yozuvchilar uyushmasida Odil Hotamning “Xirmon” kitobi taqdimoti bo‘ldi. O‘zi qatnashdi. Oradan hech qancha vat o‘tmay, taqdir ekan, rahmatli o‘tib ketdi. Ijod ahlini tirik mahali qadrlash, unga yaxshi so‘z aytish lozim. “Har kimning o‘ziga Misrdir joyi” – mumtoz alloma shoirlaridan biri shunday degan. Umr bo‘yi viloyatda yashab ijod qilgan Odil Hotamdek sadoqatli shoirlar xususida o‘ylaganimda shu misra xayolimga keladi.
Odil Hotam “Xirmon”i bilan umrlik kitobini, o‘z ma’naviy-she’riy dasturxonini sizu bizga taqdim etdi. Bu dasturxon fayzli, bu dasturxon to‘kin, bu dasturxon halol-pok. Kitobning istalgan bir sahifasini ochgan odam chin she’rning taftini sezadi; shoir nafasini sezadi…
Tabiatning juda ko‘p unsurlari Odil Hotam she’rlari mazmuniga go‘zal ma’nolar yuklaydi.
“Bu dunyoda hattoki tikan,
Tinglab alqar gullar sasini”.
She’rlari bag‘rida “shoshqaloq daryo” shovvulaydi, “mardona daraxtlar” egilmaydi, mag‘rur “tog‘lar sira cho‘kka tushmaydi“, “ilonizi so‘qmoq” sayrga chiqadi, telbavor yellar “yashillikni yulqilaydi”, “shamollarning tishlaridan qum g‘ijirlashi” eshitiladi, “saksovullar oh chekib” kuylaydi. Gul yorug‘lik bazmining tuhfasiga mengzaydi. Yana qarang, bitta misrada ikkita o‘xshatish: “Ohuday nigohi shabnamday toza” — pokiza, hayoli-iboli muhabbatli qiz tavsifidir bu.
Ijodkorda uchinchi ko‘z – qalb ko‘zi, nafosat ko‘zi, yurak ko‘zi bo‘ladi. Shu bilan boshqalardan farq qiladi. Odil Hotam “Xirmon” kitobi strukturasi yetti iqlimdan tarkib topibdi. Bu iqlimdagi ob-havo biri-biriga mos, o‘zaro yaqin, biri-biriga o‘tib yuradi. Chunki bu bitta muhtasham ko‘ngilning, shoir yuragining iqlimi.
Shoir Tursun Ali uchun “she’riyat – so‘nmas yorqin kamalak”. Shoir kamalakaa oshufta ko‘ngil odami. Uch jildigi bosilishi boshlandi. Hozircha “Birinchi kitobi” qo‘limizda. Tursun Ali she’rlarida erkinlik bor. “She’riyat… Erkin yaralmog‘ing, erkin yashamog‘ing shart sen mening qonli yuragimda…”, dedyi u. Bunday erkin she’rlar ohang erkini ham talab qiladi. Shoir “ruhiyat manzaralari”ning suvratini chizish, “yurak tovushi”ni qog‘ozga tushirishni yoqtiradi. Sodda hayotiy tushunchalardan falsafiy xulosalar chiqaradi. Tursun Alining kitobida munosabatlar va bag‘ishlov she’rlar ancha. Shu e’tibordan shoir zamondoshining ko‘nglini anglab, uning yuragiga yo‘l izlaydi. “Qalb suvrati” she’rida yozadi: “Qorli so‘qmoq. Oh, naqadar og‘ir Birovning izidan yurmoq!” Shoir uchun barcha zamonlarda original ifoda, o‘ziga xos yo‘l muhim. Tursun Ali bu adabiy haqiqatning qiymatini yaxshi biladi.
Bu yil “Tanlangan asarlar”i nashr bo‘lgan Sharifa Salimovaning she’ridan goh mayin, goh “shaloladay guldurosli” ovozi eshitiladi. Shoira she’rlari munojot bilan duoga yo‘g‘irilgan, ezgu tilak va quvonchlar bayonidir. “Bezovta yuragi oromdan yiroq”. Hamma zamonlar uchun xos bu hol. Beorom va bezovta odam ijodkor. Xotirjam o‘tirish, loqayd va beparvo yashash har qanday ijodkorga begona, menimcha. Sharifa opaning ayni kitobi boshida “Men bir bog‘ga kirayotirman”, degan misra bor. Bu adabiyot bog‘i, bu she’riyat bo‘stoni. Shunga ham bir necha o‘n yillar bo‘libdi. Keyingi davrdagi bir she’rida bog‘ obrazi takror keladi: “Bu bog‘lar dunyoning ko‘zin ochajak, Bu bog‘lar hech qachon bo‘lmaydi xazon”. “Ipak qalb”li shoira she’rlari samimiy va umidli. Sharifa opa aytmoqchi: “Umid – inson yo‘lin yoritgan chiroq”. Mehr-muruvvat, tabiat go‘zalligi, “qushchalar sayrog‘i”, orzu-umid ko‘lami – shu kabi qator mavzularning ko‘ngil royishiga mos bayoni — bular ijodkorning so‘zdagi imzolaridir:
“Ey, ko‘ngil, Haqdin nido bordir sanga,
Birgina Haqning o‘zi yordir sanga”.
Ko‘ngilga murojatning mumtoz ifodasi bu.
Ko‘z tegamasin, Qutlibeka opa so‘zi shiddatli, chaqinli va kuch-quvvatli. “Chaqmoq fasli” kitobida jamlangan she’rlariga ham sifatlar mos keladi. “Yuragim uyg‘onsa, shiddatman, shaxtman”. Shoiraning yuragi doimo uyg‘oq. U mudroq va qo‘rqoq, lanj va yalqov kimsalarni yoqtirmaydi. Sukunat bag‘ridan jaranglagan sadoni istaydi. “Jasorat izlayman hadik, qo‘rquvdan, Uyg‘oqlik izlayman g‘aflat, uyqudan”. Insonning vujudida har bir mitti hujayraning ham uyg‘onish tarafdori bo‘lgani uchun uyg‘oq she’rlar yozadi.
“Qalb vijdon qirg‘og‘idan
Bexos toshsa, roshiman.
Dog‘langan el dog‘idan –
Ko‘ngillar farroshiman”.
“Ko‘ngil farroshi” kirlangan tafakkurni, yuraklarni ma’rifat suvi bilan tozalamog‘i kerak. Rost so‘zning qadri baland bo‘ladi. Qutlibeka opa bir vijdoni pokiza inson, mo‘tabar ona, so‘zi qutli shoira o‘laroq odamlarga, tevarak-atrofiga beparvo emas. Deylik, ko‘cha yoqasida yoqalashayotgan ikki yigitni ajratish uchun Qutlibeka opa o‘zida kuch, jur’at topadi. “Sen menga, men senga tegmasang bo‘ldi”, ma’nosida har qanday yo‘lovchi indamasdan o‘tib ketishi mumkin bo‘lgan shu joyda opa bir zumga to‘xtaydi. Buning uchun esa odamga mehr kerak, odamni yaxshi ko‘rmoq lozim. Tasavvurimcha, Qutlibeka opa ismiga jur’at-jasorat so‘zi sinonim bo‘lishi mumkin. Qolaversa, opa e’tirof etadiki, “Mening dushmanim yo‘q shaytondan boshqa”. Yaxshiliklardan, jasur yurak sadolaridan quvonib yashish – bu go‘zal fazilatdir.
Shoira Zulfiya Mo‘minova “Qutlibekam, qutlug‘ bekam, Ey so‘zlari o‘tlug‘ bekam”, deb yozadi “Bolaga kitob bering” to‘plamida. Kitobga nom bo‘lgan she’rning o‘zi har bir xonadonga kirib bordi. Har ijodkorning o‘z tabiati, badiiy tafakkur tarzi, yurak kechinmalari bo‘ladi:
“Onam oyning qizi – oyshahar edi,
Otam tog‘ning o‘g‘li – toshchaynar edi.
Onam ohularning ko‘zidan o‘pib,
Otam ayiq bilan tosh o‘ynar edi”.
Zulfiya opaning she’rlarida onaga ta’zim, otaga sog‘inchli murojaat, o‘ziga berilgan “men kimman, kim bo‘ldim” kabi savollari, turli vaziyatlardagi o‘y-kechinmalari shunchaki yozilgan emas va ular o‘quvchini sergak torttiradi. Bular samimiy, chin va “momiq she’rlar”dir. O‘zbekiston, Toshkent, Samarqand, Narpay – barchasi Vatan va ona zamin, tuproq, deb urib turgan bitta yurakning aks sadolari… “Bolaga kitob bering” kitobidagi esselari ham she’rlariga o‘xshaydi. Zulfiya Mo‘minova ijtimoiy hayotda faol, ba’zan anjumanlarda qatnashadi; gohida ma’naviyat-ma’rifat karvoni bilan hududlarga chiqadi. To‘g‘risi, shoirni bilish uchun hamsafar bo‘lmoq kerak.
Mirzo Kenjabek bilan Dosho‘g‘iz safarida she’riy turkumlar to‘g‘risida gaplashdik. Gurunglar asnosida “Hayot sadolari” to‘plamini berdi. Kitob “Olamda boshqa hech O‘zbekiston yo‘q”, “Hayot sadolari”, “Termiz sadolari”, “She’riyat erkinlik esdaligidir”, “G‘azal oqshomi”, “Sheroz ilhomlari”, “Yangi bitiklar”, “To‘rt devor” kabi yetti turkumdan tarkib topgan. Mirzo Kenjabek nafaqat she’riy kitob strukturasiga, balki vaqtli matbuotda e’lon qiladigan she’rlarini ham shunchaki taqdim etmaydi, turkumlaydi. Bu xususda ustozlaridan biri Erkin Vohidovdan saboq olgan.
Mirzo aka safar asnosida “Xorazm va Ko‘hna Urganch turkumi”ni yozdi.
“Tarixlar qa’ridan kelur bir faryod:
Faqat haq qoladi mangu, barqaror!
Adolatdan boshqa barchasi — barbod,
Muhabbatdan boshqa barchasi — bekor”
Mirzo akaning she’rlari tuyg‘u falsafasidir. Misol:
“Gohida zolimman, gohi odilman,
Gohida g‘ofilman, gohi oqilman.
Birovdan og‘rigich dilim yo‘q mening –
Dilin Haqqa bergan mirzo bedilman”.
Marhamat, misradagi dili ham, mirzosi va bedili ham ayni she’rning naqshi-bezagi.
O‘ziga malomatlar, o‘zini tergashlar, o‘zni tekshirishlar Mirzo Kenjabekning yangi davr she’rlariga xos. She’rlarida bir so‘zga bir necha ma’nolar yuklagan o‘rinlari bor. Tabiiyki, bu jarayonda she’rning mumtoz qoidalariga doim amal qiladi. Shoir mumtoz allomalar nazm bulog‘idan suv ichadi. Ularga murojaatlari ko‘p. She’rlarida zamon va tarixni eng nafis so‘z rishtalarlari bilan bog‘laydi. Mirzo Kenjabek she’rlarini anglash uchun, deylik, Termiz va termiziylarni, Buxoro va buxoriylarni, Qusam ibn Abbosni, Mahmud As’ad Jo‘shonni – umuman, tarix va tarixiy shaxslarni, dinimizni puxta bilish lozim.
“Mirzo! Kim pokroqdir sahobadan ham?-
Dilim xarob bo‘ldi xarobadan ham,
Bas, o‘n besh asrlik masofadan ham
Hazrati Umarni sog‘inar ko‘ngil!”.
Nazarimda, harzati Umar roziyallohu anhuni nima uchun shoir va insoniyat sog‘inishi sabablarini o‘quvchi anglay oladi. Shoir kechinmalari, tuyg‘ulari ulug‘larga, saboqlarga, ziyoratlarga borib taqaladi. Nazarimda, Mirzo Kenjabek uchun she’r yaxshilikka, komillikka chorlov, bema’nilik, yomonliklarga g‘ov — amri ma’ruf va nahyi munkardir. Bu tushuncha mumtoz sharq poetikasi va, umuman, adabiy-nazariy mezonlar o‘lchoviga ko‘ra to‘g‘ri hamda o‘zining mustahkam asosiga ega.
Berdi Rahmat Ko‘ktoshning “Sukunat qo‘shig‘i” ltmish besh yoshi munosabati bilan tartib berilgan majmua. Kitob she’rlardangina iborat emas. Bitta drama, tarjimalar, yaxshi xotira-maqolalar bor unda. Bu ham Berdi Rahmat akaning o‘zini o‘zi sarhisob qilishi, albatta. Shoir ko‘ngliga qarata: “Boyligining sening — so‘zdir”, deydi. Haqiqat shoirning umidi. “Tong otishi – umid, Kun botishi – og‘ir…” — shoir yaqinlarini shunday xotirlaydi.
So‘zga oshiq bo‘lgan odamning ijodi – bu botindagi diolog. Ijodda o‘zi-o‘zing bilan tortishasan, bahs-munozara yuritasan, nimanidir tasdiqlaysan va nimanidir inkor etasan. Bu ham ijodning tugal ta’rifi emas. She’r odamlar qalbiga yaxshilik urug‘ini ekib, yomonlik urug‘ini tubi bilan qo‘porib tashlashi kerak. Yaxshi so‘zni targ‘ib etmoq, yomon so‘z va amallardan olis ketmoq lozim. Bu ham she’riyatning cho‘ng vazifalaridan biri.
Abdurazzoq Obro‘y parodiya va hajviy she’rlar ustasi. Uning bu yil “Hozirgi oshiqlar”, “Afandining afandilari” va “Boyagi-boyagi…” degan kitoblari o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Ba’zi vaziyatlarda adabiy tanqid va targ‘ibning ishini Abdurazzoq Obro‘y yozgan parodiyalar, pisandalar, kinoyalar bajaradi. Abdurazzoq aka o‘ziga g‘ayritabiiy, sun’iy va gohida ma’qul kelgan she’rlarni ham parodiya qiladi. Shoirnig dardi haqiqiy she’r. U haqiqoniy she’rni sog‘inadi:
“Tingladik chaqiriqlarni,
Angladik hayqiriqlarni,
Bas qiling qiyqiriqlarni,
Qoqindiq, she’rni sog‘indik…
Vatan bizga shu momo yer,
Bug‘doy ekkan bug‘doy non yer.
Ustoz Mirtemir der:
-Qoqindiq, she’rni sog‘indik”.
U o‘zini “Zo‘rmandaga o‘qlangan o‘sha — Men – avtomat Abdurazzoq Kalashnikov!” deb atabdi. Abdurazzoq Obro‘y she’rlari maishiy hayotga yaqinligi, soddaligi bilan ajralib turadi.
Ismat Sanayevning “Ana qiziq, ana” kitobini o‘qidim. Undagi she’rlar so‘z o‘yini asosiga bo‘lib, bu adabiy hodisa sharq mumtoz poetikasida “qalb”, “maqlub” deyiladi. Alisher Navoiy hazratlari uni oson bo‘lmagan “mushkul san’at” deb hisoblaydi. Bu hodisa dunyo adabiyotshunosligida “palindrom” deb nomlanadi. I.Sanayev juda ko‘p izlangan, turli so‘z o‘yinlariga, bo‘g‘in, tovush, raqamlarga, so‘zlarni teskari o‘qilishlari va she’riy misra tarkibida keladigan bo‘g‘inlarning o‘rin almashishlariga diqqatni qaratadi. Tabiiyki, bunda shakl ba’zan birinchi o‘ringa chiqadi. Palindrom — bu fikr, mantiq mashqlari. Unda ma’no-mazmunga zaha yetmagan ravishda so‘zdagi kutilmagan holatlardan yangi ma’nolar chiqishidan o‘quvchi zavq topadi. I.Sanayev kitobi so‘zboshisida “maqlubot” san’atining sharq va g‘arb adabiyotidagi o‘ziga xos nazariy jihatlari haqida yaxshi tadqiqiy ma’lumotlar beradi…
Bu yilda bosilgan she’riy kitob ko‘p, ular ischida sirlar bor. Ular sahifalarida har bir inson qalbi, yurak sadosi aks-sado beradi. Har kimning she’ri misoli farzandi, dilbandi. Unda yomoni yo‘q. Aslida she’rning ham, shoirning ham yomoni bo‘lmaydi. Boshqalar diliga moslari, umumpafosiga ko‘ra umuminsoniylar va she’riyat muhibi qalbiga bir oz yo‘l topa olmay turganlari bo‘lishi mumkin.
-2-
Shoirning kechinmasi, his-tuyg‘usi, tushunchalari, yurak urishiga munosib mavzu topa olishi muhim. Mavzu suv yuzida qalqib yuradigan o‘lik baliq emas. Mavzu daryo tubidagi oqimlarda tirik baliqdek istiqomat qiladi (R.Hamzatov fikri). Chin shoir uni o‘z sezimi-intuitsiyasi bilan topadi.
Bu yil turli adabiy mavzularini muhokama qilgan Rauf Subhonning “Oqibat”, Ashurali Boymurodning “Uchinchi Uyg‘onish”, Asror Mo‘minning “Navoiynoma”, Zikrilla Ne’matning “Bobomdan meros bog‘lar”, G‘ulom Egamshukur “Qog‘ozlar hayqirig‘i”, Z.Ro‘ziyevaning “Vasfimda Andijonim”, Muhiddin Omonning “Kuz sonatasi”, Humoyunning “Gulbog‘”, Dilshoda Saidolimovaning “Xayolim guli”, Gulchehra Shahobiddin qizining “Qanus qo‘shig‘i”, Zokir Xudoyshukurning “Ko‘ngil manzaralari”, Zilola Xo‘janiyozovaning “Sog‘inch shivirlari” kabi she’riy kitoblari chop etildi. Ularning hajmi, mundarija ko‘lami turlicha, ammo har birida o‘zi aytar so‘zi borligi sezladi. Xususan, Vatan madhi, Vatan sog‘inchi, Yangi O‘zbekiston, ona zamin, tabarruk tuproq kabi tushunchalar “ajdodlardan meros qo‘rg‘on” sifatida (Z.Ne’mat), tavsiflanadi.
Rauf Subhon — yuragi butun, oriyati kuchli va oqibatli shoir. Rauf akaning ajoyib tabiati bor. Qo‘shni edik, ko‘chib ketdi, allanima yo‘qolgandek bo‘ldi. Joyiga ko‘chib kelgan kimsa – mutlaqo boshqa olam. Rauf Subhon she’rlarida allaqanday sokinlik bor. Ochilmagan qo‘riq. She’rlari ixcham, lo‘nda. “Polvonga” she’ri besh so‘zli: “Oldin nafas, Keyin zarb, sas”. Ruhiyati kuchli. Bilganim, sharq yakka kurashlari bilan shug‘ullangan Rauf Subhon ko‘pincha yolg‘izlikka moyil ko‘rinadi. Yoltoqilikni yoqtirmaydi. Baland kulgusi bor. So‘zsiz kulgu u. Shu beg‘ubor va bama’ni kulgusi bilan juda ko‘p kimsalardan yuqoriga ko‘tariladi. Shamoltegirmonlari guv-guv aylanayotgan zamonlarda chin do‘st qahat bo‘ladi. Yo‘q! Topilmaydi. Rauf Subhon ko‘zimga hamisha jonajon ikki shoir do‘stini sog‘inib yurgan odamga o‘xshab ko‘rinadi. Do‘sti tilidan uning so‘nggi she’rini yozibdi:
“Yuzimda kuz yo‘laklari-
Yaproqlar xor, umri payhon.
Tutindim do‘st shamollarga
Hamrohim bor xazonlardan.
Assalom alaykum! Hey, do‘st!
Do‘stginam, dard qalashgan-da,
Yotay biroz, o‘xshayapman
Fikrimdan sal adashanga…”. Ikkinchi do‘stini: “So‘zi qilich, Qalbi quyosh…”, deb ta’riflaydi. Insonning insonlar xotirasida yaxshi inson o‘laroq yashashi Rauf aka uchun muhim. “Bryus Li” she’ri ham shu fikrga asoslanadi. Bir falsafasi ma’qul keldi. She’r yurakdan qog‘ozga to‘kiladi, ammo uning asliyati baribir yurakda yashaydi. Qog‘ozdagi she’r yurakdan olingan nusxa, xolos.
“Vasfimda Andijonim” to‘plamidagi har bir she’r Z.Ro‘ziyevaning el-yurti va uning ulug‘lariga ehtiromi o‘laroq maydonga kelganiga guvoh bo‘lish mumkin. Ota shahri uning she’rida xuddi insondek hayratlarga cho‘madi. “Yaproq uzra titrak tomchi – jolang ko‘p, Hayratlaring yuqqan shoir bolang ko‘p”. Darhaqiqat, shunday.
Abdumajid Azimning to‘rt jildlik “Tanlangan asarlar”i tarkibiga “Qiyom pallasi”, “Mangu yo‘lovchi”, “O‘zbeklarim” va tarjimalari jamlangan “Qora quyosh” nomli kitoblar kiradi. Bu shoirning ijodiy biografiyasi, ya’ni 1978 yildan to 2022 yilgacha bo‘lgan ijod namunalari tanlab jamlangan. Abdumajid Azim shiddatli, yorug‘, lo‘nda, “onadek munis” so‘z izlaydi.
“So‘zlar bo‘lsa navqiron, boqiy,
Daryolarday toshqin va uyg‘oq.
Ayrilmasam ulardan toki
Ko‘zlarimga to‘lgancha tuproq”.
Boqiy so‘z – shoir orzusi. Ikkinchidan, Abdumajid Azim so‘z izlayotgan “mangu yo‘lovchi”dir. Dunyoda qo‘noq bo‘lgan yo‘lovchining yo‘l yurgani sari yo‘llaridan qavat-qavat yo‘llar chiqadi. Shoir — yaxshilik, ezgulik, to‘g‘rilik, haqqoniyat yo‘lini sog‘inadi. Uning ta’biricha:
“Dalli daryo ekan umr degani, —
Umr degani cheksiz, tuganmas yo‘l!”
Ha, shoirlar bahosi uchun hamisha shunday metaforik tafakkur muhim va qadrli.
Abdumajid Azimning ko‘p she’rlari o‘zlik haqida, uning lirik qahramoni “men”ligini bayon etadi. Ba’zan esa “Usmon Nosir so‘zi”, “Uyg‘on, Turkiston”, “Onalar yig‘laydi”, “O‘ttiz yettinchi” kabi she’rlarida ijtimoiy-tarixiy muhitni muhokama etadi.
“Kuyibman, shunchalar, yomon kuyibman,
Yashashning zavqidan erta to‘yibman,
Azobim, men seni shuncha suyibman,
“Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibman”.
“Cho‘lponga ergashib” nomli ushbu she’rda shoir dardlari yurak prizmasidan o‘tadi. Abdumajid akaning turli yillarda turli holat, kayfiyat, munosabat bilan maydonga kelgan she’rlari – katta bir xazina. Shoirning “Tanlangan asarlar”i salkam yarim asrlik hosil, xirmon. Unda shoirnig mahorati, san’ati, tafakkur tarzi, dardu armonlari, quvonchu sururi – ijodiy umri, she’riy hayoti yo‘li aks etadi. Jildliklarni tadqiqotchi-adabiyotshunoslar, tadqiqotchi-tarjimashunoslar tizimli o‘rganishi, kuzitishi va munosib bahosini berishi lozim, deb o‘ylayman.
Jonlantirish ulkan poetik san’at. Narsa-predmet, buyumlarning tashxislashuvi va bu jarayonda qalamning, xususan, qog‘ozning tilga kirishi, ayniqsa, hayqirishi ham muhim. G‘ulom Egamshukur “Qog‘ozlar hayqirig‘i” kitobida “She’r – millat ruhi” deb yozadi. Shoir – inson. “Uni g‘am yig‘latar, quvonch kuldirar”. Quvonchdan shoirlar yuragi hapqirib o‘lishi ham mumkin. To‘g‘ri. She’rning tug‘ilish jarayonlariga doir ta’riflari ko‘p. She’r — kayfiyat mahsuli, his-tuyg‘ular sasi-sadosi, she’r fahm-farosat va aql hosilasi. She’rda shoirona tuyg‘ular galareyasi, insoniy a’mollari aks etadi. She’rning yo‘li ham, yuki ham og‘ir. She’r shuurdan, shoirning yurak zarbidan to‘raladi.
Muhiddin Omonning “Nazm bo‘stoni” ruknida “Kuz sonatasi” kitobi chiqdi.
“Oydin xayolimning jo‘shqin shiddati,
Totli tuyg‘ulardan toshgan muhabbat.
Oshiq yuragimning haqqi-hurmati,
Men senga shaydoman, She’riyat”.
Shoirona iqror, e’tirof, samimiyat bu; ko‘rkam so‘zga ehtirom shu. Kitobda Muhiddin Omonning “Ishq — dildagi abadiy bahor” kabi sog‘inchlari, “Bandai ojizman nafsning qoshida, Tavba yo‘lin ko‘rsat, hidoyat bo‘lsin” singari tazarrulari, o‘ziga taskinlari, birovga maqtovlari ifodasini topadi.
Adabiy jarayonda Rustam Musurmon faol. “Bir juft so‘z” kitobida ijodining tadrijini kuzatish mumkin. Rustam “she’rni ijrosi qiladi” (A.Oripov ta’biri). Ijroda yuragi, tili, dili – umuman “ruhining dovushi“ va butun vujudi qatnashadi. “Yurak mening duldulim” – deganida inson yuragining urayotgan tovushi eshitilgandek bo‘ladi. Tovushlar tabiatini sezish sezimi kuchli. Ularga jon bag‘ishlaydi. She’riy misralardagi bo‘g‘inlarga, qo‘sha-qo‘sha tovushlar va ularning takroriga shoir ko‘ngil dardini joylaydi:
“Gull ekurman jahoo-na
Gulzoor o‘l-ma-gun-cha-h….
Joon chekurman jo-noo-na
Dil-door o‘l-ma-gunn-cha-h…”.
Rustam Musurmonning so‘zda o‘zi tanlagan, anglagan yo‘li bor: o‘rni kelganida so‘zlarni parchalaydi va ularni ritmik ohang vositasida butunlashtiradi. “Qo‘riqchi”, “Xirgoyi”, “Yor kelar yo‘lga qarab”, “Cho‘milish”, “Gul bazmi” kabi qator she’rlari borki, Rustam ohang vositasida hodisa va tuyg‘ular suvratini chizadi. “Titiliii-ib ketsaydim… Katiliii-ib ketsaydim…” – Lirik qahramon o‘zini kitobga, pichoqqa mengzaydi va tovushlarning ketma-ketligi ta’kidni kuchaydiradi. Bu tipdagi she’rlarni faqat Rustam Musurmonga o‘xshab o‘qish lozim.
“Yuragimda bo‘zaydi bir qush:
“Kuk-ku – jonim, qaydasan? Kuk-ku!”
O‘z juftini izlaydi bir qush:
“Kuk-ku — yorim hech qayda yo‘q-ku?!”
Shoir qushlar bilan kukulashib qush tilida so‘zlashadi, xalq bilan xalqona tilda gaplashadi. Juda ko‘p kuzatganmiz, to‘g‘risi, Rustam Musurmon she’r o‘qish uchun sahnaga chiqsa, uning ritmik-musiqiy she’rini tinglashga shaylangan yig‘in ahlida bir jonlanish, bir guvranish paydo bo‘ladi. Rustamning she’ri o‘yinli. Unda misralar o‘yini, so‘z, so‘z birikmasi o‘yini, ochiq-yopiq bo‘g‘in, unli-undosh tovushlar o‘yini — takrorlar bor. Dunyo adabiyotshunosligida mavjud bo‘lgan o‘yin nazariyasi yuzasidan bir qancha adabiy manbalar to‘plaganman, o‘zbek zamonaviy adabiyotidagi shu hodisa tadqiqida Rustam Musurmondan ham misollar olishim o‘rinli bo‘lsa kerak.
Salim Ashur ko‘pdan o‘z she’rlarini muxlislariga taqdim etib keladi. “Mangu el” — Salimning navbatdagi muhtasham to‘plami. Ishq ohanglari yetakchi unda:
“Ey, oshiqlar, menga qarshi tish qayrang,
Hayot yana o‘ylab topdi bir nayrang,
Siz, ey, bulbul, endi menmas, siz sayrang,
Ishq qasrida yo‘qdir bag‘ri butunlar,
Eski dardga oshno yangi jununlar”.
Shoir kitobida shunday “yangi jununlari”dan namunalar bor. Salim Ashur bu kitobidagi “Eski chiroq shu’lalari” turkumiga kirgan har bir to‘rtlikka nom qo‘yilibdi: “Onam”, “Suv”. “Qalb”, “Nasim”, “Qush” … “O‘ttiz yaproq” o‘ttiz yosh sarhisoblariga o‘xshaydi (“O‘ttiz paxsa bo‘ldi men qurgan bino, Tomida o‘tirar mo‘ysafid dunyo…”). Bir qancha she’rlarini “Shimol ohanglari” nomi ostida bir joyga jamlabdi.
Sal kam oltmish betni egallagan uchliklardan iborat “Ko‘hna bahor epkinlari” ham e’tiborli.
“Hayot, mamot to‘qnashdi,
Kamonlarni o‘qlashdi,
Keyin aytib yo‘qlashdi”.
Shakliga ko‘ra barcha uchliklar yetti bo‘g‘inli va ulardan “Devonu lug‘atit turk” asarining qadim ohanglari keladi. “Ayuv” – “ayiq”, “ko‘moch” – “non”, “alang” – “er, maydon”, “qarmashdi” – “janjallashdi” kabi juda ko‘plab unutilgan so‘zlarni uchliklarda tarkibida qo‘llaydi. Tabiiyki, bu noyob so‘zlar o‘z-o‘zidan o‘quvchi xayolini olis moziy sarhadlari tomon olib ketadi… Shu fikr bilan andarmon bo‘lib yurgan pallada uchliklarning “Tafakkur” jurnaliga taqdim etgan nusxasida Salim Ashurning “Devonu lug‘atit turk”ka havasmand bo‘lgani xususidagi o‘z e’tirofini o‘qidim: “Asarning bepoyon kengliklarida millatlar, el-elatlar, yurtlar sochilib yotibdi. Tarixlar, orzular, xayollar sochilib yotibdi. Ochilgan, sochilgan so‘zlar vatan qidiradi”. Darhaqiqat, kitobiga kiritilmagan bu fikrlar mening ta’bim va taxminimga mos kelganidan quvondim, to‘g‘risi…
So‘z zahmatkashlarida she’riy ta’b bo‘lishi lozim. Bahodir Qobulning nasri uslubiga ko‘ra individual. Yashirin bir tanlovda biror joyda e’lon qilinmagan hikoyalardan biri Bahor Qobulga tegishli ekanini hech qiynalmay uslubidan topgan edim. Bu yil ixchamgina “Salom, Turkiston” nomli turkulari – ruhiy kayfiyatlarining nazmiy ifodasi nashr bo‘ldi. Unda sanab ko‘rsam, yigirma bitta “bitik” bor. Yigirma birinchi asrga tortiq. Yosh ijodkorlarning Zomin qurultoyi qatnashchilariga bag‘ishlangani doston hajmiga ega. “Bir yelka Oyqorim, biri Shunqorim, Assalom, Turkiston, assalom, orim”, degan misralar bilan tuganchiga yetadi she’r. Bunda tarix tilga kiradi va yoshlarni moziydan saboq olishga chaqiruvi bor ijodkorning. Bahodir Qobul so‘z izlaydi, topadi, zavqlanadi va o‘z asarlari tarkibiga kiritadi. Bu – yaxshi. Adabiy til shu yo‘l bilan boyib boradi.
Bu yil nashr etilgan kitoblar orasida o‘zining noan’naviyligi bilan yana bir kitob e’tiborni tortadi. Safar Olloyorning ikki jildlik “Tanlangan asarlar”ining “Qalb saltanati” nomli ikkinchi kitobini qo‘lgan oldim. Bu shoirning eshsonetlari jamlangan she’riy majmuasi. Har bir sahifada bitta sonet va yana bitta qo‘shsatr berilibdi. Kitobda besh yuzta sonet va besh yuzta qo‘shsatr – she’rlar bor. Men uchun qiziq bo‘lgani kitobning ayni strukturasi barobarida ularning qog‘ozga tushgan payti – daqiqalarigacha yozib qo‘yilgani bo‘ldi. Safar Ollayor besh yuzta sonetni 2017 yilning 11 dekabridan 2018 yilning 19 apreli oralig‘ida yozadi. To‘rt oy davomidagi doimiy ijod. Kuniga taqsimlansa, to‘rtta-beshta sonetga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, ba’zi kunlarda she’rsiz, lekin shoirning shunday barakali kunlari borki, deylik 2017 yil 14 dekabrida o‘n beshta sonet yozilibdi. Ba’zilarining oralig‘i 15 daqiqa yo ko‘proq. Nima demoqchiman? Biz adabiyotchilar uchun ijodkor va ularning labaratoriyasini dunyo adabiyotshunosligida mavjud bo‘lgan statistik, psixobiografik, fenemologik metodlar asosida tekshirishlarda bunday belgi-alomatlar zarur bo‘ladi. Ko‘plar o‘ylashi mumkin: sermahsul, ulkan xirmon, xo‘sh, mazmuni qanday deb? Shakli italyanlardan tarqalgan sonet janri talablariga mos. Tarkibi ikkita katren va ikkita tersetidan iborat. Qofiyalanishga ko‘ra sonetning farangcha turiga mansub. Muhimi, shoir kitobi sirtiga olib chiqqan “qalbi”, ko‘ngli bilan juda ko‘p muloqotlar qiladi. Go‘zal insoniy fazilatlarni ulug‘laydi. Yozadi:
“Hidoyat yo‘lidan og‘ishtirmagay,
Odamlik – to‘g‘ri yo‘l abadiyatga.
Bog‘liq bo‘lganiday amal niyatga
Yaxshi inson yomon yo‘lga yurmagay…”.
Yaxshi inson, yaxshilik, ezgulik, komil bo‘lish va uning madhi hamda shu yo‘lga chorlov Safar Ollayor niyati. Abdulla Oripov “Safarjon! Sen yaxshi shoirsan. Doim yaxshi bo‘l”, degan tilak yozgan ekan. Ulug‘lar tilagi duodek gap. Uning amali esa orasta ijod. Safar Ollayor yozganlari “qalb mahsuli”, uning niyati ham uluvg‘or “olamni qalami bilan zabt etish”. Bu har kimda bor tuyg‘u. Besh yuzta yozishga oldidan niyati qilingani haqida 184-sonetda aytadi: “Kamina besh yuzta sonet bitarman”. Safar Ollayor yangilikni, yangi shakllarni va an’analarning yangilanishlarini xush ko‘radi. Buni nazarda tutish va tadqiq etish lozim.
Ikrom Iskandar she’rlarida so‘z o‘yinlari kuzatiladi. Avvalgi she’riy kitoblarida “qo‘y” – “yo‘q” bo‘lib, “ovsar” – “rasvo”ga do‘ndi va “nodon”- “nodon”ligicha qolgan edi. Bu palindrom hodisasidir. Bu yil bosilgan “Noma’lum nomalar” kitobining nomidayoq ikkita “noma” o‘quvchi e’tiborini tortadi. Kitobda “qalb” she’riy san’ati qo‘llangan o‘rinlar ko‘p. Tovush, bo‘g‘in va so‘zlarning o‘zaro o‘zakdosh, tazod yoki tajnis so‘zlar, tovushlarning uyqash va ohangdosh kelishini sinchkovnazar odam ilg‘ab oladi. So‘zboshida Eshqobil Shukur, so‘ngso‘zda Dilmurod Do‘st ulardan o‘rinli misollar keltiradi. To‘g‘risi, sharq mumtoz poetikasida “iqlob” o‘laroq nomlangan shu badiiy san’atining inqilobi — “to‘ntarilish”ida ma’no tovlanishlari va mazmun o‘zgarishlari muxlisga zavq beradi.
Ikrom Iskandar his-tuyg‘u, tushunchalari ifodasi uchun turli usullarni qo‘llaydi, uning she’rlarini bir xil qolipga solib baholash qiyin. Shakliga ko‘ra “mumtoz navolari” ham, erkinlik epkinlari ham, qat’iy qofiyalangan va “besh so‘z”li tajribalari ham bor. Bular shoirning shaxsiy ko‘ngil kechinmalari; bundan “inson qalbiga yo‘l topishdek mushkulotlar” ko‘zlanadi. She’r — ko‘ngillarga yo‘l izlash mashqlari. She’r — ko‘ngil yo‘li va yo‘ldagi turfa fasllar tavsifi. Kitobidagi she’rlar Ikrom Iskandar “ohining ohang”laridir. “Kutaman” tarkibidan “tama” ko‘tarilsa yoki “kutilgan” ichdan “tilga” chiqsa, har ikki so‘zdan “kun” qoladi. “Kun” ham semantik jihatdan ko‘p ma’noli so‘zdir. Bunday o‘rinlarda beixtiyor arabiy imloga asoslangan mumtoz adabiyotdagi “ko‘z”ning “ko‘r”, “iymon”ning “yomon”ga do‘nish hollari yodga tushadi. Bir o‘rinda “ro‘yo”ning “ro‘yob”ini kuzatar ekansiz, keyinroq “shukr” bilan “shokir”ning o‘zaro ishtiqoqiga guvoh bo‘lasiz. I.Iskandar shu adabiy vositalarga ma’no beradi. “Bitibdurlar” (yozmoq ma’nosida) bilan “bitib durlar” (so‘z durlarini marjondek tizmoq), “ay, yor” (murojaat) bilan “ayyor” (“shum, quv” ma’nosida) kabi yoki “Siz – bahor ko‘ksida ochilgan gulsiz… Men bahor ko‘ksida ochilgan gulsiz” singari misralarda kelgan tajnislar yaxshi topildiqlardir. “Qahraton qahridan qarorgoh qurgan”, “izlarimda izg‘ir izg‘irin” yoki “toqatning toqati toq bo‘lar” kabi alleteratsiyali misralardagi tovushlar bilan birga bir qancha bo‘g‘inlar takroridan joziba, ohang yuzaga keladi. Shunday lafziy san’atlar qo‘llangan satrlarni kuzatganda adabiyotshunoslik diakretik alomatlar, sinib butunlashgan qatorlar, unli va undosh tovushlar tabiati, yupqa-qalinligi, rang-tusi, sirg‘alishi va tirtashi, mazmun-mohiyati yuzasidan immanent izlanishlari yo‘liga ham o‘tishi kerak, degan fikr paydo bo‘ladi. Shunda bir tovush tashvishi va shavqi, biror tovush farqi va yuki, bir tovush adami, alami va olami odamni o‘yga toldiradi. Shoir – yuragi, qalbi uyg‘oq odam. Onalari alla aytganida ham “Uyg‘oq bo‘lsin yuraging, Alla bolam, alla-yo”, deb aytadi. I.Iskandar ushbu she’r kitobiga xos bo‘lgan yana bir xususiyat lirik qahramon o‘z “men”ini ikkinchi shaxs vositasida ifoda qiladi. Ko‘p vaziyatlardan “men”dan “sen” yoki “siz”ga yo‘naltiriladi. Bunday morfologik xususiyat “kipirging, qoshing, soching, xoling, qalbing” kabi ifodalarda kuzatiladi. Biri-biriga o‘xshash, o‘zaro o‘zaklari yaqin so‘z va ba’zan qarama-qarshi ma’noli so‘zlar negizida ishtiqoqmonand badiiy san’atlarni qo‘llaydi.
Nosirjon Jo‘rayevning “Aksincha” kitobi bosildi. Inson umrining adabiyotda qiyoslari ko‘p. Kirish va chiqish, ya’ni ikki eshik orasi, mehmon, uzun yo‘ldagi bir bekat, “o‘ngdan chapga boqqancha” fursat. Nosirjon topgan tashbehi esa: “Ikki misra she’rdek qisqa hayot”. She’rlari ishq-muhabbatlari, hijron va visollari bilan o‘ziga xoslik kasb etadi.
“Bir quchoq gul bir tutam xas bo‘lguncha,
Ya’ni gul umrimiz abas bo‘lguncha,
So‘nggi boqish, so‘nggi nafas bo‘lguncha
Vaslu hijron o‘rtasida yengilmam…”.
Menimcha, shoir zoti hamisha o‘zini, o‘zligini muhokama qilayotgan taftishchidir. Nosirjonga shunday hissiyot begona emas. Ahli qalam o‘z zimmasidagi missiyani bilib turgani va uning usuli-yo‘lini topib izhor qilgani ham ma’qul:
“Yaratgan yelkam uzra qo‘ygan yuk bor – shoirman.
Ko‘ksimda yurak otli bir kuyuk bor – shoirman.
Dilimda haqiqatdek eng buyuk bor – shoirman.
Men yolg‘on davralarga fayz bergani kelmadim”.
Yuragi haqiqat deb urayotgan, ichkarisida kuyugi bor odam so‘z odamidir. Shoir shaxsiyatiga haqgo‘ylik, to‘g‘rilik fayz bag‘ishlaydi. Ora- orada shoirning o‘zi ham “Men bag‘oyat san’atkor Kuzman” deganicha faslga emas, ramz-obrazga aylanadi. Bunday she’rlarda “men” kuz siyoqiga evriladi.
Menga N.Jo‘rayevning so‘zga xitobi ma’qul keldi:
“Ey so‘z, hadding bil, tamom!
Ko‘nglimga shaytonga xos
Ilm bo‘lib kelmagin”.
Bu tarzdan shaytondan panoh tilash muhim a’mol. Insonga toqati ko‘taradigan darajada dard kelsa, sabr qila oladi. N.Jo‘rayev buni anglaydi va g‘am-anduhga: “Haqqa ters borguvchi Yo‘lim bo‘lib kelmagin”, deb murosa yo‘lini taklif etadi. Qani, u taklifga ko‘nsa…
Oydinnisoning “Arafa” kitobiga she’rlar va ikkita doston kiritilibdi. Dostonlaridan biri “Afv”ni avval o‘qib, bir-ikki gap aytgan edim. She’rlarini o‘qidim. Shoiraning sevinch-quvonchlari, iztiroblari, “men”ini izlashlari va o‘ziga, o‘zligiga savollari kuzatiladi. “O‘zimdan o‘zimni izlayotgan — men”. Odam o‘ziga nazar solsa, topadi.
“Bir maysa hayoti mo‘jizasini
his etib, Xudoni taniyotgan – men.
Dunyoni titratgan ko‘zyosh sasini
tinglayolmay, qalbsiz tanda yotgan – men”.
Bu hol ko‘pchilikda bor. Tan uchun ruh va qalb muhim. Qalbi tirik odamgina hissiyotli, hayajonli bo‘ladi. Tinglaydi, qalb ko‘zi bilan olamni ko‘radi, yig‘i sasini eshitadi. Qalbi uyg‘oq, ruhi tetik va bardam odamgina tiriklar qoshida haqiqatni aytishi mumkin. Chunki shoira aytmoqchi: “Axir o‘liklarning qoshida rost so‘zlashi mumkin har qanday odam”. Oydinniso she’riy misrlarida baland tog‘lar, “boshi uzra osilib turgan” osmon, oyog‘i ostida, koptokday “tepilib o‘ynalgan” zamin, oftob nurlari va unga yondosh “sahroyi bulutlar” hamda “muattar havo” singari hissiyot ramzlari kezib yuradi.
Yozayotganlar o‘zlari nimalar yozayotganini bilishadi. Deylik, hazrat Alisher Navoiy o‘zini bilgani uchun “G‘azal mulkida chun qilding xirom, So‘z ahilga so‘z demoqni qilding harom”, degan. Abdulla Oripov umr bo‘yi targ‘ibotchilarga ehtiyoj sezmadi. 80-yillarda: “Tanqidchilar men haqimda nima desa desin, ammo men nima ish bilan mashg‘ulligimni o‘zim juda yaxshi bilaman”, degani hamon esimda. Hamma zamonlarda ijod bu individual hodisa o‘laroq bunyod bo‘ladi va kamol topadi; yillar, asrlar suronidan o‘tgandan keyin ma’naviy-ijtimoiy, adabiy-umuminsoniy mazmun kasb etadi. Insoniyat mulkiga aylanadi.
She’r yozishni o‘rgatib bo‘lmaydi, ammo yozmaslikdan maslahat berish hech qachon ortiqchalik qilmaydi. Ijodkor gohida adabiyotchilardan maqtov, munosabat, qarsaq kutishadi. Ijodining umrboqiyligi uchun patta tilashadi. Bu holni men bahorda dehqonning yeriga chigit urug‘ini qadab, yershunosdan shu yerdan gujum o‘sib chiqarmikin, degan iltijoli, mo‘ltirab turishiga o‘xshataman. Chigit urug‘idan bahaybat gujum emas, balki g‘o‘zapoya o‘sib chiqishini paxtakorning o‘zi juda yaxshi biladi.
-3-
Bir sifatlash bilan she’riy kitobga haqqoniy ta’rif berish gohida qiyin. Mavzulari, yozilgan payt va kayfiyatlariga qarab she’rda ohang, ruh, pafos kabi unsurlar o‘zgarib turadi. Bu yil Farog‘at Xudoyqulovaning “Muhabbatga ko‘m dilni”, Zilola Xo‘janiyozovaning “Sog‘inch shivirlari”, , Zuhra Begimning “Samarqanddan esgan sabolar” , Muhiddin Abdusamadning “Uchayotgan kipriklar”, Dilso‘zning “Billur tomchilar”, Xayrulla Xolto‘raning “Ko‘ngil ko‘zgusi”, Elmurod Hotam va Shoira Shamsning g‘azallardan takrib topgan “Mumtoz navo shavqi”, Dilro‘zning “Billur tomchilar” va boshqa shu kabi bir qator kitoblari bosildi.
Zilola Xo‘janiyozova ko‘p she’rlari, haqiqatan ham, “sog‘inch shivirlari”dir. Lekin aytganimdek, unda bag‘ishlovlar, yurt sog‘inchi, xayyomona, yassaviyona kayfiyatda yozilganlari bor.
“Bu dunyo bir bozor ekan,
Savdosi g‘am ozor ekan.
Kimga keng, kimga tor ekan,
Kel, ey do‘st, senga tashnaman,
Bu kun men g‘amga oshnaman”.
G‘am-tashvish, anduh, “haq yo‘liga yo‘llangan dil”dagi dardlar, aslida, she’r shundan paydo bo‘ladi. Yoki qalb favqulodda bir farahli tuyg‘ularga oshno bo‘lgan mahalida. “Ortiq ash’or bitolmasman, Qolmadi hech yolg‘on so‘zim”. Beozor, iymon-e’tiqodga zaha yetkazmaydigan yo‘sinda yolg‘on vositasida haqiqatni aytish san’atidir she’riyat. “Rost so‘zimga ishon deb, so‘yladim yolg‘onlarni”(M.Kenjabek). No‘shiravoni Odil zamonida shoirlar yolg‘on yozishiga doir shikoyat rivoyatini ko‘pchilik biladi. Zilola Xo‘janiyozovaning quyidagi gapi haq: “Qismatga isyon – bu gunohi kabir. Bilaman, tavbadir – eng oliy a’mol”. Ijodkor uchun juda jiddiy konsepsiya bu.
Farog‘at Xudoyqulova tinimsiz ishlaydi. Tashkilotchilik ishlari ko‘p. Bo‘sh vaqti yo‘q va shu kechimda, tabiiyki, she’r yozadi. Aslida ijodkor ijod uchun bo‘sh vaqt izlamaydi. Ijodkorning bo‘sh vaqt bo‘lmaydi. Bir xil kimsalar bo‘sh vaqtni — nafaqani kutib yashaydi. Va shu bo‘sh vaqtida asarlar yozishni rejalashtiradi. Men bir hikmat to‘qib qo‘yganman: “Bo‘sh payti yozilgan asarlar bo‘sh bo‘ladi”, degan. Ijodkor band odam, turli mayda gaplardan baland odam, eng muhimi va birinchisi esa ijodkor – banda odam.
“She’rlarimni yirtib oting,
Garchi bugun shahdim past.
Erta she’rim tog‘ ko‘ksiga
Yozgaydirman qasdma-qasd”.
Farog‘at uchun shahdu shijoat, tog‘dek baland bo‘lish muhim.
“Tovlangan, oybaxti yolg‘on dunyoda
She’rim – xaloskorim,
uyg‘oq vijdonim”,
deb yozgan misralari haqqoniyat izhoridir. Ijod ahli uchun o‘zining betakror-original so‘zi – bu umrboqiylik muhri sanaladi.
Muhiddin Abdusamad qisqa yozadi. Qisqalik – mumtoz poetikada so‘zdagi maqom, martaba sanaladi. Atamasi – iyjoz. “Sening tushlaringda yashab ko‘rsaydim” to‘rtta so‘zdan iborat “Orzu” degan she’r. Muhiddin qofiyani uncha xush ko‘rmaydi. Bitta she’rida yozadiki: “She’rlarimni yamab o‘tiribman jimjimador qilib qofiya bilan…”. Bunday yumush bilan shug‘ullanmaydi. She’rga qofiyadan yamoq solmaydi. Shuning uchun ko‘p she’rlarida kechinmani tashbehlab qo‘ya qoladi. Daraxt qushga, uning ildizlari qush panjasiga o‘xshaydi. “Uchib ketmoqchi bo‘ladi daraxt, yaproqlarin qanot deb o‘ylab, changalini botirib yerga”. Keta olmaydi axir. To‘g‘rimi?! O‘ylaydi, xolos. Bundagi daraxt qushmas, orzumand odam! Bu hodisaga parallel metafora mavjud. Bu she’rda poetik vositalar qo‘llanilgan emas. O‘quvchining o‘zi ko‘chimni anglaydi. Muhiddin Abdusamadning “Uchayotgan kipriklar”ida ko‘zning suvrati bor. Ko‘zlar haqida bitiklari bor. Shoirning lirik qahramoni dunyoni ma’shuqasining ko‘zlaridan iborat, deb biladi. Muhiddinning misralarida ko‘zlar quyoshdek porlab, chaqnab turadi va she’rni bezaydi. U bo‘g‘in sanab barmoq bukmaydi, qofiya uchun ichdan kelgan sezimini ortiqcha zo‘riqtirmaydi. Holbuki, salgina izlansa, vaznni ham, qofiyani ham qoyilmaqom qilib joyiga qo‘ya oladi. “Uchayotgan kipriklar” to‘plamiga kirgan “Qaytish”, “Taassurot”, “Tanholikda yuz yil” romanini o‘qib…” kabi texnik strukturasi pishiq-puxta ishlangan she’rlar gapimning isboti bo‘la oladi.
Bu yilgi she’r kitoblarini o‘qishim asnosida juda ko‘p adabiy-nazariy masalalar muhokamasi zaruriy mavzular sifatida paydo bo‘ldi. Ancha yil ko‘rinmay qolib, kutilmaganda qayta paydo bo‘lish, qisqa muddatda ulkan bir turkum she’rlar yozish, shakliy o‘yinlar vositasida o‘z iste’dodi, yo‘lanishlarini ko‘rsatish – bular oddiy gaplar emas. Jamshid Haqberdining “Yuragingga kirib boraman” kitobi bosildi. She’r shoirning tarjimai holi hamdir… Ona sog‘inchi haqidagi she’rlari ta’sirli. Onaning egniga “yangi ko‘ylak kiymay o‘tgan” kabi misralarni o‘qiganda odamning bo‘g‘ziga nimadir tiqiladi va beixtiyor ko‘zida yosh qalqiydi… Bir o‘rinda bunday yozibdi:
“She’r yozmadim, yurak sokin,
Yo tindimi alamlarim.
Nima bo‘ldi, ay jonim-ay,
Arazladi qalamlarim”.
Bu ham shoir biografiyasidan parcha. Ba’zan shoirlarning suvratlari, tarjimai hollari bilan tanishgandan ko‘ra, so‘zlari bilan tanishgan ma’qul. “Teraklar” she’rida “telbaligu o‘rligi”, yuragining ozodligi-hurligidan so‘zlaydi. She’rga kelganda esa o‘ziga o‘zi bahosini beradi ham:
“Teraklarim, siz yuksaksiz,
Mening fe’li torligim bor.
She’r aytishda kamtarmanu,
She’r yozishda zo‘rligim bor”.
Jamshid Haqberdi, menimcha, ortiqcha iddaolarsiz, samimiy va yaxshi shoir.
She’riyatning she’rsiz qolishi yomon. She’r – kayfiyat hosilasi. Ba’zan bilim mevasi. She’r tuyg‘ular sasi. She’r – aql-faham va farosat daraxti. She’rda shoirning dunyoqarashi aks etadi. She’rning yuki og‘ir, she’r yo‘li xatarli. Nasrullo Ergashning “Yo‘lga chiqqan tog‘lar” kitobi bosildi. Nasurlloni Milliy universitetda o‘qigan davridan bilaman. Tasavvurimcha, o‘ziga xos shoir, tabiatida o‘jarlik bor. “Men oddiy bir inson — o‘r shoir edim” – o‘z e’tirofi bu. O‘z bilganidan qaytmaydi. Unga she’r yozishni o‘rgatmoqchi bo‘lganlar bekorga ovora bo‘lishadi. U birovning gapiga quloq solmaydi. O‘z qalibga quloq tutadi. Chunki u shamoltegirmoniga o‘xshamaydi, balki bu “men”lik belgisidir. Gohi:
“Kel, ruhim, bir lahza suhbatga kelgil,
Bir lahza oshkoru xilvatga kelgil.
Ko‘zlarim ko‘zgu qil, boqay bir fursat,
Sen menga o‘zimni o‘zimday ko‘rsat”,
deb o‘zini, ruhini suhbatga torsa, ba’zida musofirlik bobida Zahiriddin Bobur bilan dardlashadi. N.Ergash she’rlarida shaxsiy dard kuchli. Shaxsiy dardi bo‘lmagan shoir boshqalarni ham, ijtimoiy dunyoni ham anglashi qiyin bo‘ladi. Shoir uchun esa nafaqat o‘zini, o‘zligi, balki o‘zgalar dardiga sherik bo‘lib, ular qalbidan joy olish muhim.
Iste’dod o‘z saviyasi, kimdan baland kimdan pastligini, yozgani qancha umr ko‘rishini yaxshi bilishi lozim. Yig‘lab yozganmi, jo‘shibmi, majburiyat ostidami, chin qahqaha bormi yo yozganida? Bular ijodkor uchun juda muhim ruhiy-psixologik jumboqlardir. Ijod ahli yozganini o‘zi o‘qiganida qanday holga tushsa, xuddi shu kayfiyat muxlisga o‘tadi.
-4-
Ilm-fan va ijodning barcha sohalarida yoshlarning iste’dodiga, tafakkuri va tasavvur ko‘lamiga umid qilinadi. Umid bilan qadalgan nihol bir kuni ulkan chinorga aylanadi. Tabiiyki, bunday nihollar parvarishi uchun suv va havo, yorug‘lik va rag‘bat zarur. Nazarimda, ayni zururatlardan bugungi yosh ijodkorlar yetarlicha foydalanishmoqda. Guruh-guruh bo‘lib Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lishlar, dasta-dasta kitoblarining bosilishi, albatta, ularga e’tiborning amaldagi dalolati.
Yoshlar hayot va xayol yo‘llarida ijodni unutmasligi, qalamini qo‘lidan qo‘ymasligi lozim bo‘ladi. Odam hayotning qanchadan-qancha ko‘chalariga kirib chiqadi. Imzanadi – olg‘a yuradi, izlanadi – qalam suradi. Yoshlarning kitoblarini qo‘limga olib, shunday fikrlar xayolimga keladi. Darvoqe, men ularning ko‘plarining ismlari, taxalluslari, ba’zilarining matbuotda bosilgan she’rlari bilan tanishman. Ayrimlaridan adabiy davralarda she’r eshitganman. Ba’zi birlari talablarim – bir-ikki soat saboq berganman. Nima bo‘lganda ham adabiyot — go‘zal san’at tilida gurunglashadigan odamlar o‘tasida begona yo‘q…
Bu yil Jontemirning “Jazba”, Xurshid Abdurashidning “Faqat u qoldi”, Feruza Xayrullayevaning “Tutqun”, Madina Norchayevaning “Qumaru”, Muhammad Siddiqning “Dugoh”, Rafiq O‘zturkning “Ichingda bahor”, Mirzohid Muzaffarning “Mahv” degan to‘plamlari “Akademnashr” nashriyotida bosildi. Bular davralarda she’rlar o‘qib yurgan, ayrimlarining avval kitoblari bosilgan, turli adabiy o‘zanlar sabab ko‘pchilik taniydigan yoshlardir.
Yoshlar she’ri hamisha va tabiiy ravishda ishqli, muhabbatli, hijronli, iztiroblidir. Yoshlikka xos, nafaqat yoshlikka, balki inson fitratiga xos bu ulug‘ tuyg‘u. Yoshlar “Muhabbat bu chiroyli tuzoq” (Jontemir), “Nolam – ishqqa so‘ngsiz qasida” (Xurshid Abdurashid), “Hamon o‘zgarmagan muhabbat rangi” (Muhammad Siddiq), deb yozishlari tabiiy.
Tasavvurimcha, Jontemir — jazbali, jazavali yurak shoiri. She’rlari tarkibida “Men o‘ttizga kirmay qaridim, Milyon yilki o‘lim navqiron” , “Qulga — qamchi, tog‘larga – shamol, Menga faqat hurlik yarashar”, “Oy – qayralgan tunning xanjari”, “Iymon – qilich, nafsni chop, Luqmangni yut halollab” kabi o‘ziga xos quyma misralari bor. “Qaynoqlarim – mahsuli she’r”, ha, uning qalb qaynoqlaridan she’r bunyod bo‘ladi. “Jarayon” she’rida yozadi:
“Erkalaydi shimol nafasi,
Ifor yog‘ar, rayhonni silkit.
Mening esa qo‘zg‘ar havasim
Zanjirini g‘ajiyotgan it”.
Hurlik — har qanday inson qalbida yashaydi. Jontemirning “Ziyorat” she’ridagi itlar bilan suhbatlari tabiiy va maroqli. Uning yaxshi she’rlari tarkibida keladigan bir qancha misralar o‘quvchini bezovta etishi ham bor gap.
Xurshid Abdurashidning ishqiy she’rlari dardli, gohida bu muhabbat tuyg‘usiga shartlar ham aralashadi:
“Firib berib ko‘ydira ko‘rma,
Firoq berib kuydir kuydirsang.
Yengil-elpi suydira ko‘rma,
Oshiq qilib suydir suydirsang”.
Gohida Xurshidning his-tuyg‘ularini aqli aqli izmiga o‘tadi. She’r shabnamdek billur va butun, she’r g‘unchadek yumuq va sirli. She’r daryodek toshqin va tog‘dek sokin. She’rning yuzlab ta’rifi bor. Xurshid fikricha, “She’r – iymonni toblovchi poklik” yoki “She’r – o‘zini izlayotgan Men…”. Bu tasavvur to‘g‘ri va rost, albatta…
Yoshlarda shiddat kuchli. Tafakkur va tasavvur sarhadlari gohida bepoyon ham. Ular izidan shunchaki yurib yetib bo‘lmaydi, har qanday odam chopib yugirmog‘i lozim. Bil’aks kunda o‘zgarayotgan dunyoning rangini, suvratini, manzaralari sezmay qoladi.
Yosh shoirlar uchun bolalikda bobolari aytgan o‘gitlari qadrli:
“Mana shu qirlar
bir kun tog‘ bo‘lar!
Agar odamlar
ustiga chiqqancha tepkilashmasa!”
Feruza Xayrullayevaning bu gapi menga ko‘chimliga o‘xshab ko‘rinadi. O‘yladim: agar qo‘llab quvvatansa, rag‘batlantirilsa, yozganlariga to‘g‘ri tashxis qo‘yib, xolis baho berilsa, albatta, bugungi yoshlar bir kuni adabiyotdagi “tog‘larga” do‘nadilar.
Zero, yoshlar qalbi billur va chinniga o‘xshaydi. Jarangi ham tiniq. Shu jarangdorlik va tiniqlikni orasta saqlash – chin shoirlar saodati. Ba’zan ularning she’rlarida oqqushlarning oy nuridan rang oladi (Rafiq O‘zturk), gohida g‘ussalar kuzdan ilgariroq keladi (Madina Norchayeva).
Biroq “Salom, ey olovtan jahannam”, deyish to‘g‘rimas. Jahannamdan panroh tilanadi, unga salomatlik tilanmaydi. Gohida Iblis yoki jinlar bilan oshno tutingan baytlar uchraydi.“O‘zim — g‘o‘ramanu yozganlarim — xas”, degan malomatlarda ham baho bor, albatta. Balki kamtarlik ham.
Yoshlarning she’rlarida ba’zan isyonli, gunohli, g‘ussali, dardli, jahannamli, dahriylik tilagan hollari uchraydi. Qo‘rqib ketadi odam. Tavba. Beixtiyor xursand bo‘ladi. Chunki tavba keladi biror misrada, umid uyg‘onadi biror o‘rinda…
Har yili she’rlar tinimsiz yozilmoqda. O‘quvchidan yozg‘uvchilar ko‘p. Biroq Matnazar Abdulhakim aytmoqchi “Hamma she’r yozishi shart emas”. Hamma she’r yozishga majbur emas. Yozgan taqdirda ham beto‘xtov e’lon qilaverish kerakmas. Lekin “o‘n sakkizga kirmagan kim bor”, deganlaridek, bu yoshida she’r yozmagan kim bor? Iste’dodlar odamni quvontiradi. Bu soha ilmida talant tarbiyasi, estetik tarbiya; ijodkor psixologiyasi, psixobiografiyasini o‘rganish va ruhiy-psixologik adabiyotshunoslik degan tushunchalar ham bor.
Bu yilda “Birinchi kitobim” ruknida “Adabiyot” nashriyotida chiqqan Alisher Sabriy “Uch nuqta”, Majnunaning “Noyabr ohanglari”, Sevinch Avazovaning “Kulgichimda otadi tonglar”, Humoyun Fattohning “Boshqacha odam” va boshqa yoshlarning she’r kitoblari chiqibdi. Shu yuqorida sanaganlarim mengacha yetib keldi. Har qanday shoirda gohida shukronalikdan ko‘ra nolish, nolon ohanglar bo‘ladi. “Imkonni qo‘ldan berib “Nolishga usta bo‘ldik” (Alisher Sabriy). O‘z holiga teran nazar solganlar shunday deb yozishida haqiqat yo‘q emas.
Agar bu zamon yoshlari Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Abduvali Qutbiddin, Asqar Mahkamga havas qilayotgan ekan, ularning yozganlarida muayyan poetik qoidalar, o‘ziga xos adabiy-estetik tamoyillar bor edi. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, A.Qutbiddinda ruhan poklanish kuchli. Sh.Rahmonning so‘zi zulfiqor qilich. Bu qilich hali hamon yaltillab, hali shu kunga qadar qalloblar boshi uzra o‘ynab turibdi. R.Parfi esa, o‘zining poetik qiyofasini metaforik obrazlar ortiga yashirish orqali namoyon qildi.
Rus adibi Lev Tolstoy o‘zining yosh bir zamondoshiga masalahat berib: “Sen biror kitob yozishni o‘ylading. Uning hamma syujet qirralari tayyor. Kompizitsiyasi, ichki manerasi, pafosi va h.k. Agar shu asarni yozmaslikning iloji bo‘lsa yozmagin-da, balam”, deydi. Yana bir olim aytadiki:“she’r imkonsiz, ilojsiz qolinganda yoziladi”. Deylik, “Yosh Verter”ga o‘xshab.
Nima demoqchiman? Bugungi shoirlarning yozganlarining ma’qul jihatlari ko‘p. Turli poetik san’atlar qo‘llangan. Shakliy izlanishlari ham yomon emas. Vaznu turoqlari ma’qul. Vazinsiz – oppoq, oq qilingan oq she’rlar, verlibermonandlar, mansuramonandlar, parpadoksal, oksimoron, nonsens vaziyatlar – bular ham kuzatiladi. Taqlid ham bor va yozish lozim bo‘lmagan misralar ham ko‘rinadi.
Shoir – bu hamisha nimasidir noto‘kis odam. Ko‘ngli yarim, dili o‘ksigan, ruhiga simbirg‘i berilgan, muhabbati armonli, ishqi hijronli, tirikchiligi haminqadar, ehtimol, erki kishanlangan, bevatan, orzulari ushalmagan – ko‘nglida bir kemtigi bor odamdir. Mahmud Toir “Shoirning orzusi” degan hazil she’rida “Boyvachchadan shoir chiqmaydi”, deb jiddiy gapni yozadi. Boy-badavlat, to‘kis, hech narsaga muxtoj bo‘lmagan odam, agar u ko‘ngil odami bo‘lmasa, u boshqacha odam, u ijoddan, so‘z zavqidan olisdagi odamdir.
Tuganchi: Biz moddiy ne’matlar iste’mol qilamiz. Moddiy ozuqaning yaxshi yomoni, toza-notozasi, har xil navi, halol-haromi bor. Chegara qo‘yilib bo‘lingan. Biz uchun ma’naviy ozuqa ham muhim. Ma’naviy ozuqalar insonning ruhiyatini tarbiyalashi, zavqini, qalbini poklashi lozim. Ma’naviy ozuqa o‘laroq taqdim etilgan asarlar o‘quvchi ruhiyatini bulg‘amasin. Xuddi moddiy ozuqa kabi bu ma’naviy ozuqaning ham pokizasi va aksi bo‘lishi tabiiy. Nazarimda, badiiy adabiyotda biz muxtoj bo‘ladigan ma’naviy ozuqa – bular go‘zali, ko‘rkam, latif, nazif va nazih bo‘lmog‘i lozim. Bunga biror yoqimsiz narsa aralashsa, odamning kayfiyati buziladi. Zavq o‘rnini asabiylik egallaydi. Adabiyot poklikni suyadi.
Alisher Navoiy “Mahbul qulub”da ishq mavzusidan bahs yuritib, uni uchga taqsimlaydi. Eng yuksagi, keyin xoslar ishqi va so‘ngra avom ishqi. Avom — oddiy odamlar ishqining eng baland cho‘qqisi “sha’riy nikoh bilan tuganchiga yetadi”. Bu oddiy odamlar ishqining quyi bosqichalari bor, ularni qalam yozishga andisha qiladi. Navoiy qalami yozishga andisha qilgan narsalarni dunyo qalam ahli she’r yoki roman shaklida yozib shuhrat qozondi. Kidan ibratlanish ma’qul?
Zamonamiz shoirlarida mashrabona, daliyona, so‘fiyona kayfiyatlar seziladi. O‘tmishdagi ulug‘ so‘fiylar — ahli tariqat. Yo‘li, maqsadi — ma’rifatdan haqiqat tomon. Ammo “Shariatsiz tariqatga kirib bo‘lmas”, deydi hikmatgo‘y shoir. Yana ta’kidlaydiki: “So‘finaqsh bo‘ding valek hargiz musulmon bo‘lmading”. Musulmonlik so‘filikdan avval keladi.
Muhtaram qo‘liga qalam tutgan barcha aziz shoirlar, hamisha Alloh, Uning Arshi, jannati, malaklari, do‘zaxi hamda uning olovi – bular ifodasida his-tuyg‘ularni jiddiy jilovlab, iymon tarozisiga solib bayon etish foydalidir. Noo‘rin ta’bir uchun savol-javob bor. Shoir bo‘lib tanilish – qiyin ish emas. Ammo pushaymonlik keltiradigan qalamdan beixtiyor qochgan so‘zning javobgarligi juda og‘ir yuk. Insoniyatning yuksak ma’naviy qiyofasini hamma zamonlarda poklik va iymon belgilaydi.
Ijodkorning ko‘rkam so‘zi pokiza, go‘zal, hayoli va xayoliy-fantastik, ibratli va ahloq doirasida bo‘lmog‘i lozim. “Siz osmonni olmoq bo‘lsangiz, Men nega yelkamni tutib bermayin”, deydi G‘afur G‘ulom. Yana aytadi: “Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek, Diana ma’badin yoqmoq shart emas”. Bugungi ayrim yosh shoirlarda shijoat, uyg‘onish, ulug‘ niyat, ularning o‘zgacha bir to‘lqini borligidan quvonish lozim. Hamma zamonlarda iste’dodlar o‘ziligini, yangi so‘zini, individual “men”ini, zamona talato‘plari girdobi-ichidan balandlikka olib chiqishi oson bo‘lgan emas.
Ijod olamida faqat she’r emas, gohida oddiy maqola-ma’ruzalar ham mataforik bo‘lishi mumkin. Menga sanoq yoqmaydi. Ismlar sanoq ro‘yxatiga kirib qolgan ijodkor saodatli go‘yo. Holbuki bitta qoida bor nemis estetikasida “Kunstgeschichte ohne Namen”, “Istoriya iskustva bez imyon”, “San’at tarixi ismlarsiz bo‘lsin”. Muhtaram shoirlarga asarlari, qahramonlari, original obrazlari hamisha ismlaridan oldinda, tepada, yuqorida bo‘lishini tilayman. Barcha shoirlarga aytiladigan bir gap, to‘g‘risi, kitoblarda zaiflari, tanqidga munosiblari, yozmasa ham bo‘laveradiganlari yo‘q emas. Tug‘iliboq kasallikka chalinganlari bor. O‘likni ming to‘qmoqlagan bilan tirilib qolmaydi. Ayrim she’riy kitoblarda she’riy tafakkur, obrazlilik, kulminatsiya – avj, ulug‘vor pafos yetishmaydi; ma’lum oddiy gap va xabarlarga o‘xshaydi.
Muhtaram qalam ahli! Biz hammamiz bitta davr kemasidagi yo‘lovchilarmiz. Bu ummonidagi kemaning nomi — so‘z. Safar bexatar bo‘lmog‘i lozim. Agar ichkarida kemiruvchi kalamushlar bo‘lsa, kechirasiz, so‘z kemasi talofat ko‘radi, balki cho‘kadi. So‘z safari, so‘z yo‘lchiligidagi yo‘llar bexatar bo‘lsin. Tilagimiz ezgu: bizning shoirlar orqali go‘zal, toza o‘zbekona so‘z, milliy adabiyoti, ko‘rkam she’riyat dunyoga chiqsin, shuhrat topsin, dovruq qozonsin.
Muhimi ham shu.
Bahodir Karim, adabiyotshunos
(2023 yil yanvar-fevral)