Ne’mat Arslon
(Novella)
Uyalib yashamoq o‘limdan badtar
Yevgeniy Yevtushenko
1
Murasaki guli…
Shunday deb atamoqchi edim aslida uni va shu haqda yozmoqchi bo‘lgandim, ammo boshqa fikrlar quyilib kelaverdi shuurimga. Chunki u birovning guli. Chunki fikrning bir tomiri yaponning go‘zal va oqila ayoli Murasaki Sikibuga borib taqaladi, va boshqa bir cheti qoraqalpoqlik shoir do‘stimning yo‘l-yo‘lakay aytgan gapiga daxldor. Tegrasi qora tusdagi cho‘plar bilan exota qilingan va boshqa giyohlardan ajratib qo‘yilgan gul. Buzib o‘tolmasman bu chegarani. Bilmadim nima deb maslahat bergan bo‘lardi mening noqis va dudmal fikrlarimga Ayolshunoslik borasida ko‘plab tadqiqotlar qilgan Alfuzzamon Basta janoblari. Ulug‘ faylasufning qarashlari bizning zamonga uyg‘un kelarmikin, axir qancha suvlar loyqalanib oqdi Basta yashab o‘tgan zamondan buyon, va…
…Va oradan yana bir necha asr o‘tib ko‘zga tashlandi Ayolshunoslikda ro‘y bergan yangi evrilishlar. (avval ham kuzatuvlar bo‘lgan, tadqiqotlar qilingan va xulosalar berilgan) Mening bilishimcha, rasman “Ayolshunoslik” degan fan yo‘q, ammo yerda poydor bo‘lganidan buyon ayol zotini o‘rganadi insoniyat. Xususan, Artur Shopengauerning falsafiy qarashlarida hech kim tomonidan aytilmagan juda antiqa gaplar bor va e’tiborni tortadi aynan shu jihati bilan. Undan bir necha asr oldin yashab o‘tgan Alfuzzamon Bastaning kuzatuvlari ham qaysidir jihatlari bilan farq qiladi o‘zidan avvalgi va keyingi olimlarning tadqiqotlaridan. Har bir giyohdan sir izlagan va ularda insonga, xususan, ayolga xos nishonalaru belgilaru o‘xshash jihatlarni muqoyasa qilgan bu faylasuf, va Talipot daraxtining barq urib gullagan novdalariga qarab turib ayolga xos belgilarni qidirgan.
Darhaqiqat, Knut Gamsunning yozishicha yetmish yilda bir marta gullaydi bu daraxt. Ayolga xos va ayni paytda ba’zi jihatlari bilan xos bo‘lmagan sabr-qanoat bor uning yetmish yillik taraddudida. Kajalek daraxti to‘g‘risida bunday deya olmaymiz. Shubhalar, gumonlar va umidsizliklar pardasiga burkanib o‘sadi Kajalek. Anqoga o‘xshaydi Kajalek. Nomi boru o‘zi yo‘q. Har yil bahordan kech kuzgacha gullab yotadigan Kovul butasida esa bularning barchasidan o‘zgacha xususiyatlar mujassam. “Kovul koinot malagi”. Alfuzzamon Bastaga tegishli bu ta’rif ham. Uning “Kapparis spinoza” deb nomlangan kitobida, aniq qilib aytsak, kitobning 31-betida kovul gulining oppoq va nafis yaproqlari orasida ayolga xos qandaydir sirli bir belgi borligiga ishora bor. Ammo faylasuf qandaydir istehola ta’sirida fikrini ochiq aytmagan va Kapparis spinoza deb nomlangan giyohda qog‘ozga yozib bo‘lmaydigan “bir narsa” borligiga shama qilish bilan cheklangan. Kitobning 33-betida esa, xulosaga birozgina aniqlik kiritadi va “ayolga xos bir narsa” deb avvalgi fikriga qo‘shimcha qiladi faylasuf.
2
Oradan bir ming olti yuz yil o‘tgandan keyin faylasuf Basta shama qilgan o‘sha “nimadir…”ni men ham kashf qildim. Shuning uchun ham “kashf qildim” demoqdamanki, kovul guliga qarab, tabiatning antiqa haziliga qanday munosabat bildirishni bilmay, ko‘zimni chirt yumgan kezlarimda hali mutlaqo bexabar edim faylasufning tadqiqotidan. Ayollar ko‘ylagining etagiga o‘xshash gul yaproqlarini ko‘tarib qaradim-u, haqiqatan ham bu qog‘ozga yozib bo‘lmaydigan va kimgadir ko‘rsatish ham nojoiz va hatto oriyatli ish ekanligini tushundim va shu sababdan uni sir saqladim. Zero, bu kashfiyot tish ortidan chiqib yoyilib ketmasligi kerak, ya’ni “Kulli sirrin jovazal isnayn sho’” ro‘y bersa badnom bo‘laman. Biz oddiygina qilib Kovul deb ataydigan bu giyoh menga sirni ochganida o‘smir bola edim. Voqeani bayon etishda birozgina shoshildim men. Ta’kid yoki qaytariq bo‘lsa- da, aytamanki, Alfuzzamon Basta ismli donishmanddan ham, uning “spinoza”sidan ham bexabar edim u paytlarda. Keyinchalik “Falsafa tarixi”dan nedrland faylasufi Barux Spinoza to‘g‘risida o‘qidim va lotin tilida Kapparis spinoza deb nomlangan giyohni, ya’ni o‘zimizning Kovulni eslab bir xayol ta’sirida ko‘chaga chiqdim. Nabotot olamidagi otdoshi– Kapparis spinoza to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan, albatta, ulug‘ faylasuf, ammo bu haqda ya’ni kovul to‘g‘risida menga ma’lum bo‘lgan traktatlarida lom-mim deb og‘iz ochmagan.
Tezroq Oqsaro oldiga borishim kerak, undan keyin Molik ajdar masjidaga o‘taman. Necha martalab hayrat bilan qarab turganman, o‘yga tolganman, hayotning sirini anglashga intilganman bu ulug‘vor obidalar devoriga qarab. Kitob shahrida ham, Shahrisabzda ham men uchun ana shu obidalardan sevimli masakan yo‘q. Asrlar davomida qaqrab yotgan ulug‘vor obidalarning oftob tig‘ida qizib lovullagan baland tevorlari sirtida barq urib gullab yotadi hayratafzo va muammo kovul, ya’nikim kapparis spinoza. Mana, endi o‘smirlik damlarimda ro‘y bergan kovul guli bilan bog‘liq bir voqea tafsilotiga qaytaman. Yuqorida bayon etganlarim esa yoshim bir joyga borib qolgan davrning bitiklaridir.
3
… Biz Chumchuqli qirlarida bug‘doy o‘rardik. Behisob qir-adirlar, tepaliklar orasida yigirmaga yaqin o‘smir va uch nafar beva ayol. Qizlar orasida Sanamoh ham bor. Uning oq munchoqlar bilan gul solingan savsani rangli baxmal qalpog‘i sira yodimdan chiqmaydi. Satpon qishlog‘idan Loshaga ko‘chib kelgan kunimiz uchratgandim uni. O‘n uch yoshda edim o‘shanda. Toshqin daryoday oqib o‘tdi yillar. Yettinchi sinfni tamomladik, yoz, tahtil. Qishlog‘imiz o‘smirlari bug‘doy o‘rimiga jalb qilingan. Shu gapni eshitdimu, necha kundirki Sanamohni uchratmayotganimning sababini angladim. Demak, Sanamoh ham dashtda, bug‘doy o‘rmoqda. Garchi uni ko‘rishim bilan dovdirab qolsam-da va biron so‘z aytolmasam-da, kun bo‘yi izlayman uni, go‘yo muhim ish bilan yurganday darvozasi oldidan o‘tib qaytaveraman. Ana shunday kunlarning birida brigadir Xurram tog‘ani uchratib qolib bug‘doy o‘rimiga chiqmoqchiligimni bildirdim. Ertasi kuni uyimizga kelib o‘g‘lingiz bug‘doy o‘rimiga chiqsin deb onamdan ruxsat oldi brigadir, qishloqning hamma o‘smirlari dalada ekanligini pesh qildi Xurram tog‘a. Sanamohni, ya’ni o‘sha savsani qalpoqli qizni ko‘rish orzusida betoqat tipirchilardim. Endi biz anchagina ulg‘aygan, o‘n to‘rt-o‘n beshni qoralab qolgandi yoshimiz. Ikki yildirki, hushimda ham, tushimda ham o‘sha qiz. Xullas dashtga borishga shaylandim: Egnimda qaymoqrang shohi kostyum-shim, oyog‘imda oq brizent tufli. Uning qoraygan, kirlangan joylarini bo‘r bilan oqartirdim. Boshimga poxol shlyapamni qo‘ndirdim va qizil baxmal ko‘rpayu yana boshqa bir qator zarur narsalarni bir tugun qilib tugib brigadirning kelishini kutdim. Tezroq dashtga borsam, qirlar orasida Sanamohni ko‘rsam… shundan boshqa hech narsa yo‘q shuurimda. O‘tgan ikki yil ichida ulg‘aygan, to‘lishgan, bo‘yga cho‘zilgan edi Sanamoh. Hozir dalada, bug‘doyzorda. Boshidagi durrachasini dashtning yaydoq shamollari tortqilab o‘ynashini ko‘z oldimga keltirib toqatsizlanaman. Bilagida oq xollar bilan bezatilgan qora donali ko‘zmunchoq…
So‘nggi qirni oshib o‘tarkanmiz, yassi yonbag‘irda o‘roqchilar ko‘rindi. Ularning bir qo‘lida o‘roq, ikkinchisida ayricho‘p. Ishdan bosh ko‘tarib bizga qarab turishibdi. Sanamohni qidiraman ularning orasidan. Brigadir meni otdan tushirganda maktab komsomol tashkilotining sekretari Chamandagul turardi do‘lona soyasida. Qo‘lida alyumin krujka ko‘zachadan suv quyar idish to‘lib suv yerga oqayotganini sezmasdi. Ikki ko‘zi menda.
– Nima gap, Chamanda? so‘radi brigadir yumshoqlik bilan. O‘ziga keldi qiz va oshkora bir hayrat bilan:
– “Po‘rim! Ya…po‘rim!” degancha qiyqirib kula boshladi meni ko‘rsatib. Keyin kulgidan taqqa to‘xtab shubha bilan qaradi poxol shlyapamga. Oq shlyapa va qaymoqrang shohi kostyumda, tuflim ham oq. Bunday holatda dashtga chiqib bug‘doy o‘rish haqiqatan ham kulguli va quyushqondan tashqari ish ekanligini daf’atan tushunib yetmadim, yaqinlab kelib osmondan tushgan mo‘jizaday qarashmoqda edi boshqa o‘roqchilar ham. Po‘rim degan so‘z aslida fransuzcha “purim yoki pug‘im , ya’ni forma degan so‘zning buzib aytilgan shakli ekanligini ham ancha keyin bildim. Qattiq izza bo‘lganimdan boshimni eggancha qo‘llarimni qornim ustida qovushtirib dasht yumronqozig‘iday qotib turardim. Qirlar, dalalar, kolxozchilarning qo‘llaridagi o‘roqlar ham meni tomosha qilardi aftidan. Do‘lona tagida turgan joypo‘shimga qarashdi keyin ular va qizil baxmal ko‘rpa yostig‘imni bir dam so‘zsiz muhokama qilishdi o‘zlaricha. Nihoyat, Xurram akaning do‘q po‘pisasi ostida tarqalishdi ular. Chumchuqliga yetib kelib otdan tushgan edim ana shunday ko‘ch-ko‘ron bilan. (Toki bug‘doy va zig‘ir o‘rimi tugugunga qadar dalada yotib ishlashardi o‘smirlar) Brigadir bilan ikkovlashib ko‘rpa to‘shagimni o‘roqchilarning umumiy yotoqxonasi bo‘lgan uch tup do‘lona tagiga joylashtirdik. Aslida egnimdagi shohi kostyumim va poxol shlyapam yoki boshqa dovu dastgohning menga u qadar zarurati yo‘q. Hammasi Sanamoh uchun. Biz bir sinfda o‘qiymiz va bir partada o‘tiramiz. Ikkalamiz ham mittigina. Bir kuni bilmadim geografiya darsi edimi yoki ona tili darsimidi, xullas, buning ahamiyati yo‘q, katta tanaffus bo‘lganini anglatib qattiq jarangladi qo‘ng‘iroq va odatdagidek hamma tashqariga shoshildi. Birov bufetga, boshqa birov tabiiy zarurat uchun…Sanamoh ham dugonalariga qo‘shilib chiqib ketdi deb o‘yladim. Va sekin egilib parta tagidan uning do‘ppisiga qaradim, sekin qo‘l cho‘zdim. Hamma ishni sekin va ehtiyotkorlik bilan bajarardim. Go‘yoki dahshatli bir jinoyat qilayotganday qaltirardi qo‘llarim, gupillab zarb bilan urardi yuragim. Og‘irgina edi uning sermunchoq do‘ppisi. Uni dastlabki uchratganimda ko‘rganim– savsani baxmal ustiga oq munchoq terib gul solingan– o‘sha do‘ppi! Qandaydir g‘ayriixtiyoriy kuch ta’siridaman, sehrlanib qolgandi butun vujudim. Nima qilayotganimni o‘zim ham bilmay yuzimga yaqinlashtirdim achqimtir qatiq va qalampirmunchoqning qorishiq hidi! U paytlarda hamma qizlar qatiq bilan yuvishardi sochlarini. Boshim aylanib ketdi avval men sira tatib ko‘rmagan beqiyos hiddan. Endi bor dunyoni unutib, ko‘zlarimni yumgancha, to‘yib-to‘yib hidladim va lablarimga bosdim munchoqli do‘ppini, yamlab yutmoqchidek yutoqib o‘pardim uning munchoqlarini va sochning nuqsi urib qolgan gardishlarini. Nogoh qandaydir sharpadan o‘zimga keldim va ko‘zimni ochdim. Ikki odimcha narida qotib turardi Sanamoh bilan Lutfiya. Mening telbavor harakatlarim aftidan qo‘rqitib yuborgandi ularni. Tuman qopladi ko‘z o‘ngimni va yerga yiqildim. Behad kuchli uyat hissiyoti ta’sirida qonning gupirib boshga urilishi natijasida ro‘y bergan apokalipsis edi bu. O‘zimga kelganimda so‘zsiz qotib turishardi sinfdoshlarim. Titkilashgan, yuzimga suv urishgan… “Nima bo‘ldi senga?” dedi sinf rahbarimiz Aysina Akobirovna yelkamdan tutib ko‘tararkan. Ko‘ksimga mahkam bosib turgan do‘ppini qo‘llarim orasidan olib parta ustiga qo‘yganda ham nima bo‘lganini bilolmay esankirab turardim. Faqat juda uyatli bir ish bo‘lgani elas-elas urilardi shuurimga. Bir necha kun maktabga bormadim shundan keyin. Sinf rahbarim ikki uch marta kelib onam bilan musohabaga kirishdi. Qochib somonxonada yashirinib yotdim bir necha kun. Onam, tog‘am va maktab jamoasi birgalashib siquvga ola boshladilar va tushunib yetdimki, maktabga bormaslikning iloji yo‘q. Daftarxaltamni ko‘tarib uydan chiqdim, ammo maktabga borishga jur’aOxirgi kun ariq bo‘yidagi qamishlar ortiga berkinib sinfdoshlarimning maktabdan qaytishini kutdim. Nima sababdandir boshqalar yo‘q, Sinamohning yolg‘iz o‘zi kelardi. Qamishlar orasidan kuzatib turdim. Ariqning narigi betida turib men yashiringan joyni nishonga oldi Sinamoh. Aftidan har kun yashirinadigan joyimni payqab qolgan. Ana, to‘xtab ariq bo‘yiga o‘tirdi va yengini hemarib qo‘lini suvga tiqdi va mayda toshchalar orasidan qandaydir yaltiroq jismni olib diqqat bilan qaray boshladi. Men ham qaradim, qandaydir qizil, yaltiroq jism. Berkingan joyimdan sirg‘alib chiqib ko‘priqcha ustida to‘xtadim. Qo‘li bilan yoniga imladi Sinamoh, bordim. Oramizda hech narsa bo‘lmaganday gap qotdi:
–Seniki emasmi?
–Nima u?
–Znachok.
Yaltirab quyoshda cho‘g‘day yonib turardi VLKSM nishonchasining qizil shisha qoplamasi. Va shisha ostidagi dohiy Leninning suvrati. Garchi meniki ko‘ksimda kostyumimning chap yoqasida turganini bilsam-da, to‘xtab qo‘lim bilan ko‘kragimni paypaslab ko‘rdim. Albatta yolg‘on edi uning ham, mening ham harakatlarim.
–Shu yerdan topdim, kecha sen tuflingni yuvib turgan joydan.
–Kecha… meni ko‘rganmiding?
Indamay bosh silkidi Sinamoh. Ko‘zlarida kulgu sharpasi, lablari ham shunga moyil. Qo‘l cho‘zdim, oldim uning qaftidan nishonchani. Iliqqina, quruq, demak suvdan topmagan uni, kaftida mahkam qisib suvga botirgan va go‘yo ariq ichidan topib olganday… yap- yangi edi znachok, hali taqilmagan, demak magazindan ataylab olgan. Biz uchun aziz va hatto muqaddas sanalgan matoni unga qaytargim kelmay taysallab turdim. Aslida esa uning qadru qimmati butunlay boshqa hissiyotning mahsuli. Sanamohning kafti, barmoqlari tekkan, nigohi tushgan…
-Olaver!
–Rahmat!
Qo‘li bilan oldinga o‘tishimga ishora qildi Sanamoh, yonma- yon yurib bo‘lmasdi bu joydan, baland devor bilan ariq sohilining orasi bir tirsak chamasi kenglikda bo‘lib, yonlamasiga yurib o‘tishga to‘g‘ri keladi yo‘lakning ba’zi joylaridan. Yigirma qadamlardan keyin devor tugab kengayardi bizning yo‘limiz. Yonma- yon yurib borarkanmiz, sekingina shipshidi:
–Tug‘ilgan kuningga sovg‘a…
Ayni damda dunyoda shu qizdan yaqin va hamdard hech kim yo‘q edi men uchun. O‘z xayolimdan o‘zim uyolib qadamlarim chalkashib borardi gohida, gohida tutib olardim o‘zimni va shaxdam odimlashga urinardim. Birga ketayotganimizni birov ko‘rib qolsa-ya degan vahima ham bor edi yuragimda. Ayri yo‘l bo‘yida to‘xtadi Sinamoh va yuzimga jiddiy tikildi. Savol nazari bilan qaradim men ham.
– Ertaga maktabga bor!
Indamay bosh egdim, maktabga borsam, hamma menga qarab kuladiganday…
–Hech narsa bo‘lgani yo‘q-ku, sen yiqilib tushding, xolos. Parta ostiga tushib yotgan do‘ppimni olaman deb yiqilding…
Munosabatlarimizda birozgina iliqlik zuhur etganday bo‘ldi o‘sha kuni ariq bo‘yidagi uchrashuvimizdan keyin. Ming xil xayol ichida, bosh egib maktab ostonasiga qadam qo‘ydim. Dars boshlandi, mening yonimdagi joy bo‘sh. Ko‘chib kelmadi mening yonimga Sanamoh. Orqaroqdagi bo‘sh partada o‘tirardi endi yolg‘iz o‘zi. Munosabatlarimizdagi bunday o‘zgarishni yo tushundi, yo tushunmadi sinfdoshlarimiz. Xayol surgancha ketib borardim yolg‘iz o‘zim oxirgi dars tugagandan keyin. “Nima bo‘ldi” degan so‘roqdan o‘zimga kelib bosh ko‘tardim, Tirkash turardi ro‘paramda.
–Nima bo‘ldi? –takrorladi Tirkash.
–Nimani so‘rayapsan?
–Sanamoh bilan chap bo‘lib qolibsan deb eshitdim.
Butun jur’atimni bir nuqtaga to‘plab tik qaradim uning yuziga. Kamdan kam bo‘lardi menda bunday dadillik. Tik qaradim va uning butun vujudini alamzada bir quvonch cho‘lg‘ab olganini ko‘rdim. Bizdan bir sinf yuqorida o‘qiydigan bu bola keyingi paytlarda Sanamohni qattiq kuzatib yuradigan bo‘lib qolgan va hatto o‘qituvchilarimizdan ham yashirmasdi bunday hatti harakatini.
Xullas, do‘ppi voqeasidan keyin joyini o‘zgartirdi Sanamoh. Tanaffusda yer shoxlab o‘tdim uning yonidan. Tol soyasiga tomon borardi uch dugona. Qaramadim, qiqirlab kulishgancha yonimdan o‘tib ketishdi. Chamandanozni ham ko‘rdim o‘sha kuni. O‘ninchi sinfda o‘qirdi va maktab komsomol tashkilotining sekretari vazifasini ham bajarardi bu qiz. Yig‘ilishlarda so‘zga chiqardi. Tanaffus paytlari ham agar birortamizning ko‘ksimizda VLKSM znachogi bo‘lmasa, xonasiga olib kirib tanbeh berardi, agar znachokni yo‘qotib qo‘yganimizni aytsaq, qulog‘imizdan burashdan ham toymasdi. Nima sababdandir hatto Tirkash ham so‘zsiz bo‘ysunardi unga. Mana, nihoyat yana yozgi ta’til. Uyma-uy yurib o‘smirlarni g‘alla o‘rimiga chorlaydi brigadir Xurram tog‘a. Men ham dashtga chiqib bug‘doy o‘rsam deyman. Romantika. Do‘lonalar soyasida o‘tirib tushlik qilayotgan tengdoshlarim, kichkina quroq dasturxonchalar, g‘aramlar soyasi, ko‘zachalarda muzdek suv. Qirning jonbaxsh shabadasi, oqquvraylarning achqimtir isi, kakralar, gulhayrilar, og‘ir boshoqlarini ko‘tarishga qiynalib sollanayotgan bug‘doy to‘plari, oydin tunlar…Ammo nima sababdandir meni unutib qo‘ygandi brigadirimiz bu safar. Balki nimjonligim, qiltiriqday bo‘ynim va sakkizinchi sinfni bitirgan bo‘lsam-da, to‘rtinchi yoki beshinchi sinf o‘quvchisinikiday kichik jussam ishonchsizlik tug‘dirgandir unga. Qishloq ko‘chalari bo‘m-bo‘sh. Hamma bug‘doy va zig‘ir o‘rimiga jalb etilgan. Sekin uydan chiqib kolxoz idorasi tomon yurdim. “Kuybishev nomli kolxoz pravleniyesi idorasi” degan yozuvni qayta-qayta o‘qir va sehrlanganday anqayib turardim darvoza oldida. Ot tuyoqlarining do‘pirini eshitib ortimga o‘grildim va Xurram tog‘ani ko‘rib hayajonlanib ketdim. Pishqirib yonginamda to‘xtadi uning malla baytali va yuganlarini jaranglatib bosh silkidi, guvv ko‘tarildi pashshayu xomishaklar. Idora oldida nima qilib turganimga qiziqdi brigadir. Dashtga chiqmoqchiligimni aytdim. “Bug‘doy o‘rimigami?” so‘radi menga boshdan oyoq razm solarkan. “Ha…”dedim ko‘zimni yerdan uzmay. “Yaxshi tashabbus” dedi brigadir va ertaga tayyorgarlik ko‘rib turishim, dalada tunash uchun ko‘rpa yostiq olishimni tayinlab otiga qamchi bosdi. Qadrdon dalalar, tanish so‘qmoqlar… Mendan ancha narida, Ashir opaning chap tomonida Sanamoh. Goh egiladi, qad rostlaydi gohida. Qo‘lidagi dastani yerga qo‘yib atrofiga ham qarab oladi. Shunda men ham bo‘y cho‘zaman bug‘doy boshoqlari orasidan.
3
Uni o‘ylaymanu shiddat bilan o‘roq tortaman. Bir qo‘limda ayricho‘p, ikkinchisida o‘roq. Bug‘doy shunday qilib o‘rilardi u kezlarda. Bug‘doy boshoqlarini o‘roq bilan hemarib ayricho‘p “og‘ziga” tiqasiz-da, o‘roq tortasiz. Va dastalab yerga qo‘yaverasiz. Ana shunday harakatlar pirovardida qad rostlab Sanamohga qaradim. Va ayni paytda boshqa o‘roqchilarga ham ko‘z tashlab oldim. Ana, Ashir opa bilan Oydin opa yonma yon o‘roq tortishyapti. So‘qarota tog‘ining cho‘qqisiga qaragan holatda qo‘lini beliga qo‘ygancha qotib turibdi Hojar opa. Bu cho‘qqi bizning soatimiz. Cho‘qqi bo‘rtig‘ining soyasi o‘roq mo‘hrasiday ensizlanib qolganda tushlikka chiqamiz. Ashir opa ham bosh ko‘tarib cho‘qqi-soatga qaradi va ovoz berdi: “Tushlik! Hamma tushlikka!..”
Tushlik men uchun koni azob. Mening har bir harakatimni ta’qib etadi Chamanda. Hammadan ajralib turadi durkun qomati bilan. Yer bag‘irlab o‘sgan pechak gullar orasida bamisoli bir to‘p atirgul. Aynan shunday tasavvur etaman uni va cho‘chiyman. Berkinishga intilaman uning nazaridan. Men “beozor musichaman”. Bu ham Chamandaning ta’rifi. O‘n sotix norma o‘lchab berdi brigadir bu kun ham. Va men o‘rishga kirishdim. Dastlabki bir dasta bug‘doy boshog‘ini yerga qo‘yib qad rostlarkanman, “po‘rim” degan tovush chalindi qulog‘imga. Kulgu ovozlari eshitildi uzoq-yaqindan. “Kubul mabang labar” dedi ayollardan biri. Tushunmadim bu gap mazmunini. Hamma jim bo‘ldi, yana shag‘illab tortila boshladi o‘roqlar. Qurigan bug‘doypoyalarning shatirlab sinishi baralla eshitilar va mayingina g‘ubor ko‘tarilardi sukunatga cho‘mgan dashtda. Nogoh men tomon kelayotgan ayolni ko‘rib biroz sarosimalandim. Ma, balam, deb qo‘lidagi ayricho‘pni menga tutdi. Keyin qo‘limdan qaytarib olib bir dasta bug‘doy o‘rdi. Qariyb bir quchoq kelardi uning dastasi. “Ana shunday qilib o‘riladi bug‘doy” dedi. Va ortiga qaytdi. Juda uyatchan bola deganini eshitdim. Ammo bu gapni kimga aytganini anglolmadim.
Indamay yerga bosh egdim. Haqiqatan ham men bolaligimda dunyodagi eng beozor, o‘ta uyatchan va bir qadar jur’atsiz edim. Uyatchanligimdan ham uyalardim hatto. Xususan, ayollar yoki qizlar davrasida o‘z-o‘zimdan xijolat chekaverardim. Qizlarning kulgusiga sabab bo‘lardi mening nochor holatim. Ba’zi rahmdillari dugonalariga tanbeh berardilar:
–Uyoltirmanglar-e, uyatsizlar!
–Xudo seni nega qiz qilib yaratmagan?–dedi bir safar biroz jahl bilan dugonalari meni mazax qilayotganlaridan orlanib Sanamoh,– bitta so‘z aytsang alvonday qizarib ketadi yuzing…
–Qayerdan bilasan, balki qizdir…
Chamandanozning gapidan shu darajada ezildimki, yer yorilmadiki, yerga kirib ketsam. Bo‘z tuproq ustiga ko‘zlarimdan tomgan ikki tomchi yosh qutqazib qoldi men sho‘rlikni. Indamaygina tarqalishdi qizlar. Keng bug‘doyzor dalada qo‘limdagi o‘rog‘im bilan yolg‘iz qoldim. Tugunchasini boshiga qo‘ygancha ortiga o‘grilmay ketib borardi Sanamoh ham. Tepaliklar soyasi uzaydi, bug‘doyzor sathiga bir necha daqiqa qizg‘ish ranglar to‘shagan yoz oftobi Darvozakam tepaliklari ortiga o‘tib yashirindi. Men esa o‘rog‘imning yog‘och dastasidan mahkam tutgancha qotib o‘tirardim.
Govgum palla. Bug‘doy g‘aramlari tagida qoramtir soya. Bir tup gulxayri novdalarida oqarib ko‘rinadi karnaysimon gullar. Uni o‘rib tashlamay qoldirganman. Gulning tanasida rosmana patirday keladigan zambur uyasi bor. U paytlarda sariq arilar juda ko‘p bo‘lardi. Uyasini cho‘p bilan buzib qochishardi shumtaka bolalar. To‘zg‘ib qolardi qahrabo niktar tomchilayotgan uya atrofida bechora arilar.
4
… Uzoq o‘tirdim. Alvasti qiyofasida tasavvur qilib ko‘rishga urindim Chamandani. (dugonalari uning nomini qisqartirib shunday deb atashardi) Sira ham yopishmadi, g‘oyat dilbar qiz Chamandanoz. Alvastiga emas, pariga monand. Baland tutib yuradi bir- biriga baqamti joylashgan ko‘ksini. Uzunoyoq, uzunbel… bir necha kun avval tushlikda do‘lona daraxtlari soyasida o‘tirib pomidor bilan non yeyotganimizda uning nigohi meni yana ta’qib etayotganini payqadim. Qay darajada jur’atsiz bo‘lmay, bosh ko‘tarib qaradim. Uzun kipriklar ortida qamishzor ko‘ldek moviy ko‘zlari qattiq tikilib turardi menga, labining chetidagi istehzodan larzaga keldi ojiz va qo‘rqoqlikka moyil yuragim. Oqshom cho‘kdi dalalar uzra. Yuragim kuyib suvga intildim. Do‘lona tagida ikki flyaga suv, xuddi shu joyda, do‘lona tagida turardi Chamandaning yolg‘iz o‘zi. Nega avvalroq payqamadim uni. Oy yorug‘ida sehrli bir ru’yoday ko‘rindi ko‘zimga va men biroz taraddudlanib to‘xtadim. Chamandaning tushlik paytidagi holati yodimga tushdi va uning cheti bir biriga mahkam tutashgancha biroz yuqoriga tomon ko‘tarilib turgan lablaridagi istehzo alomatini xuddi o‘sha kungidek aniq tasavvur etdim. Suv to‘la flyaga qopqog‘ini ochib imo qildi menga. Suv oldim va biz bir muddat yuzma-yuz turib qoldik. Juda yaqin edi uning nurafshon yuzi, nafasini his etib turar va nimadandir qo‘rqardim. Do‘lona soyasidan ajralib chiqdi Chamanda va oyga qaradi. To‘lin oy! Endi aniq ko‘rindi uning to‘g‘ri tortilgan qopqora qoshi va yuziga soya tashlab turgan kipriklari. O, Biz juda yaqin turardik bir birimizga. So‘qarota tog‘laridan esayotgan mayingina epkinda to‘lg‘anib o‘ynardi zulfaklari. Sanamoh kulcha yuzli, Chamanda esa… tasvirlay olmayman uning yuz tuzilishini, qandaydir yevropamonand, uzunchoqroq… Ketolmasdim uning oldidan. Mening ixtiyorimdan tashqarida turardi bu ish. Oy bo‘s-butun yoritib turgan qomatiga maftun bo‘lib qolganimdan emas, dilimni qamrab olgan g‘ayritabiiy bir hissiyot qo‘ymasdi joyimdan jilishga va uni tark etishga. Nimanidir kutardim, nazarimda oyga tomon cho‘zilib borayotganday uning bo‘yi va hademay shuvillagan ovoz taratib ko‘kka parvoz etadiganday. “Ha, suvratga tushyapsizlarmi?” degan ovoz qutqazdi bizni bu holatdan. O‘grilib qarab yonimda turgan Sanamohni ko‘rdim.
–Oy!..
–Oy!…
Ho‘rsinishdi qizlar bilmadim qanday gaplar o‘tdi ularning xayolidan. Balki sohir bir kuy taralayotgandir , qo‘shiqdir va yoki dilning tub tubiga yashiringan orzudir…
Kunlar o‘tdi oradan, men esa ko‘nikolmadim, o‘g‘il bolalarga ham, qizlarga ham qo‘shilib ketolmadim. Shunga qaramay oqshomlar fayzidan bahramandman. Juda sohir dasht oqshomlari, kechki nonushtadan keyin qo‘shiq aytishadi qizlar. O‘n besh-o‘n olti yoshli qizlarning ovozi ham, orzu umidlari ham boshqacha. Nazarimda o‘g‘il bolalarga nisbatan jasoratliroq ular. Avazboqi, Rayim, Sanaqul va men… Jami yetti kishimiz biz. Jimgina o‘tirgancha tun bag‘rini yangratayotgan qo‘shiqqa quloq tutaman:
Daryolarning ul yuzida bo‘ylaringiz-ey,
Oqarishib ko‘rinadi uylaringiz-ey…
Chamandaning ovozi hammasidan yoqimli. Jarangdor emas, aksincha bosiqroq va kuchli, mayin va baxmalsimon. Gohida Rayim yaqinlashmoqchi bo‘ladi unga. Ammo shunday qaraydiki Chamanda, bizning jasoratli vakilimiz bo‘ynini qisgancha g‘aramlar ortiga o‘tib ketadi. Sira zarurati bo‘lmasada o‘rog‘ini qayray boshlaydi yerga o‘tirib olib. Ich-ichimdan kulaman. Tushlikdan keyin toki tog‘ shamoli qo‘zg‘algunga qadar yerga yonboshlab, gohida ro‘y-rost cho‘zilib dam olishadi o‘roqchilar, men esa sekingina uzoqlashaman. Bahor suvlari yuvib hosil qilgan jar bor qiyalik ortida, shu joyga boraman. O‘zimni erkin sezaman bu xilvatgohda. Va Chamanda to‘g‘risida o‘ylayman. Raisning qizi bo‘lgani uchun shundaymikin? Yoki boshqa bir kuch bormikin unda. Uning qiyofasi ortida soyaday xiralashib ko‘rinadi Sanamoh.
… Iyun oyi oxirlashib borayotgan kunlarning birida sira kutilmagan voqea ro‘y berdi mening hayotimda. Nima jin urdi o‘zim ham bilmayman. Balki Chamandaning ichki dunyosi bilan bog‘liqdir ruhiyatimdagi tub burilishlar. Xullas, men yashiringan joyni topib keldi dashtning mag‘rur qizi. Bahorgi sellardan hosil bo‘lgan jarlik qirg‘og‘ida yashnab turardi bir tup kovul. Va odatdagidek shu joyda o‘tirardim men. Shu joyga o‘tirdi Chamanda ham. Jar qirg‘og‘idan pastga osilib turardi uning 36.5 o‘lchamli oppoq tuflisi. O‘rtamizda dasturxondek yoyilgan bir to‘p kovul. Yer bag‘irlab o‘sib yotgan novdalarida ketma-ket joylashgan doirasimon, tennis raketkasiga o‘xshab ketadigan yaproqlar, har bir yaproqning bandida orti bilan bir biriga tutashgan ikkitadan tikan, mushuk tirnog‘iga o‘xshaydi shaklan, faqat biroz kichikroq, sarg‘ish, uchi o‘tkir, uchib borayotgan qush qanotiday birozgina ortga qayrilib turibdi tikonchalarning uchi. Tabiiyki, yaproqlar ostida berkinib yotgan tikonlarni ko‘rmadi Chamanda, butun e’tibori gullarda. Gullar esa osmondagi bulutlarday toza va oppoq, ayrimlari salgina savsani rangga moyil. Aslida gul yaproqlarida bunday rang yo‘q, uning otaligi tanasidagi va uchidagi savsani ranglar ortida oq yaproqlar shu rangga moyil ko‘rinadi. Ular juda ko‘p, sanaganman ba’zi gullarda oltmishta, boshqa birlarida yetmish-saksontaga boradi, onaligi esa har bir gulda bittadan. Qizning butun e’tibori kovul butasiga qaratilgani sababli uning yuziga ro‘y rost qaradim. Aslida kovul butasida odatdagidan tashqari yoki g‘ayritabiiy biror narsa borligini o‘ylamasdi u, shunga qaramay ko‘z uzmasdi guldan. Uning savolidan angladimki, bir necha kun davomida meni kuzatgan va kovul butasi yonida yerga egilgancha o‘tirishimni ko‘rib oldimga kelgan. Nima sababdandir mening shaxsimga qiziqib qolgandi bu qiz. Ro‘paramda xuddi menga o‘xshab oyoqlarini pastga osiltirib o‘tirarkan so‘radi:
–Nima bu?
–Kovul…
– Sen nima topding bu ko‘katdan?
Indamadim.
–Dorivormi?
–Bilmayman.
–Unda nima uchun har kun shuning yoniga kelib o‘tirasan va ko‘z uzmay qaraysan? Uning shu savolidan keyin nogoh qasos olish fursati yetganini angladim. Aniqrog‘i tasodifan yodimga keldi va men…izza bo‘lgan kunlarimning saruposi deb xushnud jilmaydim. Bunday jasoratni kutmagandi Chamanda va jahl qildi:
– Tirjayma!
Bu xunuk so‘z ortida qandaydir alamzadalik borligini angladim. Darhaqiqat keyingi kunlarda Chamanda ancha yumshagan, va hatto bir qadar g‘amginu xayolchan. Bugun brigadir yer o‘lchab berayotganda mening yonimdan norma oldi. Biroz tashvishga qo‘ydi meni bu holat, o‘zimni erkin tutolmasdim uning yaqinida. E’tibor bermaslikka urindim, ammo harakatlarimda o‘sallik bor. Odatda men shiddat bilan ishlardim va berilgan normani peshingacha o‘rib tamomlardim-da, Sanamohga yordam berardim. Bugun kechgacha cho‘zildi ishim. Go‘yo og‘irlashib qolganday ayricho‘p og‘zidan to‘kilib, titilib ketaverardi bug‘doy poyalari. Yana jar bo‘yiga bordim ertasi kun. Oyoqlarimni pastga osiltirgancha o‘tirdim. Jar chuqur. Chuqurlikdan qo‘rqaman, ammo irodamni toblash niyatida ataylab jar bo‘yida o‘tiraman. Chamandaga qasdma qasdlik bor mening harakatlarimda. Mendan ikki sinf yuqorida o‘qiydi bu qiz. Yosh jihatidan esa men bir yosh kattaman undan. Nimjonligim va yaxshi rivojlanmay qolganim sababli maktabga kech borganman. Shunga qaramay kezi keldi deguncha masxara qiladi meni. Hammasiga poxol shlyapam va qaymoqrang xitoyi shoyi libosim sabab. Uning jig‘iga tegadi qizil baxmal ko‘rpam ham. Sanamohga yaxshi ko‘rinaman deb shu kuyga tushdim. Xayollarim shu joyga kelganda kovul butasidan ko‘z uzib ortimga qaradim va ko‘rdim, Jar tomon kelardi Chamanda bugun ham. Azbaroyi hayajonlanganimdan qalqib ketdim, jarga qulab tushishimga oz qoldi, balki o‘rnimdan turmoqchi bo‘lgandirman. Jur’atsiz va qo‘rqoq kishilar ba’zan katta qahramonliklar ko‘rsatadilar. O‘z -o‘zini yengishga intilishning hosilasi bu. Menda ham ro‘y bergan holat qo‘rqoqlik va uyatchanlikning bir ko‘rinishi. Qizning ko‘zlariga tik qaradim va sekingina kovul gulbargini ko‘tardim. O‘ ko‘rdi! Birdan o‘zgarib ketdi avzoyi. Men esa bor tortgan jabru jafolarimning ajri deb ich ichimdan kulgancha kuzatib turardim. Ammo nihoyasiga yetmadi mening kuzutuvim. Birdan alvonday qizarib ketdi uning yuzi va shiddat bilan yuqoriga ko‘tarildi qo‘li. Yigit bolalar yuziga shapaloq tortib yuboradigan holatlari bor qizlarning, o‘qiganmiz kitoblardan, kinolarda ko‘rganmiz. Pirpirab ketdi kipriklarim, chirt yumildi ko‘zlarim, yuzimdagi har bir mushak tarsaki zarbini qabul qilishga shay. Qanchalik uzoq cho‘zilganini bilmayman bu holat, hech narsani ko‘rmas va eshitmasdim, ko‘zimni ochdim. Hech kim yo‘q edi ro‘paramda. Rostakamiga mu’jizaga duch kelgan edimmi yoki boshqa bir hodisa sodir bo‘ldimi?! Osmonga qaradim, ohista suzib borayotgan va borgan sari yayralib va ko‘k qa’riga singib ketayotgan bir bo‘lak oq bulutni ko‘rdim. Chamandaning shifon ko‘ylagidan farq qilolmay esim og‘di, gir aylandi boshim. Ertaklarda va afsonalarda bo‘lardi bunday holat. Ko‘rdi! Qandaydir kuch ta’sirida junbushga keldi vujudi, ayol zoti sha’nini himoya qilish yo‘lida bosh ko‘tardi biz tushunmaydigan qandaydir hissiyot. Shu hissiyot ta’sirida yuzimga shapaloq tortish uchun qo‘l ko‘tardi, ammo oxirigacha yetkazishga jur’at qilolmadi va osmonga tomon chekindi. Shuurimga urilgan fikr oxiriga yetmay, chag‘ilagancha osmonga ko‘tarildi jar devorlariga in qurgan bir gala qush va ingrangan ovoz chalindi qulog‘imga, va men egilib pastlikka qaradim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, jar tubida yotardi Chamanda. Hali nima qilishga aqlim yetmay ilkis o‘rnimdan turarkanman, muvozanatimni saqlab qololmadim va jarga qulab tushdim. Shikastlandim shekilli, boldirim achishardi, qattiq og‘rirdi shilligim va tizzam. Daf’atan o‘nglab ololmadim o‘zimni, bo‘z tuproqqa belanib yotgan oqlik tomon o‘rmaladim. Kovul gulbarglariday yralib ko‘z o‘ngimni qoplab olgan edi uning oq shohi ko‘ylagi. Hafta oxirida brigadirdan bir kunga javob olib uyiga ketgan va shu ko‘ylakni kiyib kelgandi. Etaklari keng, yaqasi ochiq, yenglari qismacha tugmali bu ko‘ylak juda yarashardi uning navnihol qaddiga.
5
Uni ko‘tarib oyoqqa turg‘izishga behuda urindim. Eplolmagach, jar o‘zani bo‘ylab yugurgancha yuqoriga chiqishga yo‘l izladim. Nihoyat, qiya bir yo‘lakchadan tepaga chiqib oldim va tasodifni qarangki, ot minib aylanib yurgan dala qaravuliga to‘qnash keldim. U paytlarda– elliginchi-oltmishinchi yillarda– dala qaravuli bo‘lardi va ular xo‘jalikning ekinzorlarini quriqlab kuzatib yurishardi. “Amaki! Amaki!” deb nafasim tiqilib qo‘lim bilan jar tomon ishora qildim. Yuzimga jiddiy tikildi O‘roq amaki. Va so‘radi:
–Bo‘rimi?
– Qiz… Chamanda!
–Qizdan ham qo‘rqadimi odam!
– Uning ko‘ylagi… oyoqlari ochiq…
Shubha bilan tikildi endi dala qaravuli yuzimga va istehzoli iljayish zuhur etdi labining bir chetida. Uning ko‘nglidan nimalar o‘tayotganini o‘ylash darajasida tetik emasdim. Kimsasiz dalada, jar ichida qiz bola va o‘n olti yoshli o‘smircha…hech shubhasiz har qanday odamda ham shubha uyg‘otadi. Qo‘rqib ketdim uning avzoyidan va yalinishga tushdim:
–Yordam bering, amaki! Chamanda…
–Qaysi Chamanda, raisning qizimi?
– Qizi… Muqim amakining qizi!..
–Qani, yur-chi…
–Yiqilib tushdi.
–Yur! Tush oldimga!
To‘qisha-surina yo‘l boshladim.
–Yiqildi? O‘zing yiqitgandirsan, senga o‘xshagan pismiqlardan har baloni kutish mumkin–dedi qiyalikka tomon enganimizda O‘roq tog‘a va oldinga o‘tib oldi tirsagi bilan meni chetga surarkan.
Jar tubida hamon o‘sha alpozda yotardi Chamanda. Qamchisining dastasi bilan qizning etagini ko‘tarib qaradi, shunda oq ko‘ylakning orqa chetida qizil dog‘ borligini ko‘rdim. So‘ngra yerga egilib barmog‘i bilan uning tuflisini artib ko‘rdi. Oq tufli ustiga solingan qizil gulchalar ham, aftidan, qon bo‘lib ko‘rindi uning ko‘ziga. Albatta bu vaqealardan bexabar yotardi Chamanda, hushidan ketib yotardi. Uni yer ustiga olib chiqish va shifoxonaga olib borish zarurligini o‘ylab turgan joyimda tipirchilardim va umid bilan qarab turardim O‘roq akaga. Qamchisini ikki buklab uning qartadagi qarg‘a shakliga o‘xshab ketadigan charm joyi bilan Chamandaning yuzini qoplab yotgan sochini bir yonga surdi, bir dam qarab turdi, egilib quloq tutgan bo‘ldi va oddiygina xulosa bildirdi:
–O‘lipti…
–O‘zi yiqilib tushdi, men…
–Sen uni bu yerga aldab olib kelgansan, jardan itarib yuborgansan va hushidan ketganidan foydalanib maqsadingga erishgansan! Bildingmi?!Ana qon!
Nima deb javob qilishni bilmay kalovlanib turdim bir muddat.
–Bu yoqqa kelayotganlaringni hech kim ko‘rmaganmidi?
–Yo‘q, boshqa o‘roqchilar ikki qir narida, Darvozakamda.
–Ana, ko‘rdingmi, sen uni Darvozakamdan aldab olib kelgansan.
Yig‘lab yubordim va yalina boshladim: “Amakijon, men bir yetimcha bolaman, rahm qiling, ishoning gapimga. Aldab olib kelganim yo‘q uni. Chumchuqlida o‘rilmay qolgan yigirma so‘tik joyni ikkalamizga bo‘lib bergan edi brigadir. Shu normani bajarib bo‘lib Darvozakamga o‘tishimizni aytgandi”.
–Sen bu yerdan daf bo‘l! Qoch! Qo‘liga tushsang otasi triklay shiladi teringni. Senga o‘xshagan yetimchani tarafini olmaydi hech kim. Qoch! Rossiyadan taxta tashiydigan poyezdga o‘tirda, izingni qumga sol. Vagonda yuklar orasiga o‘tirib olsang hech kim bilmaydi. Endi seni faqat Rossiya qutqazadi. Qani, jo‘na! Shunday deb qamchisi bilan poychamga urdi. Dod deb yubordim og‘riq zo‘ridan, ammo bu xilvat go‘shada hech kim eshitmasdi mening ovozimni. Yana havoga ko‘tarildi uning zabardast qo‘li, O‘roq aka ortimdan qamchi o‘ynatgancha yugurib kelar va men jon achchig‘ida to‘qisha surina qochib borardim. Jarning adog‘ida– Bo‘zsuv bilan tutashgan joyida– qalin jangalzor ko‘rindi. Shu yerdan panoh topdim. Yerga yiqildim va o‘tmish hayotimda ro‘y bergan yetimligim bilan bog‘liq ayrim lavhalarga qorishib ketdi mening shuurim. Chamanda chindan ham o‘lganmidi? O‘roq akaning aytgani rost bo‘lsa… ha, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdimku qonni. Shunda to‘g‘ri bo‘lib ko‘rindi O‘roq aka bergan maslahat. Qochishim kerak! Qachaman, ketaman bu yerlardan uzoq-uzoqlarga. Poyezd stansiyasi ko‘p uzoq emasdi bu yerdan, xayolimdan o‘tgan fikrni tasdiqlaganday uv tortdi “tovarniy poyezd”.Ulgurmadim. Uyga ham qaytmadim. Chamandaning o‘lganiga ishonmasdim. Beixtiyor, xayol surgancha necha qir oshib yana jar bo‘yiga kelganimda ufqqa yonboshlagan edi yoz quyoshi. Yurak hovuchlagancha Chamanda yotgan joyga yaqinlab keldim. Jasad ham dala qaravuli ham yo‘q. Jar ichida ko‘zdan pana ungirga kirib tunadim. Uyimga qaytolmasdim. Qishloqda to‘s to‘polon bo‘lib yotganini tasavvur qilarkanman, rais Muqimovning otini qamchilagancha biznikiga bostirib borishi, baqiriq-chaqiriqlar, qulog‘imga chalinganday bo‘lar va badtar qo‘rqardim. “Qani yetimchang? Chiqar bu yoqqa boshini uzib tashlayman!” deb po‘pisa qilardi onamga qarab Muqimov. Meni jindan ham yomon ko‘radigan bir kishi yashardi uyimizda. Kimligini men bilmaydigan shu odam ichidan toshib kelayotgan quvonchini bir amallab jilovlab turar va onamga qarab zahar sochardi: ”Yetim qo‘zi asrasang, og‘zi boshing moy bo‘lar, yetim bola asrasang og‘zi boshing…”
Chindan ham o‘lganmikin Chamanda? Juda bilgim kelardi shuni. Kelajak hayotim, baxtu baxtsizligim shunga bog‘liq. Vahimaga cho‘lgangan bu istak shu darajaga yetdiki, pirovard natijada o‘rnimdan turib yarim tunda qishloq tomon yurdim. Suvi kamayib qolgan daryo o‘zani bo‘ylab bordim toki qishloq etagigacha, keyin Juxorizor oralab qishloq chetidagi tashlandiq molxona tomon o‘tdim. Muqimovning hovlisi va qo‘shqavatli binosi ko‘rinib turardi tom ustidan. Tepadagi xona derazalari yorug‘,erkak kishining soyasiga qarab raisni yaqqol ko‘rdim, xona bo‘ylab kezinar va qo‘llarini siltagancha kimgadir gapirardi uning besaranjom soyasi. Pana pastqam yo‘llardan yurib oilamiz yashaydigan hovliga yaqinlashdim. Darvoza berk. Ariqcha suvi oqib o‘tadigan xandakdan o‘tib tandirxonaga kirib oldim. Tim qorong‘u bu joydan uyda nimalar bo‘layotganini tusmollash mumkin. Tandirxona devorida tutun chiqishi uchun qoldirilgan kulchanon kattaligidagi aylana teshik bor. Oyog‘im ostiga tunuka chelakni to‘ntarib qo‘yib ustiga chiqdimda derazani va eshikni kuzata boshladim. Bola yig‘isi eshitilardi xonadan.”Oyi! oyi! deb nola qilar va onamizni chorlardi ukam. Bildimki, onam uyda yo‘q. Balki meni izlab chiqqandir bechora. Bunday fikrlar xayolimga elas-elas sharpa solar ammo men Chamandagulning taqdirini o‘ylardim. Qayerda u? Shifoxonadami? Yoki ustiga oq choyshab yopilgan kuyi o‘zining uyida, xona o‘rtasida yotibdimikin?.. Qishloqda, maktabda va qavmu qarindoshlar o‘rtasida sharmanda bo‘lishimni o‘ylab bir qarorga keldim. Qochaman! Umrbod qaytib kelmayman bu yerlarga. Tog‘amning yuziga qanday qarayman axir! Menga tunlar toliqmay ertak aytib beradigan tog‘am sen shunaqamiding hali, pismiq demaydimi?! Dala qaravulning aytgan gapi boshqa barcha fikrlarni bosib ketdi va men qachishga, uzoq yurtlarga ketishga jazm qildim. Qamishzorlar oralab, suv kechib tongga yaqin temiryo‘l vokzaliga yetdim.
Qator bo‘lib tizilishib turardi qizil, sariq va bo‘z rangga bo‘yalgan yuk vagonlari. Panalab borib eng oxirgi vagonga kirib berkindim. Poyezd qachon harakatga kelgani va ayni damda qayerga tomon borayotganini bilmayman, tun bo‘yi yurib qattiq toliqqan va vagonga kirib paxta toylari orasida uxlab qolgan ekanman. Ochlik va tashnalik azob berardi. Lip-lip etib o‘tardi yo‘l bo‘yidagi elektr chirolqlari, xira qorong‘ulikka cho‘lg‘aknib yotgan notanish manzaralar namoyon. Hamma narsa orqaga chekinmoqda: dalalar, daraxtzorlar, tap taqir qirlar… hammasi oyning xira yorug‘ida sirli manzara kashf etgan. Ko‘zlarimdan oqayotgan shashqator yosh tiyilmaydi sira. Xo‘rligim kelib yig‘layman va qishloqda ko‘tarilgan shov-shuvlarni, g‘azabnok nidolarni, onamning ohu nolalarini o‘ylab vagon eshigining tirqishidan qarab bormoqdaman. Nihoyat, chinqirib hushtak chaldi va charog‘on bir manzilda to‘xtadi poyezd. Noma’lum taqdir tomon yetakladi meni ochlik. Pastga tushib odamlarga qo‘shilib ketdim. Rus tilidagi so‘zlar chalinadi qulog‘imga. Boshim karaxt, biror bo‘lak non topib yeyishdan boshqa biror xayolga o‘rin yo‘q. Ayrim magazinlar peshonasidagi bitiklardan bildimki men Orenburgdaman. Dimog‘imga urilgan taom hididan boshim aylanib kirgan joyim chog‘roqqina yemakxona. Bir qiz stollar ustidagi ovqat qoldiqlarini latta bilan sidirib olib laganchaga solmoqda. Nogoh harakatdan to‘xtadi uning barmoqlari. Egnimdagi libosim va yuzimdagi ayanchli ifoda diqqatini tortgandi qizning. Tizzalarim qaltirar va shu joyda yiqilishga tayyor edim. “Senga nima kerak”deb so‘radi o‘z tilida. Bir nav tushunardim rus tilini. “Non-xleb” dedim. Chekingan edi mendagi uyatchanlik hissi. Atrofga ko‘z tashladi qiz va deraza tubidagi stoldan bir bo‘lak non olib uzatdi. Bordim oldiga, oldim va shu yerning o‘zida teskari o‘grilgancha yedim. Oldidagi stulni ko‘rsatib shu yerga o‘tirishimga imo qildi qiz. So‘zsiz bajardim uning aytganini. Axir hattoki arslon ham bir bo‘lak go‘sht uchun olovli halqa ichiga o‘zini uradi, orqa oyog‘ida turib yuradi fillar… Jilmayib qaradi qiz va qo‘l uzatib ismini aytdi:
–Roziya!
Sira kutmagandim rus mamlakatida o‘zbekcha ismni eshitishni. Ko‘zlarim yorishib ketdi. O‘rnimdan otilib turib men ham qo‘l cho‘zdim va “Benishon” dedim. Kitoblardan o‘qigan, kinolarda ko‘rgan edim bunday muomalani.
–Seni rus bolasi deb o‘ylagandim,– dedi birozdan keyin yuzimga sinovchan qarab.
–O‘zbekman… umuman, tojik aralash…
–Nima qilib yuribsan bu yerlarda?
–Ish oxtarib.
–Yoshing nechada?
–O‘n oltida.
–Aldama, nari borsa o‘n uchdasan.
–O‘zing nechadasan?
–O‘n besh…
6
Oradan yetti oy o‘tdi. Shu g‘aribgina oshxonaning tashlandiq bir omborxonasida yotib turdim, ish ham topildi. Hovlini supurardim, aroq va vinodan bo‘shagan shishalarni yig‘ishtirib olib yashshiklarga joylardim, suv tashirdim va boshqa mayda-chuyda yumushlarni bajarardim. Oshxona egasining, ya’ni Shavqiya opaning asrandi qizi edi Roziya. Behad minnatdorchilik bilan qarardim unga va aytganlarini astoydil bajarardim. Bir kuni Shavqiya opa uyiga taklif qildi. Bu davrga kelib, ya’ni yetti oy ichida bo‘yim anchagina o‘sgan, vujudim baquvvat tortgan va xarakterimda ruslarga xos ayrim belgilar bo‘y ko‘rsata boshlagan. Javondan yangigina ko‘ylak va kostyum olib berdi opa, kiy dedi, avval vannada yuvinib chiqish kerakligini tushuntirdi. Shimi ham o‘lchaganday to‘g‘ri keldi menga. Vannada yuvinib, kiyinib chiqdim. Chuqur uh tortdi Shavqiya opa, ko‘zlarida yosh halqalandi, bufetdan shisha olib bir ryumka konyak ichdi va bor ovozi bilan yig‘lashga tushdi. Gap nimadaligini bilolmay hayron bo‘lib Roziyaga qaradim. Barmog‘ini labi ustiga bosib so‘rama ishorasini qildi qiz. Keyinchalik, ishxonada mening egnimdagi kiyimlar opaning o‘g‘linikiligini aytib berdi. O‘n uch yoshida elektr toki urishidan halok bo‘lgan ekan Ramiz. Ersiz edi Shavqiya opa. Endi bu oilada men yagona erkakman. Kun sayin murakkablashib borardi munosabatlarimiz. Dilimdagini ochiq aytishga yo‘l bermasdi mening tabiiy uyatchanligim. Dadilroq bo‘lishimni talab qilardi vaziyat. Qatorlashib o‘tib borardi yillar. Nihoyat, menga shubhalanib qaraydigan bo‘ldi Shavqiya opa.”Erkak erkakday bo‘lishi kerak-da” dedi kunlardan bir kun sira kutilmaganda. Havoda muallaq qotdi Roziyaning qo‘lidagi qoshiq va dasturxonga tomchilay boshladi uning ichidagi borsh. Har ikkala ayol ham menga qarab turishardi. Yuzimdan lovullab olov ko‘tarilayotganini payqab boshimni yana ham quyiroq egdim. Bir lahza qotib qolgan holatdan chiqishimga mushuk yordam berdi. Sakrab stolga chiqib olgan jonivor Roziyaning qoshig‘idan tomchilayotgan ovqatni yalamoqda. Mushukni urib haydash uchun stol chetida turgan sochiqqa intildi Shavqiya opa va vaziyat yumshadi biroz.
Tuni bilan o‘zimni o‘zim azoblab xudoga iltijo qildim. Bundan ko‘ra o‘lganim yaxshi degan fikr urilardi miyamga. Ertasi kuni ishdan javob olib duxtirga bordim. Psixolog diqqat bilan tingladi hikoyamni. Uyatchanlik hayotimni zaharlayotganini aytib dori so‘radim. Buning dorisi yo‘qligini aytdi duxtir. Bir qator dalillar keltirdi. Mendagi uyatchanlik sotsfobiya deyilarkan va uning asosiy manbai ong ostida yashirinib yotarkan. Siz jamiyatdan qo‘rqasiz, atrofingizdagi kishilarga kulgu bo‘lishdan xavfsirab yashaysiz. Bir gapni aytishdan avval xijolat chekib, kaftlaringiz terlab ketaveradi. To‘g‘rimi?
–To‘g‘ri.
–Uzoq o‘ylaysiz shu gapni qanday ohangda aysam, nimadan boshlasam, tovushim qanday chiqarkin, gapdan adashib qolmasmikanman deb, to‘g‘rimi?
–To‘g‘ri…
–Bular ongning ishi emas, ong ostida hamisha yashirinib yotadigan ana shunday xayollarning ishi.
–Nima qilishim kerak bundan qutilish uchun?
–Aytaman: gapirganda dadillik bilan tovushni baland ko‘taring. O‘zingizni suhbatdoshlaringizdan kuchli his qilishga tirishing. Mabodo noqulay holatga tushib qolsangiz, qizarib ketmaslik va gangib qolmaslik uchun bir ikki bor yo‘talib oling, yoki biror narsani stoldan tushirib yuborib, egiling pastga, oling. Hamisha bir ikkita qiziq gap, anekdot o‘ylab qo‘ying. Va uyalish hissi xuruj qilmasdan avval suhbatdoshingizga anekdotingizni aytib bering. Shunda dadillanasiz. Mabodo ko‘pchilik oldida gapirishga to‘g‘ri kelsa, atrofimda hech kim yo‘q degan tasavvurda bo‘ling…go‘yo o‘z-o‘zingiz bilan suhbatlashayotganday gapiravering.
Yana bir qator maslahatlar berdi duxtirim va qog‘ozchaga allanima yozib ikki bukladi-da, menga uzatdi. Kuniga bir mahal ichishimni va ko‘zimning ustiga nam qora latta bosib yotishimni tayinladi. Ko‘chaning narigi betida qatorasiga yettita apteka– dorixona– aptika. Qizil rangdagi kapsulalar yarqirab turardi sotuvchi qiz bergan shishacha ichida. O‘qidim: “Antijupilotetragirin”. Anti bilan jupilo degan so‘zlar menga tanish. Birinchisi qarshi degan ma’noni bildiradi, ikkinchisining ma’nosi so‘zlashuv tilida olabo‘ji, vahima, qo‘rquv… Yondosh do‘qondan bir shisha gazli suv olib hamisha cho‘ntagimda yuradigan chopqim bilan ochdim shishani, kapsuladan bir donasini tilimningustiga qo‘yib qo‘yib suv bilan o‘tkazib yuboridim tomog‘imdan. Uyga qaytganimda Shavqiya opa bilan Roziya oshxonada o‘tirib ovqatlanishayotgan ekan. Eshikdan kirishim bilan qattiq yo‘talib oyog‘imni yerga tap- tap urdim. Har safar mushukdek pusib sharpasiz qadamlar bilan oshxonaga kiradigan kishining bunday jasorati tang qoldirdi ayollarni. Bir birlariga qarab olishdi. Avzoyi o‘zgarib ketdi opaning. O‘z o‘rnimga o‘tirarkanman, keskin bir harakat bilan non to‘ldirib qo‘yilgan savatchani oldimga tortdim. Shavqiya opa qizining qulog‘iga tomon egilib yarim ovozda shivirladi “ichipti”. Sinovchan qaradi Roziya menga. Birdan xayolimga urilgan fikr duxtirning maslahatidan ham foydaliroq tuyuldi. Mast odamdan uyat hissi qochadi! Mana, duxtir aytgan “sotsfobiya”ning davosi. Qoshimni chimirdim, va ko‘zimni suzdim Shavqiya opaga qarab. “Yomg‘irdan qutilib qorga tutildik” dedi endi Shavqiya opa ochiqchasiga nafrat bilan va Roziyaga qarab qichqirdi:
–Yo‘qot buningni!
–Da, amaki, bekordan bekor, Moskva spalyoniy pajor,– dedim dadillik bilan. Janob Lermontovning she’rini atay buzib o‘zbekcha ohanglarga yo‘g‘irib.
– Karim piyondan ming marta badtar bo‘ladi bu alkash. (Karim piyon Shavqiya opaning aroqdan zaharlanib o‘lgan eri)
Qizarib, xijolat chekib turardi Roziya. Jahl bilan o‘rnidan turdi va qo‘lidagi sochiqni stol ustiga otib urib xonadan chiqib ketdi Shavqiya opa.
–Nega bunday qilding, ichmagandingku! –ginaxonlik qildi Roziya, ammo har bir so‘zni ehtiyotkorlik bilan imkoni boricha yumshatib aytishidan ma’lum bo‘ldiki, cho‘chib turibdi mendan.
–Ne ishing bor sening zohid meningki ixtiyorim bor,– dedim sira o‘ylab o‘tirmasdan. Sal ortga chekindi qiz. Shunda yanada dadillanib Bobur g‘azalini to‘liq aytishni ixtiyor etdim:
Qaro zulfing firoqida parishon ro‘zgorim bor
Yuzingni ishtiyoqinda ne sabru ne qarorim bor.
Labing bag‘rimni qon qildi ko‘zimdin qon ravon qildi
Nega holim yomon qildi men andin bir so‘rorim bor.
Agar musleh men ar mufsid va gar oshiq men ar obid….
Shu nuqtada to‘xtatishga to‘g‘ri keldi g‘azalni. Yuzimga tushgan tarsakidan o‘zimga keldim va Roziyaga qaradim. Nima qilib qo‘yganini o‘ylab rangi oqarib turardi. Yuzida vahima. Qo‘ngir rangga moyil ko‘zlari katta ochilgan. Sochining bir tutami chap yuzini to‘sib turibdi. Qopqora tolalar orasidan hurkak bir nigoh bilan boqadi ikkinchi ko‘zi. Go‘yo qamishlar orasidan poylab turgan chakovakday. Balki boshqa bir jonivorga, aytaylik suvsarga yoki qunduzga o‘xshar, ammo mening yodimga kelgani chakovak bo‘ldi. “Xamsa”dan o‘qigandim bu qushni. “Chiqorgay pat aningdekkim chakovak” degan misra bor edi Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida. O‘pchinlar qarorgohiga kirib qolgan Farhod jasorat ko‘rsatadi, qo‘rqmaydi temir sovut kiygan maxluqlardan. Ular temir odamlar, ya’nikim robotlar. Duxtirning maslahatlari, o‘zingizni “naxal tuting”degani va bunga amal qilishga intilishim foyda berdimi yoki bu “Antijupilotetragirin”ning ta’sirimikin…balki ichganimdan keyin ko‘zimning ustiga namlangan qora latta qo‘yib yotmaganimning kasrimikin?.. Nima bo‘lganda ham men sotsfobiyani va sharmandali uyatchanlikni yenggan va ashaddiy naxalga aylanganman. Qani endi oldimda haligi shaddot qiz bo‘lsa, Chamandani nazarda tutyapman. Meni masxara qilib kuladigan, Chamanda bo‘lsa…”po‘rim”ligimni ko‘rsatib qo‘yardim unga. Chamanda!.. Chamanda…
–Kim u? –so‘radi Roziya yuzimga tarsaki tushirgan gunohkor kaftini hamon ishqalagancha. Bu paytda biz hovlidagi skameykada yonma-yon o‘tirardik. Aprel. Yakshanba. Soat ikki.
–Qizning ismimi, Chamanda?– qayta so‘radi Roziya.
–Ha. Bugun ko‘chada uchratib qoldim.
–Tanishingmi?
–Shunday…
Indamay nimchasining tugmasini bosh barmog‘i bilan ishqalab arta boshladi mening xaloskorim. O‘ng oyog‘idagi usti popukli boshmog‘i tumshug‘ini ko‘targancha qolgan. Xuddi havoni hidlab ko‘rayotgan kuchukchaday. Boshimizga soya tashlab turgan men hanuzgacha nomini bilmaydigan buta novdasidan bir dona gul uzib avval burnimga tutdim, keyin unga uzatdim. Oldi va qiyolab qaradi, ko‘zlarida ichki iztirobning aksi, kipriklari namlangan. Aftidan meni uyiga olib kelganidan va shuncha vaqtdan buyon qandaydir ilinjlarga aldanib yurganidan pushaymon. Toshbag‘irligimdan afsus chekdim qizning avzoyiga qarab. Kechki ovqatga urinish uchun oshxonaga kirib ketdi Roziya. Soat yettida oshxonada jam bo‘ldik. Ko‘rsatgan “ot o‘yinim”dan xijolatdaman. Opa jahlidan tushmagan, Roziya esa gunohkorona qiyofada. Kechki ovqat davomida faqat qoshiqlarning shaqir shuquri va lablarning chapillashi eshitilardi xolos. Biror og‘iz gap bo‘lmadi. Ertasi kuni yana bordim o‘sha poliklinikaga. Dorining yomon ta’siridan ezilgan va horigan qiyofada eshikdan kirarkanman, boshqa kishiga duch keldim, duxtirim yo‘q, kecha uning familiyasini so‘ramagan ekanman. Nima deyishni bilmay garangsib turdim. Duxtir savol ayladi men yana qo‘rqoqligim va uyatchanligim to‘g‘risida so‘zldadim bu safar ham. “Sizda interovert kasalligi bor dedi duxtir nevropatolog men so‘zimni tamomlashim hamono.
–Bu qanday dard?
– O‘z ichki dunyosi bilan yashaydigan kishilar, interovert deyiladi. Ular odatda uyalib, tortinib, qimtinib yashaydilar.
–Sotsfobiya emasmi?
–Xuddi aytganingizning o‘zi.
–Nima qilishim kerak?
Qog‘oz qalam olib yozishga tutindi duxtir. Qandaydir qo‘llanmani ochib qaradi va yana yoza boshladi. Va “shu dorilarni olib iching” deb retseptni uzatdi. Bu safar qog‘ozga qaramadim ham, tashqariga chiqishim bilan g‘ijimlab legstrum devor ortiga otib yubordim. Yigirma qadamlar yurganimdan keyin duxtir yozib bergan qog‘ozini topib olsa nima bo‘ladi degan tashvish bilan ortga qaytdim. Qog‘ozni oldim, kaftim bilan tekislab ro‘yxatga ko‘z yugurtirdim va cho‘ntagimga soldim. Ko‘z yumib o‘tdim dorixonalar oldidan. Uyatchanlikni yo‘qotib qo‘pol va dag‘al kimsaga aylanishni istamasdim. To‘g‘ri, uyatchanlik Yevtushenko aytganiday o‘limdan yomon, ammo atrofdagi kishilar uchun zararsiz. Insondagi bunday hissiyot faqat shu insonning o‘ziga ziyon yetkazadi. Ko‘p narsadan quruq qoladi kishi. Maqsadiga erisha olmaydi: mansab, lavozim, obru e’tibor, va ko‘plab boshqa imkoniyatlarga yetishaolmaydi. Interovert ta’sirida yashaydi duxtir aytganiday. Xullas, ikki o‘t o‘rtasida qolib odimlarkanman, “Vino-vodochniy” degan yozuvga tushdi ko‘zim va bir lahza to‘xtab qoldim. Mendagi tug‘ma hissiyotlarni hech bir dori bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi. O‘ydagilarga dag‘allik qilganim ruhiyatimda ro‘y bergan bir damlik inqiroz. Men aftidan interovert bo‘lib tug‘ilganman va shunday bo‘lib qolaveraman. Bu genlarning ishi emas, balki men yashagan muhit ta’siridir. Shunday xayollar bilan “Vino-vodochniy”dan yuz o‘girib yo‘lda davom etdim. Oshxonada xo‘randalar kam. Eshik oldidagi skameykada xayolchan qiyofada o‘tirardi Roziya. “Seni ishdan haydadi Shavqiya opa” dedi ma’yus tortib.
–Ketaman.
–Qayoqqa?
–Oyog‘im tortgan tomonga.
–Men-chi?
Nima deb javob qilishimni bilmay bosh egdim. “Seni ham olib ketaman”degan gapni ichimda qayta-qayta aytardimu tilimga chiqarolmasdim. Duxtir aytgan introvertga qarshi dorini olib ichmaganimga pushaymon bo‘ldim shu lahzada. Qizning o‘zi yordamga keldi:
– O‘zbekiston degan yurtni bir ko‘rsam deyman.
–Sen…
–U yoqda Kavul degan gul bo‘larmish… Boshimdan qaynoq suv quyilganday, shiddat bilan janub tomon siljib borardi oyog‘im ostidagi yer. Yiqilib tushmaslik uchun skameyka o‘tirg‘ichiga mahkam yopishdim. Qayerdan oldi bu gapni Roziya!? Nahotki, boshimdan o‘tgan ishlardan xabardor bo‘lsa! Kovul… kovul… Yarq etib ketdi ko‘z o‘ngimda bir shu’la, yashin chaqnadi go‘yo. O‘rnimdan dast turib xonamga yugurdim. Men hovlining g‘arbiy burchagidagi kichkina cho‘lanchada istiqomat qilardim. Karavot qubbasi ustiga chiqib devordagi bir paytlar pechka trubasi uchun xizmat qilgan teshikka bo‘y cho‘zdim. Shoshqin tarzda paypasladim, tuproq va qotgan loy bo‘laklaridan boshqa hech narsa ilinmadi qo‘limga. Yo‘qolgan edi mening yakkayu yagona hamdamim, zerikarli hayotimning ulfati, sirdoshim. Otilib chiqdim xonadan. Vajohatimni ko‘rib qo‘rqib ketdi Roziya va indamay daftarni uzatdi. “Qo‘limda edi ko‘rmadingmi” dedi go‘yo hech narsa bo‘lmaganday. Cho‘g‘day yondirardi daftar mening titrab turgan barmoqlarimni. Uyat! Uyat! Axir nimaginalar yozilmagan unda! Kovul guli… ayolga xos nimadir borligi…bitta onalikni yetmish va yo saksonta otalik o‘rab turishi. Ayniqsa, Alfuzzamon Bastaning kovul gulida ayolga xos nimadir borligi to‘g‘risidagi fikrini sharhlab yozgan bir she’rim…
–Nega olding?
–Ataylab qilganim yo‘q. Xonangni tozalashga kirgandim, changlarni arta turib…
Yo‘q, endi bu yerda bir dam ham qololmasdim. Xonaga kirib lash-lushlarimni yig‘ishtirdim, 1200 rubl jamg‘argan ekanman. Pulni cho‘ntagimga solib kech bo‘lishini kutdim va qosh qorayganda sekin chiqib yo‘lga tushdim. Bir o‘ngirga borib qarasam ortimdan ergashib kelyapti Roziya ham. Nima qilmoq kerak? Qayerga olib boraman uni? Miyamda gujg‘on urgan savollar bilan kutib turdim. Yaqinlab keldi qiz va indamay bosh egib turaverdi. Qo‘lida ixchamgina chemodancha. Bilagiga guldor to‘qima jemferini tashlagan, elkasida zarrin rangli sumkacha. Iztirob ichra so‘radim:
– Qayerga boryapsan?
–Bilmayman.
–Uyim yo‘q, pulim ham kam.
–Menda bor.
Shunday deb zarrin sumkachasini uzatdi. Qarori qat’iy edi qizning. Uramanmi, haqorat qilamanmi, As’hobi kahflarning itiday ortimdan qolmaydigan. Rahmim keldi qo‘lidan ushladim. Mahzungina kulgu o‘ynadi kesak surtganday gezarib turgan qonsiz lablarida. Atrofga qarab biror qo‘nalg‘a izlaganday alangladim. “Men bir joyni bilaman” dedi Roziya va yo‘l boshladi oldimga o‘tib. Biqiniga “Mi sblejayem lyudey”deb yozilgan avtobusga o‘tirdik. Atrof zim-ziyo qorong‘o‘, xira chiroqlar yondi avtobus ichida, mudrab kelayotgan qiz birdan ko‘zini ochib derazadan tashqariga qaradi va tushamiz degan ishorani qilib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qorong‘udi nimalarni ko‘rganini anglayolmadim. Chemodanchani ko‘tarib ortidan ergashdim. Qalin daraxtzor oralab biroz yurganimizdan keyin kichkina bir kulbaga duch keldik. Chiroq yonib turardi xona derazasida. Eshikni taqillatdi Roziya. Sochlari to‘zg‘igan ko‘rinishidan yetmish yoshlardagi qariya ko‘rindi ostonada. “Babulya eto ya” dedi Roziya, va “On samnoy” deb meni ko‘rsatdi. Indamay ortga chekindi qariya va biz ichkariga qadam qo‘ydik. Xonada “Valerianka” bilan turli damlamalarning qorishiq hidi. Hamma narsada qarilik nuqsi urgan ro‘zg‘or: Xona to‘rida pastakkina, tepasi qubbali, eshikchalariga mayda to‘rtburchak marvaridgul rasmi tushirilgan shisha o‘rnatilgan qadimiy javon. Aftidan, hamisha o‘zi o‘tiradigan kresloga cho‘kdi, bizga boshdan oyoq nazar soldi kampir va Roziyani imlab oldiga chorladi, bo‘ynidan quchdi, ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarini yengi bilan artdi so‘ngra qizni o‘zidan nari surib menga qaradi. Hamon eshik oldida turardim…
Xullas, biz shu yerda yashab qoldik. Boshpana inson uchun katta baxt. Dunyo Hindiston emaski, ko‘chada, daraxtlar tagida ham yashayversang. Bu yer Rossiya axir! Napaleonni ham, Gitlerni ham yenggan uning qahri qattiq qishi. Bahor nihoyasiga yetib bormoqda, ammo o‘rmonda hali zamburug‘ va qo‘ziqorin ko‘p. Biz bilan birga chiqadi gohida Mushtariy momo ham. Umri tugab borayotganidan nolish qilib o‘rmonni yaratgan Xudoga shukronalar bildiradi va uni hamisha omon saqlashiga iltijo qiladi. Uning umri bilan o‘rmon o‘rtasida qanday bog‘liqlik borligi to‘g‘risida o‘ylab qolaman. Albatta inson tabiat bilan chambarchas bog‘liq, lekin umrining tugayotganini aytib o‘rmonga sog‘liq tilash… Mushtariy momoning xarakterida meni muammoga qo‘yadigan ko‘p narsa bor. Birorta dinni tan olmaydi kampir. Hammasini shundan manfaat ko‘radigan kishilar o‘ylab topgani haqida, Xudoning borligi, dinning yo‘qligi to‘g‘risida gapirib qoladi ba’zan. Din yo‘q deganda uning keraksizligini nazarda tutadi. Kampir ashaddiy nigilist. Baxt yo‘q, baxtsizlik bor. Haqiqat yo‘q, haqsizlik bor. Ishq yo‘q, ishqsizlik bor. Va hokazo. Bir quchoq eski jurnallari bor kampirning. Ikkita taburetka ko‘tarib chiqadi tashqariga, birida o‘zi o‘tiradi, ikkinchisining ustiga jurnallarni qo‘yadi va soatlab varaqlaydi ularni. Men ham dunyoga kelib bir shumlik qilsam degan fikr miyamga urildi kunlardan bir kun. Kovul gulini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim kampirga. Ammo o‘rmonda yo‘q edi bu gul. Izlab topolmadim. Xayolimni band etdi boshqa bir ermak. Haftada bir marta qo‘ziqorin, malina, smarodina kalina va boshqa o‘rmon ne’matlaridan olib shaharga tushardim va ularni sotib puliga ko‘targanimcha kitob olib qaytardim. Albatta Roziyani ham quruq qo‘ymasdim. Shirinliklaru yeguliklar olardim. Ashaddiy kitobxonga aylandik ikkalamiz ham. Bola-chaqa zavqini, hayotning boshqa lazzatlarini asosan kitoblardan olardik. Mana, javonimizda Alfuzzamon Bastadan tortib Shopengauyergacha bor. Bastaning “Kapparis spinoza”sini o‘qib qosh chimirardi Roziya. “…ayolga xos bir narsa” hamisha qarama qarshi fikrlar chorrahasiga olib borib qo‘yardi uni. Oldiochiq pechkamizda olov yonib turar, uning shu’lasi toki yorqin rang olib, xona devorlarini bo‘yamagunga qadar chiroq yoqmasdik. Kerosinni tejash odatimizga kirib mustahkam joylashib olgan. Kechki ovqatlanishni ham pechkadan taralayotgan yorug‘likda qilamiz. Faqat kitob o‘qish uchun yoqamiz chiroqni. Kunduz kunlari tomarqada ishlayman. Qora tuproqli maydonchada kartoshka yetilib har biri qariyb bir kilo tosh bosadigan darajaga yetadi. Piyoz, pomidor, baqlajon karam ham bor tomarqamizda. Ikkalamiz ham ish bilan ovunamiz, Roziya o‘yga toladi ba’zan, bunday pallada men ham daraxt to‘nkasi ustiga o‘tirib olib xayolan qishlog‘imga qaytaman.
…Yillar o‘tdi. Kampirni yerga topshirganimizdan keyin uning ikki xonali yog‘och kulbasi meros qoldi bizga. Oddiygina hayot kechirdik Roziya bilan. Rizqimizni kam qilmadi o‘rmon. Shularni o‘ylab Mushtariy kampirning duosini esladim. Ha o‘rmon saxovatli. Endi men ham ollohdan o‘rmonning sog‘lig‘ini tilab duo qilardim. Zero yoshim ham bir joyga borib qolgan. Farzand ko‘rmadik biz. Ammo sira afsuslanmaymiz bundan. Faqat boshqa bir afsusim bor. Chamandaning taqdiri nima bo‘ldiykin? Haqiqatan ham o‘lganmidi? Yoki dala qaravuli firib berdimi men g‘aribga? Keyingi paytlarda savollarimga javob topish istagi tobora kuchayib bormoqda. Qishlog‘imga borsam, o‘sha bug‘doyzorlarni aylanib bahra olsam, Chamandani uzoqdan bo‘lsa ham bir ko‘rsam… Haqiqatni anglash, uni qumsash ishtiyoqi sira tinchlik bermadi va men kunlardan bir kun yo‘lga tushdim.
Necha kun yo‘l yurdim, pana-pastqam joylarda tunadim, 21 iyul edi, qoq tush mahali edi qishlog‘imga kirib borganimda. Yuragimni qamrab olgan hayajon ta’sirida atrofga olazirak ko‘z tashlayman. Qishloq o‘zgarib ketgan. Erkaklar Rossiyada, xususan Yakutiyada ishlab pul topib yangi uylar qurishgan, har bir hovlida mashina. Kuchli chanqoq ta’sirida choyxonaga tomon burildim. Bir choynak ko‘k choy bilan bitta patir non buyurib bir chetdan joy oldim. Mendan sal naridagi chorpoya ustida choyxo‘rlik qilardi ikkita qariya. Beixtiyor qulog‘imga chalindi ularning suhbati:
–Shodivoy, shu… Benishon ismli bir yetimcha bo‘lardi…
–A… kim dedingiz? deya suhbatdoshiga tomon egildi ikkinchi qariya. Odatimizga ko‘ra choyni piyolaga suzdim va qaytarib choynakka soldim-da, quloq tutdim. Bu yerda bo‘ladigan har bir suhbat, har og‘iz gap men uchun hayotiy zarur.
–Shu, Asmomvoyning yetimchasini aytaman-da!– qichqirdi birinchi qariya.
–Ha, “Kovul guli”ni aytasizmi, nima bo‘pti? Biror xabar bormi?
Angladimki, bedarak ketganimdan keyin qishloqdoshlarim menga shunday laqab berishgan. Ya’ni ular aytayotgan “Kovul guli” menman. Ichki hayajondan qo‘llarim titrab yana quloq tutdim:
–Yo‘q-da. Xabar yo‘q. Raisning qizini…
–Chamandagulni deng…
–Ha, Chamandani haligiday qilib… qochib ketgan bola-da.
Suzilgan choy piyolada qoldi. Cho‘ntagimdan bitta besh mingtalik olib choynak dastasiga qistirdim-da, asta o‘rnimdan turib tashqariga chiqdim. Pana pastqam ko‘chalardan yurib temir yo‘l vokzaliga yetdim. Va kassadan Orenburgga bilet olib kutish zaliga kirdim. Poyezd jo‘nashini sabrsizlik bilan kutardim.
…Oradan qirq yil o‘tib ketganiga qaramay qishloq hali unutmagandi “Kovul guli” voqeasini.
———-