(Hikoya)
Tun va tong qorishib xonaga yoprilib kirgan paytda uyqum o‘chdi. Kechasi tor ko‘ringan xona hiylagina keng ekan. Konditsionerning bir maromda yonib-o‘chayotgan tugmasiga tikilib qoldim. Rangi yoqdi.
Uydagi, ishxonadagi konditsionerni eslashga urindim. Eslolmadim. Ehtimol, ularda bunaqa tugmacha yo‘qdir, balki xotirjam tikilib o‘tirmagandirman?!
Xona yorisha borgani sayin shakllar, soyalar xiralasha boshladi. Televizor, radiopriyomnik, telefon, bemorlarga sun’iy nafas ulash moslamalari va yana allanarsalar. Hatto deraza oynasiga tashqari tomondan yopishtirilgan qandaydir raqam ham e’tiborimni tortdi. Bir soatcha o‘rnimdan turmay kuzatib yotdim. Anchadan beri bunaqa xotirjam bo‘lmagandim. Tinch yotishdan zerikib bu yonboshimga ag‘darilmoqchi bo‘ldim-u… U ingrab yubordi. Qo‘linimi yoki oyog‘inimi bosib oldim. “Men tug‘ruqxonadaman”, dabdurustdan xayolimga kelgani shu bo‘ldi. Biroq ingragan chaqaloq emasdi. Esladim, kecha meni tez tibbiy yordam mashinasiga chiqarishgan paytda ham u yoqdan-bu yoqqa o‘tib yurgandi.
1-kun
– O‘lmaymanmi, doktor? – so‘radim hafsalasiz.
Indamadi.
Doktor va hamshira xonadan chiqishgach yana yolg‘iz qoldim. Yo‘q, yolg‘iz deb ham bo‘lmaydi.
U yonimga cho‘zildi. Teskari o‘girilib oldim. A’zoyi badanim qaqshab og‘rirdi. Tomirlarimda qon o‘rniga gupirib-gupirib og‘riq oqmoqda. Endi og‘riq degan narsa miyamga chippa yopishib oldi. Og‘riqning tubi bormi? Tana og‘rib-og‘rib nima bo‘larkan? Tabiiyki, oxiri o‘lim emas. O‘limoldi og‘riq oxirimikan? Ruh og‘risa-chi? Tana og‘rig‘ini ukol bilan “aldasa” bo‘ladi. Ruh esa…
Tashqarida shamol kuchaydi. Noyabr shamoli. Menga uning tovushi yoqmaydi.
Hali maktabga chiqmagan paytlarim edi. Matluba kelinopamning enasi biznikiga mehmonga kelganda o‘lib qoldi. Onasi erta vafot etgach kelinopam enasi qo‘lida qolib ketgan. Jikkakkina bu kampir nevarasini ko‘rgani tez-tez kelib turardi. Xullas, kampir o‘ldi. Ko‘rpaga o‘ralgan kampirni uyiga eltib tashlash uchun traktor pritsepiga chiqarishdi. U paytlar qishloqda moina topish anqoning urug‘i edi. Tashqari sovuq, shamol kuchaygandan kuchayib borardi.
– Sovqotmaydimi? Bir o‘zi qo‘rqmaydimi? – dedim bobomga.
– O‘liklar sovqotmaydi, qo‘rqmaydiyam, chunki ularning ruhi yo‘q, – deb javob berdi bobom.
Bola edim. Bobomning gapiga ishonmadim. Yig‘ladim.
Shundan beri shamolning “uv”lashi kampirning sovuqdan titrab chekayotgan faryodiday tuyuladi menga. Qo‘rqdim. Endi qo‘rquv haqida o‘ylay boshladim. Qo‘rquvning oxiri qayerda?
Negadir og‘riq huzur bera boshladi. Turib-turib kulgum qistaydi: agar og‘riq va meni ta’qib etayotgan nusxani hisobga olmasa, xuddi mehmonxonada yotganga o‘xshayman.
3-kun.
Chorasizlik – dahshat. Avvallari xitoy iyerogliflarini o‘qigim kelardi, o‘qiy olmasligimdan azoblanardim. Santur chalgim kelardi, biroq chala olmasligim eng yomoni edi. Biroq umr bo‘yi ularni o‘rganish mumkin.
Yo‘tal tutgandagi chorasizlik esa boshqa: ichimda ip bor, na yutib bo‘ladi, na tutib. Ya’ni shu ipga o‘xshaydi yo‘tal.
Hamshira kirganda uyg‘onib ketdim.
U esa derazadan tashqarini kuzatardi.
Hamshiraning soyasi qo‘limga tushdi. Tavba. Soyadayam vazn bo‘ladimi?
Qo‘llarim og‘ridi.
U ko‘zlarimga tikilib turardi. Nigohiga dosh berolmadim.
Kunlarning birida g‘aladondan pul olib, ukam ikkalamiz yopishqoq rasmli saqich oldik: ikkita. Ortgan pulga esa 10 quti gururt olishga kelishdik. Gugurtlarni tepa tokchaga, terib shaklga keltirilgan idishlar orqasiga bekitib qo‘ydik. Shu bilan saqich va gugurt voqeasi esimizdan chiqib ketdi.
Oradan necha kun o‘tdi, esimda yo‘q. Ovqatlanib o‘tirsak, chiroq o‘chib qoldi. Moychiroq yoqish uchun gurut izlayotgan onamizning joniga ukam oro kiritdi. Gugurt sotib olganimizni aytib qo‘ydi. Gugurtni bobom yoki buvim nafaqasidan erib ketib bergan pulga olganimizni taxmin qildi shekilli, onamiz suyunib ketdi. Biz ham xursand. Biroq gugurtlarni olar-olmas, pulni qayerdan olganimizni so‘radi, chunki gurut bitta emas edi. Biz manzilni aytdik. Shunda… dadamiz o‘g‘irlik qilganimiz uchun qo‘limizga pashshakaltak bilan urdi. Shu “zarb”dan avval ham, keyin ham tabiatan halim dadamizdan boshqa kaltak yemadik. Biroq o‘sha paytdagi kaltakdan ko‘ra dadamizning nigohi qo‘rqitgandi bizni. O‘ttiz yildan beri kimningdir narsasi yo‘qolsa yoki birovning tikilayotganini sezsam, o‘zimni qo‘yishga joy topolmayman. Nigohlardan qo‘rqaman.
4-kun.
“Havo – yengil modda”. Yolg‘on.
Havoning og‘irligini his qildim. Uni burnim qarshisiga olib kelish uchun kuchim yetmay qoldi. Hamshirani yordamga chaqirdim. U esa miyig‘ida kulib o‘tirardi. Qayerdadir ko‘rganman: tushimda yoki metroda. Ha, ha, metroda.
Hamshira hayalladi.
Yangi hovliga ko‘chgan kunlarimizning birida onamiz mehmon kutadigan bo‘ldi. “Qulluq bo‘lsin”ga keladigan dugonalari uchun bir hafta oldindan tayyorgarlik boshlandi. Uyimiz chala bitgan. 7-8 yoshlar atrofidagi men tozalash ishlarida onamizga qarashyapman. Chang artib yurib yiqildim. Yaxshi qoqilmagan taxta ko‘tarilib, men yerto‘laga tushib ketdim. Supra-taxta qilib o‘tirgan onamizni yordamga chaqirdim: “Aya, o‘lyapmaaaan”… Va ovozlar tindi.
Hayriyat hamshira chaqirganimni eshitibdi. Kislorod ulab qo‘yishibdi.
10-kun.
Ukol va dorilarni kamaytirishdi. Xonadagi shakllar, ovozlar deyarli qiziqtirmay qo‘ydi.
Quyosh bir ko‘rindi-da, bulutlar orasiga kirib g‘oyib bo‘ldi.
Uni qayta ko‘rmadim.
O‘rganib qolgan ekanman. Qo‘msay boshladim.
Biz u bilan sinfdosh edik. Maktabni bitirgach bir shaharda – boshqa-boshqa universitetda o‘qirdik. Negadir ko‘pchilik bizning munosabatimizni do‘stlikdan chuqurroq deb o‘ylarkan.
Sovchilar kela boshladi. Menga, uydagilar endi katta qiz bo‘lib qolganimni aytishib, u bilan ko‘rishishni ta’qiqlashdi. Unashtirildim. Yigit o‘zim orzu qilganday edi. Biz bir-birimizga ipsiz bog‘lanib qoldik.
Kunlarning birida sinfdoshim qo‘ng‘iroq qildi…
Yig‘ladim.
14-kun.
Kasalxonadan chiqarkanman, Unga o‘xshash shakllarni ko‘rdim. Ko‘zlari g‘amgin edi. Va so‘nggi marta palata derazasiga qaradim: F – 2, 136.
Bashorat Otajonova.
Yaxshi hikoya.