Parijdagi parvoz

0
319

Tushuntirish xati

 

XX asr boshida o‘limni bo‘yniga olib sahnaga chiqqan, toshbo‘ronlar ostida ham ovozini baralla qo‘yib kuylagan, tahdid va ta’qib shamollariga bo‘yin egmay raqs tushgan, san’at uchun malomat o‘qlariga tabassumini qalqon qilgan, jahon ahliga o‘zbek san’atining bor bo‘y‑bastini namoyish etgan o‘zbek san’ati yulduzi, hayoti va faoliyati afsonalarga yo‘g‘rilgan Tamara Xonim fenomeni necha vaqtki borlig‘imni band etgan.

Har gal Tamara xonimning ovozini eshitsam, raqslarini ko‘rsam qonimda hayotga muhabbat to‘lqini uyg‘onadi. G‘ayratim jo‘shib nedir qahramonliklarga chog‘lanib qolaman. Bir ayolda buncha shijoat, mahorat va malohat jam bo‘lganidan hayrat dengiziga g‘arq bo‘laman.

Tamara… Tarixda malikalarga qo‘yilgan bu ism. Tamara xonim esa haqli ravishda o‘zbek san’ati malikasidir.

Tamara xonim hayot yo‘lini o‘rganar ekanman, qiziq voqea bayoniga duch keldim. Balki, qisqacha matnning o‘zi havola etilsa yaxshi bo‘lardi. Lekin tarjima asnosida unga tasavvur bo‘yoqlari qo‘shilib ketganini sezmay qolibman. Modomiki, yozilgan ekan boshqalarga ham ilindim. Bu balki yoshlikka xos shoshqaloqlikdir. Axir, yoshlikda ko‘p narsalar kechiriladi.

Demak, bugun birinchi Sharq qaldirg‘ochining Parijga qilgan parvozi haqida bir parcha o‘qiymiz.

 

Parijdagi parvoz

 

‒ Senga yangi kiyimlar kerakmasmi? Har holda Parijdamiz, atrofimizda dunyo xalqlari san’atkorlari. Nima deysan?

‒ O‘zimniki ham yomon emas. Lekin siz shuni xohlasangiz, roziman. Tushlikdan keyin borib kelaman.

‒ Ma’qul.

***

Ayol xosxonasiga kirib, ko‘zguga termilib qoldi. O‘n to‘qqiz yoshida Fransiyaga kelganidan quvonsa ham yuz‑ko‘zidan ulg‘ayib qolgani sezilardi. Ko‘zgudagi aksiga gapira boshladi:

‒ Hoy, sen. Ha, ha, aynan sen. Yevropa sayohati yoqyaptimi? Bir vaqtlar onang “Qizim Parijda raqs tushadi” deganda hamma kulgandi‑ya! Ayol kishining sahnada raqs tushishish, qo‘shiq aytishi, teatrda rol o‘ynashi esa ertakka o‘xshardi. Lekin SEN, ha, aynan sen buni uddalading. To‘g‘ri, qiynalding, o‘rtanding, yonding va pishding. Sen ‒ bu yerga arman qizi Petrosyan bo‘lib kelmading. Yo‘q. Sen ‒ o‘zbek xalqi vakilisan.

Oh, o‘zbek raqsi, musiqasi va qo‘shiqlari! Siz necha vaqt qanotlari qirqilgan qushday tor qafaslarda, pana‑pasqam hovlilarda qolib ketdingiz. Mana endi sizni dunyo tanidi, tan oldi.

Men o‘zbek san’atini yuzaga chiqardimmi yoki u meni? Bilmadim. Modomiki bu yerda xalqimning vakili ekanman o‘zimni xafa qildirib qo‘ymayman. Aslo. O‘zbek ayollari ham dunyodan, modadan boxabar ekanligini ko‘rsatib qo‘yaman.

Sen bilan esa qadrdon aksim, hali yana gaplashamiz.

***

Tamara atrofni tomosha qilgancha Parij ko‘chalarida ketib borar ekan o‘tgan‑ketgan unga qarab qolardi. Egnidagi yorqin chopon, zardo‘zi kavush, xonatlas ko‘ylak, do‘ppi bir yon bo‘lsa, ularga chiroy baxsh etayotgan malak bir yon edi.

Xonimlar janoblarining ajnabiy ayolga tikilayotganidan g‘ashi kelsa ham gapirolmasdi. Chunki ularning o‘zi ham bu ayolga mahliyo bo‘lib qolgandi. Osiyo oftobida kuygan bug‘doyrang terisi, chaqnab turgan ko‘zlari, istarali yuziga qarab to‘ymasdi kishi.

‒ Yurishichi? Bizning modellar shunday yura oladimi?

‒ Yo‘q. Bu yurishda viqor, ayni paytda shijoat ko‘rinmoqda. Bu biz noziklashib ketgan parijliklar uchun yot yurish. Odamni havasi keladi‑ya…

U to do‘konga yetguncha ortidan yuzlab nigohlar, shivir‑shivirlar ergashib bordi. Hayo bilan kiyim do‘koni eshigiga kirgach ta’qibdan qutulganidan yengil tortdi. Ammo bu bir lahzagina davom etdi. Chunki do‘konning turli burchagidagi xonimlar gulga uchgan bolarilarday bir paytda u tomonga kela boshladi.

‒ Oh, qanday yorqin ranglar jilosi!

‒ O, Bibi Maryam! Bu xonim ustida dunyoning barcha ranglari mujassam‑ku!

‒ Xuddi do‘konga bir quyosh kirib kelganday ko‘zim qamashdi…

***

‒ Salom. Men xarid qilmoqchiman.

‒ O azizam, albatta. Bizni kechiring xonim, libosingizga mahliyo bo‘lib, vazifamizni unutayozibmiz, ‒ dedi muloyimlik bilan sotuvchi.

‒ Hechqisi yo‘q. Qanday liboslar tavsiya qilasiz?

‒ Mana bu yoqda ko‘ylaklar, bu yoqda esa poyabzallar bo‘limi. Marhamat…

U ko‘ylak tanlar ekan atrofini ellik‑oltmish chog‘li xotin‑qiz o‘rab olganini sezmay qoldi. Ulardan biri ‒ davraning markazida turgan ayol gap boshladi:

‒ Ma’zur tutasiz, siz bilan tanishsak bo‘ladimi? Zero, tashqi ko‘rinishingiz bizni maftun qildi.

‒ Qo‘ysangizchi, xonim. Ismim Tamara. O‘zbekistondan Xalqaro dekorativ san’at ko‘rgazmasida qatnashish uchun kelganman.

‒ O‘zbekiston? Ma’zur tutasiz, u qayerda joylashgan?

‒ Sharqda. O‘rta Osiyoda. SSSR tarkibida.

‒ Buni qarang‑a, bexabar ekanmiz.

‒ Qanday tanishtirsam ekan… Darvoqe, bu Avitsenna tug‘ilgan tuproq.

‒ Ofarin! Bu boshqa gap. Avitsenna ‒ tib ilmining sultoni. Uning asarlari fransuz atir va upa‑elik tarmog‘ining hayotbaxsh manbaidir.

‒ Ha.

‒ Biz sizdan bir narsani iltimos qilishga jur’at etdik, Tamara xonim.

‒ Qo‘limdan kelsa, bajonidil opalar.

‒ Modomiki yangi libos olar ekansiz, egningizdagilarni bizga sotsangiz. Ochig‘i, biz hayratdamiz!

Shu choqqacha ikkovining suhbatini jim tinglab turgan jamoaga jon kirib, yig‘ilganlar chug‘urlashib ketishdi.

‒ Iltimos, aytgan narxingizni beramiz…

‒ Rozi bo‘ling, ham daromad ko‘rasiz, ham dilimizni shod aylaysiz…

‒ Iltimos…

‒ Sharq tarovatidan bizni bahramand qiling…

Tamara xonim o‘yga toldi.

Men bu yerga dunyo moda poytaxtida sharqona libos bilan uyalib qolmay deb kelgandim. O‘sha poytaxt ahli esa mendan libosimni tillo barobariga bo‘lsa‑da olishmoqchi. Yo‘q, o‘zbek xalqi timsollarini aslo pulga chaqmayman.

‒ Aziz xonimlar, ‒ muloyim gap boshladi Tamara xonim. ‒ Bu liboslar xalqimning timsoli, o‘zbek ayollarining boyligi. Gap pulda ham emas. Milliy g‘urur masalasi. Meni tushunasiz degan umiddaman.

Yig‘ilganlar yuziga g‘amginlik cho‘kdi. Qayta so‘rash haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi. Ko‘rinib turibdi, xonimning o‘zi ham xijolatda qoldi. Oradagi sukut va noqulay vaziyatga boyagi xonim nuqta qo‘ydi.

‒ Dugonalar, libos baribir hammamizga yetmasdi. Agar Tamaraxon rozi bo‘lsa, kiyimlarni bittadan kiyib ko‘rsak. Nima deysiz?

‒ Bajonidil, ‒ dedi Tamara xonim va choponi, do‘ppisi va kavushini yechib berdi. Farang xonimlar bir pasda uzun saf hosil qildi. Hatto safning oxiridagilar do‘kon eshigidan ham chiqib ketdi.

Qo‘shni do‘kondagi ayollar ham bu ajib tomoshaga qiziqib qoldi. Zar choponning tovlanishiga mahliyo bo‘lgan xonimlar bolalarcha quvonishardi. Ustidagi o‘zbekona libosda o‘zlarini bir necha daqiqaga malikalardek his qilishardi. Sharq Parijni taslim qilgandi.

Shom cho‘ka boshladi. Tamara xonim uzun saf egalaridan uzr so‘rab, kiyimlarini qayta kiyib oldi. Yangi kiyimlar olishni ham unutmadi.

Navbat tegmay qolgan xonimlar astoydil xafa bo‘lishsa ham buni bildirmaslikka harakat qildi. Chekkaga o‘tib ko‘zyoshi qilganlar ham bo‘ldi. Nachora, mehmonning izzatini qilish kerak.

***

‒ Kech qolib ketding. Tinchlikmi?

‒ Muhiddin aka, do‘konda ajoyib ish bo‘ldi, ‒ degancha bo‘lgan voqeani gapirib berdi Tamara.

‒ Durust. Balli, senga! Parijda nafaqat san’atimizni, balki madaniyatimizni ham targ‘ib qilibsan. Ovro‘pada ham o‘zligingni asrab qolibsan. Doim shunday sof va sadoqatli bo‘lib qolishingni istardim. Ajoyib, ajoyib… Qani, qaldirg‘ochim, tilang tilagingizni. Bugungi tilaklaringiz bosh ustiga.

‒ Rahmat sizga. Men… Men Aysedora Dunkan bilan uchrashishni orzu qilardim… Lekin bunga tayyormanmi? U o‘z suhbatiga loyiq ko‘rarmikan meni?

‒ Bu mahzunlik, ikkilanish sababi ne? Esingdagi, seni “Sharqdagi Aysedora Dunkan” deb ta’riflashgandi. Men esa “Dunkan xonim G‘arbdagi Tamara” deyman. Orzuing chakkimas. Doim balandni ko‘zlaysan, sira maydalashmaysan. Roziman. Uyga Olmoniya orqali qaytamiz.

‒ Rostdanmi? Rahmat. Bilasizmi, men Aysedora xonimga o‘zbek raqslarini ko‘rsatmoqchiman. Balki, unga milliy kiyimlarimizdan sovg‘a qilarmiz.

‒ Ixtiyoring. Undan avval esa Parij sahnasida butun dunyoni lol qoldirishing kerak. Butun dunyo 1925 yilgi san’at ko‘rgazmasini eslab yursin. Gazetalar sen haqingda bong ursin. Olam kuy‑qo‘shiqqa oshufta bo‘lsin, Tamara! Tayyormisan?

‒ Men ‒ tayyor! Yonimda siz bo‘lsangiz kifoya! Darvoqe, yuring zalda sizga yangi o‘rgangan harakatimni ko‘rsataman. Yuring, yuring…

 

Otabek Bakirov,

Angren shahri.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting