KUMIRIMIZ BEVAQT O‘LSA YOXUD EHTIMOLLAR NAZARIYASI

0
296

esse

1791 yilning 5-dekabr kuni  Venada og‘ir xastalik tufayli  Volfgang Amadey Motsart olamdan o‘tgach, uning ijodi ixlosmandlari bo‘lgan kishilarning aksariyati bu o‘limda boshqa bir san’atkor- italyan bastakori  Salyerini ayblashadi. Avstriya Imperatori xonadonining xos bastakori bo‘lgan maestrodagi ichiqoralik va ko‘rolmaslik hissi Motsartni juvonmarg qilganini, uning bevaqt o‘limini yuzaga keltirganini ular bir bo‘lib, baralla ta’kidlashadi.

Bu ayblov egalarining har biri Motsartga cheksiz mehr qo‘ygan, uni telbalarcha sevgan va o‘z kumiri deb bilgan, nafaqat go‘zal va ohangrabodek o‘ziga tortadigan simfoniyalaridan hayratlangan, balki ularning har birini partiturasigacha yoddan bilgan, “Sevilyalik sartarosh” operasining olamshumul anshlagiga bir necha bor o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘lgan va har gal sahnalashtirilganida chetda qolmaslik uchun opera teatriga uchib borgan, foniy dunyo tashvishlarini unutgancha asarning ichida go‘yo nafas olmay boshidan oxirigacha  yashagan, “Don Juan”ni tomosha qilgach, bastakor mahoratiga lol qolib, es-hushidan ayrilayozgan, xullas Motsart musiqasining ashaddiy va muttaasiblik ruhidagi ixlosmandlari edi.

Aynan o‘sha kundan boshlab ko‘hna va fayzli Vena shahri oyoqqa qalqiydi. Turli dunyoqarash, turmush tarzi hamda kasb egasi bo‘lgan ixlosmandlarning pala-partish gap-so‘zlari, sochni tikka qilish xususiyatiga ega bo‘lgan pamfletlari va alamga yo‘g‘rilgan dod-faryodlaridan shaharning qulog‘i tom bitadi. Ularning tasavvurida o‘rtamiyona iste’dod egasi bo‘lmish( aslida u ham katta bastakor edi) Salyeri oxir-oqibat o‘zidan bir necha karra iste’dodliroq bo‘lgan Motsartning yulduzini so‘ndirganini, irodasini sindirib, qaddini bukib, nihoyat yiqitganini, o‘rtalaridagi nohalol raqobat unga ko‘proq naf keltirganini bu sho‘rliklar ovoza qilishga tushib ketishadi. Ko‘zlarida yosh bilan yoki og‘ir “uh” tortib, “agarda bu kutilmagan o‘lim yuz bermaganida, Motsart kelgusida yana bir-biridan ajoyib simfoniya va operalar yaratishga qurbi yetgan bo‘lardi”, “Ovro‘poni yana aqldan ozdirgan, ilohiy musiqasi bilan buyog‘iga olisdagi Chin devori hududida yoki Mayalar yurtida inson his-tuyg‘ularini chertishga qodir bo‘lgan Ovro‘po mumtoz musiqasi yutuqlaridan bexabar  yashayotgan go‘l ajnabiylarni ham maftun qilishning uddasidan chiqardi”, degan taxmin va farazlarni o‘rtaga tashlashadi.

Motsartning tuprog‘i sovumay turib, quyuq motam libosiga o‘rangan Venaning g‘iybat arimaydigan yemakxonalari, sershovqin bozorlari, zerikarli jamoat joylari, o‘ziga bino qo‘ygan aslzodalarining salonlarida Volfi nomiga hamdardlikka to‘la pafosli va balandparvoz so‘ngso‘zlar ataladi, Tangrining huzuriga yo‘l olgan ruhiga azador qiyofa va past ovozda istig‘vorlar aytiladi, qanchadan qancha shoyi dastro‘mollar iztirobni ko‘z-ko‘z qilish uchun riyokorlar qo‘lida birma bir namlanadi, uylarning ko‘cha tomonga qaratilgan derazalariga rasm-rusumga ko‘ra qora pardalar tutiladi. Salyeriga esa aksincha, ular tomonidan xuddi har Haj mavsumida Makkayi Mukarramada musulmonlar tomonidan shaytoni la’inga toshlar otilgani kabi xayolan toshlar otiladi, yillar davomida misqollab yiqqan sha’niga bo‘lmag‘ur nisbatlar beriladi, uni hasadgo‘y va mayda odam deb atash urfga aylanadi, suyukli bastakorlarini faqatgina u hayotdan bezitib o‘ldirganligi xususidagi g‘ayritabiiy versiya butun shahar ahlining ongiga singdirilishi uchun jonbozliklar ko‘rsatiladi.

Oradan  qirq olti yil o‘tib, 1837 yilning 28-yanvarida  Peterburgda Motsartning ana shu o‘limi mavzusiga bag‘ishlangan “Motsart va Salyeri“ dramasini yozgan rus shoiri Aleksandr Sergeevich Pushkin  Jorj Dantes degan turqi sovuq nusxa tomonidan duelda qattiq yaralanadi. O‘sha kuni havo tund, rus o‘lkasida mudom qattiq o‘tadigan qishning izg‘irinli kunlaridan biri edi. Oyoq osti qilingan nomusi hamda yengiltak xotini sababli nafsoniyatiga tekkan haqorat uchun qo‘liga revolver olgan shoir o‘zining hayoti davomidagi yigirma birinchi duelida mag‘lub bo‘ladi va oradan ikki kun o‘tib, o‘ttiz sakkiz yoshida hayot bilan vidolashadi.

Bu voqea keyin butun Peterburgning shoirga nisbatan ommaviy xayrixohligi va hamdardligiga zamin hozirlaydi. Shu bilan birgalikda olatasir zamon va asriy zulmga qarshi ommaning nafratini kuchaytiradi. Pushkin ijodiga mehr qo‘yganlar ish yuzasidan Rossiyada bo‘lib turgan diplomat- Dantesning o‘gay otasi baron de Gekkernni bir la’nati haromzodani o‘ziga o‘g‘il qilib olgani uchun qoralashadi. Akasi Konstantin o‘rniga taxtga o‘tirgan podshoh Nikolay nomiga “mana niyatingga yetding, zolim, shoirning hur ovozini o‘chirish uchun uni avval Kavkazga surgun qilganding, endi bo‘lsa odam yollab o‘ldirding” degan mazmundagi anonim maktublar yuborishadi yoki bu gaplarni ko‘cha-ko‘ylarda ovozlarini pastlatmay o‘zaro valaqlab-vaysab yurishadi.  Keksa shoirlar Jukovskiy va knyaz Vyazemskiy boshchiligidagi Pushkinning do‘stlarini uni dushmanlaridan muhofaza qila olmaganlikda ayblashadi. Bir necha yil avval hukumat tomonidani qonli bostirilgan aslzodalar isyoni qatnashchilari- Dekabrchilarning qolgan-qutganlarini shoir bir paytlar ularga yelkadosh bo‘lgani kabi unga mushkul damda yelkadosh bo‘lmaganliklari uchun kechirmasliklarini bildirishadi. “Shoirning o‘limi” deb nomlangan she’r yozib, Pushkinning ovozini o‘chirgani uchun butun davr va jamiyatni qalami orqali javobgarlikka tortgan navqiron Lermontovdagi jasoratni olqishlashadi.

Qoralash, tosh otish va ayblashlar intihosiga yetib, oradan ma’lum bir fursat o‘tgach, uning ixlosmandlari endi sho‘rpeshona kumirlari agar duelda otib o‘ldirilmaganida “Yevgeniy Onegin” she’riy romanining davomini yozishi( uning davomida Tatyana eriga xiyonat qilishi ko‘zda tutilgandi), saviyasi jihatidan “Boris Godunov”dan  qolishmaydigan tarixiy dramalar bitishi, “Kapitan qizi” yoki “Pikovaya dama” darajasidagi nasriy asarlarga qo‘l urishi va eng asosiysi, “Dubrovskiy” nomli qissasini yakunlashi mumkinligini aytib, ayyuhannos solishadi.

1904 yilning 15-iyulida Germaniyaning Badenvayler shahrida o‘z davrining eng yaxshi hikoyanavisi va dramaturglaridan biri, Pushkin nomidagi davlat mukofoti laureati Anton Pavlovich Chexov qirq to‘rt yoshida sil kasalidan vafot etadi. Bundan xabar topgan va Chexovning jasadi solingan tobutni kutib olish uchun Moskvadagi Nikolayevskiy vokzaliga to‘plangan uning ixlosmandlari mazkur judolikka chidolmay uvvos tortishadi. Xo‘rsinishib, yuz-ko‘zlariga qayg‘uli tus berishib, adibni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun tobut ketidan poytaxt chetidagi Novodevichevo qabristoni sari yo‘l olishadi. Uning tobuti tuproqqa qo‘yilayotganida, qabr atrofiga yig‘ilgan teatr aktyorlari, jurnalistlar, noshirlar, Chexovning yaqinlari yuksak iste’dodni yo‘qotganliklarini teran anglab turgan paytda, ixlosmandlari o‘z tafakkurlarida “agar yozuvchini la’nati sil oralaridan olib ketmaganida, u kuni kelib xuddi Graf Tolstoy kabi durdona romanlar yaratardi”, degan fikrning tug‘ilishini g‘ussa bilan kutib olishadi va keyinchalik ular tomonidan bu fikr shishirilib, semirtiriladi.

Motsartning ham, Pushkinning ham, Chexovning ham ixlosmandlari o‘z kumirlarini o‘tmishda shunchalik ko‘r-ko‘rona sevishganki( hozir ham shunday), ularning yuqoridagi mulohazalaridagi ishonch bilan bildirilgan taxminlar odamni hayron qoldiradi va turib-turib ularni ehtimollar nazariyasi borasida go‘yo hech bir matematikdan qolishmaydigan tarzda mushohada yuritganliklariga ishonishga undaydi.

Vaholanki, Motsartni Salyeri emas, nosog‘lom turmush tarzi zaharlagan. Aniqrog‘i, uni atrofga tun cho‘kishi bilan kun ora shubhali , gadoy topmas, pana-pastqam yerlarda yengiltak va sayoq kishilar bilan oyoqda turolmaydigan darajada sarxush ichimliklar ichgani-yu uchinchi nav suyuqoyoq ayollarlar bag‘rida tong ottirgani erta kundan go‘rga tiqqan. U hatto Zalsburgdan Venaga tashvishlanib, satang o‘g‘lining holidan xabar olgani  kelgan keksa, hokisor otasi janob Leopoldning kuyinib aytgan gaplari va pand-nasihatlarini  bee’tibor qoldirganini ularga bir ma’lumot sifatida aytib ko‘rsangiz va bunga ishonch hosil qilishlari uchun loaqal Milosh Formanning “Amadeus” kinofilmini tomosha qilishni tavsiya qilsangiz ham bu iddaongiz ularga chivin chaqqanchalik ta’sir qilmaydi. Ular ko‘zingizga baqrayib tikilgancha ayni qizg‘in pallasida uzilib qolgan bastakorning barakali ijodi va kelgusida yaratilishi muqarrar bo‘lgan (e’tibor bering: taxmin yoki faraz emas) opera va simfoniyalari uchun qayg‘urishda davom etaverishadi.

Pushkinning ixlosmandlari ham tasavvurlarida shoirga gard yuqtiradigan istalgan argumentni kiprik qoqmay rad qilishib, ikki oyoqlarini bir etikka tiqib turaverishadi. Masalan, uni ashaddiy duelyant va xotinboz bo‘lgani bir zumda yodlaridan ko‘tariladi. Qonida sahroyi xabashlar qoni oqqan shoir Peterburgda mashhur bo‘lgan Voronsov yoki Golitsi’n kabi taniqli sharif-u shajaralarga mansub bo‘lgan oqsuyak va ishratparast ayollar bilan betinim ishqiy munosabat o‘rnatib, jinsiy aloqa payti ko‘pincha “oltmish to‘qqiz”, “ot ustida chavandoz”, “minet”, “kunilingus” kabi hirsni yuqori notada qondiradigan usullarga mukkasidan ketgandi. U bu munosabatlar tufayli  ularning da’yus erlarini o‘ziga qarshi qilib, ular talab qilgan va chorlagan duellarda bir mo‘jiza sabab omon qolgani yoki puxta o‘ylanmagan aslzodalar isyoni asoschilari bo‘lmish Dekabrchilarni qo‘llab-quvvatlashi natijasida hukumatning jig‘iga tegib, surgun bilan bir o‘limdan qutulib qolgani ham bor gap. Oxir-oqibat bu xatolari uning boshini yeganini yuqoridagilarga yurak yutib ayta olsangiz, ular uchun sizdan yomoni bo‘lmaydi. Ular sizni befarqlik bilan siylab, tamomlanmagan “Dubrovskiy” qissasi uchun podshoh Nikolayning, “Yevgeniy Onegin”ning davomi yozilmay qolib ketgani uchun esa Dantesning go‘riga qayta va qayta g‘isht qalayverishadi.

Chexovning ixlosmandlariga ham unda hech qachon romanist salohiyati bo‘lmaganini, qazo qilguncha yozgan hikoyalarida faqatgina mahoratli va betakror hikoyanavis bo‘y ko‘rsatganini, kundaliklari va maktublarida kelgusida roman yozishiga aqalli biror bir ishora bo‘lmaganini uqtirish dargumon. Ular bunga ochiqchasiga ishonishmaydi va “Chexov hech bo‘lmaganda oltmish yil yashaganida Tolstoy romanlari bilan raqobatlashadigan romanlar yozgan bo‘lardi”, degan xayoldan bir umr qutula olmay sochlarini oqartirishadi.

Motsart, Pushkin va Chexov haqiqiy daholar. Yer yuzi bo‘ylab ularning minglab, balki millionlab ixlosmandlarini uchratish mumkin. Ixlosmandlik esa afsuski, basirlik bilan o‘zaro sinonim va aynan shu sun’iy basirlik yuqoridagi bevaqt o‘lim topgan san’atkorlarni ardoqlagan hamda o‘ziga kumir deb bilgan son-sanoqsiz odamlarni (balki kuchli muhabbat yoki chuqur qayg‘u sababdir)to qiyomatgacha xuddi matematiklardek ehtimollar nazariyasi bilan faol shug‘ullanishga majbur qiladi.

Sherzod Ortiqov

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting