SEVDIK, KULDIK, YIG‘LADIK

1
400

esse

Ba’zan shunday bo‘ladi: kundalik hayotimizda qaror topishi borgan sari utopiyaga aylanib borayotgan fuqarolik jamiyati qurish uchun tinmay zerikarli majlislar o‘tkazilayotgan, bemaza qovunning urug‘i kabi ko‘plab tadbirlar va seminarlarga ishqibozlik avj olgan, halollik va vatanparvarlik borasida jonbozlik ko‘rsatilib, pafosli ma’ruzalar urfga aylangan, deyarli har o‘nta a’zosidan to‘qqiztasi tasavvurida o‘zini daho sanaydigan jamiyatimizda o‘tgan asrning saksoninchi yillarida dunyoga kelgan o‘zbek avlodini  orqavarotdan “zavol topgan avlod” deb atay boshlashgani qulog‘imga chalinadi. Rostdan saksoninchi yillar avlodi, ya’ni biz zavol topgan avlodmizmi? Xuddi o‘tgan asrning birinchi yarmida Ovro‘poda ikkita jahon urushi sabab ham jisman, ham ruhan  mayib-majruh, fitrati va qalbi og‘ir jarohatlangan, odamlar orasida o‘z o‘rnini topishning uddasidan chiqmaganidan qattiq iztirobga tushgan va yashash uchun layoqatsizligi sabab g‘ussaga botgan insonlar ko‘paygani tufayli bu atama urfga kirgani kabi endilikda u bizga ham tirkalyaptimi? Nahot, biz ham jisman bo‘lmasa-da, ruhan mayib qilingan, tafakkurimiz va qalbimizga jarohatlar yetkazilgan, jamiyatda o‘z o‘rnimizni topa olmagan, yashashga layoqatsiz bo‘lsak? Afsuski, men bu fikrga qo‘shilmayman.

Shu yerda lirik chekinish qilaman. Bizning bolaligimiz o‘tish davri fonida shirin xotiralardan ko‘ra achchiq xotiralar bilan yodda qolgan bo‘lsa-da, baribir ajoyib o‘tgandi. Ayni qish chillasida tizza bo‘yi yog‘adigan qorlar, ko‘cha-ko‘ylarda ko‘zlari ma’yuslanib yuradigan shaldviroq avtobus, temir yo‘l relsida tongsahardan taraq-turuq etgan ovozi yon-atrofni tutadigan tramvay va simlari mudom uzilib ketaveradigan trolleybuslar, endilikda ma’nan eskirib bo‘lgan berkinmachoq va quvlashmachoq kabi o‘yinlar, onalarimiz tomonidan ustiga moy surtilib tandirga yopiladigan shirin kulchalar, turli xil badiiy kitoblarga liq to‘la bo‘ladigan maktab kutubxonalari va hokazolar  o‘sha musaffo bolaligimizdan bir qutlug‘ yodnoma sifatida qalbimizga muhrlangan. “Mustaqillik bolalari”dan farqli ravishda biz norasida paytimizdan boshlab har lahzada o‘z yoshimizda yashagan, nisbatan erta ulg‘aymagan, ona sutimiz og‘zimizdan ketmay turib kattalarning hayotiga qiziqsinib burnimizni suqmagandik.

Aytaylik, esimizni tanib, voyaga yetib, bolalar bog‘chasidan maktabga uchirma bo‘layotganimizda, hatto ilk maktab davrlarida ham, yangi yil bayramlarida qorboboni olis, sovuq o‘rmonlardan yo‘l bosib, charchab va horib kelganiga barchamiz ishonardik. Uni rosmana qorbobo deb qabul qilar, kichkina bo‘ynimizni cho‘zib unga tikilarkanmiz, halloslab nafas olayotganidan “chanada yo‘l bosib kelgani uchun toliqqan” degan xulosaga borardik. Tarbiyachi yoki o‘qituvchilarimizdan birortasi uning to‘q qizil rangdagi kiyimi va shapkasini kiyib olgani, bu qalin kiyim va shapkada nafasi ichiga qaytib, pishillayotgani xayolimizga ham kelmasdi. Uning qopidan ota-onalarimiz tomonidan puli to‘langan  va chiroyli qilib bezatilgan turfa xil sovg‘alarni olayotganimizda yuragimiz tipirchilab, yuzimiz lovullab yongancha badanimizni hayajon va titroq bosardi. Bir qo‘limizda sovg‘ani changallab, ikkinchi qo‘limiz bilan qorboboni soqollaridan siypalab “bobojon” deb quchoqlaganimizda ham uning soxta ekani borasida fikr qilmas, aytish mumkin bo‘lsa, bunga parvo qilmasdik. Uning yonida turgancha o‘zimiz yodlagan she’rlarni bidirlab o‘qib yoki biladigan qo‘shiqlarimizni chala-chulpa qilib kuylab berayotganimizda ichimizda cheksiz shodlik bosh ko‘tarar, go‘yo qorbobo o‘rmoniga qaytib borgach, u yerdagi tishlari yo‘q yalmog‘iz kampir, shaddod olmaxon, dangasa ayiqpolvon, och bo‘ri, ayyor tulki va chapdast quyonlarga biz haqimizda og‘zidan bol tomib gapirib beradi, degan o‘ydan mitti vujudimiz sarmast bo‘lardi.

Biz bog‘cha yoki maktabdan uyga kelgach, oqshomlari multfilm ko‘rardik. Ota-onamizga qo‘shilib, ko‘zimizni televizordan uzmay, televizorga chiqqan yetmish yashar cholni “menga xotin kerak” degan gapini ko‘rsatuv qilib efirga uzatadigan bemaza telekanalni yoki undan qilcha farq qilmaydigan boshqa telekanalda otasi noma’lum bo‘lgan bolasini qornida olib yurgan ayol taqdiri bayon qilinadigan serialni emas, aynan rang-barang, samimiyat ufurib turgan va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan multfilmlarni tomosha qilardik. Barchamiz bir bo‘lib, “Senimi, shoshmay tur!” dagi bo‘riga ich-ichimizdan achinar, Vinni Pux deyarli qiyomatli og‘aynimizga aylangan, do‘mboq Karlsson bilan birga xayolan murabbo yalar, Alisaga qo‘shilib, mo‘jizalar mamlakatiga ravona bo‘lar, Bilmasvoy bilan quyosh shahrida sayru-sayohat qilardik.

Multfilmlar yakuniga yetgach, biz yo ota-onamiz bilan birgalikda dars tayyorlar, yo ertak eshitib uyquga ketardik. Ota-onamiz ko‘zlarini qo‘llaridagi telefonlaridan uzolmay qarshimizda haykaldek qotib o‘tirishmasdi. Biz bilan birgalikda dars tayyorlashar, darslarimizda bizga ko‘mak berishardi. Vaqt kech bo‘lganida esa yotog‘imizda, karavotimiz chetiga o‘tirgancha bizga yoddan turli-tuman ertaklar o‘qib berishar, biz shu ertaklar ta’sirida uyquga ketardik. Qulog‘imiz ularda bo‘lsa-da, xayolan qizil shapkacha bilan birga bo‘rini uy ichkarisiga kiritmaslik uchun yelib yugurar, etik kiygan mushukning uddaburonligiga qoyil qolar, pandavaqi Qimmatning ustidan kular, Janob Segenning sho‘rlik echkisining qismatiga kuyinib ko‘z yosh to‘kardik.

Maktab davrimiz ham ajoyib o‘tgandi. O‘qituvchilarimizga qo‘l ko‘tarish yoki ovozimizni ko‘tarish tugul, ko‘zlariga tik qaray olmasdik. Ular ustoz maqomida bo‘lishgani bois, bu besh harfdan iborat so‘zning zalvari ongimizda shunchalik qudratli ediki, hatto ota-onamizdan ham ulardan hayiqqanchalik hayiqmasdik. O‘qituvchilarimiz ham bizni o‘z farzandidek ko‘rardi deb o‘ylayman hozirgacha. Bitta o‘qituvchi yigirma-o‘ttiz nafar o‘quvchini o‘zi bilan ergashtirib, muzey yoki ziyoratgohlarga borishi hozir deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Ammo o‘sha damlar bu odatiy manzara kasb etar va biz shunday quvonchli kunlarni kutib yashardik.

Sinflarda qizlar va yigitlar bir partada quchoqlashib yoki o‘pishib emas, dars tayyorlab o‘tirardik. Birinchi muhabbatimizga ijtimoiy tarmoq yoki telefonning xabar yuboradigan qismidan imlo xatolarga liq to‘la noma emas, daftar orasidan yirtilgan oppoq varaqqa izhorimizni iymanibgina bitib yuborardik. Tiqilinch avtobuslarda ketayotganimizda yoki maktab paytidan so‘ng ota-onamiz bilan non do‘konida turnaqator navbatda turganimizda pichirlab she’r o‘qir, o‘zimiz o‘qigan kitoblarni esga olar, juda bo‘lmasa ko‘z oldimizga yuragimizda hayrat unsurlarini uyg‘otgan mashhur kartinalarni keltirib zavq olar, shu yo‘l bilan qishning izg‘irinini yoki bahor yomg‘irining erinibgina shig‘alashini ham, navbat kelguncha tars yorilib ketishi mumkin bo‘lgan yurak siqilishini ham oldini olardik.

Eng asosiysi, biz saviyali kitoblarni mutolaa qilardik. Endilikda o‘zbek ziyoli qatlami orasida keng tomir yoygan, targ‘iboti tinmayotgan bestseller yoki xontaxta asarlarni emas, chinakam va asl adabiyotni qo‘limizdan qo‘ymasdik. Xuddi asalga yopishgan ayiq kabi barchamiz Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, Dyumaning “Uch mushketyor”, Stivensonning “Xazinalar oroli”, Jyul Vernning “O‘n besh yoshli kapitan”, Gerbert Uellsning “Ko‘rinmas odam”, Defoning “Robinzon Kruzo” asarlariga o‘zimizni urardik. Talabalik paytida esa Dostoyevskiy, Lev Tolstoy, Folkner, Chexov, Xesse, Markes, Remark, Kafka va Kamyu kabi yetuk adiblarning asarlarini ko‘ldan qo‘ymas, yotoqxonalar va kutubxonalarda bu asarlar o‘rtamizda qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilardi. Biz Nitssheni o‘qib chiqib, “Mustaqillik bolalari” ga o‘xshab tomdan tarasha tushgandek  bir pasda o‘zimizdan ateist yasab olmasdik yoki Kamyuni hatm qilsak, “bu dunyo absurddan iborat” degan xulosani kallamizga joylab, ko‘ylagimizning yoqasini yirtar darajada baqir-chaqir qilgancha yerni boshimizga ko‘tarmasdik. Kafkaning otasiga bitgan maktubi bilan tanishib chiqib, biz uchun  kunni kun, tunni tun demay terlab-pishib ishlayotgan, bizni oq yuvib oq tarayotgan, o‘zi yemay- ichmay yedirib va ichirayotgan, o‘zi kiymay kiydirayotgan padarimizni shuurimizda so‘roqqa tutmasdik. Freyd asarlaridan boxabar bo‘lgach, ichimizdagi shahvatga tabiiy erk berishni, uni yurgan yo‘limizda va odamlar orasida, kiyinish madaniyatimiz va etikamiz orqali orsizlarcha namoyish qilishni, bu hatti-harakatlarimizni qoralaydiganlar topilsa ularni o‘zimizga o‘xshagan bir to‘da “yaylovdagi erkin qo‘ylar”ga qo‘shilib “ma’naviyatchi” deb mazax yoki kalaka qilishni xayolimizga ham keltirmasdik. Yesenin she’rlaridan bahramand bo‘lgach, o‘zimizdan katta ayollarning qo‘yniga qo‘l solish yoki ularga shilqimlik qilish uchun yuzimizni sidirib tashlamasdik. Svetayeva ijodiga murojaat qilarkanmiz, lablarimizga tamaki qistirib, istehzoli tabassum bilan butun shaharni shu alpozda kezmas, “bir jinslik muhabbatga bag‘rikenlik” xususida bar va kafelarda safsata sotmasdik. Charlz Bukovskining satrlariga ko‘z yugurtirib, ularni mabodo tarjima qilishni ixtiyor etsak, bu jarayon davomida ketimizga tizzasi yirtik djinsi shimni ilib, vino bokalini baland ko‘tarib, shirakayf ahvolda bir-birimiz bilan qadah urishtirib, Bukovskining “chirkin realizmi”ga hamdu sanolar o‘qimasdik. Bularning bariga sabab shunda ediki, bizning ichimizda yashayotgan o‘zbek ruhan kuchli va irodali edi. Uning e’tiqodi, ma’naviyati, sharm-hayosi bo‘sh va zaif emasdi. Eng muhimi, u g‘arbdan kirib kelgan ommaviy madaniyatga taqlid qilish darajasida saviyasi past emas, hech bo‘lmaganda o‘zini hurmat qilar va o‘z qarorlarini nazorat qila olardi.

Biz na ateist, na mutaasib dindor, na feminist, na ishratparast edik. Biz “nega Xudo bandalarining peshonasiga taqdirini oldindan yozib qo‘yib, keyin ularni jazolaydi, u adolatsiz” deb atrofga jar solmasdik. Bir qolipdagi ateistlikni ko‘z-ko‘z qilish uchun Xayyyomning ruboyilari yoki Ibn Rushdning mulohazalaridan iqtiboslar keltirmasdik. Biz Xudo har bir bandasiga ongni joylashtirish orqali unga tanlov huquqi berishini va mana shu huquqi bilan har bir banda o‘z yo‘li va qismatini tanlashini bilardik. Biz o‘zimizni zamonaviy ateist bilib, diniy bilimlarni inkor qilib, faqat dunyoviy bilimlarni olqishlamasdik. Qolgan dinlarni tilga olmagan holda ahmoqlarcha nuqul Islomning ustidan kulmasdik. Chunki bunday ateistlik shunchaki lo‘ttivozlik ekanini, aslida biz taqlid qilmoqchi bo‘lgan g‘arb ateizmi ham, fan sifatida o‘qitiladigan ateizm nazariyasi ham asossiz , ichi po‘kak narsa ekanligini chuqur tushunardik. Biz musulmonlarning har juma kuni bir-birlariga “ayyom muborak” deyishlariga kinoya bilan munosabatda bo‘lmas, aksincha, bu e’tiqod erkinligini olqishlar, hatto rojdestvo bayramida nasroniylarning quvonchiga sherik bo‘lar, shanba kunlari yahudiy qo‘shnilarimizlarga ko‘cha-ko‘yda “shabbat salom” deb tabrik yo‘llardik. Biz mutaassib dindor ham emasdik. Badiiy asarlarni dinga zid va zid bo‘lmaganlarga ajratmas, uzun soqol qo‘yib, oq do‘ppi kiyib, o‘zimizni taqvodor ko‘rsatib, aslida esa pana-pastqamlarda piyonista yoki murtadlar ham qilishdan hazar qiladigan ishlarga qo‘l urmasdik. Qanchalik g‘ayritabiiy tuyulmasin, biz feminizmga ham ehtiyoj sezmagandik. Boisi, o‘zbek ayoli deganda birinchi navbatda onamiz, opamiz, singlimiz va ayolimizni ko‘z oldimizga keltirar, shu narsa oldimizdagi ularning mavqe va huquqlarini osmon qadar ko‘tarilishiga kifoya qilar va birgina shu dunyoqarashimiz feminizmga oid yuzlab davra suhbatlari, matbuotdagi chiqishlar yoki oynayi jahondagi ko‘rsatuvlarning tub mohiyati bo‘lgan ayol haq-huquqi uchun kurashda ulardan ko‘ra ko‘proq asqotardi. Biz ichimizdagi shahvatni o‘sha yerda saqlar, ommaga olib chiqishni o‘zimizga ep ko‘rmasdik. Jovanni Bokachchoning “Dekameron”, Lev Tolstoyning “Kreyser sonatasi” yoki  “Avliyo Sergiy”, Nabokovning “Lolita” va Freydning psixoanalizga oid asarlarini mutolaa qilsak-da, bu narsani omma oldida o‘z she’rlarimiz, hikoyalarimiz yoki kartinalarimiz bilan, bular bo‘lmagan holda, jipiriq hatti-harakatlarimiz bilan namoyon etib, sirkdagi masxarabozlarga taqlid qilmasdik.

Biz bolalikda ham, o‘smirlikda ham, yoshlikda ham chinakam sevgi, kulgu va yig‘i nimaligini teran his qilgandik. Juftimizni orzu qilganimizda ko‘z oldimizga Kumush, Tatyana Larina, Feride, Otabek, Darsi kabi sevimli kitoblarimizdagi obrazlar kelar va ularga ikki tomchi o‘xshash insonni uchratish orzusi bilan yillarni o‘tkazardik. Uni uchratganimizda jilmayardik, kulardik, bu kulgu zamirida beg‘ubor bir his yashirin bo‘lib, u bizni gunohlardan forig‘ qilar, qalbimizni bosa boshlagan mog‘orni aritar, uni ezgu orzularga limmo lim qilardi. Biz jamiyatda o‘z o‘rnimizni topa olmaslikdan yoki dunyoni bir absurd bilib emas, sog‘inchdan yig‘lardik. Yaratgan ato etgan baxtni yonimizda bo‘lsa-da, har daqiqa uni sog‘inib, orada shu baxt uchun Yaratganga shukrona aytib ko‘z yosh to‘kardik. Yig‘imizda kulguli shikoyat, nihoyasiz alam, osmon qadar nafrat bo‘lmasdi.

Menimcha biz- saksonichi yillar avlodi “zavol topgan avlod” emasmiz. Chunki, biz keragidan ortiq sevdik, kuldik va yig‘ladik. Zavol topgan avlod esa odatda sevmaydi va kulmaydi. Sevish va kulishga ulgurmay turib xazon bo‘ladi. U faqat yig‘laydi, xolos. Shikoyat qilib, alam qilib, nafratlanib ko‘z yosh to‘kadi. Xuddi o‘tgan asrdagi ikkita jahon urushidan chiqqan baxtsiz avlod kabi.

Sherzod Ortiqov

1 izoh

  1. unchalik ham qo’shilmayman. sizlar dunyoni faqat malum ranglarnigina ko’rib qolganlarini ko’rmagansizlar. katta bo’lib ham boshqa ranglar ham borligini qabul qilmaysizlar ko’rishni hohlamaysizlar. huddi urushda tirik qolganlar dunyoni faqat urushdan iborat deb bilganidek sizlar ham dunyoni faqat yoshlikda sizlarga ko’rsatilgan ranglardan iborat deb bilasizlar.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting