Ozod MO‘MIN XO‘JA
Fantastik-kriminal va qisman xorror (shavqatsiz) qissa
***
Yaxshilik qil – duo ol, u – mustajob sadodir.
Yomonlik qil – qarg‘ish ol, qarg‘ish – dahshat balodir.
Muallif
***
“Fear the call of death!” (Ajal chaqirig‘idan qo‘rq!)
Uilyam TENN, amerika fantast-yozuvchisi
***
SO‘ZBOSHI
Ushbu yozilgan qissa to‘liq meniki emas. Men, aslida faqat hammuallifman. Garchi, yuqorida ijodkor sifatida o‘z nomim turgan bo‘lsa ham. Chunki, ushbu asar ongimga fikran aytib turildi, men yozdim va oxirida tahrir qildim, ayrim joylaridagi nomutanosibliklarni tuzatdim, hodisalarni mantiqlashtirdim.
Qissa bitguncha, har kuni, ko‘zimga ko‘rinmas bir zot ruhan meni shu ishga undardi. Qolgan ijodingni, keyin, bu asar bitgandan so‘ng davom etdirasan, derdi. Uning kimligini bilmas edim. So‘rasam, bu ma’lumot oshkor etilmaydi, degan javobni eshitdim. Unga bo‘ysinar edim. Biror voqeaning boshlanishini yozayotganimda, uning qay yo‘sinda tugashini bilmas edim. Men hech qachon bunday tuzilishdagi asarlarni bitmaganman. Ijodim bilan tanish bo‘lsangiz, buni his etasiz. Meni, bu jarayonda boshqarayotgan ruhiy zot, ibodatlarimni vaqtida ado etishimni ham talab qilardi. Aks holda, qissa bitmay qolib ketadi, deb ogohlantirar edi. Mana, natijada, ushbu fantastik-kriminal va qisman xorror (beshavqat) asar vujudga keldi. U bitgach, qayta-qayta o‘qidim. Satrlarni sinchiklab tekshirdim. Umum to‘liq asar sifatida ham boqib ko‘rdim. Tushundimki, bu qissaga boshqa hech bir voqea, gaplar va mulohazalarni qo‘shib bo‘lmaydi. Shuningdek, ortiqcha tuyulgan qismlarni olib tashlash ham kerak ham emas, degan qarorga keldim. Nazarimda, tugal ijod mahsuli.
Bo‘ldi. Tugadi. Vazifani bajardim. Yaratganga ming qatla shukur! Endi, inshaollo, boshqa ijodiy jarayonga o‘taman.
Siz ushbu kichik qissani o‘qing, bundagi voqealar, tasvirlar, fikrlar hech kimni zeriktirmaydi, degan umiddaman. Uning ayrim joylarida o‘zbek adabiyotiga xos bo‘lmagan shavqatsizliklar, yengil erotik manzaralar bor. Ular asarning mazmuniy talablaridan kelib chiqib tasvirlangan. Agar bu holatlar bo‘lmaganda qissaning ta’sir kuchi kamayib ketadi, degan ishonchdaman.
O‘qing, tahlil qiling va xulosa chiqaring!
Lo iloha ilolloh, Muhammad ur-Rasululloh!
***
Bu dunyoda har bir insonning ezgu orzulari bo‘ladi. Ular qalbda turadilar va yaqin-atrofga ma’lum qilinmaydilar. Lekin, borliq buni biladi.
Turg‘un Temir ismli qirq yashar tadbirkor o‘zbek yigitining ham shu kabi, hech kimga ma’lum qilmagan bir tilagi bor edi. U, ikki-uch yildan beri, subtropik iqlimli biror joyga borishni istardi. U yerdagi quruqlik qirg‘og‘ini ulkan ummonning moviy suvlari betinim yuvib turishi va sohilda palmalar qad ko‘targan bo‘lishi lozim edi. Va, bunday so‘lim go‘shada miriqib cho‘milib, qorayib, hordiq chiqarishi shart edi.
U bir necha yil mobaynida ana shunday holatni ko‘z oldiga keltirib, ushbu niyatini eslab-eslab, o‘z ishlari bilan shug‘illanib yuraverdi. Oxirgi yilda, o‘z sohasida – qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishda takomillashish uchun ilmiy malakasini oshirishga qattiq harakatlar qildi. U oliy ma’lumotli injener edi. Fan va texnikani yaxshi tushungani tufayli, mustaqil ravishda bilimini oshirishga kirishdi. Kutubxonalarga borib, intenet tarmoqlaridan izlab, turli maxsus kitoblarni o‘qidi, sohasiga oid maqolalarni tahlil qildi, ilg‘or mamlakatlardagi so‘nggi texnologiyalar bilan tanishdi. Yetuk mutaxassislar suhbatida bo‘ldi. Va, kelgusi rejalarini qayta tuzib chiqdi. Xususiy korxonasi mahsulotlarini o‘zining tuzgan yangi retseptlari bo‘yicha ishlab chiqara boshladi.
Bu mahsulotlar bozorda o‘z munosib o‘rnini tez egallay boshladi. Talabgorlarning ko‘pchiligiga ma’qul tushdi. “Chet ellarnikidan-da yaxshiroq, sifati a’lo, narxi arzon!”, deyishardi sotuvchilar.
Turg‘un Temirning ishlari keskin rivojlanib ketdi. Xatto, ba’zida xaridorlar istagini qondirishga ulgurolmay ham qolardi. Rizq-nasibasi ulug‘ bo‘ldi. Shukurlar qildi va mavsum tugagach, o‘sha ezgu maqsadini keyingi yoz faslida amalga oshirish uchun zarur miqdordagi pulni ajratib olib qo‘ydi.
Yangi yilda esa, ishlari rivoji orqaga tomonga qarab ketishga tushdi. Talabgorlar sirli ravishda uning mahsulotlaridan voz kecha boshlashdi. Boshida, bu holatga juda taajjublandi. Keyin, ko‘p o‘ylab, jamiki uchrashuvlariyu va boshqa voqea-hodisotlarni tahlil qilib, bir sababni, aniqrog‘i sababchini aniqladi. Bu holatni tuzatish uchun hech bir tadbir topa olmay boshi qotdi. Hozirgi sharoitda u ojiz edi. Lekin, borliq bu muammoga biror yechim in’om etishiga ishonchi yo‘qolmagandi. Ish jarayonida kunlar va haftalar o‘tib, yoz fasli kirib keldi. Issiq paytda ummon tomon borishni rejalashtirgani esiga tushdi. Uni buzishni istamadi. Surishtiruvlari natijasida do‘stlaridan biri unga AQSHning Texas shtatida joylashgan Xyuston shahri yaqinidagi Galveston orolini tavsiya qildi. “Sen orzu qilgan sharoitning barchasi o‘sha yerda mavjud”, dedi u.
Turg‘un Temir bu mamlakatga borish uchun ruxsatnoma oldi va xususiy korxonasining boshqaruv ishlarini yordamchisiga topshirib, oilasi bilan o‘sha orzu qilgan zaminiga ketdi.
Bu ajib maskanga – Galvestonning “Sea isle” (“Dengizorol”) qismiga asosan ingliz va ispan tilli mamlakatlardagi odamlar kelib, hordiq chiqarishar ekan. Ular uchun ummon bo‘yiga yaqin yerda qator kottejlar barpo etilgan, bu, ichida barcha qulayliklar mavjud binolarda odamlar o‘n-o‘n besh kun yashab, dengiz bo‘ylarida cho‘milib, qorayib, sog‘liqlarini yaxshilab, keyin o‘z vatanlariga qaytib ketishar ekan.
Xullas, Turg‘un Temir va uning oilasi: o‘zi, ayoli va ikki qizi xursand holatda o‘zlari uchun yangicha sharoitda, yangicha tabiat qo‘ynida dam ola boshladilar.
Ular Xyuston shahriga samolyotda borishdi. U yerda ijaraga avtomashina olib, manzilga yetishdi. O‘zi ham, jufti haloli ham, biroz bo‘lsa-da, ingliz tilida muloqot qila olishlari juda qo‘l keldi. Birinchi kuni kottejda qoldilar – safar charchoqlarini chiqarish kerak edi. Ikkinchi kun esa, sohilga bordilar va miriqib, zavqlanib cho‘mildilar.
Turg‘un Temir, kechki payt, ovqatdan so‘ng, ochiq havoga chiqib, atrofdagi o‘z yurtiga xos bo‘lmagan manzarani kuzatib, ohista yurar ekan, ertaga tongda bomdod namozini sohilda o‘qishni niyat qildi. Sababi, u hech qachon qarshisida cheksiz ummon kuchini his etgan holda, ibodatlar ado etmagandi. Muqaddas Ka’ba ham ana shu ummon ortida.
Yigitni shunday qilishga undayotgan yana bir holat, kunning birinchi yarmida Atlantika ummonining Meksika ko‘rfazi to‘lqinlari og‘ushiga sho‘ng‘iganda ro‘y bergan antiqa hodisa edi. U bilardiki, namozdan so‘ng, insonning qalbi soflashadi. Unga yanglish, nojoiz fikrlar kelmaydi. Hodisa quyidagicha bo‘lgandi: U, nonushtadan so‘ng, oila a’zolari bilan sohilga borib, sho‘r, quyuq, zangori suvga o‘zini otar ekan, ushbu ulkan havza unga biroz tabassum qilgandek tuyuldi. “Assalomu alaykum, ey dengiz!”, dedi u, va to‘lqin qa’riga sho‘ng‘idi. Shunda, ongida “Vaalaykum assalom, Turg‘un Temir!” degan xitob yangradi. “Vo ajab! Ummon men bilan gaplashmoqdami?”, taajjublandi u. “Aslo, hayron bo‘lma! Haqiqatdan ham shunday, bo‘tam!” degan javob yana ongida yangradi.
Turg‘un Temirni dengizning o‘zbek tilida fikr bildirgani ham o‘ylantirdi. “Yer kurrasining narigi tomonidagi ummon bo‘lsa, millatim odamlari bu zaminga deyarli kelmagan bo‘lsalar, u tilimizni qayerdan bilar ekan?”, hayol surdi u. Va, birdan tushundi: u ongimga tushuncha berayapti, ongim esa uni men biladigan so‘zlarga aylantirib, qalbimga yetkazmoqda. Buni mental, ya’ni aqliy muloqot deyiladi.
U dengizga boshqa so‘z qotmadi. Cho‘chidi. Suvdan chiqib, oftobda toblandi. Uning oldiga yaqinlashishgan rafiqasi va farzandlariga bu haqda indamadi. Nima deb o‘ylashadi, noma’lum. Biroz o‘tib, bu muloqot uning esidan chiqib ketdi. Bolalarining quvnab, qiyqirib cho‘milishlari, o‘zlarini moviy to‘lqinlarga urishlarini ko‘rib, ularning yonida birgalashib dengiz og‘ushiga kirdi. Ular bilan o‘ynadi. Oftobda toblandi. Dengiz unga so‘z qotganini tasodifiy hayollari mahsuliga yo‘ydi.
Ular peshinga yaqin kottejlariga qaytdilar. Tushlik qilib, shu salqin joyda, konditsioner ishlab turgan xonalarda kechgacha televizor ko‘rib, internet titkilab dam oldilar. Birinchi kundanoq oftobda ko‘p o‘tirib, kuyib qolishni istamadilar. Shom tushganda atrofni aylandilar.
Turg‘un Temir ertasi kun barvaqt, tong otmasdan uyg‘ondi. Yuvinish xonasiga kirib, tahorat oldi va suvni yomg‘ir kabi tushiradigan yuqoridagi jo‘mrakdan iliq suv oqizib, tagida biroz rohatlanib turdi. So‘ng, oppoq sochiqqa qattiq artinib, qonlarini yugurtirib tetiklashdi.
O‘zi yashayotgan shinam kottejdan sohilgacha yayov yurganda o‘n besh daqiqalik yo‘l. Boradi, ibodat qiladi, bir-ikki marta dengizga sho‘ng‘iydi va ortga qaytadi. Niyat shu!
– Nonushtagacha qaytaman, – va’da qildi u, uyg‘onib ketgan jufti haloliga.
So‘ng, ichidan cho‘milish ishtonini kiyib, joynamozini va tasbehini xaltasiga solib, ketma-ket tizilgan kottejlar orasidagi ko‘chadan ummon sari yurib ketdi.
Tonggi g‘ira-shira payt. Quyosh hali chiqmagan. Ammo, ufq orti xiyol yorisha boshlagandi. Dengiz to‘lqinlari navbatma navbat, salmoqlanib kelib o‘zlarini qirg‘oqqa urardilar va ko‘pirib, qum uzra tez yoyilib, so‘ng ohista orqaga qaytar edilar. Nahor payti to‘q ko‘k rangda ko‘rinayotgan to‘lqinlarning qa’rida juda ulkan kuch yashiringani, ana shu tabiiy, tartibli harakatdan yaqqol sezilar edi. Turg‘un Temir bu holatni yarim daqiqacha kuzatdi. Ushbu, cheksizlikkacha yastangan sho‘r suv havzasiga zavqlanib qarar ekan, undagi buyuk quvvatning nafaqat zohiriy, balki ruhiy tomoni ham bormikan, deb o‘yladi.
Sohilda bu paytda yakkam-dukkam bo‘lsa-da, odamlar bor ekan. Kimlardir tonggi cho‘milishga chiqqan, kimlardir qo‘llarida tayoq ushlab, qirg‘oq sathini sinchiklab kuzatib, titib yurishibdi. Ular, odatda, to‘lqinlar tunda qirg‘oqqa biror noyob jihozni itqitishgan bo‘lishsa, o‘shalarni topish umidida erinmay sohilga boradilar. Biror narsa topsalar kerakki, bu ishlarini har kuni qiladilar. Yaxshi tomoni, ularning barchalari – tongda cho‘milayotganlar ham, buyum izlovchilar ham, uzoqda edilar. Turg‘un Temirga ular halaqit qila olmasdilar. Shuning uchun, bu holat e’tiborga molik emas edi.
U, xaltasini baland palma ostiga qo‘ydi va joynamozini iloji boricha dengizga yaqinroq, lekin quruqroq joyga – qum ustiga to‘shadi va azon aytib, ibodatga berildi. Uni ado etib bo‘lib, ustki kiyimlarini yechdi, ularni xaltasiga tiqdi va ummonga yaqinlashib, vujudini iliqqina to‘lqinlar og‘ushiga tashladi va suzib ketdi. Qanday ajoyib! Tana yayraydi-ya! Shunda ongida yana ovoz yangradi.
– Xush kelibsan, Turg‘un Temir!
U, ongida yangragan bu ovozni eshitib, beixtiyor javob berdi.
– Rahmat! Dengiz ota, siz menga gapirayapsizmi?
– Ha, senga, bo‘tam!
– Menda ilgari hech qachon bunday so‘zlashmaganman. Ong orqali mental gaplashish… juda g‘alati ekan. Assalomu alaykum!
– Vaalaykum assalom! Hayron bo‘lma, sen tanlangan odamsan. Shu sabab, senga ruhan muloqot qilish xislati berilgan. Shu paytgacha bu yashirin holat edi. Zarurat tug‘ildi, u yuzaga chiqdi.
Turg‘un Temir qirg‘oqdan sal uzoqroqqa suzib ketgan edi. Bu eshitgan so‘zlaridan so‘ng, orqa tomonga qayrilib quloch ota boshladi. Sohilga yaqinlashganda, to‘xtab, oyoqlarini zaminga uzatdi, ular yumshoq qumni his etdilar. Suv ko‘kragidan kelib, chayqalib turardi.
– Dengiz ota! Nega men tanlanganman? – so‘radi u.
– Kelgusida, senga, jamiyat rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan muhim ish topshiriladi. Shuning uchun, shu kunlarda senga yordam berishim shart. Chunki, senga o‘zini oshkor qilmay, he yo‘q, be yo‘q, dushmanlik qilayotgan bir odam bor. U yoniga o‘ziga o‘xshagan kimsalarni olgan va juda makkor. Ularga bir o‘zing bas kela olmaysan. Ko‘mak zarur!
– Bilaman, o‘sha nusxani. Keyingi payt juda avjga chiqdi. U, yil boshida shakllangan sharoitdan va o‘zi ega bo‘lib qolgan mavqeidan foydalanib, orqavarotdan, atrofimdagi meni va mening mahsulotlarimni hurmat qiladigan tashkilotlarga, do‘kondorlarga hamda mening ayrim muammolarimni hal etuvchi kishilarga tahdidlar qilib yoki yomonlab, ishlarimga to‘siq qo‘ymoqda. U hozir ta’sirli amaldorlarning birodari. Shuning uchun, hech kimning unga g‘iq etishga haddi sig‘maydi. U o‘ziga maslakdoshlar izlab, bizning biznesda kim qolishi kerak, kim yo‘qolishi lozimligi to‘g‘risida rejalar tuzib yuribdi.
– Nega shunday qilayotganini bilasanmi?
– Faqat taxminlarim bor. Biri, ilgari paytlarda, u o‘z ishlari bilan maqtanganda, unga yetarli hamdlar aytmaganman. Uning ayrim fikrlariga qo‘shilmaganman. Ikkinchisi, mahalliychilik – mening tug‘ilib o‘sgan zaminim boshqa.
Shu damda, kutilmaganda, ummon Turg‘un Temirning ustiga kattaroq to‘lqinni olib kelib urdi. Qudratli to‘lqin yigitni o‘z qa’riga olib, sohil tomon shitob bilan sudradi. U bu kuchga hech qanday qarshilik qila olmadi. Qirg‘oqqa urilgach, o‘zini o‘ngladi, sho‘r suv oqimi ortga qaytgach, sal yuqoriroqqa borib, qum ustiga o‘tirdi. Dengizga boqdi. Ongida so‘zlar yangradi.
– Insoniyat hayoti shunday asosga qurilgan. Ko‘rolmaslik va guruhbozlik hamisha bo‘lgan va bo‘ladi. Shaytoniy va rahmoniy kishilar o‘rtasidagi raqobat hech qachon yo‘qolmaydi. Yomonlikni kasb qilganlar, hamisha o‘zlarini haq deb bilib, bu amallaridan o‘lgunlaricha tiyilmaydilar.
– Men aniq bilaman: bundaylar, oxir-oqibatda o‘z qilmishlari uchun munosib jazo oladilar. Bu – hayot qonuni. Lekin, uning amalga oshish vaqti odatda juda cho‘ziladi. Natijada, begunoh odamlar jabrlanib qolaveradilar. Shu muddat qisqartirilsa bo‘lmaydimi?
Turg‘unning bu gapiga dengiz javob bermadi. Qirg‘oqqa to‘satdan paydo bo‘lgan baland to‘lqin katta shovqin bilan urildi. Uning ko‘pirib, yoyilgan suvlari yigitning oyog‘igacha yetib keldilar. Iliq va sho‘r suyuqlik uning tovonlarini yuvgach, ortiga qaytdi. Shundagina dengizning unsiz tovushi yana ongiga keldi.
– Turg‘un Temir! Darhaqiqat shunday. Bir narsani yaxshi bil: yomon odam darhol jazolanaversa, yaxshilik tez g‘alaba qozonaversa, hayot juda oddiy bo‘lib qolar edi. Bunday jo‘n tuzilma borliqqa xos emas. Olam va jamiyat qonunlari o‘ta murakkab. Ularni har kim ham chuqur anglab ololmaydi. Shuning uchun, odam zotiga, ana shunday hollarda ikki yo‘l bor: taqdirga tan berib, boshqa yo‘llar qidirish yoki o‘ziga qilinayotgan yomonliklar asoschisining salbiy ta’sirlarini yo‘qotish. Ammo, iflos kimsa hech qachon o‘z manfur ishini tark etmaydi. Eng maqbul yo‘l – uni chetga chiqarish, agar bu imkonsiz bo‘lsa, mahv etishdir!
– Dengiz ota! Hozirgi davrning taraqqiyot etgan ko‘p mamlakatlarida jinoyatga yarasha jazo qonunlari bor. Men uni mahv eta olmayman. Bu ishni qilsam, qo‘lga tushaman va ancha yillarga qamoqqa tiqilaman. Lekin, qo‘l qovushtirib o‘tirishni ham istamayman. Hayotni bunday nusxalardan tozalash kerak. Hamda, uning malaylari ham munosib qasosga hayallamay duch kelishlari lozim.
Dengiz bu gapga darhol javob bermadi. Turg‘un Temirning ustiga yana ulkan kuchga ega bo‘lgan oqim yo‘naltirdi. Yigit ilgari ham turli dengizlar sohillarida bo‘lgan, ammo bunday balandlikdagi to‘lqinni ko‘rmagandi. Katta suv massasi qirg‘oqqa shunday shiddat bilan urildiki, yigitni ham ko‘mib, uni o‘tirgan joyidan ancha nariga sudrab bordi. Turg‘un Temir yana o‘zini o‘ngladi. Va, shu yerda qola qoldi. Eski joyiga qaytsa, qayta hujumga duch kelishi mumkin. Yaxshi hamki, kiyimlari va joynamozi solingan xalta ancha narida, palma ostida edi. Yo‘qsa, ular jiqqa ho‘l bo‘lardilar. Qirg‘oqqa urilayotgan keyingi to‘lqinlar avvalgi holga qaytdilar.
– Dengiz ota! Nega menga g‘azab qilayapsiz? – so‘radi yigit.
– Ko‘rayapsanmi, quyosh chiqayapti! Har bir ishning, har bir amalning o‘z muddati bor. Quyosh ham vaqti kelgani tufayli, ufqdan ko‘tarilib, senga o‘z nurlarini socha boshlayapti. Sen shuni qalban tushun. Sabr qil – yuksalasan, so‘ra – olasan! Ulkan to‘lqin – mening g‘azabim emas. Balki, so‘zlarim yodingda qolishi va menda dahshatli qudrat mavjudligini senga bildirishim uchundir. Yaxshi ota, o‘z farzandining noto‘g‘ri ishlari yoki gaplari uchun pand-nasihat qilganda, hech bo‘lmasa qulog‘idan bir cho‘zib qo‘yishi lozim.
Turg‘un beixtiyor okean ortidan ko‘tarilayotgan kunga boqdi. U ummon tepasida suzib yurgan bulutlarni ajib qizil rangga bo‘yagan edi.
– Yaxshi, u holda biroz sabr qilaman va so‘rayman! – xitob qildi yigit. – Siz, mana ulkan quvvatga ega ekanligingizni ko‘rsatayapsiz. Sizdagi ana shunday kuch faqat materialistikmi yoki ruhiy qudrat ham bormi?
– Bir narsani bilgin: Yer sayyorasi ustki qismining yetmish foizini men tashkil qilaman. Quruqlik kuchlariga qaraganda, meniki ancha ko‘p. Borliqning bir qonuni bor: materialistik quvvat, ruhiy qudratsiz vujudga kelmaydi. Bunday kuchning menda mavjudligiga shak-shubha qilma!
– Unday bo‘lsa, menga hech bir asossiz dushmanlik qilayotgan, nafasimni bo‘g‘ayotgan shaxsni mahv etib bera olasizmi?
– Bu men uchun oson vazifa. Biroq, bu ish uchun butun ma’suliyatni o‘z bo‘yningga olishingni tilingda va dilingda tasdiqlashing zarur.
Turg‘un Temir tovush chiqarib javob berdi.
– Men tilimda va dilimda aytaman: Insoniyat tarixi shuni ko‘rsatadiki, dushmanlar mahv etilmas ekanlar, ular o‘z manfur ishlarini hech qachon to‘xtatmaydilar. Ular hech qachon, bir yumalab, yaxshi odam bo‘lib qolmaydilar. Bundaylar albatta dahshatli o‘lim topishlari shart! Bu ishning barcha ma’suliyatini o‘z bo‘ynimga olaman! Uni jonli dunyodan yo‘qotib bering!
Shu damda ummon to‘lqinlari deyarli mavjlanmay qoldilar. Dengiz sukut saqladi. Bir daqiqacha o‘tgach, so‘z qotdi.
– Yaxshi. Iltimosing qabul etildi. Men dushmaning kimligini bilaman, ammo sen uning ismini aniq aytishing kerak. Bu topshiriq ruhiy olamda hujjatlashtiriladi. Keyin, vaqt kelganda, so‘roqqa tutilganingda, tonmasliging uchun.
Turg‘un Temir yana tovush chiqarib aytdi.
– Uning nomi Ismat Poyon! U dahshatli o‘lim topsin!
– Qabul qildim. Natijani ijtimoiy tarmoqlardan bilasan.
Yigit ana shu so‘zlarni eshitgach, mavjlanayotgan to‘lqinlar avvalgi holga keldilar.
Turg‘un Temir yana hayoliy suhbatga o‘tdi.
– Dengiz ota, bo‘ldimi, men ketaveraymi?
Va savoliga savol eshitdi.
– Aytgin-chi, bo‘talog‘im, dushmaningning aynan shu kimsa ekanligini qayerdan bilding? Uning o‘zi kelib, senga bu haqda aytmagandir?
– Bu, ma’lumot juda ko‘p voqeotlarni ko‘rish, kuzatish, odamlarning menga bo‘lgan munosabatlari aynan Ismat Poyon bilan uchrashganlari va suhbatlashganlaridan so‘ng o‘zgarib qolganlaridan kelib chiqqan qat’iy xulosadir. Dushmanimning shaxsi aniq! Bunga hech bir shak-shubham yo‘q.
– Senga, odamlarning fikrini eshita olish imkoniyati ham berilgan. Lekin, buni o‘zing bilmaysan. Ularni eshitganingda, o‘z mulohazalarim deb o‘ylaysan. Xolbuki, xulosalaring, nainki mantiqiy tahlil mahsuli, balki o‘zgalarning hayollarini his qila olishingdan ham kelib chiqqanlar. Shuni bilib qo‘y va kelgusida ahamiyat ber.
– Bu holatga o‘zim ham goho-goho ajablanar edim. Endi, tushundim. Rahmat, Dengiz ota!
– Endi, ketaverishing mumkin. Borib, oilang bilan nonushta qil. Keyin, ular bilan kelib cho‘mil, hordiq chiqar. Ammo, bilib qo‘y: topshirig‘ing natijasidan xabar bo‘lmaguncha, sen bilan muloqot qilmay turaman.
– Xo‘p. Tushundim. Xayr!
Turg‘un Temir ohista o‘rnidan turdi. Sokinlashgan ummon sari yurdi. Yaqinlashib, mavjlanib kelayotgan to‘lqinga kalla tashladi. Dengiz tomon o‘n – o‘n besh quloch suzdi va qaytdi. Qirg‘oqqa chiqqach, sochiqqa artinib, xaltasini yelkasiga osib, kotteji tomon yo‘lga tushdi. Bu paytda quyosh ko‘tarilib qolgan, dengiz bo‘yida baliqxo‘r chorloq qushlar paydo bo‘lib, chug‘urlashib ucha boshlagandilar.
***
Ismat Poyonnning joni dili – atrofidagi odamlarni boshqarish edi. Kimki, uning so‘zlariga jiddiy quloq osmasa, uning alohida buyuk inson ekanligini ta’kidlamasa, bu odam albatta raqibga aylanar edi. Va, iloji boricha unga ziyon yetkazishga urinardi. Agar, biror o‘zi yoqtirmagan kishiga kimdir yaxshilik qilayotganidan xabar topib qolsa, savobtalabdan bu ishni to‘xtatishini talab qilar edi. Mabodo, u so‘ziga kirmasa, darhol o‘zining hadafiga nishon bo‘luvchilar safiga qo‘shib qo‘yar edi.
Ismat Poyon bir paytlar, turli majlislarda, yig‘inlarda o‘zining zamonabop va shiddatli chiqishlari tufayli ko‘zga ko‘rinib qolib, yuqori idoralarga ishga chaqirilgan va bir muddat u yerda xizmat qilib, berilgan vazifalarni tuzukroq bajara olmagach, shartta quvilgandi. Lekin, o‘sha oz vaqtda ham, o‘sha dargohdagi o‘zi tengi mulozimlar bilan til topishib, ulfatchilik qilib, tanish-bilish orttirgandi. Ishdan ketgandan keyin ham, ular bilan aloqani to‘xtatmay, keragida eslab, uchrashib, suhbatlashib turar edi. Shu sabab, u biror iltimos bilan murojaat qilsa, yuz-xotir, so‘zlari pastroq darajada bo‘lsa ham inobatga o‘tadigan bo‘lib qolgandi. Va u, ushbu holatni iloji boricha, atrofga bildirib turar edi.
Yuqori dargohdan ketqizilganlarga odatda, biror ish topib beriladigan qoida bor. Bunday kishi “Xodimlar bo‘limi”ga chaqiriladi-da, sizni boshqa ishga o‘tkazayapmiz, ariza yozing, deyiladi. Deyarli yuz foiz bunga rozi bo‘ladi. Lekin, Ismat Poyonga taklif etilgan joy yoqmadi. Qalbidagi shayton mag‘rurlikka undadi. “Nima, o‘zimga munosib ish topa olmaymanmi?”, o‘yladi u. Lekin, so‘radi:
– Boshqa takliflar yo‘qmi?
Xodimlar bo‘limi boshlig‘i kinoya aralash jilmaydi. “Ba’zilar nega noshukur?”, hayol qildi. Va javob berdi.
– Afsuski, topilgani shu. Va, topshiriq shunday. Uni buzish hurmatsizlik bo‘ladi. U yerda bir-ikki oy ishlang, keyin istasangiz, o‘zingizga ma’qul joy toparsiz.
Ismat Poyon noiloj qoldi.
U borgan dargoh boshidanoq yoqmadi. Bir oyga qolmay, o‘z xohishiga binoan ketdi. So‘ng, yarim yil ishsiz yurdi. Nihoyat, o‘ziga qurilish mahsulotlari oldi-sotdisi bilan shug‘illanadigan korxona ochdi. Asosiy rasmiy ishi – viloyatlardagi davlat tashkilotlariga zamonaviy qurilish mollari jo‘natish edi. Bundan juda yaxshi pul topar edi. Va, avval aytilganidek, norasman, bozor ishlariga “aralashib”, o‘zining “buyuk”ligini ko‘rsatib turish va ayrim ishlarda o‘rtakashlik qilib, katta foizlik cho‘tal olish edi. Imkoniyat tug‘ilganda, kimlarnidir shantaj qilib, pul undirishdan ham hazar qilmasdi.
Mana, endi, hozirgi paytda, Ismat Poyon bor imkoniyatlarini Turg‘un Temirga to‘liq zarar yetkazish, uni ma’nan va moliyaviy yanchish uchun tashlayotgandi. Tadbirkor yigit esa, nima qilarini bilmay, boshi qotayotgan paytda, unga Dengiz ota yordamga keldi.
***
Ismat Poyon ko‘nglida g‘alati noxushlik bilan uyg‘ondi. O‘rnidan turgisi kelmadi. Ammo o‘zini majbur qilib qo‘zg‘aldi va oshxonaga kirib, shaffof devorli elektr choynakka boqdi. Ichida suv bor ekan. Yoqish tugmasini bosdi. Uch-to‘rt daqiqada qaynaydi. Ikki bo‘lak qazi, bir bo‘lak non va bir piyola kofe ichib olishi kerak. Ungacha yuzini yuvib olsa yaxshi bo‘ladi. Dushga tushgisi ham, soqol qirtishlagisi kelmadi. “Qaysi ahmoq har kuni to‘liq yuvinish kerak degan, hech anglamayman”, o‘yladi u.
Ayoli allaqachon, bolalarini bog‘chaga eltib, ishiga ketib bo‘lgan. Uyida yolg‘iz o‘zi. Endi, nonushta qilib bo‘lgach, ko‘chaga chiqib, taksi to‘xtatadi. So‘ng, ofisiga yetib olsa, tanasiga quvvat, qalbiga shiddat kiradi. Va faoliyatini boshlaydi. Shuni ham aytish kerakki, uning o‘nta mashina olishga mablag‘i yetsa ham, taksilarda yurardi. Sababi, avtoulov boshqarishga hech uquvi kelmagandi. Lekin, ko‘chada mashina haydab yuraversam, qo‘lim kelishib qoladi deb, mashina va guvohnoma sotib olib, yuravergandi. Biroq, bu ish oqibatda bir tirik odamning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Qamalmaslik uchun, yuqoridagi og‘aynilariga murojaat qilib, qonuniy jazodan qutilib qolgandi. Shundan so‘ng, bu ishga qo‘l siltab, faqat ko‘cha mashinalaridan foydalandigan bo‘lgandi.
***
Yigirma besh yoshga kirgan Abbos taksichilik qilib bo‘lajak to‘yiga pul yig‘ar edi.
U maktabni o‘qib bitirgach, o‘zining asl yo‘lini topa olmadi. Institutga kirishni istamadi. O‘qishi a’lo emas edi. Ismi-sharifini ham zo‘rg‘a yozar edi. Chunki, keyingi davr maktablarida asosiy e’tibor bolalarga sifatli bilim berish emas, hujjatbozlikka qaratilayotgan edi. Shu sababmi, unda kitob mutolaa qilishga istak uyg‘onmagandi. Sevgan mashg‘uloti televizor ko‘rib yotish yoki sobiq sinfdosh o‘rtoqlari bilan hangomalashish edi. Bitiruv kechasidan bir necha oy o‘tgach, onasining qistovi bilan Chuqursoy qurilish mollari bozorida do‘kon olib savdo qilayotgan tog‘asiga yordamchi bo‘lib ishga kirdi. Vazifasi – peshtaxtada turgan sotuvchi yigitga so‘ralgan mahsulotlarni do‘kon orqasidagi ombordan darhol olib chiqib berishdan iborat edi. U boshlang‘ich vaqtda zavq-shavq bilan ishladi. Keyin, bunday ishdan zerikdi. Maoshi ham ko‘nglidagidek emas edi. Bahorga chiqib, bu yerdan ketishga qaror qildi. Otasiga xabar qildi.
– Dada, do‘konda yugurdaklik qilish jonimga tegdi. “Abbos, uni olib chiqib ber!”, “Abbos, buni olib chiq!”, “Abbos, xaridorning mashinasiga yuklarni joyla!” degan so‘zlarni boshqa eshitgim kelmayapti.
– Yana bir – ikki yil ishlab, tajriba orttirsang, senga alohida bir do‘kon olarmidik, nima deysan? – so‘radi u.
Abbos bosh chayqadi.
– Bozor – mening ishim emas ekan, – xo‘rsindi u va davom etdi. – Do‘konni yuritish oson emas, ko‘rdim. Hujjatbozlik, tekshiruvlar, mingta odamga ming xil muomila… Yaxshisi, menga “Matiz” mashina olib bering, kira qilib pul topaman. Bir nechta o‘rtoqlarim shunday qilishayapti. Shu ish tinchroq.
Otasi bir oz o‘y surdi va javob berdi.
– Senga mashina olib berishga imkoniyatim yo‘q. Lekin, oyma-oy kelishilgan miqdordagi pulni topib, mashina egasiga berib bora olaman desang, shu usulda “Matiz” yoki “Spark”olishim mumkin. Bu holda, bilginki, ertayu kech ishlashingga to‘g‘ri keladi.
– Yaxshi, dada! Roziman. Olib bering!
– Yana qayta so‘rayman, tinimsiz ishlab, pulini to‘lab bora olasanmi?
Abbos biroz o‘ylandi-da, javob berdi.
– Ha, dada, harakat qilaman.
Ikki haftadan so‘ng, yigit “Matiz” mashinali bo‘ldi va taksichilik faoliyatini boshladi. U o‘ziga reja tuzib oldi. Ertalab nahorda uyg‘onib, ishga tushadi va peshinga yaqin qaytadi. To‘rt soat dam oladi, so‘ng yana kechki tig‘iz paytida rizqini teradi. Shunday qilsa, o‘ziga ham, mashina egasiga to‘lashga ham mablag‘ yig‘iladi.
Abbos shu holatda uch yil ishladi va “Matiz”ni o‘ziga rasmiylashtirib oldi. Endi, keyingi rejasi uylanish to‘yi uchun mablag‘ yig‘ish edi. Chunki, bunga onasi undadi.
– O‘g‘lim, – dedi u. – Hozirgi davrda barcha chiroyli to‘y qilayapti. Mashhur xonandalarni chaqirishayapti. Sarpo-suruqlarni badastr qilishmoqda. Bularga katta mablag‘ kerak. Dadangning maoshi zo‘r emas, shuning uchun to‘yingga asosiy mablag‘ni o‘zing to‘pla. Mahalla-ko‘yning oldida kichikkina to‘y qilib sharmanda bo‘lishni istamayman.
– Mayli, oyijon, harakat qilaman, har kuni ishlab topgan pulimning benzin va ovqatdan qolgan qismini qo‘lingizga olib kelib topshiraman, yig‘ib borasiz! Yetarli mablag‘ yig‘ilganda to‘yni boshlarmiz, – javob berdi Abbos.
Yigit yana uch yil betinim ishladi. Har kuni kechki payt onasining qo‘liga topganlarini berib turdi. Xattoki, dam olish kunlari ham mashinasini tindirmadi. Va, katta bo‘lmasa ham, bir chiroyli to‘yga yetadigan mablag‘ yig‘ilgan deb taxmin qildi. O‘sha kuni onasiga so‘z qotdi.
– Oyijon, nazarimda, yetarli mablag‘ yig‘ildi. Endi, to‘yni boshlayversak bo‘lar?
Onasi bo‘zrayib qoldi. Miq etmadi.
– Oyijon, nima bo‘ldi? Nega indamayapsiz? – so‘radi Abbos, ajablanib.
U nihoyat javob berdi.
– Bolam, to‘rt oy bo‘ldi, tog‘ang kelib, ishxonamni soliqchilar bosishdi, ko‘p kamchiliklar topishdi. Palon pul bermasam, meni qamashadi dedi. Yordam qiling, ikki oyda qaytaraman deb iltimos qildi. Ukamga rahmim keldi. Hamma yig‘ilgan pullarni unga berib yubordim. Ammo, hali ham uning bir so‘mini ham ko‘rmadim.
Endi bo‘zrayish navbati Abbosga kelgandi. Nima deyishni bilmay qoldi.
– Bolam, tog‘ang pulni qaytarsa yaxshi. Agar qaytarmasa, yana bir-ikki yil ishlashingga to‘g‘ri keladi. Nachora! Ukam axir mening jigarim…
– Bundan so‘ng, men sizga bir tiyin ham bermayman! – xitob qildi Abbos, onasiga. – Noto‘g‘ri ishlar qilib, u pullarga yayragan tog‘am, tunu kun mehnat qilib, besamar qolgan menmanmi?! Meni uylantirmay qo‘yaqoling, o‘zim uylanaman. Ona eng avvalo o‘z farzandining baxtini o‘ylashi kerak emasmi?
– Sen hali o‘z onangga tik boqib, do‘q qilayapsanmi? Yana shu ishingni qaytarsang, seni oqq qilaman!
Bu dag‘dag‘ani eshitib, Abbos boshqa biron so‘z qotmadi. Indamay o‘z yotog‘iga kirib ketdi.
Yigitning o‘z yaxshi ko‘rgan qizi bor edi. U ham Abbosga ko‘ngil qo‘ygan edi. Shu kunlarda u sevgilisiga: “Ancha pul yig‘ib qo‘ydim, yaqinda uyingga sovchi yuboraman!”, degandi. Endi, nima bo‘ladi? Undan aniq quruq qoladi. Chiroyli va oilasi o‘ziga to‘q bo‘lgani uchunmi, bu qizning xaridori ko‘p. Onasi yaqin oylarda sovchilikka bormasa, ilib ketishadi. Bu fikrga ko‘nikishi kerak. O‘zining kelgusi hayoti endi qanday bo‘ladi, noma’lum.
Abbos ikki kun hovliga ham chiqmay, hech kim bilan gaplashmay, biror ovqat yemay, faqat suv ichib, bag‘rini zahga berib yotdi. Oldiga kirgan otasiga ham biror so‘z demadi.
Uchinchi kun esa, tong otmasdan mashinasiga o‘tirdi-da, shahar ko‘chalari tomon yo‘naldi.
***
Murod, o‘n olti yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi, har kuni tong otmasdan Chorsu bozoriga tushib, savdogaru dehqonlarning olib kelgan sabzavot va mevalarini tushirishga yordam berib, ozroq pul ishlardi, keyin shu yerning o‘zida kiyimlarini almashtirib, maktabiga shoshardi. Sababi, uning otasi bundan o‘n bir yil ilgari avariyaga uchrab, halok bo‘lgandi. Onasi esa jajji o‘g‘li va uch yashar qizchasi bilan chirqirab qolavergandi.
O‘shanda tul qolgan ayolning ongida turli savollar g‘ujg‘on o‘ynagandi: “Farzandlarini kim boqadi endi? O‘z ota-onasimi yoki qaynota-qaynonasimi?.. Ular faqat yordam qilib turishlari mumkin. Ikki bolasini ulg‘aytirishdagi, munosib tarbiya berishdagi asosiy og‘irlik, baribir o‘zining ayol boshiga tushadi…”
Nachora, ko‘rgilik ekan. Eri bilan ne-ne umidlar qilib, bir yostiqqa bosh qo‘ygandi. Yaxshi, ahil-inoq edilar. To‘rt qavatli binodan ikki xonalik uy olib, hovlida turmush kechirayotgan qaynona-qaynotasi va qaynisining oilasidan bo‘linib chiqib, bir necha yildan beri alohida yashashayotgan edilar. U hamisha dilida o‘zining ammasiga rahmat aytib yurardi. Chunki, maktabni bitirgandan so‘ng, ota-onasi uni biron o‘quv dargohiga kirishga undashmadi. Ular, qizimiz uy ishlarini yaxshi biladi, saranjom-sarishta, qo‘li shirin oshpaz, biror xonadonga kelin bo‘lib tushsa, u yerning xizmatini qilib, yashayveradi, deb taxmin qilishdi. Bu fikrdan xabar topgan ammasi, unga, hech bo‘lmasa tikuvchilikka o‘qi, biron kasb egasi bo‘l, deb, shunday joyga kirishga majbur qildi.
Qizning uquvi bor ekan, hamma tikish-bichish ishlarini tezda o‘rganib oldi. O‘qishni bitirgach, o‘sha ammasi bir xususiy fabrikaga ishga olib kirib qo‘ydi. U yerda ishlarni sifatli bajargani uchun, “chevar qiz” deb nom oldi. Rahbariyat uni hurmat qila boshladi.
Bir kuni sovchilar kelishdi. Ular ota-onasiga yoqdilar. Va, u kuyovlikka nomzod yigit bilan uchrashdi. Hayotda maqsadlari, rejalari bor inson ekan, rozi bo‘ldi. O‘zlariga yarasha to‘y qildilar. Yoshlar birga turmush kechira boshladilar. Bir necha yilda ikki farzandlik ham bo‘ldi.
Hayoti bir maromda ketayotgandi. Erini, mashina haydashni yaxshi bilmay, endi o‘rganayotgan bir yaramas, iflos odam, bekatda turgan vaqtida urib yuborib, uning umriga zomin bo‘ldi. O‘sha odam qiyofasidagi jonzot atrofdagi halqdan ham istihola qilmay, yetib kelgan militsiya xodimlariga, bu kishi mashinam tagiga o‘zini tashladi, hayotidan to‘ygan ekan shekilli, deb aytibdi va suvdan quruq chiqishga urinibdi. Ammo, barcha chizmalarni qilib, mashinaning turgan holatini aniqlab, suratga olib, guvohlarning so‘zlarini yozib olgan militsiya xodimlari bu gapga ishonmay, xolisona bayonnoma tuzishib, uni rahbariyatga topshirishibdi. Rahbariyat endi bu odamga jinoyat ishi ochay deb turishganda, bosh ma’sulga yuqori mahkamadan qo‘ng‘iroq bo‘lib, so‘kish va do‘q eshitilibdi: “Ismat Poyonning kimligini bilmaysanmi? U, bir paytlar bizda ishlagan, u – o‘ta hurmatli odam! Uning mashinasi tagiga bir ahmoq o‘zini tashlasa, gunohkor bo‘laveradimi? O‘tirgan amal kursing ortiqchami? Darhol bayonnomani o‘zgartir, aks holda onangni uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatamiz! Militsiya xodimligidan ham badarg‘a qilamiz!” Bosh ma’sul darhol chaqiriqqa borgan xodimlarni chaqirib, bayonnomani boshqatdan yozdiribdi, guvohlarning haqqoniy gaplari yozilgan ko‘rgazmalarni axlatga tashlatibdi.
Shunday qilib, Ismat Poyon begunoh bo‘lib qolaverdi.
Bir ahil oilaning boshlig‘i esa bola-chaqasini bu beshavqat, adolat yo‘q dunyoga tashlab, Yaratganning huzuriga yo‘l oldi. Uning jufti haloli esa Charxi kajraftor oldida ojizlik qilib, dodini faqat Ollohga aytdi.
Ismat Poyonni betinim qarg‘adi. Ayol bilardi: Mutloq Buyuk Zot nolalarini eshitmoqda, o‘sha iflosni albatta munosib jazolaydi. Faqat qachon?.. Bu noma’lum edi. Mavlo, odatda arqonni uzun tashlaydi.
Murodning bugun omadi keldi. Yuk egalari unga yaxshi pul to‘lashdi. O‘qishdan so‘ng, uyiga non, kartoshka, sabzi, piyoz, guruch olib boradi. Singlisi esa darsdan kelib, kechqurunga ovqat tayyorlaydi. Onasi ishdan charchab keladi. Ha, degan – tuyaga mador. Bundan xursand bo‘ladi. O‘zi ko‘p dars qilishi lozim. Xudo xohlasa, shartnomasiz, tekin o‘qishga kirishi kerak. Bu hayotda ilmiy ta’lim olmagan odam – ish qurolisiz, ko‘nikmasiz hunarmanddir.
***
Abbos tong sahardan uyini tark etib, to‘g‘ri tog‘asining uyiga bordi. Eshikni kennayisi ochdi. Hovli supurayotgan ekan. Hayron bo‘ldi.
– Keling, Abbosxon! Nechuk tongdan xudo yorlaqadi? – so‘radi u.
– Tog‘am bormilar? – bazo‘r tovush chiqardi u.
– Ha, uydalar. Kiring, anavi yerda o‘tirib turing, o‘zi uyg‘onadigan vaqtlari bo‘ldi. Chaqirib chiqaman.
Yigit bu xonadonga yoshligidan ko‘p keladi. Ayniqsa, tog‘asining do‘konida ishlab yurganida tez-tez qadam ranjida qilgan. Shuning uchun, uyalmay ichkariga kirdi va hovli chetidagi supaga borib o‘tirdi. Biroz o‘tib, yuzini yengilgina yuvgan tog‘a jiyanining oldiga keldi. Abbos salom berdi. U alik olgach, so‘radi.
– Tinchlikmi, kallai saharlab kelibsan?
– Yo‘q, tinchlik emas. Siz bilan urishgani keldim! – dedi Abbos.
Tog‘a buni hazil deb qabul qildi. Jilmaydi.
– Iya, nima gap? Opam, pochcham yaxshimilar?
– Siz mening uch yil davomida ishlab topgan pullarimni ikki oyda beraman deb, oyimdan olib ketibsiz. To‘rt oy bo‘libdi o‘shanga. Qani mening yiqqanlarim? – shahd bilan so‘z qotdi yigit.
Tog‘asi boshini xam qildi. Indamay bir-ikki daqiqa turib qoldi. Nihoyat, javob berdi.
– Jiyan, meni to‘g‘ri tushun. Pul yig‘a olmayapman. Savdo yaxshi emas. Lekin, bil: ularni yebketmoqchi emasman. Yig‘ilishi bilanoq olib borib beraman.
Abbos keskin gapirdi.
– Yo‘q! To‘g‘ri tushunishni istamayman. So‘zingizda turing! Men, shu bir-ikki oyda uylanishim kerak. Sevgan qizim bor. Lekin, uning xaridori ko‘p. Ota-onasi esa o‘jar. Qizining ra’yiga qarashmaydi. O‘zlariga ma’qul joy chiqsa, uzatib yuborishadi. Men tez kunlarda sovchi yubormasam, undan ayrilib qolaman. Bering, pullarimni! Uyingizni sotasizmi, mashinangizni bozorga olib chiqasizmi, do‘koningizni garovga qo‘yasizmi – menga baribir!
Tog‘a yumshoqlik bilan jiyanini sabr qilishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi.
– Sen menga begona emassan. Opamning o‘g‘lisan. Qo‘limda ishlagansan. Ishim murakkab ekanligini bilasan. Qurilish mahsulotlari ishlab chiqaradigan “Fantteks” nomli korxona bor. O‘zing ishlab yurganingda ham uning shpaklevkalarini, kafel yopishtiradligan yelimlarini sotardik. Rahbari Turg‘un Temir degan inson. Pulini olishga kelib turardi. Ko‘rsang, taniysan. O‘tgan yili u yangi mahsulotlar: basseyn uchun bo‘yoq, basseyn uchun ishlatiladigan kafel sopolchalarini yopishtiruvchi yelim va gidroizolyasiya ishlab chiqara boshladi. Sifati juda zo‘r edi. Turklarnikidan-da yaxshi. Zo‘r savdo qildim. Xaridorlar o‘rgandilar. Biroq, bahor kelib, yaxshi savdolar mavsumi boshlanganda, Ismat Poyon ismli bir kishidan elchi keldi. U aytdiki, “Fantteks” korxonasi mahsulotlarini sotmas ekansiz. Xo‘jayin aytdilar. Tanish-bilishlari qudratli. Aks holda, boshingizda qora bulutlar aylanar ekan, dedi. Men uning so‘zlarini jiddiy qabul qilmadim. “Nega endi, menga yaxshi foyda keltirayotgan, xaridorlar o‘rgangan mahsulotlarni sotmasligim, foyda topmasligim kerak? Kim o‘zi u, Ismat Poyon, menga topshiriq berishga nima haqqi bor? Raqobatchi bo‘lsang, yaxshiroq mahsulot chiqar!”, deb o‘yladim va ishimni davom etdiraverdim. Ikki hafta o‘tgach, do‘konimga soliqchilar, prokuratura, sanitariya nazorati xodimlaridan iborat “desant” tushdi. Bir necha kun davomida hamma yog‘imni avra-astarini chiqarib, hujjatsiz mollarni topishib, boshqa jiddiy kamchiliklarni aniqlab, bo‘ynimga ulkan jarimani ilishdi. “Hoy, yaxshilar! Bu jarimani do‘konimni sotsam ham to‘lay olmayman-ku, kelishaylik!” dedim. Ular bir-birlariga qarab: “Yaxshi, unda mana bu miqdorni to‘laysiz. Bir tiyin ham kamaytirmaymiz!” deb, telefonlari ekraniga raqamlarni yozishdi. Men, “Mayli, bir necha kunda ilojini qilarman…” deganimcha qoldim. Ertasi, o‘sha Ismat Poyonning malayi keldi. “Men sizni ogohlantirgan edim-a! “Desantchilar” sizga ikki barobar narx belgilashdi, bilasizmi nega? Chunki, bu miqdorning yarmisi Ismat akamga tegadi. Tezlating!” degancha ketdi. Bo‘lgan voqea shu. Endi men nima qilay, jiyan?
Abbos g‘amgin bo‘lib turgan tog‘asiga boqdi. Lekin, bu holatning qanday bo‘lishi unga baribir edi.
– Tog‘a! Nima qilishni o‘zingiz bilasiz. Qarzni olishni va va’da berishni qoyillatgan odam, uni qaytarishni ham qoyillatishi kerak. Sizga bir hafta muhlat. Agar, shu vaqt ichida pullarimni to‘liq bermasangiz, uyingizga tunda kelib, hamma yoqqa o‘t qo‘yib ketaman. Sizning noshudligingiz tufayli, men baxtsiz bo‘lib qolishni istamayman. O‘rningizda bo‘lganimda, o‘sha Ismat Poyonni ovloq joyda tutib olib, qiynab o‘ldirardim. Bo‘ldi. Gapim tugadi. Bir hafta muhlat!
Abbos shu so‘zlarni aytib, o‘rnidan turdi va ko‘cha tomon yo‘naldi.
***
Sojida erini juda ham sevadigan ayol edi. Turmush qurishganiga o‘n yil bo‘lganiga qaramay hamon yosh qizchalardek sevgilisiga talpinardi. Uning uchun olamda Iftixor akasidan bo‘lak mukammal odam yo‘q edi. Ayniqsa, bu insondan ikki farzandni dunyoga keltirgandan so‘ng, u bilan bir jonu bir tan bo‘lib ketgandek tuyular edi. Biroq… bir kuni uning uchun bu dunyo bo‘shab, huvillab qoldi. Olamda bir o‘zi yolg‘iz qolgandek edi, go‘yo…
Sojida shanba kuni vaqtliroq turib, hafta davomida yig‘ilib qolgan kirlarni yuvishga kirishdi. Iftixor akasi kecha kechqurun do‘stlari bilan uchrashuvga — “gap”ga borib, shirakayf holda juda kech kelgan edi. Shuning uchun, u bolalari kabi, hamon uxlab yotardi. Sojida eri tunda yechib tashlagan kiyimlarini ham yuvishni mo‘ljallab, qo‘liga oldi. Ulardan turli ovqatlar va yana qandaydir begona g‘alati atir hidi anqirdi. Do‘stlari bilan ko‘rishganda yuqib qolgandir, fikr qildi, Sojida. Barcha mayka-kuylaklar-u shimlarini kir yuvadigan mashina qozoniga tiqdi. Hozirgi davrda bunday qurilmalar jonning rohati – o‘zing sovun surib, ishqalab ko‘pirtirmaysan, sovuq suvga chaymaysan, dorga osmaysan. Mashinaning o‘zi bekamu ko‘st yuvib, quritib beradi. U tortmasiga kir yuvish kukinini solib, qurilmaning eshigini yopishga shaylangan edi hamki, telefonga es-em-es kelganda yangraydigan musiqali tovush eshitildi. “Voy, sal qolsa, Iftixor akam telefonlaridan ayrilib qolardilar-a!”, o‘yladi u va qurilma qa’ridan erining shimini olib, cho‘ntagidan telefonni oldi. Uni bir chekkaga qo‘yib, mashinani ishga tushirdi.
Keyin, endi nima ish qilishni rejalashtirganini eslashga harakat qildi. Shu zahoti shundoq yonidagi stolga qo‘ygan telefonga ko‘zi tushdi. “Qiziq, shanba kuni ertalabdan kim es-em-es yozibdi?”, hayol qildi u va apparatni qo‘liga olib, tekshirishga tushdi. Es-em-es mazmuni uni taxtadek qotirib qo‘ydi: “Iftixor aka! Kecha uyingizga yaxshi yetib bordingizmi? Suhbatlarimizdan juda maza qildim, siz-chi? Keyingi juma yana uchrashamizmi? Hozirdanoq sog‘inayapman! Rohila”. Sojidaning vujudini dahshat qamradi. Rostmikan bu? Kimdir yanglishib boshqa yoqqa yubormadimi? Axir, ism yozilgan-ku, demak yanglish emas. Nahotki, jonidan aziz bo‘lgan jufti haloli xiyonat qilib yuribdi?! Bunga qanday chidaydi, endi…
Sojida ohista oshxonaga kirdi. Eng katta pichoqni oldi. Uni o‘ng qo‘lida mahkam ushlab, yotoqxonaga kirdi. Iftixor akasi pishillab uxlab yotardi. Qoq yuragiga sanchsamikan? Bir zumda o‘ladi-qoladi. Ko‘chadan topgan Rohilasini tark etib, qora tuproqqa ko‘miladi. O‘zini esa qamashadi. Ikki farzandi kimning qo‘lida qoladi? Bu muhim emas… Yo‘g‘-e, nega muhim emas? Ota mehri, ona mehridan mosuvo bo‘lib ulg‘ayishadi-ku!
Iftixor akasi bunday inson emas edi. Hamisha: “Sojida, yonimda sendan o‘zga ayolni tasavvur qila olmayman!”, derdi. Uni, aniq, o‘sha megajin – Rohila yo‘ldan urgan. Boshini aylantirgan, g‘amzalar qilgan. Ertalabdan yuborgan es-em-es dan ham ma’lum. Aks xolda, es-em-es ni erkak jo‘natgan bo‘lar edi.
Shunday mulohazalardan so‘ng, Sojida pichoqni oshxonadagi joyiga olib borib qo‘ydi. Stulga o‘tirib, reja tuzdi. Rohilaning manzilini aniqlaydi, o‘zini topadi va sochlarini yulib keladi. Yoki, yaxshisi, pana joyda ushlab, pichoqni uning qoq yuragiga tiqadi. O‘zining izlarini qoldirmaydi. Barcha ehtiyot choralarini ko‘radi. Bolalari yetim bo‘lib qolishi kerak emas. Buguncha indamay turadi. Eriga uning xiyonatini sezganini bildirmaydi.
Sojida oshxonaning eshigini yaxshilab yopdi. Erining telefonidan uning eng yaqin do‘sti G‘anisherga sim qoqdi. U ming marta xonadonlariga kelgan, Sojidaga singlisidek munosabatda bo‘lar edi. Narigi tomondan yangroq ovoz eshitildi:
– Ha, Iftixor! Nechuk barvaqt qo‘ng‘iroq qilayapsan?
Ayol o‘zini tanishtirdi.
– G‘anisher aka, men Sojidaman. Sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim.
Xavotirli ovoz eshitildi.
– Iftixor yaxshimi? Nima bo‘ldi?!
– Ha, yaxshilar. Uxlab yotibdilar. O‘zimning bir savolim bor edi. Kechagi “gap”ingizdan soat nechada ketgan edilar, shuni bilmoqchi edim.
Bu so‘rovga darhol javob kelmadi. Pauza saqlandi. Va tovush yangradi.
– Hammamiz qatori ketdi. Sal cho‘zildi, o‘tirishimiz.
– “Gap” soat nechada tugadi?
– Uncha e’tibor bermabman, taxminan o‘n birlarda bo‘lsa kerak. Balki, kechroqdir.
– Negadir ichmabdilar, hayron bo‘ldim, – sinash uchun savol berdi Sojida.
– Ha, shunday bo‘ldi, sababini so‘ramadim.
– Tushunarli, rahmat! – javob qildi ayol va telefonni o‘chirdi.
To‘g‘risini aytmadi, do‘stini himoya qildi, xulosa chiqardi Sojida. Odatda, ularning har oyda bir marta bo‘ladigan ziyofatlari, nari borsa soat o‘ngacha cho‘zilar edi. Eri soat tungi birlarda keldi va ancha shirakayf edi. O‘sha damda undan spirtli ichimlikning hidi anqib turgandi. Ortiqcha gapirmay, shartta o‘ringa qulagandi. Demak, u beshda boshlanadigan o‘tirishda bir-ikki soatcha bo‘lgan va u yerdan chiqib, o‘sha Rohila bilan biror restoranda kayfu safo qilgan. Keyin mehmonxonaga borishgan. Bu aniq! Endi, erini tavbasiga tayantirishi va Rohilani o‘ldirishi kerak. Ohista yotoqqa kirib, uxlab yotgan Iftixor akasining “bulbuli”ni kesib tashlasamikan-a? Rosa tomosha bo‘lardi-da!.. Bichilgan qulga aylanardi-qolardi. He-he!..
Sojida alam bilan jilmaydi va es-em-es kelgan nomerni alohida qog‘ozga yozib oldi. Uni ayni shu raqamlarga aloqador uyali aloqa operatori “Bilayn”da ishlaydigan jiyaniga beradi. Manzilini aniqlab aytar… Eri bormikan, u megajinni? Darvoqe, megajin so‘zi nimani anglatadi? Kimdir, u – cho‘chqaning urg‘ochisi degandi. O‘sha urg‘ochining erkagiga xabar berib, bir sharmanda qilarmidi… Yo‘q, yaxshisi, kishi bilmas, ohista narigi dunyoga jo‘natadi! U buzuqini ajal chaqirmoqda!
***
Iftixor, o‘ttiz besh yoshli ulgurji savdo ishlari bilan shug‘illanuvchi, toparmon yigit, bu paytda Rohila ismli o‘zidan besh-olti yosh kichikroq ayol bilan tanishganiga o‘n kuncha bo‘lgan edi. Ular “Bekto‘pi” bozorida tanishib qolgan edilar. Iftixor, Turkiyadan yuborilgan kiyim-kechaklarni shu yerdagi do‘konlarga tarqatib yurgandi, chiroylikkina xaridor ayol uning katta savdogar ekanligini his etib, unga murojaat qildi.
– Kechirasiz, sizga bir iltimosim bor edi. Ana shu do‘konlarga topshirayotgan mollaringizni ulgurji narxda menga ham bera olasizmi?
Iftixor bosh chayqadi.
– Yo‘q, axir siz buyum olsangiz, bir-ikkita, nari borsa to‘rt-beshta olarsiz. Do‘konlar esa yuztalab, ikki yuztalab, goho besh yuztalab ham olishadi. Yaxshisi, ulardan iltimos qilaman, sizga eng arzon narxlarda berishadi. Bo‘ladimi?
Ayol jozibali tabassum qildi. Va, yana savol berdi.
– Albatta, do‘kondorlar oldida shunday deysiz-da! Yaxshisi, alohida gaplasha qolaylik. Mening sizga ulgurji savdo bo‘yicha takliflarim bor. Telefon raqamingizni bersangiz, keyinroq bafurja gaplashib olar edik.
Iftixor shu zahotiyoq cho‘ntagida har dam bo‘ladigan “vizitka”sini chiqarib berdi.
– Marxamat, mana shu raqamlarga qo‘ng‘iroq qilib, buyurtma bersangiz, istalgan mahsulotlarni ulgurji tarzda olib kelib beramiz!
Ayol maftunkor jilmaydi-da, minnatdorchilik izhor etib, nari ketdi.
Bu hodisa Iftixorning yodidan shu zahotiyoq chiqib ketdi. Chunki, bunday va’dalarning ko‘pi puch bo‘lar, natija bermas edi.
Biroq, o‘sha ayol ertasigayoq sim qoqdi.
– Alyo, assalomu alaykum! Iftixor aka, sizni bezovta qilmadimmi?
Yigit bu notanish raqamlardan qo‘ng‘iroq qilinayotgan ovoz kimniki ekan, aniqlay olmadi. Va javob berdi.
– Vaalaykum assalom! Kechirasiz, taniy olmadim, kimsiz?
– Biz kecha “Bekto‘pi” bozorida suhbatalashgandik. Ulgurji mahsulotlar to‘g‘risida so‘ragandim. Ismim Rohila!
– Ha, bo‘ldi. Esladim. Tanishganimdan xursandman. Mendan nima xizmat, Rohilaxon?
– Uchrashsak, degandim. Vaqtingiz bormi?
– Agar aniq takliflar bo‘lsa, mayli. Ertaga peshindan so‘ng, ofisga keling!
– Juda yaxshi, manzilingizni tushuntiring, soat uchga boraman.
Iftixor o‘z huzuriga yasanib, sochlarini yangi turmaklatib, pardoz-andoz qilib, qimmatbaho atirlar sepib kelgan ayolni o‘tirishga taklif qildi. Hol-ahvol so‘radi. Keyin, uning muddaosini so‘radi.
– Xo‘sh, Rohilaxon, ulgurji savdoimizga qanday takliflaringiz bor?
Ayol g‘amza aralash jilmaydi.
– Iftixor aka, ulgurji savdo-sotiqlar meni uncha qiziqtirmaydi. To‘g‘risini aytsam, sizni yana bir bor ko‘rgim va gaplashgim keldi.
Iftixor uchun bu kutilmagan gap bo‘ldi. Nima deyishni bilmay qoldi. Biroq, nimadir deyish kerak edi. Uylangandan beri biror begona ayolga gap tashlab, xushomad qilmagandi.
– Rohilaxon, sizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, aytamanki, mening oilam bor. Jufti halolimni juda sevaman.
Bu javob ayolga zarracha ta’sir qilmadi.
– Ha, siz to‘g‘ri tushundingiz. Mening ham oilam bor. Ammo, aytishadiki, hech kimga bildirmasdan, biror yoqimli odam bilan uchrashib turish, oila mustahkamligiga ham, sog‘liqqa ham foydadir.
– Bilmadim, – dedi Iftixor. – Kim aytgan bo‘lsa ham uncha to‘g‘ri emas. Inson o‘z oilasiga sodiq bo‘lishi lozim.
– Ammo, ikkinchi tomon sodiq bo‘lmasa-chi? Bolalarni yetim qilib, ajrashish kerakmi?
– Nima, eringiz shunaqami?
– Ha! U meni hech narsani bilmaydi, sezmaydi, degan ishonchda g‘o‘dayib yuribdi, axlat yegan xo‘rozdek, kekkayib!
– Qasd olmoqchimisiz?
– Qasdimni olib bo‘lganman. Siz menga juda yoqib qoldingiz. Sizdan hech narsa so‘ramayman, faqat sevgi va ehtiros bo‘lsa yetadi.
– Ochig‘ini gapirganingiz uchun rahmat. Men ham to‘g‘risini aytaman: siz juda jozibalisiz. Kim axir shunday parivash oldida o‘zini tutib tura oladi? Nahotki, sizdek go‘zal ayolni kimgadir almashtirish mumkin?
Rohila yelkalarini qisdi.
– Buni mening erimdan, Ismat Poyondan so‘rang! O‘zini juda qudratli kimsa deb biladi. Hukmronlik qilishni, odamlarni boshqarishni, o‘ziga yoqmagan insonlarga yomonlik qilishni xush ko‘radi. Eshitganmisiz, bu nomni? Bir paytlar yuqori dargohda xizmat qilgan.
Iftixor bosh chayqadi.
– Yo‘q, qulog‘imga chalinmagan ekan.
U boshqa so‘z qotmay ohista o‘rnidan turdi-da, kirish eshigi oldiga bordi va uni qulfladi. Rohilaga yaqinlasha boshladi. Ayol uning maqsadini sezdi. U ham o‘rnidan turdi va ohanrabodek tanini yigitning ixtiyoriga berdi. Lablar uchrashishdi. Nozik qo‘llar erkakning yelkalarini quchdilar. Bir baquvvat bilak va barmoqlar xipcha belni o‘ziga tortdi, ikkinchisi esa tarang ko‘krakni ezdi. Dudoqlar obdon o‘z mazalarini bir-birlariga tortiq qilgach, kuchli odam nozik kimsani ko‘tarib, xonadagi divanga yotqizdi…
***
Odamlar o‘z ichki g‘ayratlari bo‘yicha ikki xil bo‘ladilar: tashabbuslilar va ergashuvchilar. Mirzakarim keyingi toifaga tegishli kimsa edi. O‘zicha biror ishga g‘ayrat qilmas, kimdir biror topshiriq bersa, o‘sha ishni bekamu ko‘st bajarishga tirishib, maqtovga sazovor bo‘lishni istar edi.
Ismat Poyon, korxona tashkil etgach, o‘ziga, qo‘l-oyog‘i chaqqon, buyruq bersa, uni bekamu ko‘st do‘ndira oladigan odam izladi. Tanish-bilishlari yuborgan yigitlarni ishlatib ko‘rdi. Ular ko‘ngliga o‘tirmadilar. Reklama gazetasiga e’lon berdi. Keyingi kuniyoq bir yigit kirib keldi. Suhbatlashib ko‘rdi. Juda tavoze’li, tillari biyrongina, muomilali, fikrlarini aniq ifodalay oladigan ekan. Ismat Poyonga bu, yigirma besh yoshli, qorachadan kelgan, Mirzakarim ismli yigit juda yoqdi. Darhol ishga rasmiylashtirdi. Ertasi kundan u yangi xo‘jayinning xizmatida bo‘la boshladi. U qayerga qanday topshiriq bilan yuborilsa ham, a’lo darajada bajarib kelardi.
Mirzakarim asta-sekin uning eng yaqin malayiga aylandi. Barcha ogohlantirishlarga, pul olinishiga kerak bo‘lgan joylarga uni yuborar edi.
Abbosning tog‘asi oldiga ham shu yigit borib, ogohlantirish berib kelgan edi. Tog‘a Ismat Poyonni ko‘rmagan, bilmagan bo‘lsa-da, Mirzakarimni yaxshi eslab qolgandi. Ayniqsa, “taftish”chilarning “shtrafi”dan so‘ng kelib, asl mazmun nimada ekanligini aytib ketganda, uning qiyofasi ongiga muhrlangan edi. Har bir yovuzlikning o‘z basharasi bo‘ladi. Mirzakarimning afti tog‘aga ana shunday ko‘ringandi.
Mirzakarim maktabni bitirgach, professional mashina haydovchisilik o‘qishiga kirdi. Ikki yilda uni tugatdi. Qo‘liga guvohnoma oldi. Ish qidirdi va bir idora xo‘jayinini olib yurish xizmatini topdi. Unga “Lasetti” berishdi. Vazifasi, ertalab rahbarni ishga olib keladi, kun mobaynida o‘z xonasida o‘tiradi, lozim bo‘lganda turli tashkilotlarga olib boradi, kechki payt esa uni xonadoniga tashlaydi. Shundan so‘ng, to charchamaguncha, mashina o‘z ixtiyorida. Qo‘shimcha benzin quyib, odamlarni manzilga eltadi va pul topadi.
Shunday damlarning birida ko‘rinishi yoqimligina qiz mashinasiga chiqdi. Uyiga ketayotgan ekan. Mirzakarim muomilani kelishtirib, u bilan tanishib, telefon raqamlarini yozib oldi. Goho, goho qo‘ng‘iroq qilib turdi. Uchrashishga ko‘ndirdi. Xilvat joylarda mashinasini to‘xtatib, undan qaynoq bo‘salar oladigan bo‘ldi. Bora-bora, bunga qoniqmay, jiddiyroq talablarga o‘tdi. “Faqat, to‘ydan keyin!”, xitob qildi qiz. “Niyatim jiddiy, uylanmagan nomard, baribir meniki bo‘lasan!”, deya-deya, u o‘z niyatiga yetdi. Yarim yilcha u bilan jinsiy aloqa qilib yurdi. Oxiri, qiz talab qo‘ydi: “Bo‘ldi, sovchi yuborasiz yoki men ustingizdan shikoyat qilaman!” Mirzakarim bundan juda cho‘chidi, lekin sir boy bermadi. “Faqat menga vafodor bo‘lsang, va’damni bajaraman!” deb javob qildi. “Mendan hech bir shubha qilmang!”, ishontirdi qiz.
Mirzakarimning ayol zotiga o‘ch, o‘ziga o‘xshab haydovchilik qiladigan bir og‘aynisi bor edi. Uni ishga soldi. Aytdi:
– Do‘stim, bir kelishimli qiz bor. Bokira emas. U bilan jinsiy aloqa qilsang bo‘ladi.
Og‘aynisining ko‘zlari chaqnadi.
– Menga ko‘narmikan?
– Ko‘ndirasan-da! Senga o‘rgatlugi bormi? Mashinangga chiqarib olsang bo‘ldi. Men aytgan xilvat joyga olib borasan. Avraysan, sevgi izhor qilasan, va’dalar berasan, juda bo‘lmasa kuch ishlatasan. Orqangdan men yetib boraman. Sizlarni shu ish ustida ushlayman. Va, ortimga qarab ketaman.
– Seni tushundim. Uni qayerdan topaman?
– Senga uning uyini, o‘qish joyini, u yerlardan qaysi vaqtlarda chiqishini aytaman. Suratini ko‘rsataman. Manzilingizga tez yetkazib olib borib qo‘yaman, deb, mashinangga o‘tkazasan. Qolgani mahorating!
– Yaxshi, kelishdik!
Bu reja amalga oshgach, Mirzakarim “shaxsiy” muammosidan qutildi.
Endi, uylanmasligiga u qizning o‘zi aybdor edi. Bu qiz bundan keyin qanday hayot kechiradi, qanday turmush quradi, yoki yomon yo‘lga kirib ketadimi, bu bilan umuman ishi yo‘q edi.
Bu voqea yaqin kunlarda sodir bo‘lgan edi.
Bu damga kelib, u ishlab turgan idora yopilgan va tarqatilgandi. Uning vazifalari boshqa tashkilotlar bo‘yniga qo‘yilgandi. Yigit ishsiz va mashinasiz qolib, turli joylardan ish so‘rab borib, natija bo‘lmagach, “Ippodrom” bozorida savdo-sotiq qiladigan bir og‘aynisiga yordamchilik qilayotgandi. Lekin, rizqi zo‘r emasdi.
Ittifoqo, u gazetada Ismat Poyonning e’lonini ko‘rib qoldi va ertasigayoq uning manziliga uchib bordi.
Shunday qilib, bu ikki kishi baqamti bo‘ldilar.
***
Rohila yoshligidan juda ko‘hlik bo‘lib, bir ko‘rgan odam yana ko‘rsam degudek go‘zal edi. Maktabni bitirgach, Madaniyat kollejiga o‘qishga kirdi. Bu maskanda bo‘lg‘usi musiqachilar, xonandalar, san’atshunoslar, kutubxonachilar, xoreograflar, aktyorlar yetishib chiqadigan maskan edi. U osonroq bo‘lgani uchun kutubxonachilikka kirdi. Ikkinchi bosqichga o‘tganda O‘zbekiston Televideniyesida suhandonlik qilishni istaydiganlar uchun tanlov e’lon qilinganini eshitdi va baxtini sinab ko‘rdi. O‘tolmasam ham mayli, lekin yangi odamlarni ko‘raman, tanish-bilish orttiraman, o‘yladi u. Lekin, kutilmaganda, uni darhol qabul qilishdi. So‘zlarni aniq talaffuz qilar ekansan deyishdi. O‘qishdan so‘ng, televideniyega borib, ko‘rsatuvlarda suhandonlik qila boshladi. Bu ishga uquvi bor ekan shekilli, u ishtirok etadigan dasturlar ko‘paydi. Ikki-uch oy o‘tgach, u bir yuqori idoralar xodimlari ishtirok etadigan ziyofatga boshlovchilik qilishga taklif etildi. Ana shu yerda u bo‘lguvsi eri Ismat bilan tanishdi.
Bu yigit bu, o‘zidan yetti-sakkiz yashar kichik qizni faqat o‘ziniki bo‘lishini istadi. Ismatdan shiddat, shijoat ufurib turar, tesha tegmagan maqtovlar yog‘ilar edi. U Rohilaning holi-joniga qo‘ymadi. Ishidan javob so‘rab, qizning yo‘llarida turib olardi, o‘qishidan chiqishida hoziru nozir bo‘lib turardi. Gullar tutardi. Noyob sovg‘alar berardi. Bog‘larda aylanishga taklif qilardi. Oxiri, o‘zini sevdirdi. Rohila, bu urinishlarga nihoyat ijobiy javob berdi va uyiga yigitdan sovchi bordi. Va, ajoyib, gijbadabang to‘y bo‘lib o‘tdi. Kuyov-kelinning chillasi chiqqach, Ismat jufti haloliga televideniyeda ishlashni man etdi. “Sening chiroyingdan butun O‘zbekiston emas, faqat men bahramand bo‘lishim lozim!”, dedi u.
Shunday qilib, Rohila faqat Madaniyat kollejidagi o‘qishini davom etdirish bilan mashg‘ul bo‘la boshladi.
Oradan bir yil o‘tib, qizlik bo‘lishdi. Yana vaqtlar o‘tib, kollej o‘qishi muvaffaqiyatli tugadi va o‘g‘illik bo‘lgan Rohila, ishga kirmay, uyda bola boqish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bir kuni, u erining kiyimidan ayollarning begona mushk-anbar hidini sezib qoldi. Indamadi. Faqat so‘radi.
– Ismat aka! Kecha ishxonangizda qolib ketdingizmi?
– Ha, jonginam, yumushlar ko‘payib ketgandi.
– Kelib, tuzzukroq ovqat ham yemadingiz?
– Ishtaham bo‘lmadi, asalim!
– Mabodo, kasal bo‘lib qolmadingizmi?
– Yo‘q, yaxshiman. Faqat, boshim og‘ridi. Hozir ancha yaxshiman.
– Mayli, mayli… Boshqa bunday yumushlar bilan qolib ketmang, oqibatda urinib qolasiz va boshingizda o‘tkir og‘irlik paydo bo‘lib qolishi tayin, – dedi Rohila, tagdor qilib.
Ismat Poyon bu so‘zlarning zamiri haqida o‘ylab ham ko‘rmadi. Xotini ma’joziy ma’noda boshingizdan og‘ir, uchli shox o‘sib chiqadi, demoqchi bo‘lgandi. Buni tushunmadi. Erkak kishining boshidan shox o‘sib chiqibdi, degan gap, halq orasida uning jufti haloli xiyonatidan darak beruvchi ma’joziy tushuncha edi.
Rohila aniq xulosaga kelgandi: erida o‘ynash paydo bo‘lgan. Janjal-to‘polon bilan nimaga erishadi? Ikkita farzandi bor. Undan qasdini olish kerak. Shundan so‘ng, o‘ylab ko‘radi.
Rohilaga bir paytlar televideniyedagi bir xususiy telekanalning rahbari, yoshi ancha katta odam ishqiboz bo‘lib qolgandi. U, o‘ng kelib qolganda, o‘z hislarini bildirib, uch-to‘rt marta uchrashuvga taklif etib, qimmatbaho sovg‘alar berishiga shama qilgandi. “Yo‘q, men oilalik ayolman, erga xiyonat qilish — gunoh”, deb javob bergandi Rohila. Ertasi, u, o‘sha odamga qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakdan tanish ovozni eshitib, rahbar kimsa xursand bo‘lib ketdi.
– E, Rohilaxon! Bormisiz? Yaxshi yuribsizmi? Tovushingizni eshitib, yoqimli kuy eshitgandek bo‘ldim! – dedi u.
– Sizda bir maslahatli ishim bor edi. Uchrasha olamizmi? – so‘radi Rohila.
– Albatta, albatta! Qachonga mashina yuboray?
– Tushlikka yaqinroq. Men bekatga chiqib turaman. Bolalarimni onamnikiga tashlab, keyin siz bilan bemalol uchrashishim mumkin.
Rahbar bu so‘zlarning yashirin mazmunini darhol angladi va quvonchdan yorilib ketay dedi.
– Ajoyib! Soat o‘n ikkiga aytgan joyingizga mashina boradi. Shofyorim farzandlaringizni buvisinikiga tashlab, sizni bir restoranga olib boradi. O‘sha yerda sizni kutib olaman va maslahatlashamiz!
– Mayli, – javob qildi Rohila.
Rahbar go‘shakni qo‘ygach, kotibasini chaqirdi.
– Men soat 12 larga yaqin ketaman. To uch-to‘rtlargacha bo‘lmayman. So‘raganlarga aytarsiz! Uncha muhim bo‘lmagan savollar bo‘yicha o‘rinbosarimga murojaat qilishsin.
– Xo‘p bo‘ladi, – dedi kotiba.
Restoranda ko‘p o‘tirmadilar. Rohila noz-ne’matlardan biroz tanavvul qilgach, meni istagan joyingizga olib boring, degan mazmundagi fikrni bildirdi.
Xususiy telekanal rahbari bilan qilingan jinsiy aloqa Rohilaga uncha yoqmadi. Undan qattiq shiddatni, kuchli ehtirosni kutgandi. Ko‘nglidagidek bo‘lmadi. Qaytishayotganda, uning: “Asalim, yana qachon uchrashamiz?” degan savoliga bosh chayqadi.
– Bilmadim, istab qolsam, o‘zim xabar beraman. Siz meni qo‘ng‘iroqlar bilan bezovta qilmang, erlik ayolman, oilam buzilmasin! – dedi u.
– Tushundim, – bosh irg‘adi telekanal rahbari va ohista Rohilaning sumkachasini olib, ichiga ikkita yuz dollarlik pul solib qo‘ydi. So‘ng, so‘zlarini davom etdirdi. – Siz meni juda ham baxtli qildingiz!
Rohila shu yo‘l bilan eridan qasdini oldi. Ko‘nglidan biroz bo‘lsa-da, alam ketdi. Eriga bir marta bo‘lsa-da, xiyonat qilgan ayol bunday ishning totini unutmaydi va yana istab qoladi, deyishadi. Shuning uchunmi, u , ba’zan-ba’zan, o‘ziga gap tashlagan yoqimli erkaklar bilan pinhona uchrashadigan bo‘lib qoldi. Va bundan aslo afsus chekmas edi. His qilardiki, Ismat Poyonning hamon o‘sha o‘ynashi bilan aloqasi bor. Xatto, uning kimligini ham aniqladi. Oilali, xunukkina ayol ekan. Bundan ajablandi: nega erkaklar chiroyli xotinni uyga o‘tqizib qo‘yib, xunuk ayol visoliga oshiqishadi?
Bir necha oy o‘tgach, Rohila bolalarini mahallasidagi bog‘chaga berib, o‘zi o‘qigan kollejga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdi. Erining man etishiga qaramadi. “Bu yer televideniye emas-ku! Uyda o‘tiraverish jonga tegdi!”, dedi u. Ismat Poyon noiloj ko‘ndi.
Bir necha yillardan so‘ng, Rohila o‘ziga juda ham yoqib qolgan Iftixorni uchratdi. “Bu odam bilan umrimning oxirigacha uchrashib turaman, boshqa hech kim kerak emas”, xulosa qildi u, birinchi visoldan so‘ng.
***
Tog‘a, tong saharlab kelib, dag‘dag‘a qilib ketgan jiyanidan xafa bo‘lmadi. Aksincha, unga achindi. Darhaqiqat, pochchasi o‘z hayotida serdaromad yo‘l topa olmay, maoshli ishda ishlab, biri ikki bo‘lmadi. Uning o‘g‘li esa uylanaman deb, tunu kun ishlab mablag‘ yig‘di. Bu pullarni esa, boshqa odam, ya’ni o‘zi, ochofatlarga berib yubordi va ularni darhol qaytarishga ojiz. Bu holatda har qanday odam ham darg‘azab bo‘ladi. Jiyanini juda yaxshi tushunadi. Endi, unga yordam berishi kerak.
Nima qilish kerak? Jiyanining pulini qaytarish uchun na uyini, na do‘konini sotolmaydi – bolalari katta bo‘layapti. Ularni qanday boqadi? Mashinasi – eski “Jiguli”, uni jiddiy pulga hech kim olmaydi. Eng yaxshisi, o‘sha o‘zini Mirzakarim deb tanishtirib ketgan nusxani tutib, silkitishi lozim. Pullarini to‘liq qaytarib bersin. Aks holda, uni ham, xo‘jayini Ismat Poyonni ham qaqshatib, qiynab o‘ldiradi. Chunki, ular noqonuniy bo‘ysindirish va tekin pul ishlash uchun qonuniy jazolash sistemasini ishga soldilar. Zohiran – ular haq. Ma’nan esa – g‘irrom. Asl jinoyatchilar – o‘shalardir. Ammo, kim ularni jazolaydi? Ular jazolanmasalar, atrofda yovuzlik ko‘paya beradi-ku! Bunday odam qiyofasidagi shaytonlarga yorug‘ dunyoda joy bo‘lmasligi shart!
U nonushta ham qilmay, ishga ketdi. Do‘konni barvaqt ochdi. Xaridorlar hali siyrak. Shu payt yordamchi-sotuvchisi keldi. Eshik qulfini u hamisha birinchi bo‘lib kelib, ochar edi.
– Xo‘jayin, bugun quyosh qayerdan chiqdi? – jilmaydi u.
– Bugun ko‘chalarda mening ishlarim bor. Savdo qilishni o‘zingga topshiraman. Bugun qoplangan “Jizzax gipsi” keladi, tushirtirib olarsan. Pulini keyingi hafta beramiz deysan. Rozi bo‘ladi.
– Mayli, xo‘jayin. Tushdan keyin qaytasizmi?
– Ha. Darvoqe, anavinda bizga bir yigit kelib po‘pisa qilib ketgandi, ismini Mirzakarim degandi, o‘shaning ish joyini biladiganlar bormikan?
– U yigit ilgari shopirchilik qilgan ekan. Yigirma uchinchi do‘konning mollarini o‘zining “Labo”sida tashib yuradigan Bahrom bilan birga o‘qigan deyishdi. O‘shandan so‘rang. Hov, ana, mashinasi turibdi.
– Yaxshi, – dedi Tog‘a va ko‘rsatilgan tomonga ketdi.
Mirzakarim ertalabdan idoraga kirib kelgan Chuqursoy bozoridagi, o‘zlari chuv tushirishgan do‘kon egasini ko‘rib, hayron bo‘ldi.
– Og‘ayni, senda ishim bor, gaplashib olaylik! – dedi u, to‘qnash kelishgach.
U Tog‘ani o‘z xonasiga olib kirdi. To‘rda joylashgan stol yonidagi kresloga joylashdi. Qarshisidagi stulga Tog‘a cho‘kdi.
– Xo‘sh, menga nima xizmat? – so‘radi Mirzakarim.
– Esingdami, mening do‘konimga “desant” tashlatganding?
– Men emas, xo‘jayinim Ismat aka qilgan edi.
– Menga farqi yo‘q, lekin sen kelib, po‘pisa qilganding. Natijada, men palon ming dollarga tushdim. O‘zimda buncha pul bo‘lmagani uchun jiyanimdan olgandim. U mendan so‘rayapti, juda zarur ekan. O‘z navbatida, endi bu mablag‘ni men sendan so‘rayman. O‘sha “desant”ga berganlarimni sen qaytarishing kerak!
Mirzakarim yelkasini qisdi.
– U pullarning yarmisini “desant”chilar o‘zaro taqsim qilishgan, yarmisi Ismat akamda. Menga bor-yo‘g‘i besh yuzgina tekkan. Siz bu pullarni rozi bo‘lib bergansiz. Aks holda, qamalar edingiz. Shuning uchun, talabingiz noo‘rin.
– Ammo, bu “desant”chilarning do‘konimni bosishini sizlar uyushtirgan edingiz. Buning uchun javob berishingiz kerak! Agar mendan ketgan harajatlarni to‘liq qoplab bersangiz, oramiz ochiq! Sizga boshqa biror so‘z demayman.
– Menga qarang, do‘kondor aka! Hech kim sizga u pullarni bermaydi. Qonunan ham, kuch bilan ham ololmaysiz! Agar, ko‘cha bolalarini ishga solaman desangiz, hozir ulardan hech kim cho‘chimaydi. Ismat akamning yuqorida tanish-bilishlari juda ko‘p.
– Odamgarchilik nuqtai nazaridan sizlar aybdorsizlar! Aybdor odam esa o‘z qilmishiga javob berishi lozim.
– Gapning po‘stkallasini aytsam, sizga taqdirga tan berishdan boshqa iloj yo‘q! Dodingizni hech kim eshitmaydi! Uni faqat Xudoga qilishingiz mumkin!
Mirzakarim shu so‘zlarni aytar ekan, o‘zining qilmishlaridan chirqirab qolgan qiz yodiga tushdi. “U ham dodini Xudoga aytib yurgandir”, istehzo bilan o‘yladi u.
Tog‘a biroz sukut saqladi. Va, so‘z qotdi.
– Og‘ayni, xullas, ertaga emas, mayli indinga kechki payt oltilargacha seni o‘z do‘konimda kutaman. Men sarflagan harajatni to‘liq olib kelib berasan. Ismat akang bilan gaplash. Agar, kelmasang, afsuslanib, yig‘lab yalinishlar, zorlanishlar qabul etilmaydi. Tushunarlimi?
Mirzakarim hayrat bilan Tog‘aga tikildi. “Esi joyidami, bu odamni? Qo‘lidan nima kelardi? Jussasi ham haybatli emas. Uning qozoqi do‘qiga kim cho‘chir ekan?”
– Mayli, men Ismat akaga aytaman. Lekin, bu gaplaringiz ularga ta’sir qilmaydi, nazarimda, – dedi u.
Tog‘a indamay chiqib ketdi.
U shu ketgancha Chorsudagi pichoqchilar rastasiga bordi. Bitta eng zo‘r, juda o‘tkir Chust pichog‘ini sotib oldi. Ressordan qilingan dedi sotuvchi. Qimmatligiga qaramadi. Keyin, tesha va bolta sotuvchilar qoshiga bordi.
– Menga temiri po‘latdek qattiq, juda o‘tkir, faqat go‘sht emas, suyakni ham chopadigan qassob bolta kerak! Lekin, sopi ixcham bo‘lsin, – dedi u.
Ayni shu rastadan narida attor qutisini yoyib o‘tirgan ekan. Undan eng mustahkam va uzun bigiz oldi. Bozordan chiqaverishdagi dorixonaga ko‘zi tushdi. U yerga kirib, bir nechta rezina qo‘lqop, oyoqqa kiyadigan baxillalar va kovid tarqalganda eng ishonchli hisoblangan, yuz, lablar va dahanni yopib turadigan niqoblar xarid qildi. Hozirgi davrda niqob taqib yurish hech kimga erish tuyulmaydi. Skotch o‘z do‘konida bor. Uni izlab o‘tirishning keragi yo‘q. Qora ko‘zoynagi uyda. Hamda, harbiy xizmatdan olib kelgan maxsus pichoq ham bor. Aptekachidan yana so‘radi:
– Kovid davolovchi vrachlar xalati, qalpog‘i bormi?
Dorishunos yigit hayron bo‘ldi.
– Yo‘q, bunday kiyimlar faqat kasalxonalarga beriladi.
– Tanish-bilishingiz bo‘lsa, topib bering! Haqini to‘layman. Zarur edi.
– Uyingizda kasal bormi? – so‘radi yigit.
– Ha, kasalxonaga yotishni istamayapti.
– Unda, ertaga xabar oling, iloj topsam, keltirib qo‘yaman.
– Xo‘p, unda albatta kiraman. Mana sizga oldindan pul.
Tog‘a peshtaxta ustiga bir necha mingni qo‘ydi va indamay chiqib ketdi.
U barcha xaridlarini yelkasiga osib yuradigan sumkasiga joyladi. Bolta sig‘masmikan deb o‘ylagandi, biroq bemalol joylashdi.
“Afsus, bizda to‘pponcha bemalol sotilmaydi-da”, fikr qildi u, “Jiguli”si tomon yo‘l olar ekan.
Ko‘pchilik Abbosning tog‘asi harbiy xizmatni desantchilar safida o‘tkazganini, bu sohadagi eng a’lochi va jasur jangchi bo‘lganligini bilmas edi. U parashyutdan sakrash, balandlikka sakrash, merganlikni, pichoq otishlarni, yakkama-yakka janglar olib borishni juda yaxshi bilar edi. Bu holatni u barchadan, xattoki oilasiga aytmagandi. Ana endi barcha o‘rgangan ko‘nikmalarini ishga soladigan dam kelgandi. U shuningdek, dushmanning qayeriga kafti bilan ursa, xushini yo‘qotadi, qayeriga pichoq tiqsa darhol o‘ladi, qayeriga bigiz sanchsa qattiq og‘riq bo‘ladi, qaysi arterial tomir kesilsa, qon yo‘qotib, darhol boshqa dunyoga ketishini juda yaxshi bilar edi. Gapirishni istamagan odamni sayratish usullari ham unga ma’lum edi.
U mashinasiga o‘tirdi va kalitni burab motorni ishlatdi.
***
Sojida eriga oshifta bo‘lib qolgan va uni yo‘ldan urgan Rohilaning yashash joyini telefon nomeri orqali aniqladi. Uning uyi Labzak tomondagi “dom”da ekan. Kechki payt, barcha ishdan keladigan vaqtga yaqin kiyinib, boshi va yuzlarini qamraydigan ro‘molni hijob kabi o‘radi. Qora ko‘zoynak taqdi. Yo‘lga tushdi. Manzilni topib, eshikning qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Uni go‘zal juvon ochdi.
“Ko‘rimlikkina ekan!”, o‘yladi Sojida.
– Keling, nima xizmat? – so‘radi uy xonimi.
– Men bir tikuvchi dugonamning xonadonini izlab yurgandim. Kechirasiz, yanglishibman, – javob berdi u.
– Ismi nima, dugonangizni? Balki, men tanirman. Bu mahallada ancha yillardan beri yashaymiz! Ko‘pchilikni taniyman!
Sojida yodiga kelgan bir nomni aytdi. Maktabda o‘qiganda uning haqiqatdan shunday ismli dugonasi bo‘lar edi. Hozir turmushga chiqib, uyida bolalarini boqib o‘tiradi. Sinfdoshlari ichida hech kim bilan aloqalarini davom etdirmaydi.
– Ra’no! – so‘z qotdi u.
Rohila bosh chayqadi.
– Bu atrofdagi “dom”larda bunday ayol yo‘q.
– O‘zingizning ismingiz nima? Juda dilbar juvon ekansiz! – dedi Sojida.
– Ismim Rohila! – jilmaydi uy egasi.
– Yaxshi, kam uchraydigan nom ekan, mayli, uzr, sizni bezovta qildim. Boshqa “dom”lardan so‘rab ko‘rarman…
Sojida shunday deb, orqasiga qayrilayotgan edi, Rohila so‘z qotib qoldi.
– Kechirasiz, ikki-uch kunlarda xabar oling, men qo‘ni-qo‘shnilar, boshqa “dom”lardagi tanish-bilishlardan surishtirib qo‘yaman, agar shoshmayotgan bo‘lsangiz?
Bu so‘zlarni eshitgan Sojida ich-ichidan quvondi. “Juda soz! Yaxshilab tayyorlanib kelaman,” mo‘ljalladi u va so‘z qotdi.
– Yaxshi, Ra’no juda chevar!
– Tushundim! – xitob qildi Rohila va eshikni yopdi.
***
Murod bozorga har kuni tong yorishmasdan tushardi. Bu kun esa, kechikdi. Kechqurun dars qilib charchabdi shekilli, mo‘ljallagan paytida uyg‘onmadi. Shuning uchun, ko‘p ishlardan quruq qoldi. Borganda, ko‘pchilik savdogarlaru dehqonlar mahsulotlarini tushirib, joylab bo‘lgan ekanlar. Qolgan-qutganlarga qarashdi. Birinchi va ikkinchi soatdagi darsdan quruq qoldi. Lekin, pul mo‘ljalidek bo‘lmadi. “O‘zim uxlab qoldim, ayb boshqalarda emas”, o‘yladi u. Uchinchi soatga boradi, endi. Tashqariga yo‘naldi. U bozorga kiraverishda turgan mashinalarga qaradi. Bitta-yarimtasi ola ketmasmikan?.. Ko‘zi “Jiguli”ga o‘tirayotgan kishiga tushdi. “Tavakkal, shu odamdan so‘rab ko‘ray-chi!”, degan fikr qilib, tez u tomon yurib ketdi. Bu paytda mashina egasi joylashib, motorni o‘t oldirgandi. Shu paytda unga Murod yaqinlashdi. U odam bir yigitcha o‘ziga yaqinlashganini ko‘rib, eshik oynasini ochdi.
– Amaki, mabodo Chuqursoy tomonga ketmayapsizmi? – degan savolni eshitdi.
– Ha, yo‘lim o‘sha tomonga! Olib ketaymi?
– Necha pul bo‘ladi?
– Puling kerak emas, o‘tiraver! – dedi mashina egasi.
Bu odam, Abbosning tog‘asi edi.
Murod xursand bo‘lib, “Jiguli” oldini aylanib o‘tib, shopir yoniga cho‘kdi.
Mashina jildi.
Bir-ikki daqiqalardan keyin, Achavot yo‘liga tushishganda, tog‘a so‘radi.
– Bozordan hech narsa olmadingmi? Qo‘lingda faqat portfel?
– Men bu yerda har kuni ertalab ishlayman, biroz pul topaman, keyin maktabga boraman. Onamga harnav yordam.
– Dadang yo‘qmi? Nima bo‘lgan unga? Tashlab ketganmi? – achinib so‘z qotdi tog‘a.
Yigitcha bosh chayqadi.
– Avariyada o‘lgan. Bitta yaramas odam bosib ketgan!
Tog‘a xo‘rsindi.
– Ha, yomon ish bo‘lgan ekan… Keyin, o‘shani jazolashdimi? Sizlarga pul to‘lab turibdimi? Yo qamalib ketdimi?
Murodning ko‘zlarida o‘t chaqnadi.
– Qayoqda! Minisalar dadamning o‘zini aybdor qilishdi. Anavi esa taralla bedod qilib, yayrab-yashnab yuribdi.
– Kim u? Juda vijdonsiz odam ekan!
– Oti esimga muhrlangan: Ismat Poyon. Katta bo‘lsam, albatta o‘chimni olaman! Oyim uni har kuni namozlarida qarg‘aydilar.
Tog‘a bir daqiqacha jim ketdi. Nihoyat, so‘z qotdi.
– Men ham eshitganman o‘sha nusxa haqida. Juda iflos odam. Bu dunyo uni qanday ko‘tarib yuribdi, aslo tushunmayman.
– Taniysizmi?
– Yo‘q, eshitganman.
– Aytganday, meni Kichik halqa yo‘lidan Chuqursoyga ketaverishdagi maktab yonida qoldirib keting!
– Xo‘p bo‘ladi. Oting nima?
– Murod.
– Murod, sening telefoning bormi?
– Bor, albatta! Hozirgi paytda to‘rtinchi-beshinchi sinfda o‘qiydiganlar ham telefon tutadi. Faqat apparatim yangi emas, eskiroq.
– Ahamiyati yo‘q. Menga raqamlarini ayt. Kelgusida, balki senga ish bo‘yicha takliflarim bo‘lib qolar. Mening Chuqursoyda do‘konim bor.
Bu paytda ular maktab yoniga kelib qolgandilar. Mashina to‘xtadi. Yigitcha portfelidan bloknot olib, uning bir parchasiga raqamlar yozdi-da, Uni tog‘aga berib, “Jiguli”dan tushdi.
– Rahmat, amaki! – dedi u.
Tog‘a boshini liqillatib, o‘z yo‘lida davom etdi.
***
Mirzakarim, peshindan so‘ng, o‘zi va Chuqursoylik do‘kondor bilan bo‘lib o‘tgan suhbat mazmunini Ismat Poyonga yetkazdi. U pinagini ham buzmadi.
– O‘zing nima deb o‘ylaysan? – so‘radi u. – Chumchuq pirr etsa, yuragim shuv etib, indinga kechki payt, seyfimdagi pullarni sanab, sendan o‘sha do‘konchiga berib yuboraymi?
Mirzakarim yelkasini qisdi.
– Siz xo‘jayinsiz – o‘zingiz hal qiling! Men esa, buyrug‘ingizga muntazir odamman. Shaxsiy fikrimni bilmoqchi bo‘lsangiz, bu dunyoda har qanday do‘qlarga quloq solaversak, yo‘lbarsdek haybat bilan emas, mushukdek pisib yashashimizga to‘g‘ri keladi. Men, orqavorotdan u odamni surishtirdim. Orqasida hech kim yo‘qqa o‘xshayapti.
– Ana shuning uchun ham seni yaxshi ko‘raman! – xitob qildi Ismat Poyon. – Barakalla! Ikkalamiz bir xil fikrlaymiz!
– Demak, indamay o‘z ishlarimni qilib yuraveraymi? – so‘radi Mirzakarim.
– Ha! – qisqa qildi Ismat Poyon.
Bir necha soniyadan so‘ng qo‘shimcha so‘z qotdi.
– “Bolivar” ikki kishini ko‘tarolmaydi!
– Bu, “Ishbilamon kishilar” filmidagi iborami? – tirjaydi Mirzakarim.
– Ha!.. Bu dunyoda senga noxush bo‘lgan kimsalarni, o‘sha “Bolivar” laqabli ot ustiga ikkinchi bo‘lib chiqishni niyat qilgan ortiqcha odam otib o‘ldirilgani kabi, pinak buzmay yo‘q qilish kerak!
Bu so‘zlarni aytgan Ismat Poyon ham sovuq iljaydi va stoli ustidagi qog‘ozlarga qaray boshladi. Muloqot tugaganini his etgan yigit ohista boshlig‘i xonasini tark etdi.
***
Tog‘a bir necha kun, ertalabdan, Ismat Poyon ishxonasi oldidagi ko‘chaning bir pana joyiga mashinasini qo‘yib, o‘zi uning ichida o‘tirib, nusxaning soat nechada ishga kelishi, qayerlarga borishi, kechki paytning qaysi vaqtida uyiga ketishini kuzatdi. Aniqladiki, uning idorasining to‘rt-besh kishilik xodimlari soat beshda uylariga ketishar ekan. Boshliq bilan gumashta esa shoshilmay, kun yakunining hisobini qilishsa kerak, yarim soat-bir soat kechroq yo‘lga tushishar ekan. Qorovul ham nomigagina ekan, tegishli joyiga bir zarba berilsa, bir-ikki soat o‘sal bo‘lib yotadi. Va hech narsa esida qolmaydi.
Mirzakarim bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan ikki kun o‘tgach, hech kim tog‘aning do‘koniga pul ko‘tarib kelmadi. U bunday bo‘lishini bilardi. Ayrimlar, to‘g‘rirog‘i juda ko‘p insonlar, jo‘shqin va halol hayotning chaqirig‘ini emas, mudhish ajalning chaqirig‘ini afzal ko‘radilar. Chunki, bu chaqiriqning ustki qismi zo‘ravonlik, aldov, o‘g‘rilik, tovlamachilik ila topiladigan pullar, hashamatli uylar, qimmatbaho mashinalar va buzuqi jononlar bilan bezatilgan bo‘ladi. Tabiatga ham ruhiyat berilgan. Zulm va yovuzlikka ular ham befarq emaslar. Mutloq Buyuk Zot o‘zi yaratgan olamning ayrim bo‘laklariga haqiqatparvarlik xislati va ulkan kuch in’om etgan bo‘lsa kerak. Aytishadiki, Yer ham, ba’zan, o‘z qa’riga dafn etilgan mudhish kimsalarni bag‘riga olishni istamay, yuzaga chiqarib tashlaydi.
***
Nihoyat, oxirgi kun yetib keldi. Tog‘a bugun o‘z rejalarini amalga oshirishi lozim.
Yana bir holat mavjud ediki, ayni shu kunga Sojida ham o‘z qasosini mo‘ljallagan edi. U, ayrim ayollar, xususan Rohila kabi eriga qasd qilib, o‘zga erkakning tagida yotish usulini tanlamagandi. Nima qiladi, o‘z tanasini bulg‘atib?.. Agar, begona jononning g‘amzalariyu tuzoqlari bo‘lmasa, jufti haloli aslo yo‘ldan ozmas edi. Buni u yaxshi biladi. Rohila uni o‘z chiroyi va shirin so‘zlari bilan rom qilishga uringan. U esa ko‘ngli bo‘shlik qilgan. Juda kamdan kam sog‘lom erkak bunday go‘zal oldida o‘zini tutib tura olsa kerak. Lekin, erni boshqarishni bilish kerak. Uni o‘z holiga tashlash qo‘yish, nazorat qilmaslik, kelgusida farzandlari baxtiga to‘g‘anoq bo‘lishi mumkin. Burgaga achchiq qilib, ko‘rpa kuydirish – uning fe’liga to‘g‘ri kelmaydi. U oilasiga huruj qilgan baloni yo‘qotsa, bo‘ldi. Keyin, Iftixor akasini tavbasiga tayantiradi. Xudo xohlasa!
Tog‘a “Jiguli”sida kechki payt, soat roppa-rosa beshga Ismat Poyon korxonasi joylashgan ikki qavatli bino yaqiniga yetib bordi. Chiqish eshigini kuzata boshladi. Birin-ketin, u yerda xizmat qiluvchi buxgalterlar, kotibayu bo‘lim boshqaruvchilari ishxonani tark etdilar. Endi, faqat bo‘shanggina qorovul yigit, rahbar va gumashta qolishdi.
Olg‘a! Yo, Olloh! O‘zing madad ber!
Tog‘a yuziga kovid niqobni taqdi. Burniga nim qora tusli ko‘zoynakni qo‘ndirdi. Qo‘llariga tana rangidagi apteka qo‘lqoplarini kiydi. Oyoqlariga shaffof, yurganda ko‘zga tashlanmaydigan baxilla kiydi. Yonidagi o‘rindiqda yotgan tizimchasi uzun sumkasini oldi. Mashinadan chiqib, uni yelkasiga ildi. To‘g‘ri idora tomon yo‘naldi. Eshikdan kirar ekan, yon tomondagi, bel balandligidagi taxta to‘siq ortida stol-stul qo‘yib o‘tirgan qorovul uni to‘xtatdi.
– Kechirasiz, kimning oldiga keldingiz? Ishxonada hech kim qolmadi, – xitob qildi u, qo‘rslik aralash.
Tog‘a unga javob bermadi. Indamagani ma’qul. Tovushini eslab qolmasin. “Bu korxonaning qorovuligacha beodob-a!”, o‘yladi u. Miyig‘ida jilmaydi. Lekin, bu holat niqob ostida bo‘lgani uchun, ro‘parasidagi kishiga sezilmadi. U to‘siqqa yaqinlashdi-da, kutilmaganda kaftining cheti bilan qo‘rslik qilgan kishining bo‘ynidagi maxsus nuqtaga zarba berdi. U shartta quladi. Kamida ikki yoki uch soat behush bo‘lib yotadi. Tog‘a stol yonidagi shkafchada osig‘liq turgan kalitlarga qarab, asosiysini topdi. Uni olib, kirish-chiqish eshigini qulfladi. Qorovul tanasini stol tagiga ko‘rinmaydigan qilib tiqib qo‘ydi. So‘ng, yuqori qavatga – Mirzakarimning xonasiga yo‘naldi.
Eshikni ochdi. Kutganidek, u o‘z kreslosida yastanib o‘tirgan ekan. Xo‘jayinining ketishini poylayotgan bo‘lsa kerak. Ayrim xodimlar o‘z sodiqliklarini ana shunday namoyon etadilar. Tog‘a indamadi. Eshikni yopdi. Kaliti qulf burnida ekan. Uni buradi. Endi, hech kim to‘satdan kira olmaydi. Mirzakarimga qayrildi. U rangi somon bo‘lib, jovdirab qoldi.
– Xo‘sh, mening pullarim qani? – ohista so‘radi u.
– E..e… Ismat akam bermayman, dedilar… – g‘o‘ldiradi u.
– Unda, o‘zingdan ko‘r. Sen rahbaring bilan bir tanu bir jonsan. Bu ma’lum. “Pulni bir marta qozoqi do‘q qilgan ojizgina odamga berib yuboraverasizmi? Siz – yo‘lbarssiz-ku!”, deb maslahat ham bergandirsan?
– Qay… qayerdan bildingiz?.. – so‘radi u titrab.
– Afti angoringdan ma’lum, – javob berdi Tog‘a, unga yaqinlashar ekan, davom etdi. – O‘zing tanla: kallangni olaymi yoki yuragingga pichoq tiqaymi?
Mirzakarim nima deyishni bilmay qotib qolganidan foydalanib, Tog‘a yaqin keldi-da, uning lunjiga kuchli musht tushirdi. Yigit kreslosi bilan birga yerga quladi. O‘ziga kelishga ulgurmay, qo‘llarining, og‘zining skotchlanganini his etdi. Tog‘a uni o‘rnidan turg‘izib, yana kreslosiga o‘tqizdi va qorniga kuchli zarba berdi. U ko‘zlari soqqasidan chiqar darajasida olayib, bukchayib qoldi.
– Men senga agar pullarimni bermasalaring, o‘ldiraman, deganmidim?
Mirzakarim bosh liqqillatdi.
– Ismat akangga aytganmiding, shuni?
Yigit yana imo bilan tasdiqladi.
– Demak, vijdonim pok!
Bu gal Mirzakarimning boshi yuqorisiga og‘ir musht tushdi. Ko‘zlaridan o‘t chaqnadi.
– Ismat akang o‘z xonasidami? – yana ohista so‘z qotdi Tog‘a.
Yigit yana bosh liqillatdi.
– Yaxshi, sen shu yerda o‘tira tur!
Tog‘a uning oyoqlarini ham yaxshilab skotchlab, tashqariga chiqib ketdi. U rahbar xonasini eshikka o‘rnatilgan lavhadan topdi. Eshikni ochdi: kotiba o‘tiradigan xona ekan, hech kim yo‘q. Chap tomonda yana bir eshik. Unga lavha o‘rnatilgan ekan “Korxonaning general direktori Ismat Poyon”. “O‘zi bu yerda besh-oltita odam ishlaydi, “general direktor”mish!”, istehzo bilan o‘yladi Tog‘a.
Xonadagi kimsa, ayni shu damda temir seyfga pochkalangan dollarlarni sanab, taxlayotgan ekan. Ayrimlar shu ishni sevishadi. Qo‘lga kiritgan pullarini ishonchli joyga berkitishadi-da, goho-goho ularni olib, qayta sanab, yana joyiga qo‘yib qo‘yishadi. Bundan rohatlanishadi. Tog‘aning yodiga bir ibora tushdi: “U yon chop bu yon chop! Yo‘llar top, pullar top, dollar top! Hozirgi hayot shunaqa!”
Xonadagi kimsa, eshigini taqillatmay kirib kelgan odamni ko‘rib, jon-poni chiqib ketdi.
– Kim sizga ruxsat berdi, bu yerga kirishga? Chiqing xonadan!
– Nima, sen menga xo‘jayinmisan? – dedi Tog‘a, u tomon yurar ekan.
– Kimsan o‘zi? Nega xonamga bostirib kirding?! – sensirashga o‘tdi Ismat Poyon.
– O‘zing-chi? O‘zing kimsan? Nega mening savdo ishlarimga aralashasan? Turg‘un Temirning mahsulotlarini sotmasin, deb gumashtalaringni yuborasan? Ustiga ustak, do‘konimga tekshiruvchilar “desanti”i tashlattirasan? Kimsan o‘zi? O‘zingni Xudo deb tasavvur qilayapsanmi? Senga nima yomonlik qildim? Arpangni xom o‘rdimmi?
Shundagina, Ismat Poyon xonasiga kirgan odamning kim ekanligini fahmladi. Anavi kuni, Chuqursoy bozoridagi Turg‘un Temirning mahsulotlarini sotib, chuv tushgan odam pullarini so‘rab keldi, bermasak o‘ldirmoqchi, degandi Mirzakarim. Niyati jiddiyga o‘xshaydi, tusmolladi u. Lekin, inson har qanday vaziyatda ham qo‘rqqanini bildirmasligi kerak.
– Men xudolik da’vosini qilganim yo‘q! – xitob qildi xona egasi, tetik bo‘lishga intilib va temir seyfning eshigini yuziga yopdi. So‘ng, Tog‘aga yuzlandi. – Nima uchun kelding?
– Nima uchun kelishimni malaying aytmaganmidi? Belgilagan vaqtimda pullarimni bermading. Endi, munosib jazoingni oladigan vaqting keldi.
Tog‘a shunday deb, cho‘ntagida turgan desantchilar pichog‘ini shart olib, harbiy mashqlarda o‘rgangan uslubida unga irg‘itdi. Bu pichoqni harbiy xizmatni tugatib, uyiga qaytayotganda o‘zi bilan olib kelgandi. O‘shandan beri hujrada yotgandi. Mana, endi uning ish beradigan vaqti yetib keldi. Uning uchi Ismatning o‘ng ko‘kragiga borib chuqur qadaldi. Xona egasi yerga yiqildi.
– Oh!.. Tegma menga! – jon achchig‘ida ixradi Ismat. – Pullaringni beraman! Ana seyfda turibdi.
– Shundoq ham olaman, ular o‘z mehnatimga kelgan va halol. Va, bundan tashqari, sen o‘n yilcha ilgari bir odamni mashinangda bosib o‘ldirgansan. Uning bolalari va xotini shu kunlarda bazo‘r yashashmoqda, ularning haqini ham olaman! Tushindingmi?
– Pullarimni hammasini ol, faqat meni o‘ldirma! – iltijo qildi Ismat Poyon.
– Nega endi o‘ldirmas ekanman. Aytilgan so‘z – otilgan o‘q!
Tog‘a sumkasidan skotch oldi-da, Ismatning ikki qo‘lini birlashtirib bog‘ladi. Oyoqlarini ham shunday qildi. Va, albatta, og‘zini yelimladi. Ko‘krakdagi pichoqqa tegmadi. Uni sug‘urib olsa, qon ketish ko‘payadi. Qon ko‘p ketsa, tana tez o‘lib qoladi.
U seyfning eshikchasini ochdi. U yerda pochka-pochka dollarlar taxlangan edilar. Ularni sumkasidagi qora salafan xaltaga joyladi. Bir pochkasini qoldirdi. Sababi, keyinchalik, militsiya xodimlari kelishsa, oddiy o‘g‘rilik deb o‘ylashmasin. Bu yerda intiqom mavjudligini ehtimol qilishsin. Bu esa, boshqalarga dars bo‘ladi. Yoki, ohista, hech kimga bildirmay, uni cho‘ntakka urishadi. Barcha pullar o‘g‘irlangan deyishadi. Va, ayblari bilinmasligi uchun, jinoyatchini topishga ko‘p hafsala qilishmaydi.
Tog‘a dollar to‘la qora salafan xaltani qayta sumkasiga soldi. Ishidan xotirjam bo‘lib, ko‘zlari ola-kula bo‘lib turgan Ismatning tepasiga keldi. Shartta uning orqa yoqasidan tortgancha, polda qon izlarini qoldirib, tanasini Mirzakarimning xonasiga sudrab olib kirdi.
– Og‘ayni, mana, sen o‘ta hurmat qiladiganing, ustozing, “haybatli yo‘lbars”ning ahvoli. Endi, qarab tur.
Tog‘a, avvaliga, sumkasidan kovid davolovchi do‘xtirlarning uzun salafan xalatini va qalpog‘ini olib kiydi. O‘zi, ularni g‘ijimlasa, bir mushtdek bo‘ladi. Bu narsalarni o‘sha, Chorsudagi aptekadan aytilgan vaqtga borib, olib qo‘ygandi.
Yaxshi himoya qobig‘iga o‘ralgan Tog‘a asta o‘z ishiga kirishdi. Ya’ni, o‘zini Xudo qatorida hisoblaydigan kimsani Mirzakarimning ro‘parasidagi devorga suyab o‘tqizdi. Sumkasidan o‘tkir Chust pichog‘ini chiqardi. Deraza yorug‘ida jilolatdi. Buni ko‘rgan Ismat Poyon siyib qo‘ydi. Tagida ko‘lmak paydo bo‘ldi. Baqirolmasdi, og‘zi yopiq edi. Ko‘ksidan ham sizib qon chiqib turardi.
– Bilasizlarmi? – murojaat qildi Tog‘a ikki bandiga. – Olloh ayrim yovuz bandalarini, vaqti kelganda jonini olish uchun, Azroilga topshiriq berib, ularni iloji boricha ko‘p qiynashni buyurar ekan. Bu farishta shuning uchun, ularni obdon azoblagach, jonini chiqishini ham dahshatga to‘ldirib, keyin ishini yakunlar ekan. Tushundingizmi?
Tog‘a Ismatga yaqinlashdi-da, uni tipirchilashga yo‘l qo‘ymay, oyog‘i bilan bosib turib, avval o‘ng ko‘zini, keyin chap ko‘zini o‘yib oldi. So‘ng, oyog‘ini uning tanasidan oldi. Poyonning ikki ko‘zi o‘rnidan ham tirqirab qon oqa boshladi. Bir necha daqiqa o‘tgach, u to‘lg‘onishga tushdi. U oyoqlarini silkitar, tanasini u yoq, bu yoqqa aylantirar, boshini polga, devorga uraverar, to‘lg‘anardi. Hech jon topshiray demasdi. U bir necha daqiqa shunday azoblarga duchor bo‘ldi. Tanasidagi jamiki qon deyarli oqib bo‘lgan bo‘lsa-da, sokin o‘lim topa olmadi. Shunda, Tog‘a yana sumkasini titdi. Undan bigiz chiqardi.
– Mayli, men rahmdilman. O‘lib qo‘yaqol, juda qiynalding! – xitob qildi u va bigizni Ismat Poyonning qoq yuragiga tiqdi.
Faqat shundagina, u javob berish uchun ilohiy maskanga ketdi. Tog‘a endi Mirzakarimga yuzlandi.
– Ko‘rdingmi, og‘ayni! Xo‘jayiningni narigi dunyo ham qabul qilishni istamadi. Ammo, nailoj. Yer yuzini boshqa bulg‘amasin. Unga yordam qildim. Xo‘sh… Endi, senga kelsak. Sening ayblaring ham bunikidan kam bo‘lmasa kerak. O‘xshatmasdan uchratmas, deyishadi. O‘liming oldidan, birovga qattiq yomonlik qilgan bo‘lsang, ayt! Seyfdagi pullar ancha-muncha ekan, o‘sha odamga yetkazaman, harnav bo‘lsa-da, yordam. O‘zing ham narigi dunyodagi suhbatda yengilroq bo‘lasan. Og‘zingni ochaymi?
Ko‘zlari qinidan chiqayozgan Mirzakarim bosh liqillatdi. Tog‘a uning og‘ziga yopilgan skotchni yulib oldi. Yigit entiqib, hovliqib so‘zlay boshladi.
– Men yaqinda bir qizga yomonlik qilganman. Unga uylanaman deb va’da berib, qoniqib yurdim. Keyin, bir o‘rtog‘imni ishga solib, unga o‘sha qiz bilan qanday yo‘l qilib, qayerga borib, jinsiy aloqa qilish mumkinligini tushuntirdim. O‘zim ularning tepasiga borib, ushladim. Va, qizga aytdim: “Sen menga xiyonat qilding, shuning uchun uylanmayman!” Shu gunoh mening bo‘ynimda…
– Voy, haqiqatdan ham bir xil… Juda topishgan ekansiz? Qizning manzili, telefoni raqami va ismini ber. Anavi, o‘rtog‘ingning kimligini, otini, qayerdan topish mumkinligini ham ayt!
Mirzakarim barcha ma’lumotlarni bergach, Tog‘a ularni yozib oldi. So‘ng, so‘z qotdi.
– Mayli. To‘g‘risini aytganing uchun, seni ko‘p qiynamayman. Seni sog‘ qoldirsam, baribir odam bo‘lmaysan. Pastkash va nomardlar hech qachon, bir dumalab yaxshiga aylanib qolmaydilar. Bu olam bundaylar uchun hayf. Seni, mayli, osonroq o‘ldiraman.
Tog‘a skotchni olib yana Mirzakarimning og‘zini yopdi. Sumkasidan go‘sht chopadigan bolta chiqardi. Uning sopi kalta bo‘lsa ham, tig‘i uzun edi. Yigitning ko‘zi oldiga olib borib yangi jazo qurolini ko‘rsatdi.
– Mana, qara, tig‘i o‘tkir. Tanangni qiynamaydi. Bu bilan xo‘jayiningni qo‘llarini chopmoqchi edim, ammo ko‘zlarini o‘yib qo‘ya qoldim. Boshqalarning muvaffaqiyatiga ko‘z olaytirgani esimga tushib qoldi. Qo‘l uzishni senga qoldirgandim. Ammo, tavba qilib, ma’lumot berganing uchun, faqat boshingni olaman. Tez va oson o‘lim topasan.
Tog‘a bolta ko‘tarib, mo‘ljalni oldi-da, uni katta trayektoriyada sermab, yonlamasiga Mirzakarimning bo‘yniga urdi. Bosh uzilib, dumalab pastga tushdi. Bo‘yindan esa favvora bo‘lib, qon otildi. U tinguncha tomosha qildi. Xuddi, Alisher Navoiy nomli opera va balet teatri maydonidagi fontan deysiz. Faqat kichikroq. Faqat suv emas, qon yuqoriga intiladi va parcha-parcha bo‘lib, pastga tushadi. Juda maroqli va rangin tomosha! Sofdil insonlarning dushmanlari ana shunday jazo olishlari lozim.
Nihoyat, ikkala dushman, mo‘ljallangandek juda qiynab mahf etilgandi. Qonunchilarni ishga solib, undan tortib olingan pullar qaytarilgandi. Asosiy maqsad amalga oshgandi. Tog‘a parchalangan, qonga belangan murdalarga boqdi. Ularga so‘z qotdi.
– Mening so‘zlarim qozoqi do‘q emas! Amin bo‘ldilaringmi? Begunoh odamlarning tinch, bir maromda ketayotgan hayotini buzish – ajal chaqirig‘idir! Buni har bir iflos va zo‘ravon aniq anglashi lozim.
Tog‘a shundan so‘ng, esiga tushib, Ismat Poyon jasadining o‘ng ko‘ksiga qadalib turgan harbiy pichog‘ini sug‘irib oldi. Sumkasidan yana bir qora salafan chiqarib, barcha ishlatgan jihozlarini – bigizni, boltani, pichoqlarni yuvmasdan, qon yuqlari bilan unga joyladi. Uni sumkasiga soldi. So‘ng, ohista xonani tark etdi.
Koridordan yurib hojatxonani topdi. U yerga kirdi. Oynaga qaradi. Ustidagi salafan xalati, qalpog‘i, baxillalari, rezina qo‘lqopi – barchasi qon. Niqobiga ham qon sachragan. Hammasini yechdi. Sumkasidan boshqa baxilla, boshqa qo‘lqop, boshqa niqob olib kiydi. Qonli narsalarni alohida salafanga joyladi. Ularni sumkasiga soldi.
Pastga tushib, tashqariga chiqish eshigi oldiga bordi. Stol tagida yotgan qorovul hamon bexush. Bu yaxshi. Yana bir-ikki soat yotadi. O‘ziga kelgach, tepaga ko‘tariladi. Ajoyib manzarani ko‘radi. Militsiyaga xabar qiladi. Ular keladilar. Biron bir iz topolmaydilar. Lekin, bir pochka dollarga ega bo‘ladilar. Va bu jazoning ijrochisini aniqlay olmaydilar. U “osilma ish”lar qatoriga kiradi. Vaqt o‘tishi bilan, ko‘pchilik tomonidan deyarli unutiladi.
Tog‘a kalitni burab, eshikni ochdi va tashqariga chiqdi. Atrof hali yorug‘. G‘ira-shira bo‘lishiga hali ancha vaqt bor. Beparvo holatda mashinasi tomon yo‘naldi. Kechki payt bu ko‘chada odam kam bo‘ladi. Borlari ham o‘z tashvishlari bilan ketmoqdalar. Hech kim unga shubhali nazar tashlamadi.
Tog‘a mashinasini o‘t oldirib, Qoraqamish kanalining o‘zi biladigan ovloq joyiga bordi. U yerda kiyimlarini to‘liq yechib, mashinasidan boshqa kiyimlarni olib kiydi. Baribir, qandaydir qon uchqunlari o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Kriminalistlar hozir yuksak ilmiy texnologiyalardan foydalanidigan bo‘lib qolishgan. Mikroskopik zarralarni ham topishlari mumkin. Ularga hech qanday, zig‘irchcha ham imkoniyat bermaslik lozim. Eski engillarini, qon bo‘lgan xalatu baxillalarni va hokazolarni yondirish lozim edi. Sumkasiga qaradi. Unga ham nimalardir yuqqan bo‘lishi kerak. Kechki payt yaqqol ko‘rinmasligi mumkin. Uni ham yo‘q qilish lozim. Mashinasida bir bakalashka benzin bor edi. Olov yoqib, uning yordamida barchasi daliliy ash’yolarni kulga aylantirdi. So‘ng, qon yuqili qurollarni kanal suvida yaxshilab yuvdi. Faqat harbiy pichoqni qoldirib, boshqalarini suvga uloqtirdi. Bu qurol uning uchun narsa juda e’zozli edi. Uyga borganda gaz olovi ustida yaxshilab kuydirib oladi. O‘zi ham yaxshilab yuvindi. Mashinasida olib yuradigan toza sochiqqa artindi va uni ham kanalga itqitdi. Pul solingan qora salafan xaltadan jiyani Abbosga berishi kerak bo‘lgan pulni ajratdi. Qolganini “Jiguli”ning bagaj bo‘limiga solib qo‘ydi.
So‘ng, g‘ira-shira bo‘lib qolganiga qaramay, yo‘lini opasinikiga burdi.
Tog‘a tanish hovliga jilmayib kirdi. Barcha uyda ekan. Xontaxta atrofiga o‘tirdilar. Fotiha o‘qilgach, yonidagi pullarni chiqardi. Va so‘z qotdi.
– Opa! Sizdan qarzga olgan pullarni qaytarishda sal kechikdim, uzr so‘rayman. Mana, qabul qiling.
Opasi juda xursand bo‘ldi.
– Baraka top, ukam! O‘g‘limning oldida hijolat bo‘layotgandim. Endi, yuzim yorug‘!
Tog‘a Abbosga yuzlandi.
– Mana, jiyan! Endi, uylanish harakatiga tushaver. Baxtli bo‘l! Kelinnikiga to‘y olib borishga albatta o‘zimni chaqir, to‘n kiyib kelaman! – jilmaydi u.
Abbos indamadi. Nim tabassum qildi. Tog‘a pochchasiga boqdi.
– Pochcha! Tezroq to‘y qilinglar! Abbosning sevgan qizi bor ekan. Boshqalar ilib ketmasin!
Pochcha o‘rniga opasi javob berdi.
– Menga miq etmagandi, bu jiyaning! Juda soz! Ertagayoq sovchilikka boraman! – jilmaydi u. – Bu pullar bilan juda badastir to‘y qilsa bo‘ladi!
Shundan so‘ng, tog‘a turishga shaylandi. Lekin, mezbonlar unamay, kechki ovqatni biznikida tanavvul qilasiz, deb olib qolishdi. Natijada, u qorni to‘q va xotirjam holda o‘z go‘shasiga yo‘l oldi.
U g‘izillatib, mashinasini yeldirar ekan, ikki iflos nusxani munosib jazolab, hayotni ulardan tozalaganiga, jiyanining pulini vaqtida qaytarganiga ko‘ngli quvonchga to‘lgan edi. Go‘yo atrofiga farishtalar yig‘ilib, unga chapak chalayotgandek tuyulardi.
***
Xuddi shu kuni, xuddi o‘sha, Tog‘a o‘z “Jiguli”sida Ismat Poyonning ofisiga borgan vaqtda, ya’ni kech soat beshda Sojida ham Rohilaning eshigi qo‘ng‘irog‘ini bosdi. U, o‘zining bir necha kunlik kuzatishlaridan bilardiki, bu ayol o‘z ishxonasidan uyiga kech soat to‘rtlarda keladi. Soat oltiga yaqin uyidan chiqib, bog‘chaga borib, bolalarini olib qaytadi.
Sojida o‘tgan galdagidek kiyingan edi. Lekin, yonidagi sumkasiga, kecha Chorsuga tushib, charxlatib kelgan oshxona pichog‘ini solib olgan edi. Qo‘llariga esa chiroyli va bejirim ayollar qo‘lqopini kiygan edi.
Eshik ochildi va Rohila ko‘rindi. Sojida salom berdi.
– Vaalaykum assalom! Ha, sizni tanidim. Uch-to‘rt kun ilgari kelib, Ra’no ismli tikuvchini surishtirgan edingiz, – javob berdi Rohila.
– Ha, o‘sha ayolman. Manzilini topib qo‘ygan bo‘lsangiz, bilmoqchi edim.
– Men surishtirib ko‘rdim. Ra’no ismli chevar ayol atrofimizda yo‘q ekan.
– Voy, men juda uzoqdan kelgandim-a! Yo‘l qurg‘ur juda charchatdi. Mayli, uzr. Sizni bezovta qildim.
Rohila unga sinchiklab qaradi. Tuppa-tuzuk ayol. Gap-voshlari yaxshi. So‘z qotdi.
– Istasangiz, uyga kiring! Yarim soatcha vaqtim bor. Bir-ikki piyola issiq choy ichib, uyingizga qaytarsiz.
Sojida o‘zini hijolat bo‘lganga soldi.
– Voy, qanday bo‘larkin? Bir-birimizni yaxshi tanimasak.
– Aslo tortinmang. Kiravering, hozirgina choy damlaganman. Innaykegin, men sizga boshqa tikuvchining manzilini beraman. Juda chevar.
– Unday bo‘lsa, mayli.
Sojida keng ochilgan eshikdan ichkariga qadam tashladi. Yo‘lakda tuflisini yechar ekan, Rohilaning eshikni yopganini ko‘rdi. Shu zahotiyoq sumkasiga o‘ng qo‘lini tiqib undagi pichoqning sopini ushladi. Uy bekasi unga so‘z qotdi.
– Yuring, balkonga o‘ta qolamiz, biz odatda o‘sha yerda choy ichamiz.
So‘ng, yo‘l boshlash uchun teskari o‘girilib qadam tashladi. Sojida shuni kutib turgan edi. Shartta pichoqni chiqardi-da, uning orqasiga – yurak joylashgan tomonga uning uchini zarb bilan oxirigacha tiqdi va qayta sug‘irib oldi.
Rohila “oh!” dedi-da, bir zum qotib qoldi va chalqancha yiqildi. Yotgan joyida ko‘zlarini Sojidaga tikib, beholgina so‘radi.
– Ne-ega?..
Sojida g‘azab bilan javob berdi.
– Birovning erini yo‘ldan urganing uchun! Iftixor aka uchun. O‘zgalarning mulkiga, haqiga tajovuz qilganlarni albatta ajal chaqiradi! Do‘zahingga daf bo‘l!
Rohila bu so‘zlarni eshitdi va ko‘z oldilari qorong‘ilashib, ongi chuqurlikka cho‘mdi. Shu bo‘yicha qotdi. Asta-sekin, jasad atrofida qon ko‘lmagi paydo bo‘ldi. Inson tanasida besh litr qon bo‘ladi.
Sojida bu paytda pichoqni oq ro‘molchaga o‘rab, qayta sumkasiga soldi. Tufligini kiydi. Qon yuqmaganmikan deya, kiyimlariga qaradi, top-toza ekan. Eshikni qiya ochib, pod’yezdga qaradi. Hech kim yo‘q. Ohista tashqariga chiqdi va ko‘cha tomon yo‘naldi.
Labzakdan sal nariroqda Anhor kanali oqadi. Uning qazilganiga o‘n-o‘n besh asr bo‘lgan, deyishadi. Shahardagi eng katta va eng sersuv daryo shu. Uzoqlarga boradi. Yo‘lini o‘sha tomonga burdi. Asta yurib kelib, ana shu suv ustiga qurilgan ko‘prikka yetganda qadamlarini sekinlashtirdi. Asosiy yo‘lda mashinalar ko‘p. G‘iz-g‘iz u yoqqa intilishadi, g‘iz-g‘iz buyoqqa ildamlashadi. Hozir tig‘iz payti. Lekin, Sojida ularga parvo qilmadi. Ko‘prikning chetidagi piyodalar yo‘lkasidan yurib borar ekan, qoq o‘rtaga kelganda to‘xtadi. Panjara orqali pastga, betinim, mavjlanib oqayotgan hayot manbaiga – suvga boqdi. Go‘zal manzara. Bu oqim hech qachon to‘xtamaydi. Tabiat shunday yaratilgan. Juda ajoyib! U ana shu jozibali tasvirdan zavqlanib, ko‘zlarini undan uzmagan holda, o‘ng qo‘lini sumkasiga tiqdi. Undan ro‘molga o‘ralgan oshxona pichog‘ini oldi. Va panjara yorig‘idan uni suvga tashladi. Zum o‘tmay, oqim uni o‘z bag‘riga olgancha, uzoqlarga olib ketdi. Ma’lum vaqtdan keyin, pichoqning ustidagi ro‘mol ichki oqim ta’sirida yechiladi. Pichoq esa kanal tubiga tushadi. Keyin, oylar, balki yillar davomida zanglab, nurab ketadi. Bu jihoz yaratilib, bu olamdagi o‘zining vazifasini bajarib bo‘lgandi, oxirgi ishi bir buzuqi, baxt va farovon hayot o‘g‘risining, oilalar parchalovchisining faoliyatiga chek qo‘yish bo‘ldi.
Sojida pichoq ortidan, har ehtimolga qarshi, qo‘lqopchalarini ham suvga uloqtirdi va yana yuqori tomon yurib ketdi. Chorrahaga yetgach, o‘ngga qayrilib, ko‘cha yuziga chiqdi va taksi to‘xtatdi. Uyiga yo‘l oldi.
Bo‘ldi, endi bu hodisani umuman eslamaydi. Kimlarnidir ajal chaqirgan bo‘lsa, bu bilan uning ishi yo‘q. Uning o‘z oilasi: eri va bola-chaqasi bor. Ular uchun yashashi kerak. O‘z vazifasini bajardi. Haqiqiy baxt to‘g‘ri yashaydiganlarga, sofdillarga va yo‘llariga chiqqan ablahlarni yo‘q qilishni biladiganlarga beriladi.
***
Turg‘un Temir bir hafta mobaynida Meksika ko‘rfazida cho‘milib, oftobda toblanib, terilari qoraydi. Ora-chira mashinaga o‘tirib, Yamayka-bich, Galveston markazi va Teksas-siti degan maskanlarni borib aylanishdi. Ummon bo‘yidagi attraksionlarga kirib yayrashdi, restoran va kafelarda mahalliy taomlarni tanavvul qilishdi. Xullas, bu maskan bilan yaxshi tanishishdi.
Lekin, asosiy dam olish soatlari dengiz bo‘yida edi. Har kuni bir necha soatni ular shu yerda o‘tkazishar edi. Qizlari suvga tushib juda miriqishdi. Ayniqsa, uch yarim yoshlik farzandi beliga mos chambarak balon kiyib olgancha, ummonga tushib, oldi-orqasiga qaramay, quloch otib ketaverardi. Unga hamisha ko‘z-quloq bo‘lib turish lozim edi. Kattasi esa suzishni o‘rganishga tirishar edi. Bir marta, xatto cho‘kib ketay dedi. Yaxshi ham o‘zi uning yonrog‘ida edi, darhol madadga keldi. Bu hodisani jufti halolidan yashirishdi. Bu paytda, u uzoqroqda soyabon tagida o‘tirgandi. Bilib qolsa, uni boshqa suvga tushirmasligi ham mumkin edi. Uning o‘zi dengizda cho‘milishni uncha yoqtirmas, boshlanishda bir-ikki bor suvga tushib, keyin soyabon tagida o‘tiraverar edi.
Shundan so‘ng, Turg‘un Temir qizlarini onasining yoniga, soyabon tagiga olib borib qo‘ydi. Ularga shirin gazli suv va biror yegulik – pishiriqmi yoki shokoladmi berishni tayinladi. O‘zi qirg‘oqqa qaytib, kelayotgan to‘lqin qa’riga sho‘ng‘idi-da, ancha uzoqqa suzib borgach, to‘xtadi. Ikki qo‘lini va oyoqlarini yoyib, yuzini osmonga qaratib, dengiz ustida bir qancha vaqt qalqib turdi. Ancha tin oldi. Shu payt ongida ovoz yangradi.
– Turg‘un Temir, yaxshimisan?
Dengiz bir haftadan beri u bilan muloqotga kirishmayotgan edi. Bundan quvondi va u ham hayoliy javob berdi.
– Dengiz ota, sizmisiz? Assalomu alaykum!
– Vaalaykum assalom, bo‘talog‘im! Yaxshi hordiq chiqarayapsanmi?
– Rahmat, juda ajoyib! Hammasidan ham bu maskanning tabiatidan zavqlanayapman. Havo juda toza. G‘ir-g‘ir yengil shabada esib turadi. Bulutlar oppoq va jozibali. Quyosh nurlari ularga ertalab yoki kechki payt tushganda, qizg‘ish ranglarda tovlanishlari ko‘zni quvontiradi. Farzandlarim ham yayrashayapti. Yer yuzida turli go‘zalliklar bor ekan.
– Xursandman, bo‘tam. Sen bugun kottejga qaytganingda, ijtimoiy tarmoqlarga kir. Bir yangilik o‘qiysan. Ertaga kelganingda, uni muhokama qilamiz. Kelishdikmi?
– Xo‘p bo‘ladi, Dengiz ota!
– Boraqol endi, qirg‘oqqa chiqaqol! Bugunga yetadi. Sen baliq emassan, suvda yashaydigan. Havoda hayot kechiradigan insonsan. Xayr!
– Xo‘p, xayr, Dengiz ota!
Turg‘un Temir shu so‘zni fikran aytib, quruqlik tomon suzib ketdi. Qirg‘oqqa chiqib, farzandlari oldiga bordi.
– Dadasi, uzoqqa suzib ketmang, u yoqlarda yastanib yotmang, odam qo‘rqadi, – so‘z qotdi rafiqasi.
– Mayli, – javob qildi u.
– Kottejga qaytamizmi, tushlik vaqti yaqinlashib qoldi. Qizlarimizning ham qorinlari ochganga o‘xshaydi.
– Besh-o‘n minut tin olay, so‘ng ketamiz.
Kottejlariga qaytishib, tushlik qilib olishgach, Turg‘un Temirning rafiqasi bolalariga yotib dam olishni, iloji bo‘lsa uxlab olishni buyurdi. Yigit o‘rniga yotib oldi-da, ayfonini yoqib, o‘zbek ijtimoiy tarmoqlariga kirdi. Yangiliklarni ko‘zdan kechirar ekan, bir maqolaga ko‘zi tushdi: “Tadbirkor Ismat Poyonning mudhish o‘limi”. Bu sarlavha yonida uning bir eski rasmi ham qo‘yilgandi. Uni o‘qiy boshladi.
“O‘tgan kuni, kechki payt, qurilish mahsulotlari sohasidagi taniqli tadbirkor Ismat Poyon o‘z ofisida o‘ldirilgan holatda topilgan. Uning ko‘zlari o‘yilgan, tanasining bir nechta joylariga pichoqlar sanchilgan, yuragiga bigiz tiqib o‘ldirilgan. Shuningdek, uning Mirzakarim nomli referent-yordamchisi ham, marhum jasadi yonida boshsiz va jonsiz holatda yotgani qayd etilgan. Bu bino qorovulining aytishicha, xo‘jayinlardan tashqari barcha xodimlar ishxonani tark etganda, kovid-niqob kiygan bir odam kirib kelgan va uni urib, bexush qilgan, so‘ng yuqoriga ko‘tarilib, aytilgan xunrezliklarni amalga oshirgan. U o‘ziga kelganda, binoda hech kim bo‘lmagan. Qotilning shaxsi to hanuz aniqlanmadi. U hech qanday iz qoldirmagan. Tadbirkorning seyfidagi pullarni to‘liq olib ketgan. Ushbu jinoyat moddiy boylik tufayli qilingan degan g‘oya – asosiy taxmindir. Lekin, nega bu darajada vahshiylik qilingani tushunarli emas. Bu jinoyatni ochish uchun harakatlar boshlangan. Yangi ma’lumotlar bo‘lsa, xabar beramiz”.
Turg‘un Temir bu axborotni o‘qib hayajonga tushmadi. “Yaxshi, — o‘yladi u. – Iltijosi ijobat bo‘libdi. Ismat Poyon o‘zidan ko‘rsin. U ifloslik yo‘lini tanladi. Turli iflos nusxalarning bu dunyo rivojlanishiga salbiy ta’siri katta bo‘ladi. Shu sabab, ularning qay shaklda bo‘lmasin, yorug‘ olamni tark etishlari durust amaldir”.
Yigit ijtimoiy tarmoqlarni yana kuzata boshladi. To‘satdan yana bir shunga o‘xshash ma’lumotga ko‘zi tushdi: “Ikki kun avval, Rohila ismli, ikki farzandning onasi bo‘lgan navqiron ayol o‘z uyida pichoqlab o‘ldirib ketilgan. Bu ishni kim qilgan, qanday maqsadda amalga oshirgan – noma’lum. Uning yashayotgan xonadonida hech qanday begona izlar topilmagan. Bu o‘limning yana bir taajjubli tomoni shuki, xuddi shu kuni, shunday paytda uning eri, taniqli tadbirkor Ismat Poyon ham o‘z ishxonasida tajovuzga uchrab, mudhish o‘lim topgan. Bu oilaning qanday dushmani bo‘lgan? Savollar ko‘p, javoblar yo‘q”.
Turg‘un Temir bu holatga hayratlandi: “Ajabo! Uning xotini ham eriga mos iflos ayollardan bo‘lganmikan? Axir, bu tasodif bo‘lmasa kerak… Ismat Poyon, uning malayi va xatto xotini ham ketibdi… Mayli, ertaga Dengiz otadan so‘rarman”. U ayfonini kalavoti yonidagi tumba ustiga qo‘ydi va ruhiy qoniqish hissi bilan ohista, peshindan keyingi mudroqqa ketdi.
***
Tog‘a, o‘shanda, uyiga yetib kelgach, jufti haloliga pochchasi va opasini ko‘rib kelganini va u yerda ovqatlanganini bildirdi. Vannaga kirib cho‘mildi. Harbiy pichog‘ini ham birga olib kirib, yaxshilab sovunlab, qashlag‘ich bilan ishqalab yuvdi. Biror qon molekulasi ham qolmasligi uchun dushdan tushayotgan suv oqimiga tutib ancha ushlab turdi. U yerdan chiqib, uni otashkurak yordamida gaz olovi ustida ham rosa qizdirdi. Shundan keyingina uni sovutib, eski joyiga qo‘yib qo‘ydi. Pullarni nima qilsam ekan, deb o‘yladi. Boshqa xalta topdi, mashinasi yukxonasidagi dollarlarni unga soldi va o‘zining xosxonasiga olib kirib qo‘ydi. So‘ng ayoli va farzandlari qatoriga kirib televizorda ko‘rsatilayotgan kechki filmni tomosha qildi. Tomosha tugagach, xotirjam o‘z o‘rniga yotdi.
Ertasi kuni Chuqursoy bozori ahli o‘rtasida vahimali gaplar tarqaldi. “Qaysidir bir korxona rahbarini o‘ldirib ketishibdi! Ko‘zlarini o‘yishibdi. Yordamchisining kallasi olishibdi. Butun bino qonga to‘lib ketibdi. Va hokazo, va hokazo… Tog‘a bu mish-mishlarga parvo qilmadi. Xatto yordamchi-sotuvchi unga o‘ldirilgan Mirzakarim o‘z do‘konlariga bir paytlar kelgani to‘g‘risida so‘z qotganda, “Menga nima?” deb qo‘yaqoldi. Va, kun qizg‘in savdolar bilan o‘tdi.
Tog‘a ertasi kuni Mirzakarimdan yozib olgan ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdi. Aldangan qizga yordam zarur, yomon yo‘lga kirib ketmasin. Anavi, isqirt o‘rtoqni esa kechiktirmay jazolash lozim. Buning yo‘lini topadi, albatta. Keyin, Murodning onasiga ma’lum mablag‘ yetkazib turishi ham shart.
U, birinchi navbatda, Murodga qo‘ng‘iroq qildi. Yigitcha darhol javob berdi.
– Allo, assalomu alaykum!!
Tovushini tanidi.
– Murod, vaalaykum assalom! Men anavi kuni seni Chorsu bozoridan maktabinggacha olib borib qo‘ygan edim. Esingdami? Chuqursoy bozorida do‘konim bor degandim.
– Ha, esimda. Sog‘liqlaringiz yaxshimi, amaki?
– Yaxshi, rahmat. Menga qara, maktabdan chiqib bozorimizga kelgin. Senga munosib ish bor. Do‘konim qabriston ro‘parasidagi rastalarda. Tog‘a akani so‘rasang, ko‘rsatishadi.
– Xo‘p, albatta boraman! – dedi Murod.
Yigitcha peshindan so‘ng keldi. Tog‘a uni jilmayib qarshi oldi.
– Murod, bozordagi ishingda necha pul topasan? – so‘radi u.
Yigitcha aytdi.
– Yomon emas. Ammo, menda yarim kun ishlasang, bundan ikki-uch barobar ko‘p pul ishlaysan.
– Buning uchun nima qilishim lozim?
– Do‘kon javonlariga bo‘yoqlarni, yelimlarni, turli mahsulotlarni taxlab turasan. Sotuvchi xaridorga uchun biror narsa so‘rasa, yoki orqadagi ombordan yoki javonlardan olib uzatasan. Ularni mijozlar mashinasiga joylab berib turasan. Xullas, shunaqa ish.
Murod jilmaydi.
– Oson ekan-ku! Roziman. Lekin, oyimdan ham so‘ray, rozi bo‘lsalar bo‘ldi.
– Ha, ruxsat so‘ra. Qachon aytasan?
– Kechqurun qo‘ng‘iroq qilaman.
– Yaxshi, kelishdik. Mana bu ikki yuz dollarni oyingga ber. Senga va singlingga yaxshi kiyimlar olib bersin. Bu hadya.
Murod taajjublandi.
– Nega?
– Bu pul sen va oilang uchun ona sutidek halol. Olaver! Yaxshi ishlasang, bundan ham ko‘p olasan.
– Rozi bo‘lib berayapsizmi?
– Ha!
Yigitcha pulni olib, uyiga ketdi. Kechqurun qo‘ng‘iroq qildi.
– Amaki! Oyimlar mayli dedilar. Endi, ertaga o‘qishdan so‘ng, ishga boraveraman!
– Juda soz! Kutaman.
Tog‘a o‘zini chuv tushirgan Ismat Poyon seyfidan olingan pullarning bir qismini ushbu oila uchun ajratgandi. Lekin, darhol hammasini berib yuborsa, shubha uyg‘onishi, savollar tug‘ilishi mumkin. Shuning uchun, asta-sekin berib borishni mo‘ljallagandi. Keyinroq, zakot deydimi, ehson deydimi, xullas ularning barini yetkazishi shart. Mana, bugun, bu ishga tamal toshi qo‘yildi.
Tog‘aning keyingi rejasi, aldangan qizga ma’naviy va moliyaviy yordam berish edi. Buning uchun, u raqamlar orqali “Telegram”ga kirib, uning profilini topdi. Hozir barcha yoshlar shu kanal orqali ma’lumot almashishadi. Qo‘yilgan rasmlardan chehrasini tanib oldi. Keyin, mahallasi oldidagi avtobus bekatiga ertalab borib, qizning o‘qishga ketishi mobaynida gaplashishni rejalashtirdi.
– Sizga men yordam bermoqchiman, – dedi u, ajablanib o‘ziga qarayotgan qizga.
– O‘zingizdan o‘zingiz, nima deyapsiz, amaki? Menga hech qanday yordam kerak emas.
– Men sizning bir siringizni bilaman. Uni qayerdan aniqlaganim muhim emas. Asosiysi, sizga chin dildan ko‘mak beruvchi inson bor.
Ular avtobus bekatida turardilar. Atroflarida ko‘z va quloqli odamlar bo‘lgani uchun, sal oldinroqqa, suhbatlarini hech kim eshitmaydigan masofaga siljishdi. Qiz bu kishi o‘zining dahshatli sirini bilib olganligini yurakdan his qildi. Asta namiqqan, lekin najot so‘rayotgan ko‘zlarini unga tikdi.
– Menga qanday qilib ko‘mak bera olasiz? Buni axir tuzatib bo‘lmaydi-ku! Meni ikki iflos yigit harom qilishdi. Endi, qanday qilib erga tegaman?
– Ushbu paytda, eng asosiysi, sizning yomon yo‘lga kirib ketmasligingizdir. Eng avvalo, shundan ehtiyot bo‘ling!
– Yo‘q, hozirgi damda har qanday yigit ko‘zimga balodek ko‘rinmoqda. Anavi, ikkinchi iflos, kunda kunora yo‘llarimga chiqib, rosa shilqimlik qilmoqda. O‘tgan kuni o‘qishdan chiqishimda tutib olib, shantaj qildi. Men bilan yana yotmasang, qanaqa qiz ekanligingni atrofga yoyaman, deydi.
– Xudo xohlasa, u bundan so‘ng sizga uchramaydi. Yuragingizni siqmang.
– Uning ismini ham bilmayman. U meni mashinasiga o‘tkazib, pana joyga olib borib zo‘rlagan. Shu paytda, ustimizga birinchi ablah yetib kelib, “Sen jalab ekansan, senga uylanmayman!”, deb ketgan.
– Endi ularni to‘liq uniting! Hozirgi sharoitingizda uch xil yo‘l bor, qaysi biridan ketishni o‘zingiz tanlashingiz kerak.
– Qanday yo‘llar?
– Birinchisi, sovchi kelsa, sizni turmushga berishsa, to‘ydan oldin bokiraligingizni tiktirib, tiklab olishingiz mumkin. Bunda, men biror tanish topib, amaliyot pulini to‘lab berishim mumkin. Lekin, buning bir sharti bor: yomon yo‘lga kirib ketmasligingiz kerak. Bu holat, baribir, yuzingizda aks etadi. Buni darhol sezaman.
– Ikkinchisi-chi?
– Biror xotini vafot etgan odamga, qanday hodisa bo‘lganligini tushuntirib, turmushga chiqish yo‘li. Uchinchisi esa, sizni haqiqatdan sevadigan yigit bo‘lsa, undan hech narsani yashirmay, oila qurishdir.
Qiz indamay qoldi. Ozgina o‘yladi. So‘z qotdi.
– Sizni tushundim, amaki. Rahmat! Bular haqida yaxshilab o‘ylayman. Kerakligini tanlayman.
– Yaxshi, lozim bo‘lganda menga qo‘ng‘iroq qiling. Albatta, yordam beraman. To‘yingizga katta to‘yona ham mendan!
Tog‘a unga telefon raqamlari yozilgan bir parcha qog‘ozni uzatdi.
– Nega bunday qilayapsiz, amaki? Siz kimsiz?
Tog‘a jilmaydi.
– Men iflos odamlarni yomon ko‘radigan, yaxshi insonlarga va jabrdiydalarga yordam berishni qasd qilgan odamman. Ismimni bilishingiz shart emas. Odamlar meni “Tog‘a” deyishadi. Xayr! Vaqt kelganda, albatta qo‘ng‘iroq qiling!
Qiz ham tabassum qildi.
– Rahmat, amaki!
Tog‘a ortiga o‘girildi-da, uzoqda turgan mashinasi tomon yurib ketdi.
Shu kuni u haydovchilik qiladigan ikkinchi iflosni topdi. Mirobod tumanidagi ishxonasi oldida, xo‘jayinning amrini kutib, pashsha qo‘rib o‘tirgan ekan. Tog‘a o‘z mashinasini uzoqroqqa, bir pana joyga qo‘yib, unga yaqinlashdi.
– Og‘ayni, meni Qoraqamishga olib borib qo‘ying! Juda shoshayapman. Ikki karra ko‘p pul beraman!
– Xo‘jayinim chaqirib qolsa, nima deyman? Yo‘q, boshqa mashina tuta qoling!
– Qidirib ko‘rdim, hech kim unamayapti. Olib borasiz-u, qaytasiz! Uch hissa ko‘p to‘layman. Juda shoshayapman!
– Xo‘jayin rosa so‘kadi-da! Mayli, balki ulgurarman. Balonim yorilib qoldi, derman. Besh hissa berasiz!
– Og‘ayni, to‘rt hissaga rozi bo‘ling!
– Istasangiz shu. Ana ko‘cha to‘la mashina. Kuting, kimdir olib borib qo‘yar.
– Mayli, bo‘pti, kelishdik.
Tog‘a oldi o‘rindiqqa o‘tirdi.
– Qayoqqa? – so‘radi haydovchi.
– Qoraqamishdagi bozorcha oldiga.
Haydovchi “Lasetti”sini o‘t oldirdi. Uni burib, katta ko‘chaga, undan esa kichik halqa yo‘lidagi katta trassaga o‘tib oldi va g‘izillab yurib ketdi.
Tog‘a bu gal ham yuziga kovid-niqob, ko‘ziga nim qora qo‘zoynak taqib olgandi. Shuningdek, qo‘llariga rangsiz rezina qo‘lqop kiygan edi. Yangi sotib olgan osma sumkasiga o‘zi sevadigan harb pichog‘ini ham solib qo‘ygan edi. Haydovchi unga nazar tashlab, so‘z qotdi.
– Taqsir, kovid kamayib ketganiga ancha bo‘ldi. Hali ham ehtiyotingizni qilayapsizmi?
– Ha, ifloslikdan, turli zararli mikrobu bakteriyalardan hazar qilaman, – javob berdi Tog‘a va so‘radi. – Darvoqe, sizning ismingiz Usmon emasmi?
Haydovchi boshini liqillatdi. Tog‘a yana so‘radi.
– Mirzakarim ismli o‘rtog‘ingiz bormi?
– Bor edi. Bir necha kun ilgari ishxonasida kimdir o‘ldirib ketibdi. Janozasiga borib keldim. Siz uni tanirmidingiz?
– Ha, yaxshi bilardim. Bir suhbatimizda Usmon ismli o‘rtog‘im bor, palon joyda ishlaydi, degandi. O‘sha joyda turganingiz uchun, Usmonmikansiz deb tusmolladim. To‘g‘ri chiqdi, taxminim.
Haydovchi to‘g‘riga qaragancha mashinasini boshqarar ekan, javob berdi.
– Ha, uni Olloh rahmat qilsin. Yaxshi yigit edi. Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlardik. Uchrashib turardik.
– Uylanganmisiz? – so‘radi Tog‘a.
– Yo‘q, – bosh chayqadi haydovchi.
Bu paytda ular ketayotgan Kichik halqa yo‘lida mashinalar oqimi katta tezlikda harakatlanar edi. Uning ushbu qismi chetlarda odam yuradigan trotuarlar yo‘q. Sababi, uning bir tomoni temir yo‘l izlari, ikkinchi tomoni katta tashkilotlar devorlari joylashgan. Shu damda, Tog‘a bilagidagi soatga qaradi va haydovchiga so‘z qotdi.
– Og‘ayni, meni shu yerda qoldira qoling. Boradigan joyimdan baribir kech qolibman.
Mashina to‘xtadi. Haydovchi unga boqdi.
– Necha pul beray? – so‘radi Tog‘a.
– Biz Qoraqamishgacha kelishganmiz. Uning kirasi yigirma ming bo‘lsa, besh barobari yuz ming bo‘ladi.
– Axir, Qoraqamishga yetib bormadik-ku!
– Baribir, kelishilgan narxni berasiz! Kamiga rozi emasman.
– Mayli, yuz ming bo‘lsa, yuz ming-da, – dedi Tog‘a va sumkasini ochib, undan pul olishga taraddudlanayotgan, timirsklanayotgan kishidek harakat qilar ekan, yonlaridan g‘izillab o‘tayotgan mashinalar tomon qarab, so‘z qotdi.
– Og‘ayni, anavi “Kobalt”ni qarang, yangi turi chiqibdimi?
Haydovchi bu gapga uchib, o‘sha yoqqa boqdi. Tog‘a esa sumkasidagi sevimli harb pichog‘ini tez chiqarib, uni Usmonning chap ko‘krak qafasi pastidan yuqoriga karata keskin, oxirigacha tiqdi. Va sal aylantirib, sug‘irib oldi. Bunda tig‘ yurakka kiradi va uning paylarini, tomirlarni kesib, turli to‘qimalarga qon haydalishini to‘xtatadi. Natijada, ularga qondagi kislorod yetib bormaydi. Inson vujudidagi qizil suyuqlik teri yorig‘idan tashqariga intiladi. Tanadagi hayot faoliyati tez va batamom to‘xtaydi.
Haydovchi jon achchig‘ida so‘z qotdi.
– Oh! Yeding-ga! Nima uchun?
– Bir ojiz qizni zo‘rlaganing, uning kelajak hayotini buzganing uchun! O‘rtog‘ing bilan do‘zahda uchrasharsan…
Bu gaplarni u eshitishga, tushunishga ulgurdimi-yo‘qmi, bilinmadi. Afti burishib, qotdi-qoldi.
Tog‘a egniga qon tegmasligi uchun, pichoqni tez qora salafaniga o‘rab, sumkasiga tiqdi va eshikni yopib, bamaylixotir mashinani tark etdi. Bu “Lasetti”ning orqa va yon oynalari qoraytirilgan edi. Xo‘jayinlar buni sevishadi. Shuning uchunmi, ushbu holat atrofga oddiy hol bo‘lib ko‘rindi: mashina to‘xtadi, yo‘lovchi pulini to‘lab tushib ketdi. Hech kim hech qanday shubhaga bormadi. Haydovchi shu ko‘yi o‘z o‘rindig‘ida uxlab yotgandek, o‘z qoniga belanib qolaverdi. Mashinalar g‘izillab, u yoq va bu yoqqa yelishda davom etaverdilar. Tog‘a sal naridagi o‘tish joyidan ko‘chaning narigi tomoniga yo‘naldi. Va, taksi to‘xtatib, o‘z “Jiguli”sini qoldirgan joyi tomon ketdi.
Bu “Lasetti” to kechgacha trassa chetida turaverdi. Haydovchining telefoni jiringlashlari javobsiz edi. Xo‘jayini uni izlab so‘kinardi. Nihoyat, u militsiyaga qo‘ng‘iroq qildi, mashinasining raqamlarini aytdi. Yo‘l-patrul xizmati ishga tushib, uni topdi. Va, tezkor guruhni chaqirdi. Ular esa bu jinoyat bo‘yicha hech qanday iz topa olmadilar. Qizig‘i, haydovchining cho‘ntagidagi pullarga tegilmagani edi. Odatda, bunday ishlar shuning uchungina qilinar edi.
Tog‘a, kechki payt, uyiga borganda, harb pichog‘ini yana yaxshilab yuvib, quritib, toblab joyiga qo‘yib qo‘ydi. Kelishida, niqobu qo‘lqoplarni ko‘cha yuzidagi axlatxonaga tashlab yuborgandi.
Kiyimlarini almashtirib, yuz-qo‘lini yuvib, dasturxonga keldi. Bugun cho‘zma lag‘mon ekan! Xamir ovqatni juda sevadi. U lag‘monga achchiqqina lozijon qo‘shib, ishtaha bilan tanavvul qildi. So‘ng, butun oila televizor ko‘rishga tutindi. Tog‘aning tez uyqusi keldi. Shuning uchun, barvaqtroq bo‘lsa-da, o‘rniga yotdi va pishillab orom ola boshladi.
U bugungi kundagi vazifalarini a’lo darajada bajargandi.
***
Iftixor shanba kuni ham o‘z ofisiga borib, peshinga qadar o‘tirar edi. Bu paytlarda buyurtmachilar, ta’minlovchilar yoki boshqa birovlardan albatta qo‘ng‘iroq bo‘lar, ularga munosib va to‘g‘ri javob berish shart edi. Bunday masalalarni faqat o‘zi hal etishi lozim edi. U ertalabdan uch kishi bilan suhbatlashdi. Endi, ijtimoiy tarmoqlarga kirib, yangiliklar bilan tanishmoqchi bo‘lgan edi hamki, ayfoni musiqa chaldi.
– Allo, assalomu alaykum, eshitaman!
– Vaalaykum assalom! Men militsiya tezkor guruhi rahbari Davronov bo‘laman. Siz kim bo‘lasiz?
Boshqa kimsa bo‘lganda, u albatta, boshqacha javob bergan bo‘lar edi.
– Men Iftixor Baxtiyorovman. Ulgurji savdo korxonasi rahbariman.
– Iftixor aka, siz Rohila Poyonovani taniysizmi?
Yigitning yuragi shig‘ etdi va aldash noo‘rinligini his qilib, to‘g‘ri javob berdi.
– Ha, taniyman.
– U holda, hozir zudlik bilan Yunusobod rayonining tezkor punktiga, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bilan yetib kelishingizni so‘rayman.
– Tinchlikmi? Nima gap o‘zi?
– Kelganingizda aytamiz. Postdagi militsionerga Davronov oldiga keldim, desangiz, xonamni ko‘rsatib yuboradi. Tez yetib keling!
Iftixor tashqariga chiqib, “Malibu”siga o‘tirdi va aytilgan manzil sari yo‘l oldi. Uning boshida ming xil hayol g‘ujg‘on o‘ynar edi. Rohilaga qo‘ng‘iroq qilib, qiziqsinmikan? Yo‘q, uni bilasanmi, deb so‘rashayapti, demak bir kori hol ro‘y bergan. Qani, borsin-chi…
Kapitan Davronov uni jiddiy qiyofada qarshi oldi. Ro‘parasiga o‘tirishga undadi.
– Men sizni hozir so‘roq qilaman. Har bir aytgan so‘zingiz bayonnomaga yoziladi. Shuning uchun, aniq va yolg‘on aralashtirmay javob berishingiz lozim! Tushundingizmi?
Kapitan, avvaliga Iftixorning to‘liq ismi-sharifi, yashash manzillarini surishtirdi. So‘ng, so‘roqni boshladi.
– Siz, Rohila Poyonova bilan oxirgi marta qachon ko‘rishgansiz?
– O‘tgan haftaning juma kunida.
– Sakkiz kun bo‘libdi-da?
– Ha, shunday.
– Kecha, kechki payt 17:00 dan 19:00 gacha qayerda edingiz?
– O‘rtoq kapitan, nima gap o‘zi? Menga tushuntirish bering!
– Siz, avval berilgan savolga javob qaytaring, keyin aytaman.
Iftixor gap mag‘ziga tushunolmay so‘z qotdi.
– Kecha, Turkiyadan hamkorlarim kelishgan edi. Butun kun ular bilan ovora bo‘ldim. Kechki payt “Efendi” restoranida ovqatlandik. Borganimizda soat beshga yaqinlashgan edi. Ancha suhbatlashdik. So‘ng, taxminan soat yetti-sakkizlar orasida men ularni mehmonxonaga olib borib qo‘ydim. Bugun ular o‘zlari shahrimiz bozorlarini ko‘rishmoqchi bo‘lishgan. Ular bilan yordamchim birga yuribdi.
– Buni kim tasdiqlay oladi?
Iftixor yelkasini qisdi.
– Kim?.. Yordamchim, turkiyalik mehmonlar, restoran ofitsianti. Menimcha, shular. Endi, chaqirilishim sababini aytasizmi?
Militsiya tezkor bo‘limi kapitani unga tikildi. U juda o‘tkir psixolog edi. Odamlar qachon yolg‘on gapiradi, qachon rostini so‘zlaydi, juda yaxshi his qilar edi. Iftixorga ishondi. So‘z qotdi.
– Kecha, o‘sha siz taniydigan Rohila Poyonova o‘z uyida pichoqlab o‘ldirib ketilgan. U ayolning barcha telefon orqali qilgan aloqalarini tekshirib chiqayapmiz. Sizga kunning birinchi yarmida sim qoqqan ekan. Nimalar haqida gaplashdingiz?
Yigit bu o‘lim axborotidan dahshatga tushdi. Og‘zidan ushbu so‘zlar chiqib ketdi.
– Shunday go‘zal ayol-a! Voy… Olloh rahmat qilsin…
Shu gapidan biroz o‘ng‘aysizlandi. Va javob berdi.
– O‘rtoq kapitan, mening ushbu gaplarimni bayonnomaga kiritmasligingizni iltimos qilaman. Biz ikkimiz bir-birimizga yoqib qolgandik. Yaqinda uchrashishni boshlagandik. O‘tgan haftadagi jumada visolimiz yaxshi o‘tgandi. Bu gal ham uchrashamizmi deb qo‘ng‘iroq qilgandi. Men kun bo‘yi, kechga qadar ham hamkorlarim bilan birgaligimni aytib, bu haqda boshqa kun gaplashaylik, degandim.
– U erlik, oilalik ayol bo‘lgan. Sizning ham xotiningiz bor. Shundaymi?
– Ha. Shuning uchun, bu holat sir bo‘lib qolishini istardim. Iltimos qilaman.
– Buni o‘ylab ko‘ramiz, Baxtiyorov.
– Iloji boricha yordam bering, komandir!
– Sizni tushundim. Menga yordamchingizning ismi-sharifini va telefon raqamini bering. Va,oxirgi savol: qachondan beri uchrashib yurgansiz Rohila Poyonova bilan?
– Tanishganimizga ikki hafta bo‘lgandi-yov!
– Tushunarli. Unda, sizga chiqib ketish uchun ruxsatnoma yozib beraman. Kerak bo‘lib qolsangiz, chaqirtiraman. Lekin, avval mana bu ko‘rgazmaga “O‘z so‘zlarimdan yozildi”, deb qo‘l qo‘ying.
– O‘rtoq kapitan, chaqirtirmang, qo‘ng‘iroq qiling, o‘zim yetib kelaman. Xotinimni juda sevaman. Uning xafa bo‘lib qolishini istamayman.
Yigit shunday degach, oldiga qo‘yilgan ko‘rgazmani sinchiklab o‘qib chiqdi. To‘g‘ri yozilganiga ishonch hosil qilib, tagiga o‘z qo‘lini qo‘yib, familiyasini yozib berdi.
– Mana, marxamat!
Davronov hujjatga bir ko‘z yugurtirdi-da, ruxsatnomani uzatar ekan, xitob qildi.
– Iftixor aka, mana oling! Sizga ruxsat, endi ketavering!
Iftixor chiqib ketgach, kapitan sal naridagi stol-stulda o‘tirgan leytenantga so‘z qotdi.
– Ko‘rdingmi! Ha, erkak-a, erkak! Xotiningni shu qadar sevar ekansan, nima qilasan, o‘ynash tutib?
Leytenant miyig‘ida jilmaydi-qo‘ydi. Javob bermadi. Kapitan o‘z so‘zlarini davom etdirdi.
– Senga topshiriq: uning yordamchisi bilan qo‘ng‘iroqlashib, ushbu Baxtiyorovning aytilgan paytda qayerda bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni hujjatlashtirib kel!
Iftixor tezkor guruhga so‘roq berib chiqqach, begona jononga ilakishganiga mingdan ming tavba qildi. Bundan so‘ng, hech qachon bunday ishni takrorlamaslikka ichida qasam ichdi. “Ha, onam aytgan edilar, o‘g‘lim bizlarga harom yoqmaydi, halol bo‘lgin, deb. Biznesida hamisha halol ish qiladi, afsuski shaxsiy hayotda bu holatni buzdi, xatoga yo‘l qo‘ydi. Ishqilib, Sojida xabar topmasin-da. Aks holda, uning oldida yuzi shuvit bo‘ladi”.
Yigit ana shunday o‘ylar qamrovida o‘z ofisi tomon yo‘l oldi.
Sojida kechki payt rangi o‘chinqirab kelgan eriga hayron bo‘lib boqdi.
– Iftixor aka, nima bo‘ldi? Nega juda toliqqandeksiz?
– Charchadim, shekilli. Ikki kundan beri turkiyalik hamkorlar bilan ovoraman.
– Unday bo‘lsa, achchiqqina sho‘rvani tanavvul qilib, ketidan aspirin ichib, o‘ralib yoting. Bir terlasangiz, ertalabgacha yaxshi bo‘lib qolasiz.
Iftixor yotog‘iga kirib, kiyimlarini almashtirib chiqdi-da, vannaga kirib, yaxshilab sovunlab, yuz-qo‘llarini yuvdi. Oshxonaga qadam tashlab, ovqat suzayotgan xotiniga so‘z qotdi.
– Sojida!
– Labbay, dadasi!
– Men seni juda yaxshi ko‘raman. Umrimning oxirigacha, so‘nggi nafasimgacha sen bilan birga bo‘laman!
Ayol jilmaydi.
– Bugun nima bo‘ldi, sizga? Tinchlikmi?
– Ha, tinchlik. Fikrlarimni bildiray dedim-da.
– Mayli, o‘tiring joyingizga. Hozir bolalarni xonasidan chaqiraman. Jamuljam ovqatlanamiz.
Sojida shunday dedi-da, ichida o‘yladi: “Mana, eri tavbasiga tayanibdi, shekilli. Hoynahoy, anavi megajinning telefonidan uning raqami chiqqan va u militsiyaga borib, ko‘rsatma berib kelgan. Bundan keyin, Xudo xohlasa, oilasi mustahkam bo‘ladi”.
***
Turg‘un Temir ertasi kun yana bomdod namozini dengiz bo‘yida o‘qishga ahd qildi. Tong yorishish arafasida qirg‘oqqa yetib bordi. O‘tgan safardagi kabi, suv bilan palma o‘rtasidagi qumlikka joynamozini solib, ibodatini ado etdi. So‘ng, o‘z vujudini Meksika ko‘rfazining iliq to‘lqinlari bag‘riga berdi. O, qanday ajoyib! Tana yayraydi-ya! Naqadar orombaxsh sho‘r suv! O, qanday nashidali damlar! Bunday rohatdan uning dushmanlari mahrumdirlar. Balki, ular, hozirga qadar narigi dunyoda, gunohlari ko‘p bo‘lganlari uchun, Munkar va Nakirga javob berayotgandirlar.
Turg‘un Temir goho-goho, faqat o‘zi uchun she’rlar bitib turardi. Shu paytda uning yodiga ikki nazmiy satri keldi: “Sen o‘zingni «zo‘rman!» dema, Sendan zo‘rrog‘i bordir. Sen o‘zingni «borman!» dema, Sendan borrog‘i bordir…” Ha, jo‘jani kuzda sanagan ma’qul, deyishgan mashoyixlar.
U quloch otib, ummon tomon suzdi. Charchagach, to‘xtadi va odaticha, chalqancha yotgancha, qo‘l-oyoqlarini yoyib, yuzini osmonga qaratib, suv yuzida qalqib, dam ola boshladi. Va, hayolan salom berdi.
– Assalomu alaykum, Dengiz ota!
– Vaalaykum assalom, bo‘talog‘im! Bomdodni mening qoshimda o‘qib, yaxshi ish qilding-da! Endi, sen qirg‘oqqa chiq. Bemalol suhbat quramiz.
– Xo‘p bo‘ladi, Dengiz ota!
Yigit zamin sari suzib ketdi. Suvdan chiqib, quruq qum ustiga o‘tirdi . Bu damda ummon tomondan, million yillardan beri nur taratayotgan, Yer kurrasidagi jonli hayot jarayonini ta’minlayotgan Quyosh, o‘z zarrin nurlari bilan atrofni yorishtira boshladi. Turg‘un Temir dilida so‘z qotdi.
– Dengiz ota! Meni eshitayapsizmi?
– Ha, bo‘talog‘im. Xullas, buyurtmang amalga oshirildi.
– Buning uchun katta rahmat! Yorug‘ olam ikki-uch iflosdan tozalanibdi. Bunga xursandman. Lekin, bir savol bersam maylimi?
– Ha. Menda har qanday savolga javob bor.
– Meni bu ishning qanday qilib, ya’ni qay usulda ijrochiga, yoki ijrochilarga bu shavqatsiz topshiriqni bajarish ilhomi berilgani qiziqtirayapti.
– Bo‘tam, olam qonunlarini to‘liq his eta olish oddiy inson ongi uchun mushkuldir. Lekin, ayrim buyuk faylasuflarga, ulug‘ tasavvuf vakillariga shunday imkoniyat berilganki, ular ko‘p voqe’liklarni, hodisalarni, ularning sabab va oqibatlarini tushuntirib bera oladilar. Biroq, barcha jihatlarni to‘liq mushohada eta olmaydilar. Chunki, bu qonuniyatlar odam uchun sirriyotdir. Sen bir narsani bil va buni targ‘ib et: Kimki, o‘z hayoti mobaynida atrofdagi odamlarga, jamiyatga muttasil yomonlik qilib boraversa, u o‘z ajalini tezlashtirgan va uni chaqirgan hisoblanadi. Insonga buni tushintirish qiyin. Ayrimlar o‘z taqdirim oldindan belgilangan, degan aqidaga yopishib olishgan. Bundan o‘n ikki asr ilgari yurtdoshing, bobokaloning Imom Moturidiy aniqlaganki, odam taqdiri ikki bo‘lakdan iborat. Biri, Yaratgan Zot tomonidan belgilangani, ikkinchisi bandaning o‘z harakatlaridan kelib chiquvchisidir. Insonga tanlash imkoniyati berilgan. Shuning uchun, ayrim ijodkorlar ruhiy ilhom kelgan damlarda juda to‘g‘ri satrlarni bitishgan. Masalan, “Taqdirni qo‘l bilan yaratur odam, G‘oyibdan kelajak baxt bir afsona!” Eshitganmisan?
– Ha! Bilaman. G‘afur G‘ulomniki.
– Yana bir buyuk tasavvuf ta’limoti allomasi Boyazid Bistomiy deganki: “Ey, inson! Hayotdan talabingni ulug‘ qil! Oziga ko‘nikma. Senda shunday aql bovar qilmas imkoniyatlar borki, ularni tasavvur ham qila olmaysan!”
– Dengiz ota! Siz bularni qayerdan bilasiz? – ajablandi Turg‘un Temir.
– Yer zamini borki, men borman, bo‘tam. Mening ulkan va kuchli ruhim bor, u o‘z qa’riga barcha insoniyat bilimlarini jo eta oladi. Hamda qudratli quvvat bor: ayrim jarayonlarga, agar u haqiqat uchun xizmat qilsa, sezilarli ta’sir eta oladi.
– Demak, sizning ruhingiz kimlarningdir ongiga turtki bergan va ular bu ishni amalga oshirishgan. To‘g‘ri tushundimmi?
– Ha, to‘g‘ri. Lekin, ajal chaqirganlar o‘z xatti-harakatlari bilan shunday sharoitni pishirib yetiltirib turgan edilar. Ular buni borliqdan, o‘zlari anglamagan holda, so‘rab turgan edilar. Bunga o‘zlari aybdorlar. Jazoga noloyiq kishilarga nisbatan ijobiyat tomonidan hech qachon bunday tajovuzlar amalga oshirilmaydi.
– Angladim. Lekin, bu ishni qilgan kishilar qo‘lga tushishlari va qattiq aybga mubtalo etilishlari mumkin-ku!
– Mening ruhim ularga ehtiyot choralarini qo‘llashni o‘rgatib turdi. Ular beixtiyor shunday qildilar. Va, militsiya xodimlari ongiga ham ta’sir ko‘rsatdimki, ularda ham bu “jinoyat”larni ochishga kuchli rag‘bat paydo bo‘lmadi.
– Ammo, sizning ta’siringizda buyrug‘ingizni bajarganlar bu ishlaridan keyinchalik iztirob chekib, qiynalmaydilarmi?
– Yo‘q. Ular bamaylixotir yashaydilar. Ma’lum vaqt o‘tgach, bu ishlarini tamoman unutadilar. Vaqt kelganda ilohiy javob ham bermaydilar. Bu ishning javobi mening va sening bo‘ynimizda. Tayyormisan, javob berishga?
Turg‘un Temir boshini liqillatdi.
– Ha! Naqshbandiya ta’limoti g‘oyalaridan kelib chiqib aytamanki, to‘g‘ri ish qildim. Bu olamni yomon odamlardan tozaladim. Bu esa ijobiy amal.
– Necha kundan keyin ketasan? – so‘radi Dengiz ota.
– Uch kun qoldi. To‘rtinchi kun qaytish uchog‘iga chiqamiz.
– U holda uyingga yaxshi yetib ol. Oq yo‘l tilayman. Biz boshqa gaplashmasak kerak. Men bilan suhbatlashishni istasang, bomdod namozidan so‘ng, duolaringni o‘qib bo‘lgach, meni chaqir, ruhim oldingga yetib boradi. Innakegin, bir maslahatim bor.
– Ayting!
– Sening ishlab chiqargan mahsulotlaringni o‘z do‘konida keng ko‘lamda sotadigan odam bor. Chuqursoy bozorida. Unga keyingi davrda “Tog‘a” deb murojaat qilishadi.
– Ha, bilaman. Jiyanini ishga olgandan keyin, hamma o‘sha yigitga muqoyasa qilib, Tog‘a deb aytishga o‘rganib qolgandi. Uning nomi o‘sha-o‘sha Tog‘a bo‘lib ketgandi.
– Ha, o‘sha inson bilan baqamti ishla. Uning do‘koniga Murod ismli maktab o‘quvchisi ham kelib, ishlab, baholi qudrat rizq topayapti. Sen o‘z faoliyatingdan olgan daromadlaringdan bir qismini o‘sha yigitchaning oilasiga ehson qilib tur. O‘qishga kiraman desa, yordam ber. Uning otasi yo‘q. Bunga ham Ismat Poyon sababchi bo‘lgan. Sening ishlaring bundan keyin keskin rivojlanadi.
– Xo‘p bo‘ladi, Dengiz ota!
– Mayli, bo‘tam, xayr!
– Kechirasiz, bir savolim bor: Ismat Poyonning farzandlari to‘liq yetim bo‘lib qolishibdi. Ularning taqdiri qanday bo‘ladi?
– Ularni xotinining singlisi va kuyovi o‘z bag‘rilariga olishmoqda. Ular juda halol va to‘g‘ri yashaydigan odamlar. Jiyanlarini yaxshi tarbiyalashadi.
– Tushundim. Rahmat. Va yana bir savol: menga aytgan edingiz, sen – tanlangan odamsan, kelajakda bir muhim ish topshiriladi, deb. U qanday topshiriq va qachon beriladi?
– Sabr qil, bo‘tam. Bunga vaqt kelganda, albatta aytiladi. Buning mavrudi hali kelmadi. Biz senga muvaffaqiyat yo‘llarini ochib berdik. Faqat, to‘g‘ri va halol yasha. Aslo xato qilma, yanglishma. Ko‘proq tasavvuf sohasidagi kitoblarni o‘qi, bu ta’limotni yaxshi o‘rgan. Ma’lum darajaga chiqqaningda, ongingda yana kimdir kelib, murojaat qiladi. Shunga tayyor bo‘l!
– Xo‘p, Dengiz ota! Aytganlaringizni bajaraman. Xayr!
Turg‘un Temir o‘rnidan turdi. Biroz o‘ylanib turdi. Keyin, ulkan va cheksiz sho‘r suv havzasi sari odimladi. Yigit ummon tomondan sohil sari intilayotgan bo‘y barobar to‘lqinlarning yaqinlashib kelganining o‘rtasiga boshi bilan sho‘ng‘idi. Ummon uni og‘ushiga oldi va dumalatib, qirg‘oqqa chiqarib tashladi.
U boshqa suvga tushmadi. Asta-sekin, palma tagidagi osma xaltasi oldiga bordi, undan oppoq sochiqni olib, artindi. Va ko‘ksiga “Fear the call of death!” (Ajal chaqirig‘idan qo‘rq!) deb yozilgan futbolkasini kiyib, kottejiga, oilasi bilan nonushta qilishga ketdi.
Andover, AQSH. 8 dekabr 2022 – 19 yanvar 2023.