hikoya
Noyabr issiq kelganday bo‘ldiyu, ammo oxirlariga borib sovuq zabtiga oldi. Bu hodisa ko‘pchilikda odatiy hol bo‘lsada, lekin bir xonadonda kichik o‘zgarishga sabab bo‘ldi. Yo‘q, bu o‘zgarish ilk marta takrorlanayotgani yo‘q, doimiy, balki mavsumiy desak to‘g‘riroq bo‘lar.
Avvaliga muddatini o‘tab bo‘lgan karavot o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlar chamasidagi erkak va ayol tomonidan boshqa xonaga o‘tkazildi. Karavot deraza yonida, aniqrog‘i pechkaga yaqinroq joyda joylashtirildi. Ayol, pardalarni nari surish uchun – karovotga tizzalarini qo‘ygan ham ediki, g‘ichirlash ovozidan erkak unga bir zum xo‘mrayib qaradi, ammo lom-mim demadi. Ayol xo‘rsinganday bo‘ldi. Ular avvalgi xonaga qaytishdi va bu safar jussalari kichik, nihoyatda ozg‘in qizni otasi avaylabgina ko‘tarib oldi. Shunday bo‘lsada ona xavotir bilan:
– Boshini urib olmang, – dedi.
Er-xotinlar birgalikda qizlarini karavotga joylashtirdilar, so‘ng ayol qizning oyoqlarini to‘g‘rilaganday bo‘ldida, ustiga adyol yopib qo‘ydi. Qiz beixtiyor boshini oyna tomonga qaratdi, yuzida kulgu yugurdi, ona ham biroz tabassum qildida, eriga keteverishni ishora qildi.
– Endi zerikmaysan, – deya deraza tomonga – bolalar maydonchasiga boqdi.
Qizaloq o‘ziga tanish bo‘lgan deraza ortida mo‘jiza ko‘rganday angrayib qoldi. Ana uning nigohlari bolalar maydonchasiga tushdi, xuddi avvalgidek, o‘sha g‘iyqillashdan to‘xtamaydigan arg‘imchoq hali ham bor, bolalar ham tanish: Sevara va Maftuna singillari bilan allaqanday o‘yin o‘ynashyapti. Yana bir qiz qo‘shilgan, taniyolmadi.
Qizaloq ularni har yili kuzataverganidan, har birining xatti-harakatini yodlab olgan. Sevara desa hayoliga qo‘rs bir qiz gavdalaneyveradi, shu qadar jahldorki, janjal boshlasa tosh va qumlarni socha boshlaydi, Maftunadek qo‘rqog‘i yo‘q, «qaniydi shu vaqt men bo‘lsaydim» deb o‘ylab qoladi qizaloq… Onasi aytgan: «hali sen ham shu bolalar bilan o‘ynaysan, yurib ketishing uchun dadang ikkimiz, shu qadar ko‘p ishlayapmiz-ki, bu pullarga seni albatta davolashadi»
Yo‘q, qizaloq bu qizlar bilan o‘ynashni ko‘p ham istamaydi, huv nariroqda, koptok o‘ynayotgan bolalar bilan o‘ynashga qiziqadi. Ayniqsa ular orasida bir g‘alatisi bor, u har kuni shu ko‘chadan, qizaloqning uyi yonidan o‘tib ketardi, qiziq u hali ham shu yerdan o‘tarmikan, yoki bu yerdan o‘tmay qoldimi, bilishni istardi, qorong‘i tushishini jondilidan istab ketdi. Qani, u uyiga qaytarmikan? Yoki…
Qizni shu hayollar bosib ketdi, ko‘nglini g‘ashlantirdi, lablari qaltiray boshladi, ha uni qo‘rquv bosganda odatda shunday bo‘ladi: avval lablari, so‘ng butun vujudida qaltirash boshlanadi, yo‘q u hayollarini boshqa tomonga burish kerak, hammasi mana shu qo‘rquvdan boshlangan, shifokorning gaplari yana quloqlariga quyilib keleverdi: «Sevinch qizim, onasining sevinchi, hech qo‘rqma, ko‘p xursand ham bo‘lib ketma, senga mumkin emas, ona qizim…»
***
Tuni bilan qor yog‘ib chiqdi. Bolalarning shodligu qiyqiriqlari erta tongdan olamni tutdi. Sevinch ham yana bir bor qorni ko‘rdi, ha u hozircha qorni ko‘rdi, hali ushlab ko‘rgan emas, tongda dadasi qorning zararlari haqida kuyib-pishib gapirganiga e’tibor qaratmadi, biladi otasi ko‘nglini ko‘tarish uchun shunday qilyapti, aslida qordek go‘zal narsa yo‘q, ko‘rib ko‘zing quvnaydi.
Ana bolalar qorbobo yasashyapti, ular buni qanday uddalyapti? Qor shu qadar sovuqmi? Sevinch xayollarining birida qorni ushlab ko‘rganini esladi, juda mayin edi u, qo‘llari muzlab qolgandi, yana ushlashni istagandi, biroq kimdir qo‘ymagandi. Kim edi u? Shu lahzalarda o‘sha insonni eslagisi, undan xafa bo‘lgisi keldi, ko‘nglida hech qachon kechirmayman deb tugib qo‘ydi, «nima ular kasallar qorni sevishini bilmaydimi, axir har bir inson yashar ekan – u istaklarini amalga oshirishi shartku». Ana Maftuna qorboboning burnini olib chiqdi. Sevinch kulgu bilan pichirladi: «insonlarda ham shunday bo‘lganda menga oyoqlar olib chiqing, yuradigan oyoqlar derdim». Lekin u tezda qorboboning gapirolmasligini ilg‘ab qoldi. «Demak Xudo hammadan nimadir olib qo‘yarkanda, nega u unday qilarkan-a, yoki pulga sotib olishimizni istarmikan?»
Shu vaqt qorbo‘ron o‘ynayotgan bolalarning biri deraza tomonga yaqinlashdi, axir bu o‘shaku, o‘sha bolaku, nega bu yerga keldi ekan-a, yoki yashinmoqchi ekanmi, u meni ko‘rarmikan-a, deya Sevinch boshini yuqoriga ko‘tardi. Bola qo‘rqa pisa uyoq-buyoqqa qarardi, so‘ng deraza tomonga qaradi, qizning unga tikilib turganiga hayron boqdida, deraza tomon yaqinlashdi. So‘ng baland ovozda:
– Salom qizaloq, – dedi.
Sevinch bu ovozni ilk marta eshitdi. Yo‘q uni qalbi ilk marta eshitgandek, ovoz shu qadar muloyim ediku, go‘yo ovoz Sevinchga atalgandek edi. Butun borliq unda qanaqadir mehr borligini aks-sado berib turardi.
– Isming nima? – deya yana kulgichlari bilan so‘zladi bolakay. – Meniki Akbar. Shu yerda yashaysanmi? Ovozim eshitilyaptimi?
Sevinch ko‘zlarida yosh miltilladi. Oxirgi so‘zlarini deyarli anglamadi. Butun vujudida uning ismi takrorlanardi: Akbar… Akbar…Akb… u axir savol beryapti, hozir ketib qolishi mumkin.
– Ha, – deya oldiyu, lekin u ovozi chiqqaniga ishonmadi, qo‘rqdi va boshini silkitib qo‘ydi.
– Men seni ko‘p marta ko‘rganman. Sen odamlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rasanmi? Qornichi? Men senga qor olib beraymi?
Bola o‘z-o‘ziga gapirib, qor qidirib ketdi, go‘yo unga atalgan qor bu yerda yo‘qdek, uyi atrofidagi qorlar unga atalmagandek… Sevinch vaziyatdan foydalanib, ko‘zyoshlarini artgandek, sevinch yoshlarini yashirgandek bo‘ldi. Ana u allaqayerdandir keldi.
— Derazani ochmaysanmi? – uning jarangli ovozi yana olamni tutdi. – Qaragin, qor olib keldim – deya qo‘liga ishora qildi.
Sevinch derazani itargandek bo‘ldi. Bolaning avvaliga bo‘yi yetmadi, oyoqlarini cho‘zgandek bo‘lib, derazani o‘zi tomonga tortdi, deraza sharaqlab ochilib ketdi. Bola qo‘lidagini uzatishga shaylangan ham ediki, otasi yugurgilab keldi:
– Hoy… nima qilyapsan? – deya ota xavotir bilan, bolaning ko‘ylaklarini nomigagina g‘ijimladida, itarib yubordi, bola qo‘lidagi qorni beixtiyor qisgan ham ediki, qor bo‘laklari sachrab ketdi, Sevinchning yuziga urildi, bir zum ko‘zlarini yumdi-yu, Akbar tomonga qaradi, yo‘q, u qochib ketayotgandi… qo‘rqib qochib ketayotgandi, nima bo‘lganini anglamay qochib ketayotgandi…
Sevinch shodlanishini ham, g‘amga botishini ham anglay olmadi. Ehtimol har ikki hodisa ham unda baravar sodir bo‘layotgandir, uning quloqlari ostida ovozlari takrorlanar, bu allaqanday hisni, og‘riqni paydo qilardi. Og‘riq zo‘raygandan-zo‘rayar, u esa go‘yo uning ismini takrorlasa forig‘ bo‘ladigandek tinmayin: Akbar…Akbar… Akb… Yuzlariga tushgan qor parchalarini esa hali ham joyida deb tinmay siypalardi, ularni axtargandek bo‘lardi… Akbar…Ak
Tuni bilan og‘riq zabtiga mindi. Tongga borib Sevinch og‘irlashib qoldi…
Sheyxzod