PO‘RTAXOL

0
464

Uilyam SAROYAN  

hikoya

– Muyulishda, qo‘lingda yirik ikki po‘rtaxol tutib turasan, yoningdan bitta-yarimta moshina o‘tganda ularni uzatib tabassum qilasan. Donasi – besh sent, uchtasi – o‘n sent, do‘jnasi – yigirma besh sent. Yodingda tut, doim jilmayishing zarur, – dedi amakisi Jek qattiq tayinlarkan. – Aytganimday qilasan, shundaymi, Lyuk? Qani, bir kulib qo‘y-chi.

Zo‘r-bazo‘r iljaydi-yu, amakisining yuzidagi ifodadan harakati zoye ketganini payqadi. Qani endi boshqalarday shodon kulsa; u ruhi baland va quvnoq kishilarga doim xavas bilan qarardi.

–Senga o‘xshab lab-lunji osilgan bolani biror yerda uchratmaganman, – dedi Jek. – Eshit, Lyuk…

Ko‘zlariga tik qarash uchun amakisi Lyukning qarshisiga tiz cho‘kdi:

–Lyuk, agar kulmasang, sendan po‘rtaxol sotib olmaydilar. Po‘rtaxol sotuvchi bolalar doim tabassum qilishi kerak, bu haridorlarni quvontiradi, ularga yoqadi.

Amakisini diqqat bilan eshitarkan, uning nima demoqchi ekanini Lyuk juda yaxshi tushunardi, chunki Jek ham xuddi o‘zi kabi tortinchoq. Mana, hozir ham u qarshisida turarkan – xuddi bir zamonlar otasi kabi – og‘ir xo‘rsindi.

–Lyuk, – dedi u. – Jilla qursa bir marta kulishga urinib ko‘r!

–Ovora bo‘lma, – javray boshladi amakisining xotini. – Bunchalar quyonyurak bo‘lmasayding, allaqachon shu qurib ketkur po‘rtaxolni ko‘chaga olib chiqib, o‘zing sotib bitirarding. Ikki tomchi suvdek bir-biringga o‘xshaysan – akang kim edi-yu, sen kim. Ketidan qaro yerginaga kirsang bo‘lmasmidi, joying o‘sha.

Shu ayolni deb uyda tinchlik yo‘q, Lyuk ham jilmayishga kuch topa olmaydi. Doim ularni tahqirlayveradigan ayolning bola qovog‘ini ochib kulishini istashiga tushunib bo‘lmasdi.

Jek otasining tug‘ishgan ukasi va qaysidir tomonlari uni eslatib yuborardi. Ehtimol, shuning uchun ayol doim otasi savdo nimaligini bilmay o‘lib ketgani ham tuzuk bo‘lganini aytar. “Xudoning la’nati tekkan yerda emas, Amerikadamiz. Odamlarga qo‘shilishing, ular ko‘nglini ovlashga harakat qilishing zarur” – Jekka hamisha ta’kidlardi ayol.

–Ko‘nglini ovlash?! Qanday qilib ularning ko‘nglini olaman? – derdi Jek.

Shu gapdan so‘ng ayol achchig‘idan ta’nalarni boshlab yuborardi: “Nodonsan, nodon. Agar qornimda homilam bo‘lmaganida, allaqachon Rozenberg omborxonasiga ishga yollanar, seniyam, bolaniyam boqardim”.

Marhum otasi kabi Jek ham g‘amboda edi. O‘zidan ko‘ngli to‘lmas, yaqinlarini baxtiyor ko‘rishni istardi. Shuning uchun Lyukdan qovog‘ini ochib yurishni so‘raydi.

–Bo‘pti, – dedi Jek. – Yaxshi, yaxshi… Uyda o‘n quti po‘rtaxol bor, yeyishga esa na sariq chaqa, na bir bo‘lak non topiladi. Endi ko‘cha-ko‘yda o‘tgan-ketganga po‘rtaxol tutqazib o‘tiraymi? Yo bo‘lmasa, qutilarni aravaga ortib shahar daydishim kerakmi? Bundan ko‘ra ochiq mozorga kira qolay.

Jekka o‘xshagan g‘amboda olamda yo‘q, Lyuk amakisining mayus tortib qolganini ko‘rib o‘zini yig‘idan zo‘rg‘a tiyadi. Atay qilgandek, Jekning xotini avvalgidan ham battarroq arazlab yig‘lar, yig‘laganda ham hazilakam emas, ho‘ngrab-ho‘ngrab achchiq-achchiq ko‘zyosh to‘kar va bu ko‘z yoshi qayg‘udan emas, ginaxonlik bilan to‘kilar, bola, ayniqsa shu daf’a, atrofidagi hodisalarning bari naqadar dahshatli ekanini his qildi.

Ayol yig‘larkan, to‘lanmagan qarzlar va birga o‘tkazgan barcha qora kunlarini Jekka bir-bir pisanda qildi, hali tug‘ilmagan go‘dak haqida esa “Yana bitta savdoyi ko‘paysa ne naf?” dedi. Keyin o‘kirib poldagi qutidan ikki po‘rtaxolni changallab chinqira ketdi:

–Hozir noyabr, pechkada bir bo‘lak ko‘mir yo‘q! Bunaqada muz qotamiz-ku. Uydan go‘sht isi kelib turishi kerak. Ma, ol, ushla! Ye po‘rtaxolingni. Bo‘kkuningcha ye!

Jekning shu qadar ruhi tushib ketdiki, so‘z demoqqa madori qolmadi. U telbanamo tebranib o‘tiraverdi. Bular tag‘in Lyukka kulishni o‘rgatmoqchi bo‘lishadi! Jekning xotini qo‘lidagi po‘rtaxollarni qo‘ymay u burchakdan bu burchakka borib-kelar, yig‘lab bola haqida qayta-qayta gapirardi. Biroz o‘tib u tinchlandi.

–Qani, uni muyulishga eltib qo‘y, – dedi. – Balki chindanam pul ishlab kelar.

Jek boshini ham ko‘tarmadi. Shunda ayol yana qichqirdi:

–Garangmisan?! Uni muyulishga qo‘yib kel, dedim! Odamlarga kulib qarasin! Qornimiz och!

Atrof qabohatga to‘la bo‘lsayu, birov bundan qanday qutilishni bilmasa, yashashdan nima ma’ni? Maktabga borishning, hisob-kitob o‘rganishning, she’r yodlab, boyimjon chizishning va shu kabi bema’ni, behuda ishlarning nima keragi bor? Uyqu vaqtigacha muzdek xonada diydirab Jek va xotinining janjallarini tinglashning, to‘shakka burkanib yig‘lagancha uyquga ketishning, uyg‘onib tag‘in o‘sha mungli osmonni ko‘rishning, sovuqdan qaltirashning, maktabga borib nonushtada non o‘rniga po‘rtaxol chaynashning nima keragi bor?

Jek birdan o‘rnidan irg‘ib turib xotiniga baqira ketdi. O‘sha qichqirganicha uni, ortidan o‘zini ham chavaqlashini aytdi; ayoli ustidagi ko‘ylagini beligacha tilka-pora qilib, boyagidan badtarroq yig‘ladi:

–Ha, bu kunimizdan o‘lganimiz yaxshi. O‘ldir meni, o‘ldir!

Jek uni quchib boshqa xonaga olib chiqib ketdi. Xonadan ayol yig‘isi, Jekning chinakam go‘dak, kap-katta-yu go‘l bolakay ekanini bot-bot takrorlagani eshitilib turdi. Shundan keyin Lyuk ancha paytga dovur o‘sha burchakda qimir etmay turdi. Qancha vaqt o‘tdi – bilmaydi, faqat juda charchab, ochiqqachgina stulga cho‘kdi. Seni ardoqlab sevuvchi biror kiming, na otang, na onang bo‘lmagach, yakka o‘zing bu daxri-dunda yashashingdan nima naf? Uning o‘pkasi to‘lib borar, ammo ko‘z yoshidan bir nima o‘zgararmidi?!

O‘lgani kunidan tirjayib Jek chiqib keldi.

–Bor-yo‘q ishing, – dedi u, – qo‘lingga ikki yirik po‘rtaxol olib, o‘tgan-ketgan moshinaga cho‘zib jilmayish. Birpasda butun bir qutini sotib qo‘yasan, Lyuk.

–Jilmayaman, – dedi Lyuk. – Donasi – besh sent, uchtasi – o‘n, do‘jnasi – yigirma besh sent.

–Barakalla, – quvondi Jek.

Jek poldagi po‘rtaxol qutisini ko‘tarib orqa eshik tomon qadam tashladi. Qutining og‘irligidan Jek ikkisi ko‘chada imillab borishar, uning tishni oqini ko‘rsatib jilmayish kerakligi haqidagi tavsiyalari esa diqqatni oshirib yuborardi. Daraxt tanalari allaqachon ship-shiydam bo‘lgan, ko‘chalar ma’yus va ayanchli. Hatto manavi xushxo‘r, rangdor po‘rtaxollar ham bunda kulgili va qayg‘uli ko‘rinardi.

Ular mashina oqimi tinimsiz bo‘lgan Ventura ko‘chasining muyulishiga yetib kelgach, Jek qutini yo‘lkaga qo‘ydi.

–Bir o‘zing tursang yaxshi, – dedi Jek. – Men uyga ketdim, Lyuk.

U yana tiz cho‘kib bolaning ko‘zlariga tikildi.

–O‘zing qo‘rqmaysanmi Lyuk? Qosh qoraymay qaytaman. Shomgacha ikki soatcha vaqt bor. Quvnoq bo‘l, odamlarga kulib qara.

–Kulib qarayman, – takrorladi Lyuk.

Shunda Jek, xuddi birov quvgandek, o‘rnidan sapchib turdi-yu ko‘cha bo‘ylab ildam jo‘nadi.

Lyuk bir juft katta-katta po‘rtaxolni tanlab olib, o‘ng qo‘lida boshi uzra ko‘tardi. O‘xshamadi. Allaqanday g‘ayritabiiy edi. Ilkingga ikki po‘rtaxolni tutib, boshing uzra ko‘tarishdan, o‘tgan-ketgan yo‘lovchiga jilmayishdan nima naf?

Shahardan ko‘chaning u turgan tarafiga ilk avtomobil burilguncha asr o‘tgandek bo‘ldi. Mashina yaqin keldi. Ruldagi erkak ko‘rindi, orqa o‘rindiqda esa ikki bolasi bilan ayol o‘tirardi. Og‘zi qulog‘iga yetib iljaydi, biroq ular to‘xtash niyatida ekani sezilmagach, qo‘lidagi po‘rtaxollarni silkitib yo‘l qoshiga chiqdi. Ularning yuzini juda yaqindan ko‘rdi va iloji boricha og‘zini katta yirib jilmaydi. Mashina to‘xtamay o‘tib ketdi, yo‘lovchilar esa unga javoban hatto kulib qo‘yishmadi ham. Mashinadagi qizcha, xuddi iflos narsa oldidan o‘tib ketayotgandek, hazar qilganday yuzini jiyirdi. Siz kishilarga tabassum qilsangiz, ular esa aftini bujmaytirsa, muyulishda turib, ularga po‘rtaxol o‘tkazishga harakat qilishning nima keragi bor?

Dunyo davlatmand va bechorahol kishilardan iborat, mushaklarga zo‘r berib jilmayishdan nima ma’ni; boylar yeb-ichadi, o‘yin-kulgi qiladi, faqirlarning yegani hech vaqosi bo‘lmaydi, doim janjallashadilar, “o‘ldir meni!” deb bir-biriga qichqiradilar.

U qo‘lini tushirib, boshqa kulmadi. O‘t o‘chirish kraniga, suv oqar tarnovga qaradi, ikki tarafida qator uylar joylashgan, odamlar kirib-chiqib yurgan Ventura ko‘chasi bo‘ylab ko‘z yugurtirdi… Ko‘chaning oxiri qishloqqa ulanib ketgan, keyin uzumzor, mevazor bog‘lar, daryo, yaylov va tog‘lar keladi, tog‘lardan o‘tib yana yangi shahar, uylar, ko‘cha va odamlar… Yig‘i tomog‘ingga tiqilganda yuzingni o‘t o‘chirish kraniga bursang, bu dunyoda yashashning nima keragi bor?

Ko‘chada yana bir avtomobil ko‘rindi va Lyuk tag‘in qo‘lidagini ko‘tarib jilmaydi, biroq mashina yaqinroq kelgach ko‘rdiki, haydovchi unga qaramayapti ham. Besh sentga bir dona po‘rtaxol olib yeyishlari mumkin. Non va go‘sht tanovvulidan so‘ng bir-ikki bo‘lak totinishlari, po‘stini archib, ajib isidan baxramand bo‘lishlari, keyin shunchaki paqqos tushirishlari mumkin. Ulovlarini to‘xtatib, o‘n sentga uch dona olishsa bas.

Yana bir mashina o‘ta boshladi, bola jilmayib qo‘l silkidi. Ulovdagilar unga erinib boqdilar. Ularga kulib qarashning nima keragi bor o‘zi? Agar o‘tib ketayotib, hech qursa javobiga jilmayib qo‘yishganda ham unga buncha alam qilmasdi. Juda ko‘p mashina o‘tdi, shunda bola o‘tirvoldi, boshqa hecham kulmaslik lozim ekanini tushundi. Amakisi unga nima degan bo‘lsa dedi, ammo odamlarga po‘rtaxolning keragi yo‘q, hech bir tabassum ularni chorlolmaydi. Bolani erinchoq nigohlaridan o‘tkazib, yo‘llarida davom etaveradilar.

Kun og‘ib, qiyomat qoyim bo‘lgandek tuyildi. U mahsharni shu ahvolida, o‘tgan-ketgan yo‘lovchiga jilmayib, qo‘lidagi po‘rtaxolni boshi uzra silkitib kutib olyapti.

Nahot, shu muyulishda turish uchun, odamlarga po‘rtaxol uzatib kulish uchun dunyoga kelgan bo‘lsa?! Hamma narsa qorong‘i va bo‘m-bo‘sh, u esa lunji og‘rigunicha jilmayadi, javoban qilingan munosabatdan ko‘ngli o‘ksiydi. Axir zum o‘tmay olam qorong‘ilikka cho‘mishi, oxir zamon kelishi mumkin, Jek amakisini ham, uning xotinini ham to‘ng‘iz qo‘padi, barcha ko‘chalar, uylar va kishilar yo‘q bo‘lib ketadi va hech narsa, na bir jon, na bo‘m-bo‘sh ko‘chalar, na bir qora tortilgan deraza, na yopiq eshik qolmaydi – chunki odamlar po‘rtaxol olmaydilar, chunki bolaga kulib qaramaydilar…

Alisher Fayzullayev tarjimasi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting