Qirq yilligimda

1
624

Sherzod Komil Xalil

(esse)

Men uchun oxirgi yillar juda qaqshatqich keldi. To shu kungacha umrning qanday o‘tib ketayotganini hech qachon sezgan emasman. Xuddi hamma qarib o‘lishi mumkinu, faqat men abadul-abad yosh qolaman degan ishtiboh yuragimning tub-tublarida yashardi, vaqtning atrofga o‘tkazayotgan hukmi hammaga tegishli bo‘lishi mumkinu meni chetlab o‘tishiga qandaydir telbavor ichki xotirjamlik bilan ishonardim. Yigirma sakkiz yoshimda uylanganimda sinfdoshlarim bilan meni taqqoslagan kelinning dugonalari men kabi yosh bir yigitni shu odamlar bilan birga o‘qiganidan hayratga tushishgandi. Darhaqiqat, tabiatan men juda yosh ko‘rinardim. Ittifoqo, poytaxtning turli universitetlari va institutlarida falsafa, sotsiologiya, madaniyatshunoslik va ijtimoiy antropologiyadan leksiyalar o‘qib yurgan vaqtimda men endigina yigirma uch yoshga kirgan yigitcha edim, po‘rimroq ko‘rinish beradigan kostyum-shim va bo‘yinbog‘ taqardim. Albatta bu o‘zimga yoqar edi deya olmayman, ammo katta yoshli ko‘rinish lektor uchun maqbul deb hisoblardim. Shunga qaramay o‘tgan yillar davomida yoshlik eleksiri mening hayotimning ajralmas bo‘lagi kabi menga doim hamrohlik qilganini katta hissiyot va qoniqish bilan tuydim.

Zerikarli lektorlik ishidan voz kechib, men o‘zimning butunlay yozuvchilikka bag‘ishlashga qaror qilganimdan keyin ham men qachondir sochlarimga oq tusha boshlashini va shunda ulug‘vor qiyofa kasb etishim mumkinligini chamalardim, ammo bu hol qirq yoshimgacha yuz bermadi. Vaqtning tengqurlarimga ko‘rsatayotgan vahshiyona ta’siri mendan olisdaligidan hayratga tushardim. Biroq qirq yoshga o‘tarkanman, bir kuni oynaga boqqanimda sochlarimdagi ilk oq tolalarni ko‘rdim. Shunda ilk bor hayotimning abadiy emasligini, yoshlik o‘tib, umrning g‘amg‘usor yillari yaqinlashayotganligidan vaqt  menga xabar berarkan, yuragim shig‘ etdi. Men shunda, shu vaqtgacha nima qilganimni, qancha oltin davrlarni shamolga sovurib yuborganimni, hayotimning eng gullagan paytlarini behuda narsalarga sarf qilganlarimni o‘kinch va ayanch bilan esladim. Eng yomoni endi hech narsani ortga qaytarib bo‘lmasdi. Maishiy muammolar, turmushning arzimas orzulari inson umrini, inchunun, men kabi yozuvchini, hayotini sarf qilib yuborishi uchun dahshatli fojea ekanligi ayon bo‘ldi.

To‘g‘ri buni ancha oldin tushungandim. Keyingi o‘ttiz yilda Moskvada yashab ijod qilayotgan klassik yozuvchimiz Temur Po‘latov Toshkentga borganida, ijodimni yangi pog‘onaga ko‘tarishim uchun muhitni o‘zgartirish va faqat adabiyotga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlab, meni Moskvaga, yozuvchilar shaharchasi Peredelkinoga chorlaganida men bu taklifni bir istak o‘laroq qabul qildim. Oiladan, yaqinlardan uzoqqa ketish va bu miskin hayotimda tub burilish qilish oson bo‘lmadi, ammo ortiq o‘zimga qarshi borolmasdim. Biqiq adabiy davralar, hasad va ko‘rolmaslik kasaliga chalingan ijodkorlar muhitida men mutlaqo begona edim, hech qanday adabiy guruh va to‘dalarga mansub bo‘lmaganim uchun, ularning soxta piar va o‘z-o‘zini maqtovchi salaflari ichida o‘zimni mutlaqo tasavvur qilolmasdim. Megashaharga ko‘chib o‘tganimda, men endi butunlay yo‘q bo‘lib ketsam kerak, ijodiy muhitdan mosuvo bo‘lib, yozolmay qolsam kerak degan qo‘rquvda edi. Biroq hamma narsa buning teskarisini ko‘rsatdi. Men yozish uchun mutlaq maksimal imkoniyatga ega bo‘ldim. Ammo yaqinlarimning sog‘inchi, bolamning bolaligi kechayotgan eng yaxshi davrlarida yonida bo‘lolmasligim menga qattiq azob berardi. Bunday kezlarda men yozuvchilikdan voz kechish, bir oddiy inson o‘laroq yashash, ijod iddaolaridan butunlay yuz o‘girib, uyga qaytib ketishni va jimgina nomu-nishonsiz yo‘qolib ketishni o‘ylardim. Ikkisidan birini tanlashdek, ekzistinsial tanlov qarshisida qolarkanman, men ikkita odam bo‘lib yashardim: ulardan biri sivilizatsiyamiz mahsuli bo‘lgan aloqa vositalari orqali har kuni yaqinlarini ko‘rib, eshitib gaplashar, masofalar uzoq bo‘lsada, ular bilan ma’nan yaqinlikni his qilar va qo‘lidan kelishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlari bilan ularga dalda bo‘lar, boshqasi esa, bir shafqatsiz yozuvchi o‘laroq, umrining soniyalari qog‘oz qoralab o‘tkazar, she’rlar, balladalar yozar, publitsistik adabiy maqolalar qoralar, hikoyalar, esselar, ocherklar  bitar va yuragini qon qilib yotgan romanlari ustida ishlardi.

Kunlar oylarni, fasllar esa yillarni quvib o‘tardi. Vaqt esa xuddi qumsoat kabi kelajakni o‘tmishga quyar, bu tezlik oqimiga hech narsaga ulgurib bo‘lmasligi ochiq-oydin ko‘rinib turardi. Ilgarilari men oliftaarchilik bilan faqat ilhom kelsa yozaman, o‘zimni majburlab hech qachon yozmayman degan ishtibohda qalam tebratgan bo‘lsam, endilikda uncha-munchaga qadam ranjida qilmaydigan ilhom otliq ko‘ngil ironiyalarini kutib o‘tirishga mening vaqtim ham, xohishim ham yo‘q edi. Bir narsani bildimki, muayyan tajribaga erishganingda, yoza olish imkoniyating, inchunun, sen qancha xohlasang shuncha yozish salohiyating bo‘y ko‘rsatar ekan. Faqatgina muayyan reja asosida ishlash, muayyan soatlarni yozuv stoli ustida o‘tkazish, men qilishim mumkin bo‘lgan eng ajoyib voqeylik ediki, shubhasiz bu menga adabiy mahsuldorlikni oshirishga xizmat qilgan bo‘lardi. Men esa nihoyatda tartibsiz o‘qir va tartibsiz yozardim. Holbuki meni o‘qish va yozishdan ortiq nimadir qiziqtirmasdi. Adabiyot hayotimni asosiy maqsadiga aylanganiga chorak asrdan oshgandi. Ammo endi yashash uchun umr soatlari borgan sari kamayib borish xavfiga duchor bo‘lganimda, tartibsiz yashash va yozishdan o‘zimni qutqarishim kerak bo‘lardi. Alalxusus, men hayotimni tartibga solish haqida o‘ylay boshladim. Uzoq yashash imkoniga ega bo‘lish odamga, xususan, yozuvchiga ko‘proq asarlar yozish imkoni ham ekanligini rad eta olmasdim. Qolaversa, dushmanlaringdan uzoq yashash imkoniga ega bo‘lishing, qandaydir ma’noda ular ustidan ma’naviy g‘alabangni ham anglatadi. Ular seni emas, sen ularni vaqtning beshafqat g‘aladonida zabun bo‘lishini ko‘rishing, senga nisbatan ular amalga oshirgan tubanliklar uchun qismatning qahriga duchor bo‘lganini kuzning salqin havosida bir finjon kofe ichgancha kuzatish imkoniga ega bo‘lish hamdir. Bunday pallalarda sen faylasufona fikrlar yuritasan, ehtimol, biron falsafiy traktat qoralarsan; kim bilsin, axir hamma narsa bo‘lishi mumkin. Voqeatan, hayot hech kimga abadiy berilmagan. Xristian mifologiyasidagi Agasferning borligiga, yoki islom dini hukm surgan mamlakatlardagi Xizrga bo‘lgan ishonch istisnoli holatlar ekanligini va ularni ratsional tasdiqlash imkoniyatiga ega emasligimizni nazarda tutsak va bu kibr hamda riyo to‘lib-toshgan dunyoda biz uchun qancha fursat qolganini chamalash ixtiyoriga ega bo‘lmaganimizdan so‘ng, ehtimoliy umrimizni qancha qolganini qaydan ham bilardik. Balki, dushmaningdan oldin o‘lib ketarsan, u sen haqingda o‘tganingdan so‘ng, bo‘lmag‘ur gaplarni sayrab yurar; albatta, men umrni Yaratgan tomonidan avvaldan belgilab berilgan degan imoniy ishonchga egaman. Shunga qaramay, sharqona donishmandlar ichikish ehtiyoji bilan aytgan: «O‘zini asraganni, Xudo ham asraydi», degan fikrlarida ham ma’lum haqiqatlar borligini inkor etolmayman.

Alalxusus, hayotimni tartibga solish haqida uzil-kesil qarorga kelarkanman, xalq tabobati va zamonaviy meditsina inson organizmi uchun zararli deb topgan kimyoviy usulda qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlaridan, inchunun o‘zim ilgaridan nisbatan ko‘p iste’mol qiladigan shakar va koka-koladan va shunga o‘xshash noto‘g‘ri ovqatlanishga doir mazaxo‘rakliklardan butunlay voz kechishga qaror qildim. Iloji boricha tabiiy mahsulotlarni ovqatlanish ratsionida ko‘paytirish, sog‘lom badan tarbiya bilan shug‘ullanishga qat’iy rioya qilishni, odatga aylantirishga o‘zimni ishontirdim. Yozuvchilar shaharchasidan ishxonamga ertalab ikki soatda jamoat transportida borardim. Bu holat kechki qaytishda ham takrorlanardi. Demak, har kuni deyarli to‘rt soat harakatda bo‘laman. Yaqin oraliq masofalarda piyoda yuraman. Bu moddalar almashinuvi va organizmning jismoniy faolligi uchun zarur. Men ishonamanki, bu kabi yurishlar Xaruki Murakamining kunlik yugurishlaridan kam ahamiyatga ega emas. Agar men muhojirlikdan Toshkentga qaytadigan bo‘lsam, yurishdan voz kechib, maktab stadionida yoki parkda yugurishim mumkin. O‘zimni shu faoliyatga tayyorlar ekanman, men yozuvchilik ishlarimni ham tartibga solishni, yozuv stolida yigirma to‘rt soat ichida sakkiz soatlik ish rejimiga ega bo‘lishga e’tiborimni qaratdim. Sakkiz soat oila uchun ishlash, sakkiz soat dam olish va sakkiz soat ijodiy ish bilan band bo‘lish. Bu maksimalizatsiya. Axir Balzak o‘n olti soat ishlagan kuniga, bu soatlarni yarmiga ega bo‘lish mahsuldorlik uchun meni muayyan ma’noda qanoatlantirardi.

Bundan kamida albatta rozi bo‘lolmayman. Yana qirq yoshning miyonasida bundan kamiga rozi bo‘lish o‘lchovli umrimizning oltin soniyalarini hududsiz vaqt oqimiga nodonlarcha sochib yuborish bilan teng emasmi?! Temur Po‘latov menga nuqul ko‘p ta’kidlaydigan gap: «Men qirq yoshimgacha asosiy asarlarimni yozib bo‘lganman. Sen she’rlaring va hikoyalaringdan boshqa nima yozding?!» Yana nimalar yozganman, siz bilmaysiz, — pichirlayman ichimga. Ammo boshqa tomondan bunday gaplardan keyin biroz zil ketasan. Xayolingga qirq yoshga yetmasdan vafot etib ketgan sening adabiyotdagi kumiring Tomas Vulf gavdalanadi. «Qo‘ng‘iroq nimadan bong urayotir»ni yozganda Xemenguey necha yoshdaligini eslaysan va o‘zingga savol berasan: -Men-chi?!  Pessimizm yuragingni qora dog‘ kabi qoplaydi. Beto‘xtov chekasan sigaret. So‘ng yashash haqida o‘ylaysan, uzoq yashash haqida. Sigaretni ezg‘ilab uloqtirasan. Tirik yozuvchi hamma narsaga erishishi mumkin. O‘lgandan keyin ixtiyor senda qolmaydi. Shuning uchun tirik qolish muhim, inchunun, uzoq yashash ham. Axir Aytmatov olamshumul romanlarini ellik yoshdan keyin yozganini esla. Qirq yillik tug‘ilgan kunimni nishonlashni niyat qilganimni jaz musiqasi maestrosi Sergey Letovga aytganimda, u bu yoshda irim qilish kerakligini, iloji bo‘lsa, nishonlamaslik muhimligini shipshigandi. Yomon ruhlar bor, bu yoshni nishonlab bo‘lmaydi degandi, xotirjam bir ishonch bilan, ammo men Moskvadagi sharqona choyxonada bunga ters o‘laroq yubeliyni do‘stlar davrasida nishonladim. Qolaversa, shu yoshda bir qancha xavfli qadamlarni tashlayotganimni inkor etolmasdim. Koronavirus tarqayotganiga qaramay, endi men ta’assufki, niqob taqmay qo‘ygandim. Yana men ijtimoiy antropologik tadqiqotlar uchun yo‘qolib ketayotgan xalqlarni o‘rganish uchun ilmiy tadqiqot safariga tez orada jo‘nab ketishni ayni qirq yoshda rejalashtirib turibman. Men minglab chaqirim masofalarda havo kengliklaridan samolyotda uchib o‘taman va o‘zim bilmaydigan, ko‘rmagan odamlar dunyosiga tashrif buyuraman, u yerda meni nima kutayotganini, qanday qismatga ro‘paru kelishimni bilmayman. Yashash va yozish to‘lqinlari ba’zan shunday parodoksal tarzda rejalar bilan hayoting a’mollarini qarama-qarshi qilib qo‘yadiki, sen hayotingni o‘zing emas, qismat charxpalagi boshqarayotganini tushunib yetasan. Ammo senda bir narsa mavjud, bu – ixtiyor erkinligi, o‘z qismatingni o‘zing tanlashing, o‘zingni belgilash erkinligi bor. Yozish uchun albatta yashash kerak, yozmoqchi bo‘lgan narsalaringni o‘z ko‘zing bilan borib ko‘rishing, bu ikki karra ishonch, o‘zingga ham, o‘quvchilarga ham, axir bundan ortiq baxt bormi yozuvchi uchun; tasavvurlaringda jonlangan manzaratni, odamlarni, xarakterlarni ko‘rganingda asar yanada jonli, yanada ishonchli chiqishiga shubha yo‘q. Men shunga ishonaman. Bas, shunday ekan, nega xatarli safarga chiqmasligim kerak?! Men qo‘rqoq emasman. Har bir inson Yaratgan bergan umrni har qanday holatda ham yashab o‘tadi. Qayerda bo‘lsam ham imkonim darajada o‘zimni asrayman, safarlarda bo‘laman, boraman, ko‘raman, yashayman va yozaman. O‘tgan yillar nima bo‘lsa bo‘lib o‘tdi. Afsuslangan bilan hech narsani ortga qaytarib bo‘lmas. Endi qolgan umr va kelajak yillarini mazmunli o‘tkazish men uchun muhim. Chet ellarda bosilayotgan asarlarim, mening ijodiy intilishlarimning samarasi, yozish yo‘lidagi mehnatlarimning yuzaga chiqishi. Meni o‘ttiz yoshimdan o‘zga tillarga o‘gira boshlashdi, bu jarayon davom etmoqda, demak, men ham yozishda davom etishim kerak. Buning uchun sayohatlar kerak, o‘rganishlar lozim. Intilishlardan chekinmaslik, ijodiy g‘oyalarni arzon baholamaslik, qalamni sotmaslik kerak. Qirq yoshdan esa ortiq cho‘chimaslik lozim. Menga bu borada kim yordam berganini aytaymi?! 1998 yilda, nobel mukofoti laureati bo‘lgan, ajoyib portugal yozuvchisi Joze Saramago: «Agar men oltmish yoshimda vafot etganimda edi bitta ham asar yozmagan bo‘lardim,» — degan u. Ha, xuddi shunday. Aynan Joze Saramago ilk ijodini qirq yoshdan keyin boshlagan va keyin ajoyib natijalarga erishgan ulug‘ yozuvchi. Uning ilk romani adashmasam ellik besh yoshida yozilgan. Men esa, allaqachon, o‘ttiz uch yoshimda ilk romanimda yozgandim. Yana qo‘limda necha yillardan beri ishlab kelayotgan ikkita romanim bor. Demakkki, Saramago kechikmagan ekan, optimistik ruh beradigan intilish kuchini o‘zimda saqlab qolaman.

Axir qirq yoshga kirgan bo‘lsam nima bo‘libdi, osmon uzilib yerga tusharmidi?! Yo, atom urushi bo‘lib hammamiz yo‘q bo‘lib ketamizmi?! Darig‘o, qirq yoshimda men hozirda shunday global xavf bo‘lgan mamlakat hududida turibman. Yuragimda esa hali qancha inja orzularim hilvirab turibdi. Yashashga kuch beradigan, yozishga quvvat bo‘ladigan bu tuyg‘ular hech qachon shuhratparastlik va manmanlikdan emas, bil’aks, yashashga bo‘lgan intilishdan, o‘limni tik qarshilash tufaylidir. Zero, ijod – o‘limni butunlay rad etish, uzoq umrga  intilish, xuddi o‘lmaydigandek yashash demakdir. Bir so‘z bilan aytganda ijod – o‘limga qarshi isyondir. Yozishning tabiati, yozuvchining betin asar qoralashining fitrati shundan iboratdir. Qirq yoshning nari-berisida bunga mone bo‘ladigan boshqa jo‘yaliroq sababni ko‘rmayapman…

2022.

Moskva-Peredelkino.

1 izoh

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting