ORZU REKVIYEMI

0
270

(ESSE)

Kim aytdi Motsartning “Orzu rekviyemi” faqat belgilangan vaqtda turli filarmoniyalar, radiostansiyalar yoki akademik opera teatrlari zalida, odatda ularning istalganida sochi oqarib, qoqsuyak bo‘lib qolguncha  violonchel chalib o‘tadigan oriq, mijg‘ov, bir oyog‘i go‘rda bo‘lsa-da, xotinbozligini yig‘ishtirmagan chollar-u skripkasini qiyshaytirib jag‘iga tirab oladigan, ko‘zoynakli, betgachopar, o‘lgudek shuhratparast, ellikka qarab ketayotgan qariqizlardan iborat bo‘ladigan orkestrlar tomonidan ijro qilinadi deb? U tinimsiz ravishda kurrai zaminning har yerida va vaqt deb atalmish ulug‘ oqsoqolning bisotidan ulashilayotgan har bir soniyada, ochiq osmon ostida  bir maromda aylanib charchamaydigan Ona Yerning  duch kelgan burchagida, unda necha asrlardan beri goh ahil, goh tarqoq holda yashab kelayotgan, turfa irq, dunyoqarash, mentalitet va turmush tarzidagi odamlar orasida, muhtasham saroylar va kulbai vayronalarda, tosh yotqizilgan top-toza ko‘chalar va pana-pastqam yerlarda, isqirt qovoqxonalar va bir necha yulduzli mehmonxonalarda, osmono‘par binolar tomida-yu siyrak havo sabab nafas olib bo‘lmaydigan konlarda, goh odamlarning sarhadsiz xayollarida, goh xirgoyiga aylanib lablarida, goh mohir qo‘llaridagi minglab hujayra va tolalarda, goh shirin uyquga cho‘mgan paytlari tushlarida mukammal ijro qilinadi.

Motsartning mazkur-ko‘milgan orzularga o‘qilgan motamsaro bayonotni dilga jo qilguvchi kuyi qonuniy o‘g‘rilik va jirkanch pedofillik ko‘p kuzatiladigan bolalar uyining yillar davomida yog‘incharchilik tufayli rangi o‘chgan, hatto u yer bu yeri zanglagan, egilib-bukilgan temir panjarali darvozasidan tashqarini kuzatib turgan  sakkiz-to‘qqiz yashar bolakayning murg‘ak qalbida mungli bir ohangda sado beradi. Ustidagi sariq rangdagi kiyimi va past bo‘yli bo‘lgani sabab tegrasidagi sarg‘aygan daraxtlar hamda oyoq ostidagi xazonlarga qo‘shilib kech kuz manzarasiga singib ketgan bolakay panjaraga mahkam yopishgancha bolalar uyi yonida joylashgan ko‘p qavatli turar joyga tegishli sport maydonchasidan ko‘z uzmaydi. U yerda betashvish, qiqir-qiqir kulib va shataloq otib o‘ynayotgan tengqurlariga havas ko‘zi bilan boqadi. Ularning har birida go‘yo baxtiyor bolalikning teran mohiyatini ilg‘ab, hali voyaga yetmagan vujudini allanechuk titroq bosadi.

Sport maydonchasidagi bolalar o‘zaro quvlashmachoq o‘ynashadi, maydoncha o‘rtasida to‘p tepishadi yoki velosiped haydashadi. Ota-onalari ularni chetdan kuzatib turishadi. Orada o‘yinqaroq bolalarni  o‘yindan chalg‘ib, “ota” yoki “ona” deb qiyqirgancha ularning yoniga chopib borishlarini ko‘rsa bolakayning mitti yuragi ham orziqadi, ham ohista sanchib qo‘yadi. U nafaqat noyabrning faraxbash va xazin kunlarida, balki qishin-yozin ularni to‘xtovsiz ravishda kuzatadi. Imkon topildi deguncha shu yerga keladi va panjara oldidan  soatlab uzoqlashmaydi. Gupillab qor yoqqanida ham, sharros yomg‘ir quyganida ham, kuchli shamol esganida ham, quyosh qizdirib turganida ham uning ikki ko‘zi o‘sha maydoncha tomonda bo‘ladi. Bolalar va ularning ota-onalarini u yerda bo‘lishi ahamiyatsiz. Havo aynib yoki diqqinafas bo‘lib, harorat past yoki yuqori bo‘lgan paytlari ular ko‘rinish berishmasa ham bolakay ularni maydonchada xayolan tasavvur qilaveradi. Lablari xuddi o‘sha bolalar kabi bilinar-bilinmas “ota” yoki “ona” deb pichirlaydi. O‘zi ko‘rmagan padari buzrukvori bilan uni dunyoga keltirib, qismatning sovuq qo‘liga tashlab ketgan volidasini xassos qalbi so‘roqlaydi. U turib-turib bolalarning birortasini, hatto oyog‘ini oqsab bosadigani yoki doim burni oqib yuradiganini ham o‘rnida bo‘lib qolishni istaydi. Ularni opichlab olgan yoki qo‘llaridan yetaklagan ota-onalar va ularning yonida irg‘ib-irg‘ib yoki qo‘shiq xirgoyi qilib, o‘zi yodlagan she’rlarini aytib ketayotgan bolalarning ketidan termulib qolarkan, xonasiga qaytib kirgach tasavvurida hozir bu bolakaylar o‘z ota-onalari bilan biror bir shinam kafeda shirin taomlar yeb o‘tirishganini, istirohat bog‘idagi mo‘jaz atraksionlarda xushnud vaqt o‘tkazishayotganini yoki devorlariga multfilm qahramonlarining rasmlari tushirilgan gulqog‘oz yopishtirilgan  xonalarida ulardan ertak eshitib uyquga ketishayotganini taxmin qiladi va ko‘ksi ostida tepayotgan jajji yuragi eziladi.

Motsart umrining so‘nggida yaratgan rekviyem atrofga har safar kuz oqshomi cho‘kkanida, kun bo‘yi tinmagan odamlarning tiqilinchi bois hidlanib ketgan avtobus derazasidan yomg‘irga bo‘kkan zaminni ma’yus kuzatib ketadigan yosh yigitning yuragida dod-faryod qilayotgan insonga taqlidan bo‘g‘iq ohangda yangraydi. Hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan, taqdiri ommaga havola qilinsa butun hayoti go‘yoki oldinda ekani ta’kidlanadigan yigirma to‘rt-yigirma besh yoshlardagi yigit mudom mashina moyining bo‘g‘iq hidi anqiydigan qo‘lini jag‘iga tirab olgancha yuragida ijrosi boshlangan rekviyemni xayolan tinglab ketadi. Kunda sakkiz-o‘n soat davom etadigan, uni ona suti og‘zidan ketmagan paytidan o‘z iskanjasiga olgan, dam olish kunlarisiz ishlagani tufayli  benihoya tinkasini quritadigan, o‘pkasini mashina tutuniga to‘ldirib, qo‘lidan tortib yuz-ko‘zigacha mashina moyidan bebahra qoldirmaydigan zerikarli ishi ko‘z oldidan o‘tadi. U eslagani sari yuzini bujmaytirib, tishlarini asabiy g‘ijirlatadi. Ko‘cha-ko‘yda yakka holda yoki to‘dalashib kechki sayrga chiqqan, yelkasiga portfel osgan, sho‘x-shodon jilmayib yoki hazil-huzul bilan bir-birini siylayotgan talabalarga nigohi tushsa bir entikib qo‘yadi. Bir paytlar shulardek bo‘lishni jonu dilidan istaganini, talabalik baxtiga erishish uchun intilganini va bu yo‘lda zahmat chekkanini, oxiri esa boshiga erta tushgan tirikchilik g‘ami uni bir o‘pqon kabi yutib yuborganini, suyagi qotmay turib xuddi kattalardek ertalabdan kechgacha ishlashga majbur bo‘lganini eslaydi. Natijada, yuragidagi rekviyem eng avj nuqtasiga chiqadi va u titrayotgan qo‘llari bilan avtobus o‘rindig‘ini changallagancha hayotga bo‘lgan cheksiz nafratini bosishga harakat qiladi.

Ushalmagan orzularga aza tutishga undaydigan Volfining ushbu rekviyemi havoga ko‘tarilgan samolyotning kabinasidan bulutlar ortida qolgan vatanini horg‘inlik bilan kuzatib qolayotgan o‘ttiz-o‘ttiz besh yashar yigitning ham qulog‘i ostida baland ohangda jaranglaydi. U qo‘lidagi “grin kard”ni  mahkam g‘ijimlagancha tobora uzoqlashayotgan ona yurtini hali manzilga yetib ulgurmay, bir necha ming metr tepalikda sog‘inishni boshlaydi. Hademay o‘ziga peshvoz chiqadigan ummon ortidagi jannatmakon diyorni xayolan yo‘qlab o‘zini shodumon his qilmaydi, aksincha yuragi batamom siqiladi. Boshqa tomondan, dorilfununni tamomlagach musaffo va qordek oppoq orzular bilan ishga kirganini, u yerda esa sho‘rolardan qolgan va hanuz olqishlanadigan sarqit- avtoritar boshqaruv tizimi, umrida biror kitobni boshidan oxirigacha o‘qimagan, tarbiyani qayerda hatm qilgani noma’lum so‘kong‘ich rahbar, mahalliychilik balosi, tanish-bilishchilik kabi ofat uni eng gullagan chog‘larini zaharlaganini, qonini xuddi zulukdek so‘rib olganini, oxirida esa xuddi zanjirni eslatadigan bu tizim uni  pista-po‘chog‘idek ko‘chaga uloqtirib yuborganini xotirasida jonlantiradi va suyaklari zirqirab, ko‘zidan o‘t chaqnab ketadi. Abdulla Avloniyning najot ta’lim va tarbiyada degan gaplariga so‘nggi bor murojaat qiladi, bir o‘zi izidan chiqqan bu ijtimoiy tizimda hech nimani o‘zgartira olmaganini, har qancha istamasin kuchli oqimga qarshi suzishning ilojisi bo‘lmaganini, vaqti kelib xuddi qora qarg‘alar oq qarg‘ani cho‘qilab nobud qilishgani kabi o‘zi ham mag‘lub bo‘lganini tan oladi. Olov bo‘lib yonayotgan tanasini sovutish uchun styuardessa keltirgan muzdek mineral suvdan yutoqib ho‘playdi, dastro‘moli bilan terlab-pishib ketgan yuz-ko‘zini artadi, lablarini qontalash bo‘lib ketguncha tishlaydi. Yurakni o‘rtaydigan rekviyem samolyot kabinasining har bir burchagidan go‘yo otilib chiqayotgandek uni tinglagisi kelmay quloqlarini berkitib oladi, “grin kard” esa majaqlangan holda oyoqlari ostida yotadi.

Oh, “Orzu rekviyemi”… U shaharning gadoy topmas yeridagi mayxonaning xira, shiftdagi chirog‘i lipillab turgan, shirakayf odamlar og‘zidan sigaret tutuni aralash taralayotgan jargon so‘zlardan quloq tom bitadigan, derazasiga sarg‘ayib ketgan gazetalar qo‘lbola qilib yopishtirilgan xonasining bir burchida o‘tirgan-ellik yoshni qoralagan, oriqligidan ustidagi eski kostyumi egnida osilib turgan, soch-soqoli o‘sgan kishining qalbida ham ilkis chalinadi. Hech kimga qo‘shilmay, bir chekkada yolg‘iz o‘zi o‘tirgan bu kishi ssenariyga o‘xshash narsalar yozilgan qog‘ozlar uyumini stol ustiga qo‘yib olgancha ularga faromush nazar soladi. Qog‘ozlarning uvadasi chiqqan, ba’zilari yirtilgan. Har birining ostiga qayd etilgan “1999”,  “ 2004”,  “2012” kabi raqamlarni ko‘rib, ular ancha yillar oldin yozilganini taxmin qilish mumkin. Keksa ssenarist vino shishasining ikkinchisini bo‘shatishga shaylanarkan, olis o‘tmishda qolgan hayotini ko‘z oldidan o‘tkazadi. Moskvadagi kinematografiya instituti VGIKni tamomlagach, ne-ne orzular bilan kino olamiga qadam qo‘ygani, Tosh shahardagi kinoga aloqador tashkilotga ssenarist bo‘lib ishga kirgani beixtiyor shuurini yo‘qlab keladi. Shunda bir paytlar marionetkalar jamlangan badiiy kengashdan asossiz ravishda ketma-ket rad etilgan ssenariylari taqdiri yuragini tilka-pora qiladi. Mustaqillikni madh etuvchi pafosli, siyosatga xizmat qiluvchi zamonning po‘kak qahramonlari gavdalantirilgan bo‘m-bo‘sh, jahannamda ham mavzusi eskirmaydigan urf-odatlar va an’analar haqida siyqasi chiqqan ssenariylar tasdiqlangan davrda uning tarixiy shaxslar, o‘zbekning yaqin va olis tarixi, jamiyat va shaxs o‘rtasidagi ziddiyatdan so‘z ochuvchi, shaxsning yolg‘izlanishi-yu izolyasiyasi va qator mavzular haqidagi tosh bosadigan ssenariylariga joy topilmagani shuncha yildan keyin ham qalbiga bir dunyo g‘ussani joylaydi. Oskar, Kann, Venetsiya kabi festivallarda qatnashishni orzu qilmaydigan, haligacha kino ichida nima qilib yurganini tushunmaydigan, keraksiz mavzudagi filmlarga katta mablag‘ ajratib, keraklisiga sariq chaqani ham ravo ko‘rmaydigan  mutasaddilar va o‘rtamiyonalikdan yuqoriga ko‘tarila olmaydigan, guruhboz va quruq, o‘z ustida ishlamaydigan, Ingmar Bergman yoki Mikelanjelo Antonioni kabi maestrolarning tajribasini o‘rganmaydigan rejissyorlarni istehzo bilan xotirlaydi. So‘ng o‘z qadriga va turg‘un holatga kelib qolgan milliy kinematografiyaga balki ming birinchi marta achinibmi yoki to‘lib ketgan alamlariga bir malham sifatidami, ko‘p o‘tmay ikkinchi shishani ham bo‘shatadi.

Oyoq osti xazonlarga to‘lib ketgan, kech kuzning dilni o‘rtaydigan siyratiga tikilgancha o‘rindiqda qimr etmay o‘tirgan mo‘ysafidning yuragida ham ushalmagan orzularga janoza o‘qiydigan rekviyem ijro etiladi. Go‘yo  bu ko‘zga ko‘rinmas orkestrga shaxsan Toskanini dirijyorlik qilayotgandek, u anchayin yuqori saviyadagi ijro orqali mo‘ysafidning yuragidagi ezgin xotiralarga xayolan qorishib ketadi. Bir umr o‘zbekni har qanday mafkuralardan xoli tarzda, ularga manqurtlarcha bo‘ysunmay, o‘z shaxsiy fikri va mustaqil yo‘liga ega bo‘lishini orzu qilib kelgan mo‘ysafid taqdirga tan bergandek ko‘zlarini bir nuqtaga tikkancha shu turishida o‘limini kutayotgandek taassurot qoldiradi. Sho‘rolardan oldin turkparastlikka,  sho‘rolar paytida bir umr Marksizm-Leninizm mafkurasiga xizmat qilgan xalq endilikda istiqlolning dastlabki o‘ttiz yilligidayoq bir necha mafkurani paypoqdek almashtirgani, bitta mafkuraga qiziqishi va xizmat qilishi besh yilga ham bormagani uning dilini xufton qiladi. Ayni paytda o‘tgan asrning boshlarida vujudga kelgan jadidchilik mafkurasini yangicha talqinda o‘ziga moslab , unga sig‘inayotgan, o‘zini neojadid deb ovoza qilayotgan, siyosiy no‘noqligi oqibatida o‘z vaqtida o‘n mingdan ortiq Farg‘ona vodiysi aholisini boshini yegan jadidchilikni ayni paytda hokimiyat tepasiga va davlatning boshqaruviga kiritish zarurligini, shu yo‘lgina millatning taraqqiyoti va farovonligini belgilab beruvchi kuchligini vaysayotgan, sayoz tafakkurida rusofobiya  va shovinizm avj olib, xuddi bir paytlar Gitler qilgan xatoni takrorlab, turkparastlik va turkiylarni oriylar deyishga shaylanayotgan  xalqning sho‘rpeshona ziyoli qatlami haqida o‘y surib na kulishini, na yig‘lashini biladi. Ularning gazetalardagi baqir-chaqirlari, televizordagi munozaralari,  minbarlardagi pafosli chiqishlari, yozayotgan makulatura kitoblari va dissertatsiyalari, sho‘rolarning tarbiyasini olgan, doimiy shirakayf yurishi va bachkana fe’l-atvori sabab ahloqan jadidchilik qolipiga umuman tushmagan yoki paranji tashlash-u ishchilarni uyg‘otish orqali sho‘rolarga xizmat qilishni o‘z burchi deb bilgan ikki-uch shoirni jadid bo‘lgan edi da’vo qilishlari, xalqning tirikchilikdan ortmayotgan qatlamini esa xuddi bir vaqtlar Panturkizm va Marksizim-Leninizm mafkurasiga maftun bo‘lgani kabi ularga ko‘r-ko‘rona ergashayotgani hamda quloq tutayotgani, ularnigina xaq deyishga axborot oqimi ko‘magida majburlanayotgani nazdida bir be’manlikdek tuyuladi. Qachon o‘zbek biror bir mafkuradan xoli tarzda yasharkin deb o‘yga toladi. Bu ushalmagan orzusi o‘lim yoqasida ham yuragini tirnaydi…

Orzu rekviyemi tinmaydi. Jon berayotgan Motsartning boshida boshlangan xomaki nusxasi mukammal ko‘rinishda, asrdan asrga o‘tib Yer yuzining istalgan burchagida, har daqiqada yuzlab, minglab, millionlab odamlarning yuragida ijro etilaveradi. Bu odamlar ushalmagan orzulari yoki boy berilgan xomxayollariga kuyning ibtidosida aza tutishadi, uning intihosida esa ularni tinchgina ko‘mib yo yashashda davom etishadi, yo kech kuzning mana shunday dilgir kunlaridan birida omonatlarini egasiga topshirishadi.

 

2022 yil, noyabr

Sherzod Ortiqov    

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting