Kursiv

0
381

hikoya

Taomilga ko‘ra keyingi navbat disertga. U o‘zi uchun begona bo‘lmagan shirinliklar dunyosida adashib qolgan to‘qqiz yashar boladay, tanlov borasida chuqur mushohadaga g‘arq bo‘lgandi.

— Janob, buyurtma berasizmi?

Go‘yo, hali ish faoliyati davomida bunchalik tanlovga qiynalgan xo‘randani ko‘rmagan va o‘zini hafsalasi pir bo‘layotgan fe’li tor kimsalardek tutib so‘radi, girgitton.

— Napoleon, Prada… — O‘ziga-o‘zi qo‘lidagi taomnomani ko‘zdan kechirgancha, xotiralar og‘ushi aro nimanidir eslashga qattiq urinar edi.

Napoleon! Prada! Vinegret! Baralla qichqirib uyni boshiga ko‘tarardi. Bu ikki shirinlik va bir salat tayyorlangan kun Valeraning uylariga keladigan mexmonlar ko‘p bo‘lishini anglatardi. Baayni ushbu mexmonlar orasida uzoq qarindoshi, xolavachchasi Svetlana, uning harbiy eri komandir Xamzatov va ayniqsa qizlari Bibisoraning ham borligi bolaning hursandchiligiga alohida xuzur baxsh etardi. Garchi bu kunda otasi xizmat chog‘ida qahramonlarcha omonatini topshirgan esa-da, bolaning ko‘ngliga kattalardan hech kim ozor yetkazgisi kelmagani sabab, bu kun bayramdek o‘tishiga aslo qarshi chiqishmagan. Qolaversa marhumning rafiqasi Lyudmila Andreevna ham juda bamani, og‘ir-bosiq va mag‘rur bo‘lib, ha deganda erini hotirlab aza tutadigan jabrdiyda yoki yig‘loqi ayollar sirasiga kirmasdi.

Nihoyat, eshik tomondan Xamzatovlar oilasi bo‘y berdi. Avval qo‘lida bir dasta oq gullar ko‘tarib olgan Svetlana, so‘ng maxsus qutida shoxona ichimlik ko‘tarib olgan Ravshan Ibragimich va ularning ortidan beg‘ubor tabassum ila, uyalibgina ko‘rinish bergan Bibisora…

Uning yuz tuzilishini eslashga urinar ekan, qarshisida o‘qrayib turgan kafe xizmatchisiga ko‘zi tushib, bir lahzaga shirin xayollari uzilib qoldi.

— Nima buyurasiz janob? — qo‘lidagi taomnomani yopib.
— Shokoladli Prada, — deb cho‘rt kesdi. — Ha, aytgancha… — Buyurtmani to‘liq so‘ramagan, ammo bundan sira hijolat chekmagan yigit, ortga qayrilib murojaat qilmoqchi edi-hamki, — Ichishga uch xissalik Espresso, -degan, nosamimiy va qo‘pol javob oldi.

Qoshiqcha bilan tortni titib, uning shirin va qadrdon ta’mi ham boyagi hotiralarini qaytara olmagach, kecha hamyoniga solib qo‘yilgan bir parcha qog‘ozni olib o‘qiy boshladi.

«Bilasanmi azizam, o‘rtamizda faqat shu bitik bor. To unga nuqta qo‘ymas ekanman, sen bilan uchrashmaymiz. Ammo ushbu yakun naqadar og‘ir va mushkul ekanini bilsang edi. Bilsang edi…

Yonimda ekaningda, men uchun kunlarning axamiyati yo‘q edi. Shunchaki ularni sen bilan birga qarshi olar, sen bilan birga kuzatishni xushlardim. Endi esa kechagi kunni eslab o‘zimni qo‘yarga joy topa olmayapman. Tun bo‘yi o‘sha voqea menga uyqi bermadi. Chunki, endi sen bilan qayta uchrashishning yo‘lini topgandayman. Ha albatta, bu borada sen doim o‘z fikringga ega bo‘lgansan. Axir ikkimizdan jasurrog‘i ham o‘zing eding. Men bo‘lsa…

Men bo‘lsa har galgidek jur’at etolmadim. Balki zamon tezlashib ketgandir? Xa, aniq zamon tezlashgan. Unday bo‘lmaganda agar, yo‘l ustiga yiqilib, hushini yo‘qotgan bolaga — atrofdagilar o‘zlarining allatovur matohlari orqali harakatsiz va hissiz qarab turisharmidi? Balki ular rostdan ham bir lahzaga joylarida qotib, hushyorlikni yo‘qotgandir. Yoki ularning barchasi odamiiylik degan tushunchani unutishgandir. Lekin men, sening keksa ering, hali odamgarchilikni unutganicha yo‘q. Qarshi yo‘nalishdan, katta tezlikda yaqinlashib kelayotgan yengil mashinani payqagan zaxotim, o‘spirinni qutqarish payiga tushdim.

Odamlarga nima bo‘lgan? Nega ular, teatrga kelgan tomoshabindek? Shu kabi turli o‘ylar o‘tar va jahlim chiqardi. — Qarasalaringchi. Ey. Hoy odamlar. Ey barzangi, ha, ha sen. Bu yoqqa kel. Ushla. Ha, oyog‘idan. Qani, uch, deganda, yo‘l chetiga olamiz. Bir, ikki…

Bolaning bexush tanasini, bir chetga o‘tkazar ekanmiz holdan toydim. Kimdir, mening o‘rnimga uning qo‘llaridan ko‘tarib oldi. Nihoyat, boyagi bir to‘da olomonga jon kirdi. Endi ular ham yordamga shoshardi. Men bo‘lsa, xixm-xixm, men bo‘lsa ancha qaribman shekilli, tizzalarim. Tizzalarim og‘riyapti. Nafas rostlashim kerak. Yo‘l chetida enkaygancha nafas rostlagan bo‘ldim. Aynan ana shu bir necha fursatlik holdan toyish tufayli tobora yaqinlashib kelayotgan mashinani, peshonam ostidan kuzatib turar ekanman, ko‘p narsalarni anglab yetdim. Balki men ham, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, indamay o‘spirinning oldiga yotib olishim kerakmidi? Ana. Ana o‘shanda mana bu qo‘limdan tortayotgan, qad-qomati kelishgan, ko‘rkam va basavlat yigit shunchaki kuzatishda davom etardi. Biroq unday bo‘lmadi. Afsuski, barchasini juda kech angladim. Ortimdan, — g‘alati chol ekan, deb gapirganlarini eshitib, ilk bor kimningdir fikriga ham qo‘shilib, bosh irg‘ab qo‘ydim. Sababi esa juda oddiy. Azizam, sensiz keksa ering o‘ziga o‘xshamay qolgan. Bunga esa bugun yetti yuz-u otmish to‘qqiz kun to‘ldi. Ammo, senga bergan va’damni ustidan chiqa olmadim. Eshityapsanmi? Sendan ayrilgan kunimni bayramdek nishonlay olmadim. Balki menda onamda bo‘lgan metin iroda kabi kuch yetishmas. Shuning uchun ham urushda halok bo‘lgan otamni o‘ylasam etim uvishmasdi hech. Ochig‘i uni tashqi ko‘rinishini va qanday inson bo‘lganini ham eslay olmayman. Esimda qolgani, undan doim daraxtning hidi kelardi…

Otamdan deyarli hech narsa meros qolmagan. Shunday bo‘lishiga qaramay, uyimizdagi eski patefon yodgorlik sifatida juda aziz menga. Azizam, ‘Kanzas shahri’ guruhining o‘sha mashxur qo‘shig‘i yodingdami? «Shu ruhda davom et, mening daydi o‘g‘lim (Carry on my Wayward son)» hozir o‘sha plastinkani uskunaga joyladim. Demak, shu qo‘shiq sadolari ostida biz yana uchrashamiz.

Alvido Azizam».

Maktubni yopib o‘ziga-o‘zi javray boshladi.

— La’nati qoziq. Axir shuncha yildan beri, qandilni ko‘tarib turgan edi. Hozir o‘ylab ko‘raychi, ha. Naqd yigirma to‘qqiz yildan buyon, turgan ilgak aynan bugun shiftdan uzildi. Nega, nega aynan bugun? A-xa-xa, qari ovsar. Shu ishni ham eplolmading. Shu ishni ham, -deya bo‘yniga, hamon og‘riq berayotgan arqon izlari ustiga, barmoqlarini bosib qo‘ydi. So‘ng qarshisida turgan ichimlikka ko‘zi tushgan zahot, uning mazasini totib ko‘rishga jazm etdi.

— Uch hissalik Espresso! — ta’kidladi bayramona ohangda. Balki u kinolarda bo‘lgani kabi, o‘zini zamonga hamnafas tutgisi kelgani uchun shu suyuqlikdan bahra olgisi kelgandir. Yoki kun bo‘yi poytaxt ko‘chalarida tentiraklab yurganida, yo‘l chetidagi ko‘chma g‘ildirakli kichik bufetning sirtida reklama qilib qo‘yilgan mayda yozuvlarni o‘qib eslab qolgandir. Nima bo‘lgan taqdirda ham, u aynan nima sababdan bu ichimlikni tanlaganini uzoq o‘ylamadi. Chunki Espressoning birinchi yutimidanoq qandaydir lazzatli ta’m Valerani yana o‘tmish aro yetaklab ketti.

Katta hayajon va qandaydir havotir bilan go‘shakni ko‘tarib raqam terishni boshladi. Xizmat vazifasi tufayli Qrim-Tatar o‘lkalarida yurgani va Lyudmila Andreevnadan xat-xabar kelmay qo‘ygani uchun o‘zini qo‘yarga joy topa olmasdi hech. Uzoq gudokdan so‘ng go‘shakdan onasining hokisor ovozi eshitildi. Undan tinmay hol so‘radi, kayfiyatini ko‘tardi. O‘zi haqida va dengizni ko‘rish to‘g‘risidagi barcha orzulari ushalgani haqida bot-bot so‘zlab berdi. Ammo qancha gapirmasin onasining ovoziga shira qo‘shilmadi. Go‘shakni qo‘ygach, tamakini tutatib ozroq o‘yladi. Yaxshi gumonda bo‘lish uchun avvaliga, — meni sog‘inganda, deb o‘zini ovutdi. So‘ng baribir nimadandir ko‘ngli g‘ash bo‘lib Toshkentga butunlay qaytishga qaror qildi.

Valeraning onasi Lyudmila Andreevna juvonlik paytidan juda mag‘rur va vazmin bo‘lgan. Eri qazo qilgach yolg‘iz o‘g‘lining ko‘nglini o‘ksitmaslik uchun turmushga ham chiqmadi qaytib. Yillar o‘tar ekan, Valer ancha ulg‘ayib rahmatli otasi kabi ko‘rkam va basavlat yigit bo‘ldi. Kamiga orzu-havas qilishda ham, kiyinishda ham o‘zi bilmay unga taqlid qilardi. Aynan shu sabab Lyudmila ich-ichidan zil ketishni boshladi. Chunki o‘g‘li, Viktorning qismatini takrorlayotganini faqat u ko‘rib turardi, faqat u bilardi. Tobora yoshi bir joyga borarkan, mag‘rurlik qo‘rslikka, vazminlik esa tajanglikka aylanardi. Ushbu fe’li bilan o‘g‘liga sabri va sog‘lig‘i yetgancha xat yozdi. Biroq har kuni o‘g‘lining yo‘lini poylash, bir kuni qaytishini kutish azobi og‘irlik qilgan shekilli, alal-oqibat bir joyga yotib qoldi.

Lyudmilaning ahvolidan xabar topgan Xamzatovlar oilasi birinchi bo‘lib yordamga shoshildi. O‘rtalaridagi shuncha yillik bordi-keldi va Ravshan bilan Viktorning qiyomatli do‘stligi hurmati to Lyudmila Andreevna oyoqqa turib ketmagunicha qoshu-ko‘z bo‘lishdi. Ayniqsa Bibisora bu beminnat g‘amxo‘rlikning boshida bo‘lishi turgan gap. Chunki uning Valerda chin ko‘ngli bor. Lyudmila Andreevnaga esa o‘z onasidan ham ziyoda munosabatda edi… Ammo harchand urinishmasin Lyudmila Andreevna ichikaverdi-ichikaverdi, Valera esa o‘z vaqtida yetib kelolmadi baribir. Uyiga kechikib yetib kelgan Valeraning ko‘zi dafn marosimiga tushib, qo‘lidagi paketlar yerga sochilib ketdi. Bu paketlarning barchasi marhuma uchun atalgan sovg‘a-salomlar edi.

— Onam rahmatli tayyorlab beradigan kakaoli choyga o‘xsharkan, -dedi, Lyudmilani eslab. Biroz boshini tik tutgan bo‘lib atrofga bir razm solib oldi. Kafeda hech kim qolmagan. Garchi ish vaqti tugamagan esa-da, odamlarning barchasi xotira maydoniga ketgan. — Bugun g‘alaba kuni! Bugun katta Parad bo‘ladi, Marsh bo‘ladi! So‘nggida salyut otilsa ham ajablanmayman. — Aljirab o‘rnidan turdi. U ham o‘sha tarafga borishi kerakligini eslab.

— Napoleon. Prada. Vinegret… — Toshkent ko‘chalarida odam gavjum edi. Mashinalar esa undan ham ko‘p. Yo‘l chetida telefonning video kamerasini yoqib turgan tomoshabinlar ham yetarli! Bu safar ularni hech kim tergamadi.

Farhod Eshonov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting