Taniqli ingliz yozuvchisi Jorj Oruellning yagona farzandi va merosxo‘ri Richard Bler bilan suhbat.
— Otangiz bilan bog‘liq eng esda qolgan xotirangizni aytib bera olasizmi?
— Xotiralarimning ko‘pi Jurada kechgan bolaligim bilan bog‘liq. Esimda qolgan voqealardan biri, uch-to‘rt yosh paytligim, Jurada yashaganimizda Barnxill bog‘idan eski bir truba topib olgandim. Otam juda ko‘p sigaret chekar va qoldig‘ini kaminga otardi.
O‘sha kun kechki ovqatdan so‘ng, o‘zimcha otamga o‘xshamoqchi bo‘ldim. Eski trubani otam tashlagan sigaret qoldig‘i bilan to‘ldirdim va unga o‘xshab chekmoqchi bo‘ldim. Keyin nima bo‘lgani sizga ayon. Xullas, qattiq hastalanib qoldim.
Afsuski, otamning ovozini eslolmayman. U 1937 yilning aprel oyida Ispaniyada bo‘ynidan o‘q yegandi, ehtimol, shu sababli har doim juda past ohangda gapirgandir. Qanday sho‘xlik, xarxasha qilsam ham baqirmas, ovozini balandlatmasdi. Ehtimol, shuning uchun ham otamning ovozi umuman esimda qolmagandir.
Yana bir boshqa xotiram esa Juradagi dengizda cho‘kib ketishimiz bilan bog‘liq. Dam olish kunlari qayiqda oilaviy sayrga chiqardik. Kunlarning birida to‘rt kishi qayiqda ketayotgandik, to‘satdan muammoga duch keldik. Qarasak, qayiqning motori tushib qolibdi. Otam tezda amakivachcham Genriga yaqindagi sohilga qarab eshkak eshish kerakligini aytdi. Nihoyat sohilga chiqib oldik. Genri va uning singlisi Lyusi qirg‘oqqa tushib, qayiqni sohilga tortib olishmoqchi bo‘lishdi. Men o‘sha payt otamning tizzasida o‘tirardim, birdan qayiq sirg‘alib ketdi va ag‘darildi. Biz suvga tushib ketdik. So‘ngra bir amallab qayiq ostidan chiqdik. Bilasizki, dengizda istalgan baxtsiz hodisa tezda fojiaga aylanishi mumkin. Bir zumda jarohat olishingiz yohud oqimda adashib qolishingiz hech gapmas. Agar o‘shanda cho‘kib ketsak, otamning faqat “1984” romani bo‘lar, boshqa asar yozolmasdi.
— Sizningcha, Jorj Oruellning eng bebaho g‘oyasi nimadan iborat edi?
— Menimcha, otamning asosiy maqsadi — fikrini tiniqlashtirish, atrofdagi voqealarni tushunishga va tahlil qilishga urinish edi. Hukumat odamlarga haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan loflarni aytishga, haqiqat va unga zid keluvchi dalillarni yashirishga harakat qiladi. Menimcha, Jorj Oruell aynan shu narsa haqida bizni boxabar qilmoqchi bo‘lgan. Buni otamning “1984” asarida ham sezish mumkin.
Hukumat odamlari hamisha sizdan haqiqatni yashirishadi, haqiqat ochiqlanmasligini qat’iy nazoratga olishadi. Fikrimcha, otam ham butun umri davomida shunga qarshi kurashgan. Ko‘pchilik otamning antitotalitarizmi Stalinga qarshiligini ta’kidlaydi. Ammo bu mutlaqo xato, u Stalin bilan bog‘liqmas. U — o‘z irodasini bo‘ysundirishga urinayotgan har kimga nisbatan edi. O‘z irodasini tobe’lariga bo‘ysundirishga urungan har qanday hukumat totalitarizmdir.
— Jorj Oruellning qaysi romani sizga ko‘proq yoqadi?
— Albatta, “Molxona” romani. Bu men o‘qigan ilk kitob, ta’kidlashim joizki, uni o‘qish va tushunish birmuncha oson. Men “Kataloniyaga ehtirom” va “Uigan ko‘prigi yo‘li” asarlarini ham yaxshi ko‘raman, biroq bular roman emas.
Otamning barcha romanlari zamirida bir g‘oya mujassam — oyoq ostida ezilgan, xo‘rlangan kichkina odam. Otamning asarlari biroz murakkab tuyulishi mumkin, ammo ustalik bilan yozilganiga shubha yo‘q. Yozuvchining g‘oyasi — kundalik hayot, nima bo‘lishidan qat’iy nazar chirkin tuzumga qarshi tura olgan, balki, shu ishi uchun ham xo‘rlangan, ezilgan, biroq doimo cho‘qqiga erishishga harakat qilgan odamning kurashidan iborat.
— “1984” romanining hozirgi siyosat va jamiyatga bog‘liqligi bormi?
— “1984” romani bugungi siyosat uchun ham dolzarb, albatta. Biz ko‘pincha to‘liq voqea nima haqda ekanini bilmaymiz, tasavvur ham qilmaymiz. Hukumat uchun chalkashliklar yaratish hamma narsadan muhim. Bu ular tarqatgan yumshoq iboralar, yasama shiorlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Buni sezish uchun daho bo‘lish shart emas.
Har safar hukumat va xalq o‘rtasida nizo chiqsa, deyarli hamma “Jorj Oruyell — “1984” deydi. Otam buni shunday bo‘lsin, deb yozgani yo‘q tabiiyki, u shunchaki bu firibgar dunyoda voqealar qanday kechishi haqida bashorat qildi, bizni mash’um jinoyatlardan ogohlantirmoqchi bo‘ldi, o‘z etiqodi bo‘yicha yozdi.
— Jorj Oruell haqidagi eng katta va noto‘g‘ri tushuncha nima deb hisoblaysiz?
— Bittasi mana: “Uning yozganlarida yumor yo‘q” deyishadi. Bu safsata. Ammo eng katta va noto‘g‘ri tushuncha boshqa narsa, ya’ni odamlar Jorj Oruellni o‘zlari bilganicha anglashidir. Odamlar Oruellni o‘z manfaatlari, o‘zlarining siyosiy g‘oyalari uchun xizmat qildirishga urunishadi. Chunki Oruell ularga niqob vazifasini o‘tay oladi. Insonlar o‘z nafsi, manfaati yo‘lida “Oruell” so‘zidan haddan tashqari ko‘p foydalanishadi.
— Sizningcha, erkinlik nima?
— Erkinlik bu — “2 + 2 = 5” yoki “4” yohud “3” deb ayta olishdir.
— Siz uchun demokratiya nima?
— Demokratiya — bu boshqalar eshitishni istamagan narsani aytish huquqiga ega bo‘lishdir.
— Jorj Oruyellning daholigini tasdiqlovchi eng ishonchli fakt nima deb o‘ylaysiz?
— Menimcha, bu otamning fikrlari tiniq va haqiqatligi, yozgan asarlarining sodda hamda o‘ziga hosligi, shuningdek, atrofida sodir bo‘layotgan voqealarni ko‘pchilikdan ko‘ra tezroq anglay olishidir. Otam dunyoda nimalar yuz berayotgani, hukumatning ko‘plab beo‘xshov buyrug‘u qarorlari va odamlarning unga munosabatini anglay olar, his qilardi. U bularni aniq ko‘ra olardi. Balki, shunga tayanib Jorj Oruellni daho hisoblash mumkindir.
— Suhbatingiz uchun rahmat!
- Sizga ham rahmat. Salomat bo‘ling!
Hafiz Ahmedov suhbatlashdi.
Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi