Oppoq qor

0
409

Jumanazar Yo‘ldosh

(Hikoya)

  – Yana bir umidsiz tong otdi…

  Ko‘zlari xastalikdan kirtaygan, zaif tanasida   hayotiy alomatning so‘nggi uchquni saqlanib qolgan Munisa tong shu’lasi tushayotgan derazaga tikilgancha og‘ir xo‘rsindi.

  – Nega unaqa deysan, qizim? Hali ko‘rmaganday bo‘lib tuzalib ketasan!

  Nuriya opaning bunday behuda ko‘ngil ko‘tarishga urinishi Munisa uchun beta’sir edi. Chunki u o‘limining muqarrar ekanligini vujud-vujudidan his qilar, har bir kunini dunyo bilan vidolashish onlari kabi o‘tkazar, gunohlariga istig‘for aytib afv etishini xudodan so‘rar edi.

  – Men xuddi o‘lish uchun yashayotganga o‘xshayman. Yashash uchun yashashni istar edim, lekin istaklarning hammasi ham bajo keltirilmas ekan…

  – Qizim, noumid – shayton. Yaxshi narsalarni o‘yla, meni o‘yla. Axir mening bittayu bitta qizimsan, ko‘zimning oqu qorasisan… Sendan ajralishni tasavvur qilishni o‘zi meni o‘ldiradi!

  Nuriya opa qizi to‘shakka mixlanib qolganidan beri pinhona (qiziga bundan ham yomon ta’sir o‘tkazmaslik uchun) yig‘lab siqtashdan bo‘shamay qoldi, uning og‘ir ahvolidan ham ko‘ra umidsiz, hayotidan judo bo‘lishga roziligini anglatadigan so‘zlari, ko‘zlari ko‘proq bag‘rini ezardi. Qizini qanchalik oyoqqa turishiga, sog‘ayishiga umidlantirishga urinmasin bari befoyda ketar, bu esa qaytaga o‘zining miltillab turgan, zaif umidiga ham daxl qilardi. Lekin Nuriya opa odam kerak paytda irodali bo‘lishi kerak deb o‘ylar, bu bilan go‘yo o‘ziga kuch berganday bo‘lar, shu kuch asosida qizini parvarishlardi. Munisaga onasining qarovi yoqardi, chunki bu bilan u o‘layotgan odamning ortidan bitta bo‘lsa ham yig‘lab qoladigani bo‘lsa o‘zini baxtlilardan biri deb bilishi mumkin, deb o‘ylar, onasi timsolida esa o‘sha yagona insonni ko‘rardi.

  Kosada bug‘ chiqib turgan qaynoq mastavani ona qizi yoniga keltirib qo‘ydi. Munisa ovqatga qarab negadir kulib qo‘ydi, lekin baribir ham o‘rnida zo‘rg‘a ko‘tarilib o‘tirib oldi. Nuriya opa kosani qo‘liga olib qiziga ichira boshladi.

  – Odam nimaga ovqatlanadi?

  Munisa xastalangandan beri g‘alati savollar berishni o‘ziga odat qilib olgan, bu bilan esa onasini o‘ylantirib va hayron qilib qo‘yardi.

  – Taniga mador kirishi uchun.

  – Madori bor odam nima qiladi?

  – Yashaydi: mehnat qiladi, o‘ynaydi, kuladi…

  – Men nima uchun ovqatlanishim kerak, axir bu narsalarni qilish meni qo‘limdan kelmaydiku.

  – Sen sog‘ayib ol, keyin qila olasan…

  Munisa yana kulib qo‘ydi. Savollariga qoniqarli javob olmagani uning nursiz yuzidan sezilar, ishtahasiz ovqatlanish ham tatimayotgani ko‘rinib turardi.

  – To‘ydim. Menga yaxshisi umid haqida, hayot haqida nimadir aytib bering.

  Nuriya opa yarimlagan kosani chetga oldida xayolida qaysi nima so‘zlashni chamaladi. U qiziga ertak, rivoyat so‘zlab berishni yoqtirardi, negaki shundagina nazarida, qizining chehrasi xiyol yorishganday, tushkunlik biroz yiroqlashganday tuyilar edi.

  – Qadim zamonda bir kabutar bo‘lgan ekan, u tuxumining ochilishini uzoq kutibdi. Oxiri tuxumni yorib polapon chiqibdi. U juda jajji, nimjon ekan. U boshqalar kabi chaqqon, quvvatli bo‘lib yetishmabdi. U nuqul aytarkan: “Men ucha olmayman, qanotlarim ojizlik qiladi, boshqalarday emasman“. Shunda otasi unga “Senga hammadan ko‘proq ishonaman, sen albatta osmonni zabt etasan, sening qanotlaringning tovushi butun osmonga yoyiladi“, debdi. Nimjon kabutar esa bu so‘zlardan ruhlanibdi va o‘z qo‘rquvini yengib, tinimsiz ravishda uchishni mashq qila boshlabdi. Urinishlari zoye ketmabdi, u pastlab bo‘lsa-da ucha boshlabdi. Fursat o‘tib uning qanotlari baquvvatlashibdi va nihoyat osmonu falakda qanot qoqib ucha boshlabdi. U o‘ziga bildirilgan ishonchdan, umiddan chindan osmonda erkin parvoz etibdi…

   Munisa jimgina, xayolchan tingladi. Onasi kabutarlarni yaxshi ko‘rishini bilgani uchun aynan shu qush haqida hikoya qilganini sezib turardi.

  – Oyi, nega otam bizni tashlab ketgan?

  To‘satdan berilgan bu og‘ir savolga javob berish Nuriya uchun og‘riqli edi. Har qanday tashlab ketilgan ayollarda bo‘ladigan ma’yuslik hozir uning yuzida Munisa sira ko‘rmagan holatida namoyon bo‘lgan edi. U yuragida allaqaysi tomiri chirt uzilganday bir dardli qalqib qo‘ydi.

  – Otang… yaxshi odam edi. Men yomon edim. Shu uchun bo‘lsa kerak…

  Munisa bu savolni ilk marotaba berayotgan edi, doim otasidan gap ochilsa onasi mavzuni o‘zgartirishga urinar, deyarli hech narsa aytmas edi. Keyinchalik aqli ko‘p narsaga chiqishadigan bo‘lib qolganida otasining aslida qanday inson ekanligini payqagan edi…

   – Yaxshi odam bo‘lsa tashlab ketarmidi?..

   Bu gapni Munisa beixtiyor gapirib yubordi, lekin bu uning dil tubida anchadan beri saqlanib kelayotgan, xalos bo‘lishini kutayotgan bir xitob edi.

  – Unaqa dema, axir u otang bo‘ladi. U bo‘lmasa sen ham bo‘lmas eding.

  Munisa onasining qo‘llarini hamdardona siqdi.

  – Hammasiga shu bema’ni kasalligim sababchi. Bema’ni gapiradigan bo‘lib qoldim shunga.

   Onasi aybsitmaygina qizining qo‘lini siladi.

  – Sen bilan bog‘liq ko‘p orzularim bor, qizim. Faqat tuzalib olsang, bas. Baxtu kamolingni ko‘ray deyman, bir yaxshi insonga turmushga uzatsam, men ham nevara ko‘rsam deyman.

  Qizi chuqur, og‘ir xo‘rsindi. Odatda, hayotdan hafsalasi sovugan yo ushalmas orzular zardobidan odam xuddi shunday xo‘rsinadi.

  – Men bir paytlar bir yigitni qattiq sevganman, oyi…

  – Chindanmi? Menga aytmagansanku. Mendan sira sir yashirmasding?

  – Aytmaganman. Aytgim kelmagan. Hozir nimaga aytyotganimni ham bilmayman… Balki yengil tortgim kelgandir?..

  – U ham seni sevarmidi?

  – Bilmadim. Balki sevardi, balki yo‘q. U yigit menga dilidagini aytmagan. Lekin menga befarq emasligini doim his qilib turardim. Bizning munosabatlarimiz izhorgacha yetib bormagan bo‘lsa kerak… Keyin mening kasalligim ma’lum bo‘ldi va biz mutlaqo ajraldik…

  Ona ma’yus bosh chayqadi.

  – O‘zi sendan uzoqlashdimi? Yoki o‘zing?

  – O‘zi mendan uzoqlashmasidan oldin o‘zim. Unikini ko‘tarolmas edim, shuning uchun…

  – Qizim, sen sira xafa bo‘lma! Hali tuzalib ketsang undan ham yaxshisini uchratasan!

  – Menga undan yaxshisi kerakmas…

  – Nega unday deysan?

  – U menga o‘xshar edi, qalbi xuddi mening qalbimday… U meni butun borlig‘imga aylangan edi, 

 – U uchun ham shundaymidi?

  – Balkim shunday edi!

  – Unday bo‘lsa sensiz yashash unga ham oson bo‘lmaydi, qizim…

  – Axir taqdir shu. Ko‘nikishi kerak…

  Onaning ko‘zlari namlandi. Qizining zaif tanasini bag‘riga bosdi.

  – Agar taqdiringni o‘zimga olishni iloji bo‘lsaydi, sen uchun o‘zim kasal bo‘lardim, o‘zim jonimni berardim. Nima uchun sen sho‘rlikning yosh boshingga bu baloni yubordi xudoyim?!

  – Yig‘lamang, oyi. Hecham yig‘lamang!

  Munisa onasining yelkasidan tutdi, ko‘zlarini artib qo‘ydi, lekin o‘zining ko‘zlarida milt etgan yosh ham ko‘rinmas edi, xuddi yig‘lashni unutib qo‘ygan, yo ko‘zyoshi tugagan kabi…

  – Bu olam yig‘lab-siqtashga arzimas ekan. Yig‘lamaydiganlar uchun ekan bu olam.

  Ona qizidan ayrilayotganday ortiqcha ko‘zyoshi qilganini fahmlab tezda o‘ziga keldi.

  – Mayli, qizim dam olgin biroz.

  – Oyi, bu yerlardan kabutarday uchib ketgim keladi. Uzoq uzoqlarga…

  – …

  – Derazani ochib qo‘ying, oyi. Toza havo kerak menga…

  Nuriya opa darpardani surib derazani ochdi. Tashqarida chindan oppoq qor yog‘moqda edi.

  – Qor yog‘a boshlabdiku!

  Munisa hazin jilmayib qo‘ydi.

  – Qor nega oq bo‘ladi, bilasizmi?

  Onasi bosh chayqadi.

  – Menimcha, qor osmonning shodligi, quvonchi, baxti, orzusi bo‘lsa kerak. Men doim shunday o‘ylayman. Men doim shu holatda, qor yog‘ayotganda ketishni orzu qilardim…

   Nuriya opa qiziga bir og‘iz ham gapirolmadi, u derazadan atrofni oqlikka burkayotgan osmonga qarab, ichidan allanima deb duo o‘qimoqda edi…

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting