ONAM, MUSIQA VA MEN

0
369

(Esse)

Turfa xil e’tiqodlar, din va mazhablar, xullas kalom, siz va menga o‘xshagan yumaloq boshli odamlar orasida yuradigan gap — so‘zlar va mish — mishlarni to‘g‘ri deb tasavvur etsak hamda ayni hozirgi yashab turgan umrimni eng so‘ngisi(omadni qarang) ya’ni yettinchisi deb hisoblasakda, o‘sha g‘ayrioddiy qarashlar, mo‘jizalar aylanib yuruvchi kallani bir chekkaga olib qo‘yib chuqur o‘ylab ko‘rsak, sizni bilmadimu men oldingi olti hayotimda ham musiqachi bo‘lganman. Ha, ha aniq bilaman, musiqa bilan yashab, musiqadan nafas olganman va musiqa uchun jon fido qilganman.

Balki, 1678 — yil Venetsiyada ayni bahor chog‘ida Jovanni Batista oilasida shoshilganimcha 7 oyda dunyoga kelgan qizil sochli (Rosso), nimjon, kasalmand bolakay Antonio Lusio Vivaldi aslida men bo‘lgandirman. O‘sha buyuk italyan bastakori, ruhoniy va skripkachisi, Barokko musiqasi bastalovchisi, cholg‘u konsertrlari, xor uchun asarlar va 40 dan oshiq opera muallifi sifatida mashhurlikka erishgan ham mendirman? Skripka uchun maxsus yozilgan, men uchun nihoyatda sevimli bo‘lgan, ruhiyatimga mos keluvchi «To‘rt fasl» kompzitsiyasi va operalarini Venetsiya, Mantuya va Venada konsertlarida ijro etib mashhurlukka erishgan musiqachi, butun umr astmadan qiynalsada matonat bilan musiqaga umrini baxshida etgan hamda hayotining oxiri qashshoqlikda o‘tgan daho ijodkor Vivaldi mening ilk tug‘ilishim bo‘lgandir?

 Balki, Avstriyaning Zalsburg shahrida sozanda, o‘qituvchi, kompozitor Leopold Motsartning iste’dodli, kuchli musiqiy xotira egasi, virtuoz(pianinochi, skripkachi) sozanda, mohir derijyor, kompozitor, 5 yoshidan ilk musiqiy asarlarni ijod etgan, 6 yoshida butun yevropa bo‘ylab gastrollarda bo‘lgan mashhur musiqachi o‘g‘il Volfgang Amadeyus Motsart ham mening dunyoga ikkinchi bor kelgan qiyofam bo‘lgandir? 600dan ortiq kompozitsiyalari — simfoniya, konserto, kamer, pianino, opera va xor uchun yozilgan musiqiy asarlar ham mening kuchli musiqiy salohiyatim bilan yaratilgandir?(orzuga ayb yo‘q!) «Fuqaroning uylanishi» opera — komediyasi, «Don Juan» opera — dramasi, «Sehrli fleyta» milliy opera ertagi mening zahmatlarim evaziga dunyoga kelgan durdonalardir?

Buyuk olmon kompozitori, pioninochi va derijyor Lyudvig Van Betxoven uchinchi yoki to‘rtinchi dunyoga kelishim bo‘lganu, fortopiano konsertlari, «Patetik» fortopiano sonatasi, kvartetlar, uchinchi (Qahramonnoma), beshinchi simfoniyalar, Geyotening «Edmont» fojiasiga yozilgan musiqa va hakozo oxiri ko‘rinmaydigan musiqiy asarlarni yaratgan ham kaminadir? Mening sevimli musiqalarimdan bo‘lmish «Eliza uchun» va «Oy»sonatasini fortopianoda jo‘shib ijro etgandurman balki? Quloqlarim eshitmay qolsada ijodimni, musiqamni tark etmagan, ilhom kelmaganida boshimdan muzday suv quyib betakror musqiy asarlar yaratish mendan boshqa telbaga yarashmagan bo‘lardi nazarimda.

O, «Baxt» sonatasi, «Yomg‘ir valsi», «Bahor» hamda «Kuz» valslari Shopen va mening ruhlarimiz uyg‘unligida yaratilgan musiqiy asarlar bo‘lganiga ishonchim komil. Polshada dunyoga kelib, keyinchalik Fransiyada yashagan bo‘lsakda vatanparvarlik bilan sug‘orilgan, halqchil, romantik ijodimiz bilan polyak musiqasini dunyoga tanitganimiz ham bor gap! Milliy ommabop raqslar (polonez, mazurka va boshqalar)ni badiiylashtirgan, skerso, cholg‘u ballada, etyud, prelyudiya, noktyurnlarni badiiy tugal asar darajasiga ko‘targan, ba’zi konsertlar va sonatalarimizda Betxoven an’analarini davom ettirgan ham ikkimiz bo‘lganmiz.

  Xullas kalom, balki, oddiy skripkachi yoki o‘zim sevib tinglaydigan violonchel ijrochisi bo‘lib dunyoga kelgandirman? Fortopianoda kuylar chalib, baxtdan sarmast bo‘lgandirman? Ammo, bilasizmi, men kim bo‘lib tug‘ilishimdan, dunyoga necha marotaba kelishimdan qat’iy nazar Onam yagona bo‘lgan. Har safar, qaysi makon va zamonda tug‘ilsamda meni o‘z Onam dunyoga keltirgan. Tarbiyalab voyaga yetkazgan, orzularim sari yetaklagan. Suygan, erkalagan, erk va ilhom hadya etgan. Otam va Onam ikkisi nechta hayotim bo‘lsa, barchasida men bilan yonma — yon bo‘lishgan. Bu borada taxmin qilmayman, aniq faktlarni ham keltirolmayman. Yuragimga quloq tutaman. Ko‘ngil sezadi. U o‘ziga yaqinlarni shu zahotiyoq tanib oladi.

 Sizga Onam haqida gapirib beradigan bo‘lsam, Onam oddiy ayol. Oddiy xizmatchi oilasida tug‘ilib o‘sgan. Maktabni a’loga bitirib, qizil diplom — oltin medalga tavsiya etilgan. Bu o‘sha vaqtlarda imtihonsiz institutga kirish imtiyozini bergan. Ammo, bobomni chaqirishib, medalning yaxshigina to‘lovi borligini aytishgan. Bobom farzandi uchun rozi bo‘lgan. Onam esa o‘ylab ham o‘tirmasdan rad etgan. Voz kechgan. Axir bu mening Onam, oddiygina bir qishloq qizi…

  Esimni taniganimdan buyon Onamni ko‘pincha tandir yonida, o‘choq boshida, tog‘orada kir yuvayotgan yoki sigir sog‘ayotgan mahalida, yo hovlimizdagi turfa — xil gullarini parvarish qilayotgan, supurib — sidirayotgan, yo bo‘lmasa qaysidir go‘dak singlimni quchog‘ida oziqlantirayotgan holatlarida ko‘rdim. Bilasizmi, men musiqaga bo‘lgan ilk mehrimni qachon his etganman? Quloqlarimga ingan ilk musiqam nima bo‘lgan? Onam menga alla aytganini eslay olaman desam, g‘irt yolg‘on gapni gapirgan bo‘lib chiqaman. Xotiramda ozgina nuqson borligi bor gap. Sababi, ilk xotiralarim yetti yoshimda maktabga borgan chog‘larimdan boshlanadi. Ular ham elas — elas. She’rlar yod olishga ham nihoyatda qiynalardim. Xullas, Onam kechalari emizikli go‘dak singlimni uxlatish uchun beshikni ohista tebratar, beshik ham g‘ichir — g‘ichir qilganicha jo‘r bo‘lar, shunchalar mahzun alla aytardilarki, 7 — 8 yoshli qizaloq bo‘lishimga qaramasdan, dardlarini chuqur his etar, yotgan joyimda yum — yum yig‘lardim. 

Qayerda bo‘lmay, Onamning g‘amgin, mehrga yo‘g‘rilgan allasi quloqlarim ostida musiqa kabi jaranglab turaverardi. Huddi shu ohang, shu musiqa mening qalbimni zabt etgan ilk musiqa bo‘lib qoldi va musiqaga bo‘lgan ulkan muhabbatimning debochasi bo‘ldi.

  Mening Onam oddiygina Ona edi. Hech bir oliygohni bitirmagandi. Oddiygina uy bekasi edi. O‘qiydigan kitoblarining son — sanog‘i yo‘q edi. Badiiy kitoblari, ayniqsa, she’riy to‘plamlari tarbiya etayotgan farzandlari kabi qator — qator edi. Alisher Navoiydan o‘qirdilar. Muhammad Yusuf eng sevimli, she’rlarini ko‘zlariga yosh olib o‘qiydigan shoirlaridan biri edi. Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalarini qo‘llaridan qo‘ymas edilar. Otamning kutubxonasidan o‘rin olgan kitoblar Onam ikkisining orasida talash bo‘lardi. Ro‘zg‘or tashvishi bilan bozorga borsalar kitobsiz qaytmasdilar. Har xil ertak kitoblar, rasmli, she’riy risolalar, bolalar uchun oynoma jurnal va gazetalar olib kelardilar.

Mening Onam oddiygina uy bekasi edi…Ozoda, qo‘li shirin pazanda, batartib ayol edilar. Biz farzandlarining uy vazifalarimizga yordam berardi. Rus tili, fransuz tili(maktabimizda fransuz tili o‘tilardi) matematika, fizika, tarix, adabiyot singari barcha fanlarni o‘zlashtirishimizda yordamlarini ayamas edi. Rus tilida ravon gapirardi. Fransuz tilidan matnlarni tarjima qilib berardilar. Adabiyotdan insho va bayonlar yozishni o‘qituvchimdan emas, Onamdan o‘rgandim. Musiqadan notalarni ham Onam o‘rgatdilar. Qalbimga musiqa va adabiyotga bo‘lgan ilk muhabbat urug‘ini qadagan ham Onam bo‘ldilar.

  Mening Onam oddiy ayol edi…Shunday suratlar solardiki, ko‘zlaringiz quvnab, hayratingiz oshardi. Birgalikda suratlar solardik. Devoriy gazetalar chiqarardik. Maktab tanlovlarida qatnashib mukofotlar olardik.

 Onam mening musiqaga bo‘lgan cheksiz muhabbatimdan voqif edi. Aslida, Otam ham musiqa shinavandasi edi Ro‘bob chalib qo‘shiq aytardilar ba’zida. Eski, plastinkali patefonlari, zamonaviy magnitofonlarigacha bor edi. Lekin, Otam kun bo‘yi ishda bo‘lardilar. Davlat ishi, rahbarlik oson emas axir. Shu sababli, ko‘proq Onam biz bilan birga edi. Onam meni hech qanday izohlarsiz va gap — so‘zlarsiz tushuna olgan yagona dardkashim bo‘lgan. Yo‘q, biz hech mahal bir — birimizga dardlarimizni aytib yig‘lashmaganmiz. Onam va menga nigohlar kifoya bo‘lgan.

— Bolajonim, qaniydi imkoni bo‘lsayu, Otang va men ro‘zg‘ordan, o‘n farzand tashvishlaridan ortsakda, seni shaharga musiqa maktablariga bersak. Orzu qilgan fortopianoni mehmonxonamiz to‘riga joylashtirib, shavqu — zavq, bir olam baxt bilan ijro etayotgan kuylaringni tinglab o‘tirsak. Seni musiqachi yoki xonanda bo‘lishingni shunchalar xohlaymanki — deydi Onam g‘amnok nigohlari bilan.

— G‘am chekmang, Onajonim! Barcha insonlar orzular bilan yashaydilar. Orzular ro‘yobi esa egasining tinimsiz harakati va intilishiga bog‘liq. Kamdan — kam hollarda tasodiflar hamda mo‘jizalar ro‘y beradi. Natijada, orzular amalga oshishi mumkin. Bu holatni balki, bir so‘z bilan omad deb ham atashimiz mumkindir? Demak, mening orzularim allaqachon, dunyoga kelganimdayoq amalga oshgan ekanda! Nega deysizmi? Sababi, men omad bilan birga tug‘ilganman. Otam va sizning farzandingiz ko‘rinishida…

Magnitofon qulog‘ini burayman. Yetti mahallani ko‘chirib qo‘shiqqa jo‘r bo‘laman. Tinch va ozoda (ko‘pincha ag‘dar — to‘ntar) uyda singillarim bilan chuvillashib raqsga tushamiz. Siz charchoqdan biroz dam olish uchun yotgan bo‘lsangiz ham indamaysiz. «Jim o‘tir!», Boshimni og‘ritma!», «To‘polon qilma!» kabi, men hozirda bolalarimga yuz martalab takrorlaydigan so‘zlar sizning ruyxatingizda yo‘q edi. Bolaligimda tushunmaganman. Hozir yoshim qirqdan oshib, ona maqomiga erishib, 3 nafargina bolaning tashvishlariga chiday olmay asabiylashar ekanman, hayratlanaman. Qanday qilib siz kabi halim va mehribon bo‘lish mumkin? Axir sizni tashvishlaringiz meniki bilan solishtirganda osmon bilan yerchalik farqlanar ediku? O‘n farzandning har biriga yetadigan ulkan mehrni, e’tibor kuchini qayerdan olgansiz? Menga ham ayting!

Bizning bu kabi tez — tez uyushtirib turadigan konsertlarimizni yonginamizda dam ola turib kuzatib o‘tirardingiz. Ko‘zlaringizdagi quvonch, baxt bizga ham ko‘char edi.

  — Bolam, birinchi aytgan qo‘shig‘ingni yana aytib ber!- derdingiz.

Men ozroq uyalib turardimda (bu tabiatimdan hecham qutulolmadim) siz uchun, ha faqat siz aytganingiz uchun kuylashga harakat qilardim. 

  -Sen qo‘shiq aytib bersang charchoqlarim chiqib ketadi! — derdingiz jilmayib. 

  Ulg‘aydim. Ammo, na musiqachi, na xonanda bo‘ldim. Qistovingiz bilan maktabimizdagi musiqa tugaragiga a’zo bo‘lganim ham, bayramlarda hayajondan dir — dir titrab aytgan sevimli qo‘shiqlarim ham bunga yordam berolmadi. Siz esa hamon meni ruhlantirishdan charchamasdingiz. Musiqa meni ichimda edi Ona! U tashqi olamda asl jozibasini, tarovatini yo‘qotar edi. Ruhiyatim bilan bog‘langan ediyu, qachondir meni o‘zim anglab yetmagan olamimga yetaklashi kerak edi.

Mening Onam! Oddiy ayol edi…U farzandlarini so‘zsiz tushuna olardi. Ha, oddiygina Ona edi, bolalariga butun umrini baxshida eta olgan. O‘zini unutib farzandlari uchun yashab o‘tgan oddiy ayol! Nigohlarida mehr — muhabbatdan o‘zga kuchliroq tuyg‘uni sig‘dirolmagan, farzandlari, oilasi uchun orzularini, xohishlarini yuragiga dafn etgan oddiygina Ona!

  — Masturam, qo‘shiq aytib ber!- dedingiz bir kuni shahri azimdan ziyoratingizga borganimda. Men jilmayib qo‘yaqoldim. Ko‘zlaringizda aybdorlik, afsus ko‘lankasi lip etganini payqadim. 

  — Sen qo‘shiq aytmay qo‘yding! 

Shu birgina hitobingizda qanchalar og‘riq, havotir va menga berolmaydigan nechalab savollaringiz yangradi. Yana jilmaydim. 

Ona, ayting, barchasini, ichingizga yutgan dardlaringiz, armonga aylangan orzularingiz, farzandlaringiz uchun fido qilgan umringiz g‘am -g‘ussalarini to‘kib soling! Men esa tinmasdan kuylayman. Bolaligimdagi kabi jo‘shib, raqsga tushib kuylab beraman. Endi men siz istasangiz musiqachi, yoki xonanda, buyuk rassom, pianinochi, yo bo‘lmasa o‘zim sevib tinglaydigan violonchel ijrochisi bo‘lishim mumkin. Samolarda parvoz etishim, istang, dunyoni zabt etishim mumkin. Qo‘llarimga siz tutqazgan qalam va qog‘oz orzularimizni ro‘yobga chiqaradi.

 Birgalikda, yonma — yon, bir — birimizni to‘ldirib qadam tashlaymiz;

Onam,

 musiqa

 va men…

Tamom. 6/11.2022.

Kumushbibi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting