KO‘ZLARINGNI RANGI – KUZ!

0
312

Bonu Sarimova (Ermatova) Shuhrat qizi 2000 yil 4 aprelda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi. (2019)

IKKI KAFT DUO

Biz keldik…

Biz ko‘rdik…

Biz kuldik…

Bunga hech kim jonin to‘shamaydi-da.

Jon desa ortig‘in tutguvchi odam –

Ota sizga hech kim o‘xshamaydi-da!

Siz mudom aytasiz ustim but deya,

Ko‘nglin bo‘lagidan non tutgan otam.

Yiqilsam, ko‘z yoshim oqmasin deya,

Ko‘zin chiroq qilib yo‘l kutgan otam.

Onamning bag‘ridan oydinroq yo‘l yo‘q,

Borar bo‘lsam unga mehrim to‘kkani.

Erka ko‘ngli bilan hech yerda joy yo‘q,

Poyingizdan o‘zga men tiz cho‘kkani.

Hamma – hammasini bir chetga surib,

Bir to‘yib sog‘insam, to‘lib sog‘insam.

Menga umid qo‘lin tutadi tunlar,

Tongda esa quyosh bo‘lib uyg‘onsam.

Meni asrab borar ikki kaft duo,

Sizni yorug‘ bo‘lar illo yuzingiz.

Sizlarni suyadi — ona, dadajon,

Mana shu yi-g‘-loqi qizingiz!

Meni asrab borar ikki kaft duo…

NIYAT

Dadajon!

Ko‘zimda izillab boradi,

Kuz kelmay to‘kilgan qorachiq.

Ko‘z ochsam gullaydi butun tan,

Dard achchiq.

Izlari qoladi baxtni yurakda,

Baxtlimi yuragi borlar dadajon.

Oqqushga aylanib qolishga derdim,

Jon – jon…

Vaqt tortib boradi qo‘limdan ushlab,

Men emas doimo shoshib borar vaqt.

O‘n to‘qqizning tonglari oxir,

Ko‘zim ochsam BAXT!!!

Menga havas qilar ko‘ngildagi qush,

Bir g‘ayir yoyadi ichimdagini.

Ruhimni erkalar endi uyg‘oq tush,

Faqat dard qoladi izimdagina…

Faqat baxt qoladi yuzimdagina…

Chekinib ketadi ohiri vaqt ham,

Menga qo‘yib berar hammasin bir on.

Jonim gullab ketar quyoshga boqsam,

DA-A-A-A-DAJON!!!

BONUGA

O‘ylaganing kabi aylanmadi yer,

O‘ylaring o‘ylarga qorishib ketdi.

Sendan oldingilar yo‘lda yiqilib

Sendan keyingilar maqsadga yetdi.

Chorasin topmading hech qaysi dardni,

Faqat g‘olib bo‘ldi dil to‘la hasrat.

Ko‘z yoshing ko‘rmaydi o‘zga o‘zingdan,

Pichirlab aytasan Xudoga rahmat.

Tomchilar anglatar hayotning qadrin,

Har bir nafasingda onang ovozi.

Charchading ruhing mudom allalab,

Gullamay o‘tdi-ya, bahoring yozing.

Bir kun uyg‘onasan, sen o‘zing emas,

Nur bo‘lib olamga taralasan.

Shoiring ko‘ksida qayta tug‘ilib,

She’r bo‘lib yaralasan!

KUZ

To‘kildi tuyg‘ular xuv yaproq kabi,
Oltinlar koniga g‘arq bo‘lib go‘yo.
Shunchalik nozikki hazonlar tabi,
Daydi shamollarga boqmaslar qiyo.

Egildi daraxtning yuvvosh gavdasi
Silkinib qo‘yadi turgan yerida.
Bir zumda boshlansa shamolning sasi,
To‘polon boshlanar kuzning bag‘rida.

Xushqomat daraxtlar bugun betartib,
Mezon eshiklari ochilgan qiya,
Ko‘lmak suviga hazon ketar bet artib,
Fasli kuzni etib bo‘lmas tarbiya.

Xazonlar to‘kilmoq shavqiga mone,
Yomg‘irli kuzning ham tuyg‘usi sohir.
Shamoldek hislari shamolga tobe,
Derazaga kelib urilar yomg‘ir.

MUHABBAT

Sen ketsang, kapalak singari umrim,

Gul kelib holimni so‘ramaysanmi?

Ko‘nglimdan dard sirqib oqadi sim — sim,

Oh g‘uncha, bag‘ringga o‘ramaysanmi?

Hadikda sochlarim silaydi shamol,

Shamoldan asrashga yaramaysanmi?

Dunyomni yoritgan ey yorug‘ hilol,

Umrimni baxtlarga belamaysanmi?

Labim titrog‘ida sirg‘alar isming,

Sen-chi sukutlarda tutqazmaysanmi?

Kelmasang…

Hijronga bo‘laman taslim,

Meni bu savdoda yutqazmaysanmi?

Olis olislarga ketsam bosh olib,

Afsusdan ko‘nglingni tig‘lamaysanmi?

Bir kuni…

Sog‘inib ko‘zga yosh olib,

O‘ksinib — o‘ksinib yig‘lamaysanmi?

***

Yomg‘irli kechada,

Ko‘ngil derazasi ochilgan qiya.

Muzdek sog‘inch xonaga kirib,

Dilginamni titratadi – ya…

Ko‘chada shivirlar  yomg‘ir,

Bir nigoh mung‘ayib kutadi.

Yelkalar titrar,

Uspirin xorg‘in,

Yo‘talib o‘tadi… o‘tadi…

Yomg‘irli kechada,

Yig‘loqi osmon.

Umidvor shamollar uchadi…

Bilaman, shu kecha begumon,

U mendan kechadi… kechadi…

***

Men kuzdan nolidim, kuzdan darak yo‘q,

Yolg‘izlik ichimda azaliy karaxt.

Yomg‘irlar istig‘for aytgan bir damda,

Men uchun duolar o‘qir bir daraxt…

Yelkamni yezg‘ilab qushlar,cho‘qigan

Oxiri toshlar ham hasratin aytdi,

Faqat shu qismatga teskari qarab,

Yelkalari qizil kuz yana qaytdi.

Osmon osoyishta, yerlar sarg‘aygan,

Kaftlari qizarib ketgan tuproqning.

Hali to‘kilmagan so‘zlarim farqlab,

Qog‘ozdan teradi qora va oqni…

Sening ko‘zlaringni rangi – Kuz!

Men yoshlar to‘kaman tonglari farax…

Men sizdan noliyman sizdan darak yo‘q,

Ich – ichimda yonib sarg‘ayar DARAXT!

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting