“KO‘KLAMLAR KO‘Z OCHAR KO‘NGLIMDA…”

0
486

      Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari orqali ustozlar mehrini qozongan dilbar shoiramiz Xonzodabegim Jamolova tinib-tinchimas tengdoshlarimizdan biri edi. U hayotlik paytida o‘z tirishqoqligi, adabiyotga, so‘zga bo‘lgan mas’uliyati, muhabbati bois faqat viloyatimiz emas, balki respublikamiz miqyosida ko‘zga tashlanib, unib-o‘sib kelayotgan qalamkashlardan edi. O‘zi bu olam bilan vidolashgan esa-da, o‘tli satrlari, haroratli bandlari hamon yodimizda, unut bo‘lgani yo‘q.

       Xonzodabegim 1999 yil 27 martda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida dunyoga kelgandi. Adabiyotga mehri baland bo‘lgani uchun she’riyat va publitsistika, tarjima yo‘nalishlarida ijod qila boshladi. Dastlab O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining faol a’zosi o‘laroq turfa xalqaro konferensiyalarda qatnashdi, “Sportchi ijodkorlar” klubi raisi, xalqaro toifadagi sport hakami, “Respublika lider qizlar” harakat rahbari kabi natijalarga erishdi. Ayni paytda O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi edi.

       Xonzodabegim Jamolova faqat jamoat ishlari bilan cheklanib qolmas, xuddi umri qisqaligini biladigandek, shu qisqa umrida ko‘p ishlarga ulgurishi lozimligini anglagandek harakat qilardi. Shaxsan men uning biror joyda gap sotib, xotirjam o‘tirganini, bir masalani uzoq tahlil etib turganini ko‘rmaganman. Hamisha shoshar, hamisha vaqtni birovdan qarzga olgandek taraddudda turardi.

        U qanchalik jamoat ishlari faoli bo‘lmasin, qalban, zohiran shoirtabiat edi. Garchi karate bo‘yicha qora belbog‘ sohibasi esa-da, biroq bir og‘iz og‘ir, nojo‘ya gapdan ko‘ziga yosh olishi, ko‘ngli sinib qolishi hech gap emasdi. Shishadek harir va shishadek nozik ko‘ngil sohibasi edi. Buni yozgan she’rlarini o‘qib ham anglashingiz mumkin. Xonzodabegimning ilk she’riy turkumi 2015 yilda “Sir bo‘yi ilhomlari” hamda “Istiqlol shukuhi” nomli umumiy to‘plamlarda hamda 2019 yil “Bahor valsi”, “Nurafshon ilhomlar” kabi almanaxlarda chop etilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mablag‘lari hisobidan esa “Birinchi kitobim” turkumida ilk kitobi — “Baxt tongi” to‘plami nashr qilingandi.

        Xonzodabegimning buloqlardan ham toza qalbi bor edi! Yorqin tuyg‘ular va baxtga oshuftalik uning ko‘zlariga singib ketgandi, nazarimda. U she’rlari asosiga ishq mavzusini yashirsa-da, biroq zohirda baxt, sog‘inch, armon, kuz singari detallar yetakchilik qilishi o‘sha xislat, o‘sha tiynat in’ikosidir. “Xonzodaman” she’ridagi:

Men qanday qiz?

Burgut ko‘zlarin o‘pib,

Olovlar labida raqs tushgan oqqush.

To‘qson bor yiqilib, ming bora turib,

Yiqilib-engilib maydon tuqqan kuch, — misralarini yozishiga nima turtki bo‘ldi ekan, deb ko‘p o‘ylanaman. Qani endi, o‘ylarimga yetsam, sababini bilolsam. Bilganim, shoir shuurida pishib yetilgan ma’nolar shodasi navbati bilan oq qog‘ozga to‘kiladi. O‘qiganingizda ana shu shodalar o‘zidan nur taratib, qalbingizni yorug‘likka to‘ldiradi. Baribir sirini ochmaydi. 

        Bu muqaddas O‘zbekistonimizni kim ham yelkasida opichlab yuksak marralarga olib borishni orzu qilmaydi, deysiz. Albatta, ko‘nglida vatanparvarlik tuyg‘usi bor har qanday inson dilidan bu o‘y-xayol o‘tadi. She’rning davomi sifatida Xonzodabegim:

Ruhimda To‘maris qilich o‘ynatib,

Yovning ko‘zlariga soladi g‘uluv,

Magar jangda bayroq ko‘tarsam sen deb,

Yursam, qadamimdan qo‘rqadi qo‘rquv, — deya yuragidagi olovni ko‘rsatishga urinadi. U vatani uchun, o‘z kindik qoni to‘kilgan, olamdan o‘tgach, xoki qo‘yiladigan tabarruk zaminga ko‘ksini tutgan qoya bo‘lsam, deb orzulaydi. Shunday qoyaki, uni ko‘rganida har qanday qo‘rquv qo‘rqib ketsin, hayiqib ketsin. She’r so‘ngida esa:

Ortimdan ergashib yuradi osmon,

Hali kashf qilinmagan tillarang so‘zman.

Hurriyat deb umrini sulhlarga tikkan,

Temuriy qizdirman, Xonzoda qizman.

Ha, haqiqatdan ham, Xonzodabegim hali kashf etilmagan so‘zga, hali kashf qilinmagan yulduzga o‘xshardi.

        Xonzodabegim she’rlari yoshlikka xos ruh bilan sug‘orilgandi, axir ularning asosi ishq edi. Ammo bu ishq shunchaki xoy-havas, o‘ldim-kuydim emas, yo‘q, balki u o‘z ishqi orqali Yaratganga murojaat qilgandi. Bu murojaat ayni paytda Vatanga muhabbat, do‘stu yorga mehr-sadoqat ham edi. U yosh bo‘lishiga qaramay, qoradan oqni farqlashi, kichik mag‘lubiyatlardan katta xulosalar chiqargani har qanday yoshdagi odamda umid uyg‘otardi, ko‘nglini ko‘tarardi. Men Xonzoda degan qiz o‘z satrlarida hamon tirik ekaniga, yashab kelayotganiga ishonaman. O‘zi ham “Isyonkor” she’rida:

Dod dedim, shu kecha dod dedim.

Tushun, ey odamizod, dedim.

Isyonkor shamollar elchidek,

U endi hijrondan shod, dedi, — deya og‘riqlardan topgan rohatini kuylaydi. U kamtarlik ila bu rohat qatida mangulik borligini aytmaydi, balki buni anglashni bizga, o‘quvchilariga qoldiradi.

Ko‘klamlar ko‘z ochar ko‘nglimda,

Bodomzor ochadi ishq sirin.

Ko‘ksimda she’r hidi gupurar,

Hislarim – binafsha, nastarin…

       Kitobdan o‘rin olgan bir necha ramzlar shoira qalamga olgan ijtimoiy-falsafiy g‘oyalarni yuzaga chiqarishda bevosita xizmat qiladi. She’rlardagi, kitob, binafsha, bodomzor, ko‘klam, yomg‘ir, yulduz, oy, quyosh, qalam, tong, tog‘ va daryo kabi so‘z-portretlar o‘quvchi nigohida ko‘z va ong ilg‘amas qirralar chizadi. Ular yordamida borliqning naqadar go‘zal va mazmundorligiga, inson esa bunga o‘z vaqtida e’tibor bermasligiga amin bo‘lasiz. Xonzodabegim hamisha yangi so‘z, yangi she’r ishtiyoqi bilan yonardi. Buning tasdig‘ini esa: “Ko‘nglingdagi bahorman” she’rida ko‘rishimiz mumkin:

Bilganim sen o‘zingsan,

Kulganim sho‘x so‘zimsan,

Baxtga taklif etilgan,

Ahdga taklif etilgan,

Yo‘lingga intizorman,

Ko‘nglingdagi bahorman.

        Ijodkorning ilk kitobi, o‘zi ko‘rgan birinchi va oxirgi kitobiga to‘plangan she’rlari orasida ko‘tarilgan mavzuning yuki, ifodalarning sodda-ravonligi, misralarning diltortarligi Xonzodabegim ijodini yaqindan o‘rganishga undaydi. Uning she’rlari orasida muhabbat sababli dunyoga kelgan, ko‘ngildan chiqib ko‘ngilga boruvchi qator namunalarni e’tirof etishimiz mumkin: “Pushkinga”, “Keldim”, “Yomg‘irli kayfiyat”, “Kenja botirga”, “Siz desam…” va hokazo. Bu olamda inson umrining davomchisi sifatida so‘z qoladi, u asrlar osha yashab kishi umrini uzaytiradi.  

       Xonzodabegim “Yusuf singlisiga” she’rida shunday misralarni keltiradi va ko‘rinib turibdiki, she’rlari umrining davomchisi bo‘lishiga, manzili baxt bilan tugaydigan yerga elitishiga ishonadi. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlashni juda xohlardim. Xonzodabegim Jamolova qisqa umr kechirdi, ammo bu sermazmun umr har bitta ijodkorga o‘rnak bo‘la oladi. Biz Xonzodabegimning oxirati obod bo‘lishini “Baxt tongi” shu’lalarining nurlari qabri uzra to qiyomatgacha yog‘ilib turishini Yaratgandan so‘raymiz.   

Bonu SARIMOVA

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting