(Esse)
Endigina oktyabr oyining teng yarmi o‘tganiga qaramasdan kun juda sovuq. Tog‘ tomondan izg‘irin shamol esib turibdi. Nazarimda, qor yoqqanga o‘xshaydi. Zahri bizgacha yetib kelib turibdi. Uydan chiqar ekanman, o‘ylanib qolaman. Soyabon olsammikin yoki yo‘q? Negaligini o‘zim ham bilmaymanu, lekin negadir soyabonni doimo ortiqcha matoh deb o‘ylaganman. Ayniqsa hozirgi holatimda. Chunki, yomg‘ir shivalab juda mayin yog‘ib turibdi. Bekat uyimga bir qadam. Bir pasda yetib olaman. Keyin, soyabonni yig‘ishtirib qo‘yaman. Avtobus boradigan manzilimning shundoqqina ro‘parasida to‘xtab o‘tadi. Qarabsizki, soyabonni ochishga ham ulgurmayman. Qaytishda yana shu ahvol. Qolaversa, soyabon ostida yomg‘irning asl tarovatini his qilib bo‘larmidi?!
Kelishilgan qahvaxonaga, har doimgi o‘zimiz o‘tiradigan joyimiz — katta oynavandli deraza yonidagi ikki kishilik stolga kelib o‘tirdim. Ortidan oppoq rutubatli tutun qoldirib ketayotgan asabiy mashinalar, soyabonlarini mahkam tutib olganlaricha allaqayerlarga shoshilayotgan bezovta odamlar, kunlar o‘tgani sari barglaridan mosuvo bo‘layotgan horg‘in daraxtlarni kuzata boshlayman. Hayot qaynaydi. Yomg‘ir esa ezilib yog‘averadi. Yon atrofida sodir bo‘layotgan voqea — xodisalarga pinagini ham buzmasdan davom etaveradi. Kuz shamoli daraxtlarni silkitadi. Birin — ketin to‘kilayotgan sarg‘ish — qizil barglar yomg‘irdan hosil bo‘lgan ko‘lmaklar, yuzi yuvilib yaltillab turgan asfalt yo‘llarga chippa yopishadi. Parokanda hayollarimni yon — atrofimdan yig‘ishtirib olamanda, ofitsant yigitni imlayman.
— Iltimos, qahva! Amerikano. Shirinlik har doimgi mevaligidan olib keling! Shokoladi kerakmas!
Shu tobda ofitsant yigitchani yana kimdir chaqirgani diqqatimni tortadi. O‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan, 35 -40 yoshlar oralig‘idagi erkak yigitchaga norozi qiyofada nimalarnidir uqtirib oldidagi qahvali finjonni surib qo‘yadi. Yigitcha xo‘p ma’nosida boshini irg‘ab finjonni chaqqongina oladida, jo‘nab qoladi. Erkak esa anchayingina oq oralab qolgan sochini barmoqlari bilan asabiy taraganicha, bilagidagi soatiga qarab qo‘yadi. Beixtiyor kuzatib o‘tirganimni sezib qoldi shekilli, tund qiyofasi bir zimda tarqab, menga jilmayib boshini irg‘ab qo‘ydi. Men hijolat tortib shu zahoti boshimni egib, telefonimga qaragan bo‘laman.
Vanihoyat, ofitsant yigitcha qahvam va shirinligimni olib keldiyu, shosha — pisha tanish erkak tomon yurdi. U qachonki, patnisdagi qahvani tutqazib, haligi erkak unga yanada asabiyroq qiyofada tikilgandagina, men qahvamni yanglish olib kelinganidan voqif bo‘ldim. Amerikano o‘rniga Kopuchino.
Besh daqiqa ichida biz hech qachon ko‘rishmagan, umrimda suhbatlashmagan inson bilan yonma — yon o‘tirardik. U jilmayib qo‘lidagi qop — qora achchiq qahvani men tomonga surib qo‘ydi.
— Qo‘l ham tekkizmadim.
— Albatta, axir Amerikano bilan Kopuchinoni farqlash uchun ta’tib ko‘rish shart emas, nigoh tashlashni o‘zi kifoya.- jilmaydim men ham, -Uzr, boya beixtiyor ko‘zim tushdi. Nega qahvangizni qaytardingiz?
— Shakari kam ekan!- peshonasini tirishtirdi u.- Yana yetmaganiga sizni qahvangizga alishib qolganini qarang!-yana yuzi yorishib jilmaydi.- Qanday ichasiz bu zaharni?
— Qahvani shunchaki bir tetiklashtiruvchi ichimlik sifatida ichadiganlar unga shakar, sut, qaymoq kabi keraksiz, qahvani asl ta’mini buzadigan qo‘shimchalarni solib ichishadi.
— Juda aqilli gap bo‘ldi!- istehzo bilan kuldi u, — Mobodo, faylasuf emassizmi?
Bu hazil aralash aytilgan so‘z va uning yuzidagi nim tabassum hamda ortidagi masxaraomuzdek tuyulayotgan ifoda tuyqus jahlimni chiqardi.
— Ha, topdingiz, faylasufman. Siz turishingizga qaraganda masxarabozga o‘xshaysiz. Qahvangizni ichib bo‘ldingiz shekilli? Kutayotgan odamingiz ham kelib qoladi, chamamda!?- sumkamdan kitobimni oldimda varaqlay boshladim.
U yuzi yorishib kuldi.
-Havotirlanmang, hech kimni kutmayapman. Vaqtim esa bemalol! Qanday kitob ekan?- kitobga ishora qildi.
Qovog‘imni solib kitobni ko‘rsatdim. Uning yuzi yanada yorishdi. Ko‘zlari quvnab ketdi. Yuziga qizillik yugurdi.
— Ko‘rinishidan qiziq kitobga o‘xshaydi. Nega «Mona Liza tabassumi»?
— Kitob hikoyalar to‘plami. Hikoyalardan birining nomi bilan atalgan.
— Muallifi kim ekan? Qani ko‘rsam bo‘ladimi?
Uning sevimli kitobimga qiziqayotganini ko‘rib, yaqindagina so‘zlari tufayli paydo bo‘lgan asabiyligim, ginam tarqaydi. O‘zim ham hayron bo‘laman. Juda tortinchoqman. Odatda, atrofdagi begona insonlar bilan kelishib, gaplashib ketishim juda qiyin. Odamlar orasida doimo auram ichidaman. Ammo, negadir bu inson bilan bemalol suhbatlashib turibmiz. Qiziq!
U kitobni erinmasdan varaqlab chiqdi. Orqa muqovasidagi yozuvchi haqida berilgan ma’lumotni qandaydir tushunarsiz, masxaralashmi yoki beparvolik bilanmi o‘qiy boshladi.
— Sherzod Ortiqov.-menga qarab tirjaydi,- Tasodifni qarang adash ekanmiz…1985 yil Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan…Eshitmagan ekanman, bu yozuvchi haqida.
-Mana eshitdingiz. Endi kitobimni bering!
— Shoshilmang, yeb qo‘ymayman kitobingizni. Keling, shu kitob haqida gapiringchi. Juda qiziqib qoldim. Olib o‘qisammikin deb turibman.
-Albatta olib o‘qing!- uning bu so‘zidan quvonib ketdim.- Agar bilsangiz, men bu kitobdagi hikoyalarning 70%ini nashr etilmasidan oldin o‘qib bo‘lgandim. Qolgan 30%ini kechadan o‘qib boshladim.
-Yo‘g‘e, qanday qilib?
-Muallifning ijtimoiy — ijodiy sahifasiga ikki yildan buyon a’zoman. Hikoyalar joylanib borilardi. Men o‘qiyverardim.
— Ashaddiy muxlisasi ekansizda muallifni?
— Ha, shunday desa ham bo‘ladi. Ammo, men shunchaki muxlisa emas, o‘zimga ustoz deb bilaman muallifni.
Uning yuziga yana o‘sha asabimni egovlaydigan istehzoli kulgi yoyildi.
-Bilingki, anglash, o‘rganish, bilish uchun tirik ustozning etagidan tutib, ortidan bir umr ergashib, erkdan ayrilib yurish shart emas! Ana kutubxonalar kitobga to‘la. Kitoblardan o‘rganish kerak. Manfaatlarsiz beminnat o‘rgatadi. Maslahatim kitob o‘qing!
-Albatta, kitobdan yaxshi ustoz bo‘lmaydi. Ammo, o‘sha kitoblarni ham bir paytlar qaysidir tirik yozuvchi yozganku. Juda ko‘plab ijodkorlarni o‘zi bilan bir zamon va makonda yashagan ustozi, ijodiga mehr qo‘yib, o‘qib — o‘rgangan insoni bo‘lgan. Bunday insonlar ko‘pincha ruhiy yaqin, qarashlari, fikrlari o‘xshash insonlar bo‘lishadi. Xullas, ustozning sahifasidagi yosh ijodkorlarga bergan yo‘l — yo‘riqlari, ayniqsa badiiy tanqidga moyiligi, ijodi menda mehr uyg‘otdi.
— Bu kitob haqida nima deysiz?-dedi u qo‘lidagi kitobni ko‘rsatar ekan. — O‘qib chiqsam ketgan vaqtimga achinmaymanmi?
-Bu kitob hikoyalar to‘plami. Har bir hikoyaning o‘z olami bor. Men kitobdan o‘rin olgan «Yuragimdagi qabrlar» hikoyasini garchi muallifning eng yaxshi asari hisoblamasamda, birinchi o‘rinda tilga olmoqchiman. Chunki, huddi shu hikoyani qaysidir adabiy saytda o‘qigach muallifni qidirib boshlaganman. Ilk bor o‘qiganimda o‘zgacha bir ruhdagi hikoya bo‘lib tuyulgandi. Badiiy bo‘yoqlarsiz realistik ruhda yozilishiga qaramasdan, o‘qiyotganingizda qahramonlar, hikoya muhiti, tug‘yonlar sizni o‘z olamiga tortib ketadi. Bir so‘z bilan aytganda, muallif ijodidan fransuz prozasining ifori yaqqol ufurib turadi. «Qahva yuqi» hikoyasini esa men muallifning tashrif qog‘ozi hisoblayman. Mazkur hikoyani o‘qiyotganimda o‘sha seryomg‘ir rutubatli kunda qahvaxonada bosh qahramon emas men o‘tirganman. Telefon ichiga tushib qolgan ham men bo‘laman. Ota — Onamga diydorning za’faron sog‘inchini ravo ko‘rib azob berayotgan ham men bo‘lib chiqaman. Ehhey qanchalab og‘riqlarim, dardlarim bo‘y ko‘rsatmadi deysiz!
-Sen ham ijodkormisan? Ta’riflaring boshqacha, yoki sohang adabiyot bilan bog‘liqmi?
-Ajoyib, tanishganimizga necha soat bo‘ldiyu, sensirashingizni qarang huddiki yuz yillik qadrdonday!
-Menga shunisi ma’qulroq. Sizlash uzoqlashtiradi. Samimiylikni yo‘qotib qo‘yasan. Sen boshqa gap. Bemalol ko‘nglingni ochishing, yaqin suhbatdosh bo‘la olishing mumkin.
-Fikrlarimiz bir joydan chiqayotganini qarang. Qo‘qqisdan sensirashingiz «Pushaymonlar fasli»dagi Baxtiyorni yodimga soldi. Bilasizmi, muallif bu hikoyasida o‘zining tabiatini bosh qahramon — rassom yigitga singdirgan deb o‘ylayman. Tikso‘z, qo‘rs, janjalkash musavvir. Hayotda bu kabi insonlarni ko‘pchilik yoqtirishmaydi. Men esa aksincha o‘ylayman. Aslida, Baxtiyor yaxshi inson. U hayotning bor azoblarini totgan, insoniyat dardlari, og‘riqlarini chuqur his etgan haqiqatga tik boqa oluvchi sofdil inson. Haqiqatlar esa odamlarga hech qachon yoqmagan. Asl insoniy hislatlaring sabab seni yoqtirmasalar qanday yaxshi.
U xo-xolab kuladi. Qahvadan bo‘shagan finjonimga ishora qiladi.
— Achchiq qahvani xush ko‘ruvchilar hammadan o‘zgacha fikrlovchi, aurasi nihoyatda mustahkam bo‘lgan tundroq, to‘g‘risini aytsam tushunarsiz insonlar bo‘ladi deb eshitgandim. To‘g‘ri eshitganman shekilli.
-Balki, ammo, boya aytganimdek, qahvaga keraksiz unsurlarni qo‘shib iste’mol qiladiganlar, asl qahva ta’mini, uning faqatgina tanaga emas, ruhga ato etuvchi sururini hech qachon his qilisholmaydilar. Soxta mazani sezadilar xolos. Huddiki, «Qahrabo ko‘zlar, nozik barmoqlar» hikoyasidagi iste’dodli va maftunkor pianinochi ayolning hayoti kabi. Kitobdagi hikoyalar ichida huddi shu xikoyaning finishi chin ma’noda «portlagan». Tasavvur eting, yugurish musobaqasida eng oldingi marrada ketayotgan abjir va chaqqon sportchini g‘olib deb turganingizda, oxirgi hal qiluvchi soniyalarda yarq etadiyu, oxirida kelayotgan, hech kimni hayoliga ham kelmagan ishtirokchi finish chizig‘ini birinchilardan bo‘lib bosib o‘tadi. Ajoyib!
-Gaplaringa qaraganda, to‘plam faqat sevgi -muhabbat, «o‘ldim — kuydimlar»dan iborat emasga o‘xshaydi? Ayniqsa, oldi — qochdi, safsatabozlikni o‘zginasi bo‘lgan motivatsiyadan iborat bo‘lgan asarlarni jinim suymaydi.
— Hikoyalarda juda keng qamrovli dolzarb muammolar — ijtimoiy, insoniy og‘riqlarimiz, yashirin yoki ochiq, barchamizning ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layapdiyu, ko‘z yumib ketayotgan dardlarimiz ochiqlanadi. Shu ma’noda, yana bir hikoya haqida alohida to‘xtalib o‘tmasam bo‘lmaydi. Bu hikoyani o‘qiganimda huddi jang maydoni katta shaxmat taxtasiyu, ikki bahaybat maxluq raqiblikda donalarni surmoqda. To‘g‘rirog‘i, ularning barmoqlariga shaxmat donalari bo‘lmish harbiy janglarga mas’ul shaxslar, otliqlar, piyodalar ip yordamida bog‘lanib o‘ynatilayotgandek hisni tuydim. Guyoki, muallif o‘sha qirg‘inbarot mash’um urushga borganu, boshdan oyoq jangga shaylanib, yelkasiga avtomatini ilib olib jangda qatnashgan. Yov chekingan paytda esa okopda noutbugini tizzasiga qo‘yganicha «Stalingrad qarg‘ishi»ni
yozavergan. Jang sahnalarini o‘qiyverganim sari Remark uslubi va realistikasini his etaveraman. Nazarimda, muallif ijodida Remarkning ham ta’siri bor. Chunki, ikkisi ham ruhiy yaqin — realist ijodkorlar. Menimcha, asl sababi ham shunda. Yana bir xulosam, olgan eng katta darsim desam ham bo‘ladi, aynan shu hikoya tufayli men adabiyot, adab emasligini, ijodkor hayotda borini, haqiqatni, hattoki, ko‘cha odami bo‘lib jargon so‘zlarni, kerak bo‘lganida odamlar uyat deb hisoblaydigan(ayniqsa biz o‘zbeklarda shunday hisoblashadi) noodatiy so‘z va ta’riflarni keltirishi mumkin ekan. Axir asarning asl mohiyati bu emas. Hayotni boricha, to‘lig‘icha ochib berish, hikoya g‘oyasini o‘quvchiga ro‘yi — rost yetkazib berish deb o‘ylayman.
U kulimsiradi. Kitobni yopib oldiga, stol ustiga qo‘ydi.
-Demak, tushunishimcha, kitob boshdan- oyoq mukammal hikoyalardan iborat ekanda?!
— Mukammallik yaratganga xos. Banda ekanmiz mukammal, aybsiz bo‘lolmaymiz. Endi sizga aytmoqchi bo‘lib turgan gapimni so‘rab qoldingiz. Agar men kitobdagi ilk hikoyalarni qayerdadir muallifsiz o‘qisam, ulaning muallifga tegishli ekanligi yetti uxlab tushimga ham kirmagan bo‘lar edi. Bu hikoyalar muallifning hozirgi mukammal ijod namunalariga o‘xshamaydi. Nisbatan bo‘sh yozilgan. Uslubi ham o‘zgacha. Sababi nima bilasizmi? Bu hikoyalar ancha yillar oldin yozilgan. Men huddi shu holatdan ham ulkan kuch oldim. Demak, ijodkor yozavergani sari kamolotga erishib boraverar ekan. Demakki, tinmasdan mehnat qilaversam men ham o‘zim havas qiladigan, ulardek yoza olishimni hayolimga ham keltira olmaydigan daho ijodkorlar singari yoza olar ekanman! Garchi, kitobdan o‘rin olgan hikoyalarning aksariyatini oldindan elektron ko‘rinishda o‘qigan bo‘lsamda, asl kitobda qaytadan tartib bilan mutolaa qilganim menga yanada ko‘proq tushuncha, yangi fikrlar va eng asosiysi, katta maktab bo‘la oldi.
-Senga qoyilman! Ustozim deb turibsan, ammo, tanqidni ham o‘rinlatyapsan.
-Bular tanqid emas, mening haqiqatlarim, qarashlarim. Yolg‘onni, soxta maqtovni kimga keragi bor? Xushomadni esa ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Ko‘nglimda borini aytaman qo‘yaman. Qolaversa, shaxsiyatga dahl etmaydigan, o‘rinli adabiy tanqidni haqiqiy ijodkor to‘g‘ri qabul qila oladi.
U soatiga qaraydi. Samimiy jilmayib, kitobni qo‘limga tutqazadi.
-Borishim kerak, kechikishni yoqtirmayman. Kel, xayrlashishdan oldin senga bir maslahat beray. Ko‘proq kitob o‘qigin. Izlanishdan to‘xtama. Ijodkorning qora mehnatiga chidasang, harakatdan chekinmasang, iste’doding bo‘lsa, hatto Tolstoydek ham yoza olishing mumkin. Aytgancha, sen kimni kutayotganding?
-O‘zimni!
-Sizchi, qayerga shoshilyapsiz? Yolg‘izsiz?
-Cho‘qqiga! Bilib qo‘y, faqat yolg‘izlikdagina o‘zing istagan cho‘qqiga erishishing mumkin! Xayr! Omadingni bersin!
— Xayr!
U ketganidan keyin ham qahvaxonada ancha vaqt qolib ketaman. Kitobni varaqlayman. Hayollarga berilaman. O‘rnimdan qo‘zg‘almoqchi bo‘lib, kitobni yopar chog‘imda bosh muqova ichidagi sharikli ruchkada yozilgan satrga ko‘zim tushadi. Hayron qolaman.
«Muallifdan esdalik uchun!» /Sh.Ortiqov/
26/10/2022
Kumushbibi