Men puflayman-
Tutaysan uzooq,
Shafaqlanar yurak ko’zlarim.
Men puflayman-
Nafaslar so’nggi,
Tong yuziga sepasan kullar.
Men puflayman-
Ufurib umid,
Kesiladi qorachiqlarim…
Taqdirimda bormikin yoqish?
Senda esa yonish qismati?
Xayolimga qulaydi tunlar.
* * *
Gul va xazon. O’qildi nikoh,
Quchog’imga mushtlab kirdi Kuz.
Kiprigimga chirmashgan mezon
Kalavalar ko’nglimni hanuz.
Sorig’lanar ishqning ranglari,
Sorig’lanar yaqin-yiroqlar.
Gulkovushda suzib boraman,
Shivirlaydi xasta yaproqlar.
Tonglarda mung, kechalar darvish,
Oy nigohi huvullab borar.
Yaqinlashsam, yonaman lov-lov,
Qochsam, tunlar uvullab borar.
Gul va xazon. O’qildi nikoh,
Yuragimga tepib kirdi Kuz.
Binafshalar yodi so’kilgan
Ro’molchamga soldim oltin iz.
Yuragimga tepib kirdi Kuz!
Ko’kdala tumani
35-maktab ona tili va adabiyot o’qituvchisi
Dilnavoz Berdiyeva