(ESSE)
Bolaligimda ovsar bo‘ri va epchil quyonning sarguzashtlariga bag‘ishlangan “Senimi, shoshmay tur!” deb nomlangan ko‘p qismli, mashhur multfilm telekanallarda ko‘p aylanardi. Ana o‘sha multfilmning qaysidir qismida kadr ortida rus qo‘shiqchisi Yuriy Antonovning “dengiz, dengiz, boshpanasizlar olami” deb boshlanadigan xonishi yangrar, kadrda esa ovloqdagi dengiz sohili va bir abgor holdagi ramaqijon mo‘ysafid namoyon bo‘lardi. Bir pasdan so‘ng baliq uchun tashlangan cholning qarmog‘iga ichiga qo‘lyozma solinib, tashqaridan mahkam berkitilgan shisha idish ilinar va buni murg‘ak vujudim o‘sha kezlari bir mo‘jizadek qabul qilardi.
Keyin bolaligimga boribmi yoki rostdan mo‘jizalarga ishonibmi, ko‘pincha maktabdan qaytgach, yuqoridagi multfilm ta’sirida uyimizning orqa tarafidan oqib o‘tgan soy oldiga shoshardim. U yerda otam yasab bergan va uchiga chuvalchang qadalgan qo‘lbola qarmoqni soy tubiga tashlab, kunni kech qilardim. Soy chetidagi ajriqlar ustiga uzoq vaqt cho‘k tushgancha toqat qilib, churq etmay o‘tirsam-da, baxtga qarshi unga g‘ayrioddiy narsa tugul itbaliq ham ilinmasdi. Buni xazm qila olmay ensam qotgancha qarmoqni qayta-qayta uning tubiga otar, chuvalchanglarni yangilar, omadim kelar deb turgan joyimni o‘zgartirardim. Zerikib ketsam-da sabr qilib, o‘lja ilinjida tishimni tishimga bosib, kutishda davom etardim. Bu bolalik xotiralarim ichidagi eng ajabtovuri edi.
Yaqinda Qora dengizning ko‘p asrlik jozibasi va tillarda doston bo‘lgan mahobatini ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lganimda ham turli tuman xotiralarim qatidan ushbu- bir qadar kulguli, bir qadar achinarli xotira ajralib chiqdi-da, dam o‘tmay vujudimni egallab oldi. Xiyol jilmaydim, ham ko‘nglim buzildi. Boshqa tomondan yana o‘sha to‘qqiz yashar bolakayga aylanib qolgim keldi. Buni chunonam istadimki, o‘zim qo‘ngan mehmonxonaning sergap eshik og‘asiga iltimos qilib qayerdandir qarmoq buyurtma qildirdim. Uni qo‘limga olgach, shataloq otib sohil tomonga chopdim. Hansirab borib, nafasimni rostlab-rostlamay uni dengizga tashladim.
Ko‘kdagi zich joylashgan timqora bulutlar sabab yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli ortgani uchun shekilli sohil cho‘milish va hordiq chiqarish maqsadida to‘planadigan son-sanoqsiz, yarim yalang‘och shinavandalarsiz huvillab yotardi. Dengiz o‘tgan kunlardan farqli ravishda notinch, to‘lqinlari go‘yo ot kabi pishqirib qirg‘oqqa qattiq urilardi. Tashlagan qarmog‘imni u har gal qirg‘oqqa surib yuborar, men esa qaysarlik qilib uni bor kuchim bilan u tomonga qayta otardim. Chamasi besh yoki oltinchi marta qarmoqni surib yuborganida, unga nimadir ilingani diqqatimni tortdi. Chunki qarmoq og‘irlashdi. Og‘irlashganini darrov qo‘lim his qildi. Uni avaylab o‘zim tomonga tortdim. Hayajonlanganimdan burun kataklarim kengayib, kattaroq baliq ilingan bo‘lsa u bilan maqtanib suratga tushishga va uni ijtimoiy tarmoqdagi sahifamga joylashtirishga zohiran taraddud ko‘ra boshladim. Biroq, ilingan narsa baliq emasdi. Bu kichkinagina, zang bosgan temir quticha edi. U mahkam va zichlab berkitilgan bo‘lib, o‘rtasida qotib, po‘panak bosib ketgan dengiz o‘tlari qurshovida almisoqdan qolgan qulf osilib turardi.
Qo‘lga kiritilgan o‘ljam nazdimda mo‘jizaning o‘zginasi edi. Ayni lahzada o‘zimni o‘sha multfilmdagi baliqchi choldan kam hayratlangan sezmadim. Sinchiklab qaralganda o‘rta asrlarda birorta zodagon yoki qaroqchiga tegishli bo‘lgani ko‘rinib turgan qutini tezroq ochgim keldi. Nafsim hakalak otib, ichidan birorta oltindan ishlangan buyum yoki tilla tangalar chiqsa ajab emas, degan fikr tinchimni o‘g‘irladi. Boshqa tomondan uni sohilning o‘rtasida ochish ko‘zimga xavflidek tuyuldi. Birorta mahalliy ko‘zi o‘ynoqi turk yoki qiziquvchan ajnabiy ko‘rib qolgudek bo‘lsa, o‘ljamga ko‘z olaytirishidan cho‘chidim. Shu sabab uni qo‘ltiqlab, pusgancha sohil chetidagi qoyalar tomon yurdim. Ularning orasida xilvat go‘sha bo‘lib, u yerga baland qoyalarning soyasi tushib turar, mahalliy aholining ham, sayyohlarning ham u tomonga aytarli yo‘li tushmasdi.
Amallab manzilga yetgach, qulfni duch kelgan tosh bo‘lagi bilan urib ochdim. Uning ichiga suv sizib kirmagani meni qoyil qoldirgan bo‘lsa, o‘zim kutgan xazina o‘rniga bir chetida yotgan revolver xafsalamni pir qildi. U taxminan o‘n sakkiz-o‘n to‘qqizinchi asrlarda ishlangan bo‘lib, rangi o‘chgan, stvoli uringan, temirdan ishlangan qo‘ndog‘i zanglab ketgandi. Xafsalam pir bo‘lsa-da, uni yaxshi pulga auksionda sotishim, birorta puli ko‘pligidan tomi ketgan ahmoq unga anchagina mablag‘ sarflashi mumkinligi birdan kayfiyatimni ko‘tarib yubordi. Shu sabab unga shosha-pisha qo‘l cho‘zdim. Ammo qo‘l tekkizishim bilan go‘yo tok urgandek bo‘ldi-da, ko‘zlarimdan o‘t chaqnab ortga tisarildim. Uning qo‘ndog‘ida xuddi inson yuragiga o‘xshash nimadir urayotgandek duk-duk qilardi.
-Bir kun kelib dardimni eshitadigan inson bolasini uchratishimga ishonardim,- dedi shu payt qandaydir ingichka ovoz tevarak-atrofni tutib.
Men to‘rt tomonimga alangladim. Hech kim yo‘q. Alahsiramayapmanmi ishqilib, deb o‘zimni chimchilab ko‘rdim. Es-hushim joyida edi.
-Ey odam bolasi,- dedi boyagi ovoz yana hayratimga hayrat qo‘shib.- Nega qo‘rquv ichidasan? Gapiradigan revolver otiladiganidan xavfsizroq-ku!
Ovoz qutidan kelar, revolver baayni odamdek so‘zlardi. Nogahon u joyini o‘zgartirib burildi-da, xuddi odamga o‘xshab kerishdi va bir urinish bilan qutidan sakrab tashqariga chiqdi.
-Ikki asrdan oshiq davom etgan sukunat buzildi,- dedi ko‘zlarim ola-kula bo‘lib uni kuzatayotganimga ahamiyat bermay pinagini ham buzmasdan.-Sarvari olamga xamdu-sanolar bo‘lsin!
U qoya ustida xuddi odamdek bir-ikki u yoqdan bu yoqqa borib keldi. Orada dengiz tomonga tikilib, odamlardek bosh qismini qimirlatib qo‘ydi.
-Bo‘ynimdagi sharmisorlikni ikki asrdan beri ko‘tarib yuribman,- davom etdi qutining chetiga suyanarkan endi bo‘g‘iq ovozda.
Men shilq etib cho‘kkalab qoldim. Qo‘llarim shalvirab ikki yonimga tushdi. U menga parvo qilmas, olislarga tikilgandek dengizning sarhadsiz kengliklaridan ko‘z uzmasdi.
-Avvaliga hammasi joyida edi. Gerxard ota( u kaminani yasagan usta) meni yasab bo‘lgach, tashqi ko‘rinishimga ishlov berdi va chiroyli qilib bezatdi. Artib va tozalab, davlat xizmatidagi bir olifta zobitga tutqazdi. Zobit bilan boshdan kechirmagan sarguzashtlarim qolmadi hisob. Qanchadan qancha tutqich bermas davlat jinoyatchilarini, pixini yorgan qaroqchilarni, vatanini sotgan xoinlarni, tadbirli josuslarni, ko‘zi qonga to‘lgan inqilobchilarni Tangri taoloning huzuriga jo‘natdim. Zobit meni o‘qlasa va nishonni to‘g‘ri olsa kifoya edi. Paq etib otilardim va mo‘ljalga olingan insonni jonini olar, kamdan kam hollarda yarador qilardim.
Tez orada zobit ham, men ham mashhur bo‘lib ketdik. Zobit bilan birgalikda maqtov va olqishlarga sazovor bo‘ldim. Zobitdan ham ko‘ra mening omadim kelgandek edi go‘yo. Boshimga baxt qushi qo‘nganini, eng yaxshi merganning qo‘lida ekanimni his qilar, u bilan yangidan yangi sarguzashtlar qa’riga kiprik qoqmay otilardim. Atrofdagilar ham ko‘pincha meni ko‘rgisi kelar, qo‘llariga olib u yer-bu yerimni ko‘zdan kechirgach, havas ko‘zlari bilan zobitga qaytarib berishar va uning yelkasiga “ofarin” degandek qoqib qo‘yishardi. Zobit mansub bo‘lgan armiyada ham birinchi raqamli revolver edim. Boshqa revolverlar turli gurunglar va davralarda menchalik ko‘p tilga olinmas, shaharda sha’nimga tinmay qadahlar ko‘tarilar, ertaknamo sarguzashtlarim tildan tilga ko‘char, ochig‘i, bunday mashhurlik men kabi oddiy revolverni bir qadar kibrli ham qilib qo‘ygandi.
Zobit hukumat xavsizligi uchun bo‘lgan janglarning birida boshidan yaralanib, omonatini Yaratgan egamga topshirgach, bir takasaltang aslzodaning qo‘liga tushdim. U nihoyatda boy-badavlat bo‘lib, meni tun-u kun qizil qayrag‘ochdan yasalgan naqshinkor yozuv stolining bejirim tortmasida saqlardi. Unga kamdan kam kerak bo‘lar, lozim topilgandagina qora frakining yon cho‘ntagidan joy olardim. Asosan oqshom payti ko‘cha bo‘ylab sayrga chiqqanida yoki to‘rva xaltasini ortmoqlab uzoq shaharlarga borganida unga hamrohlik qilardim. Aslzodalar davrasida o‘tirganida ham, hatto maskardlarda ham unga bir-ikki hamrohlik qilgan paytim bo‘lgan.Uning karetasida otlarning dupur-dupurini eshitib ketish menga zavq bag‘ishlar, boshqa shaharlar va odamlarni ko‘rish esa bu zavq hissini ikki barobarga oshirardi. Lekin u bilan qonni qizdiradigan, hayot yo mamotni va’da qiladigan sarguzashtlarni deyarli boshdan kechirmasdim. Shungami deyman u bilan benihoya zerikardim. Uning ixtiyorida bo‘lgan kunimdan to qazosigacha atigi ikki marta menga ehtiyoj sezgani, shunda ham duelda ikkita go‘rso‘xtani boshini yeganimni aytishim mumkin.
Afsuski, u keksa, buning ustiga qarzlari ko‘p odam edi. Kuni bitib qazo qilgach, uning buyumlari kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Ular qatori men ham. Kaminani u yerdan bir kamgap zargar sotib oldi. Bu inson chinakamiga o‘z ishining ustasi bo‘lib, tilladan turli o‘lcham va ko‘rinishdagi uzuk hamda bilaguzuklar, ayollar taqinchoqlarining xilma xil turlarini yasardi. U ko‘chada mensiz yurishdan qo‘rqardi. Chamasi uning dushmanlari ko‘p bo‘lib, shunga ko‘cha-ko‘yda muttasil xavfsirab, Rim imperatori Avgust kabi zirhli kiyimda, qo‘lini cho‘ntagiga solgancha mendan olmay, ko‘zlari yurgan yo‘lida olma-kesak terib yurardi. Hatto ba’zi hollarda meni yostig‘i ostiga qo‘yib uyquga ketar, uyg‘onganida ham birinchi bo‘lib menga qo‘l yugurtirardi. U aytarli darajada zo‘r mergan emasdi. Shungadir balki uyiga o‘g‘ri tushganida u mendan yaxshi foydalana olmagani natijasida qoq yuragidan o‘q yeb, hayot bilan vidolashdi. O‘g‘rilar tilla buyumlarga qo‘shib, meni ham o‘zlari bilan ola ketishdi va bir ko‘zi o‘ynoqi baqqolga pullab yuborishdi.
Men yildan yilga eskirib borayotganimni, yangidan yangi revolverlar ishlab chiqarilib, o‘rnimga da’vo qilayotganini teran anglab yashardim. Narxim qimmatligi uchun emas, eskirganim bois baqqolning do‘konida deyarli qo‘l tekkizilmay yotar, bundan ichim yonar, ba’zida bir xillik qobig‘ida o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay qolardim. Qanchadan qancha davlat jinoyatchilari va xoinlarni, qaroqchilar va josuslarni, o‘g‘ri va o‘ziga bino qo‘ygan aslzodalarni narigi dunyoga jo‘natgan mendek dongdor revolverga endi ish topilmas, rosti, bundan andak taajublanardim ham.
Nihoyat, bir kuni baqqolning do‘konidan qutulishning ilojisi bo‘ldi. Ko‘rinishidan juda nimjon, o‘rta bo‘y, boshiga upa sepilgan parik kiygan, tabiatan yig‘log‘i va sentimental insonlarga xos bo‘lgan fe’l- atvor sohibi bo‘lgan, g‘irt bo‘shashgan bir yigit meni arzonga sotib oldi.
-Revolverni nima qilasan, Verter?- dedi baqqol u uzatgan pullarni xushnud holda sanab olarkan.
-U dardimni oladi,- dedi yigit ketayotib tomdan tarasha tushgandek.
-Yigit dardini vino bilan jononlar olishmaydimi?- dedi baqqol uning ortidan tirjayib qarab qolarkan.
U bilan sayru sayohatga chiqaman deb o‘yladim boshida. Ko‘z oldimda kengliklar, tog‘ va adirlar, ko‘llar manzarasi gavdalandi. Baayni dilijans g‘ildiragining taqir-tuquri qulog‘im ostida chalindi. Natijada ancha-muncha entikdim. Yigitni muhim topshiriqlarni bajaradigan kasb egasi yoki jilla qursa maxsus pochta idorasi xodimi deb taxmin qildim. Lekin uning kulbasiga kelgach, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi. U shoirtabiat va devonasifat bir inson edi. Temir karavotiga behol cho‘kib, qo‘llari bilan yuzini yashirgancha kutilmaganda piqillab yig‘lab yuborganini ko‘rib, mutlaqo yanglish farazga borganimni angladim.
Birinchi kecha u meni yostig‘i ostiga yashirib qo‘ydi. Bo‘kib, oyoqda turolmaydigan darajada mast bo‘lib aroq ichdi. Oq qog‘ozga she’rga o‘xshash nimalarnidir qoraladi shekilli, yoziqlarni ovozini ko‘tarib o‘qidi. O‘rnidan turib, Don Kixot singari ko‘zga ko‘rinmas kim bilandir baland ovozda bahslashdi va qo‘llarini paxsa qilib urushdi. Tong otgach , meni cho‘ntagiga yashirdi-da, shaharning boshqa chekkasi sari yo‘l oldi. Yo‘l bo‘yi nemislarda ko‘p uchraydigan bir qizning ismini Injilning purma’no oyatlaridek takrorlab ketdi. Bir uyning derazasi yaqiniga kelgach, ilkis to‘xtadi. Ikkilanib ichkariladi. Unga uy bekasi peshvoz chiqdi. Ayol yosh va kelishgan, yoshiga nomutanosib ravishda og‘ir va vazmin edi. Uning qarshisida yigit picha sukut saqlab o‘tirdi. Nazarimda so‘zamolligini yo‘qotdi. Keyin shartta turib, lom-mim demay uydan chiqib ketdi. Kechqurun o‘z kulbasida yana duv-duv yosh to‘kdi.
-Lotxen azizam,- dedi shoyi dastro‘moli bilan salqigan ko‘zlarini artib deraza orqali ko‘chaga nazar solarkan.- Seni sevaman, sevaman, jonimdan ortiq ko‘raman. Ammo o‘rtamizda Albert bor.
O‘rnidan turib menga qo‘lini cho‘zdi-da, deraza tomonga yaqinlashdi.
-Albert yo sen, yo men o‘lishim kerak,- dedi nishonga olish uchun qo‘llari qaltirab meni ko‘cha tomonga to‘g‘rilarkan.- Afsuski, Lotxenga sen keraksan. Demak bu yerda ortiqcha va o‘lishi kerak bo‘lgan yagona inson menman.
U shunday deb bir payt meni chakkasiga tiradi va ko‘z ochib yumguncha anchadan beri qo‘l tegmagan tepkimni bosdi. Oradan hech qancha o‘tmay uning qonga belangan jasadi yonida, tana qismimga sachragan qon izlaridan kayfiyatim tushib, kutilmagan zarbadan sira o‘zimga kelolmay, inson bolasi birinchi marta menga bunday sharmisorlikni ravo ko‘rganiga azbaroyi ko‘nika olmay, yuzim qizarib yotardim. Birovning xotinini sevib qolib, ishq azoblariga bardosh berolmay arshi a’loga ketishni ixtiyor qilgan insonning umriga zomin bo‘lganim ko‘p yillik faoliyatim davomida ilgari uchramagandi. Yillar davomida misqollab yiqqan obro‘yim va gard yuqmagan sha’nimga bu shunchalik sharmandalik olib kelardiki, boshqa dongdor revolverlarning qulog‘iga yetgudek bo‘lsa, ular dong qotib kulishlari tayin edi.
El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi deganlari bor gap ekan. Bu voqea ko‘p o‘tmay butun mamlakatga tarqaldi. Buning oqibatida obro‘yim to‘kildi, sha’nimga tosh otmagan nusxalar qolmadi. Tengqurlarim ham, kecha tuxumni yorib chiqqan revolverlar ham biri olib, biri qo‘yib ustimdan kulishdi. Ularning mazaxlari va gap-so‘zlari hosilasi o‘laroq depressiyaga tushib qoldim. Bu yerda yagona najot yo‘li uzlatga chekinish edi. Qolaversa, hech kimga keragim ham bo‘lmay qolgan, kundan kunga odam bolasini zamonaviy revolverlarga ehtiyoji ortib borardi…
Revolverning hikoyasini tinglarkanman, ko‘z oldimdan Gyotening mashhur asari o‘tdi. Hajmi katta bo‘lmagan, o‘lgudek sentimental roman. Asar bosh qahramoni Verterning yig‘log‘i tabiati asarni mutolaa qilishim mobaynida ko‘p bora asabimga tekkani va bir necha bor o‘zbek xalq og‘zaki ijodida ham uchramaydigan so‘zlar bilan so‘kinishga majbur bo‘lganim xotiramda jonlandi.
-Bu hayotdan charchadim,- dedi revolyer banogoh.-Sharmisorlikni ko‘tarib yurishdan ham.
Bu safar uni hech ikkilanmay, dadil qo‘limga oldim. U xuddi odamdek tikilardi.
-Erlik ayollarni sevib qoladigan so‘tak Verterlar tug‘ilaverarkan, to qiyomatgacha revolverlarning sharmisorligi davom etaveradi,- dedi u siniq ovozda.
-Nafaqat revolverlarning,- dedim unga javoban.-Arqonlar, baland ko‘priklar panjaralari, osmono‘par binolar tomlari, bir zumda yonadigan avtomashinalarga quyiladigan yoqilg‘ilarning ham.
Unga hamdardlik bildirgandek qo‘ndog‘iga kaftimni ohista bosdim.
-Endi meni qaytarib qutiga solmay, shunchaki dengizga uloqtir,-dedi u yalingandek.
Dastlab bu ishga qo‘lim bormadi. Vaqt o‘tib uning iltijoli boqib turgan holatidagi o‘tinchni tushundim. Ko‘p yashasa inson bolasiga tiriklik og‘irlik qilib qoladi-yu, revolverga nima bo‘pti. Unga achina-achina kuchimni o‘ng bilagimga to‘pladim-da, bir harakat bilan uni dengiz tomonga uloqtirdim. Bir ozdan so‘ng suvning shaloplashi eshitildi va u ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. O‘sha kuni tonggacha mijja qoqmadim. Ko‘zimga uyqu kelmadi.
Ertasiga mehmonxonaga yaqin yerdagi jamoat kutubxonasiga kirib, kutubxonachi ayoldan Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” asarini so‘radim. U asarning turkcha variantini qo‘limga tutqazdi. Kitob muqovasini diqqat bilan ko‘zdan kechirdim, ichini obdon varaqladim. Turkchani yaxshi bilmasam-da, hijjalab o‘qishga urindim. Asar syujeti yana yodimga tushgandi, rosti, bu safar ham xuddi oldingidek Verterga achinmadim. Aksincha, asabim taranglashdi, g‘ashim keldi va turib-turib endilikda dengizdan mangu boshpana topgan baxtsiz revolverga achindim. Dengiz tubidan abadiy joy olishdan oldin aytgan uning so‘nggi so‘zlarida, darhaqiqat, jon bor edi. Bu foniy dunyoda erlik ayol ishqida yonib va kuyib, keyin ishq azobiga bardoshi yetmay o‘z joniga qasd qiladigan Verterlar tug‘ilaverarkan, faqatgina insoniyatning buyrug‘ini bajaradigan revolverlarga qismat sharmisorlikni taqdim etaveradi.
2022 yil, oktyabr
Sherzod Ortiqov