Bo‘m-bo‘sh ko‘chalarda
shamollar kezinar,
maysalar unar,
yovvoyi gullarning ochilar chiroyi.
Xayolan uzooqqa otlanib,
Sen sevgan tushuniksiz tilda
boshlayman xirgoyi.
Ufqlar tomonga ko‘zlarim tiksam,
Maysalar labiga qadasam yoshlar,
Muallaq dunyoning bir chekkasida
mening derazamni poylaydi qushlar.
O, ma’sum qushlar ham ko‘zyoshlarini
hovuchimga to‘kar, hech yo‘q shu bilan
tushlarim yuvilib o‘tar suv bilan…
… Bo‘m-bo‘sh ko‘chalarda
qonlar kechib kelar
beayov shomlar,
g‘amgin soyalarni to‘shagan ko‘kning
kengliklari aro tag‘in kimgadir
bir nafaslik havo qiladi yo‘qlik.
Bu gal ochilmagan namozshomgullar
poyiga yiqilar birma-bir tunning.
Kimlardir yangidan ertaklar aytar,
Kimlardir yangidan boshlaydi kunni…
Men esa,
gardlarin yuvgancha derazalarning,
sen sevgan tushuniksiz tilda
boshlayman xirgoyi,
Barini unutib, hech yo‘q shu bilan
baxtli ko‘ra olsak edi dunyoni…
***
Hayalladi bugun ham oqshom,
Kechikibroq ranglandi ufq.
Tun yo‘lini poylayman xatto,
Butun ko‘kning ko‘zlari mushfiq.
Eshitilmay qolar soatning,
Bir zumga ham tinmas chiq-chiqi.
Nahotki bu yuguroq vaqtning,
Xo‘rsinig‘i?
Daqiqalar qadami og‘ir,
Aksi — yurak tezroq uradi.
Namozshomning ostonasida,
Yo‘llarimga tog‘lar quladi.
Chunki…
Seni o‘yladim yana,
Behudaga kutayapman men?!
Hech bo‘lmagan xotiralarga,
Namozshomgul tutayapman men.
Yuragimni ko‘ksimga bosib,
Men yo‘l oldim ufqqa yakka.
Orzumandman eng dunyodagi,
Ko‘nglim o‘xshar yoniq shafaqqa.
Xayalladim…
O, xayallading…
Bugun hatto vaqt chorasizday.
Qolib ketdim kunduz va tunning,
orasida.
Chunki seni o‘yladim yana…
***
Na ko‘ngil asradi bizni, azizim,
Na xush qarshiladi bu yilgi kuzak.
Yig‘layotgan torlar uziladi chirt,
Yaproqlar to‘kilar ko‘ksimga muzlab…
O, yashash mumkinmi sukutlar ichra
oldingdan oqyotgan vaqtni simirib?
Istamam, qachondir ortga qaytmoqlik
nasibing bo‘lmasin kuzni qidirib.
Axir, qachon edi mening kelganim,
Axir, ketmog‘imni sezdirmay qorlar
yo‘lingga yog‘ilar,
yo‘ling oq bo‘lsin…
Mening ko‘zyoshlarim sening savobing,
Afsuslaring menga bir gunoh bo‘lsin.
Ammo,
sen yaratgan kuy bor umrimda,
Havolarga singgan navodir hazin.
Torlar chalinadi kuzning bag‘rida
o‘tsa ham ming asr…
Na ko‘ngil asradi bizni, azizim…
***
Bu tun og‘ir tun edi, o,
Daraxtlarda mezon og‘ir,
Yuragimda gumon, og‘rir,
bilasanmi?..
Oyna orti
tushlar suzar,
o‘ng faqat men,
qaytarmikan o‘zimniki bo‘lgan tushlar?
O, yomg‘irlar yog‘a boshlar tashqarida,
derazamni mushtlab, mushtlab.
Ocholmayman yuragimni,
tomchilarning kuylariga bog‘lar to‘lsin.
Angladimki,
sen men uchun umrimdagi
etib bo‘lmas uzuuun yo‘lsan…
Sen qanchalar kuyunmagin,
bu dunyoning ishlariga,
Xavotirim, qanotlari xorib kelgan,
xuddi mezon qushlariday
qishdan emas…
Unutishdan…
Kunlar kelib bu bog‘lardan,
izlaringning o‘chmog‘i bor.
O‘shanda ham ruhim masrur,
O‘shanda ham ko‘nglim xumor,
bir ishq bo‘lib qoladirman…
ko‘nasanmi?..
***
Tun qay tomon og‘ib borar,
tong qadarmi
shom qadarmi?..
Ko‘kka boqsam yulduzlari ko‘rinmasu,
Ammo nurlar oqib borar…
Qarshimdagi yo xatarmi?
Ko‘zlarimni uzolmadim ufqlardan —
sharqu g‘arbning manglayiga qon yugurar.
Mudrayotgan yillarini uyg‘otolmay
bir o‘lkaning boshi uzra
asrlarki
tong yugurar.
O, bir tongki,
suvlar bosdi kelayotgan yo‘llarini,
shamollardan bog‘lar bir-bir qulayverdi.
…Ostonangga yetolmagan nurlarini
ichga yutib,
ko‘kda quyosh nurayverdi.
Nima desam uyg‘onasan tushlaringdan,
Nima desam o‘nglanadi javoblaring?
Parchalangan ko‘zgularga ko‘zim tushgan,
asrolmadim…
Sovurgancha havolarni,
ellar keldi to‘rt tomondan.
Yo‘llar qayga og‘ib borar,
Peshonamga bitilgan bu saratonda
Yuragimga bir yomg‘irlar yog‘ib borar…
O, bir tongki,
tunlar to‘sdi kelayotgan yo‘llarini…
***
I
Qayda edim,
bilmaysanmi?
Ko‘zgularga qarab turib,
necha asr o‘tganini anglolmadim.
Jimligini yelkasida ko‘targancha,
necha yo‘llar o‘tganini tan olmadi,
bu kuzgacha…
Qay kunlarni yashab o‘tdik,
qay tunlarda tushlarimiz uyg‘oq qoldi,
Yo bizgacha
bu tuproqda kimdir erkni tuyganmidi —
yillar toldi…
Yoritmasa endi quyosh
qarolarga bo‘yalgan bu borlig‘ingni,
Ko‘ksingni och, hech yo‘q o‘tmish izlaridan,
sezib tursa o, kimlardir borligingni,
borligimni!
II
Yelkam uzra ulkan tog‘lar o‘saverdi —
Suyanganim ular bo‘ldi qachon desang.
«to‘rt qarich yer,
to‘rtta devor —
ko‘zingga surt, bular bari
sening uchun vatan», desang,
O‘z dunyomni dengizlarga uloqtirdim…
III
…Qayda edim,
bilmaysanmi?
Men bilganim peshonamga
ostonangni bosib o‘tmoq chizilmagan.
Axir men ham ayol edim,
bosh qo‘ymoqqa maskan izlab,
sovuq yegan oyoqlarim izillagan.
Tushimda ham
tunlarimni
oqqa o‘rab yashab o‘tdim.
Ammo bu kun bir hovuch suv tutolmading
o‘chirmoqqa vujudimni yoqqan o‘tni…
qayda eding?..