Yoz gullari

0
1279

(esse)

      

Ilk muhabbatdan so‘ng, hayotimda uchragan ardoqli ayollarga bag‘ishlayman.
                            muallif 

     

Inson umrining yillari fasllar monand o‘tib borar ekan, uzoq xotiralar qatidagi noqis tuyg‘ular ham, eng inja hislar ham unutilib boradi. Dog‘u qishning achchiq izg‘irinlari bag‘rida bosh ko‘targan boychechaklarni ko‘rganingizda buni bahorning ilk mujdasi o‘laroq qabul etasiz, keyin binafshalar, lolalar, lolaqizg‘aldoqlar bosh ko‘taradi va bahorning butun tarovatini boshqa ko‘plab gullar ila qalbingiz ohanglariga muhrlaydi. Har gal bahor kelganda, tabiatning bu zebo nuqsi ko‘ngilni bolalik davrlaridagi eng najib chog‘lar kabi xushnud etarkan, foniylik chaqirig‘ining bu go‘zallik va nafosat ichida ilg‘amay o‘tkazib yuborasiz. Yoz kelganda gullar davri bahor kabi unut bo‘ladi, yashillik chachvonini yoyib iyun kirib kelar ekan, bahor daraxtlarini shoxlaridagi gullar mevaga aylanganini shohidi bo‘lasiz, endi bizni na boychechaklar, na binafshalar, lolayu lolaqizg‘aldoqlar hayratga solmaydi, ular allaqachon gullab bitadi, ehtimol kelgusi yil uchun o‘zidan nishon qoldirib kechagina xotiralarimizni hayojongan solgan lahzalar bilan birga yodimiz lavhidan g‘oyib bo‘ladi. Ammo agar e’tibor qilsangiz bahor gullari o‘rnini endi yoz gullari egallaydi. Buni odamlardan ham ko‘ra, nektar yig‘adigan arilar ehtimol ko‘proq sezsa kerak. Aloha bu yoz gullari bag‘rida qanot qoqib yurgan rangin kapalaklar hayotning bu munaqqish lahzalarini ehtimol ko‘proq his etar. Yaratganning inoyati bilan  nozik estetik hissiyotlarimiz zamirida go‘zallikni anglashga bo‘lgan ong sferalarimizda yoz gullarining nigoran jozibasi in’ikos etarkan, biz tabiatning bu ko‘hlik va zebonishin salohiyatidan hayratga tushamiz. Har gal yoz kelganda, men ta’til olib Kitobga, Oqsuvdaryo bo‘yidagi muazzin manzillarga umrning ajib lahzalarini o‘tkazish uchun qaytarkanman, tabiatning ironik muzayyanligidan qayta va qayta nafosat tuyg‘ularini his qilaman. Bu hissiyotlar nazmimda hech shubhasiz yoz gullari bilan ham bevosita bog‘liq. Quyoshli kunlarda daryo sohillari bo‘ylab gullab yotadigan karahindibalar ko‘kdagi adashiga taqlid o‘laroq millionlab sariq quyoshchalar kabi porlarkan, bundan bahri dilingiz ochiladi. Karahindibalar esa mutlaqo joy tanlamasdan yozning boshidan shunchalik qiyg‘os gullaydiki, siz ularni daryo sohillarida, yaydoq yalangliklarda, tog‘larda, o‘rmonda, shaharda, hamma joyda ko‘rishingiz mumkin. Ular toshlar orasidan, asfaltlarni yorib, bino g‘ishtlarining jimitdek keladigan yoriqlarida changu-g‘uborlar inib yomg‘ir suvlari tushishi natijasida ma’lum tuproq qatlamiga aylangan joylarni ham o‘sish uchun bir imkon deb biladilar. Xalq tilida momaqaymoq deb ataluvchi bu gullar  «Asteraceae» oilasiga mansub, balandligi 10-30 sm bo‘lgan ko‘p yillik o‘t o‘simlik bo‘lib, uning ildizi nisbatan yo‘g‘on, ildiz bo‘g‘zi tukli, kamroq silliq ko‘rinishda ham tabiatda uchraydi. Momaqaymoqlar tarkibida fosfor tuzlari, kalsiy, kaliy va temir moddalari ko‘pligini ilmiy tahlillar allaqachon isbotlagan. Men onamning karahindiba gullarini yig‘ib soyada quritganlarini va zaminni qorlar qoplagan sovuq kechalarida issiq pechka yonida undan damlama tayyorlab ichganlarini ko‘rganman. Shundan men buni juda foydali giyoh ekanligiga ishonchim komil. Lekin buni onamdan nima uchun ichilishini hech qachon so‘ramaganman, xalq tabobatidan ham uni maxsus o‘qib-o‘rganib ko‘rmaganman. Uzoq tog‘li qishloqlarda karahindibalardan qizlar gulchambar to‘qib sochlariga taqadilar, bu go‘zal va nafis tog‘ qizlarining chiroyiga o‘zgacha latofat bag‘ishlaydi. Insonning tabiat bilan uzviyligini, uning go‘zallik bilan bog‘liq estetik hislarining mehvari sarvari koinotni tabiat deb atalmish manbasi bilan qanchalar chambarchas bog‘liqligini shu kabi xususiy holatlar odamning ko‘ngliga solsa ajab emas. Yozning tarovatli tonglarida Oqsuv bo‘yidagi sohillar bo‘ylab ochilgan karahindibalarga qararkanman, iskanaliklar qoqigullar deb ataydigan bu yoz gullarining nafosatiga cho‘mib, ajoyib ingliz shoiri Frensis Tompson (1859-1907)ning «Momaqaymoq» haqida yozgan betakror she’rini eslab zavqlanaman.

Oh, there were flowers in Storrington
On the turf and on the spray;
But the sweetest flower on Sussex hills
Was the Daisy-flower that day!

«Daisy» ingliz tilida «Momaqaymoq» ha, karahindiba, qoqigul, yoki qoqio‘t, ammo u ajnabiy tilda juda go‘zal va nafis yangraydigan va keng tarqalgan qiz nomini ham bildirishini aytib o‘tmoq joiz. Men Frensis Tompsonning biografiyasini yaxshi bilmayman, uning Deyzi ismli qizga oshiqmi-yo‘qmi xabarsizman, ammo uning bu ajoyib she’rida bunga shunday nafis ishoralar borki, shoir ilhomida najib hislarini bir-bir xotirlarkan, qachonlardir, Storringtonda ochilib yotgan turfa gullar ichidan Sasseks tepaligidagi eng dilga xush keladigan gul — «Daisy»(«Momaqaymoq») ekanligini ta’kidlaydi. Ehtimol, u shu gul timsolida yoshlikdagi muhabbatini xotirlayotgandir, kim bilsin, axir oradan qancha davrlar o‘tib ketdi. Men esa, Sasseks tepaligidan juda yiroqda bo‘lgan, ammo xuddi o‘sha yerdagidek go‘zal va oromijon Oqsuv bo‘yida o‘tirib, yuz yillardan keyin shoirning she’rlarini o‘zimning daqiq tuyg‘ularim bilan qiyoslayapman, uni Deyzi degan qizga bitganmikan deb o‘ylayapman. F.Tompsonning o‘sha she’rida:

«The sea’s eye had a mist on it»

degan g‘aroyib misra bor, bu  dengizning ko‘zida tuman bor edi, degan ma’noni ifodalaydi. Ha, endi oradan shuncha yillar o‘tdi, shoir o‘tib ketgan, hademay biz ham o‘tib ketamiz, lekin ona zamin mavjud bo‘lsa, dengizlarning yuzida tumanlar qoladi. Bahor va yozning g‘aroyib guli bo‘lgan momaqaymoqlar Frensis Tompson kabi, Sherzod Komil Xalil singari yana qanchalab kelajak shoirlarini hayratga soladi, ularning ko‘nglida she’r hissini, adabiyot jozibasini uyg‘otadi.
 

Karahindibalar haqida o‘ylaganimda men ularni nafaqat Oqsuv bo‘yida, Iskana dashtlarida, So‘qori tog‘larida, hayotimning yigirma yili o‘tgan Toshkentning so‘lim bog‘larida, hatto quyuq daraxtlar qurshovidagi yozuvchilar shaharchasi Peredelkinoda, batahqiq men gohi yolg‘izlik va umidsizlik nadomatlari ichida kezadiganim  — Moskva daryosi sohillaridagi daraxtzorlar va maysazorlarda ham birdek ko‘p va xo‘b o‘sishlarini xotiram qatidan chiqarib yuborolmayman.
      

Momaqaymoqlar singari yoz gullari haqida odam najib xotiralarga berilganda, yana ko‘plab yoz gullari xayoling mehvarida aylanadiki, ularning pushti, zarg‘aldoq, moviy ko‘k rangli, alvon, to‘q qizil, binafshasimon tajalliysi va yana ko‘plab tabiat ato etgan sirli-sinoatli ranglarga ega estetik nafosat baxsh etilgan gullar xayolingga keladiki, nadomat bilan ularni barchasining ham nomlarini bilmasligingdan pushmon bo‘lasan. Atrofimizdagi sivilizatsiya va texnologik taraqqiyot rivojlanib borgan sari odamzod tabiatdan ayri tushib, o‘z muddaolari va tirikchiligi g‘amida ona zaminning hayratlari va mo‘jizalari bo‘lgan yoz gullarini payqamay o‘tib ketadi. Endi qizlarga gullar emas, ko‘proq pul muhim, muhabbatning romantik tuyg‘ularida tabiatning bu kabi inja nafosatini hashamat va qulayliklar, qimmatbaho mashinalar va restoranlar shukuhi bosib ketadi. Odam ko‘ngli, uning yoz gullari kabi kuz kelishi bilan qovjirab so‘ladigan qisqa umri, xuddi kitoblar kabi eng tiyrak nigohli qizlarga ham erish tuyuladi. Ammo ko‘ngli o‘lmagan odam, xushbo‘y nozbo‘ylarni, betakror qizil nastursiyalarni, ko‘k osmon rangidagi vaselik gullarini,  alissumning oq, binafsharang kichkina chechaklarini, dekorativ to‘q sariq kalendulalarni, ayniqsa nafis gulg‘uncha ochadigan siyohrang petuniyalarni, gultojixo‘rozga o‘xshab ketadigan ammo u kabi osmonga bo‘y cho‘zib emas, yerlab hokisorgina o‘sadigan qizil gulli salviyalarni, maysalar ustiga tushadigan yengil oq qor kabi ta’assurot beradigan lobeliya gullarini, oq gullari qatida sariq quyosh kabi mehvarga ega, ammo sochadigan nurlari binafsha rang kabi oq gullariga g‘aroyib chiziq kabi chizilgan violalarni, och binafsharang tukli yovvoyi faseliyalarni, violani eslatadigan ammo oq gulbarglarida sariq mehvar doira shaklida qoplagan limnantes duglas gulini, pushtitob oqish chirmovuqgullarni,  ignabargli poyaga ega g‘oroyib och ko‘k rangda gullaydigan nigellani, bizlar mahalliy xalq tilida nomozshomgul deb ataydigan mirabilislarni qanday unutishi mumkin?! Mirabilisning qora urug‘lari pishib yetilgan vaqtlari biz bolaligimizda ularni keyingi yilda gulzorimizga ekish uchun erinmay yerga to‘kilgandagina pishib yetilganiga to‘liq ishonch hosil qilib yig‘ib olardik. Mirabilis ochilganda shom kapalagi kelib undan nektar yig‘ardi.

Oy chiqib, qorong‘ulik bostirib kelarkan, kattalar arvoh kapalak haqida so‘zlab yuragimizga g‘ulg‘ula solardi. Biz mirabilis gullaridan nektar yig‘ayotgan olachipor oq kulrang shom kapalagini arvoh kapalak deb o‘ylardik. Oqsuv bo‘yidan tunda uchib keladigan xira pashshalardan butkul himoyalanish uchun derazalarga to‘r tutib yoki ularni butkul yopayotganimizda uydagi elektr chirog‘i yorug‘ligiga intilib uchib keladigan katta kapalaklar kelganda biz bolalar mirabilis gulidan nektar yig‘adigan shom kapalagi bilan bu kapalaklarni solishtirardik va arvohkapalak haqidagi bahslarimizni davom ettirardik. Mahalliy xalq tunda uchib keladigan kapalaklarni «shapalak» aksincha kunduzgi yoz gullaridan bahramand bo‘ladigan bu estetik go‘zallik shohidlarini esa chinakam kapalak deb hisoblashardi. Shapalaklardan farqli o‘laroq kapalaklar Yaratganning estetik yaratiqlari bo‘lgan yoz gullariga ko‘proq oshufta ekan, biz ularni atrofimizdagi qizlar bilan solishtirib, ramziy qiyoslar qilamiz. Kapalaklar gullarga, shapalaklar esa tungi elektr chiroqqa oshuftaligini nazarda tutarkanmiz, sun’iy yaratiq bilan tabiiy yaratiqqa oshuftalikni nazardan qochira olmaymiz. Alalxusus, odamzod yaratgan qimmatbaho hashamatlarga o‘ch qizlar tungi chiroqqa oshufta shapalaklarni eslatmaydimi? Tabiatning chinakam ijodi bo‘lgan yoz gullariga oshufta kamyob qizlar-chi, ular sizga ham kapalaklarni eslatadimi?! Ramzlar va qiyoslarga murojaat qilsak eslatadi albatta. Ammo men Peredelkinodagi yozuvchilar uyida yozuv stolimda o‘tirgancha, badiiyat va tafakkur muroqabalariga berilarkanman, yoz gullari haqida bularni emas, bil’aks o‘zgacha tuyg‘ularni xotirlayman. Ha, biz odatda bahor gullarini eslaymiz, qaysi gul, qachon gullashigacha kuzatganmiz, ko‘nglimiz bahorga oshufta bo‘lgani uchun bu faslda ro‘y beradigan har bir on, har bir fursatni yurakda saqlanib qoladigan alohida etyudlari bilan eslab qolamiz. Men Moskvada — Nagatinskiy bulvarida o‘n beshinchi martda sovuq qorlar bag‘rini yorib chiqqan oq gulli boychechakni ko‘rgandim, ammo yaxshi eslaymanki, sariq gulli boychechaklar bolaligim o‘tgan Iskanadagi bog‘imizda fevraldayoq chirigan xazon yaproqlari ostidan bosh ko‘tarardi. Xuddi shunday xotira etyudlari hammamizda ham  binafshalar bilan, lolalar bilan, lolaqizg‘aldoqlar bilan ham bor desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Biroq yoz gullari bilan xotiralar va alohida kuzatuvlar batahqiq kam bo‘lsa ajab emas. Inson umri davomida bu xuddi birinchi muhabbatni eslab qolishga o‘xshaydi. Ba’zan uni faqat shunchaki ko‘rgansiz, hatto unga sevaman deb aytmagansiz, yoki u sizni rad etgan, biroq shu his, shu tuyg‘u qalbingizda abadiy yashaydi, uni unuta olmaysiz, o‘qtin-o‘qtin yillar qatidan bu his bilan bog‘liq tuyg‘ular o‘sha boychechaklar va binafshalar kabi potrab chiqaveradi. Ammo hayotingizda keyin uchragan, ehtimol umr yo‘ldosh bo‘lgan, ardoqli do‘st bo‘lgan qarama-qarshi jins  oreintatsiyalariga nisbatan muhimlik tuyg‘usi biz nomini ham bilmaydigan va ularga ko‘p ham e’tibor qilavermaydigan yoz gullari kabi xotiralarimiz qatida chuqur muhrlanmasligi odamni g‘alati holga soladi. Kuz kelib qovjirab so‘lgan yoz gullari xazon faslni yuzimizga sochganida ehtimol biz gul fasldan yiroqqa tushganimizni bu judolikni butun fojeasi bilan anglarmiz, yo o‘shanda ham birinchi muhabbatimizni xotirlasak kerak ajabo! Shunday pallalarda bir tavajjuh yuragingni g‘ijimlaydi: axir bahor o‘tib ketgan, hayotimizda keyinchalik  uchragan ko‘plab ajoyib ayollar yoz gullari kabi nega unutilishga mahkum?! Nega bu beshafqat qismat yoz gullarini emas, bil’aks, xuddi ilk muhabbat kabi bahor gullarini yodimizga solaveradi?! Bu sinoatga to‘la savollarga menda aytarli javob yo‘q. Kuz allaqachon kelgan, yoz gullari esa batahqiq xazonga do‘nib bormoqda. Xo‘sh, siz bu haqda nima deb o‘ylaysiz?!

2022.
Moskva-Peredelkino.

Sherzod Komil Xalil

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting