U ikkinchi hayotni istamaydi, chunki birinchi va yagona hayotida yetarlicha xatolar qilgan

0
564

Mikelanjelo Antonioni bilan so‘nggi suhbat

Mikelanjelo Antonioni – buyuk italyan rejissyori, Vena, Kann va Berlin xalqaro kinofestivallari laureati. Bugun — 29 sentyabr uning tavallud kuni.

Mikelanjelo Antonioni yigirma yil davomida hech kimga intervyu bermagan. Bunga sabab jurnalistlar bilan bog‘liq mojarolar emas. Boisi u shuncha yil davomida ikkinchi insultni boshdan kechirib so‘zlash qobiliyatini yo‘qotgan. Uzoq yillardan beri u bilan tillashishni uddalagan yagona inson bu uning rafiqasi va yaqin do‘sti Enrikedir. U zabonsiz ham Mikelni tushuna oladi, o‘y-fikrlarini his qiladi. Bir necha yil avval korrespondent Yuriy Lepskiy Enrike orqali Mikelandjelo Antonioni bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan.

— Siz inson va rejissyor sifatida o‘tgan yuz yillikda shakllangansiz va o‘zingiz ham deyarli bir asrga qadar yashab qo‘ydingiz. Vaqt sinovidan o‘tgan, siz bilan bugungi kungacha yetib kelgan biror film, kitob, yozuvchi, bastakor yoki musiqa nomini aytishingizni so‘rardim. Kimni chin inson deb hisoblaysiz?

— U hamisha buyuk deb hisoblaydigan birorta film mavjud emas.  Turli vaqtlar davomida unga turli lentalar yoqqan, turli rejissyorlar. Hozirga kelib uning xotirasida amerikalik Robert Oltmen va Skorsezening filmlaridagi fragmentlar saqlanib qolgan deyish mumkin. Shu bo‘lsa kerak. Qaysi film uning qalbiga yaqin deb so‘rasangiz, kadrda sokin elegant yorug‘lik nafasi urib turgan filmni aytardim. Buni shunchaki tushuntirish qiyin…

-Balki bu Sankt Peterburgdagi oq tunlarga o‘xshab ketar?

-Ha, o‘xshaydi deyapti. Bu nur operatorlarga doim azob bergan, o‘z filmlarida qiyinchilik bilan shunday yorqinlikka erishgan, ammo shunga qaramay kadrdagi tarqoq, yumshoq nur Antonioning boshqa hech kimga xos bo‘lmagan belgisi sanaladi.

Endi yozuvchi va kitob masalasiga kelsak. Aynan bitta kitobni aytish qiyin. Yozuvchilar haqida esa aytish mumkin – bu Jozef Konrad. Uni doimo yaxshi ko‘rardi va hozir ham bu aloqa uzilmagan. Antonioni Sardiniyadan uy sotib olganida jamaotchilik e’tiborini tortmaslik uchun telefon ma’lumotnomasiga o‘z ism sharifini kiritishni istamagan. Shunda u o‘zini Juzeppe Konrad deb atagandi.

Endi bastakor va musiqa. Bastakorlar ko‘p, bitta kuy nomini aytish ham qiyin, u ko‘proq jaz tinglaydi.

-Musiqa asboblaridanchi?

-Fortepyana bilan yaxshi chiqishmaydi. Qalbga taskin beradigan: klarnet, sasofon, trombon, trubani ma’qul ko‘radi. Hamisha buyuk bo‘lib qolgan insonga kim ekaniga kelsak bu Pablo Pikasso.

-Intervyularingizdan birida, odamzot necha mingyillar davomida sirayam o‘zgarmaganini aytgandingiz. Hoziram shunday hisoblaysizmi? Yoshlarga munosabatingiz qanday?

— U odamlar qadim zamonlardan beri unchalik o‘zgarmagan deb hisoblashda davom etadi, o‘z davri va bugungi yoshlar o‘rtasida katta farq ko‘rmaydi. U doim yoshlar bilan ishlashni afzal bilgan, chunki hamisha yangilanish tarafdori bo‘lgan. Unga yosh qizlar yoqardi, ular har kuni yangi libos kiyib kelsa, eskilikdan voz kechib zamonaviylikka intilishlarini yoqtirardi. U o‘z tengdoshi bilan yasholmagan bo‘lardi.

-“Professiya: reporter” filmingiz qahramoni boshqa hayotda yashashga urinadi. Siz ham shunday qilishga harakat qilganmisiz? Ikkinchi hayot imkoni berilsa, yana shu umringizni yashagan bo‘larmidingi?

-Yo‘q, u ikkinchi hayotni istamaydi, chunki birinchi va yagona hayotida yetarlicha xatolar qilgan. U umuman o‘tmishga nazar solishni va nimadandir afsuslanishni xohlamaydi. Hamisha oldinga intiladi, kelajakni o‘ylaydi. Yana bir gap: u o‘zida yo‘q narsalar uchun siqilmagan, boriga rozi bo‘lgan.

-Hayotingizdan rozimisiz?

-Bu qiyin savollardan biri deb hisoblaydi, shuning uchun javobi yo‘q. Rozimi? Ha, rozi. Norozimi? Albatta, norozi. Agar uning hayotini filmlariga qiyoslasak, u o‘z ishidan ko‘ngli to‘lmagan.

-Nega endi? Axir bu filmlar jahon kinosida allaqachon klassikaga aylangan.   

-Bu sizning nazaringizda. O‘ziga qolsa, undaymas. U ijodiy natijasini o‘z qarichi bilan hisoblaydi. U har bir filmini bezovtalik va norozilik hissi bilan tomosha qiladi, chunki film to montaj qilinib, katta ekranlarga chiqquncha uning o‘zi ilgarilab ketgan, o‘zgarishga ulgurgan, boshqa narsalar haqida o‘ylayotgan bo‘ladi.

-Yigirma yildan beri gapirmaysiz. Bu vaqt ichida o‘zlikni namoyon qilishing yangi shakllarini topdingizmi, og‘zaki nutq o‘rnini bosish uchun?

-Uning ishonchi komilki, adekvat nutq, til mavjud emas. Uning tili bu kino edi. Unga bir umr film suratga olishi uchun hech nima halal bermaydi, kamera va plenkalarsiz ham hatto. Ammo bu muhim emas. Muhimi, uning ongi va qalbi tirik. Yana u surat chizishni o‘rgandi. Hozir esa yangi mashg‘ulot bilan band: kartonga applikatsiyalar ishlayapti. Yangi mashg‘ulotlar uni xursand qiladi.


Yuriy Lepskiy suhbatlashdi

Nodirabegim tarjimasi
 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting