Knut Hamsun
hikoya
X*** degan yozuvchi hikoya qilib bergandi: Kopengagenning ichki bandargohidan uncha uzoq bo‘lmagan yerda Vestervol deb ataladigan ko‘cha bor – xilvatgina yangi xiyobon. Atrofda uylar, ko‘chachiroqlar kam, tabiiyki, o‘tkinchilarni ham kam uchratasiz. Hatto hozir, yoz bo‘lishiga qaramay biror kimsa unda aylanishni kamdan-kam xayoliga keltiradi.
Xullas, kecha oqshom o‘sha ko‘chada bir voqea sodir bo‘ldi. Ro‘paramdan kelayotgan xonimga ko‘zim tushganda xiyobonni bir necha bor aylanib chiqishga ulgurgandim. Bizdan boshqa jon ko‘rinmaydi. Ko‘chachiroqlar yoniq bo‘lsa ham qorong‘i, uning yuziga razm sololmayman. Odatiy tun qizi bo‘lsa kerak, degan xayolga kelib o‘tib ketaverdim. Xiyobon oxiriga yetib ortga burildim, ayol ham ortiga o‘girildi, ko‘p o‘tmay yana ko‘rishdik. Birontasini kutayotgandir, deb o‘yladim, kim bo‘lsa ekan – ko‘ramiz. Yana bir bor uning yonginasidan o‘taman. Uchinchi marta to‘qnash kelganimda esa shlyapamni ko‘tarib qo‘ydimda gap boshladim.
– Xayrli oqshom! Xonim bu yerda birortasini kutyaptimi deyman?
Ayol bexos cho‘chib tushdi.
Yo‘q… Ha, kutyapti. Mumkin bo‘lsa, kutgani kelgunicha, unga sherik bo‘lib tursam bo‘ladimi? Ha, mumkin, u qarshi emas. Menga tashakkur aytdi. Nafsilamrini aytganda, u birovni kutayotgani yo‘q, shunchaki aylanib yuribdi, bu yerlar shunaqangi tinchki. Biz asta yonma-yon ketar, u-budan so‘zlashar ekanmiz, men unga qo‘limni tutdim.
– Ah, yo‘q, – dedi va boshini likillatdi ayol. Shu ko‘yi ketaverish u qadar ko‘ngilli emas, qorong‘ilik boisidan unga yaxshilab razm sola olmasdim ham. Gugurt chaqib soatimga qaradim va gugurtni yuqoriroqqa ko‘tarib unga yorug‘ tushirdim.
– To‘qqiz yarim bo‘libdi, – dedim. Ayol seskanib ketdi, to‘g‘rirog‘i sovqatayotgan edi. Holatdan foydalandim: – Sovqatgan ko‘rinasiz, ehtimol, biror yerga borishni, ul-bul ichishni istarsiz? «Tivoli»gami? Yo «Natsional»mi?
– Yo‘q, ko‘rib turganingizdek, hozir biror joyga bora olmayman, – deya javob qildi ayol. Shundagina ahamiyat beribman, u ustiga uzun motam vuali tashlab olgandi. Men, qorong‘ilikka singib borarkanman, uzr so‘radim. Kechirimimni qabul qilishi esa uning jo‘ngina tun ayoli ekani tasavvurini tarqatib yubordi.
– Qo‘limdan tuting, – deya yana qo‘limni uzatdim. – Biroz isinib olardingiz. Ayol meni qo‘ltiqlab oldi. Xiyobonni bir necha bor aylandik. U soatimga yana bir marta qarashimni so‘radi. – Soat o‘n bo‘libdi – dedim. – Qayerda turasiz?
– Eski Qirollik ko‘chasida.
Ayolni to‘xtatdim.
– Maylimi, uyingizga kuzatib qo‘ysam? – deya so‘radim.
– Yo‘q, bu mumkin emas, – dedi u.
– Iloji yo‘q… Siz Bredgadda turarmidingiz?
– Qayerdan bilasiz? – dedim hayratlanib.
– Sizning kimligingizni yaxshi bilaman, – dedi u javoban. Jimlik cho‘kdi. Qo‘ltiqlashib ketyapmiz, yop-yorug‘ ko‘chalarga burilamiz. Ayol tez-tez qadam tashlar, ustidagi uzun vuali hilpirardi.
– Tezroq yuraqoling, – dedi u. Eski Qirollik ko‘chasidagi uylardan birining hovlisi oldiga yetib kelganda u menga kuzatib qo‘yganim uchun minnatdorlik izhor qilmoqchi kabi o‘girildi. Eshikni ochdim, u asta ichkariga kirdi. Yelkam bilan eshikni biroz tutib, keyin o‘zim ham uning ortidan yurdim. Ayol qo‘limdan ushladi. Bir og‘iz so‘zlamasdik. Zina bo‘ylab ko‘tarilib, uchinchi qavatda to‘xtadik. Uning o‘zi kirish eshigini ochdi, keyin yana bir eshikni, so‘ng mening qo‘limdan tutib ichkariga boshladi. Allaqanday xonaga kirdik; devordagi soatning tiqillashi eshitilib turibdi. Xonim soniyaga eshik tagida turib qoldi, keyin daf’atan meni quchib, ehtirosdan titrab lablarimdan o‘pdi. To‘g‘ri lablarimdan.
– O‘tiring, – dedi u. – Mana sofa. Men chiroqni yoqay.
Va chiroqni yoqdi. Men hijolat va qiziquvchanlik bilan atrofga alangladim. Bu chiroyli jihozlangan katta mehmonxona edi; ochiq eshiklardan boshqa xonalar ham ko‘zga tashlanib turardi. Tanishuvimizning o‘zi g‘alati bo‘lgan bu odamning qandayligini tushunolmay halak edim.
– Bu yer juda shinam ekan! Shu yerda yashaysizmi? – dedim.
– Ha, bu mening uyim, – dedi ayol.
– Uyingiz? Ota-onangiz bilan turasizmi?
U kulib yubordi.
– Yo‘q, yo‘q. Men oilali keksa xonimman. Hozir ko‘rasiz. Shunday deb ustidagi palto va vualini yechdi. – Xo‘sh, qarangchi! – dedi va yana o‘sha ehtiros bilan quchdi. Yigirma ikki–yigirma uch yoshlarda edi u; o‘ng qo‘lida nikoh uzugi, ehtimol chindan ham erli ayoldir. Chiroyli edimi? Yo‘q, yuzini sepkil bosgan, qoshi ham deyarli yo‘q. Ammo uning butun vujudi hayajonli hayot ila nafas olar, yana uning og‘zi ham g‘oyatda chiroyli edi. Ismini, eri bo‘lsa uning qaydaligini so‘ramoqchi bo‘ldim; kimning uyida ekanimni bilsam degandim, ammo u menga qattiq yopishgan, og‘zimni ochaman deganim zahoti qiziquvchanligimni man etdi.
– Ismim Ellen, – dedi u. – Biror nima istaysizmi? Hechqisi yo‘q, qo‘ng‘iroq qilishim mumkin. Faqat bir muddatga anavi yerga, yotoqqa o‘tib tursangiz bas.
Yotoqqa kirdim. Mehmonxonadan tushib turgan nur xonani xira yoritar, ko‘zim ikki karovatga tushdi. Ellen qo‘ng‘iroq qilib may keltirishni buyurdi; xizmatkor ayolning kirganini va mayni qo‘yib chiqib ketganini eshitdim. Bir daqiqa o‘tib Ellen yotoqqa kirib, eshik oldida turib qoldi. U tomon qadam tashlagandim, u ohista qichqirdi va shu zahoti menga peshvoz kelaverdi… Bu kecha oqshom bo‘lgandi… Yana nima bo‘ldi deysanmi? Shoshma, yana ko‘p narsa sodir bo‘ldi! Ertalab uyg‘onganimda kun yorishib kelardi. Kunning yorug‘i pardaning ikkala qavatidan ham o‘tmoqda. Ellen ham uyg‘ondi, xorg‘in xo‘rsinib menga kuldi. Uning qo‘llari oppoq, xuddi barxitdek edi, ko‘ksi esa shunday balandki. Unga nimadir deb shivirladim, ammo u og‘zimni lablari bilan yopdi. Kun yorishaverdi, yorishaverdi. Ikki soat o‘tib o‘rnimdan turdim. Ellen ham turdi, kiyimini, poyafzalini kiydi. Xuddi shu payt meni hali ham qo‘rqinchli tush kabi dahshatga soladigan voqea sodir bo‘ldi. Ellen nima uchundir qo‘shni xonaga o‘tdi, u eshikni ocharkan, men o‘girilib o‘sha yerga qaradim. Lang ochiq derazalardan sovuq oqib kirar, xonaning o‘rtasida, uzun stolda murda yotardi. Murda tobutga solingan, oppoq kiyintirilgan, soqoli ham oq. Qoplama ostidagi ingichka tizzalar bilinib turar, qattiq g‘azabdan mushtlari tugilgan, yuzi esa sarg‘ayib ketgan, dahshatli edi. Bularning barini kun yorug‘ida ko‘rib turardim. O‘girilgach tilim kalimaga kelmay qoldi. Ellen qaytganida men allaqachon kiyinib, ketishga tayyor turardim. Meni quchganida zo‘rg‘a qo‘limni ko‘tardim. U yana allanima kiydi, meni pastgacha, hovligacha kuzatib qo‘ymoqchi edi; bunga qarshiligim yo‘q, ammo hali ham miq etmasdim. Birovning ko‘zi tushmasligi uchun u chiqish yo‘lagi devoriga yopishib oldi.
– Ko‘rishguncha, – deya shivirladi.
– Ertagachami? – dedim asta.
– Yo‘q, ertaga emas.
– Nega ertaga emas?
– Jim, jonim, ertaga dafn marosimiga borishim kerak, bir qarindoshim o‘lib qoldi. Mana, endi sen ham bilasan.
– Demak, indingami?
– Ha, indinga, men seni shu yerda, kirish yo‘lagida kutaman. Xayr.
Ketdim… Kim edi u? Anavi o‘likchi? Mushtini qattiq siqqan, labining burchaklari allaqanday tragikomedik tarzda qotib qolgandi! Indinga u meni kutadi – borsammi-bormasammi? To‘g‘ri «Bernin» qahvaxonasiga yo‘l oldim, manzillar kitobini so‘radim, Eski Qirollik ko‘chasini izladim, falon raqam – xo‘sh, ismi sharifiga ko‘zim tushadi. Tonggi gazetalarni keltirgunlaricha o‘tiraman, so‘ng qazo qilganlar haqdagi xabarlarni ko‘rish uchun ularga tashlanaman; xo‘sh, mana ayolning xabari, birinchi qatorda, qora harflar bilan yozilgan: «Erim bugun uzoq vaqt davom etgan kasallik tufayli vafot etdi, 53 yoshida». E’lon o‘tgan kungi sana bilan belgilangan. Uzoq o‘tirib o‘yga tolaman. Er va xotin, ayol erkakdan o‘ttiz yosh kichkina, er uzoq muddat kasal bo‘ladi, bir kuni o‘lib qoladi. Yosh beva esa yengil nafas oladi. Hayot, telba fusunkor hayot chorlaydi va u ushbu sasga itoat bilan javob qiladi: ketyapman! O‘sha kechayoq Vestervolga boradi… Eh, Ellen, Ellen – indinga ko‘rishamiz!
Rus tilidan Alisher FAYZULLAYEV tarjimasi