«Akademnashr» nashriyoti “Izlam” turkumi ostida 8 nafar yosh shoir va bir nosirning kitobini chop etmoqda. Hozirga qadar ulardan oltitasi kitobxonlar e’tiboriga havola etildi. Quyida mazkur mualliflardan sara she’rlarni ulashamiz.
O‘ShA MEN EDIM
Derazang yoniga qo‘ndi kabutar
Ilkida o‘rog‘liq maktub bor edi.
Senga boqib turgan ma’yus ko‘zlari,
Shu onda nedandir umidvor edi.
Sen esa pardani yopib qo‘yding jim,
O‘sha men edim-ku, o‘sha men edim.
Ko‘chaga chiqding sen bog‘ aylangani,
Daydi shamollarday xayoling tarqoq.
Bog‘ kezib yurarding shunda nogahon
Oyog‘ing ostiga tushdi bir yaproq.
O‘sha yaproq kabi sochilgandi kim?
O‘sha men edim-ku, o‘sha men edim.
Bog‘da gullar terding avaylab asta
Nogoh qo‘llaringga sanchildi tikan.
Nozik qo‘ling bilan sug‘urding uni
Deding: “Shunday gulda tikan bor ekan”.
Senga talpingandi shu tikan, gulim,
O‘sha men edim-ku, o‘sha men edim.
So‘ng qaytding uyingga o‘y surib sokin,
Deraza yoniga qo‘yding gullarni.
Tin olmoq dardida cho‘kding to‘shakka
Va yig‘lab o‘qiding “O‘tkan kunlar”ni.
Kimnidir o‘ylading, ko‘zlari sim-sim,
O‘sha men edim-ku, o‘sha men edim.
Xurshid Abdurashid
QON
O‘z jazavamni sevdim.
Xayolimda she’rlar yozdim va unutdim xayolimda.
O‘z jazavamga chidolmadim o‘zim —
Qololmadik lahzani ushlab.
Qon qusdim.
Kunlarning jasadi ustimga qulab tushdi
Ostida qoldim.
Ammo o‘lmadim
Yo‘qolib ketmadim.
Ovozim qoldi faqat … Bo‘g‘zimda
Bo‘g‘zimdan qon otildi gurillab.
Qon kechdim.
Dunyoning malikasi, shohlari
Qon tutdi idishlarida
Qon ichdim
Va idishlarini o‘z boshlariga urib sindirdim
Qon qusdim va qon kechdim.
Qonda olov ko‘rdim
Jodu ko‘rdim qonda
Zotan har narsaning jozibasi yo‘qolgan
Ranggi o‘chgandi
Qonda jilva ko‘rdim,
Qonda rang ko‘rdim.
Qon ichdim va qon kechdim.
Erkni sevar edim deb aldadim hammani
Zotan doim erksiz edim.
Erkka intila intila
Intilishlardan tuzoq qo‘ydim o‘zimga.
O‘zim qo‘ygan tuzoqdan aqlimdan ozdim o‘zim.
Erksiz edim
O‘zimda yo‘q va hech qachon ega bo‘lolmaydigan har narsadan nafratlangandek nafratlandim erkdan ham.
Erksiz edim, ammo erkni sevar edim deb aldadim hammani.
Tanamda qonim sovidi.
Kunlar ustimga qulaydimi
Erksiz o‘ldimmi yashadimmi yo yashamadim farqsiz bo‘ldi.
Tomirimda sovidi qonim.
Qalbimni qo‘yolmadim birorta joyga.
Dilimni baxsh etolmadim.
Aldadim hammani.
Sevmas edim erkni hech qachon,
Ozodlikni sevmas edim,
O‘limni sevmas edim,
Borlikni sevmas edim,
Nomusni sevmas edim,
Sevgilimni sevmas edim,
Sevgini sevmas edim,
Hammani aldadim.
Begonalik edim va tashna edim bir begonalikka
Sevgilimni o‘pa turib
Bo‘sa uchun o‘zga lab tusar edim.
Sevgilimni sevmas edim.
Bor bo‘lganmi yo‘q bo‘lgan bir begonalik edim.
Och edim begonalikka.
Ziddiyatlar ichimda urchidi.
Ming boshli ajdahoday yuragimni yedi ziddiyatlar.
Sevsam — tashlab ketdim.
Sevaman deb aytdim sevmasam.
O‘lim tiladim eng yaqinlarimga.
Ozodlikni sevmas edim,
Ezgulikni sevmas edim.
Ziddiyatlar tuli edim.
Quli edim o‘z yotligimning.
To‘lg‘onib- to‘lg‘onib qon ichdim
Hasrat tunlarida qon kechdim sochimni yoyib.
Telbalik tuli edim.
Ozodlikni sevmas edim.
Qon qusdim va qon kechdim.
O‘z jazavamga chidolmadim o‘zim.
Nima yozdim
Nima dedim, unutdim.
Qanday yashadim — unutdim.
Esimdan tushib qoldi barchasi.
Dunyoni yiqitasigan so‘z axtardim.
Oxir so‘zdan charchadim,
Dunyodan charchadim.
Charchadim axtarishlardan
Va unutdim.
Dunyoni sevmas edim.
Sevmas edim men qonni
Faqat joduga oshiq edim.
Qonda o‘lim jodusi,
Qonda yong‘in,
Qonda olov jodusi.
Qayda jodu ko‘rsam,
O‘zimni yoqdim jilvasida.
Iblisda jodu bor.
Baxsizlikda jodu.
Begonalik, firoqda jodu.
Erk istasang, erksizlikda jodu.
Ne istasang, istamaslikda jodu.
Joduda o‘zimni yoqdim
Jozib ko‘rmadim dunyoda bundan bir boshqa.
Rang ko‘rmadim,
Tayanch,
Suyanch ko‘rmadim.
Darvoqe, men tug‘ilganda
Qulab bo‘lgandi allaqachonlar
Dunyoning ustunlari.
Erkni sevmas edim
O‘limni sevmas edim
Yashashni sevmas edim
Qon qusdim va qon kechdim.
Sevgilimni sevmas edim
Qon qusdim va qon kechdim.
Qusgan qonimdan
Olmaxonlar tug‘ilar edi
Mitti jonchalar
Dunyoning to‘rt tomoniga olib ketdi
Ular
Qon
Yotlik
Va ziddiyatning joduli hidlarini.
Joziba qidirgan har telbaga mastlik olib ketdi olmaxonlar qonning hidida.
O‘zimni sevmas edim.
Hech kimni
Hech neni sevmas edim .
Qon qusdim va qon kechdim.
Tillaniso
TASHNA
Bugun ko‘rishaylik,
Yomg‘irni qara!
Suvga bo‘kkan mushukday shahar.
Osmon yaylovlari bulutga qaram,
Ko‘ngil – tashrifinga,
Yo‘q dema faqat.
Bugun ko‘rishaylik, xiyobonni qo‘y,
Soyabon ko‘tarib yurish ham mahol.
Yo‘qsul peshonamda g‘aribgina uy,
Unga ikki olam sig‘ar bemalol.
Hislar chiqsin, mayli, quyushqonidan,
Xo‘mray ta’qiqlarga,
Yelib kel, gulim.
Sen qahva ichasan oyna yonida,
Men unsiz chekaman,
senga termulib.
Bugun ko‘rishaylik, ikkilanma hech,
Urunma boshqa kun fursat topishga.
Piyoda yo‘lga tush – avtolar sotqin.
Nozik badaningga chippa yopishgan
jiqqa ho‘l libosda ko‘zimga botgin.
Dovdirab eshikka suyanib qolay,
Yomg‘irda ivigan qaro sochlaring
uchidan chakillab tomgancha sharbat
dildirab uyga kir,
Dood, iforingdan,
Shilq etib yiqilay, sarxushu sarmast.
Kel, hozir ko‘ksimning ichi to‘la ganj,
Yor, uni, yor! Uni,
Yorug‘ nurdanam.
Kechiksang befoyda, yomg‘ir to‘xtagach,
Aylanib qolaman sovuq murdaga.
Bugun ko‘rishaylik,
Yo‘q dema faqat…
Jontemir
***
Seni tushimda ko‘rdim.
Hammasi juda ham oddiy edi:
lablaringga tegib ketdi lablarim,
keyin kulib qo‘yding uni siypalab,
bir oz qizillashdi yuzlaring.
Qiziq,
o‘ngda bunday bo‘lishi uchun
qancha tasodif kerak odamga?
Masofachi?..
Biz birga bormagan yoqlarda
uzoq sayr etdik.
Bir uzun ko‘prik uzra
tungi chiroqlar yog‘dusiga cho‘milib
uzoq yugurdik.
Nega buncha hovliqdik?
Yashab bo‘larmi, ayt, baxtni hovliqmay,
uxlamay yashab bo‘larmi uni?..
Seni tushimda ko‘rdim,
juda ham oddiy edi hammasi.
Rafiq O‘zturk
***
Suratlaringni yoqib yubordim…
Musiqa tinglamay qo‘yganman
allazamonlardan buyon.
Ko‘z yoshlarimni qayta — qayta
ichkariga qamayveryapman.
Yana…
Yana yashayapman!
Nafas olgim kelmasa ham,
Yashayveryapman!
Osmonni yaqin qilib qo‘ydim,
Yerni yumshoqroq.
Armonning nomini sochimga bog‘lab,
Jamalak qilvoldim yarashmasa-da!
Soatlarga qaramayapman,
Oynaning yuziga dastro‘mol yopib,
Suratlaringni,
suratlarimizni yubordim yoqib…
Unutmaslik uchun Seni o‘lguncha…
Feruza Xayrullayeva
***
Boraman.
Bizni adashtirgan yillar oralab
Jingalak sochimga taqasan yalpiz.
So‘ng ortga qaytaman…
Kimni qoralab
Yolg‘iz.
Men takror boraman
Bu ne jasorat…
O‘tmishga sudrayman vaqt millarini.
O‘g‘irlab qaytaman…
Derazangdagi
Baxt gullarini.
O, yana boraman
Bu qanday tahqir…
Ko‘zimdagi bari tomchilar ozod.
Nogoh qo‘llarimdan tutadi taqdir
Kishanband etadi jismimni hayot.
Baribir boraman
Hech bo‘lmaganda
Ruhimni don kabi yutganda bir qush.
Sen titroq kaftingda ushoq tutsan
So‘ng uchib ketaman
Qaygadir sarhush.
Madina Norchayeva
***
To‘kilib ketasan eshikni yopib,
tashqarida izg‘ir mezon nafasi.
Qaydandir…
bir suvrat olasan topib –
g‘alayon ko‘tarar ko‘ksing qafasi.
Hozir baxt so‘zini eshitging yo‘qdir,
Shunchaki…
bir o‘zing yig‘lamoqchisan.
Tashqarida
Ishqni shivirlar yomg‘ir,
o‘z-o‘zingni she’rga chog‘lamoqchisan…
Qo‘lga qalam olding,
to‘lding g‘ussaga,
xonangga iymanib kiradi Afsus.
Kamiga dardlarin ortib jussangga
yuragingga kirib kelayotir Kuz.
Mirzohid Muzaffar
***
Endi do‘st qoldimi,
qayda suyanchiq,
kim bor –
hislarimni qilgan ehtiyot?
O‘tmishim tobora achchiqdan achchiq,
kecha sevganlarim bugun yetti yot!
Zulumot ko‘z yordi kunchiqar pallam,
kunlarim mayishdi oy tegrasida.
Dunyo ko‘zlarimga botar mahalda
ichimda ichikdi qay norasida?
Axir, Cen bor eding
va o‘zing aytgil!
Sen qolib
men kimga keldim sig‘inib?
Kimdir olislarda unutgan payti,
nahot, yashayapman hamon sog‘inib?!
Garchi mahshar yaqin,
qazoyim – mubham,
saharlar o‘chirgay shomlarim rangin!
Qushlar tashlab ketsin, mayli bugun ham,
ertaga sen bilan qolsam bas, Tangrim.
Muhammad Siddiq
Kitoblarni xarid qilish uchun: t.me/akademsavdo