HIS
Sen topilgach bari yo‘qoldi –
qo‘rquv, andisha, turg‘unlik, jimlik
(qayda uchrading sen?).
Ichimda sas berdi
nimadir
o‘sha — men doim zanjirband qilgan
HISlar uyg‘ondi
bosh ko‘tardi
tik qaradi
ko‘zimga.
Qo‘llaring-la
yuzimga tegib
silading va
yulqib olding jilmaygan
niqobimni.
Niqob ortidagi ayanchli,
abgor – menga boqding
quchding: ketdik…
HIS yulqidi meni
diqqinafas ofisdan,
avtolar shovqinidan,
yumush to‘la uydan.
Olib ketdi o‘z olamiga
erk isi ufurib turgan
balandliklarga.
Sen bilan men barini yo‘qotdim –
hayot va o‘lim orasida
sarson bo‘lgan nomsiz tuyg‘ularimni.
Sen kimsan?
Nimasan?
Qandaysan?
***
Men seni deyarli bilmayman –
yoqtirasan qaysi gul,
qaysi faslni.
qaysi film, qay kitob
sen uchun sevimli.
Men senga tikilib
qaramaganman –
menga noma’lum
ko‘zlaring rangi.
qanday ifor taralar sendan
qo‘llaringni tafti qanaqa.
Men sen bilan
qo‘ng‘iroqlashmaganman
bilmayman hatto
telefon raqamlaringni.
Issiq qahva ichmaganman
sen bilan birga,
ovozingni eslolmayman ham.
Lekin…
Bilaman
ichingdagi isyonlaringni,
hech kimga aytmagan
iqrorlaringni,
yurakdagi mangu
og‘riqlaringni,
seni zabt etgan
qo‘rquvlaringni.
Bilaman,
sirtingda sokinsan
qalbingda toshadi
po‘rtana.
ichingda yashaydi bir odam
har kuni u seni
…o‘ldirar.
Hislarga bo‘ysunib yashaysan
yozasan, yozasan,
yirtasan.
otasan olovga – kulasan
o‘zing ham jizg‘anak bo‘lasan.
Men seni deyarli bilmayman –
Kimsan sen?
Nimasan?
***
Bugun angladim –
hech kimga
hech qachon kerak bo‘lmaganman
Kerak bo‘lgan –
mendagi onalik
mendagi xotin
mendagi dugona
mendagi shogird
mendagi imkoniyatlar
mendagi yutuq
mendagi ehtiroslar
mendagi daromad
Ichimda ko‘plab menlar yashaydi
bor har birining o‘z burchi
o‘z og‘riqlari, charchoqlari
ular orasida yo‘qotib qo‘yganman
asliyatimni.
Bugun bo‘y ko‘rsatdi
yig‘lab yurakning qayerigadir
yashirinib olgan mitti qizaloq
hech kim qo‘l cho‘zmadi unga
bag‘riga olmadi
yupatmoq uchun
yuz burdim men ham
ko‘rgim kelmadi ojizligini
Uning og‘zini yopdi
siyoh tekkan qo‘llari bilan
mendagi ijodkor
siltadi ket deya
mendagi namunali xodim
Men bularni kuzatgancha
turaverdim jim…
va angladim teran
hech qachon
hech kimga
kerak bo‘lmaganimni.
***
Begonalik to‘ydirdi meni
jamiyat, odamlar, olamga
so‘ng o‘zimni tushungandek ko‘rsatdim
garchi tushunmasdim odatlaringiz,
qarashlaringiz, orzularingiz,
tuyg‘ular va maqsadlaringiz
hammasi begona edi menga
hozir ham sizlarni anglolmay
yig‘lagim kelyapti…
Mendan yasadingiz sakkizqo‘l odam
yaratdingiz o‘nlab niqoblarimni
mayda va arzimas muammolarni
bittalab terdingiz yelkamga
men esa begona bo‘lmay deb dunyoga
yaqindek sezdirdim ko‘nglimni
pinhon tutdim iztirobimni
endi quloqlarimni mahkam yopib
uchgim kelyapti!
Sizga begona edi mendagi orzu,
qiziqish, og‘riq va tuyg‘ular
farqsiz bo‘lib borar tobora
o‘zimning o‘zimga yetti yotligim
ko‘zgularni sindirib tashlang
unda ko‘rgim kelmayapti aksimni
qoldi faqat birgina istak —
o‘lgim kelyapti,
xa, o‘lgim kelyapti.
***
Eshikni hech kimga ochmayman
Kelishar, qo‘ng‘iroq bosishar,
Va keyin jimgina ketishar –
Boshqa bir eshikni qoqqani.
Telefon tinimsiz jiringlar
Ekranda kimligi bilinar,
Men yashil tugmani baribir
Bosmayman javob bergani.
Avtobus kutaman – liq to‘la
Men esa bekatda qolaman,
Manzilga piyoda ketaman
Seni bir uzoqdan ko‘rgani.
Sen kelsang…
Eshigim ochardim
Javob ham berardim
Qo‘ng‘iroq qilsang.
Yur desang ketardim
Qayga bo‘lsa-da
Liq to‘la avtobus
Yoki piyoda.
***
Dunyoga sig‘masang
uxlasang,
uxlasang beomon
qanday yashash
kerakligin
tushunmay
uxlasang
Tush ko‘rsang
iyulni
va uni
yoz qanot
uyqungda
sev-sevil
istasang
Uxlasang
keksaymay
qachondir o‘zga
makon va zamonda
ko‘z ochsang
anglasang
tushunsang.
ungacha uxlasang
bezovta qilmasa
hech kimsa.
***
O‘zimni yaxshi his eta boshladim –
Ahamiyati qolmagach hech nimani.
Endi farqi yo‘q qanday yashashni
Nima yeyish, nima ichishni
Tunda necha soat uxlashni
Ishga o‘z vaqtida borishni
Faqat kulish mumkin chin dildan
Yig‘lash mumkin istaganingcha
va yozish kechirgan tuyg‘ularingni
erkinlik sezasan uzoqlashsang
odamlar, odatlar, oqibatlardan
o‘ylamasang kelajagingni
eslamasang o‘tmishingni ham
yashasang hozirgi soniyalarda
tuzmasang biror bir reja
yopib qo‘ysang orzu darchalarini
tinglab yotsang bitta qo‘shiqni
va raqs tushsang unga hamohang
maktub yozsang uzundan uzoq
tashlasang uni pochta qutisiga
(axir qachondir yetib borar u)
sog‘insang, shunchaki jilmay
pichirlab qo‘y shabbodalarga
ahamiyati yo‘q qayerdaliging
shaharning beton devorlari
qurshab olgan bo‘lsada seni
ichingda bor kerak hammasi –
dengiz, orol va o‘rmon
va yuragingga qamagan inson
sen yaratgan mitti dunyoda
yashayapsan birga baxtiyor
yurak asabiy g‘ijimlansada
qaqshasada asab torlari
balki bordir buning chorasi —
tamaki tortish o‘pka to‘lguncha
tomga chiqib tonggacha uxlash
qabristonda to‘yguncha yig‘lash
toki o‘ylasin atrofdagilar
marhum uchun chekyapti faryod
sezmasin aslida o‘zingni
o‘ldirganing va ko‘mganingni
***
O‘rani kim yopadi?
Kim nuqta qo‘yadi bunga
Sizifning yelkasidagi
Og‘ir toshni keltiring
Og‘zini mahkam yoping
Yuz asr ochmang so‘ng
Ishoning hech kimsa
Sezmas yo‘qolganimni.
Mo‘ralamang o‘ra ichiga
Biror jon bormi deb
G‘am chekib o‘tirmang –
Tirik vujud yo‘q bunda
Ko‘milishni istaydigan
Dunyodan berkinishni
Olamdan uzilishni
Istaydigan ruh bor, xolos.
Ruhki, isyonlari oshkor bo‘lmagan
Siz kabi Godoni noumid kutgan
Kechikkan o‘zgalar yaratgan
Taqdirini qayta qurmoqqa
Jazo topgan faqat o‘zidan
Vujudidan sirg‘alib uchgan
Samo esa qabul qilmagan
Arosatda qolmoq istamay
Yer ostin makon qilgan.
Iltimos, o‘tmang befarq
Ming yildan so‘ng ehtimol
Ruhim topib o‘zligin
Kirganida yangi vujudga
Sizni topib albatta
Qo‘lingizni siqib qo‘yadi
So‘ng ko‘zlari qamashib
Boqqanida cheksiz samoga
Bulutlar ham yo‘l ochar unga
Yaqinlashar balki xudoga.
Hozir esa o‘rani yopmoq kerak.
***
Odamlar yelkamga o‘tkazgan
ignalarni sanayman bir-bir
har birining bor tarixi,
o‘z og‘riq va iztiroblari
rangba rang iplardan
o‘rgimchakdek tunlari beun
tikaman kamalakrang kashta
to qolmasin terimda chandiq
bilmayman kim sanchgan
do‘stmi u, dushmanmi yo
axir ikkisi ham yo‘q edi menda
(ko‘rinmaydi ularning afti)
balki hamon yonimda igna
charxlayotgan bo‘lsa ehtimol…
men ularga o‘tkazib moviy,
pushti, sariq, oppoq iplarni
yarataman bir kuni qanot
va shubhasiz ketaman uchib
meni kutar cheksiz koinot
tezroq qanot qoqishim uchun
bermoqdasiz siz menga ko‘mak.
***
Berkinishni istadim
Bu men bolalikda o‘ynagan
Berkinmachoq emasdi
Men avvalo o‘zimdan
Berkinishni istadim
Biroq zum o‘tmay
Topib olaverdim
O‘zimni o‘zim
Berkina olmadim
Qolmadi shaharda
Berkinishga arzir
Birorta makon.
Balki yuragingni
Bir chekkasidan
Ajratarsan joy?
***
Men sendan so‘radim
Qattiq sog‘inganimda
Iztirob chekaymi
Yoki tamaki
Qay biri menga
Bermaydi ozor
Sen deding tamaki
Chekkaning afzal
Bu sog‘lig‘inga kamroq
Keltirar zarar
Men esa baribir
Iztirob chekdim.
***
Ishon
Paydo bo‘ladi
Kimdir va
Olib o‘tar
Yo‘lning
narigi tarafiga