Fo‘rug‘ Farruxzodning Ibrohim Gulistonga maktubi

0
564

2 iyun, payshanba

Azizim… Hozirgina sendan maktub kelgandir degan umid bilan zinapoyalardan tushib keldim. Bu – kecha sen haqingda tush ko‘rganimdan. Uyg‘ondim… va yana ko‘rdimki, ko‘ksimda yuragim tipirchilar, behol urib turardi. Tez-tez kiyingancha, pastga tushdim. Ammo hech qanday xabar yo‘q edi. Ayni damda o‘zimni yomon his qilyapman va bu kundan-kunga ortib bormoqda. Xuddi muzxonaga qamab qo‘yilganga o‘xshayman. Xuddi barcha tana a’zolarim kesib olingan, men esa qonayotgan yaradan boshqa narsa emasday. Kecha tunda Derek Hillning kotibasini uchratib qoldim teatrda. Sen bilmaysan, uning og‘zidan ismingni eshitish shuncha shovqin-suronning ichida meni qanday dovdiratib qo‘yganini. Ortiq so‘ylolmadim. Tilim duduqlanib qoldi. So‘zlarimni yo‘qotib qo‘ydim. Iztirobdan bo‘g‘ildim. Seni sevaman! Alloh biladi seni qanchalar sevishimni. Senga shunchalar bog‘langanman-ki, xuddi vujudingdan yaralganday, xuddi tomirlaringda yashaganday, xuddi sening qo‘llaringda shakllanib, kamolga yetganday. Tongdan tunga qadar yoding-u xotiralaring doirasi markazini aylanaman, aylanaman… Hech narsa huzur bermaydi. Na dengiz, na quyosh, na daraxtlar, na odamlar, na filmlar, na-da yangi olgan kiyimlarim. Nima qilishni bilmayapman. Borsam-u, boshimni daraxtga ursam. Dodlasam, yig‘lasam! Bilmayman… Faqat shu vahshatli kayfiyatga ega dengiz kabi xohlayman seni. Bari istaklarim imkonsiz. Xuddi sel qalbimdan toshib, butun vujudimni vayron qilayotganday. Uyg‘onib, yonimda ko‘rishni istayman seni. Qachongacha uyg‘ona turib yo‘qligingni-yu, yaxlab borayotgan hayotimni ko‘raman? Necha marta ko‘rishim kerak? Tokaygacha? Qay ongacha? Tug‘ilishdan to qurtlarga yemish bo‘lguningga qadar masofa qancha? Uyg‘onishni va senga termulishni istayman. Har nafas olishingni kuzatishni istayman. Havo ko‘ksing tubida charx urganida termilaman. Qorachiqlaring tubida binafsharang to‘lqinlanganida termilaman senga. Shu yo‘sin o‘tadi kunim.  Peshonang chiziqlarini sanayman. Chakkang atrofidagi oq sochlaringni sanayman. Boshimni yelkalaringga qo‘yaman-da, o‘sha yerda o‘lim topaman. Sendan boshqa uzoq bo‘lmaslik uchun, sendan boshqa judo bo‘lmaslik uchun o‘laman. Nima uchun itoatda bo‘lishim kerakligini bilmayman. Nimaga itoat qilishim kerakligini bilmayman. Nima uchun men va sevganimning hayot mazmuni hasrat bo‘lishiga yo‘l qo‘yib berishim kerak? Koshki, o‘rmonda dunyoga kelganimda… Tabiat bilan bir bo‘lganimda va erkka yetishganimda… Hayotning bu ayovsiz tartiblariga ko‘nikish, bu cheklovlar-u devorlarga taslim bo‘lish tabiatning qonuniga zid, azizim. Qurboning bo‘lay! Qurboning bo‘lsaydim. Yuragim to‘xtab qolayotganday. Hech qachon bunday bo‘lmagan. Bu shu qadar azobli va foydasizki… Ular mendan nimanidir tortib olishgan. Kim, qachon, qayerdaligini bilmayman. Balki, men tug‘ilmasimdan oldin olib qo‘yishgandir. Balki men tartibsiz holda dunyoga kelgandirman va mening senga bo‘lgan ishqim yer yuzida o‘zimga qarorgoh izlashdan boshqa narsa emasdir. Bilmayman. Bilganim bu yerda vaziyat juda xarob.

…qurboning bo‘lay Shohi jonim. Har safar ismingni yozganimda vujudimni titroq qoplaydi. Isming bir muborak xabarki, qulog‘imga chalinsa, ruhimni egallab, butun umid-orzularimni zavqlantirib uyg‘otib yuboradi. Seni sevaman! Qanday aytay sevishimni? Kurrai zaminda men sevadigan, men u bilan birga bo‘lgan va u men bilan birga bo‘lgan bittasi borki, u ham sensan. Ortiq yozmayman. Ketishim, ovqatlanishim, film va konferensiyalarga qatnashishim kerak. Men uchun duo qil. Duo qilish yaxshi. Inson Xudodan nimanidir so‘rashi shart emas. Toza qalb bilan osmonga tikilgan ko‘yi butun vujudi bilan nimanidir orzu etsa, xuddi o‘zining bir bo‘lagini unga berganday, nisor etganday. Shuning o‘zi yetarli. Kuning xayrli bo‘lsin. Dilim, jonim, umrimning azizi!

Qurboning bo‘lay,

Fo‘rug‘       

Fors tilidan Salimjon qizi tarjimasi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting