Pavloniya gullaganda

0
461

badia

Ijodkorning yozgan har so‘zi kelajagiga ta’sir qiladi, degan fikrlarni avval ham ko‘p eshitardim-u, mag‘zini chaqishga sira urinmasdim. Avval qog‘ozda, bugun esa hayotimda ro‘y berayotgan nurli taqdirim sabab bugun o‘yga toldim. Ohunjon Madaliyev «Ketaman bu yerdan bosh olib» deya kuylamaganida, Muhammad Yusuf lolaqizg‘aldoqlari bilan erta xayrlashmaganida yoki «Yig‘lashni ham bilmas, mening qizlarim» deya xavotirini oshkor etmaganlarida, balki hozir oramizda bo‘lar edilar.

Aytmoqchi bo‘lganlarim aslo ayriliq haqida emas. Men o‘zim yaratgan nurli hikoyam, nurli xotiralarimni bo‘lishmoqni istadim.

Sira yodimdan chiqmaydi, o‘sha faraxbaxsh kun, chiroyli gullagan daraxt va unga mahliyo bo‘lgan go‘zal. Hujjatlarimni topshirish uchun universitetga keldim-u, biroz vaqt kutishimga to‘g‘ri kelgach atrofni aylanib, tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish istagi tug‘ildi. Bu istak tug‘ilgani uchun o‘zimdan, go‘zalligi bilan ikkimizni-da rom etgan, shu kundan so‘ng mening sevimli, eng qadrdon sirdoshimga aylangan pavloniya daraxtidan, bizlarni uchrashtirgan o‘sha kun va bir umrlik baxtimning sababkori universitetimdan behad minnatdorman. Yodimda, o‘quv dargohim haqida ilk taassurotlarim uyg‘onish arafasida uchratganim, betakror gullagan daraxt, unga mahliyo bo‘lib yoniga kelganimni ham, Tangri yaratgan ikki go‘zallik qarshida lol-u hayronaligimni ham his etmagan parivash. Men avvallari qishloqda sira bunday o‘ziga rom etguvchi daraxtni uchratmagan ekanman va bunday malakni ham: uzun sochlari ertakdagi malikalarnikidek bitta qilib o‘rilgan, qayrilma kipriklari, o‘smali qoshlari, boshiga yarashig‘liq guldor do‘ppisi-yu atlas ko‘ylagi… Shaharda ham shunday go‘zallik timsollari bor ekanda, hatto qishloqda ham uchratmaganman bunaqasini, xayolimga kelgan fikrni qanday qilib ovoz chiqarib aytib yuborganimni sezmay ham qolibman. U daraxtga mahliyo bo‘lib hatto kelganimni ham sezmagan ekan, tasodifiy ovozdan cho‘chib ketdi.

— Ha, pavloniyalar mening eng yaqin do‘stim, ular meni ham o‘ziga rom etgan, — dedi so‘zlarimni daraxt haqida deb o‘ylab. Shunday qilib bu go‘zal meni o‘ziga butkul rom etdi, uni esa pavloniya.

Biz tez-tez daraxt oldida uchrashib qoladigan bo‘ldik, u tasodif deb bilar edi, men esa atay kelishini soatlab poylab chiqardim.

Ko‘nglimni rom etgan qizni suhbatga chorlab, dunyoqarashining kengligidan kun o‘tgani sayin tobora unga ipsiz bog‘landim.

— Pavloniya — xayoliy go‘zallik kashf etib gullaydi, u faqat ko‘kka bo‘y cho‘zadi, xuddi mening orzularimdek, u yer sharidagi daraxtlardan tez o‘sishi sabab ajralib turadi, bizning suhbatlarimiz shu daraxtdan boshlanib, shu daraxt bilan yakunlanaverdi.

Axiyri, do‘stlashish borasida pir-u komil bo‘lib ketgan oshnam tavsiyasi bilan faqat qizni qiziqtiradigan mavzularda suhbatlashishim lozimligini angladim.

Hofiz ta’kidlaganidek: «Kimgadur yoqar lola, kim atirgul shaydosi». Mening xayollarimni o‘g‘irlagan malak esa pavloniyaning adosi.

-Pavloniyaning o‘sish tezligi yiliga 5 metrgacha boradi. Uning turlari va navlari juda ko‘p: Katalpa pavloniyasi, uzunchoq pavloniya, Fargez, Fartuney, Kavakami, Shan Tong pavloniyasi, tolali pavloniya deya sanay ketdim. Elongat pavloniyasi eng tez o‘suvchi turlaridan, sovuqqa chidamliligi bo‘yicha yetti iqlimni hayratda qoldiradi, och pushti, binafsha rangida gullab, faqat ko‘kka bo‘y cho‘zadi, dedim so‘zlarimni davom ettirib. Undan sifatli yog‘och, ko‘p miqdorda biomassa, takrorlanmas go‘zallik olish mumkin, u muhabbat daraxti, dedim internetdan izlab topgan ma’lumotlarimga o‘z tuyg‘ularimni hamohang qilib.

Uning yog‘ochi dunyo bozorida qarag‘aydan ikki hissa qimmat turadi, undan qurilishda, musiqa asboblari yasashda, mebelsozlikda keng foydalaniladi, bu daraxtdan olingan o‘tin yoqilganda juda kuchli issiqlik tarqatadi, ko‘p davlatlarda gaz o‘rnini bosuvchi yonilg‘i deb tan olingan. U o‘rmonlarni qayta tiklash uchun bebaho daraxt, barglari juda katta va mol uchun yaxshi ozuqa bo‘ladi. Uning gullaridan juda foydali va xushbo‘y hidli asal olinadi.

— Shuncha ma’lumotlarni qayerdan topdingiz, hayratini yashira olmadi qiz. Bularni faqat siz uchun o‘rganayapman, axiyri, shu orqali ko‘nglini bilishga urindim. Chindan ham bu daraxt avvaliga meni unchalik qiziqtirmagan, hatto nomini ham sizdan bilgandim deya hammasini mardlik bilan tan oldim.

U tabassum hadya etdi.

Bahor yaqinlashib, kursdosh yigitlar qizlarni qanday xursand qilish borasida bosh qotira boshladik. Axir, 8 mart yaqin edi. Hamma suyganiga nima sovg‘a qilish haqida o‘ylagan chog‘da mening maqsadim aniq. Unga bitta bo‘lsa-da pavloniya ko‘chati hadya qilaman. Juda kulgili bo‘lishi mumkin, biroq uning boshi osmonga yetishi tayin. Buyog‘i talabachilik, ham o‘qib, ham ishlar edim. Yig‘ib-terganim o‘ylagan sovg‘amga kamlik qilishi xayolimga ham kelmagan edi. Bu daraxt qimmat ekanini o‘qiganim bor edi-yu, bu darajada deb o‘ylamagan edim.

Boshim qotib turgan mahalim, universitet e’lonlar doskasida bir xabarga ko‘zim tushib, nigohim chaqnab ketdi: » Siz ijodkormisiz? Tabiat go‘zalligidan bahra olishni, undan ilhomlanib his-tuyg‘ularingizni qog‘ozga tushirishni yaxshi ko‘rasizmi? Unda siz universitet tomonidan tashkil etilayotgan “Pavloniya gullaganda” nomli maqolalar tanlovida ishtirok etishingiz lozim». Tanlov g‘oliblariga pul mukofotlari borligidan bir quvonsam, tanlovda g‘olib bo‘lib uning hurmatiga sazovor bo‘lish asosiy istagim edi.

Biz birgalashib ma’lumot izlashga tushdik. Hatto bu tanlov taqdirimni hal etdi, desam mubolag‘a bo‘lmas.

Pavloniya ildizi o‘zi tik bo‘lsa-da, gorizontal o‘sgani sabab keng maydonlarga ekilishi lozimligini, hatto kesilganidan so‘ng o‘zini juda tez tiklash xususiyati borligini bilib xayolimga bu go‘zallik ortidan tadbirkorlik qilish fikri ham tug‘ildi. Qishloqda bo‘sh yotgan bir gektar yerimiz chaqindek yodimga tushdi.

Xullas, izlanishlarim samarasi tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdik. Go‘zallik va nafosat bayramida hamma qizlar xursand, yigitlarning cho‘ntagi qurigan. Kimdir katta guldor qutidagi sovg‘asini ko‘z-ko‘zlasa, yana boshqasi qo‘lidagi qimmatbaho soat, uzuk bilan maqtanar edi. Qo‘limda zo‘rg‘a yetishgan, qimmatbaho ko‘chatim bilan oliygoh ostonasida paydo bo‘ldim. Hamma hayron, kursdoshlarim «Ana, pavloniya jinnisi keldi»,- deya masxara ham qilishdi.

Uni xursand qilishni o‘ylabmanu, dugonalarining oldida bayramga ko‘chat sovg‘a qilsam hijolat bo‘lishi mumkinligi xayolimga ham kelmabdi.

Sovg‘amni qanday berish yo‘llarini izlay-izlay oxiri topdim. Kutubxonadagi doim birgalikda kitob mutolaa qiladigan o‘rindig‘imizga ko‘chatni suyab, unga maktub yozdim: «Kutubxonadagi joyimizga borib, sovg‘angizni oling. Bayram muborak!»

Xat yozdim, deganimga hayron bo‘layotgandirsiz-a, oradan bir o‘quv yili o‘tdi ham-ki, bu o‘jar qizning telefon raqamini ololganim yo‘q edi.

Ertasiga 8 mart bayram munosabati bilan dam olish kuni edi. Talabalar o‘z viloyatlarimizga yo‘l olish arafasida sovg‘a haqidagi fikrini bilish va raqamini olish uchun yoniga keldim. — Sovg‘a uchun rahmat, qanchalar quvonganimni tasvirlab berolmayman, dedi nihoyat. Bir amallab raqamlarimizni almashib, xayrlashdik.

Uyga yetib kelganimda telefonimga xabar keldi: » Yaxshi yetib oldingizmi? Endi bizning uyda ham pavloniya gullaydi».

Dekanatdan manzilini olib, onamga u haqida aytishga ham ulgurgan edim. Niyatim jiddiy, uni yo‘qotishdan juda qo‘rqar edim, yozgan xabaridan so‘ng u ham menga befarq emasligi ma’lum bo‘ldi. 

«Hali bizning ko‘p pavloniyachalarimiz bo‘ladi, ertaga onam sovchilikka boradilar, xafa qilib qaytarmang yana» deya maqsadimni yozdim.

Bechoraning shu tobdagi qizarib, uyalganini ko‘z oldimga keltirib quvonchim ichimga sig‘masdi.

Exxxx, bu kunlarga yetguncha pavloniya haqida qancha maqola, hikoya yozdim o‘zimga ayon. O‘qishni yakunlashimizga fayzli bir to‘y qildik, «Jurnalistlar oilasi» dunyoga keldi. Pavloniyachilar oilasi, desam ham bo‘ladi. Xayratlanayapsizmi, o‘sha men sovg‘a qilgan daraxt ko‘chatlaridan bo‘sh yerimizga o‘tqazib, ulkan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganmiz. Hozir pavloniyadan yog‘och ishlab chiqaruvchi kichik sexim ham bor. Yosh tadbirkor sifatida yutuqlarga erishib, daromad manbaimni oshirib kelayapman.

Bundan tashqari, birin-ketin ikki egizak pavloniyachalarimiz dunyoga kelib, oilamiz quvonchiga-quvonch qo‘shishdi.

Shuning uchun «Pavloniya — mening hayotim mazmuni» desam adashmayman. Har pavloniya gullaganda, bizning muhabbatimiz ham ko‘zlarimizni quvnataveradi. Boringga shukur, pavloniya.

Ozodabonu RUSTAMOVA

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting