Xayriddin SULTON
Butun yer yuzi bo‘ylab vabo tarqagan 2020 yil dekabr oyining o‘rtasi, jonidan umidi bor har qaysi odam uy-uyiga biqinib olgan dilgir kunlar edi. Ko‘pdan beri ko‘zim og‘rib, bu fayzsiz dunyo nazarimda yanada qutsiz va sovuq ko‘rinardi. Dardimga davo istab, Olmoniyaning ko‘hna shaharlaridan biriga kelgan edim.
Rutubatli, tund bir oqshom Xaydelbergning tarixiy mavzelarini, gotik uslubdagi qubbador cherkovlarning kimsasiz maydonlarini, shahar chetidan oqib o‘tadigan Nekkar daryosi sohilini kezar ekanman, beixtiyor olmon ruhi haqida o‘yladim. O‘lmas Haynrih Hayne (Genrix Geyne)ning dilbar bir she’rini xayolan takrorladim:
Achchiq ko‘z yosh to‘kdim tushimda,
Unda o‘lgan emishsan, dildor.
Uyg‘ondimu kelsam hushimga,
Ko‘zdan yoshim oqar shashqator.
Achchiq ko‘z yosh to‘kdim tushimda,
Unda meni ketmishsan tashlab.
Uyg‘ondimu kelsam hushimga,
Turar edim ko‘zimni yoshlab.
Achchiq ko‘z yosh to‘kdim tushimda,
Yana men-la emishsan, jonon.
Uyg‘ondimu kelsam hushimga
Yosh to‘kardim, yig‘lardim hamon…
Bu ajoyib she’rni mening otdoshim – marhum shoir Xayriddin Saloh ko‘p yillar burun tarjima qilgan bo‘lib, men uni bir paytlar yod olgan edim, mana, hanuz xotiramdan o‘chmagan ekan.
Lekin, ajabo, nega bu hazin satrlar nogahonda, tuman qoplagan daryo uzra, bundan uch yuz yil avval qurilgan qadimiy g‘ishtin ko‘prik ustida izg‘irin sovuqda diydirab turgan vaqtimda yodimga keldi ekan.
Esladim, “Achchiq ko‘z yosh to‘kdim tushimda” degan ma’yus iqror mening ijodiy taqdirimga ham daxldor ekan.
Bu misra jahon adabiy olami ichra mashhur edi. U rus tiliga “Vo sne ya gorko plakal” deb ham tarjima qilingan, yozuvchi Yuriy Kazakov uni jinday o‘zgartirib “Vo sne ti’ gorko plakal” degan ta’sirchan hikoya ham yozgan edi.
1989 yili asarlarim asosida badiiy film ssenariysi ustida ishlayotganimizda kinorejisyor Sobir Nazarmuhamedovning taklifi bilan unga “Vo sne ya gorko plachu” deb nom qo‘ygan edik.
O‘sha davrning tartib-talabiga ko‘ra ssenariy rus tilida yozilgan edi. Kartina ekranga chiqadigan bo‘lganida, unga “Tushlarimda ko‘rib yig‘layman” deb o‘zbekcha nom berdik.
Kinochilar uyida bo‘lib o‘tgan film premyerasida menga ham so‘z berishdi. So‘z orasida men mavzuga aloqasi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, o‘zim duch kelgan g‘alati bir voqeani gapirib berdim.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tib, “Komsomolets Uzbekistana” gazetasida san’atshunos Qamariddin Ortiqovning film haqidagi taqrizi bosilib chiqdi. Taqriz muqaddimasida quyidagi fikrlarga alohida urg‘u berilgan edi:
“Tushlarimda ko‘rib yig‘layman” filmining ko‘rigi oldidan so‘zga chiqqan yozuvchi Xayriddin Sultonov rejissyor Sobir Nazarmuhamedov bilan ssenariy ustida qanday ish olib borganliklari haqida gapiraturib, kishini andak kuldiradigan, lekin ko‘proq ma’yus torttiradigan bir holatni eslab o‘tdi:
“Biz yil davomida qo‘ng‘iroqlashib, ishxonalarimizda ko‘rishib turdik. Film bitgach, tasodifan yaqin qo‘shni ekanimizni – bir ko‘chadagi ro‘baro‘ binolarda yashashimizni bilib qoldik…” Bu hol odam o‘zidan ortmaydigan hozirgi zamonda u qadar ajablanarli ham emas aslida. Ammo bu e’tirof zamirida menga pinhoniy armon, nadomat va o‘kinch tuyg‘usi mujassamdek tuyuldi”.
Darhaqiqat, Sobir aka bilan Chexov ko‘chasida yonma-yon, men – to‘qqiz qavatli 21-uyda, u kishi esa qarshimizdagi to‘rt qavatli 23-uyda, lekin bir-birimizdan bexabar holda yashar ekanmiz.
Millionlab odam istiqomat qiladigan megapolislar uchun bu odatiy bir hol edi. Lekin men premyerada bu voqeani shunchaki hangona yoki kulgu uchun aytmagan edim.
Uch yil mobaynida ijodiy hamkorlik qilib, bir-birimizning turish-turmushimiz, oilaviy ahvolimiz, uy-joyimiz qayerda ekani bilan nima uchundir qiziqmaganimiz… menga ta’sir qilgan edi. Bu narsa ma’naviy hayotimizdagi ko‘zga ko‘rinmas allaqanday rishtalar uzilib ketayotganidan darak berar edi go‘yo.
Toshkentga ilk bor 1973 yili kelganimni eslayman. Hali domlar kam, mahallalar ko‘p edi. Xudi qishloqlardagi kabi, aksariyat odamlar bir-birini yaxshi tanir, yaxshi bilar, mehr-oqibat kuchli edi.
Ana shularning barchasi… qandaydir o‘n besh yil ichida yo‘qlik sari yuz tutib ketayotganini nadomat bilan his qilib, minglab eski o‘zbeklar singari
men ham “achchiq ko‘z yosh to‘kkan” bo‘lsam, ehtimol.
Lekin baribir ko‘nglimdagi savol javobsiz qoldi: nega men Nekkar daryosi ustidagi qadimiy ko‘prik uzra turib, Haynening mahzun misra larini esladim ekin?
Balki bir vaqtlar dardli shoirni o‘rtagan otashin tuyg‘ular bugun olmon o‘lkasida hech kimni “achchiq ko‘z yosh to‘kish”ga majbur qilmasligini anglab yetganim uchunmikan?
“Navoiy-30” kitobidan