hikoya
«Negadir seni eslamaganimga juda ko‘p bo‘libdi. Qancha vaqt o‘tdi, buni ham bilmayman. Balki oylardir… balki kunlar? Balki bir soniya ham o‘tmagandir? Yoki asrga yaqinlashib qoldimikin?
Xullas, uni kuni kecha yana men bilan ekanligini, aslida hech qayerga ketmaganligini payqab qoldim. Uni ko‘zguda ko‘rdim. Xayollarimdan ko‘tarilgani uchunmi bilmadim, menga negadir birinchi marta ko‘rib turganimdek tuyildi. O‘zgaribdi. Guyoki, men zaiflashganmanu, u kattalashib borayotganga o‘xshaydi. Jimgina kuch to‘plab, meni zabt etishga shaylanayotgan maxluq kabi panjalari ko‘ksimni ayovsiz timdalashga kirishayapdi.
«Shoshil, yugur, vaqting oz qoldi, — deydi menga o‘tkir ko‘zlarini tikib. Tizzalarim qaltirab, vujudimni sovuq ter bossada, yuz-ko‘zimdan huddi uni eshitmayotgandek, ko‘rmayotgandek tutaman o‘zimni. Ko‘zguga boqib achchiq jilmayaman. Nimadir deyishga og‘iz juftlayman. Uni vaqtinchalikka bo‘lsada to‘xtatib turadigan nimadir demoqni istayman. Ammo, tilimdan ixtiyorsiz, begona bir kalom yangraydi. — Qancha vaqtim qoldi?!
Uning ko‘zlaridan zafar cho‘g‘lari sachraydi. Qimtilgan lablari ojiz o‘lja ustidan qozonilgan sof g‘alaba nashidasi kabi kibr ila yoyiladi. U tirjayib menga boqib turar ekan, men huddi o‘zimni masxaralangan bechoradek his qilaman. Haqiqat ham shu emasmi aslida?! Men har safar hadik bilan ko‘zguga boqaman, u esa tirjayib turadi. Naqadar ojiz va ayanchliman. Yolg‘izman… Faqat u va men…
Bu sayyorani nomini bilmayman… Yer emasligi aniq… Oxirgi marta qulagan kosmik kemamning ko‘zgusiga qarayman. So‘ngi marta huddi u menga qaragandek boqaman unga… Masxaraomuz va muqarrar zafar nigohi bilan. U negadir pinagini buzmaydi. Yoqtirganim sakura gulli oppoq ko‘ylagimni egnimga ilaman-da boshpanam eshigidan o‘qdek otilaman. Notanish sayyoraning sakura guli kabi nimpushti, iliqqina qumi oyoqlarimni siypalaydi. Endi skafandrni yechsam bo‘lgani, u meni zabt etmasdan oldin uni o‘zim bilan olib ketishga qaror qildim. Ayyorlarcha qilingan qaror to‘g‘rimi?! Ikkalamiz uchun ham muqarrar zafar va muqarrar mag‘lubiyat…
Skafandrni yechdimu, kislorod tanqisligidan butun tanamda anglab bo‘lmas og‘riqni, eng mayda hujayralarimga qadar cho‘zilgan qaqshatqich bosimni seza boshladim. Qo‘llarim ko‘karib, yuzim bo‘g‘riqib ketaverdi. U ham men kabi bezovta bo‘lib, sarosimaga tusha boshladi. Uning tobora kuchsizlanib, zaiflashib borayotganini butun vujudim bilan his qildim. U og‘ir-og‘ir nafas oldi. Kutilmaganda esa bir sapchib ko‘ksimdan otildi. Yalt-yult qilib, jilolanib turgan pushti qum ustiga yengilgina qo‘ndi. Men oxirgi nafasimni olarkanman, uning oyoqlari ostiga quladim. Jon taslim qilayotib, xayollarimni birgina xitob mahv etdi. “Umriboqiy ekan!”
Avval kuchsizlanib, keyin hayotga qaytgani kabi yana meni hayratga solib, muzdek qo‘llari bilan yelkalarimdan tutdi. Kuchli qo‘llar meni deyarli ko‘tarib oldi. Keyin meni shunchalar kuchli va otashin mehr bilan quchdiki, kuchsizlanib qovjirayotgan tanam hamda oxirgi soniyalari qolgan kapalak kabi tipirchilayotgan ruhimga o‘zgacha huzurbaxsh sokinlik indi. Meni hech narsa bezovta qilmas, bo‘g‘ilish esa allaqachon hayollarim bilan qanot qoqib qayoqlargadir g‘oyib bo‘lgandi. Xotirjamlik bilan uning ko‘zlariga tikildim. Shunchalar maftunkor ediki bu ko‘zlar. Ajib bir sehr bor edi qorachiqlarida. Qani endi qorachiqlarida jo bo‘lsamu bir umr u bilan qolsam…
O‘zimni o‘y-xayollarimdan o‘zim qo‘rqib ketdim. Axir u emasmidi shu kunga qadar meni qiynab kelgan shavqatsiz. U ediku, orzu-umidlarimni o‘ldirgan. Nima bo‘ldiki, soniyalar ichida usiz yasholmaydigan bo‘lib qoldim. Shunday deymanu, yana unga termulaman. U nur yog‘ilib turgan, barvasta qomatini ko‘z-ko‘z qilgandek ufqqa evrilayotgan quyosh nurlari ustida turib, mayin egilib, baquvvat, ammo barmoqlari huddi ayollarniki singari nozik, silliq qo‘llarini menga tutadi. Beixtiyor sehrlangan kabi qo‘llarimni tutaman. U bilan quyosh nurlari uzra parvoz qilib, raqsga tusha boshladik. Qo‘llarimdan tutib, gir-gir aylantirar men baxtdan sarmast edim. Raqs tushar ekanman, bizdan pastda, pushti sayyora uzra, son-sanoqsiz gullagan sakuralarni ilg‘adim. Ular shunchalar chiroyli gullagan ediki, butun sayyorani sakura gulbarglari va uning o‘ziga hos mayin, ajib hidi tutib ketgandi…»
***
— Kechirasiz, sharfingiz… — tepamdan qat’iy shu bilan birga huddi musiqa kabi chiroyli ovoz eshitildi. Qo‘limdagi kitobimning sahifalaridan ko‘zlarimni zo‘rg‘a olar ekanman, barvasta, uzun bo‘yli, sariqdan kelgan bu yigitga beixtiyor tikilib qoldim. U qo‘lidagi nimpushti sharfimni menga tutib turar, ko‘zlarida o‘zgacha nimadir yog‘du taratib turardi go‘yo. Sehrlangandek ko‘zlariga boqar ekanman, u qachonlardir meni yaqin insonim bo‘lganu, tasodifan uchratib qolgandek sezdim o‘zimni. Uning qalinga moyil lablari jilmaydi, oppoq yuzi yorishdi. O‘ng‘aysizlandim. “Ahmoq qiz, yigit kishiga ham shunday tikiladimi?» ichimda koyidim o‘zimni. Qizlarni o‘ziga huddi men kabi mahliyo bo‘lib qolishiga o‘rganib qolgan shekilli, jilmayishida kibrning naqshinkor jilosi ko‘ringandek bo‘ldi. O‘zimning ahmoqona xayollarim, parvoz bo‘yi ta’siridan chiqolmasdan o‘qib kelgan kitobim tufayli bir nuqtaga jamlanib qolgan ortiqcha diqqatimni hijolat bo‘lib, samolyotda tushishga tayyorlanayotgan atrofdagi boshqa odamlarga oldim.
— Rahmat, -dedim uning ko‘zlariga emas, sharfga tikilib.
— Bu turishda samolyotdan tushmasingizdan yana O‘zbekistonga qaytib ketasizmi deb turuvdim, — samimiy jilmaydi u kitobga ishora qilib.
— Ha, — dedimu, hijolatomuz jilmayib qo‘ydim.
— Mayli, ishlaringizga omad, balki ko‘rishib qolarmiz, -dedida, nimpushti ko‘ylagining yoqasini qizlarniki kabi nozik barmoqlari bilan huddi qomatidek tik qilib ko‘tarib qo‘ydi. Boshini g‘oz qilib, tillarang, zamonaviy usulda shakl berilgan qalin sochini barmoqlari bilan taraganicha, mendan uzoqlashdi. Egnidagi ko‘ylagiga kulgim qistadi. Sharfimni bersam rangi tusharkan…
Haneda aeroportidan qandaydir og‘ir kayfiyatda chiqdim. Har doimgi parvoz qoldiradigan bosh og‘rig‘i tufayli yuzaga chiqadigan asoratlardan biri. E’tibor bermaslikka harakat qildim va ko‘m-ko‘k osmonga, uzoq-uzoqlarga tikildim. Iliqqina quyosh nurlari yelkamdan siypalarkan, toza havodan o‘pkalarimni to‘ldirib nafas oldim. Mayin sakura iforidan boshim aylanib ketgandek bo‘ldi. Hozir ayni sakuralar gullagan payt. Lekin, bu shabada chor atrofdan olib kelgan haqiqiy iformi yoki o‘qigan kitobim ta’sirimi anglay olmadim. Taksida manzilim tomon keta turib negadir huddi ortimdan kimdir tikilib turgandek, mashinaning orqa oynasiga o‘grildim. Biz anchagina uzoqlashib qo‘ygan aeroportning chiqish yo‘lagi adog‘ida haligi tillasochli tanishim qo‘lida meni sharfimni silkitardi. Taksini to‘xtatib yoniga borsammikin deb xayolimdan bir o‘tdiyu, lekin shu zahoti bu fikrimdan qaytdim. Xayolimga kelgan ikkinchi fikrdan esa juda kulgim qistadi va unga qarab jilmayib qo‘ydim. «Ko‘ylagingni rangiga juda tushadi…» Telbanamo xayolim qo‘lida xilpirayotgan harir sharfimni uning bo‘yniga chiroyli qilib bog‘lab qo‘ydi. Men esa jilmayganimcha, mashina oynasidan unga qo‘l silkitdim.
Kechasi juda yomon uxladim. Tushunarsiz qoramtir tushlar sabab shunday bo‘ldimi yoki charchoq oqibatida shunaqa boshog‘riq tushlar ko‘rib chiqdimmi anglayolmadim. Tushimda uni ko‘ribman. Qo‘llarida mening pushti sharfim, egnida pushti ko‘ylagi, hatto sochlari ham pushti rangda emish. Sharfimni qo‘llarimga tutdi. Ammo nogoh kelib qolgan kuchli shamol yulqib oldiyu, osmonu falakka uchirib ketdi. Biz bir- birimizga tikilib qoldik. Keyin qayerdadir qiyg‘os gullagan sakuralar orasida paydo bo‘ldik. Bu safar u raqs uchun qo‘llarini tutdi. Shu onda birinchi bor uni samolyotda ko‘rganimda nega yaqin insonimdek ko‘rganimni tushundim. U kitobda o‘qiganim o‘sha qahramonimning o‘zginasi edi. Yuragim go‘yoki hozir yorilib ketadigandek, olovlanib ura boshladi. Qo‘limni u tomonga uzatayotib, zimiston ichida qoldim. U tinmasdan ismimni aytib chaqirar, ammo borgan sari uzoqlashib borayotganimizni uning tobora pastlayotgan ovozidan his etayotgandim…
— Sevara, Sevara turaqol endi!
Singlimning ovozidan cho‘chib uyg‘ondim. O‘zimdan kuldim. Bunchalar ahmoq bo‘lmasam-a. Bir marta tasodifan uchrashib qolgan yigitni ham tushida ko‘radimi odam?!
O‘ylayverib tarqoq o‘ylarimni jamlab ololmayman, gohida. Orzu — umidlarimni, hayotimni barbod qilgan kasallik chang solmaganida hozir men qayerlarda nimalar bilan band bo‘lardim? Balki, suyukli yorim va bir etak bolalarim bilan o‘ralashib, o‘ynab-kulib yurarmidim? Anglaganim shu bo‘ldiki, mavqe, martaba, zafar, intiqom, mag‘lubiyat kabi yo‘qotsak yoki orttirsak bizni sarosimaga soluvchi kuchlar bu o‘tkinchi dunyoda hech qanday ahamiyatga ega emas ekan. Hayotda shunchaki inson kabi yashash kerak ekan. Hammani boshida o‘lim bor, ammo meni vaqtim oz qoldi. Saratonning oxirgi bosqichidaman. Ko‘zlarimga jovdiragan otam bilan onamga davolanaman deb so‘z berdim. Ammo, sarg‘ayish va tuganmas og‘riqlar, shiftga tikilib yotish bilan umrimni o‘tkazmoqchi emasman. Umrim so‘ngida odamdek yashamoqchiman. Ha, inson kabi… Oddiygina inson kabi…
Aprel oyining ilk kunlari odatdagidek kunchiqar mamlakatda quyoshli keldi. Singlim bilan xayrlashib, charog‘on, mayin harorat ufurib turgan ko‘chaga chiqar ekanman, afsonaviy shahar Tokio manzaralaridan hayratlanaman. Janubdan shimolga tomon harakatlanadigan go‘zal sakura gullash mavsumi Tokioni ham zabt etibdi. Guyoki, butun shaharni pushti tuman qoplagandek, yeru-osmon sakuraning nimpushti gulbarglari bilan qoplangan. Havodan sakuraning mayin va anvoiy ifori taraladi.
Tsukiji kampusi-Yaponiya milliy saraton markaziga yetib borganimda tushlik vaqti bo‘lib qolgandi. Kursdoshim Said xonasida berilib nimalarnidir yozib o‘tirardi. Eshikdan kirishim bilan hijolatomuz jilmayib, qo‘limdan ohista siqdi.
— Keldingmi, Sevar?!
— Uyalmaysanmi, kuyov oting bor. Opa deyishing kerak! — dedim jiddiy ohangda.
— Xo‘p bo‘ladi, opa, — dedi Said kesatib.
Ikkalamiz ham birdan kulib yubordik. Said eng yaqin do‘stim, kursdoshim, kuyovim. Singlimga oshiq bo‘lib, ToshMIni tugatish arafamizda uylandi. Keyin o‘qishini Tokioda davom ettirdi. Necha yildirki, uning yoniga tez — tez kelib turaman. U juda ko‘p bora o‘qishimni davom ettirishimni, ishni ham birga olib borishni so‘radi. Men xohlamadim. O‘z yurtimda, ota-onam bag‘rida qolishni, toki tirik ekanman, ularning mehrini his etib yashashni istadim.
Bu markazda o‘zimni hech qachon begona sezmaganman. Tibbiyot xodimlari bemorlarga samimiy, huddi o‘z oila a’zolaridek muomala qilishadi. Aslida, Yapon halqida odamiylik, samimiyat qon-qoniga singib ketgan. Bu esa tibbiyotida ham o‘z ifodasini topgan… Buguncha tahlillarimni topshirdim. Ertagacha esa Xudo poshsho. Nima qilaman, qay vaqtda qayerda bo‘laman menga qorong‘u.
Said tushlikka taklif qildi. Ammo ishtaham va ko‘nglimda kechayotgan tushunarsiz tug‘yonlar bunga yo‘l qo‘ymadi. Yana uni o‘ylay boshladim. Hozir qayerlarda ekan? Nimalar bilan band, o‘y-hayollari qayerda? Birinchi marta o‘z mulohazalarimga, qarorlarimga hayratlanib turibman. Oldingi qat’iyatli, kibrli, g‘ayratli Sevaradan asar ham qolmadi. Toshkentda o‘qib yurgan vaqtlarim ilm olish, tashkiliy ishlar, yugur-yugurdan boshqasini bilmasdim. Oshiqman degan har qanday yigitning izhorlari, hozirgi holatim kabi iztiroblari menga bir pul bo‘lgan ekan o‘sha paytlarda. Lekin kursdoshim Nodirning otashin sevgisi meni juda qiynagandi. U bilan yaqin do‘st edik. Har holda men shunday o‘ylardim. Lekin bitirar chog‘imizda Nodir «yorildi». Shu bo‘ldiyu, men eng yaqin do‘stimni, u esa muhabbatini yo‘qotdi. Qaniydi yurakka buyruq berib bo‘lganida edi. Toshkent-Navoiy orasida sarson bo‘lgan Nodirning yolvorishlariga va sovchilariga rad javobini bermasmidim. Endi o‘ylab ko‘rsam to‘g‘ri qaror qilganimni anglayman. Baxtsizlik yolg‘izlik bilan uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashishadi. Unga sherikning keragi yo‘q! Bu baxtsizlikni yanada kuchaytiradi xolos.
Markazdan chiqdimu, o‘ylanib qoldim. Shu tobda garchi singlim va jiyanlarimni sog‘ingan bo‘lsamda, uyga borgim kelmas, meni chorlayotgan go‘zal sakuralar bilan raqs tushishni xoxlayotgandim. Shinagava stansiyasiga yetgunimga qadar iliq quyosh nurlari ostida, yo‘l bo‘ylari, istirohat bog‘lari, yon-atrofni zabt etgan qiyg‘os sakuralar va ularning parvoz etayotgan gulbarglaridan zavqlanib bordim. Baland, nihoyatda tig‘iz zamonaviy osmono‘par binolar esa o‘lkan tog‘lar kabi qad ko‘tarib,gerdayib turishibdi.
Ularga boqqan saring aqling shoshadi. Inson aqli hamda qo‘llari har qanday mo‘jizaga qodir ekanligiga amin bo‘lasan kishi. Mayin shabada sakura gulbarglari bilan birgalikda quyosh uchun jozibador raqs yuishtiradi, go‘yo. Bog‘larda, maxsus terassalarda yaponlar allaqachon Xanami-sakura bayramini boshlab yuborishgan. Oilaviy dasturxon atrofida, qo‘shiqlar kuylashadi, gurunglashishadi, quvonishadi…
-Hoy, go‘zal sakura!
O‘yga berilib ketayotgan bir paytimda, qo‘qqisdan yonginamda eshitilgan bu ovozdan cho‘chib tushdim. Qayrilib qaradimu, yuragim cho‘g‘ kabi yondi. Tanishim Pushti shahzoda ko‘zlari charaqlab kulib turardi.
-Salom! Qayerdan paydo bo‘ldingiz? -dedim hayratlanib.
-Samolyotdan tushganingizdan buyon ortingizdan ta’qib qilib yuribman. Pushti sharfingizdan bo‘lsa yana bitta kerak edi.
-Nima? Bittasi yetmaydimi sizga? — kuldim uning quv ko‘zlariga boqib.
-Yo‘q, ikkinchisi sizga. Kechagini menga tashlab ketdingizku, egningizga mos tusharkan bo‘yningizga boylab oling deb.
Uning bu gapidan keyin qo‘rqib ketdim. Nahotki xayollarimni o‘qiyapdi? Qo‘rqib ketganimni sezdi shekilli, sharaqlab kulib yubordi. Tizzalariga urib, ko‘zlaridan yosh chiqib kuladi-ya, tentak!
-Ko‘rinishingizdan o‘xshamaysiz, juda sodda ekansiz! Tanishganimdan xursandman, -oppoq, nozik barmoqlarini tutdi. -Javohir.
-Sevara, -dedim uning ko‘zlariga qaramaslikka harakat qilib.
-Qayoqqa yo‘l oldingiz, Sevara? Aniq bilaman, siz bugun uyingizga borishni istamayapsiz. Sakuralar bilan sirlashmoqchisiz. Balki, birga aylanarmiz?!
-Mayli, -dedim quruqqina, ichimdagi toshib kelayotgan quvonchni sezdirib qo‘ymaslikka harakat qilib. U esa juda xotirjam edi. Huddi kelishgan qomatini ko‘z-ko‘z qilayotgandek, bir maromda chiroyli qadam tashlar, yuzi jiddiy tus olgan, ozroq kibr uchqunlari ham yo‘q emasdi.
Javohir Shinagava stansiyasi yaqinidagi Shahzoda Sakura minorasiga borishni taklif qildi. Yuzlab baxtidan, go‘zalligidan ajralayotgan, jimgina bosh egib turgan sakuralarni tomosha qildik. Ular ichidan to‘kilmoqda, biz esa ularga qarab jilmayib, zavqlanamiz. Hatto ob-havoga qarab, ayrim sakura gullari bir soatgina yasharkan. Qaysidir bir kunda, qaysidir ikki kunda… Huddi men kabi achchiq taqdirga mahkum ekan ular…
Javohirni kuzatar ekanman, u ham men kabi o‘yga botgandek ko‘rindi.
Sakura gullari yuzini bezagan oq-pushti yo‘llar bizni Shahzoda Sakura minorasi yaqinidagi Grand Prinse Hotelga chorladi. Mehmonxona bog‘ida uyushtiriladigan festival go‘zalligi va zavqi bizga ham yuqdi. Bog‘dagi 400 ga yaqin sakuralar bag‘rida zavqlanar ekanman, mahzunligim ham ortib borardi. Javohir esa yana sho‘x, xushchaqchaq yigitga aylangan, tinmasdan gapirar, meni ham shunga undardi, nazarimda. Men esa faqat uni tinglar, onda-sonda savol berib qo‘yardim. Restoranda ovqatlanib chiqqanimizda qosh qorayib qolgandi. Endi biz huddi gaplarimiz tugab qolgandek so‘zsiz, o‘yga cho‘mib ketardik. Meni Grand Prinse Hotelning o‘sha mashhur balkonidan ko‘rishga muyassar bo‘lgan Tokioning maftunkor sakuraga cho‘milgan go‘zalligi karaxt qilib qo‘ygan, ichganimiz sakura sharbati ichimligini o‘zimga, sakura gulbarglari va dengiz tuzidan tayyorlangan muzqaymoqni Javohirga o‘xshatardim. Sharbat achchiqroq va sizni tez tark etadigan begona mayin ta’mga ega edi. Muzqaymoq esa avvaliga tushunarsiz, ozgina achchiq va oxirida huzurbaxsh shirin ta’mni tuhfa qilardi…
Men Javohirga shunchalik bog‘lanib qoldimki, xayollarim faqat unda, ko‘zlarim tanho uni qidirardi. Men butun dunyoga o‘t qo‘yishga tayyor edim, bu alangayu-otash bo‘lib yonayotgan yuragim bilan. O‘t qo‘yishni esa allaqachon o‘zimdan boshlab bo‘lgandim. Jismu-jonim qip-qizil cho‘g‘dek yallig‘lanar, o‘zimni o‘zim qutqarolmay ovora edim. Javohir ham har kuni singlim Nafisalarning ko‘chasida kutib turar, meni ilojsizlikdan aldaganim-ishxonam saraton markazigacha kuzatib borardi. Javohirni hecham tushunolmasdim. Gohida mehr bilan tikilib turgandek bo‘lar, gohida esa shunchaki bir olis o‘lkada topishgan, mehrtortar bir do‘stdek tutardi o‘zini. Menga xush yoqadigan hazil va sho‘xliklarini gohida to‘g‘ri qabul qilsam, boshqa payti masxaralab ustimdan kulyapti degan alam meni tark etmasdi. Tushunarsiz, ishonchsiz po‘rtanalar ichida yuragim ado bo‘layozgandi. Ammo endi meni Javohirning menga bo‘lgan tuyg‘ulari qiziqtirmas, ilk marta tashrif buyurgan pokiza muhabbatni vaqtim yetgunicha qalbimda pinhon saqlashga ahd qilgandim. Shavqatsiz hayotdan birgina o‘tinchim Javohirni ko‘rib tursam, ovozini eshitib yonimda ekanligini his qilib tursam bo‘lgani edi.
-Sevara, yur sakuralarni quvlaymiz, -dedi u bir kuni, -Faqat ikkimiz hamma narsaga qo‘l siltaymizda Yaponiya shimoliga tomon yo‘l olaveramiz. Bilasanmi, sakuralar mavsumi qayerda tugaydi? Eng shimoliy orol Hokkaydoda! Qani go‘zal sakuram, men bilan ketishga tayyormisan?
-O‘zing ketaver, meni otam urishadi. Meni kim deb o‘ylayapsan? -dedim men ham senlagani uchun ensam qotib.
-Sansirama! Ayol kishi erkakni sansiramaydi, -dedi men haligacha rangini aniqlab ololmagan sariq soch-soqoliga va oppoq yuziga monand ko‘zlari bilan ko‘zimni ta’qib qilib.
-Azizim! Yodingda bo‘lsa, mendan to‘rt-besh bahorni kamroq qarshilagansan!
— U yuzimga bir oz tikilib turdida, men kutmagan holatda tezlik bilan qo‘llarimdan ushladi va o‘ziga qaratdi. Javohirning qo‘llari huddi muz kabi sovuq, sezilar sezilmas titrab turardi. Butun vujudim titrab, yuragim alg‘ov-dalg‘ov urar, tosh haykaldek qotib qolgandim. U olov kabi yonayotgan yuzimga shu qadar yaqin keldiki, atirining achchiq iforidan boshim aylanar, qaynoq nafasi yonog‘imga urilardi. Ovozi titrab qulog‘imga shivirladi:
-Chin muhabbat yosh tanlamaydi, azizam!
Shusiz ham yorilish arafasida turgan yuragim aqlimga bo‘ysinmas, tartibsiz zarbalari gumburlar, busiz ham mudom tebranishga mahkum kunchiqar mamlakatni zir titratib, osmono‘par binolarigacha koptokdek sakratardi. Men surat kabi qotib qoldim, go‘yo. Yuragim esa biqirlab qaynayotgan qonimni har doimgidan yuz baravar ko‘proq aylantirib, vujudimga purkar, olovi kuydirib kul qilayotgandi meni. Men nima deyishimni bilmas, tilim lol, tanamda jon qolmadi. O‘z yog‘imda qovrilar ekanman, to‘satdan kuchli qahqaha yangradi. Javohir to‘xtovsiz kular, oppoq yuzi qizarib ketgandi. Quv nigohini menga masxaraomuz tikib, kulaverib yosh chiqib ketgan ko‘zlarini artdi.
-Xolajon, yodingizda bo‘lsa o‘ttizni urib qo‘ygansiz! Tentak, o‘zingni o‘n sakkizda deb o‘ylaysan shekilli? Ahvolingni qara? Xushingdan ketib qolma!
Javohir yana kula boshladi. Men ahmoqligimdan o‘kindim. Qattiq asabiylashib, jahlim g‘olib kela boshladi. Shartta burildimda, tez-tez yugurib ketaverdim. Endi negadir yuragim dukuri eshitilmay qolgan, nafasim tiqilar, ko‘zlarimdan yosh quyilardi. Ortimdan yugurayotgan Javohir ulgirolmadi. Men siljiy boshlagan elektr poyezdga chiqdimu, olomon ichiga singidim.
Mendagi keskin o‘zgarishdan Said bilan Nafisa havotirga tushib qolishdi. Ular buni kasalligim bilan bog‘lashayotgandi. Men esa hech kim bilan gaplashishni xohlamas, na yeb-ichar va na uyqumda halovat bor edi. O‘zimni xo‘rlangan, masxaralangan his qilardim. Endi davolanish uchun Saidni qabuliga borishni ham bas qildim. Tabiiyki, Nafisa ahvolimni otam va onamga aytolmasdi. U meni besh qo‘ldek bilardi. Shuning uchun jimgina kutayotgandi. Yorilishimni emas, chunki “ichimdagini top”ligimni juda yaxshi biladi. Shunchaki, voqealar rivojini kutayotgandi u. Mendagi o‘zgarishlarni umuman kasallikka aloqasi yo‘qligini Nafisa sezib bo‘lgandi. Javohir esa o‘sha oxirgi kundan buyon qorasini ko‘rsatmas, qo‘ng‘iroq qilish ham, xabar yozish ham xayoliga kelmasdi. Birinchi kuni o‘zimni naqadar ahmoqligimdan o‘kingan bo‘lsam, uch kundan keyin meni masxaralab haqorat qilgan Javohirdan nafratlana boshladim. Yig‘i-sig‘i qilish menga begona. Ko‘z yosh qilmasdim. Lekin dunyolarga sig‘may ketayotgandim. Tug‘yonlarim ham Javohir kabi bir tushunarsiz va be’mani edi. Yuragim yonar, ham g‘azabdan vujudim muzlardi. Uni o‘lguday ko‘rgim kelar, qattiq sog‘ingandim. Shu bilan birga uning e’tiborsizligi va sovuqligidan ko‘rishni ham istamayotgandim. Tinmay deraza osha u meni har kuni kutib turadigan qahvaxona yonidagi o‘rindiqqa boqardim. Uni kutayotganimni tan olishni ham xohlamas, go‘yoki shunchaki qarayotgandek, qahvaxonaga kirgan-chiqqan odamlarni sanab o‘tirardim. O‘zimni aldayotganimni sezib turardim. Tan olishga g‘ururim yo‘l qo‘ymasdi. O‘rindiqqa ko‘zim tushishi bilan ko‘zlarim qaqshay boshlardi. Javohirni ko‘rmaganimga atigi besh kun bo‘lgandi. Ammo men oylab-yillab kutayotgan odamdek azob chekardim. Necha martalab qo‘ng‘iroq qilishga urindim. Qaysar g‘ururim esa kekkayib yonimda tikilib qo‘ymasdi. Xabar jo‘natishga chog‘lanardimu, nafratim sabab fikrimdan qaytardim. Bu nafrat Javohirga emas, o‘zimga qaratilgandi. Telba, aqlsiz, — derdim o‘zimga o‘zim, -U senga sevdim dedimi yoki biror umid berdimi? Agar zarracha qadring bo‘lganida, ortingdan kelardi… Telbalarcha sog‘indim uni. Ongim, yuragim, bor vujudim uning xayoli bilan band. O‘zim istamasamda faqatgina uni o‘ylayotgandim. Hayotimni, kunlarimni zaharlayotgan Javohirning yodi endi tushlarimda ham meni ta’qib qilardi. Bugun ham ko‘ribman. U yonimga kelganmish. Bir yoshgina, sohibjamol qizni tanishtirar emish menga. Qizning bo‘ynida pushti sharfim hilpirarmish. Uyg‘onib ketamanu, rashk o‘tida yonaman. Xayollarimda Javohirning oppoq yuziga tarsaki tushiraman. U hayratlanib yuziga kaftini bosganicha, menga tikilib qoladi. Endi men yonmayapman. O‘zim olovga aylanib qoldim. Hech qachon so‘nmaydigan. Tinmasdan o‘zini yoqadigan…
Bilmadim, kunlar yoki oylar o‘tgandir..? O‘zbekistonga, o‘z tuprog‘imga borib jon berishni xohladim. Endi anglaganlarim oldingi haqiqatlarimni tamoman rad etayotgandi. Anglaganim shu bo‘ldiki, umr mazmuni uning uzun-qisqaligida emas, balki qanday yashab o‘tishda ekan. O‘z haqiqatlaring bilan, erk atalmish ne’matdan bahramand bo‘lib, tuyg‘ularingni baralla qo‘yib…
Yotog‘imdan turmoqchi bo‘ldim. Yonib kul bo‘layotgan tanam o‘zimga bo‘ysunmadi. Og‘iz-burnimdan iliq nimadir oqayotganini his qildim. Bor kuchimni to‘plab, qo‘llarimga tayanib, tanamni ko‘tarib o‘tirdim. Shundagina kiyimlarim, oppoq yotog‘im alvon rangga bo‘yalganini sezdim. Guyoki xona gir-gir aylanayotganga o‘xshar, borgan sari jonsizlanib borayotgandim. Nafisani chaqirishga urindim. Ammo ovozim chiqmadi. Xushimdan ketar ekanman, uy burchagida menga qarab qah-qah urayotgan Javohirni ko‘rganday bo‘ldim…
Qulog‘imga nimalardir eshitilar anglab ololmasdim. Kimlardir yig‘lar, baqirar, men hech narsani his qilmasdim. Ammo ongimda to‘xtamasdan Javohirning ovozi eshitilardi… “Sevgi yosh tanlamaydi, azizam»… Achchiq atir ifori… Uning qaynoq nafasi…
Qo‘limga muzdek nimadir tegdi. Ko‘zlarim yaraqlab ochildi. Tepamda yig‘lab turgan Nafisani, Saidni ko‘rdim… Angladim, saraton markazidaman… Eng so‘nggi kuchimni ishga solib, yonimga qaradim. Yondim… Kuydim… Hayrat va afsus yuragimni o‘rtadi… Ko‘zimdagi so‘nggi yoshlarim yomg‘ir kabi yog‘ildi. Muz kabi sovuq qo‘llar cho‘g‘dek qo‘llarni quchdi. Sovib kelayotgan tanamni pisand qilmasdan, qaynoq yuragim kuchini ko‘zlarimga jo qildim. Ha yonginamda, qo‘shni yotoqda qo‘llarimdan tutganicha, ozib-to‘zib ketgan, rangi yanada oqargan, ammo haliham har doimgidek meni maftun etgan ko‘zlarida muhabbat balqib turgan Javohir yotardi. Tanamdagi qahraton meni zabt etar ekan, ikkalamizni ham qo‘llarimiz bo‘shashib, bir-birlarini tutib qolishga kuchlari ham, vaqti ham kamlik qildi. Oxirgi ko‘rganim bo‘ynidagi qora qonga bo‘yalgan sharfim va uning huddi meniki kabi sog‘inchdan sarg‘aygan, hayrat va afsus bilan tikilganicha qotib qolgan ko‘zlari bo‘ldi…
Sakuralar mavsumi tugadi. Faqatgina qovjiragan gulbarglar va za’faron xotiralar qoldi…
Mastura Bo‘riyeva