Iroda Rahmonaliyeva. She’rlar

0
760

Tong otsin…

Tun bo‘g‘zini kessin yog‘dular,

Farah kelsin mushtoq bu jonga.

Kunlarimni kunlarga ulab,

Termulaman rangsiz dunyoga…

Lablaringdan quvildi ismim,

Sog‘inchlarim bag‘rida xush qol…

Ko‘zlaringda ekan jon izmi,

Bosh olib ketmog‘im… oh, dushvor!

Qol demassan… Qalbga o‘t qalab,

Mushkulmasmi dil uzmoq yordin?!

Xatlaringni bitta bittalab,

Ishqqa qo‘shib yoqib yubordim…

Tong otsin…

Chekinganda zulmat qushlari

Ridosini yechganida tun,

So‘ng o‘ngidan kelar tushlarim

Ko‘rinadi sensizlik va NUR!

***

Yana kuz va o‘sha samovot,

Boq, yana ufq labi yaraqlar.

Daraxtlar — xotira daftarim,

Xazonlar — yirtilgan varaqlar…

Qadrdon o‘sha kuz bog‘lari,

So‘zladi sen haqda pichirlab.

Lahzada sarosar muzladim,

Lahzada o‘t yondi ichimda!

Men bahor emasdim, azizim,

Qo‘lingga qayta qalb tutguvchi.

Men — kuzning g‘amangiz yolg‘izi

Yog‘duli tonglarni kutguvchi…

Va hamon tonglarga ilhaqman,

Zulmatda ko‘p yomon toliqdim…

Ishongum,

Kimdir  baxt keltirgay farahdan

Ko‘ziga jo qilib Xoliqni…

***

Ko‘ngil yaqin, yo‘llarim yiroq,

Lablarimda qotgan tabassum.

Menga boqqan ko‘zlar begunoh,

Menga yoqqan nigohing ma’sum…

Yo‘qotibman senli yo‘llarni,

Garchi mening eng so‘nggi choram.

Tikilaman olamga, ranglar

Oq qora…

               Oq qora…

                                Oq qora…

Qachondir

Bu oq qora olamlarimdan

Qushlar olib ketgaydir meni!

Va hech qachon o‘ngidan kelmas

Tushlar olib ketgaydir meni…

Yo‘llar yaqin, ko‘ngillar yiroq,

Ko‘z o‘ngimdan o‘tarsan kulib…

Yasharman, ey matlabi firoq

Sen hech qaytmas yo‘lga termulib…

***

Kipriging — sirotiy ko‘priklar,

Yuraging — peshonam sujudi.

Singishib boryapman yo‘qlikka

To‘kilib ketyapti vujudim!

Na mujda topoldim, na farah,

Ishq yo‘li sen tomon yo‘lladi.

Qoldirma! Qoldirma… muallaq

Uzalsa iltimos qo‘llarim.

Qo‘shilib yig‘lasa xazonlar,

Kuy chalsa ruhimga mos xazin.

So‘nggi dam loshimga Masihdek

Jon bersin muhabbat surasi…

***

Sokin derlar: «Xayrli oqshom!

Tunlaringiz osuda o‘tsin…»

Jilmayaman, javobim o‘sha,

Lek lovullab ketadi ko‘ksim…

Charchaganman yodingni yenga,

Goh sukun, goh xazondek to‘zdim.

Kimlar terib qaytarar menga

Lablaringdan to‘kilgan so‘zni?!

Bir qalqiydi ichim larzakor,

Yurak esa bezovta mushtlar.

Sarosima jonim qushlarin

Ovutaman ko‘ksimni ushlab

…Yodingdami kahkashon osmon?

Hilolgacha qo‘yardik maqdam.

Tunlar yulduz yonimga tushib

Kuy chalardi ko‘zlaring haqda!

Endi sen yo‘q… Oy esa hazin,

Yuzlarimga sochmagay shu’la.

Ko‘zlarimdan uyqu ketkazib

Sitoralar aytmas ashula…

Nechun hamon senga ilhaqman,

Nechun isming kuydurar labim?

Qancha yo‘ldan o‘tdim-ku saqlab

Yuragimda ishqing, kavkabim!

…Unsizgina mavjlanar samo,

Hech kas dilga yaqin so‘z demas.

Kechalarim osuda, ammo

Ne tong, sensiz xayrli emas…

***

Ko‘zlaring jallod desam,

Dod desam, sen shod esang…

Yo Rab! Ber sabot desam,

Faryod desam, imdod esang…

Ikki chashming jilmayib,

Ko‘ksimni aylar mayib

Jism-u jonim kun sayin

Barbod esa… obod esang…

Peshonang o‘pmoqqa shay

Subhidamda porlagay

Sajjodangga chorlagay

Bomdod esam, bomdod esam!

Kunlarimga farah ber,

Senga eltmas taraf ber!

Ishq desam bo‘g‘zim kuyar

Noshod esam, nishot esang…

Sendan yiroq ketgum, bas

Senga firoq eltgum… bas!

Bir umr tutib bo‘lmas

Sayding esam… sayyod esang…

***

Soching-la bo‘yaldi samoning rangi,

Bag‘rida yoqildi milliardlab fonus.

Kelmaysan, o‘yimda gumonlar jangi,

Ko‘zlarimda kuz…

Zulumot tun qoshi qorayib borar,

Gumon — halovatga otilgan ming o‘q.

Toqatim olami torayib borar,

Sendan darak yo‘q!

Ruhimga lashkarin tortmoqda qo‘rqinch,

Xalos et! Ularga kelolmayman bas!

Botinim g‘alayon, zohiran men tinch…

Ololmam nafas.

Halovatim nurab borar, vo darig‘

Ruhim osmonida gohi nur, goh sel.

Qo‘rqinchlar yurakka urmasidan tig‘

Faqat tezroq kel…

Xayollar g‘arq bo‘ldi sevinch qa’riga,

Kunchiqmas samodek bo‘lgandi ta’bim.

Xayriyat, sen kelding, oyog‘ing o‘pdi

Ostona labi…

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting