“Qora haykal”. Ikki taqriz

0
801

Asar qabrtosh yodgorliklari tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi firma xodimi Lyudvig Bodmer tilidan hikoya qilinadi. Qahramonlar — Remarkning boshqa asarlaridagi kabi bitta urushni ko‘rgan, ikkinchisigacha bo‘lgan davrda yashagan odamlar. Ular har xil,  barining o‘ziga yarasha hayot falsafasi bor. Lekin hech birini yomon ko‘rmaysiz. Baho bermaysiz. Shunchaki, kuzatasiz. Asarni o‘qir ekansiz, to‘lqinlar somon parchasiday o‘ynatayotgan, bir lahzadan keyin cho‘kib ketishi mumkin bo‘lgan kemada bamaylixotir xayol surib o‘tirgan odam kabi xotirjam tortasiz.

Ikkala jahon urushi oralig‘ida nemislar buyuk tushkunlikni boshdan kechirishgan. Ishsizlik, inflatsiya natijasida esa ishlab  topgan puli hech vaqoga yaramasligi, urush qoldirgan ruhiyatdagi izlar, hayotdan ma’no topolmay qolish, o‘z joniga qasd qilishlar, aqldan ozishlar, siyosiy g‘oyalar jangi, yangi mafkuraning kirib kelishi, xo‘rlangan, umidi qolmagan millatni narsizm g‘oyasi orqali yangi urushga chorlash. Shuncha taloto‘plar ichida ham inson baribir inson. U sevadi, ayriladi, kurashadi, yengiladi, hayotdan ma’no izlaydi, yashashdan charchaydi, yashashga harakat qiladi. Remark esa butun ijodini shular asosiga qurgan. Uning barcha asarlarida do‘stlik, sevgi bor. Uning barcha asarlarida beixtiyor yuzga kulgu yugurtiradigan, birozdan keyin ko‘zda chuqur mung paydo qiladigan tasvirlar bor.

Asarda iqtiboslar juda ko‘p. Lekin hech biri g‘ashga tegmaydi, bari tabiiy, o‘z o‘rnida ishlatilgan. Shuningdek, kitob g‘oyasi, undagi qarashlar, mavzular haqida yaxlit taqriz yozish ham qiyin. Chunki Remark har bir asarida deyarli butun insoniyatga tegishli muammolarni, hissiyotlarni, tashvishlarni, quvonchlarni qamrab oladi.

Kitobni bir necha kunda o‘qigan bo‘lsam ham, xuddiki yillar davomida o‘qigandayman. Shunday mahorat bilan yozilganki, qahramonning butun ruhiy kechinmalarini siz ham boshdan kechirasiz. Natijada kitobni yopgandan so‘ng, butun bir umrni yashab bo‘lganday his qiladi odam o‘zini. Hayotga, yashashga nisbatan bir orziqish his qilasizu, ayni vaqtda hech narsa uchun yonib kuymaysiz ham. Barchasi nisbiyligini, bari o‘tib ketishini tushunasizu, lekin nimagadir mahkam yopishib olish, kimgadir qattiq mehr qo‘yishdan zavq olish kabi qarama — qarshiliklar ichida qolasiz. Yakunda urush barcha narsani xarob qilgani, lekin ruhiy kasallar shifoxonasi va tug‘ruqxonaga hech nima qilmagani, aksincha, joylar borgan sari kengaytirilib borayotganligi bilan yakunlanadi. Ya’ni bu dunyoda yashash odamni aqldan ozdiradigan darajada qiyinligiga, bema’niligiga   qaramay odamlar tug‘ilaveradi, yashab qolishga harakat qilaveradi, hayotni sevaveradi.

Ilhom Salimov

***

Remark asarlarini o‘qishni boshlar ekansiz, o‘zingizni qandaydir boshqa dunyoga tushib qolganday his qilasiz. Xuddiki, o‘zingizni voqealar ichida yurgandek sezasiz. Kitob tugaguncha Remarkning qahramonlari bilan birgalikda yashaysiz. Ularning savollariga siz ham javob izlaysiz, hech xayolingizdan ketkaza olmaysiz.

Insoniyat yaratilibdiki, uning asosiy savollari diniy qarashlar, hayot, jamiyat bilan chambarchas bog‘langan. Remark asarlari ham odatda mana shu savollarga javob izlashni, fikrlashni o‘zida qamrab oladi. Din, dunyo, urush, hayotda yashashdan maqsad nima? Bular azaliy javobini topa olinmaydigan mavzular… «Qora haykal» ning bosh qahramoni Lyudvig Bodmerni ham doimiy ravishda o‘ylaydigan va javobini izlashga majbur qiladigan savollar. U nima uchun bunday savollarga javob izladi? Sababi uning 3 yillik frontdagi hayoti va undan keyingi yashash tarzi uni shu ko‘yga solgan edi.

Birinchi va  ikkinchi jahon urushlari tugaganiga mana ancha yillar bo‘lgan bo‘lsa ham, urushning og‘rig‘i, odamlar qalbida qoldirgan izlari haligacha ketgani yo‘q, hali beri ketmasa ham kerak.

Bu urushda butun dunyo davlatlari bilan bir qatorda uni boshlagan nemis xalqining ham hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Ular urush orqali nimaga erishdilar? «Tartibsizlik, besh million ishsiz odam, inflatsiya, puflab shishirilgan iqtisodiyot, mag‘lubiyatga uchragan xalq». Mana nemis xalqi nimalarga erishdi. Remark ushbu asar orqali o‘z xalqining hayoti, uning dardini ro‘y-rost ko‘rsatib bera olgan. Asar shuning uchun ham yuraklarga yetib bora oldi, insonlarni o‘ylashga majbur qila oldi. Ushbu asar birgina Lyudvigning tili, uning dardi bilan yozilgan. Aslida undagi barcha qahramonlarning o‘z kechmishi, dardi, haqiqatlari bor.

Har doim Remark asarlarini o‘qishni boshlaganimda mutolaaning oddiy, yengil o‘tmasligini his qilaman. Asardagi iqtiboslarga ko‘milishimni ham bilaman. Lekin baribir Remark asarlari o‘ziga tortaveradi, o‘qishga majbur qilaveradi.

Asarda ruhiy kasallar shifoxonasidagi bemorlarning hayoti ham juda yaxshi ochib berilgan. Talabalik davrimda ruhiy kasallar shifoxonasidagi ko‘plab shizofrenik bemorlar bilan suhbatlashib ko‘rib shuni anglaganmanki, ularning o‘z ajoyib, takrorlanmas dunyolari bor. Ular shu dunyoning asoschisi va boshqaruvchisidirlar. Ularning gaplarini eshitib ham kulasiz, ham hayron qolasiz. Tasavvur olamlarining naqadar boyligining guvohi bo‘lasiz.

Aytingchi, shu bemorlar o‘zlarining g‘am-tashvishsiz dunyolaridan bu shovqin-suronli dunyoga qaytishlari to‘g‘rimikan? Lyudvig ham Izabellani bu g‘am-tashvishli dunyoga qaytishini istamagandi, uni bu dunyodan himoya qilmoqchi edi. Lekin afsuski, har doim ham biz xohlaganimiz bo‘lavermaydi.

Lyudvig izlagan savollarga aniq javob topa olmasakda yashashda, tug‘ilishda davom etaveramiz. Hayot ham shu zaylda o‘tib ketaveradi.

Dildora Karimova

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting