Ular bilan yashab bo‘lmaydi

0
1138

mulohaza

Milena Frans Kafkani sevardimi? Balki. Har holda o‘rtalarida yozuvchi o‘limiga qadar davom etgan munosabat bo‘lgan. Kafkani hammadan ko‘proq tushungan, hurmat qilgan. Lekin hech qachon Kafka  uchun oilasini tashlab kelmasdi. Kelmagan ham.

Zulfiya Qurolboy Qizining bir hikoyasi bor. Unda kutubxonada ishlaydigan yoshroq kelin haqida gap boradi. Kutubxonaga tez-tez keladigan, ko‘zlarida teranlik aks etib turadigan, iste’dodli, lekin ozg‘in, kasalmand bir yigitni yoqtirib qoladi. Hatto eri bilan to‘shakka yotishda ham oldingi hissiyotlarni sezmaydi. Ammo u yigitni deb oilasidan kechmaydi. Va aniqki, hali qizlik vaqtida, turmushga chiqish ostonasida shu yigitni uchratsa ham, uni sevardi, lekin eri yoki eri kabi biror odamni tanlab tegardi.

Anorning «Besh qavatli uyning oltinchi qavati» dagi Taxminani olaylik. U Zaurni telbalarcha sevardi, u uchun yashaydi, uning hijronida qiynalib o‘lib ham ketdi.  Zaur yaxshi oshiq, hissiyotli yigit, chiroyli, uni sevish mumkin, u uchun yashash mumkin, lekin u bilan yashab bo‘lmaydi. Nimaga?

Bunaqa holatlar hayotda juda ko‘p. Endi inson psixologiyasini ko‘rsatgan bu voqealar bilan haqiqiy psixologning izlanishlarini jamlasak savolga javob topamiz. Modern dunyoning eng ta’sirli intellektuali deb e’tirof etilgan Jordan Peterson ayol va erkak psixologiyasini tahlil qiladi. Erkaklardan farqli ravishda ayollar juft tanlashda erkakning ijtimoiy iyerarxiyadagi o‘rniga qaraydi. Buni ba’zan ongli, ba’zan ongsiz ravishda qiladi. Ya’ni, birini sevib turib, boshqasini tanlab ketishning asosi genlarda. Har bir jonzotning genlari yashab qolish va nasl qoldirishga kodlashtirilgan. Genlarning asosiy maqsadi yashab qolish va ko‘payish uchun eng ma’qul yo‘lni tanlash.

Kafka, kitobxon yigit kabilarni sevish oson. Ular sevishga arziydi. Hatto butun umr seviladi. Lekin er sifatida tanlanmaydi. Ular aqlan yetuk, yetarlicha hissiyotchan. Bu ikkala jihatni o‘zida jamlaganlar esa bu dunyoga, jamiyatga tupuradi,  dunyo o‘yinlariga aldanmaydi, mansab, pul kabilar kurashishga arzimasligini anglaydi. Ayni shu uchun ham ular yaqqol ko‘zga tashlanadi, juda ko‘p seviladi. Taxmina Zaurni sevardi, lekin eplab bozor qilishni ham bilmaydigan bu yigit bilan bir oila bo‘lib yasholmadi. Milena ham Kafkani sevardi, lekin uning jamiyatdagi o‘rni qoniqtirmasdi.

Zamonaviy dunyoga qadam qo‘yganimizga bir necha asrgina bo‘ldi. Undan oldin yuz ming yillar davomida qabila holida yashalgan. Ayol oila qurishga juft tanlar ekan uning chiroyi, aqli, farosatliligi, didliligi, sevgisi, hissiyotlari rol o‘ynamaydi, u ahmoq, qo‘pol, beso‘naqay bo‘lsa ham, muhimi ayni paytda jamiyat talablariga qarab kuchi yoki puli, ta’sir doirasi bo‘lishi kerak. Ayol uni sevishi, u ayolini sevishi shart emas, muhimi uyini himoya qilsa, taminlasa bo‘ldi. Ayni shu xususiyat hayvonlarga ham xos. Turmush qurayotganda sevgiga, insoniylikka, intellektga, hissiyotga emas, mansabiga, ta’minlay olishiga qarasangiz, urg‘ochi hayvonlikdan unchalik uzoqlashib ketmaganingizni aytib qo‘yish kerak.

Ilhom Salimov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting